Bu xunuk xabarni aytish shunchalar osonmi? Bunday gaplarni aytaverib, diydasi qotib qolganmi?
“Ziyrak bo‘lib turinglar, joni shu kecha uziladi... Tonggacha yo boradi, yo bormaydi...”
Bu so‘zlar “Endi yolg‘iz qolamanmi?” degan vahimani uyg‘otib, yuragiga o‘qdek qadaldi. Xotinini aldadi: “kasalxonani vaqtincha berkitishar ekan, isitgichlari yangilanar emish...”
Saida bu “yangilikni” eshitib, jilmayib qo‘ydi. Qosimning nazarida uning ko‘zlari quvonchdan chaqnab ham ketganday bo‘ldi. “Nimaga jilmaydiykin? Uyga qaytayotganidan xursandmi? Yo... aldayotganimni sezdimi? Balki... ko‘ngli sezgan bo‘lsa... jonim uyda uzilarkan, debquvondimi?..”
Saidaning uyga qaytishidan qizlari bexabar edilar. Qosim tabiblar zambilida bemajol yotgan xotinini haydovchi yigit yordamida uyga olib kirib yotqizdi. “Xizmat haqi”, deb pul uzatgan edi, yigit unga ajablanib qaradi-yu, iziga qaytdi.
“Nega pul olmadi? Yo “o‘layotgan odamni ko‘targanim uchun haq olmayman”, demoqchi bo‘ldimi? Bu fikr Qosimning miyasiga cho‘qmordayin urilib, to tovoniga qadar zirillatib yubordi. Kichik qiziga qo‘ng‘iroq qilgach, xotini yotgan uyga kirdi.
-Nilu keladi,-dedi u.-Bir achchiq mastava qilsin, ichsang ter bilan chiqib ketadi...
“...ter bilan nima chiqib ketadi?..”
“...jon terga qo‘shilib chiqib ketishi mumkinmi?..”
O’z og‘zidan chiqqan gapni xayolida kavlashtirib, ko‘ngli battar g‘ashlandi. Xotiniga bir qarab oldi. Saida bu qarashga javoban yana bir jilmayib qo‘ydi. “Nimaga jilmayyapti?-deb o‘yladi u.-Nimaga uning ko‘zlariga qaray olmayapman? Bunaqada sezdirib qo‘ysam...” Qosim ham o‘zini, ham xotinini chalg‘itish uchun nimadir deyishi kerak edi. O’sha “nimadir” tiliga kela qolsa-chi? Ilgarilari arazlashib, so‘ng yarashganlarida kalovlanib, aytishga gap topolmay shunaqa soqov bo‘lib qolardi. Yo‘q, u hozir o‘sha damlarni eslamadi, buni u keyinroq, xotinini dafn qilib kelganidan so‘ng xotirlaydi. Hozir esa dars tayyorlamay, muallimi ro‘parasida mulzam bo‘lib turgan bola holida - aytmoqqa bir yaxshi gap izlaydi.
-Odamlar ham qiziq,-dedi u kulimsirab,-pul o‘zgararmish, deb to‘zib yurishibdi. Hoy, dunyo o‘zgarib ketyapti-ku, pul o‘zgarsa nima ekan, deyman.
-Kuyib qolmaylik, deb qo‘rqishadi-da...
Xotini shunday deb tamshanib qo‘ydi. So‘ng uni hiqichoq tutib, ko‘zlarini yumib oldi.
“Aytishga shundan boshqa gap yo‘q ekan, men ahmoq jim turavermaymanmi? Pul o‘zgaradimi yo kuyib ketadimi, unga nima?!”
U xotinining boshini asta ko‘tarib, labiga piyolada sovuq choy tutdi. Saida bosh chayqadi-ichmadi. Shu damda hovlidan Muharramning ovozi eshitildi. Muharram - Saidaning tengquri. To‘rt xonadon narida turadi. Qarindoshdan ham a’loroq darajada yaqin qo‘shni. Ochiq ko‘ngilli, shaddodgina bu ayol ularning barcha to‘y-ma’rakalariga bosh-qosh bo‘lib, og‘irlarini yengil qilgan.
Hovlida hech kim bo‘lmasa ham u kirib kelayotganini ma’lum qilish uchun o‘ziga o‘zi gapirardi:
-Bolalar “Saida opoqim keldilar”, deyishdi. Saida opoqing kelsalar, jonlariga mening jonim qoqindiq. Bannisada mazza qilib yotgan erka xonim bu-ku, bir haftada sog‘inib, siqilib yorilay degan men bechoraman. Erka xonim qanilar?
