“... Xudoga nima yomonlik qilgan ekanman, hayronman. Yuztagina ichaman. Ichamanu yotaman. Birovga zararim tegmasa. Ichishimning nimasi gunoh, hayronman? Aroqni men o‘ylab topibmanmi? “Shu Turg‘unali degan bandam traxtir haydayverib, xotinini roddomga tashiyverib ezilib ketdi, yuztagina otib xumordan chiqsin”, deb yaratgan bo‘lsa-yu men ichmayinoq bu dunyodan o‘tib ketsam Xudoga behurmatlik bo‘lmaydimi? Xo‘-o‘sh... qiyomatda Xudo «Turg‘unalivoy, men yaratib qo‘ygan dorini nazarga ilmadingizmi? Nega yuztagina otib, kayfingizni surmadingiz? Aroqning o‘zi xarom emas, kayfi harom», deb qolsa, nima degan odam bo‘laman? Xotinim ruxsat bermadi, deymanmi? Xo‘sh, kimning gapi gap? Xotinning gapimi yo Xudoning gapimi? E Xudo, yana bir marta xudoligingni qilgin: nasibamga yana yuz grammgina qo‘sh. Hozir shuni otib olmasam, yorilib o‘laman, o‘zing tovonimga qolasan. Sal o‘zimga kelvolayin, keyin tashlasam, tashlay shu zormandani. Lekin... keyin ham «ichaver» desang, yana o‘zing bilasan. Men Sening gapingni qaytaradigan nomard bola emasman...»
AVVALI
Mazkur hangomani yozish fikri ko‘p yillar muqaddam uyg‘ongan edi. Sovet davrida “agitatsiya va propaganda”, ya’ni targ‘ibot va tashviqot ishiga g‘oyat katta e’tibor berilardi.Bu e’tibor ummoni ba’zan toshib, kulgili hollar yuzaga chiqardi. Bu haqda latifalar ham to‘qilar edi. Shulardan biri: Nasriddin afandi “Bilim” jamiyatiga lektor bo‘lib ishga kirgach, yangilikdan xotinini voqif etibdi.
“Lektor deganingiz nima ish qiladi?”-deb so‘rabdi xotini.
“Agitatsiya va propaganda bilan shug‘ullanadi”, debdi Nasriddin afandi mag‘rurlanib.
“Agitatsiya va propagandangiz nimasi?”-debdi xotini yanada ajablanib.
Shunda Nasriddin afandi sodda xotiniga dehqoncha qilib tushuntirmoqchi bo‘libdi:
“Tasavvur qilgin-ki, men ko‘chada bir go‘zal jononni uchratib qoldim. Uni gapga solsam, bu agitatsiya bo‘ladi. Agar gapimga kirib men bilan birga ketsa, u yog‘i propaganda bo‘ladi”,-debdi Nasriddin afandi.
Bu gapdan keyin xotini chuqur o‘yga tolibdi.
“Yana tushumayapsanmi?”-deb achchiqlanibdi Nasriddin afandi.
“Tushunyapman,- debdi xotini “uf” tortib,- faqat bir narsaga hayronman, menam ko‘zga yaqin, latofatli ayolman. Ko‘chada ketayotganimda biron bir erkak to‘xtatib, agitatsiya va propaganda ishlarini boshlab yuborsa, nima qilaman?”
Bu gapdan achchiqlangan Nasriddan afandi “He, ahmoq, sen siyosat bilan shug‘ullanma!” degan ekan.
Biz ham siyosat bilan shug‘ullanmaymiz-u sovet davridagi ayrim ishlarni hazil tariqasida yodga olamiz.
Mazkur qissaga bo‘lib o‘tgan voqealar qisman asos qilib olingan. Qaerda sodir bo‘lganini aytib o‘tirmaymiz. Chunki bunday voqealar istalgan qishloqda yuz berishi mumkin. Saksoninchi yillarning o‘rtalarida fantast yozuvchilarning Moskvada bo‘lib o‘tgan bir yig‘ilishida ishtirok etgan edim. Shunda Bestujev-Lada degan sotsiolog olim fantastlarga murojaat qilib: “Hadeb kosmosni yozavermay, yerdagi muammolarga ham qaranglar. Tug‘ilish borgan sayin kamayib ketyapti, qizlar erga tegishni istashmayapti, yigitlar uylanishni”, dedi. Shunda men so‘zga chiqib, fantastikaga doir ayrim masalalarni gapirib bo‘lgach, olimga yarim hazil, yarim chin tariqasida e’tiroz bildirdim: “Siz aytgan muammolar faqat ayrim xalqlarga tegishli. Masalan, o‘zbeklarda bunday muammo yo‘q. O‘zbeklar bola tug‘ilishi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadilar va men erkaklar nomidan va’da beraman-ki, yigirma birinchi asrda ham shu birinchilikni qo‘ldan bermaymiz!”
O‘sha hazil keyin-keyin hangoma yozishga turtki bo‘ldi. Qani ko‘raylik-chi, hazilga qurbimiz yetarmikin?
MUSONING BAQASI
(hangoma boshlanishidan bir kun oldin)
Bu qishloqlarning ajib nomi bor: biri – Sherqo‘zi, ikkinchisi – Sherbilak. O‘rtadan oqib o‘tuvchi soy bo‘lmasa, bu joyni ikki qishloqqa ajralishi shart ham emas. “Soy” deyilishi nomiga sal nomunosibroq, aslida eni bir quloch keluvchi ariq. Ilgari o‘rtada hovuz ham bo‘lardi. Hovuzga hojat qolmagani uchun ko‘mib, guzarga qo‘shib yuborishgan. Guzarning yarmi Sherbilakka qaraydi, yarmi esa Sherqo‘zi qishlog‘i ixtiyorida. Soyning ikki tomonida tug‘ilsa-da, bir ko‘chani changitib katta bo‘lgan, urushga bir kunda ketib, bir kunda qaytib kelgan ikki oqsoqol: Tursunali bilan Teshavoy ikki qishloqni boshqarib, bu guzarlarni o‘zlaricha obod qilishadi. Ularning nazarlarida bu joy ikki qishloqning ikki guzari emas, balki ikki mamlakatning ikki poytaxti! O‘rtadagi soy esa “davlat” chegarasi. O‘zlari esa shu ikki mamlakatning ikki sultoni. Agar kolxoz raisi indamasa, soy bo‘yiga uch-to‘rttadan chegarachi qo‘yishdan ham toymaydigan bu oqsoqollarga Xudoyim yaxshi ham katta martabalar bermagan-a, deb yuborging keladi. Deydilar-ki, Allohning mo‘‘jizalaridan biri – mushukni qanotli qilib yaratmagani, ikkinchisi, tuyaga shox bermagani. Bu ikki oqsoqolning fe’lini bilmaganlar shu ikki mo‘‘jiza bilan cheklanishadi. Aslida uchinchi mo‘‘jiza ham bor: bu Tursunali polvon bilan Teshaboy oqsoqolning yuqori mansablardan benasibligi.
“Sotsialistik musobaqa” degan olishuv bu qishloqlarga ham yetib kelgan. Dastlab “musobaqa o‘ynalsin”, degan farmoyish kelganda hamma hayron edi: “Toshbaqani bilardik, qurbaqani bilardik. Muso degani kim bo‘ldiykin, uning baqasi qanaqa baqa ekan, nega endi biz uning baqasini o‘ynashimiz kerak, o‘zimizda ham baqalar bor-ku?” Keyin ma’lum bo‘lishicha, Musoning bunaqa baqasi bu atroflarda yo‘q ekan. Uning ismi-sharifi - “sotsialistik” ekan, Maskov tomonlardan olib kelinarkan. Yillar o‘tib, odamlar Musoning sotsialistik baqasisiz turolmaydigan bo‘lib qolishdi. Urushdan keyingi qaysi bir yili, kimningdir to‘yida Solimbuqoq “Musoning baqasi naq esimizni teskari qilib yuboryapti. Isoning baqasi ham kelib qolsa, enamizni ko‘ramiz shekilli?” degan edi, ikki kundan keyin milisaxonaga olib ketishdi. Xotini “Erimni qayoqqa olib ketyapsizlar?” deb so‘ragan edi, “eringga Isoning baqasini ko‘rsatib qo‘yamiz”, deyishdi. Aldashmagan ekan, Isoning baqasini ko‘rib kelsin, deb Solimbuqoqni Sibirga jo‘natishdi. Sibirning sovuq o‘rmonlarida Isoning baqasini ko‘rish Salimbuqoqqa nasib etdimi yo yo‘qmi, noma’lum, lekin enasini ko‘rdiyov, qaytib kelmadi.
Bitta erni talashgan to‘rtta kundoshning olishuvidan bu musobaqaning farqi - unda zo‘r chiqqani erning bir tunlik quchog‘iga, bunda zo‘r chiqqan esa bitta qizil bayroqqa erishadi. Kundoshlarning ahvolini tushunsa bo‘ladi, boshqa erni bozordan sotib olisholmaydi. Lekin musobaqa ishqibozlari talashadigan qizil bayroqni magazindan istagancha sotib olish mumkin. Shunga qaramay, jonlarini jabborga berib olishib yuraverishadi.
Ikki do‘st oqsoqolda kundoshlik kini yo‘q, to‘yda bir lagandan osh yeyishsa ham rais tasdiqlab bergan musobaqa shartlari bo‘yicha zinhor-bazinhor kelisha olishmaydi. Guzarga bezak berishda ham shu shartlarga amal qilingan. Harbiy qo‘rg‘on atrofi tanklar bilan o‘ralgani kabi guzarlar ko‘rgazma-plakatlar bilan ihota qilingan. Bunchalik plakat hatto rayon markazida ham yo‘qdir. O‘ng tomonda “Sherqo‘zi qishlog‘ining faxri”, chap tomonda “Sherbilak qishlog‘ining shonu shuhrati”, chap tomonda “Qahramon-onalarimiz”, o‘ng tomonda “Qahramon ona bular”, chap tomonda “Olimlarimiz”, o‘ng tomonda “Sherbilak olimlari” Yana “Rahbarlarimiz” – “Eng zo‘r rahbarlarimiz”, “Sportchilarimiz” – “Dodaxo‘ja sportchilar”...
Boshqa sayyoradan uchib kelgan fazogirlar adashib, shu qishloqqa tushib qolishsa, bu manzarani ko‘rib, “bu yerliklarning tug‘ilishdan maqsadlari sotsialistik musobaqada ishtirok etish. Yashashdan niyatlari ham shu. O‘lishlari ham musobaqa shartlari asosida bo‘ladi”, deb xulosa chiqarishi tabiiy. Ular faqatgina mozordagi go‘rlarga musobaqa g‘oliblarining qizil bayroqlari qadalmaganidan ajablanishlari mumkin. Yana kim biladi... chetdan fazogirlar tashrif buyurishgani yo‘q. “Tez va sifatli o‘lish musobaqasining g‘olibiga” degan qizil bayroq ta’sis etilgani ham ma’lum emas.
Sherbilak bilan Sherqo‘zi qishloqlariga boshqa sayyoralardan vakillar qadam ranjida qilishmagan bo‘lishsa-da, rayondanmi yo boshqa joydanmi komissiya kelib, ko‘ngillarni xushnud qilib turibdi. Ular har kelib-ketganidan so‘ng plakatlar ikki oqsoqolning nazoratida yangilanadi. Har yangilanish karnay-surnay sadolari ostida bo‘lib o‘tadi. Ammo bugun karnay-surnayga o‘rin yo‘q. Bugun oqsoqollarning kunlari tunga aylangan – jon jo‘ralaridan birini Yaratganga topshirib, o‘zlarining ham so‘ngsafarga tadorik boshlashlari lozimligini his qilgan holda, egik bosh bilan guzarga qaytdilar.
