OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Kurort (hikoya)

U raisning xonasidan chiqib, bolalarga qand-qurs olay, deb do‘konga kirdi. “Ha, Ahmadboy, rais yo‘qlabdilarmi?” “Yo‘qlabdilar, kurortga yuboraman, deyaptilar”. Bor gap shu Traktorchi buni do‘kon ostonasida eshitdi. Traktorining motori odatdagidek o‘chirilmagan edi, o‘tirdi-yu, g‘izillatdi. Uyiga hash-pash demay yetib bordi. Yangilikni xotiniga aytdi. Bu gap ko‘chaga yugurayotgan o‘g‘lining qulog‘iga ilindi. U ko‘chaga chiqib, Samadga duch keldi. “Hey, Samad, otang kurortga borarkan”, dedi. Samad esa uyiga qarab uchdi.
O’g‘lining “otam kurortga ketayapti ekanlar”, degan gapini eshitgan Nazira jonholatda “Voy, o‘lmasam!” deb yubordi. Uning ko‘ziga eri eshikdan ikkita satang xotinni boshlab kelayotganday ko‘rinib, yuragi shuv etib ketgan edi.
Otasining kurortga borishi bolalar uchun kutilmagan shodlik edi. Axir kurortning boshidan oxirigacha magazin bo‘larkan. Otasi u yerdan quruq qaytmas. Rayon markazidan belbog‘ini to‘ldirib mayda-chuyda olib keladigan odam kurortdan bir dunyo narsa bilan qaytar. Faqat... kattaroq jomadon berib yuborish kerak...
-Otam kurortga ketyapti ekanlar!..
Samadning bu hayqirig‘i bir poy kalishi past tushib, bir poyi panjasiga ilinib qolganicha so‘rida oyoqlarini osiltirib, oppoq soqolli engagini ko‘kragiga tirab mudrayotgan Matqobul buvani cho‘chitib yubordi. Boshini ko‘tarib, nabirasini izladi.
-Hoy, nima deding, qanisan o‘zing?
Samad yugurib kelib, buvasining yelkasiga qo‘llarini qo‘ydi-da, dahanini cho‘zib baqirdi:
-Otam kurortga...
-He, baqirma-e! Rayonga ketibdimi?
-Kurortga borar ekanlar.
-A?-Matqobul buvaning yuzidan qoni qochdi. Samad bu o‘zgarishni sezmadi. “Buvam eshitmadilar shekilli”, deb yana ovozini ko‘tardi.
-Ku-rort-ga!
-Bas!- Matqobul buva bolani nari itardi. Bir oz gangib o‘tirdi-da, yerga tushdi. Shundagina bir oyog‘ida kalish yo‘qligini bilib, egildi. Samad chaqqonlik qilib uning oyog‘iga kalishni ildi.
-Hassamni olib kel!
Samad bu amrdan ajablandi:
-Katta dada,qo‘lingizda-ku?
Matqobul buva chevarasiga mayna bo‘lishni istamay:
-Bunisini emas,-deb tanbeh berdi.
Samad gap qaytarmay, anchadan beri tutilmagani sababli katta so‘ri tagiga tashlab qo‘yilgan eskihassani olib berdi.
Chol unga yana bir nima deb baqirmoqchi bo‘ldi-yu, “Bunda nima gunoh, nimaga zahrimni sochaman”, deb insofga keldi. “Bu Abbosning ishi. Bolalarimga tikilgan ko‘zlarini o‘yib olaman”, deb to‘ng‘illadi-da, eski hassasini to‘qillatib, ko‘cha tomon yurdi.
Ko‘chaga chiqib, o‘ttiz qadam ham bosmay nevarasini ko‘rib to‘xtadi.
Ahmad brigadir xali xech narsadan xabari yo‘q, qo‘lida to‘rxalta, pidjagi yelkagay, do‘ppisi chapga bir oz qiyshaygan holda tuya yurish qilib kelardi. Cholning ko‘cha o‘rtasida turib olganini ko‘rib, qadamini tezlatdi.
-Ha, katta ota, tinchlikmi?
Chol nevarasini endi ko‘rayotganday boshdan oyoq razm solib, uning ko‘zlariga savol nazari bilan tikildi:
-Qayoqqa ketyapsan?
-Uyga..-dedi Ahmad brigadir, cholning savolidan ajablanib.
-Kurort-chi?
-Qanaqa kurort?
-Ketayotgan emishsan-ku?
-Ha... darrov yetib keldimi?-Ahmad bridagir “katta otam “bemaslahat ish qipsan”, deb ranjiyaptilar”, degan xayolga borib, kulimsiradi.-Hali xom gap bu, katta ota, sizdan beso‘roq bir yoqqa borarmidim?
-Rais borasan, deyaptmi?
-Ha, shunaqa gap bo‘ldi.
-Abbos, a?
-Raisimiz bitta-ku, katta ota.
-Bormaysan!
-Xo‘p.
Nevarasining darrov ko‘na qolgani cholda shubha uyg‘otdi.
-Bormaysan, deyapman!!- bu safar qat’iyroq gapirdi.
-Xo‘p, dedim-ku...-bu safar nevara yanada osonlik bilan ko‘ndi.
-Nari tur,-dedi chol qo‘li bilan ishora qilib.
-Qayoqqa bormoqchisiz?
Matqobul buva javob bermadi. “Bolalarimga tikilgan ko‘zlarini o‘yib olaman”, deb g‘o‘ldirab yurib ketdi.