Muharram shunday deb ichkari kirib, hiqichoq tutib yotgan dugonasini ko‘rdi-yu, ovozini pastlatdi. Biroq, yuragida uyg‘ongan tashvishli tuyg‘uni sezdirmadi. Saida bilan ko‘risha turib, yostig‘ini tuzatdi. Boshini ko‘taribroq yotqizdi.
Chetdan kuzatgan kishi bu ayol yana bir necha soatdan keyin joni uziladigan dugonasi bilan emas, oromgohdan yoki horij safaridan qaytgan qadrdoni bilan chaqchaqlashib o‘tiribdi, deb o‘ylashi mumkin edi. Muharramning yuzida kulgi bo‘lsa-da, dugonasiga qaragani sayin yuragidagi zardob tobora to‘lib borardi. Zardob kosasi qachon to‘ladi, qachon bu yolg‘on kulgi yig‘iga aylanadi, o‘zi ham bilmaydi.
Nilufar kelgach, uning mushkuli osonlashdi. Oilaning kenjasi bilan ko‘rishayotib: “Opalaringni ham chaqirdingmi?” deb so‘radi. “Ha, chaqirdim”, degan javobni eshitgach, bir oz hotirjam tortib, hovliga chiqdi.
Qosim uch tarafi panjara bilan o‘ralgan taxta karavotda oyoqlarini osiltirib o‘tirardi.
-Mullaka, do‘xtir bir nima demadimi?
Qosim unga bir qarab oldi-yu, indamadi. Haqiqatni anglab yetishi uchun Muharramga shu qarashning o‘zi kifoyaqildi.
-Bir nima degan bo‘lsa... gapi rostga o‘xshaydi. Xabar kelib qolibdi...-Muharram keyingi gapni yig‘lamsirab aytdi.-Qizlarga ma’lum qilib qo‘yish kerakmikin... G’aflatda qolishmasin. Uzoqdagi qarindoshlarga ham xabar qildiring. Keyin sizdan o‘pka-gina qilib yurishmasin. Tirikligida rozi-rizolik so‘rab qolishsin.
Qosimning shu yoshga kirib egilmagan boshi shart egildi. Buni o‘zi ham sezmadi. Shu ko‘yi uzoq o‘tirdi. O’rtancha qizi kirib kelganida ham shu alpozda edi. Arofat otasining o‘tirishini ko‘riboq piqillab yig‘lab yubordi. Muharramning tanbehidan so‘ng ovunib, uyga kirib ketdi.
-Turing, bunday o‘tiravermang,-dedi Muharram buyruq ohangida.
-Men uningqadriga yetmadim...
Qosim bu gapni o‘zi uchun, past ovozda aytgan edi. Ammo Muharramning bag‘oyat ziyrak qulog‘i buni eshitdi.
-Odam Atodan keyin qaysi erkak xotinining qadriga yetibdi? Qo‘ying, kuymang, dunyoning bo‘lgani shu, odamzot bir-birining qadriga boshiga tashvish tushgan paytda yetib qoladi. Turing, uyga kiring.
To‘ng‘ichi Naima kelgach, Qosim ham uyga kirdi. Saidaning hiqichog‘i tingan, osmonga qaragan holda yengil hurrak otib uxlardi. Burun kataklari bir oz kerilgan edi. Muharram labini tishlab, bosh chayqab qo‘ydi-da, Qosimning qulog‘iga shivirladi:
-Domla chaqirib keling, o‘qitish kerak...
Boshqacharoq holat bo‘lganida Qosim: “Nimaga? Shartmi? O’qib nima karomat ko‘rsatardi?” deb lanjlik qilishi mumkin edi. Hozir baodob boladay “xo‘p” deb orqasiga qaytdi. Keladigan domla uning nazarida birgina “kuf-suf” qilsayoq, xotini turib ketadiganday edi. Domlani aytib kelaman, deb ko‘chaga chiqdi-yu, o‘ylanib qoldi: domla kim? U qaerda turadi? U ma’rakalarda domlalarni ko‘rgan, lekin bu atrofda qaysi biri yashashini bilmas edi. Ro‘paradagi qo‘shnining o‘g‘li darvozaga suyanib, saqich chaynab turgan ekan, o‘shani chaqirib so‘radi:
-Domlaning uyini bilasanmi?
-Qaysi domlani?
-O’qiydigan domla.
-Bilmayman... machitda tursa kerak.
