OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yusuf Xudoyqul. Sevgi (hikoya)

Sinfdoshlar bilan o‘zimizcha odat chiqardik, ya’ni haftaning har shanbasida navbati bilan bir-birimiznikiga borib uy yumushlariga qarashadigan bo‘ldik. Masalan, loy suvoqmi, g‘alla o‘rishmi yoki yer ag‘darishmi, ishqilib, ovozi do‘rillab qolgan bir gala bo‘z bolalar hasharchi degan nom chiqardik. Uydagilar o‘zlaricha quvonishib, bizga alohida e’tibor berishar va alohida dasturxon tuzashardi. Biz ham albatta bundan quvonib, g‘ururlanib qo‘yardik. Kunlarning birida navbat Rustamga tegdi va u uyda ag‘dariladigan bir parcha bedapoyasi borligini aytdi. To‘g‘risi, bizlarni ishning og‘ir-engilidan ham ko‘ra unga birgalashib borishimiz hamda ota-onalarimizdan holiroq tarzda chaqchaqlashib kun o‘tkazishimiz sevintirar edi. Xullas, Rustam jo‘raning uyiga shomga yaqin yig‘ilib bordik. Oyning yorug‘ida yer ag‘darishning ham gashti bor-da, axir. Mezbon bo‘lmish Rustam o‘zini erkin tutgancha bizlarga ham ish ko‘rsatar, ham gap sotardi. U avvallari ham dalli-g‘ulli edi asli. Bir payt gap aylanib hammamizga sevimli, sehrli mavzuga — qizlarga ko‘chdi. Bunda ham Rustam ustamonlikni qo‘ldan bermaslikka tirishardi.
— O‘, rostdanmi? Qanday qilib ko‘ndirding? Aytib ber, oshna. Barmog‘iga qo‘ling tegsa sakrab ketadi-ku, u? — deya gap tashladi Eshmat.
— Senlar hammang quyon yuraksan. Qizlarga gap otishniyam bilish kerak-da.
— Qanday qilib ko‘ndirding, jo‘ra? Avval isbotla, so‘ng ishonamiz senga.
— Ishonmaysilarmi, mana hozir ko‘rasilar,— deb qolsa bo‘ladimi bir payt Rustam.
Biz ham shu gapga mahtal bo‘lib turgan edik shekilli, belkuraklarimizni darhol yerga qadadik-da endigina ufqdan ko‘tarilib kelayotgan oy yog‘dusida yo‘lga tushdik. Shirin qizning uyi unchalik uzoqda emas, qishloqni kesib o‘tgan katta yo‘lning chetrog‘ida, tutqator tarafda edi. Ko‘cha qorong‘i ekan, lekin bizga har bir toshigacha ma’lum bo‘lgan har kunlik yo‘limiz oydin ko‘rinardi. Qolaversa, ko‘nglimizdagi beqarorlik va pinhon niyatimiz ham yo‘lni yoritardi go‘yo. Bizlar devor ortidagi yo‘lakdan pusibgina uyga yaqinlashdik. Rustam esa ko‘krak kerib, oldimizda g‘ozday ketayotir. Biz devorga qapishgancha turib qoldik. Rustam shu’la tushib turgan derazaga yaqin bordi. Qorong‘uda faqat uning sharpasi ko‘rinib turar, o‘zi esa nimalardir qilib kuymalanardi. Uning nima deb pichirlayotganiyu harakatlari bizga qorong‘u edi. Oradan sal vaqt o‘tmay darvoza g‘ichirlab ochildi va nozik-nihol Shirin emas, qo‘lida kaltak tutgan Qodir aka chiqib keldi. U Shirinning otasi.
— Qani, qaysing qizimni yaxshi ko‘radigan? Bir basharangni ko‘rib qo‘yay-chi. He, otangning iligiga senlarning, — deya Rustamga qarab yurdi.