Vafot etgan qarindoshlarini kunda, kun ora tushida ko‘raverib, “yog‘och otdagi safariga shaylanib qolgan” cholning yuragida qirq besh yildan beri yashirinib yotgan armonni bu xabar bexos turtib, uyg‘otib yuborgan edi. Chol bu armonini shu topgacha birovga bildirmagan, shuncha
yildan beri o‘z yog‘iga o‘zi qovrilardi.

***

O’shanda kelini shu Ahmadga boshqorong‘i edi.
Bir kuni o‘g‘li to‘nini yelkasiga tashlab, xufton vaqti ishshayib kirib keldi.
-Ha, lab-lunjingni yig‘ishtirolmay qopsan. Bevaqt sanqima, deb senga aytuvdimmi yo buvingning takasigami?-dedi u astoydil achchiqlanib.
-Ota, idorada edim, majlis bo‘ldi.
-Abbos g‘o‘zani majlis bilan to‘ydiryaptimi, muncha    yig‘inlaring ko‘p?
-Bitta odam kurortga borishi kerak ekan, shuni muhokama qilib, meni lozim ko‘rishdi.
-Nima?- chol u paytda kurort nimaligini bilmas edi. Muhokama qilingan bo‘lsa, yomon joy shekilli, degan fikr miyasiga urildi.-Nima gunoh qiluvding?
-Ie,ota, kurortga gunoh qilganlarni yuborishmaydi. Kurort tomosha qiladigan joy-ku?
-Ha... unda mayli. Qaerda ekan, shu rayondami?
-Yo‘-o‘q, uzoqroqda. Poezdda besh kunlik yo‘l deyishdi.
-A?! E... seni laqillatishibdi, bola. Besh kunlik yo‘lga yaxshilarni yuborishmaydi. Rayonga borsang bir navi, ha, ana Ko‘qonga bor, tomosha o‘sha tomonda. Abbosdan chiqdimi shu gap? Enasini Uchqo‘rg‘onning qayqisidan ko‘rsatib qo‘yarman. Mening bolamni besh kunlik yo‘lga jo‘natadigan zo‘r hali tug‘ilmagan!
-Ota, siz tushunmadingiz, o‘ynab, dam olib kelgani yuborishmoqchi.
-Jim bo‘l, bola!
O’sha kuni rais bilan san-manga bordi-yu, ammo ustun kelolmadi. O’g‘li ikki kunda jo‘nashi lozim ekan. O’g‘lini shartta qo‘shni qishloqqa, opasinikiga jo‘natdi. Ikki kundan keyin rais yuk mashinasida keldi.
-Matqobul, o‘g‘ling qani?-dedi etigi qo‘njiga qamchi bilan urib qo‘yib.
-Kurortingga jo‘navordi,-dedi Matqobul so‘ridan tushmay.
-Hoy esa yo‘q, hukumat yaxshi ishlaganlar mehnatining rohatini ko‘rsin, deyapti, tushunsang-chi?!
-Unda o‘zing boraver.
-Bultur bordim-ku?
-Bu yilham bor, men roziman.
-Jig‘imga tegma!
-O’g‘lim bormaydi.
-Boradi. Qaerdaligini ayt. Qarorni buzishga haqqing yo‘q.
Matqobul bu dag‘dag‘ani sariq chaqaga olmasligini bir qo‘l siltash bilan ifoda etib qo‘ya qoldi.
-Aytmasang... qamatib yuboraman, bilib qo‘y.
-A?!-Matqobul endi o‘rnidan turib ketdi.-Meni-ya!?
Rais unga yaqinlashib, past ovozda dedi:
-Meni bilasan-a, jig‘imga tegma. Kechasi hovlingga bug‘doy tashlataman-u, azonda to‘rtta guvoh bilan kelaman.
Matqobul serrayibqoldi.
-Oshnachiligimizning oqibati shumi?
-Unda o‘g‘lingning qaerdaligini ayt.
-Abbos...
-Tez bo‘l. E, galvars, odamlar u yerlarga borishni orzu qilishadi. Kallangni ishlatgin. “Kimsan, Matqobulning o‘g‘li kurortga boribdi!” deydigan gapdan quvonsang-chi!
Oshna bo‘lgani bilan Abbosning rais degan martabasi bor. Kallasiga nima kelsa qilaverishdan tap tortmaydi.
-Rostdanam o‘zing borganmisan?
-E, nosqovoqni senga o‘sha yerdan olib kelganman-ku?
Abbos aldadi: oshnasiga sovg‘a olmaganidan xijolat chekib, yo‘l-yo‘lakay Qo‘qon bozoridan chiroyli nosqovoq xarid qilgan edi. Matqobul sovg‘ani eslab, o‘ylanib qoldi: “Ha, kurortdan olib keldim, devdi-ya. Nosqovog‘iga qaraganda, o‘zimizning joylarga o‘xsharkan...”
-O’g‘ling qaerda? Bo‘l tez, bugun poezdga chiqishi kerak.
-Senam besh kun yo‘l yurganmisan?
-Yursa nima?
-Yo‘-o‘q, bo‘lmaydi oshna. Xotinining oy-kuni yaqin.
-O’ziniki-chi?
-Nima “o‘ziniki”?
-O’zining oy-kuni yaqin emasmi? Yo‘l-po‘lda tug‘ib qo‘yadi, deb qo‘rqyapsanmi? Bo‘pti, aytmasang, aytma, o‘zim topib olaman,-rais shunday deb ko‘chaga chiqdi-da, haydovchiga nimadir deb tayinlab, iziga qaytdi. Yuk mashinasi ko‘chani changitib yurib ketdi.
