- deydi biz bilan suhbatda estradamizning yorqin yulduzi, yoshlarning sevimli qo‘shiqchisi Kalon Dimog‘ov
Gazetamizga yog‘ilib kelayotgan xatlardagi talab va istaklarni inobatga olib, bugun teleekran va FM to‘lqinlari orqali Sizga yaxshi tanish bo‘lgan yosh san’atkor Kalon Dimog‘ov bilan suhbat qurishni lozim topdik .
Mavzuga doir latifa:
Estrada yulduzi va jurnalist.
- Sizdan intervyu olmoqchi edim...
- Marhamat , intervyu matnini yozib keling, qo‘l qo‘yib beraman.
- Siz meni tushunmadingiz. Matn tayyor, imzo kerak..
198... yil.Toshkent. Bolalar bog‘chasi.
Jajji qizil tuvakchasidan yayrabgina turib bog‘cha opasi o‘z xizmatini ado etishini bir zumga kutayotgan kichik Kalonning bejirim tuvakchasini tengquri zo‘ravon Sherxon olib qochadi. Kichik Kalon chirillab yig‘lab yuboradi. Shu payt Sherxon qoqilib yiqiladi va boshi to‘ppa-to‘g‘ri to‘la tuvakka tegib, tuvak chayqalib, qopqog‘i ochilib ketadi. Uning bo‘yalgan aft-basharasini ko‘rgan Kaloncha yoshli ko‘zlari bilan xandon otib kuladi. Jahli chiqqan zo‘ravon o‘sha yarim-yorti qolgan tuvak bilan Kalonning boshiga shaqillatib tushirganda esa shu zahotiyoq yana o‘kirib yig‘lay boshlaydi.
Kichik Kalonning bir zumda bunchalik turlana olishini kuzatib turgan bog‘cha opasi Marziya opa:
- Omon bo‘lsang sendan bir artist chiqadi, - deb qilgan karomati amalga oshdi. U qisqa muddat ichida sahna yulduziga aylanib qoldi.
Shaxsiy dose (shaxsan o‘zining javoblari asosida)
Sevimli raqami – 6
Muchali – sir
Sevimli avtomobili – Rolls-Roys
Sevimli rangi – moviy (chunki moviy ko‘zni sevarkan)
Yoqtirmagan rangi – “goluboy” ekan (sababini bilolmadik)
San’atga kirishiga sababchi inson “dyadya Marat”
Sevimli kitoblar – Alpomish, Xamsa, Qobusnoma, Shohnoma
Xobbisi – mashina yuvish
Kalonni uchratish qiyin bo‘ldi. Qo‘l telefoniga sim qoqsak hali u, hali bu studiyada bo‘ladi. Klip tashvishlari bilan tinmay izlanayotgan paytida “qo‘lga tushirdik”. U shunda ham bor yo‘g‘i yigirma daqiqa suhbatlashishga zo‘rg‘a ko‘ndi.
M: San’atga qanday kirib kelgansiz?
K.D.: Mening opamlar yoshligimizda muzikaga mehr qo‘yishimizda katta sababchi bo‘lganlar. Muzikalniy shkolada, toes, muzika maktabida dars berish bilan birga xalq xizmatiga ham chiqib turardilar. Bola edim. Opam to‘ylarga ba’zan olib borar, ba’zan uyga tashlab ketardilar. Opamlar guruhining gitaristi dyadya Marat bir kuni opamni mashinasida olib ketayotganda yig‘lasam, kichkina o‘yinchoq gitara sovg‘a qildi-di, “sen artist bo‘lasan, o‘zim podderjka qilaman, tanishlarim bor”, dedi. Muzikalniyda o‘qidim. Hozir ijod bilan konservatoriyada o‘qishni birga olib bormoqdaman.
M: Qo‘shiqlaringizni yoshlarimiz sevib tinglashadi. O‘tgan hafta xit-paradimizda sizning “Tantiq qiz” qo‘shig‘ingiz birinchi o‘rinni egallagani ham buni tasdiqlab turibdi. Sizga...
