OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukurjon Islomov. Og‘irimiz yengil bo‘lyapti (hajviya)

Ba’zan har xil odamlarning nolishini eshitib qolamiz: hayot og‘irlashib ketyapti, kun kechirish og‘ir, hammasi og‘ir... Bekor gap. Menimcha hayot og‘irlashib emas, aksincha, yengillashib ketyapti. Ha, yengillashyapti. “Bo‘lmagan gap”, deysizmi? Xo‘sh, aytingchi, hayotimizda narsa-buyumlar alohida o‘rin tutadimi? Keling, shundan gaplashaylik. 
Oddiy misol: ho‘ avvalgi zamondagi mashinalarni eslang, “Volga Gaz 21”, “Pobeda”. Yoki  yuk mashinalari, qanaqa og‘ir edi, necha tonnalab yuk bosardi? Eshigining yopilishi og‘irligini aytmaysizmi? Qars etadi – yopilmaydi, tars etib bor kuch bilan urasiz. Endi shu mashinalarni “Tiko” yo “Damas” bilan solishtiring. Tiko jonivor 500 kg ham chiqmaydi. Eshigini sal turtib yuborsangiz qirs etib yopiladi-qoladi. Sal baquvvatroq odam ko‘rsatkich barmog‘i bilan yopgani ma’qul, aks holda... e, boringki, yengil-da. Tormozi ishlamay qolsa, oyog‘ingizni eshikdan chiqarib to‘xtata qolasiz.
Xo‘-o‘sh, endi uyga kiraylik. Uyda nima bor: shkaf, javon, divan, stol-stul, karavot. Ilgarigi mebelsozlar bari Turg‘unevning Gerasimidek baquvvat bo‘lganmi, nima balo, yasagan bitta shkafini og‘irligidan olti kishi zo‘rg‘a ko‘tarardi. Divanni-ku uyga qo‘yasiz – tamom, joyiniyam o‘zgartirmaysiz, ko‘targani mahallani chaqirib zarur kelibdimi? Bugun-chi? Tasavvur qiling: to‘ydan uch-to‘rt kun oldin  kelinning mebeli kuyovnikiga yuk mashinada yuborildi. Aksiga olib kuyovnikida erkaklar to‘y tashvishi bilan qayoqqadir chiqib ketgan. Ana shunda kuyovning opasi divanni, singlisi tryumoni shartta ko‘tarib, mashinadan tushirib, uyga olib kirib qo‘yishadi. Chunki o‘sha matohlar yengil-da.
Kecha, tomda televizorning antennasi shamolda qiyshaygan ekan, shuni to‘g‘rilayotgandim, ko‘chada qo‘shnimizning endi maktabga kirgan  o‘g‘li bir qo‘ltig‘ida magnitofon, ikkinchi qo‘ltig‘ida televizor ko‘tarib chopqillab ketayotgan ekan. Bola qoqinib tushsa, shuncha pullik narsalar sinadi, dedimu:
-Hoy, Ahmadqul, -deb baqirdim. –Sekinroq yur, qo‘lingdagini tu-shirvorma.
Bola menga bir qarab chap qo‘ltig‘idagini o‘ng qo‘liga oldi-da, yengi bilan burnini bir artib yo‘lida davom etdi. E, qoyil. Ilgarigi televizorlarni ko‘targuncha beling mayishib ketardi. Hozirgilarini ikki barmog‘ingda ko‘tarib, “ichida biror narsasi bormi o‘zi?”  deb qo‘yasan.
Imtihonlarni aytmaysizmi? Baraka topishsin uyali telefonlarni o‘ylab chiqarganlar. Imtihon topshirish biram yengillashdiki! Ilgarigi imtihonlarning og‘irligini eslamay qo‘ya qolaylik – yuzlab o‘qituvchilar, abiturientlar necha kunlab ovora. Hozir uch soatda test topshirish yengilligini hamma bot-bot takrorlayapti. Imtihon yengilligidan hamma eplayapti, ulguryapti barchasiga. Ayniqsa, cho‘ntagi yengillashib qolgan domlalarni kallasida bilimi sal yengilroq bolalarning  otalari qo‘llab yuborganlari ko‘p uchraydi. Har ikki tomon ham bir yengil tortib oladi o‘shanda.
