Voy, voy, bo‘yginangdan aylanayin, Abdumalik akaning o‘g‘li! Ag‘imdan turtib, bag‘imdan turtib, axiyri yozg‘uvchilikka ham o‘rgatding-a! Ko‘rinmay qoldiyiz, qay go‘rlarda sanqib yuribsiz, diysanmi? Omma, san bola bag‘oyat zolim ekansan. Bir so‘z yozsam, “o‘xshamabdi”, diysan. O‘xshaganini yozsam, “Toshkancha gapirvoribsiz, adabiychasiga bo‘lsin”, diysan. Hay, shu naynov boladan boshqa ustoz qurib ketibdimi, dedim. O‘ylab qarasam, o‘zimning domimda bir emas, ikkita teppa-tekin, ustoz bo‘lganda ham ustozlarning xo‘rrozi bor ekan. Kulma, sanam tekin ustozsan-u omma xo‘rroz emassan. Yozganlarimni o‘qib, kurk bo‘g‘on tovuqqa o‘xshab, xurpayib olasan. Mani sira-sira tan olging kemaydi.
Domimdagi tekin ustozlarning man bilan ishlari yo‘q. Ha-da! Iching pishmasin, ularning kimligini aytaman, eshit: biri “radiyo” otliq shoxli quticha-yu ikkinchisi dilbizor. Xo‘p, sen aytgancha bo‘laqolsin – televizor! Endi bu yog‘iga gapimni bo‘lmay eshit:
Bir oy ko‘chaga chiqmay, alardin so‘z o‘rgandim. Bildimki, sani talablaring o‘zing to‘qigan chepuxa ekan. Oxirgi uchrashganimizda “oqshomda yulduzlar charaqlar edi”, deb yozsam, mani kallamni og‘ritding. “Oqshom shom qorong‘usidan oldinroq bo‘ladi, yulduzlar xuftonga yaqin ko‘rinadi”, deganing esingdami? O‘sha kuni uyqum qochib, radiyoning qulog‘ini buragandim, baraka topkur, bir yigit manga “xayrli oqshom” tiladi. Soatga qarasam, salkam o‘n ikki. Radiyo bir nima bilmasa, gapirmiydi. Yarim kechada oqshom bo‘lishini ular sandanam yaxshiroq bilar diyman, a? Uyquchiligingdan xabarim bor. Telpon qilib, bi-ir avra-astaringni ag‘darmoqchiydim, otangni arvoyini hurmat qildim.
San, bola paqir, nuqul “ zo‘r yozg‘uvchi bo‘laman desangiz, toshkancha yozmang, toshkancha gapirmang, “votti-votti”ngizni yig‘ishtiring, adabiychasiga bo‘lsin”, deyaverasan. O‘zing hech dilbizor ko‘rasanmi? Achchiq ichakday cho‘ziladigan kinolarni ko‘rmiysan shekilli? Meksikanimi yo karislarnimi kinosini ko‘rsang, manga bunaqa durnoy da’volar qilmasding.