-O’g‘ling hozir keladi. Keliningga ayt, yo‘lga u-bu tayyorlab qo‘ysin.
-Moshinqayoqqa ketdi?
-Opangnikiga.
Matqobul dovdirab qoldi: qayoqdan biladi? U raisning ikki kun ichi bu xonadonga yaqinligi bor uylarni daraklaganidan bexabar. Rais oshnasi bilan gaplasha turib birdan uning opasi esiga tushib qoldi. Matqobulning aka-ukalari yo‘q, yolg‘izgina bir opasi bor. O’g‘lini o‘sha yerga yashirmay, qayoqqa yashirardi? Hozir Matqobulning tashvishga tushganini ko‘rib, taxmini to‘g‘ri chiqqanini bildi.
“Gunohkor” yarim soatda uyda bo‘ldi. Xotini tayyorlab qo‘ygan tugunni oldi-yu, xayr-xo‘shlashib jo‘nadi...
Matqobulning armoni shu - o‘g‘lini olib qolishga qurbi yetmadi. Rais “qamatvoraman”, deb po‘pisa qilsa, qo‘rqib o‘tiribdi.
Olib qolishi kerak edi.
Olib qolishi shart edi...
Chunki... o‘n kundan keyin urush boshlandi. O’g‘li o‘shanaqasi urushga jo‘nabdi. Ikki yilgacha xat kelib turdi... Ahmad otasini ko‘rmay o‘sdi.
Abbos rais endi uni ham kurortga yubormoqchi...
Qirq besh yil avval “kurort” degan so‘zni eshitib, yomon joydir, deb o‘ylagan Matqobulning ko‘ziga o‘shandan beri urush maydoni bo‘lib ko‘rinadi...
Abbos rais qiyomatli oshnasining xassasini do‘qillatib kirib kelishini bilsa-da, xabarning tez tarqalish tezligini hisobga olmagani uchun uni ertaga kelsa kerak, deb o‘ylagan edi. Matqobulni idora yonidagi samovorxonada kutib olib, so‘riga boshladi. Hol-ahvol so‘radi.
-Ikki oyoqda yurib, til bilan gapiryapman, hali bu dunyodan umidim bor,-dedi Matqobul.-Nimaga kelganimni bilib turibsan-a?
-Ha.
-Bitta o‘g‘lim yetmaganmidi senga?
-Bu gapingni qo‘y, oshna. Urush ko‘pga kelgan to‘y edi. O’g‘ling shu yerdan ham ketardi-da.
-Hech bo‘lmasa rozi-rizolik tilashb qolardim-ku, o‘g‘lini ko‘rib ketardi-ku?
-Men bilibmanmi...-rais shunday deb chetga qaradi.
-Endi Ahmadga osilyapsanmi? Uni nimaga yubormoqchisan?
-Bahorda nima bo‘lgani esingdan chiqdimi? Dalada yuragini changallab yotib qoldimi? Sillasi qurib ketgan bola paqirning. Do‘xtirlar “dam olishi shart”, deb menga qayta-qayta aytishdi. Shu paytgacha kurortga borsin, devdimmi? E, ishlaganidan keyin dam olishni ham o‘rgansin-da!
-O’zing o‘rganaver.
-Men har yili boraman. Shuning uchun ham senga o‘xshab xassaga tayanib qaltillab qolmaganman. Mendan uch oylik kichiksan. Ahvolingni qara!
-Ahmad bormaydi.
-Bekor aytibsan.
-Qamatvorsang ham yubormayman.
-Bolaning joniga javr qilma. Bilaman, alaming bor. Lekin hozir zamon yaxshi. U davrlar boshqa edi. Ilgari besh kun yo‘l yurgan bo‘lsa, endi uch soatda boradi., uch soatda keladi. Bilib ko‘y: yuragini davolatmasa... buningdan ham ajrab qolasan, bilib qo‘y, dardi yomon, bolaning umriga zomin bo‘lasan!
-Qo‘qonlik do‘xturlarga bora qolsa-chi?
-Bo‘lmaydi. U dengiz bo‘yida davolanishi shart. O’sha qo‘qonlik do‘xturlar shunaqa deyishdi.
-Rost aytyapsanmi?
-Kasali bo‘lmaganida yubormas edim. Dardingga men sherik bo‘lmasam yana kim sherik bo‘ladi. Seni tashvishga qo‘yish menga lozimmi? Men ham qaridim. Kolxozni bu yil topshiraman. Ellik yil tebratibman, yetar. O’rnimga keladigan odam Ahmadning holidan xabar oladimi, yo‘qmi...Hozir kurort otliqlardan ortmay qolgan. Ahmadga kurortning qog‘ozini olaman, deb ena sutim og‘zimga keldi. Sen qaysarlik qilma.
Matqobul laqqa tushganini o‘zi ham bilmay qoldi. Ikki oshna so‘rida yonboshlab, choyxo‘rlik
bilan kunni xufton qilishdi.

***

-Dadasi, u yerlarda...
-Aytaver gapingni, buncha chaynalib qolding?
-Yo‘q, qo‘ying, aytadigan gap emas.
-Endi ko‘ngilni xijil qilma, ayt.
-Bir gap eshitdim... U yerlarda haligidaqa... xotinlar bo‘larmish...
-He, esi yo‘q! He, betamiz!
-Achchig‘ingiz chiqmasin. Eshitganimni aytyapman-da.
-Bunaqa gaplarni eshitadigan quloqning kar bo‘lgani yaxshi!
-Qo‘ying, yaxshi nafas qiling. Ko‘rganlar aytdi-da. Erkak odam uydan uzoqlashsa...
