Fel’eton yoki hajv deb o‘ylamang, mazkur bayon o‘zini Julqunboyning o‘rtancha jiyani deb hisoblovchi, yozg‘uvchilikka havasmand qo‘shnim bilan kaminaning choyxonadagi kundalik g‘iybatlaridan bir shingil xalos.
Hoy, bolangdan aylanay, man na deyman-u qo‘bizim na deydi? Rahmatli otang Abdumalik aka bunaqa emasdi, mo‘mingina edi bechora. Hadeb noliyverasanmi, nomardgina! “Yoshlar unaqa”, deysan - ming‘irlaysan, “qizlar bunaqa”, deysan – voyvoylaysan. Hamma da’volaring bekor, o‘zbekchasiga aytganda “kapeyka”! Yoshlarimiz meravoy, qizlarimiz malades – shundan boshqa gap yo‘q! Aybning dodaxo‘jasi o‘zingda. Kecha choyxonada Solining nosidan otib olgandan keyin nima deding? “Uyatsiz qizlar kalta yubka kiyyapti”, dedingmi? Aslida qizlar emas, o‘zing uyatsizsan. Yoshing oltmishdan oshib, sochingda bitta ham qora tola qolmagan bo‘lsa-yu yana qizlarning yubkasiga tikilasanmi, ko‘zginang teshilmagur! Bunaqa yurish senga emas, bo‘ydoq yigitlarga atalganiga aqlginang yetmaydimi, galvars! Kalta ko‘ylak kiygan qizlarni ko‘rmagan yigit nikoh kechasi talvasaga tushib qolmasin, ungacha ko‘zlari pishib tursin, degan yaxshi niyatda sonlarini ko‘rsatib yurishadi.
Sen ming‘irlasang ming‘irlayver, ammo men malades qizlarimizga besh ketaman. Bizning qizlar hamma tomondan malades. G‘alvirda qaynatma sho‘rva pishirib beradigan qizlarga qoyil qolish kerakmi yo yo‘qmi? Shunday qizni kelin qilgan xonadon magazindan tuz sotib olish tashvishidan butunlay qutuladi-yu peshonalarining sho‘riga bodring tuzlab yuraveradi. Bozor iqtisodi degan zamonda shunaqa kelinlarning bozori chaqqon bo‘ladi. Uzun ko‘ylak kiyadigan qizlarning sepiga o‘nta ko‘ylak uchun kamida o‘ttiz quloch mato sotib olasanmi? Kalta ko‘ylakka bir quloch olsang, o‘ttizta ko‘ylakka yetadimi? Agar bitta shim olib bersang, pensaga chiqqunicha kiyadi. Qoyil qolish kerak, tizzalari-yu dumba tomonlari shilinib, titilib ketgunicha kiyaveradi. Shim tor kelib qolmasin, deb qomatini pensaga chiqqunicha bir xilda saqlaydi. Keng ko‘ylak kiyadiganlarni qara-chi, bitta tuqqanidan keyin semirib, erining quchog‘iga sig‘may qoladi.
Hoy dovdir, sen bilib-bilmay vaysayvermagin. Kindigini ochib qo‘ygan bo‘lsa nima qilibdi? Bor ekan-ki, ko‘z-ko‘z qilib qo‘yibdi, yo‘q bo‘lsa nimani ko‘rsatardi? Dimoqqinangga qurt tushgur, gapirishdan oldin o‘ylash kerak. Malades qizlarimiz bir ish qiladigan bo‘lsalar, o‘ylab, foydasi bo‘lsagina qiladilar. Sen kindiklarini ochib yurishlarini gapiraversan, gapiraverasan, “shamollab qolishadi, bepusht bo‘lib qolishadi, farzand dog‘ida o‘tishadi”, deb havotirlanasan-a! Bu yoqda muhimroq masala turibdi. Sen mendan “Nega kindiklarini ochib yurishadi?” deb so‘ragin, men sababini tushuntirib beray. So‘radingmi? Endi eshit: bola onaning qornida qanday ovqatlanadi? Shu kindik orqalimi? Ha, tuzuk, hech bo‘lmasa shuni bilar ekansan. Malades qizlarimiz ham bilishadi. Nodon yigitlar esa bilishmasa kerak. Shulardan bittasi qizlardan “onangning qornida qanday tirikchilik qilgansan?” deb so‘rab qolsa, uzun ko‘ylakli qiz bechora nima qilsin, ko‘chaning o‘rtasida etagini ko‘tarib ko‘rsatsinmi? Shu savolni kuyov bola to‘y paytida so‘rab qolsami? Kelinni kiyintiradigan yangalar shu nozik masalani o‘ylashmayapti. Kelin bola to‘ygacha ko‘chada qanday yurgan bo‘lsa, to‘yda ham kindigini ochib o‘tirish shart. Aqlli odam nozik savolga nozik imo bilan javob qilishi kerak.