Man mazza qilib ko‘raman. Mana, oxirgisi: karislarning podshosi “Qornim og‘rivotti”, desa vaziri “Hozir vaziri a’zam kelobti”, deb ovutdi. Tabib kelib: “Hokim to‘ra, man siza doru olib keluttim”, dedi. O‘shanda lashkarboshisi askariga “Hoy, aqqa-baqqa qarab turlaring bitta pashsha uchib o‘tsa, naq yayib talayman. Hoy anqayma, sen tozza iflos ekansan-ku!” deb so‘kib qolsami. Yaxshiyam oshnasi yonida ekan “Yoshulli, bizar bu nodona jazo berajaqmiz”, deb tinchitvordi. Shunda bildimki, karislarning podshosi asli toshkanli ekan. Saroyiga buxoroli, anjanli, xorazmli ketvorgan jigitlarni to‘plab olganakan. Hozirgi karischa moshinlarni ashilarning bachalari jig‘orib yuribdiyov, dedim. Ashi podshoning bir sekritori bor erkon, qog‘ozni olib: “Shuytib, tarixga ne deb yozurmiz? Qorin og‘rig‘i bag‘oyat tarixiy ahamiyatg‘a molik erur”, deb qoldi. Endi yozishga unnaganida podshoning ukasi kep qoldi. “Bratan, ne o‘ldi bu qorin janvarg‘a, bovurlarg‘a telpon-milpon etturmak kerak”, dedi. Omma, bu bachaning asli qaerlik ekanini bilomadim. “Bratan” deyishi toshkancha-yu boshqa so‘zlari internasional. Kinoga qarab o‘lturib karis podshoga achindum. Qo‘limdan kesa, o‘zimizning xorazmli qizni shartta yuborardim. “Tizzamga o‘tqazib, novvot choy qilib beraman”, deb bir xirgoyi boshlasa, qorin og‘rig‘i moment to‘xtardi. Ja bo‘lmasa, o‘zimizning Yulduz borib “Qoshi qora, ko‘zi qisiq qizgina”, deb bir ishva qilib bersa, podsho jonivar ham o‘rmalab qolarmidi...
Karisning kinosidan keyin bir bonka qatu ichuvdim, Meksika kinosi boshlanib qoldi. Aslida karisnikidan ko‘ra o‘sha Meksikanikini yaxshi ko‘raman. Qizlariga qarab ko‘z to‘yadi-da! Hammasining ko‘ynagi tizzadan tepasida, kindigi ochiqlari ham anchagina. Mammalarining tepasi qozoqning xurjuniday osilib turadi. “Ko‘rmo bor-u yemo yo‘q” degani bilan, ko‘rmoning o‘zi ham ko‘zga darmon bo‘luvradi. Shunaqa kinolardan keyin qorong‘ida pul sanasam, yuztaliyni mingtaliydan aniq ajrataman. Xullas, Meksikadagi bir xuriliqo jazmanini “bir piyola qahva iching”, deb taklif qildi. San buni xato devotsanmi? Kalta o‘ylavotsan, san bola. Axir hozir savdogarlarni qo‘li hamma yerlarga yetvottimi? Rishtonli bir bacha Meksikaga sopol pela olib borib sotgan bo‘lsa na deysan? Yo bo‘masa, o‘sha xuriliqoning o‘ynashi Toshkanning manga o‘xshagan krutoy yigitlaridan bo‘sa-chi? Man o‘tgan zamonlarda poyizga chiqsam, yo‘lxaltamga pela solvolardim. O‘sha yigit ham pela olib borib, keyin esidan chiqib qog‘ondir.
Amerikacha kino ko‘rvotuvdim bittasi ikkinchisiga “Onangni Uchqurg‘ondan ko‘rsataman”, deb dag‘dag‘a qib qosami! Toshkan atrofida Oqqo‘rg‘on borligini bilaman. Ikki marta ilik yog‘i oborib sotganman. Yog‘ga nima aralashtirganim bilan ishing bo‘masin. Oborganmanmi – oborganman, sotganmanmi – sotganman. Foydaga qogan pul halolmi-harommi, baribir, hazm bo‘p ketgan. Man sanga Oqqo‘rg‘onni etvomman. Onasini Uchqurg‘ondan ko‘rsatadigon bo‘g‘ondan keyin manam o‘yladim, o‘sha Uchqo‘rg‘oni Oqqo‘rg‘on atrofidadir balki, lekin aniq bilmiyman. Hozir Amerikaga borib ishlayotganlar orasida uchqo‘rg‘onlik bachalar ko‘p bo‘sa bitta mahallasini “Uchqo‘rg‘on” deb qo‘ygandir. Ashag‘lardayam shunaqa mahalla bo‘gani yaxshi-da. Amerikalik dayuslar onasini ko‘rgisi kelsa, aqqa-baqqa izg‘imay to‘g‘ri Uchqo‘rg‘onga kelib turovrarkanlar. Agar Uchqo‘rg‘on yoqmasa, ana, Kattaqo‘rg‘on bor, Bozorqo‘rg‘on bor. Qanaqa qo‘rg‘on bo‘lishi shartmas, glavniysi – onasini ko‘rsa bo‘ldi-da! To‘g‘rimi? To‘g‘ri bo‘lsa, og‘zingni ochib o‘tirmay, kallangni liqillatib qo‘ysang-chi!