-Qaysi machitda?
-Ana, yangi machitda.
-Borib aytib kel. “Tez borarkansiz, shaxsan Qosim Majidovich iltimos qildilar”, degin.
Bola istamaygina “xo‘p”, deb burilganida “bolaga yo‘q deb yubormasin, o‘zim bora qolay”, degan xayolda: “To‘xta, birga boramiz”, dedi.
O’ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi imomga gapni uzoqdan boshlashning hojati yo‘q edi. Qosim chaynalib gap boshlagandayoq, u maqsadini angladi. “Yangamiz xastamilar?”, dedi-da, Allohdan shifo tilab duo qilib, o‘rnidan turdi.
Domla o‘qiyotganida Saida ko‘zlarini ochdi. Karavotning oyoq tomonida o‘tirgan qizlariga qarab jilmayib qo‘ydi. Bu jilmayish barchalarining qalbiga umid nurini berdi. Domla “Yosin”ni o‘qib bo‘lgach, duo qilib o‘rnidan turdi. Hovliga chiqqach, Qosimning pul uzatgan qo‘ligaqarab olib:
-Masjidga bering,-dedi. Keyin qo‘shib qo‘ydi:-Umid yolg‘iz Allohdan, ammo... ehtiyot - shart! Har xil bekorchi xayollarga berilmay, kalima keltirib turing.
Domla shularni aytgach, “Kalima keltirish nimaligini bilasizmi?” deganday unga savol nazari bilan qaradi.
Qosim ham unga javoban savol ko‘zi bilan boqdi. Domla: “La ilaha illolloh” tilingizdan tushmasin”, dedi-da, ko‘cha eshik sari yurdi.
Bu kalimani Qosim ko‘p martalab eshitgan, ma’nosini ham yaxshi biladi. Biroq, aytib yurmagani uchun tili qotib, darrov takrorlashning evini qilolmadi. So‘ri oldida turib kalimani takrorlab mashq qilayotganda Naima chiqdi.
-Ada, domla nima dedilar?
-Domla... “Umid yolg‘iz Allohdan”, dedi. Xudo xohlasa, oying tuzalib ketadi
-Aytganingiz kelsin, ishqilib. Hozir ancha yaxshilar. Gaplashyaptilar. Ada...-qiz yalinish ohangiga o‘tdi:-men uyimga ketaveraymi?
-Yotibqolmaysanmi?
-Bodring tuzlayotgan edim...
Qosim qizini birinchi marta ko‘rayotganday unga ajablanib qaradi. Keyin achchiqlandi: onasidan ko‘ra bodring afzalmi bunga? “Erim ko‘p ichadi”, deb-ku, hasratidan chang chiqadi. Yana unga o‘zi bodring tuzlab beradi... Zardasi qaynagan Qosim do‘xtirning gapini qiziga aytgisi ham keldi. Keyin: “Ketaversin, o‘tirgani bilan nima foyda?” degan to‘xtamga keldi.
-Kuyovingizga arzonroq bodring uchragan ekan, bir qopini ko‘tarib kelibdilar. Vaqtida tuzlanmasa irib ketadi-ku? Ertalab azonda yetib kelaman.
-Boraver...
Naima otlanmasidan turib, Arofat ham uzrini aytdi: ertaga kuyov to‘ra “gap” berar ekanlar! Shunga somsa, norin deganday... Bu kech tayyorlab qo‘ymasa, ertaga kunduzi qaysi biriga ulguradi?
Otadan ruhsat tekkach, qizlar onaning ko‘nglini ko‘tarib, so‘ng izn olmoq maqsadida ichkari kirdilar.
Saidaning orqasiga qo‘sh yostiq qo‘yilgan, u qaddini tutib o‘tirar edi. U qizlarning ko‘zlariga bir qarashdayoq, maqsadlarini anglab, jilmaydi:
-Adanglarning turgan bitganlari - vahima. Sizlarni bekorga ovora qilibdilar. Xudoga shukr, tuzukman. Bo‘lmasa do‘xtir uyga ruxsat berarmidi? Sizlar uylaringga boraveringlar. Nilu, jonim, sen ham boraqol, qaynonang yarimjon, qiynalib qolmasin. Lekin... yana ko‘ngillaringga kelmasin-u... Yonimdagi karavotda yotgan xotin eskichani bilarkan. Yoshmi, qarimi, o‘ladigan kasalmi yo sog‘mi - farqi yo‘q, bir-biridan rozi-rizolik so‘rab turishi kerak ekan. Oyim rahmatli hali kasal bo‘lmay turib, shunday qilgan edilar. Sababini endi bildim.
