OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Samiya Aqiyeva. Nasiba (hikoya)

Shoislomning xonadonida tug‘ilgan to‘rtinchi farzand ham qiz bo‘ldi. Zahro kelinni tug‘ruqxonadan uyga olib kelishganida savrning yop-yorug‘ kuni bo‘lsa-da, butun uy ichini qorong‘ulik qoplagandek edi. Hammadan ham Zahroga qiyin bo‘ldi. Qaynonaning bo‘lar-bo‘lmasga nuqib gapirishi, erining qovog‘idan qor yog‘ishi, katta-kichik uch qizning yangi singilchasidan allanechuk yotsirab turishlari... hammasiga Zahro aybdordek. Chidashi kerak.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi.
Shoislom taqdirga tan berdi shekilli, xudoning nasibasi deb qizaloqqa Nasiba deb ism qo‘ydilar. Hamma narsaning davosi vaqt deganlaridek, oila bu voqeaga ham ko‘nikdi. “Kimlar bir tirnoqqa zor, berganiga, shuncha qilib qo‘yganiga ming shukr. Umri uzoq, rizqi butun qiz bo‘lsin!” deya xo‘rsinib qo‘ygan Oydin momoning gap-so‘zi o‘zgalarga ham yuqdi. Oila yengil nafas oldi go‘yo. Asli, bo‘lari gap ham shu-da. Nasiba qiz yig‘laydi, mitti vujudi bilan tipirchilab hayotga talpinadi, pishillabgina uxlaydi. “Ko‘ziga qara, qoshiga qara”, deyishib opalari ham chaqaloqqa elikib qolishdi.
Qizaloq kundan-kunga bir yoqimli qiliq chiqarib, atrofdagilarning shirin ermagiga aylandi. Ammo bir yoshdan oshib, atak-chechak yura boshlaganda xonadonni yana bir tashvish kutib turgani ma’lum bo‘ldi. Yurishga uringan Nasibaning bir oyog‘i kalta bo‘lib, tug‘ma oqsoqligi ma’lum bo‘ldi. Shoislom va xotini do‘xtirma-do‘xtir chopishga tushdi. Do‘xtirlar “bu tug‘ma nuqson, tig‘ tegizishdan foyda yo‘q”, deyishdi. Er-xotinning bir dardi o‘n dard bo‘ldi.
Qizcha nimanidir ushlab alpang-talpang qilib, yurishga urinar, kun sayin yetilib kelayotgan vujudi oqsayotgan oyog‘idan darak berib turar edi. Nasiba esa tinimsiz harakatlanar, qaynayotgan hayot bag‘riga o‘zini otaverardi.
Shoislomning yon qo‘shnisi Nurmamat aka uch yil burun shahardan uy olib ko‘chib ketgan edi. Keta turib Shoislomga shunday degandi Nurmamat aka:
— Endi uka, uyimizni sizga topshirib ketamiz, qarovsiz qolmasin. Bog‘-roqqa qarab mevasidan foydalaning. Bolalar katta bo‘lishgach, qaytib kelarmiz, — degandi. Oradan o‘n besh kuncha vaqt o‘tib, qo‘shnining uyiga bir chol kirib olgani ma’lum bo‘ldi.
— Ota qo‘shnimizning uyiga bir bobo kirib ketdi! Balki o‘g‘ridir. Yuring, haydab yuboring! Yura qoling! — Shoislomning katta qizi Sora xuddi muhim voqeani xabar bergandek hovliqardi. Bu paytda Shoislom olmaga nashvati payvand qilardi.
— Bor qizim, o‘ynayver, qarindoshi bo‘lsa kerak, bekordan-bekorga kirmaydi-ku.