-Yum og‘zingni! Ming la’nat sendaqa laqmaga! Otam yurgan yerlarda shunaqa ish qilamanmi!?
Shunday deb teskari o‘girilib yotib olgan edi. Shu gap bahona bo‘lib, yo‘lga chiqar oldidan xotinini suyib erkalamadi.
Hozir, samolyot tog‘day bulutlar uyumi orasidan chiqib, titrog‘i bosilganidan keyin ko‘zlari mudroq ixtiyoriga berilgan damda o‘sha qisqa, ammo o‘zini lov etib yondirib yuborgan suhbatni esladi-yu, afsuslandi.
Soddalik ham xotin kishining husniga kiradi. Birov shu gapni aytibdi, u ishonibdi. Erini azbaroyi yaxshi ko‘rganidan qizg‘anibdi. E, xom sut emgan banda! Shunday xotinning qadriga yetmadi, yetmadi-ya!
Yuragi sanchib, uyqusi qochdi. Vrachning o‘gitini eslab, cho‘ntagini paypasladi. Volidol olib, tilining tagiga tashladi. Uyqusi o‘chgan bo‘lsa ham, bari bir ko‘zlarini yumdi.
Gapning o‘g‘il bolasi - Qora dengiz bo‘yiga borib dam olishi aniq bo‘lganidan keyin bunaqa gaplarni o‘zi ham eshitdi. To‘g‘rirog‘i, ilgari bir-ikki qulog‘iga chalinganu uncha ahamiyat bermagan edi. Bu safar bir emas, uch-to‘rt kishi aytdi. Ularning ta’rifidan keyin yuragining bir chetida g‘alati mayl uyg‘ondi. Avval dengiz bo‘yida yurib davolanib qaytishni o‘ylayotgan bo‘lsa, endi sohil ko‘z oldiga kelganida bir-ikki ofatijonlar ham “uchray” boshladi. O’zi boshqalarning gapiga laqqa tushib, yana xotinini laqma, deb koyib, arazlab yotibdi-ya!
Uning to‘satdan lovillab ketishiga bu bir bahona xalos. Asl sababini bilsa ham, tan olgisi kelmaydi.
“Puling bo‘lsa xaltada - boravergin Yaltaga”.
“Men Yaltaga ketmayapman-ku?”
“Bu bir gap-da, Ahmadboy. Puling bo‘lsa bor. Qad-qomatdan Xudo seni qismagan. Qirchillama yoshdasan. Do‘xtir-po‘xtir deb yurma. Yurakning davosi - nozaninning birgina nozli karashmasi. Biror so‘zamol yigit bilan ulfat bo‘lgin-u, orqa oldingga qarama - polniy vperyod! Yigirma to‘rt kun ichida yigirma to‘rttasini tatib ko‘rmasang hisobmas”.
Shunaqa “nasihat”lardan keyin xayolida bir yigit bilan do‘st tutindi. U ikki qizni boshlab keldi... Xayolidagi bu ko‘ngil izhori ko‘pga cho‘zilmasdi. Fikri tiniklashib, o‘ziga kelishi bilan, chindan ham “chap”ga yurganday seskanib ketardi. Hatto xotinining ko‘zlariga qaray olmagan vaqtlari ham bo‘lardi. Xotini o‘sha tun gumonini aytganida, u avvaliga “siri” fosh bo‘lganday qalqib tushdi. Achchiqlanish uchun shuning o‘zi kifoya edi.
“Sen unaqa har kimning gaplariga quloq solaverma. Rais buvami yoki raykom buvami aytsalar ishon. Ular o‘sha tomonlarda ko‘p bo‘lishgan. Sen aytgandaqa joy bo‘lsa, meni yuborisharmidi? O’zing o‘ylab ko‘r-chi, g‘o‘za shonaga kiraman, deb turgan mahalda qaysi brigadirning dam olishiga ruhsat berishgan!?”
Xayrlashar paytidagi gaplarini eslab, ko‘ngli taskin topdi: “shuni yaxshi aytdim...”
Ahmadning to‘ng‘ichi bu yil maktabni tugatdi. Ko‘z ochib ko‘rgani Nazirasi bilan sira san-manga bormagan. Boshqa birovga qarash yetti uxlab bir tushiga kirmagan. Erkak zotining ham ming bir turi bor. Yurgan yo‘lida begonalarni qo‘msaydiganlarni Ahmad ko‘rgan. Uyda gulday xotini, bolalari turib, chakki qadam oluvchi tanishlaridan hamisha nafratlanib, aniqrog‘i, hazar qilib kelgan. Bundaylar sarguzashtlarini ko‘pirib hikoya qilayotganlarida Ahmadning xayoli qochmagan, shayton vasvasa qilmagan, deyilsa, yolg‘onga yo‘l berilgan bo‘ladi. Ammo bu his yashinsimon va o‘tkinchi bo‘lib, uni ko‘p tobe qila olmagan.
Mana endi, uyidan uzoqlashar mahalida, g‘alati hislar girdobiga tushib, gangib yuribdi.
Maqsad - davolanish. Uvat bo‘yiga yiqilib qolmaganida bu ham yo‘q edi. Avvallari yuragi sanchib-sanchib qo‘ysa ham e’tibor qilmasdi. Yurak bilan o‘ynashib bo‘lmas ekan. Kasalxonada yotganida xotini “Xudo sizni bolalaringizga qaytarib berdi”, dedi. Endi batamom tuzalish uchun ketyapti. Ammo ba’zan oraga shayton oralab, hislari jilovini bo‘shatib qo‘yadi. O’zi xohlamasa ham xayoli boshqa tomonlarga chorlayveradi.
