OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muborak Rustamova. Shaharlik muallim (hikoya)

Toshmurod tajangning turib-turib ta’bi tirriq bo‘ldi. Axir, bundan ortiq bedodlik bo‘ladimi, ona suti hali og‘zidan ketib ulgurmagan bir shaharlik tirrancha unga aql o‘rgatdi-ya?! Go‘ring nurga to‘lgur ota-bobolaridan eshitmagan pand-nasihatni shuginadan eshitdi-ya?! Nima emish, Toshmurod aka bolalarining bilim olishi uchun shart-sharoit yaratib bermayotgan emish. Ularni ro‘zg‘or ishlariga ko‘mib tashlayotgan emish. Iya, buning nimasi ajablanari, nimasi yomon? Shu xonadondan osh-non yegandan keyin, shu xonadondan ust-bosh kiygandan keyin oz-moz ter to‘kish ham kerak-da! Mol-holga qarashish, tomorqa ishlari... oddiy hol-ku? E-he-e, bir paytlar Toshmurodlar ko‘rgan kun qursin. Ne azoblarni ko‘rmadi, deysiz bu taqirbosh?! Bo‘yi tayoqqa yetguday bo‘lgan kundan kolxoz suruvining ortidan yurdi. Dalada ketmon chopdi. Hech kim rahmini yegani yo‘q. Hech kim, sen savodsiz qolib ketasan, deb achingan emas. Qaytam otasi jerkib tashlardi: ”Yetti pushtimizda mullo bo‘lmagan, sen o‘qib shahar obberarmiding?”. Toshmurod avvaliga xafa bo‘ldi, keyin ko‘nikdi, otasining izmidan chiqmadi. Xiyla donishmand ekan rahmatli otasi. Xudoga shukur, kam bo‘lmadi. To‘lib-toshib ketmagan bo‘lsa-da, har nechuk ro‘zg‘ori but. Birovdan baland, birovdan past, deganday kuni o‘tib turibdi. Uch qiz chiqardi, bir o‘g‘il uylantirdi. Hamma-hammasi mehnatning ortidan bo‘lib turibdi. Sovuqni sovuq, issiqni issiq demadi, bir suruv qo‘y-echkini oldiga solib, Qizilqoqning adirida ko‘kardi. Vaqt topdi deguncha tomorqasida timirskilandi. Tirikchilik borasida noliydigan joyi yo‘q.
Xo‘sh, shunday ekan, anovi shaharlik yangi muallimning aql o‘rgatganiga nima deysiz? Tavba, qiziq yigit ekan. Shu ovloq ovul bolalariga dars bergali shahardan qatnar emish. Butun turq-tavridan shaharlik bodiligi ko‘rinib turibdi: rang-ro‘y — oppoq, bo‘y-bast — xipcha, jingiltob sochlari kalta, ust-boshi po‘rim. Qosh-ko‘zlar popukday, bamisli qiz bola deysiz. Teraklining maktabiga tarix o‘qituvchisi bo‘lib kelibdi. Uning kenjatoy o‘g‘liga ergashib kelganini ko‘rib Toshmurod aka xiyla ajablandi. Salom-alikni quyuq qildi.
— Men yangi o‘qituvchiman, ismim Samandar, Samandar Salimov, — deb o‘zini tanitdi u, — O‘g‘lingiz Nurmatboyning sinf rahbariman. Nurmatning xulqi ham, zehni ham yaxshi, amaki. Shunday farzand o‘stirganlaringiz uchun avvolo sizlarga rahmat. Lekin...
Shaharlik muallim bir zum jim qoldi. Bu orada o‘rtaga dasturxon yozilgan, bir juft non, kosada chalob keltirilgan edi.
— Tortinmang, uka, — dedi Toshmurod aka non ushatarkan, — dasturxonga qarang, bemalol...
Samandar bir burda nonni ikkilanganday sindirib oldi, ammo muzday chalobni shoshilmay ichdi.
— Hali aytganimdek, Nurmat juda zehnli, qobiliyatli bola. Lekin unga dars tayyorlash uchun shart-sharoit yaratib berish zarur. Ro‘zg‘or ishlariga kamroq jalb qilish kerak.
— Uka, indamang, bizga teginmang, bolaning suyagi qora mehnatda qotavergani ma’qul. Maktabni bir amallab bitirib olsa, bo‘ldi. Darrov boshini ikkov, oyog‘ini to‘rtov qilib tashlayman...
— Amaki, unday gaplarni qo‘ying, Nurmat hali o‘qishi kerak.