- Mana, yana bir oshnamizni Egamga topshirib bo‘ldik,- dedi Teshavoy oqsoqol, chuqur xo‘rsinib.
- Ha... Erali yosh ketdi. Bizdan bir yosh kichik edi-da, a? Sakson ikki, deb ko‘tarildi-yu omma domla noto‘g‘ri aytdi. Hali saksonga kirmovdi. Uning onasi mening ayamga aytgan ekan, Erali so‘fiqishloqlik Sadirchanoqning eshagi bo‘kib o‘lgan yili tug‘ilgan ekan. O‘sha eshak o‘lganda senam, menam yugurib yuradigan bo‘lib qolgan ekanmiz.- Tursunali polvon shunday deb do‘stiga savol nazari bilan qaradi.
- Nechchiga kirgan bo‘lsa ham ketdi... Teng-tushlardan endi ikkimiz qoldik. Xudo endi sening umringni uzoq qilsin, oshna.
- Xudo sening umringga ham baraka bersin.
- Qara-ya, ana-mana deguncha yoshlik ham o‘tib ketdi. Umrimiz ham bir tutamgina qoldi. O‘ylab qarasam, kechagina Erali bilan singlimni talashib yuruvdilaring. Senlar talashdilaring-u omma ikkovingga ham nasib etmadi.
- Erali bilan talashmaganmiz. Erali bir orzu qilgan qo‘yganda. Tuya ham hammomni orzu qilar ekan-ku, a? Hamrobonu uni sirayam yaxshi ko‘rmas edi. Ko‘ngli menda edi. Sen o‘shanda nomardlik qilib, singlingni menga bermading. Qo‘y, u gaplarni esimga solib, tilimni qichitma. Menga qara, ertamatan O‘roqboyning eshigi tagida do‘xturning moshini turuvdi, tinchlikmi?
- Xotinining tobi yo‘q ekan, do‘xturga olib ketishibdi.
- Homilador edi, boyaqish, eson-omon qutulib olsin. Bunisi sakkizinchisimi?
- Ha, Xudo xohlasa, ikki yilda u ham giroy* bo‘lib qoladi.
- Bo‘lsin, bo‘lsin...
Tursunali polvon noxush kayfiyatda shunday dedi-da, xayrlashib, uyi tomon burildi. Oshnasi keyingi gaplarni aytmasa ham, Tursunali polvonning bugungi qayg‘usi o‘ziga yetarli edi. Oshnasi eslatmasa-da, Hamrobonuni talashib Eralini urganini yodga olib, afsuslangan edi. “O‘roqboyning xotini ikki yildan keyin giroy bo‘ladi”, deyishi ham o‘rinli bo‘lmadi. Aslida Tursunali bu gapga e’tibor bermasa ham bo‘ladi. O‘roqboyning xotini endi sakkizinchisini tug‘adi. “Qahramon ona” unvonini olish uchun yana ikkita bola ko‘rishi kerak. Demak, Sherqo‘zi qishlog‘i bu sohada hali beri ularga yetib ololmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Teshavoyning gapidan og‘rindi. Bekor og‘rinmagani ertalab ma’lum bo‘ldi.
FOTIMA, HASAN VA HUSAN
(Hangomaning boshlanishi)
Subhi sodiqda, hali so‘fi tahorat qilmay turib birdaniga karnay-surnay, nog‘oralar yangrab qoldi! Shu asnoda har ikki qishloq baravariga uyg‘ondi. Aslida-ku, nog‘ora bazm bo‘lmasa ham shu paytda uyg‘onishardi. Qishloqda quyoshdan avval turmagan odam odam hisoblanmaydi.
Tursunali polvon qo‘shni qishloqdagi bazm boshlanmay turib uyg‘ongan edi. Yuz-qo‘lni yuvib, artinayotgan paytda yangragan ovozlardan ajablanib, o‘ylanib qoldi. Qancha o‘ylamasin, tong bazmi uchun asos bo‘luvchi sababni topa olmadi. Tong qorong‘usida ko‘chaga chiqib, atrofga qaradi: hech kim yo‘q. Soyning narigi tomonida esa karnay-surnay, nog‘ora ovozi tobora avjga chiqadi. Tursunali polvon guzar o‘rtasida biroz garangsib turib, soy tomon yurdi. Ammo ko‘prikdan o‘tmadi. Qo‘shni qishloq tomonda biron tirik jon ko‘rinib qolar, degan umidda qarab turaverdi. Tirik jon u tomonda emas, o‘zining saltanatida paydo bo‘ldi. Tursunali polvonning o‘ng qo‘l vaziri maqomida yuruvchi Qambarali mullavachcha yigitlarday qiroat bilan salom berdi.
- Nima balo bo‘lgan bularga?- dedi Tursunali polvon salomga alik olgach.- Bugun to‘y-po‘yi yo‘g‘idi shekilli?
- To‘yi yo‘q, buni tochna* bilaman,-dedi ishonch bilan Qambarali.
- Unda nima uchun xo‘rozning uyqusi ochilmay nog‘ora bazmni boshlab yubordi bu tog‘ang?
- Razvedka* qilib kelaymi, Batka?
Tursunali polvon bu savolga javob bermay turib “Batka”ning ma’nosiga izoh berib qo‘yishimiz lozim. Bu tomonlarda yashovchi odamlardan birontasi haqida gapira turib: “shu kishining bosh chanog‘i ostida tariqday ham miya yo‘q”, deyilsa, inonishadi-yu, ammo “laqabi yo‘q” deyilsa, mutlaq ishonishmaydi. Shunga ko‘ra, Tursunali polvonimizning ota-bobo meros laqablari –“xo‘kiz”dir. Kimga ismi yoki nasabi yoqmasa, milisaga borib boshqacharog‘iga almashtirishi mumkin. Lekin, laqab o‘zgarmaydi. Tursunali polvonning qaysi bir bobosiga “xo‘kiz” degan sharafli laqab berilganmi, tamom, buni hech kim o‘zgartira olmaydi. Agar bir mo‘‘jiza yuz berib, shu urug‘da eshak tug‘ilsa ham uning laqabi baribir “xo‘kiz”ligicha qolaveradi. Avvalgi yili bir odamning laqabini almashtirishga urinib ko‘rildi-yu, biroq kutilgan natijaga erishilmadi. Tursunali polvonning “xo‘tik” laqabli oshnasi bo‘lardi. Shu oshnasi yetmish besh yil bu laqabni ko‘tarib yurib orlanmagan edi, hozir shaharda yashayotgan nabirasi uyalibdi. Qishloqdan borgan do‘stlari “xo‘tik” deb hazillashishgan ekan, shaharlik birodarlari oldida orlanibdi. Qishloqqa kelganida Tursunali polvonga shikoyat qilib, “zamonlar o‘zgarib ketdi, endi bu odatni tashlash kerak”, debdi. Tursunali polvon unga achingan bo‘lib: “Odatni tashlash qiyin, lokin sening laqabingni o‘zgartirib berish mumkin. Buning uchun sen samovorxonada ulfatingga bitta osh damlaysan. Men Teshaboy tog‘ang bilan borib, fotiha beraman”, debdi. Osh damlanibdi, so‘ng ishtaha bilan yeyilgach, Tursunali polvon fotihaga qo‘l ochibdi: “Ota-bobolaring “xo‘tik” degan laqabni ko‘tarib yura-yura o‘lib ketishdi. Endi zamon o‘zgardi. Senam katta odamsan. Xo‘tikka o‘xshamaysan. Qo‘zi ulg‘aysa - qo‘chqor, jo‘ja ulg‘aysa - tovuq, xo‘tik ulg‘aysa - eshshak bo‘ladi. Omiyn, bugundan boshlab laqabing – eshshak!” Oqibat nima bo‘ldi? Avvalgi laqabga qaytish uchun uchun samovorxonada yana bir osh damlandi.
Tursunali polvon ham laqabini o‘zgartirishga urinib ko‘rgan edi. Urushdan qaytgan kezlari “Germaniyadagi qishloqlarni boshqaradigan odamning mansabini “burgomistr” deydilar, menam shu qishloqning burgomistriman”, degan edi. Uning hurmatini qilgan yoki haybatidan cho‘chiganlar uch-to‘rt kun uni “burgomistr” deb yurdilar. Bir yig‘inda oshnasi Teshavoy: “To‘g‘ri, sen burgomistrsan, faqat to‘g‘ri aytgin: sen burgalarning ministrisan!” degach, da’vosidan qaytishga majbur bo‘ldi. Burgalarning ministri bo‘lgandan ko‘ra, “xo‘kiz”ligicha yurish ma’qul ko‘rinib, samovorxonadagi bir ziyofat hisobiga asliga qaytgan edi.
Oradan yillar o‘tib, Qambarali uni “Batka” deb atay boshlagach, bu laqab xush yoqdi. Otasi tengi odamni “xo‘kiz” deyishga tili bormagan Qambarali kino ko‘rib o‘tirib, shu so‘zni eshitgani hamon, polvon tog‘asiga atab qo‘ya qolgandi. “Batka”ning tarixi bilan tanishdik, endi guzarga qaytaylik:
Qambaralining razvedkaga borib kelish haqidagi taklifi ma’qul bo‘lsa ham, Tursunali polvon o‘ylanib turib: “To‘xta-chi, u tomondan biron gap chiqib qolar”, deb ruxsat bermadi.
- Razvedkaga borish kerak. Bularingiz bir baloni xayol qilishgan, buni tochna bilaman.
Qambarali bir nimaning isini olmasa “tochna” bilishini da’vo qilmaydi. Teshavoy oqsoqol bir kuni Tursunali polvonga “Zo‘r dastyoring bor-da, bilmagan narsasi yo‘q. Bu bolang otasining belida qanday yurib, onasining qorniga qanday tushib qolganigacha tochna biladi”, deb bekorga maqtamagan edi. Hozir o‘sha maqtov esiga tushib, uni yo‘ldan qaytargisi kelmadi:
- Bor, anig‘ini bilib kel.
Miltiqning tepkisi bosilgan choqda o‘q “otilib chiqsammi yo yo‘qmi”, deb o‘ylansa kerag-u, biroq batkasidan topshiriq olgan Qambarali sira o‘ylanib o‘tirmaydi. Hozir ham ko‘prikdan o‘tishga qanoat qilmay, bir sakrab nariga betga o‘tdi-yu qishloq oralab ketdi.
Bu guzarni yarim aylana qilib o‘rab turgan xonadonlarning biri Tursunaliniki bo‘lsa, uch eshik naridagisi Sobitaliniki. Sobitali kecha odam qatoridan chiqqani uchun bugun kun tikkaga kelgunicha uxlasa ham yarashardi. Lekin nog‘ora bazmi bu bechoraning tinchini buzdi. Tomog‘i qaqrab suv ichay desa, chelaklar bo‘m-bo‘sh, xotinini chaqirsa - uyda hech kim yo‘q. Nima gapligini anglamay garang holda guzarga chiqdi. Avvaliga Tursunali polvonni ko‘rmadi. Soyga engashib, yuz-qo‘lini yuvib, ro‘molchasiga artindi. So‘ng ro‘molchani ho‘llab peshonasiga bosgach, sal orom olganday bo‘ldi. Shundan keyingina qishloq oqsoqoliga ko‘zi tushib, qaddini ko‘tardi. Tursunali polvonni qo‘shni qishloqqa tikilib turganidan ajablandi. Ertalabdan uning qahriga duch kela qolmay, degan o‘yda astagina uyiga kirib ketmoqchi edi, Tursunali polvon o‘girilib, tomoq qirib qo‘ydi. Sobitalining taqqa to‘xtashiga shu tovushning o‘zi kifoya qildi.
- Assalomu alaykum, rais tog‘a,-dedi u o‘girila turib.
- Vaalayk. Ha, saharmardonda turib olibsan? Yana bosh og‘riyaptimi?
