Rassom alam bilan mo‘yqalamlarini sindirib tashladi. Suratlarni yirtib-yirtib derazadan uloqtirdi. Telbalarcha ko‘chaga chiqdi-yu, qayoqqadir keta boshladi. U o‘zidan o‘zi norozi bo‘lar, suratni sotgan kuniga la’nat o‘qirdi... Balki muhtoj bo‘lmaganida uni sotmasmidi. Nega endi o‘sha qizni qaytadan chizolmayapti?
Nega?!
Beixtiyor suratni chizib tugatgan o‘sha damlarni esladi. U o‘shanda eng baxtli rassom edi...
Bu asarni xayolida uzoq asradi va takror-takror sayqal berdi. Xayriyat tugatdi, esini tanigandan buyon orzu qilgan narsasi ro‘yobga chiqdi. Mana, uning orzusi, xayoliy muhabbati. Rassom mo‘yqalamlarini yig‘ishtirib, o‘zi chizgan suratga uzoq tikildi. Uning butun chekkan mashaqqatlari bir zumda unutilib, ko‘zlaridagi horg‘inlik o‘rnini quvonchli sarhushlik egalladi. “Bu suratni hech kimga sotmayman, suratga jonimdan uzib jon berdim, u hamisha tirik. Qaragan odamning xayolini o‘g‘irlab, o‘ziga maftun qiladi. Unda sirli joziba yashirin”, deya ich-ichidan faxrlandi. Xuddi birov opketib qolmasin, deganday suratni devorga ilib qo‘ydi. Ko‘ngli xotirjam bo‘lgach, o‘rindiqqa cho‘zildi va suratga tikilib yotib uxlab qoldi. Uyg‘onganida kun yoyilib ketgan, vujudi qushday yengil edi. Yelkasidan bosib turgan og‘ir yuk bugun uni tark etdi. Qorni ochganini sezdi. Yotoqxonasiga ham o‘tmasdan ustaxonasida uxlabdi. O‘zi chizgan suratga ko‘z tashladi. Suratdagi qiz «yaxshi dam oldingizmi”, deganday yoqimli jilmayib turardi. Suratning tili yo‘q, lekin ko‘zlari gapirar, nimalarnidir va’da qilardi. Bu va’daga ishonish mumkin. Hatto rassomning o‘zi ham aldanib, nonushta uchun ikki kishilik joy tuzatdi. Ana, qiz chorcho‘pdan chiqishga taraddudlanayapti. Ko‘zlari sirli boqib jilmayadi. Hozir stol yoniga keladi, kutib tursa bas.
Rassom kun bo‘yi sarxush yurdi. Ustaxonadan ketgisi kelmadi, chiroqni o‘chirib ko‘zlarini yumdi. Allaqanday sharpa sochlarini o‘ynadi, yuzlarini siypalab kipriklariga qo‘ndi. Qo‘llarini cho‘zib sharpani ushlamoqchi bo‘ldi, ammo u xona bo‘ylab yelib ketdi. Xonaning to‘rt burchidan kulgu ovozi eshitildi. Ovoz shunchalik mayinki, ketidan ergashmasdan iloji yo‘q. Rassom sharpani tutib ololmadi va chiroqni yoqdi. Ajab, suratdagi qizning chehrasi boshqacha tus olgan, ko‘z qarashlari o‘zgargan. Lablarini qandaydir kuch harakatga keltirmoqchi bo‘lar, yelkalaridan nafas olayotgani sezilardi. Rassom hayajonlanib suratga tikildi. U shunchaki jonsiz surat emasligiga yurak-yurakdan ishondi.