-Vuy, oyi...-Nilufar shunday deb yig‘lab yubordi.
-Agar yig‘lasalaring, men buni boshqacha tushunaman. Ko‘nglim ranjiydi. Gapimni oxirigacha eshitinglar: kecha tushimda adam rahmatli bilan oyim rahmatlini ko‘rdim. “Seni hali-beri chaqirmaymiz, ammo biz qilib qo‘ygan ishni qilib qo‘ygin”, deyishdi. Ular qilgan ish - rozi-rizolik-da. Men hammalaringdan roziman. Sizlar ham mendan rozi bo‘linglar: ehtimol besabab urushgandirman, ranjitgandirman, o‘zimni tutolmay qarg‘ab yuborgandirman, qarg‘ishlarim yurakdan bo‘lmagan, Xudo kechirsin, sizlar ham gunohimdan o‘tinglar. Adasi... siz ham rozi bo‘ling, sizga vaqtida yaxshi qaray olmadim...
-Qo‘ysang-chi shu gaplarni...
-Endi siz chiqib turing. Qizlarga bir-ikki og‘iz gapim bor.
Qosim yana noiloj tashqariga chiqdi.
Saida “otam bilan onam chaqirishmas ekan”, deb barchani aldagan edi. Bir oy avval tushida u kavushini o‘g‘irlatdi. O’shandan beri ko‘zi ilindi deguncha, otasi bilan onasi uni chaqiraveradi, chaqiraveradi... Saida bu chaqiriqlarning oqibatini yaxshi biladi. Bir oy burun Qosimning tushida jag‘ tishi tushgan edi, lekin u bunday irim-sirimlarga ishonmaydi.
Dam o‘tmay uchchala qiz ko‘ngillari vayron bo‘lgan holda, hovlida ko‘rinishdi. Hozir bodring tuzlash ham, erining ertangi “gap”iga tayyorgarlik ham ularning xayolidan ko‘tarilgan edi.
Saidaning ularga doimo qilib yuradigan nasihatlaridan keyingi gaplari qizlarni karaxt qilib qo‘ygan edi. Hovli o‘rtasida qaqqayib turgan otalari ko‘zlariga nechundir xunuk ko‘rindi. Unga g‘alati qarash qilib, sovuqroq holda xayrlashishdi. Qosim ichkaridagi gaplardan xabari yo‘q, qizlaridagi o‘zgarishni sezdi-yu, ammo “Onang nima dedi?” deb so‘ramadi. Ular chiqib ketishgach, uyga kirdi. Saidaning orqasidagi yostiqlar olingan, endi u shiftga tikilganicha bemajol yotardi. Nafas olishi bejo, tanasida uyg‘ongan og‘ir azobni yengish uchun onda-sonda ingrabqo‘yadi.
-Muharram... ko‘kragimni ozgina bosing...
“Og‘riq ko‘krakda ekan-da?” deb o‘yladi Qosim.
-Og‘riyaptimi?-dedi Muharram mehribonlik bilan.-Mening qo‘llarim emas, Luqmoni hakimning ko‘llari. Allohim, o‘zing shifo ber...
Saidaning mijjalaridan ikki tomchi yosh sizib chiqdi. Muharram buni ko‘rib Qosimga qaradi-da “vo-ey, qizlar ketishmasa bo‘lardi”, deb pichirladi. Saida ko‘zlarini yumib, asta tamshandi.
-Suv olib keling,-dedi Muharram past ovozda.-Toza paxta ham...
Qosim shoshilganidan paxta topa olmay, bir piyolada suv ko‘tarib kirdi.
-Vo-ey, erkak zoti bunchalar noshud qilib yaratilmasa,-dedi Muharram zorlanib.-Labiga tomizing. Barmog‘ingiz bilan tomizing.
Qosim Muharram aytganday qildi. Shu payt Saida ko‘zlarini shart ochdi. Shiftda nimadir qidirganday olazarak bo‘ldi-da, so‘ng... yana asta yumdi.
-La ilaha illolloh!-deb yubordi Muharram. So‘ng Saidaning bosh tomoniga o‘tib, jag‘ini ushladi.-Bo‘ldi, boring, qo‘shni xotinlarni chaqiring. Qizlarni ham,-dedi.