— E-e, uka, bizning zotimizdan ilmdor chiqmagan. Qolaversa, qishloq bolasi o‘qiganda go‘r bo‘larmidi?
— Bu gapingiz ham bekor, amaki, eh-he, qancha-qancha zo‘r olimlar, rahbarlar qishloqlardan chiqqan-ku?! Bolaning yo‘lini to‘smang, iltimos, sharoit yaratib bering.
Shaharlik muallim va Toshmurod tajang o‘rtasida xuddi shu taxlit kichik bir tortishuv bo‘lib o‘tdi. Nurmat goh choy, goh qand-qurs tashigan bo‘lib zimdan gurungga quloq solar, bir otasiga, bir muallimiga umidvor ko‘z tashlar edi.
Rosti, Toshmurod aka arang o‘zini bosdi. Farzandi qatori yigitning gap o‘rgatib, shart qo‘yib o‘tirgani tabiatan achchig‘i tez bo‘lgan Toshmurod akaning g‘ashiga tegdi.
Xullas, shaharlik muallim norizo qiyofada qaytib ketdi. Shundan beri tinch. Hartugul boshqa bezovta qilmadi. Toshmurod akaning bama’ni gaplari ta’sir qildi-yov...
...Toshmurod aka o‘sha uchrashuvni eslab, ayvonda tirishib o‘tirarkan, oliftanamo gaplar xayolida kechib bir kulgusi qistar, bir ta’bi tirriq tortar edi. Shu payt Nurmat maktabdan kelib qoldi.
— Assalomu alaykum, ota.
— Valaykum... anovi shaharlik bodi seni boshqa garang qilmayaptimi?
Nurmat indamay yerga qaradi.
— I-yi, nega men yeb, sen quruq qolganday tumshayib olding?, — deb so‘radi ota achchig‘lanib.
— Ota, muallim sizni maktabga kelsin, dedi.
—    Nima?! Qaysi maktabga, o‘zimiznikigami?
— Ha, — deb pichirladi Nurmat, — Hozir yetib kelsin, dedi. Zaril gap bor emish.
Toshmurod aka qanchalik qaysar bo‘lsa, shunchalik qo‘rqoq ham edi. Yoshligidan beri shunday. Raismi, melisami, xullas, idorada o‘tiradigan biror amaldortob kimsa yo‘qlasa, hovliqqanicha darrov yetib boradi. Tizzalari qalt-qalt titrab, tili kalimaga kelmay qoladi. Chunki bolalik chog‘lari otasini kolxoz idorasiga chaqirtirishganda u ham qo‘shilishib borgan, o‘sha yerdayoq otasining qo‘lini qayirib, dodlatib allaqanday mashinaga bosib olib ketishganini ko‘rgan edi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, otasi, prokuraturaga bir necha marta guvoh tariqasida tergovga chorlanganiga qaramay, loqaydlarcha tuman markaziga bormay yurgan ekan. Oxiri, uni kolxoz idorasiga, oylik berish bahonasida chaqirtirib, shu joydan olib ketishgan ekan. Otasi shu ketganidan olti oydan so‘ng cho‘pday ozib, ko‘zlari kirtayib qaytdi. O‘sha voqeadan beri Toshmurod oqqa bo‘yalgan, odamlar kirib-chiqib turgan imorat oldidan o‘tar bo‘lsa, beixtiyor yuragi dukullab, mazasi qocha boshlaydi.
Mana, hozir ham o‘g‘lidan o‘sha shaharlik muallim chaqirtirganini eshitdiyu beixtiyor a’zoi badani bo‘shashib ketdi.
“Bolalarining o‘qishiga qarshi deb organga chaqib bergan!” – lop etib xayolidan o‘tdi uning.
Kalovlangan ko‘yi o‘rnidan turdi.
— Hozir borishim kerak ekanmi?, – deb so‘radi ovozi bo‘g‘ilib.
— Ha.
Toshmurod egniga to‘nini ilib yo‘lga otlandi.
— Men ham boraman, ota, — dedi Nurmat botinmaygina unga ergasharkan.
Otasi o‘g‘liga bir o‘qrayib qo‘ydi.
— Yur! Senlarni deb...
Toshmurod tajang qo‘rqa-pisa maktab idorasiga kirib bordi. Xayriyat, har xil bo‘yoqlar isi anqib turgan xonada Samandardan boshqa hechkim yo‘q ekan. Yangi muallim ota-bolani xushhol, xushmuomala kutib oldi.
