OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yayra Abdullayeva. Yolg‘izim (hikoya)

Yana kech qoldim. Yarim soatga... Men xohlabmidim shuni... Nima, sizni uyga kech qaytgan vaqtingiz bo‘lgan emasmi?
Umuman, qachon kelishimdan qat’iy nazar, kunimning tongidan shomigacha hisobini berishim shart unga. Berayotgan savollari boshimni gangitsa ham, dudama so‘zlari yuragimga botib, ko‘ksimni vayron qilsa ham hijolab javob beraman. Vaj to‘qisam ishonadi, rostini aytsam ishonqiramay asabimni egovlaydi. Qanday odam ekan-a bu? Avvallari unaqa emasdi-ku, qachondan beri bunday so‘roqchi bo‘ldi? Eslolmayman... Bir kun portlayman. Qachondir... Ostonada turibman, ichkariga kirgim kelmayapti. qayoqqa ham boraman, kiraman-da baribir...

* * *

So‘roq qopi ochiladi mehribonimning.
— Oliftang bilan suhbat qizigandan kech bo‘lganini ham payqamay qoldingmi?
— Qanaqa olifta?! Necha kundan beri tilingizdan tushmaydi shu so‘z. Kim haqda gapiryapsiz o‘zi? — deya zorlanaman, — Tuhmatchi, tuhmat qilmang! — boshqa so‘z aytolmayman.
— O‘zingni bos, ehtiyot bo‘lgin deyman-da, mehriboningman-ku, axir. Sen aytmasang-da, hammasi asta-sekin ma’lum bo‘ladi, baribir, — bosiqlik bilan kinoya qiladi u.
Yig‘lab, to‘ng‘illab xonaga kirib ketaman. Mehriboningman emish, xo‘sh, qanday mehribonlik qilibdi? Betob bo‘lsam ukol doriga qo‘shib bir dunyo tanbehni ham bo‘ynimga yuklaganimi? Burchi bo‘lgani uchun qilgan buni. O‘zimcha yana bir nimalar deb g‘udranib oshxona tomon ketaman.