Soch-soqoli o‘sgan, ko‘zlari qop-qora, nigohi o‘tkir, yuzidan nur yog‘ilib turadigan bu odam, o‘zini qishloq ahliga “Men Nurmamatning ona tomondan qarindoshi bo‘laman”, deb tanishtirdi. Keksayu yosh hech kim Nurmamat akaning bunday qarindoshi borligini eslolmadilar. Ammo ko‘rinishdan bu beziyon choldan negadir hech kim gumonsiramadi. Kun bo‘yi uydan chiqmaydi, qiblaga qarab namoz o‘qib o‘tirgani-o‘tirgan. Otini Bois bobo deb tanishtirgan chol oyog‘idagi nuqsoni sabab bolalardan ajralibroq yuradigan Nasibaga qiziq, hatto sirli tuyular edi. Nasiba har kuni amallab qo‘shnining uyiga yetib kelar va chol “Kela qol, qizalog‘im, mana, senga Bois bobong jiyda terib keldi”, deya g‘alati muomala qilar, besh yashar qiz ham undan hayiqmas edi. Oqshomlari Shoislomning xotini otaga ovqat olib chiqar, qizini qo‘lidan yetaklab ketar edi. Bois bobo qizga ertak aytib berar, gohida guzardagi qari-qartangning yoniga chiqib qolsa, belbog‘iga mayizmi, qand-qursmi olib kelar, qizchaga ilinardi. Qishloq bolalari esa bu devonasifat cholni negadir yaxshi ko‘rardi. Har kechqurun ko‘chaga tizilishib boboning uydan chiqishini yo ko‘chadan qaytishini kutib turadigan bolalar uni kalaka qilishsa, choli tushgur tag‘inam quvonar, Nasiba esa bolalardan xafa bo‘lib, ular bilan urushib ham qolardi. Boshqalardan orqaroqda, bir chekkada mung‘ayib turgan qizga Bois bobo boshqacha bir mehr bilan qarar edi. Qizcha yettiga kirganda unga mo‘yqalam bilan rasm qog‘oz olib keldi. Rasm solishi uchun ayrim chizgilarni ham o‘rgatganday bo‘ldi.
Shu zaylda oradan ikki yil o‘tdi. Zahro kelin cholning osh-ovqatidan xabar olib turdi. Qaynonaning g‘idi-bidisiga javoban “Qo‘shnichilik, bu odam yolg‘iz, bir kosa ovqat bilan kambag‘al bo‘lmaymiz-ku,” derdi. Uyidan xabar olishga kelgan Nurmamat aka xuddi oldindan xabar topganday boqqa suv qo‘yib turgan cholni ko‘rib dastlab hayron bo‘lgan bo‘lsa, keyin indamadi. Ma’lum bo‘ldiki, chol Nurmamat akaga hech qanday qarindosh emas, ammo begona ham emas ekan. Ya’ni, bir zamonlar Nurmamat akaning otasi bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketgan ammasining choli ekan. Xullas, bir alakning uchi...
Endi Nasiba yolg‘izmas uning sevimli mashg‘uloti bilan Bois bobodek aqlli o‘rtog‘i bor. Bir kun suhbat asnosida chol qizga: “Qizaloq, sen bir kun katta bo‘lasan, seni istab shahzodang keladi. Seni otga mindirayotganda otning jilovini ushlab turaman. Seni kuzatib qo‘yaman”, dedi.
Qizcha tim qora ko‘zlari, uzun kipriklarini katta-katta ochib-yumib, kulib: “Bobo sen aldayapsan, shahzodalar faqat malikalarni olib ketadi”, dedi. Chol esa:
— Eng totli narsa — umid, eng yaxshi maslahatchi — vaqt. Sen umid qil, qizim, vaqt buni ko‘rsatadi, — deya xo‘rsindi.
O‘sha kun bobo qizchani tark etdi.
Ertasiga Nasiba o‘zi chizgan suratini ko‘rsatish uchun cholning oldiga bordi.
— Bobo uyda bo‘lsang chiq. Senga chizgan suratimni ko‘rsataman! — Qizaloq darvoza tagida ko‘p zorlandi. Sado bo‘lavermagach, uyda ishlab o‘tirgan otasini boshlab chiqdi.
Darvozadagi katta qulfni ko‘rgan Shoislom hayron bo‘ldi. Chol xuddi ko‘kka uchgandek g‘oyib bo‘lgandi.
— Bobomni topib ber, — deb xarxasha qilayotgan qizini aldab-suldab yupatdi.
Bois boboni qishloq ahli tez unutdi. Shoislomning oilasi uni ko‘p esladi. Nasiba esa hech unutmadi.