- Og‘rish ham gapmi, yorilay deyapti, tog‘a.
- Qo‘rqma, yorilmaydi,- Tursunali polvon shunday deb unga yaqinlashdi.
- Yorilmaydi? Nega yorilmaydi?-dedi Sobitali ajablanib.
- Bo‘m-bo‘sh bosh yorilmaydi. Bosh yorilishi uchun ichida bir nima bo‘lishi kerak. Sen alkashga Xudo aql bermaydi shekilli, a? Odamlar “Sherbilak qishlog‘i” demay, “Sobit alkash yashaydigan qishloq”, deydigan bo‘lishibdi. Qishloqni pozorlarga qoldirding.
Tursunali polvon aslida “isnodlarga qoldirding”, demoqchi edi. Lekin “pozor”degani isnodning uchchiga chiqqanidir, degan xayolda urushda o‘rganib kelgan shu so‘zni ishlata qoldi. Sobitaliga hozir “pozor” deydimi yo “isnod”mi, farqi yo‘q edi. Sekingina uyga kirib, boshini yostiqqa qo‘yishdan boshqa orzusi yo‘q edi. Shu maqsadda bir qadam bosgan edi, Tursunali polvon to‘xtatdi.
- Ha, qayoqqa?
- Qaynotamnikiga borib kelay...
Sobitali nima uchun shunday deb yuborganini o‘zi ham bilmadi. Bu gapdan Tursunali polvon hayron bo‘ldi:
- Kallai saharlab qaysi ahmoq qaynotasinikiga boradi?
- Bormasam bo‘lmaydiganga o‘xshab qoldi,-dedi Sobitali undan qutulish yo‘li topilganiga quvonib,- ertamatan turib qarasam, yonimda xotinim yo‘q. Bollar ham yo‘q. Uyiga ketdimikin, deyman-da?
- Kechasi yoningdamidi?-Tursunali shunday deb unga qattiq tikildi. Sobitali bu qarashga dosh berolmay, ko‘zlarini olib qochdi.
- Yonimda edi...-dedi biroz duduqlanib. Keyin ishonchsizligini yashirish uchun qo‘shib qo‘ydi:-Quchoqlaganim esimda, keyin uchib qolibman-da.
- Be... Sen kayfingda bilmagansan. Xotiningni emas, Teshaboy tog‘angning eshshaginimi yo itinimi quchoqlagansan. Ana, basharangni it yalaganga o‘xshaydi. Menga qara-chi,- Tursunali polvon shunday deb uning yuziga tikilib qaradi-da, bosh chayqab, o‘z gapini o‘zi inkor etdi:- yo‘q, it yalamagan. It bunaqa isqirt basharani yalamaydi. Ko‘ngli ayniydi. Basharti bilmay yalab qo‘ysa ham, zaxarlanib o‘la qoladi.
- Gapga ham to‘n kiyg‘izvorasiz-da, rais tog‘a, g‘irt mast bo‘lsam ham xotin bilan eshakning farqiga borarman.
Sobitalining dadil shunday deyishi bejiz emas: g‘irt mast bo‘lsa-da, xotinining dumi yo‘qligiga aqli yetib turadi. Tursunali polvon uning bu boradagi fahmiga tan berdimi, sal bo‘shashganday bo‘ldi:
- Xotining yarim kechada ketib qolgan. O‘zim ko‘rdim.
- Arazlagandir-da...-dedi Sobitali o‘kinch bilan.-Kecha ertamatan diydiyosini boshlaganida “Endi ichsam har narsa bo‘lay”, deb qasam ichvorganidim. Qasamni buzganimga chidamagan, fe’lini bilaman.
- Sen bola gapni chuvimagin-da, to‘g‘risini aytaver: nima deb qasam ichganingni o‘zim eshitganman. “Endi ichadigan bo‘lsam, erkak emasman, haligindaqa... mayda qadamman”, degansan. Deganmisan?
- Ha, endi...-Sobitali chaynalgan edi, Tursunalining qahrli nazaridan cho‘chib tan oldi:-Xotinni tinchitish uchun degan bo‘lsam, degandirman.
- Ha, degansan! Xo‘sh, endi erkakmisan, yo?..
- Be, u qasam hisobga o‘tmaydi.
- Nega o‘tmas ekan?
- Qur’onni o‘pib qasam ichmaganman.
- Bahonangni qara-ya! O‘zingning aqlingga kela qoldimi yo... Sen alkashning qo‘liga qaysi ahmoq Qur’on berib qo‘yarkan? Bilib qo‘y: kecha qasaming qabul bo‘lgan, tamom! Endi sen erkaklikdan chiqding. Xotining keta turib shunaqa dedi. “Erim erkak emas ekan, endi bitta erkak topib, tegaman”, dedi. Xotining naq o‘g‘il bolaning gapini aytdi, otasiga rahmat!
- Cho‘pchak to‘qivordingiz, rais tog‘a. Mening xotinim unaqa demaydi.
- Aldayapti, desang, bor, boraver. Qaynotangnikida yo‘q bo‘lsa, ishonasanmi, gapimga?
Bu gapdan keyin Sobitali teshilgan pufak holiga tushdi.
- Rais tog‘a, qayoqqa ketvordiykin?-dedi yig‘laguday bo‘lib.
Hozir u yomon ahvolda qolgan edi. Xotinining ketib qolishi unga yangilik emas. Bu atrofda uyiga arazlab ketib qolmaydigan xotin zotining o‘zi yo‘q. Ammo “erim erkak emas ekan”, degan la’nat toshini otib ketadigani shu paytgacha bo‘lmagan. Sobitali ko‘p ichgani uchun uning gapiga ishonishmaydi, biroq, xotinining gapiga chippa-chin ishonishadi. Uning tashvishi shundan ekanini anglagan Tursunali polvon hujumini davom ettirdi:
- Bu atrofda kim ko‘p, ko‘ziga qon quyilgan buqaday erkak zoti ko‘p. Bitta-yarimtasi bilan ahdu paymoni kelishib qolsa, shartta nikohiga o‘tadi-qo‘yadi-da.
- Tegib ko‘rsin-chi!-Sobitali g‘azab bilan baqirib yuborganini o‘zi ham sezmadi. Bu onda rais tog‘asining haybatidan ham cho‘chimay qo‘ydi:-Ikkoviniyam onasini naq Uchqo‘rg‘onning qayqisidan ko‘rsataman! Siz-chi, tog‘a... sovuq nafas qilmang. Men uni qo‘ymaganman, erga tegishga haqqi yo‘q.
- Hovliqma, o‘pkangni bos, kecha sen uni uch taloq qo‘yding.
- Kayfdagisi hisobmas, Qosim domla aytgan.
- Sen alkashga fatvo beradigan domla ham darrov topila qoladi-ya! Domlangga borib ayt: noma’qul buzoqning go‘shtini yemasin. Uch taloq qo‘yganing hisob. Men guvoh bo‘ldim. Bu qishloqda anov-manov domlangning gapi o‘tmaydi. Mening gapim – zakun*! Uch taloq qo‘ydingmi – tamom! Endi u bilan yana yashamoqchi bo‘lsang, avval xotining uchta erga tegib chiqishi kerak. Uchchalasidan hech bo‘lmagandan bittadan tug‘ishi kerak. Ana undan keyin beshta bolangni sakkizta qilib yashayverasan.
Bu gapni eshitib, Sobitali cho‘chib tushdi, bosh og‘rig‘ini ham unutdi:
- Nima! Sakkizta dedingizmi?
- Ha, bola, hisobdan chatog‘ing bormi? Qani, cho‘tga tashlab ko‘r-chi: beshta o‘zingning bolangmi? Uchtasi... hasharda.
- Cho‘pchak to‘qimang, tog‘a, bunaqa zakun yo‘q.
- Nega yo‘q bo‘larkan, bor! Men chiqarganman shu zakunni. Meniki hisob.
- Sizniki o‘tmaydi, sizda pechat* yo‘q.
- Pechat yo‘q, dedingmi? Mana bu-chi, o‘tmaydimi?- Tursunali shunday deb mushtini Sobitalining dahaniga tiradi.-Fashistga o‘tgan bu pechat senga ham o‘tib qolar deymanov, a?
Ikki yil ilgari bu muhr yengilroq tarzda bo‘lsa-da, yuzini qanday bezaganini eslagan Sobitali orqasiga tisarildi.
- Rais tog‘a, yomon gap aytmadim-ku, xotinimni qo‘ymadim, dedim xalos. Shunga ham pechatmi?
- Agar sen qo‘ymagan bo‘lsang, xotining seni qo‘ydi. Uch taloq qo‘ydi.
Sobitali bu gapdan keyin kula boshladi.
- Ha, nega kuydirgan kalladek ishshayasan?-dedi Tursunali polvon achchiqlanib.
- Uch taloq qo‘ygan bo‘lsa... endi menam uchta xotin olamanmi? Har bittasini bittadan tug‘dirib, a?
- Olasan-a, olasan! Ana, bittasiga Hanifa beva kutib turibdi, yugura qol.
- Piching qilavermang, mening u bilan bordi-keldim yo‘q. Bir martagina televizorini tuzatib berganman, xalos.
- Sen bola boshqa qishloqlardagi mingta bevanikiga borsang ham boraver, omma Sherqo‘ziga qatnama. Hanifa bevaning nechta bolasi bor, bilasanmi?
- Men sanabmanmi, qayoqdan bilaman?
- Sen sanamagan bo‘lsang, men bilaman: to‘qqizta bolasi bor.
- To‘qqizta bo‘lsa, menga nima?
- Senga nima?-Tursunali uni yelkasidan ushlab, silkidi:- Orada shayton bor-a... Televizori kun ora buzilib tursa. Bu bevaning bolasi bir yildan keyin o‘nta bo‘lib qolsa-chi?
- Nima bo‘ladi?
Tursunali polvon “rostdanam tushunmaydimi yo meni kalaka qilyaptimi?” deganday unga tikilib turdi-da, bu safar yelkasidan qattiqroq ushladi:
-Dard bo‘ladi! Balo bo‘ladi! Agar sen tufayli o‘ninchisini tug‘sa, u giroy bo‘ladi! Bolani o‘zining eridan tug‘dimi yo senga o‘xshagan ahmoqdanmi – hukumatga farqi yo‘q, giroylikni beraveradi. Bilib qo‘y: har bir qadaming hisobda.
-Rais tog‘a, meni alkash deysiz, mayli, tan olaman. Omma bunaqa chakki yuradigan yigitmasman. Bolalarim bor-a! Palakatidan qo‘rqaman,-dedi Sobitali ezgin ovozda.
-Ichmagan paytingda qo‘rqasan, kayfing oshganda Xudodan ham qo‘rqmay ketasan. Agar bollaring ko‘zingga ko‘rinsa, ichib olib ko‘cha-ko‘yda moldek ag‘anab yotmagan bo‘larding. Gap bunday: sen bevanikiga sakkizinchi iyunda kirgansan. Agar u keyingi yil sakkizinchi martda tug‘sa, sen bilan adi-badi aytishish yo‘q, naq oyog‘ingdan osaman!