Endi qog‘oniniyam eshit: Girmonning kinosida bittasi “Ha, do‘ppi tor kelib qoldimi?” deganiga san pachakilashma. Urushda nechta o‘zbek sollot borgan u yerga. Bilasanmi? Vobshem bilmiysan! Zato man tochna bilaman: o‘sha zamonlarda bitta-yarimtasining do‘ppisi qolib ketgani ham to‘ppa-to‘g‘ri. Eskirib, endi tor bo‘p qog‘ondir. Shunga ham achchig‘ing chig‘ami, bacham?!
Tunovinda bir muxbir bachaga besh emas, o‘n ketvordim.To‘g‘ri, oldiniga nimalar devotganini pachti tushunmadim. “Amiriqoda baland bnolar ko‘p, unlarda nsonlar yashaydi”, dedi. “Bno”si nima-yu “nson”i nima, deb ko‘p o‘yladim. Oxiri topdim: bachchag‘ar “bino” demoqchi ekan. “Nson” – “inson” ekan. San uni so‘kovurma, tili chuchukroq bo‘lsayam, aqliga balli, deyavur. Bilasanmi, har bir so‘zdan bittadan, ikkitadan harf tushirib qoldirilsa, qancha poyda bo‘ladi? O‘zi ko‘p so‘zlarda ortiqcha harflar bor-da. Bunisiniyam tan olavur. O‘ylab ko‘rsang, o‘sha muxbir bacha insof qipti. Yanayam ko‘p harflarni olib tashasa bo‘lardi. Mana, eshitib ko‘rgin: “Riqoda land nolarda o‘p sonlar yashiydi”. Xo‘sh, bunga kim tushunmiydi? Kim tushunmasa, ashining bitta vinti kamroq bo‘ladi.
Shunaqa gaplar, okovsi, san endi manga ustozligingni da’vo qima. Radiyo-dilbuzor ustozlar baraka topishsin, tilimning boyligini meravoy qilib oshirib yubordi. Endi nima yozadigan bo‘sovuza o‘zimiza bilamiza. Bir ustoz kelutti, boshqasi ketutti. Chandon gap bizga ham bor, akun. Qani endi manday yozg‘uvchiga bir nima de-chi, onangni **riqoning ***o‘rg‘onidan *o‘rasan! San *apni *alta *il-u, **g‘ozga *o‘chirib, **hariringga *er. Hayme, bacham! *unday *o‘lsin.
Jo‘rj **g‘angdan *engga *og‘inib *alom.
Muhtaram muharrir og‘ajon, qo‘shnimizning gaplarini ohanrabo tasmasiga yozib olib edim. Keraksiz gaplar, deb yurganimda uyimga chiqaverib, holi jonimga qo‘ymadi. Amerikaning Uchqo‘rg‘oniga borib kelganimdan ko‘ra, shu gaplarni qog‘ozga ko‘chirib, sizga taqdim etish osonroq ko‘rindikim, men bu xizmatni ado etdim. “Gaplarimdagi bitta harfni ham o‘zgartirmaysan”, deb po‘pisa qilgani sababli uning o‘zigagina hos bo‘lgan imloga dahl qila olmadim, buning uchun kechirgaysiz. Girmondagi do‘ppingiz tor kelib qolmagan bo‘lsa, mazkurni aslicha nashr etarsiz. O‘lmagan qul, chiqmagan jondan umid, deganday, Jo‘rj tog‘amizning duolari ijobat bo‘lib, balki ikkovimiz Meksika sayohatiga borsak, qora ko‘z go‘zalning qo‘lidan bir piyoladan qahva ichib kelarmiz. A, labbay?