“Nimani “bo‘ldi” deyapti?-ajablandi Qosim.-O’ldimi? Shu qadar osonmi jon berish... Shu qadar beozor... Shu qadar beozor-a... Men uning qadriga yetmay yashadim-a... Qadriga yetmadim-a...”
...Janoza o‘tdi. Uch kun aza ham o‘tdi. Qosim “qizlar ketsa, yolg‘iz qolamanmi? Tunlari bilan Saidaning ruhi yonimda bo‘ladimi?” deb o‘yladi.
-Qirqlari o‘tgunicha oyimning uylarida yotamiz. Qirq kungacha arvoh kelib xabar olarkan,-dedi Naima.
Qosim indamadi. Biroq, ko‘nglidan “tirikligida kelib yonida yotsalaring bo‘lmasmidi?” degan armonli gap o‘tdi.
Qizlar Saidaning joni uzilgan uyda xontaxta atrofida xolalari bilan gurunglashib o‘tirishardi. Qosimga bir tog‘dan, bir bog‘dan bo‘layotgan gaplar yoqmadi. Yuragi siqilib, tashqariga chiqdi. So‘riga borib, endi o‘tirgan edi, Muharram ham uydan chiqib, unga yaqinlashdi.
-Hadeb “uf” tortavermang. Erkak odamga uyat bo‘ladi,-dedi u.
Qosim boshini eggan holda ming‘irladi:
-Ezilmasdan bo‘larkanmi? Men uning qadriga yetmadim...
-Obbo... hadeb shunaqa deyavermang. Qadriga yetgansiz. Xotinini norozi qilganlarni ham yer ko‘tarib yuribdi-ku?! Saida o‘rtog‘im sizdan rozi bo‘lib ketdi. Shukr qiling.
Bu gapni eshitib, Qosim boshini ko‘tardi:
-O’zi aytdimi?
-O’zingiz eshitdingiz-ku? Menga ham alohida aytdi.
Darvoqe... aytib edi. Lekin ko‘ngil taskini uchun birgina “roziman” degan so‘zning o‘zi kifoyamikin? Saida Qosimdan rozi ekan, Qosim-chi? Uning o‘zi o‘zidan rozimi? Ko‘ngil taskini ko‘proq shu savolning javobiga bog‘liq. Qosim bu fikrini qo‘shni ayolga oshkor qila olmaydi.
-Qizlarni olib qolib nima degan edi? Qizlar ranjib chiqishdi, men sezdim.
-Qizlargami?..-Muharram eshitganini aytishga istihola qildi.-Vaqti kelsa qizlarning o‘zi aytadi. Havotirlanadigan yeri yo‘q.
-Shunchalik sirli gapmidi?.. Nima uchun o‘zimga indamadi?
-Voy, esim qursin, u sizga aytadiganlarini bir varaq qog‘ozga yozib qo‘ygan ekan. “Keyinroq o‘zlari o‘qib olarlar”, degan edi-ya...
-Qani o‘sha xat?
-Ichkarida. Xitoydan bir allambalo choynak olib kelgan ekansiz. O’shaning ichiga solib ko‘yibdi.
Qosim o‘rnidan turgan edi, Muharram uni joyiga qaytardi.
-Namozshomda olib o‘qimang, xosiyati bo‘lmaydi. Ertaga tong otganda o‘qirsiz.
Keyingi kunlar ichi kim nima desa Qosim odobli bola singari “xo‘p” deb quloq soladigan bo‘lib qoldi. Birov kelib “hovlida o‘tin yormanglar”, deydi. Boshqasining gapiga qaralsa, bodom chaqish mumkinmas. Qosim “nima uchun?” deb sababini so‘rab o‘tirmaydi. “Qoidasi shunaqa ekan-da”, deb qo‘ya qoladi. Agar hozir birov kelib: “Marhumaning joni uzilgan uyning suvog‘ini ko‘chirib, qabristonga tashlash kerak”, desa, shu ishni qilishdan ham toymaydi. Muharram: “xatda yurakni ezadigan gaplar bo‘lsa, kechasi bilan behalovat bo‘lmasinlar”, degan maqsadda “tong otganda o‘qirsiz”, degan edi. Qosim buning fahmiga yetmay, “shunaqa odat ham bor ekan-da”, debqo‘ydi.