Tursunali keyingi gapni shunchaki po‘pisa uchun aytdi. Erkak kishini ko‘rsa ishtonbog‘i bo‘shab ketadigan xotinlar chet elliklarning kinosida bo‘ladi. Bu qishloqlardan hali begona erkakka o‘g‘rincha qaraydigan ayol chiqmagan. Ayniqsa, Hanifa beva haqida yomon fikrga borib bo‘lmaydi. Erini o‘tgan yili yerga qo‘ygan xotin to‘g‘risida shunday gumonli gap aytvorgani uchun Tursunali polvon afsuslandi. O‘zini o‘zi la’natladi. U Sobitali alkashni bir oz ezib qo‘ymoqchi edi, gapi chalg‘ib, Hanifaning sha’niga tegib o‘tdi. Biroq, ochig‘ini aytganda, Hanifadan ranjigan tomoni ham bor: Hanifaning yetti ajdodi Sherbilakda tug‘ilib, yashab o‘tgan bo‘lsa ham, Sherqo‘zilikka turmushga chiqdi. Qiz tushmagurning ko‘ngli shu yigitga moyil ekan, nima qilisha olardi? Yillar o‘tib, “Qahramon ona” unvoniga da’vogar bo‘lib qolishini o‘sha paytda bilganida bu to‘yni to‘xtatib, qizni sherbilaklik biron azamatga olib berishga urinib ko‘rardi. Kuyov bolani avaylab-asrardi. To‘qqizta boladan keyin o‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymasdi. “Otamning o‘lishini bilganimda bir qop kepakka almashtirib yuborardim”, degan ekan bir nodon. Tursunali polvon endi ming armon qilsin – foydasi yo‘q. Armonini birovga aytolmaydi – ich-etini yeb yuraveradi.
Oyog‘idan osilishi haqidagi tantanali va’dani eshitgan Sobitali unga tikilib qoldi. Keyin “bunaqa masalada men farishtaman”, dedi-da, nari keta boshladi. Tursunali polvon bu masalada qovun tushirib yengilganini bilsa-da, tan olgisi kelmadi. Sobitalining burilib ketishi, o‘zining jim qolishi mag‘lublik xarsangtoshini yelkaga olish bilan barobar edi. U nimadir deyishi zarur ekanini bilardi-yu, biroq, tiliga ma’niliroq gap kelmasdi. “Sobitali inim, keyingi gaplarim hazil edi, sal bema’niroq chiqdi, senam kechir, eshitmagan bo‘lsa-da, Hanifa ham kechirsin, shunda Xudo ham kechiradi”, desa olam guliston edi. Biroq, bu gap o‘rniga boshqachasi keldi:
-Hoy bola, yurayotganingda sal u yoq-bu yoqqa qarab qo‘y, sezyapsanmi? Ko‘chamizdan it o‘tmaydigan bo‘lib qoldi-ya?
-Nega?-dedi Sobitali to‘xtab.
-Sening sassig‘ingdan qochyapti bari. Bo‘kib ichaverib, sasib ketyapsan, bola!
-Mening sassig‘im sizning gaplaringizchalikmasdir...- shunday deb yana yo‘liga ketaverdi.
Tursunali polvon dami ichiga tushganicha qolaverdi. Tuzsiz gapi bilan Hanifa bevaning nomini bulg‘ab qo‘ygani uchun pushaymonlik botqog‘ida bo‘g‘ilib turmaganida mot bo‘lish qayda edi, bu bolaning burnini yerga ishqashdan ham qaytmasdi-ya!
Hanifa bevaning nomi shunchaki tiliga kelib qolgani yo‘q. Bu ayol to‘qqizta bola ko‘rgan bo‘lsa-da, hali tarovatini yo‘qotmagan. Musulmoncha qoidaga muvofiq iddasi o‘tish u yoqda tursin, erining yili ham o‘tib bo‘lgan. Agar qarindoshlari yolg‘iz yurmasin, deb uni birontasiga nikohlasalar-u o‘ninchisini tug‘ib bersa, Sherqo‘zi qishlog‘i “Qahramon ona”larning ko‘pligi bo‘yicha ulardan o‘tib ketishlari hech gap emas. Tursunali polvonning tashvishi shundan.
Sobitali muyulishga borganda ro‘parasidan Qambarali chiqib qoldi. Sherqo‘zi qishlog‘ining bu biqinidan kirib, narigi quyrug‘idan aylanib chiqayotgan Qambarali Sobitalini ko‘rib, to‘xtadi. Sal narida tek turgan batkasiga bir qarab olgach, qo‘shnisi bilan so‘rashdi:
-Sabitchik, qalaysan? Qayoqqa ketyapsan, magazin hali ochilgani yo‘q.
-Magazingamas, qaynotamnikiga ketyapman,-dedi Sobitali boshiga og‘ir qayg‘u tushgan odamning zorli ovozida.
-Xotining yana ketib qoldimi?-Qambarali shunday deb kuldi.-Senam hadeb unga yalinavermaginda. Shartta yangila. Svejiysi* boshqacha bo‘ladi, men buni tochna bilaman. To‘xta, ketmay tur, senga ish bor. Televizorim yana buzildi.
-Nega buziladi?
-Bilmadim. Toshkanda bitta ashula boshlansa, yarmiga bormay Maskovdagi o‘rischa ashulaga ulanib ketadi. Xullas, atala bo‘lib ketdi.
-Hozir vaqtim yo‘q, o‘n birdan keyin tuzatib beraman.
Sobitali “vaqtim yo‘q” deganda kechagi maishatdan keyingi “bosh og‘riq”ni qoldiradi, degan bahonada yutiladigan bir piyola aroqni nazarda tutganini Qambarali bilmas ekanmi? Hukumat nodon-da, aroqxo‘rlarga insof kirar, degan maqsadda ichkilikni soat o‘n birdan keyin sotishga amr qilib qo‘ygan. Magazinchilar anoyi ekanmi? Araqni o‘n birgacha berkitib, “sallasi” bilan sotishadi, o‘n birdan keyin o‘z narxiga. Araqxo‘rlar ham anoyi ekanmi? Araqqa zo‘rg‘a pul topishadi-ku, “sallasi”ga balo bormi? Mana, Sobitali. Hukumat qarori chiqqanda ikki-uch kun so‘kib yurdi. Keyin taqdirga tan berdi-da, o‘z ish vaqtini soat o‘n birdan deb belgiladi.
-O‘n bir, deb boshni qotirma. Bu do‘konda baribir balo ham yo‘q. Men bitta “stolichniy” malchigidan* olib qo‘yganman. Ikkalamiz tupukdek-tupukdek qilib, maydalashamiz.
Bu gapni eshitgan Sobitalining ko‘zlari moshdek ochilib ketdi. Quruq xabardan-ki rohatlangan odamning aroqni ko‘rganda bir karra, yarim piyolani otib olgandan keyin esa o‘lik holiga ikki bora jon qaytishini tasavvur qilavering. Sobitali o‘zi tomon qarab turgan Tursunaliga bir qarab oldi-da, Qambaralining qo‘lidan ushladi:
-Unda tezroq yuraqol.
-To‘xta, men Batkaga otchet* topshirib olay. Ungacha sen qaynotangnikiga borib kel.
-Qaynotamnikida balo bormi, yur.
Sobitali gapini tugatmay, Tursunalining jarangdor ovozi yangradi:
-Qambar! Hajiqizlarga o‘xshab nimalarni visirlashyapsan? Qambar deyapman!
-Labbay, Batka, ketyapman!
Qambarali shunday deb Sobitalini ikki o‘t orasida qoldirdi-da, xojasi tomon yugurdi.
-Batka, razvedka zo‘r o‘tdi, g‘alati xabar bor.
-Nimasi g‘alati?-dedi Tursunali, uni norozi qiyofada qarshilab.
-O‘roqboyning xotini giroy bo‘libdi!
Qambarali bu xabarni aytgandan ko‘ra Tursunali polvonning boshiga gurzi bilan besh-o‘n marta ursa, u bunchalik garangsimagan bo‘lardi.
-Nima, qaytar-chi?-dedi u bo‘g‘ilib.
-O‘roqboyning xotini giroy bo‘libdi. Shuning suyunchisiga nog‘ora bazmni boshlab yuborishibdi.
Bu gapdan keyin Tursunali polvon Qambaralining yoqasidan olganini o‘zi ham sezmay qoldi. Qambarali “Batka, tuqqan men emasman, O‘roqboyning xotini-ku”, deb changaldan bo‘shalmoqchi edi, tili kalimaga kelmay qoldi.
-O‘roqboy deyapsanmi? O‘sha kalamushning xotini giroy bo‘libdimi?-deb baqirib yubordi Tursunali polvon.-Sen jinnimisan yo men paytavafahmmanmi? Uning giroy bo‘lishi hecham mumkinmas. Birinchidan: u yigirma kundan keyin tug‘ishi kerak, do‘xtir bilan o‘zim lichna* gaplashganman. Danniylar aniq. Ikkinchidan, uning yettita bolasi bor. Tuqqan bo‘lsa sakkizinchisini tuqqandir. Sakkizta bola tuqqanga ham giroylikni berib yuboradigan ahmoq hukumat yo‘q, bilib qo‘y, akasi aylansin!
-Batka, buni menam tochna bilaman. Lekin O‘roqboyning xotini birvarakayiga uchta tug‘ibdi-da!
-Uchta?-Tursunali polvon ishonqiramay bosh chayqab, Qambaralini changalidan bo‘shatdi:-Bo‘lishi mumkin emas. Echkiday ham kelmaydigan shu kichkina xotin uchta tug‘arkanmi?
-Erining laqabi “kalamush” bo‘lganidan keyin shunga moslab kalamushday qilib tug‘ib tashlayvergandir-da. Bunaqalar to‘rtta tug‘sa ham ajablanmaslik kerak.
Tursunali bu gumonni eshitib, bosh chayqadi:
-Yo‘q, bu yerda boshqa gap borga o‘xshaydi. Agar shumxabaring rost chiqsa, sherqo‘ziliklar giroy xotinlar bo‘yicha bizga yetib olishadi. Bu taraqa-turuqni shuning uchun boshlashgan. Ha... to‘rt yarim oydan keyin nima bo‘ladi, bilasanmi?
U shunday degach, galife shimining cho‘ntagidan daftarcha chiqarib varaqladi. Kerakli sahifa topilgunicha aytish joizki, urush tugaganiga salkam qirq yil bo‘lganiga qaramay, uning egnidan ikki yoni “F” harfi singari shishib turuvchi galife shim tushgani yo‘q. O‘n besh yil avval harbiylar kiyim-boshi o‘zgarib ketgan bo‘lsa-da, Tursunali polvon bunday shimni qaerdan topadi – hech kim bilmaydi. Teshaboy oqsoqol so‘raganlarga “Bir vagon nemisni asirga tushirib, shimini yechib olgan”, deb hazil bilan javob beradi.
Tursunali polvon to‘rt yarim oydan keyin nima bo‘lishin aytgunicha Qambarali shoshqaloqlik bilan javob qaytardi:
-Tochna bilaman, Maskovdan ukaz* chiqadi.
-Tochna bilmay tiling kesilsin sening,-dedi Tursunali to‘ng‘illab.- Ukaz-pukazingni yig‘ishtirib tur. To‘rt yarim oydan keyin Cho‘michboyning xotini o‘ninchisini tug‘adi. Boltaboyda sakkiztami? Palakat bosib xotini egizak tug‘ib bersa, rasvo bo‘lamiz! Pozor! Pozor! Sherbilak erkaklariga pozor! –shunday deb daftarchasini yana varaqlab, endi Qambaraliga umid va najot ko‘zi bilan qaradi:-Ishlar chatoq, Qambar, chora ko‘rmasak bo‘lmaydi.
-Batka, men ming harakat qilsam ham xotinim to‘rt-besh yilsiz giroy bo‘lolmaydi,-dedi Qambarali nochor odamning ezgin ovozi bilan.
-Sendan yorug‘lik chiqmasligini aytmasang ham o‘zim bilaman,-dedi Tursunali polvon hafsalasizlik bilan qo‘l siltab.
Tursunalining tashvishi bejiz emas. Kecha Teshaboy oqsoqol bilan xayrlashganidan beri yuragi siqilib, qovog‘i uchayotgani bekorga emas ekan. Ikki qishloq orasidagi sotsialistik musobaqada barcha shartlar bo‘yicha yutqizsa chidashi mumkin-u, biroq bu yo‘nalishda ortda qolguday bo‘lsa yorug‘ dunyodan armon va isnod bilan ko‘z yumishi aniq. Shunda ham o‘z ajali bilan o‘lmaydi, sharmandalik o‘qidan ketadi.