Kunlar, oylar shu tarzda o‘tdi. Rassomning bisotidagi narsalar tugadi. Hech qachon uning ustaxonasi bu qadar bo‘sh qolmagandi, bugunga kelib bitta shu surat bilan so‘ppayib qoldi. Xaridorlar haliyam eshik qoqyapti, ammo jilmayib turgan qiz surati hech kimning izmiga o‘tmayapti. Ustaxonaga qancha xaridor kelgan bo‘lsa hammasi shu suratga ega bo‘lishni xohlaydi, eng yuqori narxlar taklif qiladi. Biroq rassom rozi bo‘lmaydi. Uzoq vaqtli tanaffusdan so‘ng qo‘liga mo‘yqalamini oldi. Bahor fasli bo‘lgani uchun go‘zal manzaralarni chizish niyatida dalaga chiqdi. Mayin shamolda tebranib turgan qizg‘aldoqlarga qarar ekan, hayratga tushdi. Ustaxona devorida qolgan qiz surati damba-dam ko‘z oldiga kela boshladi. Keyin esa qizning o‘zi paydo bo‘lib, bor bo‘yi bilan uning qarshisida turib oldi. Uning harir ko‘ylagi etagini shabada tortqilar, sochlari shamolda to‘zg‘ib, yuz-ko‘zlarini yashirishga urinardi. Qizning jarangdor kulgusi borliq tabiatni uyg‘otib yubordi go‘yo... O‘t-o‘lanlar bosh egib qadamlariga poyondoz bo‘ldi. Rassom quvonch bilan qiz tomon yurdi. Ammo qiz tutqich bermay, yigitni aylanar, ba’zan yaqinlashar, ba’zan uzoqlashardi. Oxiri yigitning madori qurib yiqildi. Va qiz g‘oyib bo‘ldi.
Rassomning kayfiyati buzilib uyiga qaytdi. Kuni behuda o‘tganidan asablari taranglashdi. Tong mahal anhor bo‘yiga chiqdi. Hayqirib oqayotgan anxor bo‘yida suvning epkinidan chayqalib turgan majnuntol rassomning e’tiborini tortdi. Shijoat bilan ishga kirishdi. Endi anhor bo‘yidagi majnuntol tasviriga zeb berish kerak. Rassom anhorga tikilgan edi, majnuntol shoxlari silkinib suratdagi qiz paydo bo‘ldi. Qiz egilgan novdalarni ushlab sekin suvga tushdi. Ho‘l ko‘ylagi nozik badaniga yopishdi. Siynalari aniq bilindi, qiz uyalganidan ularni sochlari bilan bekitdi. Rassomning boshi aylanib qiz tomonga talpindi va suvga sho‘ng‘idi. Borib majnuntolning shoxlarini ushladi, qiz esa yo‘q edi. Nochor kiyim-boshidan suv tomgancha qirg‘oqqa chiqdi. Uyiga qaytar ekan qiz suratini devordan olib, shkafning orqasiga bekitib qo‘ydi.
Oshxonadan yeyishga arzigulik narsa topolmadi, so‘nggi chaqasigacha tugagandi. Suratmas, boshimga balo yaratgan ekanman, deya ochlikdan sillasi qurib uxlab qoldi.
Baxtiga ertalab surat chizdirishga bir odam keldi. U mijozni o‘zi xohlaganday o‘rindiqqa o‘tqazib, suratini oq matoga tushira boshladi. Tasvir yarimlaganda haligi odam g‘oyib bo‘ldi. O‘rindiqda qiz o‘tirardi. Axir, qay birini chizsin? Rassom boshini quyi solib ko‘zlarini yumdi. Quloqlariga uzoqlardan “mazangiz qochdimi” degan ovoz eshitildi. Ko‘zlarini ochdi, o‘rindiqda o‘sha odam o‘tiribdi, ovoz ham o‘sha odamniki. Qo‘llari nimadandir cho‘chib, tez-tez harakat qilardi. Surat tugamasdan qo‘rqqan narsasi sodir bo‘ldi. Erkak kishi suratdagi qizga aylangan, sochlari uchini o‘ynab o‘tirardi. Qizning qiliqlari uni rasm chizishdan bezdirib qo‘ydi. Boshqa ishlayolmasligini sezdi va uzr so‘rab, boshqa kun kelishini iltimos qildi. Mijoz suratini chizdirishga yana keldi. Bu gal rassom ancha osoyishta ishladi. Biroq, rasm tugayotganida qiz oraga suqildi-yu, ish barbod bo‘ldi. Qo‘llari o‘z-o‘zidan harakatdan to‘xtadi. Bir yoqdan ochlik azobi uni tobora kuchdan qoldirardi. Haligi kishi «mayli charchabsiz, dam oling», deya o‘rnidan turdi. Surat tayyor bo‘layotganini ko‘rdi-da, oldindan pulini to‘lab ketdi. Rassom qo‘liga pul tushgan zahoti bozordan yegulik narsalar, rangli bo‘yoqlar, umuman anchagina narsa xarid qildi. Ko‘pdan buyon yaxshi ovqat yemagandi. To‘yib ovqatlandi. Shkaf ortidan qiz suratini olib, avvalgi joyiga ilib qo‘ydi. Qiz ko‘ziga yanada jozibaliroq ko‘rindi. Kechqurun haligi odamning suratini ishlayotganda ham qiz ko‘z oldida jilmayib turaverdi. Qancha harakat qilmasin qizdan xayolini uzolmadi. Rassom o‘ziga kelgach ko‘rdiki, erkak kishining boshiga qizning uzun sochlarini chizib qo‘yibdi. Shoshganidan suratni qayoqqa yashirishni bilmay qoldi. Suratni bu ahvolda ko‘rgan haligi kishi o‘zini haqoratlaganday his qildi. Rassomning yoqasidan olib qattiq haqoratladi, «Uzr ertaga keling, pulingizni qaytarib beraman», deb va’da bergach, zo‘rg‘a qutildi.