Voy, dardingni olay! “Qizlarning qulog‘iga gap kirmaydi” deysanmi? Xudo malades qizlarning qulog‘ini gap kirishi uchun yaratganmi? Qo‘ysang-chi, bunaqa tuzsiz gapingdan ko‘nglim ayniydigan bo‘lib qolibdi. Malades qizlarning qulog‘i gap uchun emas, tilla-yu javohir ziraklarni ko‘z-ko‘z qilib taqib yurish uchun yaratilgan. Sen mard bo‘lgin-u malades qizlarga tan bergin. Oldingi xotinlarda farosat yetishmasdi. Eri erib ketib ikki-uch juft zirak olib bersa, bir hafta bittasini, ikkinchi hafta boshqasini taqib yurardi. Malades qizlarimiz quloqlarining uch-to‘rt yeridan teshdirib olishdimi? Birdaniga to‘rt juft zirak taqib yurishsa yomonmi? Ziragi besh juft bo‘lsa, ota go‘ri qozixonami? Ming marta qoyilman, burinni teshib, taqib yurishibdi-ku? Tanti bo‘lsang, olib beraver, o‘n juft tilla zirakka ham joy topishadi. Labga taqish mumkin, betga taqsa ham bo‘ladi. Yana tili ham bor. “Tilga zirak taqib bo‘lmaydi”, deysanmi? Ovqat yeya olmaydimi? Yigitligingda ot mingan eding-ku? Yem berishdan oldin otning og‘zidan suvlig‘ini olib qo‘yarmiding. Malades qizlar ham tillaridan ziraklarini olib qo‘yib, maishatlarini qilaveradilar-da. Yana... aytsammikin yo aytmasammikin... Xullas, bir-ikki yilda mammalarini ochib yurish urf bo‘lsa, ana unga ham baldoq taqish mumkin. Baldoqli mamma! Qari bo‘lsang ham mayli, bir tasavvur qilib ko‘r-chi, etlaring jimirlashib ketdimi? Nima deding, qaytar-chi? “Gap u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqib ketadi” deysanmi? Hech unday emas. Gap degani malades qizlarning ikkala qulog‘idan kirib og‘zidan chiqadi. Shuning uchun ham gapga chechan bo‘lib ketishyapti-da. Sen bilan men yoshligimizda qizlarga gap otsak nima bo‘lardi, ular uyalib, yerga qarashardi, sen bilan men esam ko‘krakni kerib turaverardik. Malades qizlarga gap otgan yigitlarga qaragin. Bitta gapiradi-yu mingta javobdan gangib, sichqonning inini ming tangaga ijaraga olib qochvoradi. Menga bitta olim odam aytdi, malades qizlarimiz til xazinamizni ham boyitib tashlashibdi. Gap otgan yigitlarga qarab “O‘ harif, quloqqa nega lag‘mon osvotsan, duhing yetadimi o‘zi!” deyishlarining o‘ziyoq bebaho ekan. “Harif”ning o‘rniga “kozyol”, “to‘nka” “chuchmek”... deyishsa, boylik ustiga boylik-da! Ertaga bittasi o‘sha “kozyol”ga, ikkinchisi “chuchmek”ka erga tegsa, u yog‘ini to‘ydan keyin kelishib olaverishadi. Mana shunaqa qizlar kelin bo‘lganida gap gapirgan qaynonasini iyagidan ilgakka osib qo‘ya qoladi. Bu ham koni foyda! Keliniga kam gapiradigan qaynonaning umri uzoq bo‘lishini do‘xtirlar aytishgan. Xo‘p, bitta da’voingga qo‘shilay: ularga gapirish kerak, ular kattalarning gaplarini quloqqa olishlari shart. Lekin buning uchun Xudodan so‘rashimiz zarur, malades qizlarimizning peshonasigami yo bo‘shroq biron yerigami yana bitta quloq ishlab bersin.