Yonida ikki juvon o‘tiribdi. Ko‘xlikkina. Nazarida ikkovi ham unga o‘g‘rincha qarab qo‘yyapti. Gapni erkak kishi boshlashi kerak. Nima deydi? “Qachon yetarkinmiz?” deb so‘rasa-chi? E, yo‘q, hozirgina suv olib kelgan kuzatuvchi qiz anig‘ini aytib ketdi. “Dam olgani boryapsizlarmi, qaerga?” desinmi? “Sizga nima!” deb qayirib tashlasa-chi?” Gap bilmaganidan keyin indamay ketgani ma’qul. Agar biror ilinjlari bo‘lsa, o‘zlari gap boshlashar...
Yo‘q ikkala juvon ham unga qaramadi.
Ahmad samolyotdan bir o‘zi sho‘ppayib tushdi. Yuklarini olib, keng maydonga chiqdi. Birov-birovga qaramaydi. Birovning birov bilan ishi yo‘q. “Samolyotdan tushishim bilan nozaninlar o‘rtasida talash bo‘lib ketaman”, degan o‘yga ham borgan edi. Atrofiga qarab, hafsalasi pir bo‘ldi. Chiroyli qiz-juvonlar oz emas. Lekin birovi unga qiyo boqaman demaydi. Ularga gap otuvchi lab-dahan esa unda yo‘q.
Bu holdan mamnun ham bo‘ldi - shayton vasvasasidan qutuldi. Ayni paytda bekorchi hislarga berilgani uchun o‘zidan o‘zi nafratlandi.
“Ovozi   rasta   bo‘lgan   bola   ham   menchalik   befarosatmasdir.   Nimalarni   xayol   qilib
yuribman?!”

***

Ahmad qabulxonada xushro‘y yigitga ro‘para bo‘ldi. Qoshlari huddi terib qo‘yilganday tekis, qirra burun, uzunchoq oq yuzli bu yigit picha urinib qolgan jomadonli Ahmadni jilmayib qarshi oldi. Ahmad yukini bir chetga qo‘ymay turib, yigit unga boshdan oyoq razm solishga ulgurdi. Ahmad buni sezdi. Jilmayishining soxtaligini, xizmat yuzasidangina shunday qilishga odatlanib qolganini fahmladi. Bu yerga kelishdan oldin “Meva-chevalarni o‘rtaga ko‘yib, tuzukroq joy so‘rayman”, deb o‘ylagan edi. Yigitning dimog‘ini ko‘rdi-yu, fe’li aynidi. Yigit o‘zini “navbatchi vrach” deb tanishtirib, qog‘ozlarni to‘ldirdi. Bosimni o‘lchagan bo‘ldi.
-Davolaymiz!-dedi qog‘ozlarni chetga surib. Keyin Ahmadning ko‘zlariga tikildi.-kasalingiz xavfli emas. Sizni ikki narsa davolaydi. Birinchisi - havo va suv. Ikkinchisi... xo‘sh, nima?
Ahmad yigitning ayyorona boqayotgan ko‘zlariga qaray olmadi, yelka qisdi.
-Ikkinchisi...-yigit kuldi,- avvaliga hamma o‘zini bilmaganga soladi. Hay. Mayli, bilmasangiz bilib olarsiz: ikkinchisi sho‘xlik! Sho‘xlik va yana sho‘xlik!..
Ahmad yigitning nimaga shama qilayotganini tushundi. Avvaliga xijolat tortdi. Keyin yo‘lga chiqish arafasida xotinidan shunga o‘xshash gap eshitib, qanday g‘azabga mingan bo‘lsa, shundayholga tushdi.
-Menga qara, bola,-dedi dabdurustdan sensirab,-bu yerga men ishlarimni tashlab kelganman. Bolalarimning rizqidan chegirib pul sarflaganman. Sen nima deb yuribsan?! Buzuqlik qiladigan bo‘lsam, shundan shunga ahmoq bo‘lib kelamanmi? He, seni bu yerga o‘tqizib qo‘yganni...
Yigit uning vajohatidan cho‘chib, o‘rnidan turib ketdi.
-Ie, ie, asablar chatoq-ku! Hazilni o‘zingizga olmang. Hazillashdim, axir.
-Borib enang bilan hazillash!
 “Hazilkash” vrach Ahmadni ovutgan bo‘ldi-yu, ammo ertasidan boshlab uni ko‘rsa ham ko‘rmaganga olib o‘tishni odat qildi.
Kurort deganlari Ahmadga yoqmadi. Xotinlar do‘konma-do‘kon izg‘ishdan, erkaklar ulfatchilikdan bo‘shamaydi. Ahmad boshqa hamqishloqlari kabi, umrida biron bir kunni bunday bekorchilik bilan o‘tkazmagan. Odam kun bo‘yi bo‘sh o‘tirishi mumkin, degan haqiqatni tanasiga singdirolmas edi. Rais: “Ahmadboy, ishni do‘ndirding, bir oy ruxsat senga, damingni olvol”, desa ham uydanmi, ustaxonadanmi bir yumush chiqarib, ivirsib, kunini o‘tkazardi. Bu yerda butunlay bo‘sh bo‘lib, gangidi... Yo‘l yaqinroq bo‘lganida mashina kira qilib bo‘lsa ham jo‘navorardi. Nima qilsin, samolyot pattasi cho‘ntagida turibdi - yigirma to‘rt kunni shu azobda o‘tkazishga majbur.