Qambarali batkasining hamma narsani “tochna” bilishiga ishonadi. Shuning uchun bahslashib o‘tirmaydi. Do‘xtirlar, ayniqsa, ginekologlar shu ikki qishloqqa doir ma’lumotlarni o‘z vaqtida Tursunali polvonga berib turish haqida yozilmagan qonun mavjudligini bilishadi va unga to‘liq amal qilishadi. Sog‘liqni saqlash vaziriga yoki raykomga ma’lumotnoma berish zarurligini unutishlari mumkin, Sherbilak qishlog‘i raisiga esa erkalik qila olishmaydi. Teshaboy oqsoqol oshnasining bu fazilatiga tan berib, bir yig‘inda: “SSSR statistika boshqarmasi talabchanlikni Tursunali polvondan o‘rgansa, mamlakatning ahvoli yaxshiroq bo‘lardi”, degan edi. Aslida “Sovet hukumati” demoqchi edi-yu “yana Isoning baqasini ko‘rgani ketgan Solimbuqoq izidan jo‘nab qolmayin”, deb gapning tikanini sindiribroq aytdi.
Tursunali xayolga berilib turganida Qambarali yo‘talib qo‘ydi-da, soyning nariga tomonini imlab ko‘rsatdi. Yelkasiga yengil chopon tashlab, chapani yigitlar kabi do‘ppisini sal qiyshaytirib kiyib olgan Teshaboy oqsoqol g‘oz yurish qilib kelib ko‘prik oldida to‘xtadi. Tursunali unga bir qayrilib qaradi-yu xuddi uni ko‘rmaganday Qambaralining qulog‘iga shivirladi:
-Sen bola, darrov Yigitalini, Sultonalini, Nuralini, Bahromalini, Miralini topib kel. Ekstrenniy majlis bor, degin. Ahmadali bilan Qambaralini ham top.
-O‘zimnimi?-deb ajablandi Qambarali.
-Ha, o‘zingni. Yana anavi alkash bilan qiya qilib qolmagin. Unga nima va’da qilding, eshigingning tagiga mixlanib qoldi.
-Hech nima va’da qilganim yo‘q, Batka.
-Senlar o‘zlaringni erkakman, deb yuribsanlarmi hali. Bitta xotinni giroy qilolmasalaring... suf senlarga!
-Batka, meni bu hisobga qo‘shmang. Men to‘rt yildan keyin xotindi giroy qilaman, dedimmi, tamom! Xotinim to‘qsoninchi yilda giroy bo‘ladi. Buni tochna bilaman.
-To‘rt yil, dedingmi?-Tursunali picha o‘ylanib bosh chayqadi: to‘rt yil ko‘p, uch yilda bo‘lishi kerak.
-Uch yilning sirayam iloji yo‘q, Batka. To‘qqiz oylik hisobdan kelib chiqsak... bu yoqda chilla degan gaplar bor.
-Bu yoqdagilar,- Tursunali polvon Sherqo‘zi qishlog‘i tomonni imladi,-sening chillangga qarab o‘tirishadimi? Ana, “Kalamush”ning xotini sakkiz oyu o‘n kunda tug‘ibdi. Bo‘larkan-ku? Tamom, qishloqning ukazini yozasan: to‘qqiz oyda tug‘ish yetti oyga qisqartirilsin!
Qambarali “Batka chin aytyaptimi yo hazillashyaptimi?” degan xayolda unga qaradi. Batkasining jiddiy boqib turganini ko‘rib, e’tiroz bildirishga jur’at etdi:
-Batka, bunisi xotinlarning sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmaydi,- e’tirozi batkasining g‘azabini uyg‘otib yubormasligi uchun qo‘shib qo‘ydi:- Qishlog‘imizni yana “chalaqishloq” deb yurishmasin.
-Senam raykomning gapini aytyapsan-a, toshbaqaning bolasi! Bilib qo‘y, xotinlarning joni qattiq bo‘ladi.
-Bolalar chala tug‘ilishsa, nimjon bo‘lib qolisharmikin, deyman-da?
-Bekor aytibsan! Mana, mening necha oyda tug‘ilganimni bilasanmi?
-Bilmayman, Batka, men u paytlarda yo‘g‘idim shekilli?
-Gapingni qara-ya! Men tug‘ilganimda otang ham bobongning belida yurgan edi.
-Menam shunaqa demoqchiman-da, Batka.
-Bilmasang –bilib ol: men onamning qornida to‘qqiz oy lallayib yotmaganman. Olti oydayoq tushib kelganman. Meni telpakda katta qilishgan. Boshqalardan kam joyim bormi? Saksonga kirib hali bir marta do‘xtirga bormadim. Meni hatto fashistning o‘qi ham ololmadi. “Nimjon, nimjon” deysan-a! Jo‘na, menga aql o‘rgatmay, buyurilgan ishni bajar. To‘xta, bilib qo‘y, ukaz sekretniy bo‘lsin. Ayniqsa, anavilar,-boshini burmay, ko‘z qarashi bilan qo‘shni qishloq tomonga ishora qildi,-bilishmasin.
-Bilsa nima?-dedi Qambarali soddalik qilib.
-E, galvars! Galavangni ishlatsang-chi! Sakkiz oyda uchta tug‘dirgan olti oyda tug‘dirolmaydi, deb o‘ylaysanmi? Bu yangi fikr biznikimi, demak, faqat o‘zimizga xizmat qilishi kerak. Qo‘limdan kelganida bularning xotinlariga tuya go‘shti yedirib, o‘n bir oyda tug‘adigan qilib qo‘yardim.
Qambarali “qo‘lingizdan kelmagani ham durust, ularni Xudo bir asrabdi”, demoqchi bo‘ldi-yu batkasining vajohatidan cho‘chib tilini tishladi-da, vazifani bajarishga oshiqdi.Hamon eshigi yaqinida umidvor ko‘z tikib o‘tirgan Sobitaliga “Shu yerdan jilma”, degan ma’noda ishora qildi-yu, to‘xtamay o‘tib ketaverdi. Bechoragina Sobitalining o‘tirgan yerida pichirlab qolishdan o‘zga chorasi yo‘q edi. Bilmagan odam uni duo qilyapti, deb o‘ylashi ham mumkin. Biroq, Sobitali duo nimaligini bilmagani sababli shu yoshga kirgunicha o‘rgangan barcha so‘kishlarini bir boshdan eslab, tiliga chiqarib, “savobi”ning yarmini yumush buyurgan Tursunali polvonga, yarmini esa bu yumushni bajarishga oshiqqan Qambaraliga atab qo‘ya qoldi.
3333-TO‘QNASHUV
Qambarali nari ketgach, Tursunali orqasiga o‘girilib, Teshaboy oqsoqolga qaradi. Uni endi ko‘rayotganday boshdan-oyoq razm soldi-yu salom ham bermasdan indamay turaverdi. Kayfiyatlari yaxshi paytda uchrashishganda biri ikkinchisidan oldinroq salom berishga oshiqishardi. Fe’llari sal aynibroq turgan mahalda esa izzattalab bo‘lib qolishardi. Ikkovining tug‘ilgan kuni aniq emas, shunga qaramay Teshaboy oqsoqol o‘zini undan uch oylik katta deb hisoblab, oldin salom berishini talab qilardi. Hozir ham o‘sha talab bo‘yicha oshnasiga bir oz tikilib turdi-da, so‘ng salom-aliksiz gap boshladi:
-Ha, Tursunaliboy qalaysan? Sal tajangroqmisan, a? Siqilma, oshna. Atrofingga bir qara: tabiat chax-chax urib uyg‘onyapti. “Ey Odam farzandi, bag‘rimda yayrab-yashna!” deyapti.
Bu gapni eshitgan Tursunali polvonning ensasi qotdi. Oshkora ravishda yuzini teskari burdi-da, piching qildi:
-Qara-ya, shunaqa deyaptimi? Sen yaqin orada do‘xtur-puxturga o‘zingni ko‘rsatmadingmi?
-Xudoga shukur, soppa-sog‘man,-dedi Teshaboy oqsoqol quvnoq kayfiyatda.-Saksonga kirib, biron marta do‘xtur yuzini ko‘rmaganman.
-Shunaqami?-Tursunali unga o‘girilib, qoshini chimirdi.-Do‘xtur yuzini ko‘rmaganmilar? Men ammamning buzog‘ini yelkamda ko‘tarib, gospitalga olib borgan ekanman-da, a?
-U boshqa narsa. Urushda yaralanish boshqa, aksirib qo‘yib, yalpayib yotish boshqa.
-Boshqami-boshqamasmi, sen bir do‘xturga uchrashib qo‘ygin oshna. Tabiat chax-chax urib kulib uyg‘onayotgan paytda bir xil odamlarning es-xushi o‘tmaslashib qolarkan.
Teshaboy oqsoqol o‘zi tomon otilayotgan piching toshlaridan birini ilib olib, raqibi tomon uloqtirdi:
-Gapingda jon bor, oshna, bir xil odamlarni quloqdan olar ekan.
O‘ziga qaytgan piching toshi Tursunali polvonga malol kelib, dangaliga o‘tdi:
-Nima demoqchisan?
-Eshitmayapsanmi?
-Nimani?
-Nog‘ora bazmni.
Tursunali polvon qaddini sal bukdi-da, kaftini qulog‘iga tutib, atrofdagi tovushlarni eshitishga uringanday tek turdi. Keyin qaddini rostlab:
-Ha... kimdir tog‘ora qoqyaptimi?-dedi.-Ha-ya, qishloqning nomi “qo‘zi”-yu raisining laqabi “baqa” bo‘lganidan keyin har hil ovozlar chiqaveradi-da. Biz bunaqasiga ko‘nikib ketganmiz. Tog‘ora senlarniki, teshilgunicha chalaverlaring.
-Sen o‘zingni go‘llikka solma, bola. Qambar laychangning is olib ketganini bilmaydi, deb o‘ylayapsanmi? Asling xo‘kiz-u, lekin yuzta tulkiga dars beraman, deb chiranasan. Endi tan olaver: giroylar masalasida tenglashdik. Ucheniy masalasida oldindamiz. Endi qayoqqa borib dodlasang, dodlayver.
Teshaboy oqsoqol nozik yerdan ushladi. Buni harbiylar tilida “urush e’lon qilmasdan jang boshlash”, deydilar. Lekin Tursunali polvon bu zarbadan gangiydigan anoyilardan emas. Uning jang aslahalari hamisha tayyor turadi. Jang boshlash uchun harbiylar zambaraklarini shaylaydilar, Tursunali polvonning zambaragi ham, tankasi ham, raketasi ham bir - pichinglar bilan o‘qlangan til! Teshaboy oqsoqolning gerdayib aytgan gapidan so‘ng aslahalarning barchasi buyruq kutmayoq jangga kirishib ketdi. Bunday to‘qnashuv qishloq ahli uchun ham, o‘zlari uchun ham yangilik emas. Birov bu olishular sonini hisoblab chiqmagan. Lekin ehtimollik nazariyasiga binoan sanalsa, bugungisini 3333-to‘qnashuv deb belgilash mumkin. Gap sonda emas, balki barcha to‘qnashuvlarning bir hilda boshlanib, bir hil mazmunda davom etib, bir hilda natijasiz yakun topishida. Bu olishuvni ular o‘zlaricha “jang” deb xayol qiladilar, aslida esa gaplarini yodlab olib valaqlaydigan askiyachilarning qiliqlaridan ko‘pam farq qilmaydi.