* * *

— Ovqat suzdim, keling, — chaqiraman haligi kayfiyatning ko‘zini o‘yib.
— Yeyaver, qornim to‘q, — degan sas keladi qaysidir xonadan.
Ovqatni dasturxonda qoldirib yozuv xonamga kirib ketaman. Qaytganimda stolda doimgidek bo‘sh kosa turganini ko‘raman. Parchalab tashlagim keladi, qalbim parchalangani kabi. Uning achchiq so‘zlari, bema’ni savollari ichimni tirnaydi yana. o‘ylayman: u meni yaxshi ko‘rmaydi. Mehriboningman degani ham yolg‘on. Bo‘lmasa shuncha azob berarmidi? Yomon ko‘rsa nega haydab yubormaydi? Toliqdim. Ruhimda og‘riq... Bir shirin so‘z yo‘q, na bir tabassum. Tilab olgan qorim boshimga balo, so‘rab olgan muhabbatim qalbimni yaro qilarmi? Mehribonlik muhabbatdan yaralgan emasmi, axir? Yo Tangrim! Muhabbat nima o‘zi? Pokiza, suyaguvchi yupanch. Dil oromi, ko‘ngil chirog‘i emasmi? Mehrimni, ishonchimni sendan burun bandangga berganim uchun muhabbatning yo‘lida zor etdingmi? Asli senga eltguvchi yo‘lning nomi muhabbatdir, balki? Meni mendek sevsalar qaniydi? Bilmadim, yolg‘iz qolishdan qo‘rqayapman. Bandang yolg‘izlikni ko‘tara olmaydi. Har yolg‘izning yori o‘zingsan. (Qadimgilar bekorga aytishmagan) Ha, ha o‘zing! Demak, u yolg‘iz emas. Men ham. Faqatgina qalbimizga yorug‘lik istaymiz. Uning zulmati bizni yolg‘izlik qa’riga tortayapti. Shu tob uning qalbiga nur bo‘lib ingim keldi. To‘ldirsam ziyoga, charog‘on etsam!
Yozuv xonamning chirog‘ini yoniq qoldirib, u tomonga mo‘raladim. Vaqt allamahal bo‘lganiga qaramay uxlamabdi. Lampa yorug‘ida qandaydir kitob o‘qiyapti. Muqovasi tanishdek tuyuldi. Meni ko‘rib darrov yostig‘i ostiga berkitdi va:
— Sen qachon uxlaysan o‘zi? — dedi.
— Negadir uyqum kelmayapti, — muloyimlik bilan javob berdim. — Bugun nimalar qildingiz? Charchadingizmi? — ko‘ngliga yo‘l axtarayotganimni sezdiraman.
— Nimaydi?
— Boshingiz og‘rimayaptimi? — Salga boshi og‘riydigan odati bor uning. — Keling...
— Kech bo‘ldi, uxla, — so‘zimni kesdi u. Keyin teskari o‘girilib, — tushingda oliftangni ko‘rmagin yana, — deya qo‘shib qo‘ydi sekingina. Bu gapidan jonim hiqildog‘imga keldi. Yarim tunda uyqusini bir zahar qilsammi? Biroq buni eplay olarmidim? Yuragim og‘ridi. Qalbim o‘yiqlari tuz to‘ldirilgandek achishtirardi.
— Baraka topgur, qanaqa olifta yana, — deya oldim arang.
Xurrak tovushi javob chekimga tushdi. Boshimni eggancha birpas o‘tirdim. “Qaerdasan olifta? O‘zi bormisan, bu dunyoda? Seni sog‘inyapman-ku. Meni olib ke-et!..”
Butun xonani tutgan xurrak tovushi xayolimni to‘zitib yubordi. Endi baribir uxlab bo‘lmaydi. Sudralib chirog‘i yoniq qolgan yozuv xonamga kirdim. Ochiq deraza yoniga kelib, ichkariga yelayotgan mayin shabadadan yutoqib sipqoraman. Osmondagi dam yo‘qolib, dam tiniq tortib, yorqinlikda bir-biridan o‘zishga intilayotgan yulduzlarga uzoq termulib, o‘ylandim.
Esimda, bobom hovliga chiqib, yulduzlarni tomosha qilishni yoqtirar edi. Ularga qo‘shilib men ham osmonga termulib o‘tirardim. Bola edim, bir xillikdan zerikib, ketmoqchi bo‘lsam, “To‘xta bolam, qara, bugun barcha yulduzlar chiqibdi. Demak, ertaga havo ochiq bo‘ladi”, degandi bir safar.
— Iya, bobo, yulduzlarning hammasi chiqmasa nima bo‘ladi? — qiziqsinib so‘radim.
— Unda biroz salqinroq bo‘ladi, — dedi bobom nasihatomuz ohangda, tomi yopilmay qolgan oshxonaga qarab...
— Bobo, yulduzlar ob-havoni bildirsa... hmm... yana nimalarni bildiradi? — so‘rayman ko‘zlarim pirpirab.
— Ko‘-o‘p narsani, bolam.
— Masalan?
— Xo‘o‘-o‘b, masalan... Mavsum o‘zgarishini va yana... yana ular ko‘p narsani biladi, — dedi og‘ir xo‘rsinib.
— Bobojon, yulduz bo‘lgim kelyapti, — qo‘llarimni baland ko‘tarib ularga talpinaman.
— Yo‘q, bolam unday dema, biz insonmiz, insonligimizcha qolaylik. Insonlar insonligi uchun ham hamma narsadan baland bo‘ladi.
— Vo-oy, yulduzlar bizdan balandda-ku, — dedim ajablanib.
— ...
Bobom xuddi qaltis gap aytib qo‘ygandek, atrofga olazarak bo‘ldi. So‘ng sekin turib, “kech bo‘ldi, yur uyga kiramiz”, — deb yetakladi. Uy tomon yo‘naldik. O‘shanda bobom “Baribir gapirganim bilan nimaniyam tushunardi”, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Biroq hozir ham samoviy mavjudotlar sirini anglab yetmagan esam-da, shu tob yulduzga aylangim, samo bag‘ridan joy olgim kelyapti. Balki olifta ham o‘sha yerdadir. Qaerda ekan-a? Qaerda? Osmonga boqaman, ko‘z o‘ngimda yulduzlarga qora parda tortildi-yu, bir lahzada olam zimziyolikka cho‘mdi. Xuddi qalbimning hozirgi holatidek: qop-qora, hamma yoq qora. Faqat mutolaayu yozmoq bilan yorib chiqish mumkin edi bu zulmatni...
Mana, mening sevimli kitobim, o‘qiyverib yod bo‘lib ketgan kitobim. His etyapman, yozuvchi qalbini, dardini. Nedir qilmoq, yozmoqmi kerak, bu zulmatni parchalash uchun:
“Kuz!.. Oqshom cho‘kmoqda. Quyosh ufqqa bosh qo‘yib, tonggi sirlarini berkitdi go‘yo. Daraxt barglarini to‘kkan to‘zon mening qalbimda ham izg‘ib yuribdi. Qaydasiz? Necha kundirki tinchimni olgan Oliftam, qaydasiz?..
Mana, yana tun butun borliqni yengdi. Barcha uyquda. Balki siz ham mudramoqdasiz. Shu tob yoningizda bo‘lgim, taskin-halovatni tuygim keldi. Kipriklaringizga ingan uyqu bo‘lsam edi, tonggacha allalardim. Yoki uyqungizda tush bo‘lsam edi, tongda Laylingiz bo‘lib ruhingizga singib ketardim. Qaydasiz? Bormisiz bu olamda? Ko‘rsam edi sizni, bir bora ko‘rsam. Men ham yashagan bo‘lardim insondek... Maktublar yozaman, uyumi tog‘day, manzilin topolmay sargardon ular...”
Qancha uxlaganim-o‘rtanganimni bilmayman, tongda qushlarning shodon chug‘uridan uyg‘ondim. Bu xurrak tovushidan ancha yaxshiroq edi.