Mana “Sharq yulduzi” jurnalini olaylik. Yoki “Yoshlik”ni, yo “Mushtum”ni. Ilgari necha sahifa bo‘lgan? Hajmi qancha-yu, og‘irligi qancha bo‘lgan? Tirajini har bir sonining og‘irligiga ko‘paytirib ko‘ring-chi, necha tonna chiqarkan? Fillar karvoniyam bunaqa qog‘oz yukning og‘irligini ko‘tarolmay shalpayib qolardi. Hozir “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”lar mittigina bo‘pqolgan. Ham bo‘yiga, ham eniga, ham qalinligiga qisqarishgan. Yengilgina. (Ba’zilari yengillashib-engillashib ko‘rinmay ketdi.) Nashrning hamma sonini to‘plasangiz bitta eshak ko‘rdim demay ko‘tarib ketadi. E,  aytganday, kitoblarni unutibmiz-ku! Avvallari qattiq jildli “To‘la asarlar to‘plami” deganlari bor ediki, bitta kitob bilan nozikroq  odamni bir urib o‘ldirsa bo‘lardi. Hozir ana bozor chetida  raskladushkalardagi kitoblarni ko‘ring, ko‘zingiz quvnaydi. Shabada essa, uchib ketmasin, deb toshcha bostirib qo‘yib juda to‘g‘ri qilishadi.
Bir hazmi og‘ir maqolalar bosilardi-ey o‘sha paytlarda. Badiiy asarlarni o‘qish og‘irligini aytmaysizmi? Yigit va qiz uchrashib olgunicha yuraging siqilib ketadi o‘qib. Hozir unaqa emas. Hazmi og‘ir gazetalar o‘rnini yengil nashrlar egallagan. Har birida to‘rttadan krossvord, ularni yechish biram yengilki. Mana qarang: “Echkining eri”, “Onalar qo‘shig‘i”, “Mashinasozlar shahri”, “O‘zbekistonning poytaxti”. Ham bilimni charxlaysiz, ham olam-olam zavq olasiz. Hazmi og‘ir badiiy asarlarni hech kim bugun o‘qimaydi. O‘rniga yengil-engil hikoyalar yoki hikoyasimonlar yozilyapti. Yigit va qiz ham birpasda topishib qolishadi, chunki ularning oyoqlari yengil-da. Muallif ham o‘quvchiga yengillik yaratish maqsadida bo‘lsa kerak, birov birovga aytishga uyaladigan jarayonlarni ham ikir-chikirigacha yoritadi. Yengillik yaratish bo‘lsa shunchalik bo‘lar.
Ayniqsa kino ishlash yengillashganini aytmasak bo‘lmas. Zamonaviy apparaturalarni qo‘ya turaylik, kino ishlash tezligi borasida faqat Hindistonga yetolmayapmiz. Hindiston bir kunda ikkita kino ishlarkan, biz uch kunda bitta ishlaymiz. Kinolarimizning mazmuni uncha og‘irmas – bir marta ko‘rsangiz  yetadi.
Hay-hay, bizning qo‘shiqchilarimiz! “Yengil-elpi” qo‘shiqlar deb tanbeh berishadi-yu, lekin bu unchalik yomon gapmas. Bo‘lmasa, ayting-chi, nima uchun klassik ashulalarni “katta ashula” deyishadi? Katta narsa og‘ir bo‘ladi-da. “Og‘ir”i bo‘ldimi, “engil”iyam bo‘lishi kerak. Qo‘shiqchilarimiz ham sahnada dam uyoqda, dam buyoqda paydo bo‘lishadi, oyoqlari yengil-da. O‘sha oyog‘i yengil xonanda qizlarimiz sahnaga qishdayam bir yengil kiyinib chiqishadiki..
Hali ko‘-o‘p gapirsak bo‘ladi-ku to‘xtata qolaylik.
Ko‘rdingizmi, bugun yengil narsalar ko‘pmikan yo og‘irimi? Hammasi og‘irlashib ketyaptimi yoki yengil tortyaptimi? Tobora yengil tortyapmiz-ku axir.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.