Bir-ikki kun yon-atrofni sayr qildi. Nazarida dadasi xuddi shu oromgohda yotgan, shu so‘qmoqlarda yurgan, shu sohilda uydagilarini sog‘inib o‘tirgan... Dadasining qaysi kurort shahrida bo‘lganini bilmaydi. Rais ham unutvorgan. Katta otasiga bir narsagina ma’lum: o‘g‘li kurortga deb ketgan o‘shanda. Ahmad “Otam shu yerda bo‘lganlar”, deb o‘zini ishontirib, go‘yo dadasining izlarini ziyorat qilganday yurdi. Vujudida qaror topgan mana shu his yo‘lga chiqib, to shu yerga kelgunicha bot-bot uyg‘onib, besaranjom qilayotgan shahvoniy mayllarini bo‘g‘ib tashladi.
To‘rt kundan keyin hamxonasi ketib, o‘rniga boshqasi keldi. Bunisi avvaliga unga ma’qul tushdi. O’zini Doniyor deb tanishtirgan dumaloqqina bu yigit sakkiz yashar o‘g‘lini birga olib kelibdi.
“Eh, kalla! Samatimni yonimga olvolsam bo‘lmasmidi! Bi-ir yayrab ketardi-ya! O’n ikkiga kirib, daladan boshqa narsani ko‘rmadi. Xotinning ham kallasi ishlamaydi-da. “O’g‘lingiz ham birgalashib borsin”, demaydimi? E... u bechora qaerdanam bilsin... Doniyorning esi bor ekan. Ham o‘zi yayraydi,ham bolasi...”
Yo‘q, ertasidan boshlab Doniyordan ko‘ngli qola boshladi. “Onasi menga qorovul qilib yubordi, deydimi? Voy, dayus-e, gapi qiziq-ku, buning. O’g‘lini olib kelganidan pushaymon shekilli...”
Doniyordan “Qorovulni uxlatib keldim”, “Qorovul kinoda, bir yarim soat vaqtim bor”, degan gaplarni eshitgani sayin undan nafratlana boshladi. Doniyor o‘g‘lining ko‘zini shamg‘alat qilishga uringan damlarda Ahmad uyidagilarni eslab ezilaverdi. Birorta bolasini olib kelmaganidan afsus chekaverdi.
Doniyor Ahmadning tobora sovuqroq muomala qilayotganiga e’tibor bermadi. Tabiati shunaqa to‘ng bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Ahmadni holi-joniga qo‘ymay hali kinoga sudraydi (bunisi mayli), hali tantsaga (koshki Ahmad tantsa tushsa), hali yuzta-yuztaga taklif qiladi (jini suymagan odam bilan ichguncha boshini kundaga qo‘yishga ham rozi). Bir xonada turgandan keyin hammasiga chidar ekansan. Xotin bo‘lsa ekan - qo‘yib qutilsang, qo‘shni bo‘lsa ekan - hovlingni sotib qutulsang. Bor-yo‘g‘i uch haftalik hamxona. Uch hafta - uch yil emas, deb o‘ziga taskin berib yuraverdi. Kutilmagan voqea sodir bo‘lmaganida balki muddat tugagunga qadar ham u bilan bir xonada yashayverardi. Ammo o‘sha voqea yuz berdi-yu...
Ahmad sohilda oftobda toblanib o‘tirgan edi. Bir qo‘lida mayda-chuydaga to‘la xalta, bir ko‘lida magnitofon ko‘targan Doniyor lopillab kelib qoldi.
-E, Ahmad aka, turing tezroq,-dedi u, to‘rxaltani qumga qo‘yib.-Bog‘imizga ikkitagina qushcha uchib keldi. Endiyam chiqmasangiz qattiq ranjiyman, aka. “Qorovul”ni teploxod sayriga yubordim. Ikki soat vaqtim bor.
-Qo‘ying, Doniyorjon, bunaqaga yurmayman, bilasiz-ku.
-Voy, akaginam, kurortga qiz kelib, qiz ketmoqchimisiz, turing-e, eshitganlar uyat qilmaydimi!
Xullas, Ahmad u desa Doniyor bu dedi, oxiri qaltisroq bir gap aytdi-yu, borishga ko‘ndirdi. Oriyat kuchlilikqildi.
Doniyor shu kunga qadar ham Ahmadsiz ishini do‘ndirib yurgan edi. Bugun (aksiga oladi-da!) pichoqqa ilinadigan sherik topilmay qoldi. Yo‘qdan ko‘ra bor, deb Ahmadga osildi. Ahmad esa buni tushunmadi.
Ular yuqori tomondagi daraxtzorga ko‘tarilishdi. Chog‘roq yalanglikda, butalar panasida ikki qiz o‘tirar edi.
-Novchasi sizga, qorachasi menga,-deb shipshitdi Doniyor.
Ahmad tizzasini quchoqlab o‘tirgan qizning yonidan joy oldi. Doniyor to‘rxaltani bo‘shatdi. U tinmay gapirar, qizlarga hazil qilar, hazili sovuqroq bo‘lsa ham qizlar qiqirlashdan to‘xtashmasdi.
Ozgina ichishdi. Doniyor magnitofonni qo‘ydi. Qorachadan kelgan qizni qo‘lidan tortib turg‘azdi.
-Bir hil dorilarga “ichishdan oldin chayqatib oling”, deb yozib qo‘yiladi. Tantsa ham shunaqa - chayqatib olish kerak,- dedi u Ahmadni ham turishga undab.