“Shukur, tinchlikka o‘xshaydi”, deb o‘yladi Toshmurod aka u yon-bu yon zimdan alanglarkan.
— Uzr, sizni yana Nurmat masalasida bezovta qilgandim, — dedi Samandar xijolatomuz iljayib, — uyingizga borish noqulay bo‘ldi.
O‘zini xiyla bosib olgan tajang yana sherlandi.
— Xo‘sh, qulog‘im sizda, nima masala ekan?
— Toshmurod aka, o‘g‘lingiz Nurmat juda qobiliyatli, zehnli bola. Ayniqsa, matematikaga qiziqishi baland. Maktabda hozircha kuchli muallim yo‘q ekan. Men sinf rahbariman, bunga befarq qarab turolmayman. Tuman markazida zo‘r repititorlar bor. Nurmat ana o‘shalarga qatnab dars olishi kerak.
— Nima?! – beixtiyor qichqirib yubordi ota, — ular pul oladi-ku?! Eshitganman, har oy xiyla narsani o‘pirib olishadi, deb...
Samandar birdan bo‘shashib qoldi.
—    Ha, pullik... Lekin siz aytganday o‘pirib ketishmaydi. Nima, bolangizning kelajagi uchun chiqim qilishni istamaysizmi?
—    O‘v, uka, meni bunday gaplaring bilan qitiq-patimga tegma, xo‘pmi. O‘zi... yaqinda qiz chiqarib, qarzga botib qolganman...
Toshmurod tajang shasht bilan o‘rnidan turdi. Dimog‘ida yana allanelar deya g‘udranganicha eshik tomon yurdi.
— Amaki, biroz shoshmang!
Toshmurod aka tovush taralgan tarafga ilkis burildi. Samandar o‘ychan va ma’yus unga tikilib turardi.
—    Xo‘sh, yana nima deysan, uka?
—    Amaki, — Samandarning sasi ancha siniq chiqdi, — agar... agar bepul repititor topsam, o‘g‘lingizning qatnashiga qarshilik qilmaysizmi?
Tajang o‘ylanib qoldi.
—    Hay, mayli, o‘qish bilan biror nimali bo‘ladigan bo‘lsa-bo‘lsin. Biz rozi.
—    Bo‘pti, kelishdik. Men bepul repititor surishtirib ko‘raman.
Shu suhbatdan so‘ng oradan bir hafta o‘tib, Nurmat maktabdan og‘zi qulog‘ida qaytdi.
—    Ota, malimimiz menga bepul repititor topibdi!
— Nima ham derdim, qatnasang qatnayver, — dedi otasi beparvo qo‘l siltab, — lekin bilib qo‘y, bola, yo‘lkirangdan ortiq bir tiyin ham bermayman.
O‘shanda kuzning kulib turgan kunlari edi. Nurmat tuman markazidagi bilimdon repititorlardan biriga qatnay boshladi. Uning quvonchi cheksiz edi. Shu taxlit oradan kuz ham, qish ham o‘tib ketdi. Teraklilik yosh iqtidor egasi matematika bo‘yicha ancha-muncha narsa o‘rgandi, tuman olimpiadasida birinchi o‘rinni olib, shapaloqday yorliq ham tutqazdi otasiga. Lekin otasi hali-hanuz uning “bekorchi sanqib” yurishini hazm qilolmasdi. Nurmat darsdan kelgach, qo‘liga tayoq olib, suruvga ergashgan kezlargina quvonchdan yal-yal yashnardi.
Avji bahor kunlarining birida Teraklida shum xabar tarqaldi: Samandar muallim avtohalokatga uchrab halok bo‘libdi! Toshmurod tajang bu sovuq so‘zlarga avvaliga ishonmadi. Lekin... eshitganlari achchiq haqiqat ekan. Nurmat pana-panada yig‘lab olar, ko‘zlari tez-tez qizarib yurardi.
— Bolam, — dedi o‘sha shumxabar tarqalganning ikkinchi kuni o‘tib Toshmurod aka o‘g‘liga, — sen muallimning uyini bilarmiding.
—    Ha, — deb bosh irg‘adi Nurmat, — huv qishda bir marta borgandim.
—    Yaxshi, ertaga meni olib bor, fotiha o‘qib, uydagilaridan ko‘ngil so‘rab qo‘yishimiz kerak.
—    Xo‘p.
Samandar muallimning uyi tuman markazining chekkarog‘ida ekan. Shinamgina hovli. Ko‘ngil so‘rab keluvchilarning keti uzilmaydi. Toshmurod aka Nurmat bilan ichkari kirib chiqdi. Yuragini alam va achinish beayov g‘ijimlab turardi. Ular asta-sekin katta yo‘l tomon yurishdi. Shu payt orqa tarafdan qandaydir mashina yengil signal chaldi. Ota-bola yalt etib o‘girilishdi.