-O‘, og‘aynijon, baqaqurildoqda baqa qurillab qolibdimi, a? Sal tormozni bosing, yana damingiz chiqib ketmasin...-Tursunali shunday deb vajohatini namoyish qilish uchun ko‘prik tomon bir qadam bosdi. Uning rejasi bo‘yicha oshnasi “bu yoqqa o‘tib urib qoladi shekilli?” deb cho‘chib tisarilishi kerak edi. 3332 marta do‘q urib, ko‘prikdan o‘ta olmagan odamning endi jur’at qilishi nisbiyat nazariyasiga to‘g‘ri kelmas edi. Oshnasi joyidan jilmagach, uzoqdan turib o‘qqa tutishni ma’qul ko‘ra qoldi:- Ey, menga qaragin sen, gapirganingda o‘ylab gapirasanmi, qanaqasiga oldindasan?
-Cho‘michboyning o‘g‘li dissertatsiyasini yozib bo‘libdi.
-E hali shunaqami? Yozib bo‘libdilarmi? Oshnajon, Qarg‘aqishloqdagi Qumri jinni ham o‘nta dissertatsiyani yozib qo‘yganmish. Uning ham asli senlarda, a? Cho‘michvoyingning o‘sha dardisar o‘g‘li avval dissertatsiyasini yoqlasin, qog‘ozini Maskovdan olsin, ungacha-chi, sen bola behujjat gaplaring bilan mening boshimni qotirma. Sen o‘zi azaldan laqmasan. Agar men yoningda bo‘lmaganimda urushda o‘lib ketarding. Hozir yotarding Polshaning bir botqog‘ida chiri-ib. Fashist senga o‘xshagan laqmalarni otishni yaxshi ko‘rardi.
-Sen teskari gaplaringni aytib, jig‘imga tegaverma. Bilib qo‘y: seni odam qilgan men bo‘laman. Bitta ham o‘rischa gapni bilmaydigan dovdirni kim yonida olib yurardi? Komandir “Lojis!” desa, yugurib ketadigan kim edi? Gospitaldaligimda tozza adabingni yegan ekansan-ku? O‘zing aytuvding, esingdan chiqdimi?
-Voh, shu gapni dastmoya qilib yuribsanmi? Ko‘nglingni ko‘tarish uchun aytganman. Urush masalasida menga osilma, bola. Sen prostoy sollat* bo‘lib yurding. Men kapral* edim, a? Sendan bitta medal ko‘proq olganman.
-O‘sha medaling halolmas, sotib olgansan.
-Vey, rostdanam esing og‘ib qolibdi, bola!
-Oldinlari indamas edim, endi aytayinmi? O‘sha nemis asirlarini sen tutmagan eding. Volodka tutib kelayotganida besh quti “Belomor” popirosiga sotib olgansan. Agar g‘ing desang, raykomga ham aytaman, voenkomga ham aytaman. Sharmandangni chiqaraman.
-Endi bunaqa gap chiqardingmi? Men besh dona popirosga “shnaps” sotib olganman. Kuydirgingga o‘zing ham ichuvding-ku?
Ha, ichgan edi. Nemisning arog‘ini birinchi marta o‘shanda tatib ko‘rgandi. Mazasi hali ham og‘zida turibdi, deyish lof bo‘lar-ku, lekin ikkinchi shishasini bo‘shatishgach, oshnasini quchoqlab, o‘pib, “rahmat” degani yodida. Biroq hozir buni tan olmog‘i olishuvning mag‘lubiyatidan darak edikim, hayot chax-chax urib kulib turgan onda Tursunboy oqsoqol uchun bu ortiqcha mashmasha edi.
“Shnaps” masalasi o‘rtaga qo‘yilganda qishloqning kunchiqar tomonida kolxoz raisi ko‘rindi. Uning yonidagi tepakal, ko‘zoynakli odam Sobitali darajasida bo‘lmasa ham garangroq ahvolda edi. Sobitali ularni ko‘rdi-yu Qambaralini bu yerda, bu ahvolda kutishdan ma’no yo‘qligini anglab, izzati borida sekingina orqaga qaytib, uyiga kirib keta qoldi. Ikki cholning ikki dakang xo‘rozday turishini ko‘rgan rais esa nima gapligini bilish uchun ularga halal bermay, beriroqda to‘xtadi. Ularni sezmagan Tursunali polvon jimib qolgan oshnasini butunlay pachoq qilib tashlash maqsadida hujumini davom ettirdi:
-Shuni bilib qo‘y, baqa! Tursunali polvonning sharmandasini chiqaradigan odamning hali katta dadasi ham tug‘ilgani yo‘q, ha!
-Sen yaxshilikni bilmaydigan mol ekansan. Kim senga “xo‘kiz” deb laqab qo‘ygan bo‘lsa, adashibdi. Eshitdingmi, rayondagi hamma xo‘kizlar yig‘ilib, raykombuvaga arz qilganmish. Kelib-kelib bizlarni shu nodonga tenglashtirasizlarmi, deyishganmish.
-Hali biz nodon ham bo‘ldikmi? Qani, hov baqavoy, zo‘r bo‘lsang qurillamay buyoqqa o‘t-chi!
-Sen xo‘kiz, mahallangda turib olib, o‘kiraverma! Kekirdaging uzilib tushmasin tag‘in!
-Vey, oyog‘imning ostida qurillayvermagin, sen, behos bosib olsam, pachoqlanib o‘lasan-a! Hali men mahallamda turib olib kerilibmanmi? Bilib qo‘y: men sen so‘tak bilan har qanaqa joyda gaplashaman. O‘n ikkita bola tug‘dirib qo‘ygan erkakman men. Men xo‘kiz emas, buqaman! Beshta boladan keyin ispisat* qilingan erkakmasman!
- Og‘zingga qarab gapir! Do‘xtir xotinimga «Endi tug‘sang - o‘lasan», degan.
- Bu gapni million marta eshitganman. Xotining...
Xuddi shu gapni poylab turganday muyulishdan Teshaboyning xotini Risolat chiqib kelsami! “Xotining bip-binoyi yuribdi, o‘zing lattasan!” demoqchi bo‘lgan Tursunali polvon gapini yamlab yuta qoldi. Risolat esa kulimsiraganicha erining yoniga turdi-da, u bilan quyuq so‘rashdi:
-Assalomu alaykum, mulla aka, damlikkina yuribsizmi? Bolalar, nevaralar, ovsinlarim ham yurishibdimi?
- Qaysi ovsinlarni so‘rayapsiz? Ikkovi ham ko‘karib chiqqan-ku?
- Ha-ya, esginam qursin, tilim o‘rganib qolganda, so‘rayveraman.
- O‘zingiz yaxshimisiz, kelin, oshnam qalay, kechasi alaxsirab, sizni qo‘rqitmayaptimi?
- Voy, nega alaxsiraydilar, ana, tuppa-tuzuklar, Xudoga shukur.
-Kuppa-kunduzi alaxsirayapti-da, shunga xayron bo‘lib so‘raganim. Siz bu bolani hadeb quchoqlab yotavermay, do‘xtur-puxturga ham ko‘rsatib turing. Oshnamni qariganida «puf sassiqqa» chiqarib qo‘ymang. Sizga kerak bo‘lmasa, bizga kerak. Qarash qo‘lingizdan kelmasa, javobini bering. «Teshaboy akajon!» deb ko‘kragini zaxga berib oh-vohlab yotgan bevalar bor. Fashistni o‘qidan saqlab kelib, sizga ijaraga topshirganman-a, agar to‘qsonga yetmay o‘lib qolsa, tribunalda javobini berasiz. Bunaqa ketvorgan yigitning qadriga yetmagan xotinning joyi - turma!
Xotini kelgani uchun odob saqlab turgan Teshaboy oqsoqol boshqa toqat qila olmadi:
-E, bo‘ldi, o‘chir! Ja-a uzun sura qilib yubording,-dedi jerkib. So‘ng xotiniga yuzlandi,- Ha, nima deysan?
-Hamrobonu qaymoq olib kelibdilar. Uni ham samovorxonaga chiqarvoraylikmi?
Hamrobonuning nomini eshitgach, “Buqaman!” deb kerilayotgan Tursunali polvon momiq yungli quyonga aylandi-qoldi. Teshaboy oqsoqolning ziyrak nigohi buni sezdi. Atay ovozini ko‘tarib so‘radi:
-Kim deding?
-Hamrobonuni aytaman, qaymoq olib kelibdilar, baraka topgur.
Teshaboy oqsoqol ko‘zini oshnasidan uzmagan holda yana qayta so‘radi:
- Qaysi Hamrobonu?
-Voy, dadasi, qishloqda Hamrobonu nechta ekan? O‘zingizning singlingiz-da.
-E, o‘zimning singlimmi? Men Janjalqishloqlik Hamrobonumikin, debman. Kelgani yaxshi bo‘libdi. Omma fahm-farosatdan berganda singlimga. Xudo beraman, desa husnni ham beradi, farosatni ham botmon-botmon beradi. Qaymoqni ham, somsani ham, uzumni, issiq nonlarni ham samovorxonaga chiqar. Bugun qishlog‘imizda to‘y hisob.
Eridan topshiriq olgan Risolat iziga qaytdi.Teshaboy oqsoqol esa ko‘prik tomon bir qadam bosib, g‘olib odamning tantanavor ovozi bilan dedi:
-Ha, oshna, daming ichingga tushib ketdimi? Shoxing ham ko‘rinmay qoldi-ku?-Tursunali polvon olishuv yakunlanganiga ishora qilib qo‘l siltadi-da, orqasiga o‘girildi. Teshaboy oqsoqol esa g‘oliblik nishonini qo‘lga kiritganday quvonib, uni to‘xtatmoqchi bo‘ldi:- Ha, hov o‘g‘il bola, qayoqqa?
-Sen bilan valaqlashishga vaqtim yo‘q. Ekstrenniy majlis chaqirtirganman. Tayyorlanishim kerak.
-Ha, tushunarli, erkaklaringni mobilizatsiya* qilmoqchimisan?
-Sen erkaklarning ishiga aralashaverma.
-Ovora bo‘lma, hov erkak! Juda-a zo‘riqavermagin, bizga yetaman, deb yana bellaring chiqib ketmasin.
Shu payt boyagi muyulishda avval Risolat so‘ng Hamrobonu ko‘rindilar. Shu muyulish bundan oltmish-oltmish besh yil muqaddam ham bor edi. Oltmish-oltmish besh yil muqaddam ham Tursunali polvon shu yerda umidvor ko‘zlarini shu tomon tikib turardi. Yo‘q, aynan shu yerda emas, o‘n ikki qadam yuqoriroqda edi. U damda katta tut daraxti bo‘lardi. Mo‘ylabi endigina sabza ura boshlagan Tursunali shu daraxt panasida turib, muyulishga tikilardi. Hamrobonu ko‘rinsa, yuragi temirchining bosqoniday urib-urib ketardi. Tanasidan jon chiqib ketganday bo‘laverardi. Hamrobonu boshqaga tegdi. Tursunali ham boshqaga uylandi. Orada urushga ketdi. Fashistning o‘qidan qo‘rqmagan odam Hamrobonuni ko‘rganda titrashini baribir bas qila olmadi. Ayollarning yoshi ulg‘aysa, boshqalarning ko‘ziga qari bo‘lib ko‘rinadilar. Birinchi muhabbat qurbonlari uchun esa ular o‘n sakkiz yoshliklaricha qoladilar. Ayollarning yuzlari shaftoli qoqi bo‘lib ketganini boshqalar ko‘radilar, birinchi muhabbat qurbonlari esa chiroyni yanada ochuvchi ajinga mahliyo bo‘laveradilar. Ovozlari-chi? Ovozlari qo‘ng‘iroqdayligicha qolaveradi.