Yuzlariga upa chaplashlarini aytyapsanmi? Buni gapirmasang ham bo‘lardi. Bu ham siyosiy, ham xalqaro masala. Farangistondami yo Xitoydami ishlab chiqarilayotgan sifatsiz upalar-u labbo‘yoqlarni bizning malades qizlar sotib olib, chaplashmasa kim sotib oladi? U yoqdagi fabriklar to‘xtab qolsa, ishsiz ko‘paysa, bizga isnod emasmi? Ularning oldida uyalib qolmasligimiz uchun bo‘yoqlarni ikki hissa ko‘paytirib chaplash kerak. Nima deysan? Ha... to‘g‘ri aytasan, shunaqa chatoq tomoni ham bor... Kechqurun aftidagi bo‘yoqlarni yuvib tashlasa, arvohbasharani ko‘rgan er qo‘rquvdan jinni bo‘lib qolishi ham mumkin. Shuning uchun bo‘yanadigan qiz-juvonlarning yuzlarini yuvishni ta’qiqlaydigan qonun qabul qilish kerak. Yana nima deyapsan? Qo‘y, endi bu yog‘iga o‘tma. Er jonivor xotinining yuzidan o‘pmasa, o‘pmabdi. Ozgina qiynaladi-yu, keyin ko‘nikib ketadi. Nima? E, yo‘q, “xotinni yuzidan o‘pmasin”, degan qonun chiqarib bo‘lmaydi. Orada shayton bor, qonunni buzib qo‘ysa, er baloga qoladi. Bu ihtiyoriy masala!
Malades qizlarning chekishlariga osilaverma, sen bola! Ovrupoda chekishga qarshi kurash kuchayib, hamma chekishni tashlayotganda sigaret sanoati nima qilsin? Tarozining bir pallasi bo‘shasa, ikkinchi pallasi bosib turadi. Shunaqa bo‘lgandan keyin chekadigan qizlarga balli, deyavergin.
Ko‘zlaringga besh ketdim! Malades qizlarning bilagidagi ajdar suratini ham ko‘ribsanda, a? Vaqqos aka poshistni iniga kirg‘izvorib, urushdan qaytganida barmoqlaridagi “Vanya” degan so‘zni ham birinchi bo‘lib o‘zing o‘qigan eding. Bilagiga ajdar suratini solishsa, malades qizlarimizni ayblama. Butun dunyo qizlari bilagi-yu boshqa joylariga ajdar suratini solib yurganida, biznikilar qurbaqanikini soldirishsinmi? Shu masalaga kelganda esing pastligi sezilib qoladi. O‘ylab qaragin: bir bilagiga ajdar, ikkinchisiga bo‘g‘ma ilon suratini tushirgan qizni to‘xtatib, gap otishga yuragi betlaydigan o‘g‘il bola bormi biz tomonlarda? Yana o‘ylagin: kelinsalomdan keyin malades kelinimiz qo‘liga supurgi olganida bilaklari ochilib, qaynonaning ko‘zlari ajdar suratiga tushib qolsa... Supurgini kelinposhshaning qo‘llaridan olib, xizmat qilishni boshlab yuborganini qaynonaning o‘zi ham sezmay qolar? Bilagidagi ajdar o‘t purkab turganda qaysi er xotiniga bir nima deyishga jur’at etadi? Bilakda ajdar bormi, demak, oilada qaynona-kelin janjali yo‘q, er-xotin mashmashasi yo‘q. Oilaning hotirjamligi uchun yana nima kerak? Menga qolsa “Hamma xotinlarning bilagida ajdar surati bo‘lsin”, deb qonun chiqarib qo‘yardim. To‘xta, sen hovliqma, kampiringning bujmaygan bilagiga yuzta ajdarning suratini tushirsang ham, endi foydasi yo‘q. Vaqt o‘tgan...
Yigit bilan qizning kuppa-kunduzi, hammaning ko‘z olida achomlashib yurishlaridan g‘ashing keldimi? Qariganingda yaxshi bilan yomonning farqiga borolmay qolibsan. Qorong‘ida, pana-panada visir-visir qilib o‘tirgandan ko‘ra, shunday yurgani ming marta yaxshi-ku! Ehtimol ko‘chada bironta tanishi yo qo‘shnisi ko‘rib qolar. Quvonib ketganidan qizning uyiga suyunchiga yugurar. “Qizingiz suqsurdek yigitni bo‘ynidan bog‘lab, ko‘chada it yetaklagandek yetaklab yuribdi”, desa otasining qanchalik faxrlanishini hisobga olmaysanmi?
