Qish kunlari bo‘lsa-da, adirlar bag‘rida nishlayotgan chechaklar ko‘ngilda orziqish uyg‘otadi. Bu paytlar Hisor kengliklarida tabiat o‘zgacha joziba kasb etadi. Maktabimiz unchalik muhtasham bo‘lmasa-da, ammo kengliklardagi old maktablardan biri edi.
— Menga qara, oshna, sendan iltimos, menga bitta she’r yozib bergin, yo‘q dema. Bilasan-ku, anavi Gullolani, juda tannoz-da. Hech gapirolmayapman, — deb qoldi sinfdoshim Qobil.
— Ey qo‘ysang-chi, bunday she’r yozolmayman, bilasan-ku!
— Maktabning shoiri bo‘lsang, ikki qator she’r yozish shunchalik qiyin gapmi?
Gullola ajoyib qiz edi. Qobil aytganchalik tannoz emas. U siz aytmoqchi bo‘lgan gapni ich-ichidan anglab turardi. O‘zingizni tutishingizdan ko‘nglingizdagini darrov ilg‘ab olardi. Men noiloj she’r yozishga rozi bo‘ldim. Qishlog‘imizning o‘rtasida bitta artezian qudug‘i bo‘lib, hamma shundan suv ichardi. Oqshom paytlari o‘spirin bolalar, qizlar suv olgani shu quduqqa kelishardi. Sinfdoshim bilan oq qog‘ozga yozilgan ikki misra she’rni bejirim konvertga solgancha quduqboshiga bordik. Gullolalarning uyi esa quduq bo‘yida. U tez-tez suvga chiqib turardi, buni bilardik. Mana, u suv bo‘yiga kela boshladi. Go‘yo ishqiy maktubni men tutqazayotgandek, Qobildan ko‘ra ko‘proq hayajonlanayapman. Gullola qizlar ichida bo‘lganidan, xatni berishning hech ilojini topolmadik. Shom o‘tib, ufqning qoshi qoraya boshladi. Guli esa dugonalari bilan chelaklariga suv olgancha uyiga ketdi.
— Endi qaytib kelmasa kerak...
— Birpas kutaylik, jon oshna, balki yana chiqib qolar. Axir, u bizni ko‘rdi-ku! — dedi Qobil.
Men esa bu joydan tezroq ketishni istardim. Shu payt quduqni nazorat qilib turadigan Rahimberdi aka kelib qoldi.
— Ha, bolalar! Suvni iflos qilmanglar-a, men qarab turibman. Tag‘in suvga tuflab, u-bu narsa tashlab yurmanglar. Quloqlaringni qizitaman, — dedi.
Bu menga bahona bo‘ldi.
— Hammaning ko‘ziga yomon ko‘rinib nima qildik. Yur oshna, ketamiz, — dedim.
Qobil noiloj o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Nimagadir ich-ichimdan quvonardim. To‘g‘risi, nimaga ekanligini o‘zim ham bilmasdim.
Uyga kelganimda, osmon bag‘ridagi yulduzlar yanada yorug‘roq charaqlay boshlagandi. Otam hovlida ekan:
— Qosh qorayganda nima qip yuribsan? Qiladigan ishing yo‘qmi? — deb qoldi.
— Qobildan ertangi darslarni bilib kelayapman, — dedim sekin...
Kun uzog‘i qo‘y boqqanim, oqshomda esa sang‘ib yurganim endi bilindi. Ichki quvonchimdan asar ham qolmadi. Apil-tapil kechki ovqatni yedimu dars qilishga tutindim. Ammo o‘qiyotganlarim umuman kallamga kirmasdi. Nimani o‘qiyapman, bilmasam...
— Otasi, qo‘ying, uxlay qolsin. Qarang, mudrab ketyapti. Darslarini ertaga ertalab tayyorlab olar, — deb qoldi onam.
Otam og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi. Bir og‘iz ham gapirmadi. Bu mening uxlashimga rozilik bildirgani edi.
Bilaman, uydagilar sahar-mardondan uyg‘otishadi. Sababi, maktabga ketgunimcha qo‘ylarga qarashim kerak. So‘ng bemalol nonushta qilsam bo‘ladi. Maktablik ust-boshimni kiyar ekanman, yana ichki hayajon butun vujudimni qoplay boshladi.