Shu qo‘ng‘iroqday ovozi bilan salom berdi. Shiringina kulib ham qo‘ydi. Oltmish-oltmish besh yildan beri bu jilmayish Tursunali polvonning jonini olishga qasd qiladi, ammo ololmaydi. Qalbini ombur orasiga olib bir burab azob beradi-yu, shu azob to‘riga tashlab ketaveradi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Yuragi shu azob to‘rida tipirchilayotganida Teshaboy oqsoqol gapirib qoldi:
-O‘t, deb dag‘dag‘a qilyatuvding, o‘tayinmi?
Bu yoqimsiz ovoz egasi do‘sti bo‘lmaganida, aniqrog‘i, Hamrobonuning akasi bo‘lmaganida soyning betiga sakrab o‘tib, tepkilab tashlamaganida ham, bir-ikki shapaloq urib xumordan chiqardi. Buning iloji yo‘qligi bir alam bo‘lsa, tiliga tuzukroq gap kelmay qolishi yana bir alam edi.
-Vey... sen... bor... o‘sha samovorxonangga...
-Boramanam-da, to‘y to‘ydek bo‘lsin-da,- shunday deb singlisi ketgan tomonga ma’noli qarab qo‘ygach gapini davom ettirdi:-Singlimga besh ketaman-da. Yetmishdan endi oshdi-ku, omma husni tariqcha xira tortmadi. Farosatga-ku, gap yo‘q...
-Bo‘ldi-e, nima, singlingni bozorga solib, sotmoqchimisan?
-Ha, senga nimaga alam qilyapti? Singlimni bermaganimga haliyam iching kuyadi-da, a? Xudoyimga shukr-ki, o‘shanda meni adashtirmadi. Singlimni senga berganimda ikkita xotiningga qo‘shib uni ham o‘ldirvorarding. Xo‘kizga xotin chidarmidi?
-Singlingni menga bermaganing sening emas, mening baxtimdan, ha! Singlingga uylanganimda o‘sha kuyovingga o‘xshab meniyam o‘ldirtirvorardilaring. O‘n ikkita bolam belimda ketvorardi. Aslida-chi, singlingning o‘zi menga xushtor edi. Ko‘ngli qolmasin, deb yo‘liga sovchi yuborib qo‘yudim. «Yo‘q» deganlaringdan keyin suyunchisiga qo‘y so‘yib, xudoyi qilganman. Asli kuyovingning peshonasi sho‘r ekan, o‘sha bechoraga nasib qildi.
-Sen gapni boshqa yoqqa burma. Kuyovim traktorda avariy bo‘lib o‘ldi.
-E, bu bir bahonai sabab. Senlarning sassiq gaplaringga temir ham chidamaydi. Bola bechora ham chidolmay, o‘zini traktorning tagiga tashlab, senlardan qutula qolgan. Hozir yurgandir mazza qilib huru g‘ilmonlarning quchog‘ida.
-Sen tuhmat qilma, singlimga yetisholmaganingdan alamdasan!
-Ol-a, o‘sha olma qoqi singlingni pishiribla ye! Sening singling mening xotinlarimning oldida naq qurbaqaning o‘zi edi.
-Kim qurbaqa?
-Aka qurbaqa bo‘lganidan keyin singil ham qurbaqa-da!
-Shunaqami?
-Shunaqa!
Teshaboy oqsoqol o‘zini “baqa” tugul “itbaliq” desa ham parvoyiga keltirmasdi. Ammo gap singlisining sha’niga borib taqalgani uchun chidab turolmadi. Soydan sakrab o‘tdi-yu oshnasining yoqasidan oldi. Dahanaki jangning bunday oqibatini kutmagan rais ularni ajratishga shoshildi. Boshi garang lektor esa joyida qotib turaverdi.
MUROSA KO‘PRIGI
-Hoy-hoy, tog‘ajonlar, yana nima bo‘ldi sizlarga?-dedi rais Tursunali polvonni Teshaboyning changalidan bo‘shatib.
-Manavi baqani ko‘rmaysanmi. Sakrab o‘tib vaqillaydi-ya!-dedi Tursunali polvon oshnasini turtib.
-Avval kim boshladi? Ichi qora bu bolaning, bizlarni ko‘rolmaydi. Bugun giroy xotinlar bo‘yicha bularga yetib oldik. Shunga alam qilyapti. Alam qilsa, dumingni tishla, hov xo‘kiz!
-Yana shu gaplarmi? Anavinda nima devdim? Agar shunaqa talashaversalaring, ikkala qishloqni qo‘shvoraman, deganmidim? Ana endi shu ishni qilaman. Shu yiliyoq ko‘chasizlar.
Avval ham rais shunday degandi, to‘g‘ri. Lekin bu safargi ohangida po‘pisa emas, qat’iylik sezilib, ikkala oshna hushyor tortdi-da, baravariga so‘radi:
-Nima deding?
-Adirda bitta qishloqqa birlashib, uy-joy qilasizlar.
-Hazillashyapsanmi?-dedi Tursunali.
-Obkomning qarori chiqqan. Bunaqa ishda hazil bo‘lmaydi. Bu yerga zavod quriladi.
-Qanaqa zavod?-dedi Teshavoy.
-Zavodga o‘xshagan zavod-da. Sizga baribir emasmi? Maskov shu joyga qurishni lozim topibdi. Ularga rahmat deb qo‘yishimiz kerak.
-Rahmat aytishga shoshmayroq tur, bola,-dedi Tursunali polvon zarda bilan.- O‘sha zavodni adirga qursa bo‘lmas ekanmi?
-Bo‘lmas ekan. Loyiha Maskovda tasdiqlangan,-dedi rais o‘jarlik bilan.
-Maskovingni ham bilmayman, loyiha-poyihangni ham bilmayman. Zavod kerak bo‘lsa, ana, adirga qurdiraver. Agar shu qishloqni buzdirsang, mening o‘zim shu zavodingni portlatib, kulini ko‘klarga sovuraman. Sen «Polvon tog‘am aravani quruq olib qochyapti», dema. Gitlerga kuchim yetganmi, zavodingga ham yetadi. Agar zavoding bitgunicha o‘lib qolsam, go‘rdan chiqib kelib bo‘lsa ham portlataman.
Shunday deb ketmoqchi bo‘lib bir qadam bosdi-da, so‘ng to‘xtab, Teshaboy oqsoqolga qarab gapini davom ettirdi:
-Agar shu yerga qurish shart bo‘lsa, ana u tomonga qurdiraver.
-Nega endi biz tomonga qurdirar ekan?-dedi Teshaboy bo‘g‘ilib.- Ana, sening qishloqchang shunaqa zavodga juda mos.
-Hoy, baqa!
-Ha, xo‘kiz!
-Bas qilinglar. Bu masalani idorada gaplashamiz. Bugun mehmon bor. Qani, lektor aka, beri keling, geroy tog‘alarimiz bilan tanishib qo‘ying: Tursunali tog‘am Sherbilak qishlog‘ining oqsoqoli. Teshaboy tog‘am Sherqo‘zi qishlog‘ining oqsoqoli. «Qahramon ona»lar bo‘yicha o‘zaro sotsialistik musobaqa o‘ynashgan. Bugun bu sohada ikkovlari tenglashishibdi. O‘roqboyning xotini uchta tuqqanmishmi?
-Ha-da, Xudo beraman desa qo‘shqo‘llab beradi-da!-dedi Teshaboy oqsoqol xuddi o‘zi tug‘ib qoyillatib qo‘yganday gerdayib.
-Bu hom gap, hovliqma oshna. Hali o‘zim roddomga* borib ekspertiz* qildirib kelaman.
-Nimani ekspertiz qildirasan. Voy nodon-ey, ishonmayapsanmi?
-Ishonmayman. Qishlog‘ingda uchta tug‘adigan xotin yo‘q.
-Sen qaerdan bilasan?
-Erkaklaringgga bir qaragin: qattiqroq aksirvorsam, yiqilib tushyapti-ku? Uchta tug‘adigan xotinning eri kamida menday bo‘lishi kerak. Senlar apiristsanlar*. Bitta tuqqan bo‘lsa ikkitasini qo‘shib yozdirgansanlar.
-Rais o‘g‘lim, gaplarini eshitding-a? Endi o‘zing bosh bo‘lib, rostanam ekspertiz qildirasan. Buning ovozini o‘chirmasa bo‘lmaydi.
-Xo‘p-xo‘p, tog‘ajonlar, hech bo‘lmasa mehmonning oldida o‘zlaringni tutinglar. Mehmon Toshkandan kelganlar axir.
-Ie, shunaqami? Keling,keling, mehmon. Eson-omon yuribdilarmi? –Tursunali polvon shunday deb mehmon tomon quchoq ochib bordi-da, qo‘shqo‘llab so‘rashdi.- Bugun dasturxonimizning to‘ri sizniki. Mehmonga jonini bervoradigan tantilar shu sherbilaklilar bo‘lishadi!
-Mehmon bugun biznikilar. Bizda to‘y bugun,-dedi Teshaboy oqsoqol bo‘sh kelmay.
-To‘ying o‘zingga siylov. Mehmon o‘z oyoqlari bilan bizning qishloqqa kirib keldilar. Hozir poyqadamlariga qo‘y so‘yamiz. Qambarali, hov Qambarali...
-Birato‘la xo‘kiz so‘yaqolmaysanmi?
-Senga o‘xshab baqa so‘ymasman. Frantsiyaliklar baqa yeyishar ekan-a? Rais, Frantsiyadan to‘rtta mehmon ayttirgin, kelib, bularning urug‘ini quritib ketsin.
-Endi gap bunday: mehmon kecha “Sotsializm”da xizmatda bo‘lib, picha toliqqanlari uchun raykom rejalarini o‘zgartiribdi. “Kommunizm”ga bormay, bugun oqshomgacha bizda mehmonlar. Lektsiyalarini o‘qiganlaridan keyin qo‘shni rayonga o‘tishlari kerak.
-Ie, dakalatchimilar* hali?
-Ha, markazqo‘mning lektori o‘rtoq Kesganboev.
-Nimalarni o‘qib berasiz, dakalatchi mehmon?-deb so‘radi Tursunali polvon g‘ashlik bilan.
Bu savol lektorning lanj tanasiga quvvat berganday bo‘ldi. Chunki u ma’ruza qilishi lozim bo‘lgan mavzusi haqida gapirishni juda-juda yaxshi ko‘rardi. Buning uchun unga maxsus minbar bo‘lishi shart emas. Choyxonada oshnalari huzuridami yo boshqa joydami baribir gapni boshlab yuboraveradi. Hatto qaynotasi oldida ham tug‘ishni rejalashtirish haqida to‘rt marta ma’ruza qilib edi. To‘rt martasida qaynotasi chidadi, ammo beshinchisida achchiqlanib, urishib berdi. Lektorga bu malol kelmadi, boshlanib yakunlanmagan ma’ruzasini kechqurun uyida xotiniga o‘qib berdi.
-Bola tug‘ilishini rejalashtirish va ko‘p tug‘ishning oldini olish,- deb javob qildi lektor, keyin alohida faxr bilan qo‘shib qo‘ydi:- Men bu masalada Moskvadagi maxsus seminarda ishtirok etib kelganman.
-Nima, qaytaring-chi?-dedi Tursunboy oqsoqol.
-Bu mavzu Toshkanda tasdiqlangan. Hamma yerda o‘qilishi shart,-dedi rais so‘ng keskinroq ohangda qo‘shib qo‘ydi:- g‘idi-bidi qilib yurmanglar.
-O‘qilishi va aytilgan masalalarga rioya qilinishi zarurdir,-deb ta’kidladi lektor.
-Rais, meni kalaka qilyapsanmi?-dedi Tursunali polvon.
-Bu hazilakam masala emas!-dedi rais yanada jiddiyroq ohangda.