Biz joyimizda toshdek qotib qoldik. Hatto nafas olishga ham qo‘rqardik. Bizning shovvoz Rustamjon esa bo‘yi barobar simto‘siqdan shunday epchillik bilan sakradiki, hatto simto‘siq silkinib ham qo‘ymadi. Qodir aka so‘kingancha g‘udranib uyiga kirib ketdi.  
Biz xuddi dushman pistirmasini yorib o‘tishga shaylangan xaloskorlardek, hovlichadan emaklabgina chiqdik. Va hech narsa ko‘rmagandek, halloslab kelgancha beega qodirilgan belkuraklarni qo‘lga oldik.
— Hoy, uying bug‘doyga to‘lgurlar, qaerga ketib qoldilaring? Ovqat sovib qoldi-ku, — uy tarafdan Rustamning onasining tovushi keldi. — Kelib bir piyola choy ichib olinglar, so‘ng tugatasilar, tez kelinglar.
Xola bizning yer ag‘darishimizdan ham ko‘ra, qornimizni to‘ydirishni ko‘proq o‘ylayotgani gap avzoyidan sezilib turardi. Bir-birimizga qaragancha tek qoldik. Ovqatlanishga boraylik desak, Rustam yo‘q — sir ochilib qoladi. Oramizda gavdali, gapga chechanroq Avloqul edi. U jonimizga ora kirdi.
—    Xola, ozgina qoldi. Tugatamizu boramiz.
Shu payt halloslagancha Rustam ham yetib keldi. Bolalarning gurros kulgusi ko‘tarildi, go‘yo hovli yashnab ketgandek bo‘ldi.
— O‘-o‘, sim to‘siqdan yomon sakrading-ey. Rosa boraverib mashqini olgan ekansanda-a?
— Holing shu ekan-ku, oshna. Aytdim-a senga katta gapirma, deb,— men ham gap qo‘shdim.
— O‘zlaring-chi, men-ku uyigacha bordim. Ertaga paxtaga borsin, ko‘rsatib qo‘yaman senlarga. — Rustam otdan tushsa ham egardan tushay demasdi.
Ertasi kuni tongdanoq dalaga chiqdik. Tizilishib egatlarga ravona bo‘ldik. Rustamning ko‘zlari olazarak, uning kimni axtarayotgani bizga ma’lum edi. Shu sababdan kechagi hazilimiz hali tinmagandi. U esa qiyofasi jiddiy, bizning gaplarimizga e’tibor qilmasdi.
— Ha, sahardan paxta tergilaring kelib qolibdimi, senlarning. Shoshmanglar, biroz paxtaga shudring tushibdi, hali ho‘l. Sal ko‘tarilsin, — deya yonimizga keldi tabelchimiz.
Ammo uning gapiga “Ertalab tersa, barakali bo‘ladi” deb indamay terib ketaverdik. Bir payt Rustam fartugini paxtasi bilan ko‘targancha bizdan ancha ilgarilab ketgan Shirin tomonga yura boshladi. Biz esa tomoshani yaqinroqdan ko‘rish umidida jon-jahdimiz bilan paxta tera boshladik. Ularga yaqinlashgan sayin bezovtalanib, ayni paytda tovushimizni ham chiqarmay jim borardik. Ularning shivir-shivirlari elas-elas eshitilayapti.
—    O‘rtoqlarimga va’da berganman, axir, — derdi Rustam shivirlab.
—    Yo‘q-yo‘q. Uyat bo‘ladi, ket, — deb shivirlardi qiz ham.
—    Shunday, qo‘llaringdan bir tutsam, bo‘ldi. Hech kim ko‘rmaydi.
—    Hozir emas, keyin...
—    Meni o‘rtoqlarim oldida uyaltirmoqchimisan, meni sevasanmi o‘zi?
Bu payt biz ularga yaqinlashib qolgandik. Shirin jim qoldi va qizarib ketdi. So‘ngra fartugini yelkasiga olgancha ildamlab nari keta boshladi.
Biz baribir Rustamga tan berdik. U va’dasini bajargan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.