Uch kunlik azada horigan ayollar uyquga ketishdi. Qosim qizlarining qistovi bilan xonasiga kirib, bir oz yotdi. Badaniga hukmini o‘tkazayotgan hordiq uyquni chaqirardi. Lekin bedor kipriklar qovusha qolaylik deyishmas edi. Muharram uni tungi bezovtalikdan asramoqchi edi, aksi bo‘lib chiqdi - xayolini Xitoydan keltirilgan choynak ichidagi xat band etdi: “Nima uchun o‘zimga ayta qolmadi gapini? Nima uchun yozdi? O’zimga aytishdan istihola qildimi? Nima deb yozgan bo‘lishi mumkin?” Muharram unga go‘yo “tunda ermak qiling”, deb bir tugun chigil savollar ipini tashlab ketgan edi. Qosim yuragi hapriqib, o‘rnidan turdi. Tongga qadar sabri chidamasligini bilib, xatni olib o‘qimoqchi bo‘ldi. Xat - choynak ichida. Choynak - javonda. Javon - Saidaning joni uzilgan uyda. Uyda esa ayollar yotishibdi. “Sharpasiz kirib, olib chiqaman”, deb o‘yladi. Uyda chiroq o‘chmagan. Eshikni qiya ochib, ichkari qaradi: javon yonida kenja qizi yotibdi. Xuddi xatni qo‘riqlayotganday... Javonga yetguncha ikki qayinsinglisining ustidan hatlab o‘tishi kerak. Qosim noilojligidan afsuslanib, eshikni yopdi. Ammo xonasiga qaytmadi.Hovliga chiqdi.
“Men uning qadriga yetmadim... U mendan rozi bo‘libdi... Balki til uchida aytgandir... Dilidagini qog‘ozga bitgandir... Nimalarni yozishi mumkin? Balki... o‘sha birinchi marta....”
...birinchi xiyonati....
Ko‘p yil bo‘ldi bunga. Lekin o‘sha voqeaning butkul tafsiloti ipidan-ignasigacha yodida turibdi. Uningki yodida turibdimi, Saida ham unutmagandir. Ayol uchun uch o‘lim bor: biri -jismoniy o‘limi - bu dunyoni tashlab ketadi. Lekin unga qadar necha marta o‘lib tiriladi: biri - ko‘zi yoriganda. Ikkinchisi - kundosh ko‘rganda. Qadimda oshkora ravishda xotin ustiga xotin olaverishgan. Endigilarning ayrimlari ba’zan sanoqsiz uylanishadi, biroq - pinhona! Balki “xotinim bilib kuymasin yoki o‘lib-tirilmasin”, degan yaxshi maqsadda pinhona ish tutishar. Endi bu hol Allohga ma’lumdir, biz gunohkor bandaga bunisi qorong‘i. Xullas, o‘sha, birinchi xiyonatda Saida birinchi marta o‘lgan edi.
O’shanda Qosimning baxti kulgan kezlar edi. Uch yil xorijda ishladi, topish-tutishi durust bo‘ldi. Uylandi. Saidaning qadami qutlug‘ kelib, xorijda to‘plab qo‘ygan puliga “Volga” avtomashinasini oldi. Yaxshigina idoraga ishga joylashdi.
...kelishgan yigit. Ishga “Volga”sida keladi. Barmog‘ida mashina kalitini chir aylantirib o‘ynatadi.
...xonalarida chiroyligina, kulishlari shiringina bir juvon bor. Bir kuni yalinish ohangida: “Tobim qochib qoldi, kuzatib qo‘ya olmaysizmi?”-dedi.
...kuzatdi.
“Erim ko‘p safarga chiqadi, hozir ham safarda”,- dedi juvon.
“Erining safardaligini bekorga aytmayotgandir?”-deb o‘yladi Qosim.
“Uyga kiring. Braziliya qahvasidan bir xo‘plamgina iching”, dedi juvon.
Odam Ato bilan Momo Havvo shayton vasvasasiga bandi bo‘lganlarida qo‘shilishlaridan avval olma yeyishgan ekan, endigilar qahva ichsalar yetarli...
Qosim uylanguniga qadar bo‘lganlarini xiyonat hisoblamaydi. Ular bo‘ydoqlikka hos ko‘ngilxushliklar edi. Uylangach, bu yo‘lga qadam bosmaslikka ont ichgandi. Bu juvon tushmagur uyiga olib kelib, labini cho‘zib turgandan keyin nima qilsin? Qahva ichib ketaversa uyat bo‘lmasmikin...Juvon hisobdan adashgan ekanmi yoki erining ko‘ngli bu shumlikni sezib, safar muddatini qisqartirganmi, har holda, ukpar bulutlar ustida sarxush suzishayotgan pallada eshik ko‘ng‘irog‘i jaranglab qoldi. Apil-tapil kiyinib, ikkinchi qavatdan sakradi. Mashinada ketaturib balanddan sakragani holda oyolariga shikast yetmaganiga bir quvonsa, qo‘shnilar ko‘rib qolmaganiga, “o‘g‘ri” degan gumonda quvishmaganiga bir suyundi. Bu yo‘lga boshqa yurmayman, deb qasam ichdi...