K.D.: Meni va san’timni sevgan muxlislarimni men ham sevaman. Siz – gazeta ijodkorlari buni muxlislarimga yetkazing. Teleekranda va FM kanallarida qo‘shiqlarim tinimsiz aylanyapti. Ularga SMS orqali ovoz berayotganlarga ham “ishlaringiz OK bo‘lsin” deyman.
M.: Muxlislarimiz oilangiz haqida bilishni istashadi.
K.D.: Shaxsiy oilam – bu mening shaxsiy ishim. Oyim haqlarida gapirdim. Ikkita itim ham oilamiz a’zosiday sanaladi. Adam haqida gapirishni istamayman.
M: Nega?
K.D.: Nima ishingiz bor?
M: Ixtiyoringiz. San’atimizda o‘zaro do‘st xonandalar ko‘pchilikni tashkil etadi.Sir bo‘lmasa do‘stingiz kim?
K.D.: Do‘stim bor. Panji Kenjaev bilan klip olish jarayonida tanishganmiz va hozirgacha qil o‘tmas do‘stmiz. Uning hayot yo‘li haqida film ishlangan, xabaringiz bo‘lsa. Obid aka bosh rolni o‘ynagan.
M: Xobbingiz mashina yuvish ekanidan ashaddiy muxlislaringizning xabarlari bor. Bo‘sh vaqtingizda yana nimalar bilan mashg‘ul bo‘lasiz?
K.D.: Turli xil kitoblar yig‘ishga qiziqardim yoshligimda, lekin so‘nggi paytlarda ijod, gastrollar, kliplar yaratish bilan bo‘lib kitob o‘qishga vaqt bo‘lmayapti. Oxirgi marta o‘qiganim “Qaysar chumchuq” kitobi edi. Bouling, billiard o‘ynashga qiziqaman. Mana bu gazetalarning hammasini o‘qib chiqqanman (U oldimizga bir dasta gazeta tashladi. Muqovalarida o‘zining rasmlari bor ekan).
M: Darvoqe, kuni kecha FM kanalida premera bo‘lgan qo‘shig‘ingizning musiqasi mashhur rus qo‘shiqchisining ijodida uchraydi-da. Ushbu qo‘shig‘ingizning originalligini e’tirof etgan holda, sizni ko‘chirmachilikda ayblayotganlarga aytadigan gaplaringizni bilmoqchimiz.
K.D.: Bilmaysizmi, bu qo‘shiqni avval men kuylaganman, keyinroq Yura Shatunov kuylagan.
M: Shuni bilmaymiz-da.
K.D.: O‘zbekiston jahonga yuz tutmoqda. Albatta bunda biz – san’atkorlar chetda turmaymiz. Mening qo‘shiqlarim turk xonandasi Mustafo Sandal, amerikalik eroni Andi, arab Amr Diab va yana bir talay hind qo‘shiqchilari ijodida uchraydi. Yana Ahmad Zohir ham bir qo‘shig‘imni...
M: Kechirasiz, Ahmad Zohir bu qo‘shiqni kuylaganda siz tug‘il...
K.D.: Nima qilibdi, u bo‘lmasa boshqasi kuylagandir. Men ham ba’zilarning qo‘shiqlarini kuylab turaman. Asosiysi: men ko‘chirmayman – o‘rganaman.
M: Sizni ayrim matbuot nashrlari tanqid ham qilishdi.
K.D.: Mevali daraxtga tosh otiladi. Ovozim yoqmasa, televizorni, radioni boshqa kanalga olinglar. Baribir boshqasidayam o‘zimning qo‘shig‘im yangraydi (U birdan xa-xalab kuladi)
M: Suhbatimiz o‘rtasida qanaqa kiyinishingiz hakida gapirib keting.
K.D.: Odatda yengil sport kiyimini xush ko‘raman. Sahnaga ham ko‘pincha shu kiyimda chiqish qulay. Paypog‘im va galstugimning rangi bir xil.
M: Sevimli insoningiz bormi?
K.D.: Bor, ammo bu sir.
M: Qachon oila qurmoqchisiz?
K.D.: Vaqti kelganda. Bilasizmi turk xonandasining bir ajoyib gapini yotog‘imga yozib qo‘yganman “Nikoh bu birlashib yashashning dogmatik shaklidir”. Muxlisalarim sababli telefon raqamimni bir hafta da ikki marta o‘zgartiraman. Tinch qo‘yishmaydi. Ularga aytmoqchiman – men hali oila qurishga shoshilganim yo‘q. Men uchun ijod birlamchi.