Ahmad joyidan jilmadi. Qiz ham unga yer ostidan qarab-qarab qo‘ydi-yu, kuyga monand ravishda tebranib o‘tiraverdi. Ahmad qizning yuziga tik qarashga botinmadi. Qiz yosh, chiroyli edi. Ahmad shunday chiroyli qizning begona erkak bilan bemalol o‘tirishini hech hazm qila olmadi. Nogoh uning oyoqlariga qaradi: boldiri bo‘liq, tirnoklari bo‘yalgan.
Xotinini esladi. Naziraning qomati chakki emas. Shunaqa kiyintirib qo‘ysang, hech kim uni olti bola tuqqan xotin demaydi. Faqat qo‘lining suyaklari yo‘g‘onroq. Ko‘p ketmon chopganidan shunaqa bo‘lganmikin... Oyoqlari... tovoni ko‘p yorilardi. Og‘risa ham eriga aytmasdi. Pishiq g‘ishtga ishqalab yuvib, kechasi yog‘ surib yotardi. Ko‘p azob chekardi bechora, biroq, g‘iring demasdi. Oyog‘ining tirnoqlarini bo‘yash xayoliga ham kelmas...
Yana ozginadan ichishgach, oradan sharm pardasi butunlay ko‘tarildi.
-Maishiy xizmat nimaligini bilasizmi?-dedi Doniyor Ahmadga ko‘z qisib, keyin qizni
qo‘ltiqlab, butalar orasiga kirib ketdi...

* * *

-To‘pori odam ekansan,-dedi qiz.
Ahmad ungaqaramadi:
-Shu yurishingni onang biladimi?
Dahanini tizzasiga tirab o‘tirgan qiz unga ajablanib qaradiyu javob bermadi.
-Erga tegsang bo‘lmaydimi?
Qiz chimirildi.
-Er chiqmayapti.
-Nimaga?
-Ishing bo‘lmasin.
Ahmad “Yurishing shu bo‘lsa senga er go‘rda chiqarmidi”, demoqchi bo‘ldi-yu, gap ta’sir qilmasligini anglab tilini tiya qoldi. Boshqa gaplashishmadi. Ahmadni ter bosdi. O’zidan o‘zi irgandi. Butun vujudi bulg‘angandek, hatto tomirlarida irkit qon oqayotgandek edi.
U Doniyorning qaytishini kutmadi.
Qizga xayr demadi.
Qizham indamayqoldi.
Xonasiga kirib, dushga tushdi. Ko‘ngil xijilligi yozilmadi. Badanida qitmir chumolilar galasi yurganday tuyulaverdi. Ustidan atir quydi. Bo‘lmadi. Doniyorning arog‘ini olib, yarmini ustidan quydi, qolgan yarmini bir ko‘tarishda bo‘shatdi. Ana shundan keyin sal hovri bosilganday bo‘lib, karavotiga cho‘zildi.
Kurortga kela-kelgunicha o‘ylaganiga, sirli bir girdobga tushishiga bir bahya qolgan edi. Qo‘lini uzatsa -bas! Nimaga uzatmadi? Hayiqdimi? Yo‘q. Ammo vujudida shunday ishlarga yo‘l bermovchi g‘oyibona kuch borligini sezdi. Ana shu kuch bir imlasa bag‘riga singib ketishga tayyor turgan qizga qo‘l yuborishdan tiydi. Hatto qizning qo‘lini ham ushlamagan bo‘lsa-da, (balki bir stakandan aroq ichganidandir) vujudi kirlanib ketgandek tuyuldi. Ahmad g‘oyibona bu kuchning oddiygina “poklik” deb atalishini bilmasdi.
Araq ta’sir qildi. Vujudi bo‘shashdi. Sog‘inch hissi uyg‘ondi. Bolalari xayolida bir-bir gavdalandi. Qaytib borgan mahali ular bilan ko‘rishishning yuz xil turini ko‘z oldiga keltirardi. Dam katta qizining peshonasidan o‘pardi (axir, u esli qiz bo‘lib qolgan, otasidan uyaladi), dam kenjasini osmonga otadi (avval o‘parmikin yo osmonga irg‘itib erkalarmikin?), faqat xotini bilan qanday ko‘rishishni bilmas edi(odamlarning nigohi ularda bo‘ladi-da!)
Endi na xotini, na bolalari ko‘rishishni istashadi... Ahmad yig‘lab yuboray dedi.
Eshik shasht bilan ochilib, Doniyorning pishillashi eshitildi:
-Xol qo‘yibsiz-ku, akam, bizni sharmandi qilibsiz! Unaqa emas-da, endi...
Ahmad yotgan joyidan jilmadi. Hamxonasiga qaramadi. Unga holatini tushuntira olmasdi. Shu sababli indamadi. Ertasiga ham, indiniga ham churq etmadi.
Doniyor bosh vrachni avrab, bo‘lak xonaga chiqib ketdi. Ahmad yolg‘iz qoldi...
Samolyotda uyiga qayta turib, bularni yana bir karra mulohaza qildi, o‘zini ayblashga asos topmadi.
Samolyot bir maromda guvillaydi. Ahmadning ikki yonida ikki juvon. (Xuddi atayin uyushtirilganday borishda ham, kelishda ham juvonlar bilan uchyapti-ya!) Birining ikki yashar o‘g‘ilchasi xarxashasini bas qilib, uxlab qoldi. Juvon bolasining mayin sochiga yuzini ohista qo‘yib, mudrayapti. Tinimsiz saqich chaynayotgan chap yonidagi juvon esa kitobdan bosh ko‘tarmaydi. Ahmad xuddi ikki yonida ikki juvon emas, ikki soqchi o‘tirganday qimirlashga ham jur’at etolmadi, boshini o‘rindiqqa tirab, o‘y suradi:
“Ahmad polvon, mazza qilib xordiq chiqardingmi?”