...Uyda esa...
Xotin kishining dimog‘idek sezgir narsa yo‘qdir. Saida begona hidni darrov ilg‘adi. Biroq, “Menga shunday tuyulgandir”, deb o‘zini ovutdi. Yotar mahali Qosim yechinayotganda esa... teskari kiyilgan ichko‘ylak gumonini tasdiqladi. Saida o‘shanda janjal qilmadi. Lekin... uni qirq kun o‘ziga yaqinlashtirmadi.
Qosim hozir o‘sha voqeani esladi. “Xiyonat edi”, deb tan berdi. Shuncha yildan beri barcha aybni o‘sha juvonga yuklardi. Hozir o‘zi ham sezmagan holda xiyonat qilganini bo‘yniga oldi: “Saida meni o‘sha kuniyoq tashlab ketishi mumkin edi. Lekin ketmadi. Nimaga ketmadi? Xatda shuning sababini yozganmikin? Har holda xotin emas, farishta edi... Qadriga yetmadim...”
Qosim o‘rnidan turib derazaga yaqinlashdi. Ichkarida xotinlar o‘sha alpozda yotishibdi: xat turgan javon go‘yoki ko‘rg‘on-u, ular posbonlarday...
“Yo‘q, u bunaqa gaplarni kavlashtirmaydi,-dedi u so‘riga qayta turib.-Shuncha yil indamagan, endi yozib ketadimi? Keyin qo‘lga tushganimda ham “g‘ing” demagan... Balki... “buzuq!” deb so‘kkanimni yozganmikin? “Siz o‘shanda menga tuhmat qilgansiz, bu tuhmatni kechira olmayman”, deganmikin? Tuhmat edi... to‘g‘ri...”
O’shanda “Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar”, degan hikmatning hayotdagi isboti bo‘lgan edi. Xorijliklarni Maskovdan boshlab kelgan tarjimon qiz qaymoqdekkina ekan. Ungacha qasamini takror va takror buzgan Qosim uchun yana bir marta gunohga botish hech gap emasdi. Qahvaxonaga o‘taverishda ayvonchada muzqaymoq yeb o‘tirgan Saida bilan katta qizi Naimani ko‘rdi-yu, “qo‘lga tushdim”, deb yuragi shuv etib ketdi. To‘g‘ri, ko‘lga tushgan edi. Lekin Saida qizi oldida uni sharmanda qilishni istamadi. Beparvo o‘tiraverdi. O’shanda ularning yonidagi bo‘sh kursiga bir kishi kelib o‘tirdi. Qizaloqqa nimadir deb kulib qo‘ydi. Muzqaymoq yeb bo‘lishgach, Saida bilan qizi turishdi. Notanish kishi joyida qolaverdi. Uning notanishligi kundek ayon edi. O’sha damda Qosimning ko‘nglida gumon uyg‘onmagan ham edi. Gumon, aniqrog‘i - bahona uyga qaytganida bosh ko‘tardi. Kira solib dabdurustdan: “Kimlar bilan muzqaymoq yalashib yuribsan?!” dedi. Saida bunday xujumni kutmagan edi - dovdirab qoldi. Qosim esa avjiga chiqib, beixtiyor: “buzuq!” deb yubordi. Aytishga aytdi-yu, tilini tishladi. Saida bir kun yig‘ladi, ertasiga ham ko‘zlari qizarib yurdi. Qosim noto‘g‘ri ish qilganini bilsa ham, maqsadi o‘zini oqlab olish bo‘lgani sababli chekinmadi, uzr so‘ramadi.
Oradan kunlar, oylar o‘tib, bu noxushlik unutilganday bo‘ldi.