* * *

Shovqinli dunyoning katta ko‘chalaridan ketib boryapman. Uch ko‘zning piyodalar harakati uchun mo‘ljallangan ko‘zi yondi. Yo‘lni kesayotib, atrofga alanglayman. Ko‘zni qamashtirgudek oppoq mashinalar qator. Bir mashina egasi nigohlarimni o‘g‘irladi. Tanidim. U yozganlari-la qalbimni oqqa burkagan sevimli adibim edi. Yugurib-yugurib yo‘l chetiga o‘tdim. Ortimga burilib unga qaradim. Birdan qalbim zavqqa to‘ldi. Sevinchimni yashirolmay, qo‘l silkitdim. Yaxshiyamki, ko‘rmadi. Mashinalar siljib yana yo‘lda davom etdi. Endi xayolarim ham u bilan ketdi. Sekin odimladim. Yo‘l chetida ketayotib, hozirgina yonimda yashinday yonib, zumda yo‘qolgan odam haqida o‘ylay boshladim: Adabiyot kuychisi! Nahot u shu olamda yashaydi? Biz bilan, oramizda. Uning yozganlari haqida taniganlarimga aytganman. Ayniqsa, yolg‘iz odam haqidagisi... Qayta-qayta o‘qiganman. Insoniyatning ko‘zgusi edi u. O‘zidan qochib iqrorlikning diydoridan berkingan insonlarning qiyofasi edi, balki. Bu haqda mehribonimga ham aytgandim. Biz asar qahramonini muhokama qilardik.
— Nima, uning oilasi, bola-chaqasi yo‘q ekanmi, — degandi u.
— Bor. Atrofida hamma bor. Biroq u yolg‘iz.
— Esing joyidami sening, yaqinlari bor insonni qanday yolg‘iz deyish mumkin? Qolaversa, bu dunyoda hamma bir-biriga qarindosh.
— To‘g‘ri-i-i, lekin har qarindoshni ruhdosh, qalbdosh deb bo‘lmaydi-ku. Uning ruhi yolg‘iz. (Eh, siz buni qayoqdan ham tushunardingiz).
— ....
— Aslida, har bir insonning ruhi yolg‘iz bo‘ladi. Buni o‘zi bilmasligi yo tan olmasligi mumkin. O‘sha haqiqatni anglash, anglatish yozuvchining maqsadi bo‘lgan. — Muallif sha’niga ko‘p yaxshi gaplar aytdim. — Bir kun uchrashaman, — o‘yimdagi so‘z tilimga ko‘chdi.
Uning birdan jig‘ibiyroni chiqib:
— Agar bilsang, o‘sha yozuvchilaringning hammasi o‘zicha olifta! Mensimaydi oddiy odamlarni. Osmonda uchadi, hammadan baland. Qani bir uchrashuv belgilab ko‘r-chi, maqsadingga yetarmikansan? Ular so‘zga usta, xohlagancha o‘ynatadi. Sen esa orzulanib yuraverasan, — deya ensasini qotirdi. O‘ylanib qoldim, uning gapi to‘g‘rimikan? Yozuvchilar shunday bo‘larmikan, degan fikr xayolimni changitib o‘tdi. Yengilgim kelmasdi.
— O‘ylab gapiring, u odam siz aytgandek emas, — dedim qat’iy ishonch bilan. Men uni yaxshi... – tomog‘imga bir nima tiqilgandek bo‘ldi-yu, nafasim kesildi. U ko‘zlarini katta-katta ochib, so‘zim davomini kutardi. Bir yutinib, o‘nglandim.
— Yaxshi deb o‘ylayman, — dedim. Shu on “yaxshi” degan so‘z dunyodagi eng buyuk kalomdek tuyulardi. — Ular oliftamas... Qolaversa olifta bo‘lsa nima bo‘pti.
Shu vaqt telefonning jiringlashi bahsimizga tanaffus e’lon qilgandi.
Shular haqda o‘ylab yana yo‘lni kesib o‘tarkanman, miyamga bir nima gurs etib urilgandek bo‘ldi. Iya, shoshmang-chi, qadamlarim ham sekinlashardi. Olifta deydimi?!. Kalavaning uchini topdim, shekilli. Qarab tursin, bir boplayman, “Bugun olifta bilan uchrashdim, birga choy ham ichdik”, deyman. Ana shunday xayollar bilan uchib-qo‘nib yo‘lda ekanimni unutibman.