Va’da berishga berdi-yu, uyidan sotadigan tuzukroq narsa chiqmadi. Ko‘p o‘yladi, kechasi ko‘ziga uyqu kelmadi. Daf’atan qiz suratidan voz kechish fikri paydo bo‘ldi. Qiz undan e’tibor talab qilyapti. Lekin kecha-kunduz unga tikilib o‘tirolmaydi-ku. Bu suratni albatta sotadi, nasib bo‘lsa bundan yaxshirog‘ini chizar.
Xaridor o‘z oyog‘i bilan kirib keldi. Rassom aniq ko‘rdi, suratni o‘rayotganda qizning yuzidagi jilmayish yo‘qoldi, ko‘zlari g‘amgin boqdi. Ha, yanglishmadi, xuddi shunday ko‘rindi.
U kishining qarzidan qutildi. Rassom endi biror-bir jiddiyroq asar yaratish maqsadida xayolot olamidan tasvir olishga urindi.
Kechga borib oq qog‘ozda ajoyib manzara paydo bo‘ldi: g‘ira-shira qorong‘ulikda farishtalarga o‘xshash qanoti bor odamlar uchib yuribdi. Kimdir oyga, kimdir yulduzlarga talpinadi. Tasvir chekkasidagi norg‘ul odamga nayza sanchilgan, undan sizayotgan qon samoning bir chetini qizartirib turibdi.
Rassom bu kartinani «Abadiy kurash» deb atadi. Qilgan ishidan qoniqqanligi uchun bamaylixotir o‘rniga cho‘zildi. Ertalab ko‘z o‘ngidan g‘amgin boqib turgan qiz surati o‘tdi. Yuzlari so‘lg‘in, allanimalar deya pichirlab qo‘llarini cho‘zdi. «Iltimos meni tinch qo‘y» deb rassom ko‘zlarini yumdi. O‘zini ozroq bosib olgach yana ishga unnadi. Qog‘ozda mavj urayotgan to‘lqinlar jonlandi. Ular sharqqa uchayotgan qushlarning ortidan ergashayotganday tuyulardi. Moviy dengiz qirg‘og‘iga bo‘ysunmay qushlar bilan ketyapti. O‘zi yaratgan manzaradan zavqlandi. Shu payt tepasidan ikki tomchi issiq ko‘zyosh tomib, to‘lqinlarga aralashib ketdi. Rassom siqilib, yuragida ilk marotaba sanchiq sezdi. Bora-bora xasta kishiday to‘shakka mixlandi. Suratdagi qizni ko‘rishni istardi. Lekin qiz o‘z jamolini undan olib qochardi. Rassom qizning jilmayib turishini, suzilgan ko‘zlarining sirli imlashini qo‘msardi. Biroq, u yo‘q. Nega yo‘q? Axir, uni qaytadan chizsa bo‘ladi-ku. Joyidan turdi, qo‘llariga mo‘yqalam oldi. Har qancha urinmasin, o‘shanday jozibali qiz qayta dunyoga kelmadi. Oddiygina qizni chizdi, qizning boqishlari ham, ishvalari ham soxta edi...
Rassom ixtiyorsiz suratda yo‘lda ketib borarkan, bir begona eshik oldida to‘xtadi. Qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Eshikni ochgan kishi uni tanidi-yu, yuzida tabassum bilan ichkariga taklif qildi. Rassom unga ergashib mehmonxonaga kirarkan, dastavval devordagi o‘z asariga — o‘zi yaratib, o‘zi asiriga aylangan sohira qiz suratiga ko‘zi tushdi. Va xona sohibini hayratga solgancha to‘g‘ri suratning oldiga bordi-da, uning qarshisida beholgina tiz cho‘kdi.