Sochlarini bo‘yashlarini umuman tilga olma. Erning shuhrati nima bilan oshadi? Ko‘p xotin olish bilan. Kimning xotini ko‘p bo‘lsa, o‘shaning choyxonadagi martabasi ham baland. Hozirgi yigitlar bitta xotinga qanoat qilishyaptimi? Unda obro‘, shon-shuhrat nima bo‘ladi? “Erni er qiladigan ham, yer qiladigan ham xotinmi?” Erga tegayotgan qiz soch bo‘yashni o‘rniga qo‘ysa, bas, kuyov bolaning baxti chopibdi, deyaver. Bunaqa xotin bir hafta davomida qop-qora sochda yuradimi? Ikkinchi hafta qarasang, baxti chopgan er sariq sochli jonon bilan ketyapti. Keyingi oyda qizil sochli. Iya, bu lochinning uchta xotini bor ekan, deb o‘ylab tan berasanmi?
Sening bir yangilikdan xabaring yo‘q. Agar bolaligingda jug‘rofiya o‘qigan bo‘lsang, yer yuzida Afriqo degan qit’a borligini bilarsan. Xudo qora-qura bandalarining hammasini shu yoqqa tashlagan. Osmondan yerga tushayotganida yarmidan ko‘pining kiyimi bulutlarga ilashib qolgani uchun yerga yalang‘och tushib, shundayligicha qolgan. Ovrupoda go‘zallar ko‘rigi bo‘lishini eshitgandirsan. O‘sha Afriqoda yalang‘ochlarning dunyo ko‘rigi bo‘ldi. Bizning malades qizlardan ikkitasi ham borib qolgan ekan. Ularning yurish-turishini ko‘rib, yalang‘ochlarning hammasi uyatdan qochib qolishibdi. Bunga ham qoyil emasmisan? Ha, qariganingda ichi qora bir mahluqqa aylanibsan.
“O‘zing ham qizlarga ko‘p qaraydigan bo‘lib qolyapsan”, dedingmi? Ha, qarayman-da. Lekin senga o‘xshab suqlanib tikilmayman. Mening qarashim – ilmiy qarash. Bilasanmi, Xudo odamni tuproqdan yaratgan-a? Xotinlarni-chi, nimadan yaratgan? Bilmasang, bilib ol: xotinlarni erlarning chap qovurg‘asidan yasagan. Ishonmasang, ko‘kragingni ochib chap qovurg‘angni sana, bitta kam bo‘lmasa basharamga tupur! Malades qizlarga qarashimning sababi ham shunda: “bularning qaysi biri mening qovurg‘amdan yaralgan ekan?” deb qarayman. Xudoga shukur, bularning orasida mening qovurg‘amdan yaralgani yo‘q. Voh! Bu gaping tentakona bo‘ldi-ku! Qaytar-chi! “Bu qizlar odamning emas, biron uyatsiz yovvoyi mahluqning qovurg‘asidan bo‘lgan” dedingmi, a? Bu gapni menga aytding, boshqa yerda laqillab yurma-ya! Yovvoyi mahluqlar ustingdan Xudoga arz qilsa, baloga qolasan.
Kel, qo‘y, bugun ikkalamiz ham juda-a, aynidik. Gapdan ko‘ra, atrofga maza qilib qaraylik, ko‘zlarimiz zavq olsin. Ana, anavi qizni ko‘ryapsanmi... faqat kindigiga qarama, gunohga botasan. Nega ko‘zingni yumib olding, dunyoning lazzatini bilmaydigan g‘irt ahmoq ekansan-ku, a?
JO‘RJ tog‘amizning xangomalariga bir so‘z qo‘shishga ham, yoinki olib tashlashga ham haqqimiz yo‘q. Nima degan bo‘lsalar, qog‘ozga bekami-ko‘st tushdi. La’nat toshini otmoqlikni istagan qizlar JO‘RJ tog‘amizni boraverishda o‘ng tomondagi choyxonaning bir oyog‘i singan so‘risidan topadilar. Xangomaga jindekkina izoh lozimga o‘xshab qoldi: O‘rislardagi “Malades”so‘zi bizda “mard”ni anglatadi, o‘zbekchasiga “o‘g‘il bola” yoki “er yigit” degani. Choyxonadagi hangomani aynan qog‘ozga tushirganimiz sababli “malades qiz”ni ham o‘zicha olaverdik, deb imzo chekaverdim.:
Tohir Malik