* * *

Ko‘zimni ochganimda har xil dorilarning hididan va yana oq xalatli xonimlarni ko‘rib, kasalxonada ekanligimni payqashim qiyin bo‘lmadi. Tepamda esa mehribonim.
— Tuzukmisan, — dedi do‘rrildoq ovozi bilan. “Ha”, degandek ko‘zimni yumib ochdim. Og‘riq butun badanimni qaqshatardi.
— Yo‘lda xayol surmay yursang bo‘lmaydimi? Har doim aytaman, esingni yiqqin, deb, — tanbeh berdi u navbatdagi mehribonchiligini qilib.
Yuzimni teskari burdim.
— Qara, senga nima opkeldim, — dedi haligi ohangini buzmasdan.
Qaragim kelmadi.
— Qarasang-chi!
Qo‘limga bir narsa tutqazdi. Payqadim. Bu kitob edi. Unga sinchiklab qaradim, sevimli adibimning yangi to‘plami. Ko‘zlarim sevindi, dilim yayradi. Va qandaydir portretni ham yonimga qo‘ydi. Qizi-i-iq.. (Suratdagi kim?) Kim edi bu? Tanish. Judayam tanish... Iey, bu o‘sha-ku! Ha, ha o‘sha! Aynan adibimning o‘zginasi... Lol qoldim... haya, nimadir deyishim kerak unga. Nimaydi-ya... So‘zlar, so‘zlarjon qanisiz? Bu isyonkor jimlikni parchalang... hatto so‘zlarimni ham tortib oldi u.
— Bu sening oliming, — dedi suratni ikki qo‘li bilan tutib.
— Bu esa olaming, — dedi qo‘limdagi kitobga ishora qilib. — Ha, faqat seniki, o‘zingniki. Sen o‘z olamingda yashayapsan. Undan nafas olyapsan, yorug‘likni topyapsan... Uni o‘qidim, — deya kitobga ishora qildi. — Endi ko‘ngling joyiga tushdimi, — dedi kitob berganidan minnatlanib. So‘ng qo‘lidagi suratni o‘zi o‘tirgan stulga qo‘yib, eshik tomon yurdi. Chiqayotib boshini asta burib qaradi. Unga nisbatan yuragimda qandaydir achinish hissini tuydim. Yo‘q, yo‘q, uni hurmat qila boshladim. Olaming degani uchunmi, kitob o‘qiydigan odamga aylanayotgani uchunmi, bilmadim, hurmatim kuchaydi. Bu narsa vujudimdagi og‘riqni bir zum bartaraf etgandek bo‘ldi. Unga mayingina jilmaydim.
— Nega ishshayasan? — dedi endi tanasi bilan o‘girilib. — Ikki kundan beri shu alpozda yotibsan. Bu vaqtlar osongina o‘tdi, deb o‘ylaysanmi? Tezroq tuzal, uyga ketamiz. Shundoq ham ikki kunga kechikding, — dedi-yu, shitob bilan chiqib ketdi.
Uning bu gapidan qah-qah otib kulgim keldi. Biroq tanamga qaytgan og‘riq bunga yo‘l bermasdi. Tavba, hech kimga o‘xshamaydigan jihatlari bor uning. Unchalik yoqimli emas, ayni vaqtda yoqimsiz ham deb bo‘lmaydi. Unda chiqib ketayotgan vaqtida nega har doimgidek qo‘l silkib xayrlasholmadim? Darvoqe, qo‘llarim band edi-ku... Mahkam quchgan kitobimni ko‘ksimdan olib duch kelgan betini ochdim. Va duch kelgan joyini ovoz chiqarib o‘qidim:
“Men sensiz ham, sen bilan ham yashay olmayman!..”
Bu so‘zlar unga atalgandi go‘yo... Yana xayol yetaklaydi inson oyog‘i yetmas joylarga... Bu asli mening so‘zimdir, balki. Boyagi o‘ktam ovozim endi shivirlaydi:“Men ham sensiz yashay olmayman, sen bilan ham yashashim dushvor!..”

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.