 * * *

Bu voqealarga ham o‘n yil bo‘ldi. Hozir Nasiba o‘n sakkiz yoshga kirayapti. Toshkentdagi dizayn va rassomlik instituti talabasi. O‘zining ustaxonasi bor. Deyarli har kuni o‘sha yerda bo‘ladi.
Birin-ketin bo‘y yetgan qizlarini uzatayotgan Shoislom va xotini to‘rtinchi farzandiga kelganda o‘ylanib qolishdi. To‘g‘ri, zohiran hech narsa deyishmadi-yu, tengi topilarmikan, degan o‘y ularni mudom bezovta qilardi. Nasibada rassomlarga xos tanholik bor edi. Tanholikning o‘ziga yarasha salobati bo‘ladi. Bunday kamgap, kamsuqum qiz bilan hamma ham chiqishavermasdi. Ammo uning husni kamolini ko‘rganlar bir zum ko‘z uzolmay qolishardi. Qiz o‘z go‘zalligidan bexabar edi go‘yo. Yoshlik, go‘zallik uning butun vujudini qamrab olgandi. Hatto u chizgan suratlar ham, qo‘qqisidan yalt etgan shu’la, mo‘‘jizaga o‘xshab ketardi. Ba’zida o‘z ishidan hayratlanib, nahotki shu asarni men yaratdim, deb hayajonlanardi. Biroq necha yillar davomida bir surat ustida ko‘p ishladi. Bu suratni har safar qo‘liga olganda bolalik xotiralari jonlanaverardi. Bu suratda Bois bobo, ko‘chani to‘ldirib chopayotgan bolalar, oq otda kirib kelayotgan shahzoda va uning istiqboliga chopib chiqayotgan kelin bor edi. Qiz shu tariqa xayol surib qolar edi.
— Qani, Nasibaxon, tanlovga tayyorgarlik qanday? — O‘z xayoli bilan band bo‘lgan qiz eshikdan kirgan ustozi Gulnora opani sezmadi. — Eh-he, galereya qilib yuboribsan-ku.
Institutda talabalar ijodiga doir suratlar tanlovi bo‘lishi kutilayotgandi. Ustoz Gulnora opa shuni nazarda tutgandi. Bu tanlov hay’atida rassomlar uyushmasi a’zosi Asqar Zohidov ham bor edi. Bu yigitning ko‘zlari ancha zaif bo‘lib, uzoqni ko‘rolmasdi. Shu sabab har doim ko‘zoynak taqib yurardi. Yigit bir asar yonida uzoq turib qoldi. hay’at a’zolari shu asar xususida bahs yuritardilar.
— Qarang, yoshlarda yangi-yangi g‘oyalar bor. Moviy osmon, oppoq ot jilovini tutgan Mashrabga o‘xshash chol, atrofda bolalar, odamlar hayratda. Bu chol nimaga otning jilovidan tutgan, xuddi yangi yo‘lga hozirlagandek. Bu ot nimaning ramzi. Har xil fikrlarga sabab bo‘lgan bu asar Nasibaga tegishli edi.
U tanlovda g‘olib bo‘ldi. Uni poytaxtdagi «Yoshlar» ijod saroyiga taklif qilishdi. Tanlovdan so‘ng Asqar Nasibani izlab topdi.
Shunchaki tanishuvdan so‘ng yigit qizdan so‘radi.
— Asaringizdagi chol obrazi haqida so‘ramoqchiman. Meni kechiring, ochiq savol bersam — uni taniysizmi?
Qiz yigitga ajablanib tikildi.
— Tushunmadingiz, sizga boshidan aytaman. Yangilishmasam, men bu odamni yaxshi bilaman. U menga o‘zini devona bobo deb tanishtirgan. Bolaligimda juda ko‘p ertak aytgan. U mening yaqin odamimga aylanib, bir kun xayr-xo‘shni nasiya qilib jo‘nab qolgan. Shu-shu uni ko‘rmay ketdim. Mabodo siz u kishi haqida bilasizmi yoki xayolotingiz mahsulimi demoqchi edim. Ammo men tanigan chol hozir... balki, vafot etgandir. Bunga ham ko‘p yil bo‘ldi.
Qizning hayrati o‘n karra oshdi. Chunki suhbat Bois bobo haqida ketayotgandek edi.
Qiz bilan yigitning bundan keyingi suhbatlari qanday bo‘lganini tasavvur qilavering. Hayotning bag‘ri keng, unda nimalar bo‘lmaydi deysiz. Asqar bilan Nasiba har ikkalasi ham ko‘rgan, bolalik davridan qadrdon bo‘lgan ajib xotirani bir-biriga aytib berishar, qiyoslashar va bot-bot hayron qolishardi...

* * *

Ilgarilari uylanishga ko‘ngli bo‘lmagan o‘g‘lining, dabdurustdan oila qurmoqchi ekanini eshitgan ota-onasi juda xursand bo‘lishdi. Keyin kelinning oyog‘ida nuqsoni borligini bilib dillari xira tortdi. Ammo juda uzoq o‘ylashib, to‘yga rozi bo‘lishdi. Ikki xonadonda ham to‘yga tayyorgarlik boshlandi.
Kuyov jo‘ralar oldinroq borib turishdi. Kelin tayyor, kuyov esa kechikayotgandi.
Shoislomga begonalar ko‘zida hayrat, yaqinlari nigohida esa qo‘rquv bordek tuyuldi. Boshqalar bosh ko‘tarmay to‘y tadorigi bilan band edilar.
Bir payt bolalarning qiyqirig‘i butun ko‘chani tutib ketdi:
— Kuyov keldi! Kuyov keldi! Qaranglar ot-aravada!
Kimdir havas bilan, kimlardir hayrat-la ko‘chadan xonadonga kirib kelayotgan kuyovni kuzatishar edi. Yana kimdir ensasi qotib,
— Shunday zamonaviy mashinalar turganda kuyovning qilib yurgan ishini ko‘ring, — deyishardi.
Chiroyli bezangan oq otning aravasidan oppoq libos kiygan shahzoda tushib kelardi go‘yo. Yigit chindan ham afsonaviy shahzodaning o‘zi edi.
Yosh-yalang esa:
— Bu ahmoqona o‘yinning nima keragi bor deb, — kulishdi.
Inchunin, bu bilan kuyov va kelin o‘zlarining umr yo‘llari tutashishiga sababchi bo‘lgan qadrdon boboni xotirlayotganlarini ular qaerdan bilishsin.
Karnay-surnaylar bilan kelinni ot-aravaga chiqarishdi. Shu payt ot jilovini bir chol tutdi, otni to‘g‘ri yo‘lga boshladi. Odamlar bu cholni yo‘lovchi deb, o‘ylashdi. Ammo bu chol Asqar va Nasibaning qadrdon bobosi edi. Kelin va kuyov devona bobosini aniq ko‘rishdi. U uzoq duo qildi. So‘ng olomon ichida g‘oyib bo‘ldi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 27-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.