“Uzoqqa borish bizga to‘g‘ri kelmas ekan, rais buva, ichikib qolarkanman”.
“Be, yosh bolamisan, ichikib, davroning kelibdi, o‘yna, kul...”
“Ketayotganimda ham shunday devdingiz. Bola-chaqani tashlab...”
“Olib ketgin edi”.
“Shunga aklim yetmabdi. Rosa ichim achishdi. Rais buva, bir narsani xayol qildim o‘sha yerda”.
“Nimani?”
“Qaqrab yotgan adirni oqsoqollarimiz obod qilib berishdi, siz hovuz qazitdingiz. Qarang: g‘ir-g‘ir shabada. O’sha yerni kurort qilsak-chi?”
“Kolxozning mehmonxonasini aytyapsanmi?”
“Biz dalada ishlaganda xotin, bola-chaqa o‘sha yerda yayrab dam olsa. Oqsoqollarimiz chiqishsa... Mehmoningiz kunda kelmaydi. Mehmon kelguday bo‘lsa, chetga chiqib turamiz. Pastroqqa bir bostirma qilib, ikkitagina sigir boqib qo‘ysak, bolalarga sut-qatiq...”
“Ilgari ham aytuvding, yaxshi gap”.
“Aytolmovdim, rais buva, hijolat bo‘luvdim. Boshqa odamdan eshitgandirsiz?”
Samolyot   qalqib,   xayoli   to‘zidi.   Chap   tomondagi   juvonning   ko‘zi   kitobda,   o‘ngdagisi
mudrayapti...

***

Uyiga peshinga yaqin kirib kelgan bo‘lsa, to oqshomga qadar yo‘qlovchilardan bo‘shamadi. Xotini bilan uch-to‘rt ko‘z urishtirdi-yu, aybdor odamday nigohini olib qochaverdi. Xotini bilan hali so‘rashgani yo‘q. Hali kech kirsin, bolalar uxlasin...
Katta otasi bilan ham durustroq gaplasholmadi. “Katta ota, urinmayapsizmi?” “Eson-omon borib keldingmi?” - shundan nariga o‘tishmadi. Oqshomda dasturxon yig‘ilgach, jomadon ochildi. Ahmad issiq nimchani katta otasiga uzatdi.
-O’zing kiy, sovuqda dalada daydiysan. Men uyda o‘tiradigan odamman.
-Olavering, katta ota, mozorbosdi-da, kurortdan sovg‘a.
-Sovg‘a degin, nima, menga birov kurortdan sovg‘a keltirmabdimi? Ana, raising nosqovoq olib kelgan. Sen kichikligingda bosib sindirgansan. Ammo juda bop nosqovoq edi.
Ahmad kulib, nimchani cholning tizzasiga qo‘ydi. U nosqovoq voqeasini bilardi - rais aytgan.
-Sen menga qara bola, kurortda otangni surishtirmadingmi?
-U yerda urush bo‘lmagan, katta ota.
-E, sodda bola-e, surishtiravermaysanmi, oshna-og‘aynisi chiqib qolarmidi...
Ahmad boshini quyi egdi. O’nlab kurort shaharlari borligini, ularda odam qaynab yotganini, qirq besh yil ilgari oddiy bir dehqonning kelib-ketishi ummonga tomchi tushganday bir gap ekanini unga qanday tushuntirsin?
Matqobul buva nevarasini koyishga koyidi-yu, uni ranjitganidan afsuslandi. Nimchani olib, duo qildi-da, o‘rnidan turib, uyiga kirib ketdi. Har kuni o‘rik ostidagi so‘rida yotardi. Bugun dim bo‘lsa ham, uyiga kirdi.
Sovg‘alardan boshlari ko‘kka yetgan bolalari suyuna-suyuna birin-ketin uxlashdi.
Ahmad chalqancha yotganicha xotiniga bir gap aytishni o‘ylaydi. Suyganiga xiyonat qilmagan bo‘lsa-da, o‘zini aybdor his qiladi. Xotini ham indamaydi. Nazira betayin bir gumon bilan qolgan edi. Shu gumon qozonida qovrilib, bo‘ladigani bo‘ldi. Har tuni tushida erini ko‘rardi. Har safar... birov bilan... Hozir erining indamay yotishidan yana tashvishga tushdi biror suyuqoyoq ko‘nglini undan sovutdimi?.. So‘ray desa, tili bormaydi.
Ahmad xotinining yomon fikrda qolganini unutgani yo‘q. Endi, pokligicha qaytgach, shuni ma’lum qilib qo‘yishi lozim edi. Dabdurustdan aytsa, ishonmaydigina emas, “nimaga o‘zini oqlayapti”, deb battar shubhasi ortadi. Ahmad ko‘p o‘yladi, ammo aytish yo‘lini topolmadi...
...G’alati tush ko‘ribdi: rais unga o‘dag‘aylayotganmish: “Bolalarni nimaga chopiqqa chiqarding?! O’zing yayrab kelding, bolalar oftobda qovjirab yursinmi? Hovuzni tomoshaga qazitibmanmi, chiqar hammasini daladan, mazza qilib cho‘milishsin...”
Ahmad qarasa, kichkina hovuz, rostmana dengizday shovullayotganmish. Suvi tip-tiniq, oftobi yo‘lida g‘uborlar yo‘q emish...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.