—    I-yi, mening ustozim-ku! — dedi Nurmat mashina rulida o‘tirgan kishini tanib.
Shu odamda o‘qiyapsanmi? Xidir domla deganing shumi? — deb so‘radi Toshmurod aka mashinaga havasi kelib. Ustoz ulovidan tushdi. Ota-bola bilan ko‘rishdi.
—    Mening bolamning o‘qishlari qalay?, — deb so‘radi Toshmurod aka muallim bilan hol-ahvol so‘rashgach.
—    O‘qishi yomonmas. Shu ketishi bo‘lsa, kam bo‘lmaydi. Yaxshi. Nurmatning matematikaga talanti bor, — Ustoz shunday derkan, otasining yonida o‘ziga kulib qarab turgan Nurmatga qaradi.
—    Ha, muallimning uyiga bir kirib chiqdik. Kuni kalta ekan-da. Shu domlasi bizning kenjani qiziqtirib sizga opkelgan edi...
Bu gapdan mashina yonida tik turishgan uchchovlonning ham boshi egildi. Mashinaninggina “gur-gur”lashi eshitilib qoldi bir muddat.
— Ha, aka, yo‘l bo‘lsin sizlarga? Mashinaga chiqingizlar...
Ota-bola ustozning mashinasida katta yo‘lgacha yetib olishdi.
— Yaxshi yigit ekan, — deb qo‘ydi Toshmurod aka o‘g‘liga mashinadan tushishgach, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek.
Oradan bir muncha vaqt o‘tdi. Nurmat karaxt bo‘lib yurgan kunlarning birida otasi uni chaqirib qoldi. U hali-zamon yomg‘ir shovullab savalab o‘tgan, barglaridan tomchilar silqib turgan tok ostidagi so‘rida allanechuk o‘ychan o‘tirardi.
— Bolam, qani, kel o‘tir. Shu ustozing bizga yaqin tomir emas ediyu, lekin, Xudo rahmati, nimagadir xayolimdan ketmaydi. Xom sut emgan bandasi ko‘p narsalarni borida qadrlashni bilmas ekan-da.
— Men ham u kishini ko‘p o‘ylayman, — dedi Nurmat — o‘zi sizga bir gapni aytolmay tortinib yurgan edim. Tunov kuni Xidir domla ”Nurmat, bir narsani kelishib olaylik, — dedi. — Rahmatli ustozingning ajoyib odati bor edi. Har oy sen uchun o‘qish haqini o‘zi keltirib berar, ”Gap-so‘z qilib yurma, Nurmatning otasidan qarz olgan edim. Shu bahona uzib yubormoqchiman”, der edi. Uzganmi-yo‘qmi, bilmadim. Otangga aytib qo‘ysang. Endi buyog‘ini o‘zlaring hal qilasizlar-da”, deb aytdi.
— Qarz olgan edim, degan emishmi?
— Shunday dedi.
— Bundan chiqdi u seni o‘z hisobidan o‘qitayotgan ekan-da. Ay, bolam, ayb o‘zimda. Qarz ko‘tarmaganimda-ku ..... qara-ya, marhum domla hech xayolimdan ketmaydi, deb tagiga yetolmay yuruvdim. Endi bunday, bolam. Sen xayolingni bo‘lma. Domlangning qarzini ham uzamiz, oilasi bor... O‘qishingga ham pul topamiz. Kel endi, ustozing haqqiga bir tilovat qilaylik.
Otasi eskichadan savodli bo‘lmasa-da, naycha quloq bo‘lgani bois kalimalarni to‘g‘ri qiroat qilar, ovozi ham allanechuk shirali edi. Qur’on oyatining sehrli sadolari duoga qo‘l ochgan Nurmatning ko‘z oldida ustozining qiyofasini tiriltirgandek bo‘ldi. Bolaning ko‘zlaridan duvillab yosh quyildi. U har qancha urinmasin, otasining oldida o‘zini tuta olmadi. Shu holatda yuzlariga fotiha tortishdi. Bu paytga kelib, hali g‘alati xo‘mrayib turgan osmon yorishgan, pag‘a-pag‘a bulutlarni shamol allaqachon haydab yuborgan edi. Ota-bola qalbida ham shunday bir holat hukmron, har ikkisi ham yengil tortgandi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 15-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.