Sobir Sayhon Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidagi Varzak qishlog‘ida 1931-yili tug‘ilgan. Sobir Sayhonning otasi Xolmuhammadxo‘ja Asomiddinxo‘ja mingboshi o‘g‘li o‘tgan asrning 20-yillarida qo‘rboshi Shermuhammadbek rahbarligida milliy-ozodlik harakatida faol ishtirok etganlardan biri. 30-yillarning boshlarida uning ota-onasi ham Farg‘onani tashlab ketishga majbur bo‘lishadi. 1952-yili boshqa turkistonlik vatandoshlar kabi ularning oilasi ham Turkiyaga ko‘chib o‘tadi. Sobir Sayhon Turkiyada, oldin Adana shahrida, 1964-yildan boshlab esa Istanbulda istiqomat qilib kelmoqda.
Yoshligidan adabiyotga havas qo‘ygan Sobir Sayhonning she’rlari, ilk hikoyalari, maqolalari 1953-yildan e’lon qilina boshlagan. Keyinchalik uning vatan ishqi, fidoyilik va milliylik ruhi bilan sug‘orilgan bir qator asarlari O‘zbekiston va Turkiyada bir necha bor chop etildi.
Sobir Sayhonning O‘zbekistonda 1992-yili “Tijorat va halol osh” ma’rifiy-tarbiyaviy risolasi, 1996-yili “Adashganlar” adabiy asari, “To‘lg‘anoy” va “Yemirilgan g‘urur” hikoyalar to‘plamlari chop etilgan. Bundan tashqari, 2006-yili “Vatan qidirgan yigit”, 2009-yili “Bug‘doy ekib, arpa o‘rganlar”, 2010-yili esa “Egasini g‘ajigan it” qissalari nashr etildi. U kishining asarlari asosida “Vatan yagonadir”, “Bir siqim tuproq”, “Birovning qarindoshi” kabi televizion filmlar yaratilgan. 1995-1996-yillar Sobir Sayhon ssenariysi asosida mamlakatimizda “Silsila” nomli tarixiy, badiiy film suratga olindi.
Sobir Sayhon hurmatli o‘zbek adibi Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi» asarini turk tiliga o‘girib turkiyalik kitobxonlarga taqdim etgan.
Sobir aka “Sayhon” taxallusi bilan she’rlar ham yozadi. Ushbu she’rlar O‘zbekistondagi «Vatan» jamiyati tomonidan tayyorlangan she’riy to‘plamlarga kiritilgan.