M: Yaqinda tahririyatimizga xorazmlik ustoz san’atkor Mo‘minaxonim Mo‘minova tashrif buyurib “Kalonbek bir qo‘shig‘imni so‘roqsiz kuylab menga jilla qursa rahmat aytmadi, buning ustiga so‘zlarini almoyi-aljoyi qilib, orasiga nemischa, qozoqcha, tatarcha, afrikancha, xitoycha, lo‘licha so‘zlarni qo‘shib kuyladi”, deb xafa bo‘ldilar.
K.D.:Co‘zlarini buzmadim, biroz zamonaviylashtirdik, aranjirovkachi Kashmat bilan ishladik. “Yoring bo‘lay” degan joyini “ering bo‘lay” deb o‘zgartirdik, chunki “yor” deb qizlarga aytiladi, yigitlarga emas. Qo‘shiqlarimizning matni talabga mos.
M: Ijodingizning dastlabki yillarida “Turshak” guruhida edingiz. So‘ng yakka o‘zingiz ijod qila boshladingiz. Buning sababi nima? Guruhning boshqa a’zolarining keyingi taqdiri nima bo‘ldi?
K.D.: Ramil ota kasbi tijorat sohasidan ketdi. Guruhimiz tashkil bo‘lganda muzika instrumentlari, joy topish uchun asosiy mablag‘ni men sarflaganman. Edik va Batik bilan shu xususda tortishib qolgandik. Chunki ular keyinchalik mening pulim ketganini tan olishmadi, g‘irromlar. Qolaversa birga ijro etgan ikkita qo‘shig‘imizning musiqasi va matnini hech kimga qaramay bitta o‘zim yozganman. Birortasiyam yordamlashmagan, diskotekalardan bo‘shamagan so‘taklar. Mayli ularga omad tilayman.
M: Edik va Batik bir uchrashuvda shu fikrning teskarisini bayon qilishgan.
K.D.: (keskin) Bekorlarning beshtasini aytibdi. Hammasi meni ko‘rolmaydi. Hali ko‘rasiz – san’atdayam omadi chopmaydi ularning.
M: Hozir muxlislar sevimli qo‘shiqchilariga metrlab xat yozishi urf bo‘lgan.
K.D.: Mengayam bunaqa xatlar ko‘p kelgan. Tug‘ilgan yilim qancha bo‘lsa shuncha metr, yoshim necha bo‘lsa shuncha metr yana bo‘yim, og‘irligim, telefon nomerim, mashinamning nomeri, tuflimning o‘lchamiga mos metrlab xat yozgan muxlislarim va muxlisalarim bor.
M: Kalonbek, behad mazmunli suhbatingiz uchun katta minnatdorchilik bildiramiz.
K.D.: To‘xtang, pul qani?
M: Qanaqa pul?
K.D.: Axir, shou-biznes qonun-qoidasiga ko‘ra intervyu bergan mashhur san’atkor haqini olishga haqli. O‘zi avvaldanoq to‘lanishi kerak edi, men odamgarchilik, o‘zbekchilik qildim.
(Biz tahririyat bilan bog‘lanib uning talabini qondirdik)
M: Ana endi o‘quvchilarimizga, muxlislarimizga tilaklaringiz.
K.D.: Yigitlarimizga omad, qizlarimizga qomat, cho‘ntaklariga daromad tilayman. Qo‘shiq tinglab kayfiyatingiz baland bo‘laversin. Tez kunlarda audioalbomimiz va diskimiz chiqadi, san’atimizga baho berish sizdan.
P.S. Shu kunlarda KD Xalqlar Do‘stligi saroyida yakkaxon kontsert berishni rejalashtirmoqda.”Zalni to‘ldira olarmikansiz?” degan savolimizga u o‘ta bandligi sabab uzr so‘rab javob berolmadi. Omadini bersin.
Shukurjon Islomov. Paypog'im... (hajviya)
Paypog‘im va galstugimning rangi bir xil,