Maktabda «Ikkisiz, ikki yillik!» shiori qo‘llana boshlagandan buyon tartib-intizom juda kuchaygan. O‘qituvchilarimiz o‘ta qattiqqo‘l, talabchan. Biz «B» sinfda o‘qirdik. Bir gal kimyo o‘qituvchimiz «A» sinf bilan qo‘shib dars o‘tadigan bo‘ldi. Uch-to‘rtta sinfdoshlarim bilan bor-yo‘g‘i besh daqiqa kechikib kirdik darsga. Hammamizni doska yoniga qator qilib tizib qo‘ydi.
— Qani «sarka»laring qaysi biring? Dars payti yo‘lakda hiringlashib yurishga uyalmaysizlar, darsga o‘z vaqtida kirishga vaqt topolmaysizlar, shunaqami?! Bilib qo‘yinglar, bu joy senlarga karvonsaroy emas, sen tushundingmi? — deya chekkada turgan sinfdoshimdan so‘radi. U jim. Shu payt qarsillagan ovoz eshitildi. Hamma yalt etib o‘sha tomonga qaradi. Kafti bilan qizarib ketgan chap yuzini bekitgancha Qo‘ldosh yerga qarab turibdi. Ammo bu boshlanishi ekan...
Maktab ostonasida meni Qobil kutib turardi.
— Menga qara, bir ajoyib narsa o‘ylab qo‘ydim. Bilasanmi, xatni papkasiga solib qo‘yamiz, xo‘pmi! Sening yordaming kerak.
— Qanaqa?
— Sinfda hech kim yo‘g‘ida, tushundingmi, sen eshik yonida qarab tursang bo‘ldi.
Men rozi bo‘ldim. Nima bo‘lganda ham oqibati qanday tugashini juda-juda bilgim kelayotgandi. Buni qarang, shu kuni darslar silliq, bir me’yorda o‘tdi. Hech bir o‘qituvchi mendan uyga vazifani so‘ramadi. Bir tomondan, bundan quvonsam, ikkinchi tomondan, Gullolaning munosabati hayajonlantirardi.
Mana, uchinchi dars tugadi, katta tanaffus boshlandi. Hamma o‘quvchilar o‘zlarini bufetga urishgan. Qobil ikkimiz esa sergakmiz. Eshik yonida poyloqchilik qilish mening vazifam. Oshnam esa ming xavotirda Gullolaning papkasini ochib, xatni joylash bilan ovora. Rejamiz oson ko‘chayotganidan ikkalamiz ham xursandmiz. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin.
To‘rtinchi dars — adabiyot. Pushkinga suiqasdni o‘tishimiz kerak. Guli esa sinfda ko‘rinmasdi. O‘qituvchimiz avval uyga vazifani tekshirdi. Tayyorlanib kelganlar qo‘l ko‘tarib javob berishdi. Tayyorlanmaganlar esa navbatdagi dakkini eshitishdi. Mendan yana so‘ramadi. Endigina yangi dars boshlangan edi, sinfga Zulxumor opa bilan Gullola kirib kelishdi.
— Qobil kim? Qani, tur-chi o‘rningdan! Ey, senmi? Bo‘ying bir qarichu, sevgini kim qo‘yibdi senga, tavba. Buni qaranglar-a, she’riy maktub yo‘llabdi. Nima emish, «Qoshi qaro, ko‘zi qaro Guligina, Qarasam ham qaramaysan, o‘tdimikan bizdan gina». Ey, seni qara-yu, burningni artib ol! — dedi Zulxumor opa. Zulxumor opa — maktabimiz direktori.
Gulining qilig‘i hammasidan o‘tib tushdi. U xatni oldiyu mayda-mayda bo‘laklarga bo‘lib Qobilning yuziga sochib yubordi.
— She’rni o‘zing yozdingmi? — so‘rab qoldi adabiyot o‘qituvchimiz.
— Yo‘q.
— Unda kim yozdi?
— Ana u, — meni ko‘rsatsa bo‘ladimi yaramas Qobil.
— Ey, senmi, indamas bola. Indamasdan qo‘rq, deb shuni aytsalar kerak-da! Hali sen topishtiradigan bo‘ldingmi? O‘zingga bir qara, ona suti og‘zidan ketmagan go‘daksanu... Sevgi haqida she’r yozishga balo bormi? — o‘qituvchimiz bu she’rni men yozganimga ishongisi kelmasdi-yu, noiloj Qobil meni ko‘rsatib turgandi.
Rosti, she’rni men yozganimni bilgach, Gullolaning yuzlari qizargandek bo‘ldi, lekin endi kech edi...