“Unutmagan ekanmi?-deb o‘yladi Qosim.-Balki... “O’zingiz buzuq bo‘la turib, menga shunday tuhmat qilgan edingiz-a” deb yozdimikin? Yozsa haqqi bor. Hech bo‘lmasa o‘sha gap uchun uzr so‘rab qolmadim-a... Chakki bo‘ldi. Agar o‘shani eslagan bo‘lsa, qarg‘ab-qarg‘ab yozgan bo‘lsa ham roziman. Haqqi bor... Lekin... u buni yozmaydi. Yuzimga aytmagan odam o‘lishi oldidan yozib ketmaydi. Unda nimani yozadi? Balki... “otamdan xabar olib turing”, degandir? Shu fikr Qosimning qorong‘i fikrini yoritganday bo‘ldi. “Ha, shuni yozgan. Otasi bilan yarashib olishimni xohlar edi. “Boring, uzr so‘rang, uyga olib keling, birga yashang”, degan”.
Qosim qaynotasini eslab, etlari jimirlashib ketdi. Shu onda taqdirlarining o‘xshashligini kashf etdi.
Unda ham uch qiz. Qosimda ham. U ham ellikdan oshib-oshmay beva qolgan. Qosim ham...
Faqat...
Endi qaysi kuyovi Qosimni qariyalar uyiga olib borib topshirar ekan?
Qaynotasi Saidani yaxshi ko‘rar edi. Saidaning ham otasiga mehri baland edi. Otasini birga yashashga ko‘ndirganida Qosim qiliq chiqardi. Qaynotasining birga yashashini xohlamadi. “Uyni sotib, o‘zini qariyalar uyiga beraylik, xabar olib turamiz”, dedi. Saida yig‘ladi. Ammo eri bilan bu safar ham urishmadi. Bemehrlikda ayblamadi.
“Qaytar dunyo” degani shumi?-deb o‘yladi Qosim. O’sha gapim uchun endi jazolandimmi? Saida shuning uchun meni tashlab ketdimi? Qaysi kuyovim olib boradi meni... Yo‘q!..”
Qosimning ko‘kragi qizib, nafasi qaytdi. Oshxonaga kirib, sovuq suv ichdi. Chiqayotib turtinib ketdi, nimadir tushib sindi. Sharpadan uyg‘ongan Nilufar o‘rnidan turib tashqariga chiqdi.
-Ada, mazangiz qochdimi?-dedi u mehribonlik bilan
Qosim bosh chayqadi.
-Ozgina uxlab olsangiz bo‘lardi.
Shu payt subhi sodiq kirganini ma’lum qilib, azon tovushi yangradi.
-Sahar bo‘ldi, ada, kirib yoting.
-Qizim, Xitoydan olib kelgan choynagim bor-ku? Bilasan-a? O’shaning ichida xat bor ekan, olib chiq.
-Hozirmi?-deb ajablandi Nilufar.
-Ha, hozir. Faqat... o‘qima, xo‘pmi? To‘xta, Nilu, oxirgi kuni oying meni chiqarib yuborib sizlarga nima devdi?
Nilufar unutgan narsasini eslamoqchi bo‘lganday, yerga qarab bir oz jim qoldi. Qosim “javobni tez aytasan”, deb shoshirmadi. Saida o‘sha kuni qizlariga “Agar o‘tib qolsam, qirq kundan keyin adanglarni albatta uylantirib qo‘yinglar”, degan edi. Nilufar bu gapni otasiga ayta olmadi. “Hozir yodimda yo‘q, opam turganlarida aytarlar”, dedi-da, tez-tez yurib uy tomon ketdi. Dam o‘tmay kaftdek qog‘oz ko‘tarib chiqdi. Qosim oshxonaga kirib, buklog‘liq qog‘ozni ochdi-da, chiroq yorug‘iga tutdi. Xat bir necha satrdan iborat edi:
“Bir kishi hadeb avtobusga salom berar ekan.Sababini so‘rashsa “Shu avtobus qizim kelin bo‘lib tushgan mahalladan o‘tadi, quda tomonning hurmati-da”, degan ekan. “Kuyovni payg‘ambarlar siylaydi”, deyishgan. Adasi, jon adasi, ko‘p aytdim, quloqqa ilmadingiz. Endi oxirgi iltimosimni bajaring: kuyovlaringiz kelishganda o‘tirgan bo‘lsangiz, o‘rningizdan turib salomlashing, xo‘pmi?..”
Qosim xatni ikki marta o‘qib chiqdi. Davomi yo‘qmi, deb qog‘ozning orqasiga ham qarab oldi. So‘ng... bag‘rini to‘ldirib yig‘i keldi. O’zini to‘xtata olmadi - o‘kirib yig‘lab yubordi.
ALQISSA: Yo Tangrim, bandalaringni Qosimday bo‘lib qolishidan o‘zing asragin. Omiyn ya Rabbil olamiyn!