-Shunaqami? Unda dakalatingni mana buning qishlog‘ida o‘qi. Xotinlari uchtadan bolalab yotishibdi. Eri aksirvorsa ham boshi qorong‘u bo‘lib qoladi xotinlarining. Ha, aytmoqchi, bugun ularda to‘y. To‘yga juda yarashadi-da bunaqa dakalat. Hov oshnam, bunaqa mehmon tuya so‘yib chorlasang ham kelavermaydi. Xudo yetkazdi uni senlarga.
-Rais, mehmon dakalatini shu qishloqda qilaversin,-deb e’tiroz bildirdi Teshaboy oqsoqol.- Dakalatchi bolam, bu tog‘angizning nechta bolasi bor, bilasizmi? O‘n ikkita! Xotinlari tug‘ishdan charchab, o‘lib qutilishgan bundan. Bu tanisa, beshta bolasini taniydi, qolganini tanimaydi. Hovlisidagi qizlariga qarab «Sen kimning bolasisan?» degan. O‘zim guvohman.
-Laqillama. Bu bir kayfda bo‘lgan. Shuni gap deb gadoyning to‘rvasiga o‘xshab, ming yil ko‘tarib yuribsanmi? Dakalat sening qishlog‘ingda bo‘ladi, boshqa gap yo‘q.
Rais qarasa-ki, mojaro cho‘ziladigan. Shu bois gapni shart kesdi:
-Bunday qilamiz, sizlar odamlarni to‘playsizlar. Yosh oilalar ko‘proq bo‘lsin. Keksalarni ovora qilmasalaring ham mayli. Lektor ana, o‘rtada, ko‘prikning ustida turib ma’ruza qiladilar.
-Bizning qishloqda ekstrenniy majlis bor. Bugun odamlar band.
-Bizda to‘y...-Teshaboy oqsoqol shunday deb so‘z boshladi-da, keyin raisning qulog‘iga shivirladi:- Rais o‘g‘lim, dakalat qildi, deb qog‘oz yozib beraqolmaysanmi?-Bu taklifni aytdi-yu, javob kutmay lektorga yuzlandi:- O‘g‘lim, biz tomonlarga bir kelib qolibsiz. Sizni xizmatga qo‘yish biz uchun uyat. “Sotsializm”da sillangiz quribdi, bugun mehmonimiz bo‘lib bi-ir yayrang. To‘yimizning to‘ri sizniki. Dakalatingizni o‘zimga sekin aytarsiz. Biz yoshlarni chaqirib, nasihat qilib qo‘yamiz. Bu yog‘ini shoshilmay, reja bilan sekin olib boraverishadi.
-Yo‘q, o‘rtoq oqsoqol,-dedi lektor unga boshdan-oyoq razm solib.- Siz masalaning siyosiy tomonini tushunmayapsiz. Biz partiya siyosatini har bir ommaning o‘ziga shaxsan yetkazishimiz kerak. Bu ishda ko‘zbo‘yamachilik ketmaydi. Bu masalaning qanday bajarilishini Moskvadan o‘rtoqlar kelib tekshirishlari mumkin. O‘rtoq rais, siz ham buning ahamiyatini sezmayapsizmi? Men sizda siyosiy ko‘rlikni seza boshlayapman.
Bu gapdan raisning ensasi qotsa-da, sir boy bermadi:
-O‘rtoq Keskanboev, otaxonlarning gaplariga e’tibor bermang. Belgilangan paytda odam to‘planadi. Lektsiyangizni o‘qiysiz, boshqa gap yo‘q.
-Ha, shunaqa bo‘lsin, auditoriyani tezroq tayyorlang. Menga qishloq aholisining soni va majlisga kelganlar soni haqida alohida spravka berasiz. Majlis ishtirokchilarining ro‘yxatini olishni unutmang Ha, bu masalada pripiska* qila ko‘rmang.
Rais bu po‘pisani eshitmaganday lektorni qo‘ltig‘idan olib, iziga qayta boshladi. Ikki oqsoqol bir-biriga savol nazari bilan qaragancha bir oz turdi. Keyin ilojsiz ekanliklarini tan olib, Teshaboy oqsoqol ko‘prik tomon, Tursunali polvon esa uyiga qarab yurdi. Tursunali uch qadam qo‘ygach, raisni chaqirib, to‘xtatdi:
-Rais, to‘xta, akasi aylansin. Beriroq kel. Dakalatchi mehmon, siz sekin boravering. Raisning qulog‘iga aytadigan ikki og‘iz so‘zim bor.
Teshaboy oqsoqol ham to‘xtagan edi Tursunali polvon uni ham yo‘liga to‘g‘rilab yubora qoldi:
-Siz ham boravering, oshnam. To‘yingiz sizsiz huvillab qolmasin,-Rais yaqinlashgach,unga tik qaradi:-Rais bola, sening otang naq o‘g‘il bola edi. Bittagina gapirdimi, tamom, boshqa nari-beri bo‘lmasdi. Omma sen ota o‘g‘il bo‘lmading. Va’dani berib qo‘yib, keyin orqaga qarab...a?
-Tursunali tog‘a, bunaqangi nomardlik bo‘lmadi shekilli?-dedi rais yelka qisib.
-Shekilli? Sening kindigingni kim kesgan bilasanmi?
-Bilaman, sizning birinchi xotiningiz.
-Ha, bilasan. O‘shanda ota o‘g‘il bo‘larsan, deb yanglishgan ekanman. Bunaqa bo‘lishingni bilganimda o‘shanda moyagingni o‘zim kesib tashlardim.
-Obbo... Tog‘a, ba’zan juda oshirib yuborasiz-da. Ayting, gunohim bo‘lsa.
-Yelkangda bir tog‘ ko‘tarolmaydigan gunoh bor, bola. Qani, esla-chi, kimlarni dalaga haydab olib chiqib ishlatmayman, degan eding?
-Ha, umi...-rais aybini bo‘yniga olgan boladay izza chekib yerga qaradi,- Endi... vaziyat ba’zan o‘zgaradi-da.
Rais-ku, aybiga iqror bo‘luvchi o‘quvchi bola xilidan edi, ammo Tursunali polvon gunohni kechiruvchi mehribon o‘qituvchi toifasidan emasdi.
-Yo‘q, sen ayt, kimlar chiqmasligi kerak? Javob ber savolimga!-dedi u jazo tayin ekanidan xabar beruvchi tahdid ovozi bilan.
-Uff... xo‘p... homilador ayollar, emizikli juvonlar...
-Yana?
-Yanami? Kelinchaklar.
-Xo‘sh?
-Aytyapman-ku, vaziyat...
-Vaziyat-paziyatingni bilmayman. Agar qo‘lingdan kelmasa, belbog‘ingni yech-u ishingni yig‘ishtir. Belbog‘siz yurish yarashadi senga. Otangning laqabi «buqa» edi. Laqab tomonidan yaqinligimiz bor, a? Omma senga bu laqab hayf. Bundan buyog‘iga sen g‘unajin bo‘lasan.
-Tog‘a, haqorat qilmang, har narsaning chegarasi bor.
-Haqorat deydi-ya! Bunaqa gaplar oz senga. Izaura degan kinoni ko‘ryapsanmi? Kecha xo‘jayini cho‘ri qizga nima deb do‘q urdi, eshitdingmi? Agar menga tegmasang, dalaga chiqaraman, paxta terasan, dedi. Tushundingmi shunga? Meksika degan tomonlarda hatto qul xotinlar ham dalada ishlamas ekan. Cho‘rining dalada ishlashi bir jazo ekan. Sen-chi?
Kinoni pesh qilasiz-a! Xotinlar ishlamasa, kim ishlaydi dalada? Erkaklaringiz bozordan beri kelmasa. Xotinlaringizning yarmi ikkiqat, yarmi emizikli. Raykom otning kallasiday plan bergan bo‘lsa. Planni Oysha xolam bajaradimi?
-Sen erkaklarga ta’na qilma. Tomorqaga qarab, bozor-o‘char qilmasa, bola-chaqasi och qoladi. Sen beradigan pulga mushuk oftobga chiqmaydi. Sen oshiqcha haq to‘lama, ishlaganiga yarasha to‘g‘ri bergin-chi, bularning qorni to‘ysa, bozorning yuzini ko‘rmaydi. Qishin-yozin dalada bo‘lsa, planingni ortig‘i bilan do‘ndirib bersa-yu cho‘ntagiga hemiri tushmay, ikki qo‘lini burniga tiqib qolaversa.
-Ayb mendami? Bunaqa masalalarni Maskov hal qiladi.
-Maskov hal qilsa, bor o‘sha Maskoviga!. Gorbacheviga kir. Qayta qurlaring, deyapti, senam qayta quraver.
-Sizga gapirish oson, tog‘a...
Rais shunday deb chuqur uf tortdi. Tursunali polvon uning dardini xis etdi. Biroq, sir boy bermay, hujumni davom ettirdi:
-Shunaqami! Unda bilganingni qil. Omma men seni yana bir ogohlantirdim, bola. Agar o‘zingning bilganingdan qolmasang, chaqaloqligingda qilmagan ishimni endi qilaman. Meni bilasan-a, men Gitlerning o‘ziga ham so‘zini bermagan polvon tog‘ang bo‘laman!
Tursunali polvonning do‘q-po‘pisaga yakun yasovchi gapi rais uchun yangilik emas.Bu gapni dastlab eshitganida o‘zicha:“Gitler zap vaqtida zaxar ichib o‘lgan ekan-da, tirikligida bu odamning qo‘liga tushib qolsa, sho‘rini quritishi aniq edi”, deb qo‘ygan edi. Hozir xayolidagi gapni tilga ko‘chirishga shayton bir vasvasa qildi-yu, biroq rais o‘zini tutib oldi. “Xo‘p bo‘ladi, xo‘p”, deb qulluq qildi-da keta boshladi. Tursunali polvon: “dakalatchingni bir balo qilib chalg‘itib, adashtirib kel, bu yerlarda miyani achitmasin”, deb qolaverdi. U bir masalani yecholmay gangidi: bir tomondan hukumat ko‘p farzand ko‘rganlarni “Qahramon ona”, deb ko‘klarga ko‘taryapti. Yana bir tomondan mana bunaqa lektorlarni yuborib, tug‘ishga qarshi targ‘ibot qilyapti. Bu ikki siyosatning qay biri ma’qul, tushunib yetolmadi.
ZANJIRBAND
Rais besh-o‘n qadam qo‘ymay muyulishdan chiqib kelgan Turg‘unaliga ro‘para bo‘lib, to‘xtadi. Kolxozning mohir traktorchisi emas, o‘n uch bolaning otasi sifatida taniqli Turg‘unali qo‘lini qovushtirganicha salom berib, yonlab o‘tib ketmoqchi edi, rais yo‘lini to‘sdi:
-Ha, giroy yigit, yuribsanmi? Kechqurun idoraga bor-chi...
-Nimaga, rais buva?-dedi Turg‘unali hanuz qo‘l qovushtirganicha.
-Nimagaligini bilmaysanmi? Traktorning haqqini to‘lab qo‘yasan.
-Ayb menda emas, rais buva,- dedi Turg‘unali yig‘lamsirab.
-Idoraga boraver-chi, ayb kimdaligini bilib olarmiz, e sendaqa giroydan o‘rgildim.
Rais shunday deb tez-tez yurib ketdi. Qo‘l qovushtirgan Turg‘unali uning izidan mo‘ltillaganicha ko‘z tikib qolaverdi. Tursunali uyiga kirmay unga bir oz qarab turdi-da, keyin chaqirdi.
-Ha, yigitning guli, nima gap?-dedi xuddi hech narsadan xabari yo‘qday.
-Shu raisingiz odamni qon qilib yuboradi-da,-dedi Turg‘unali alam bilan.
-Traktoringga nima bo‘ldi?-Tursunali Turg‘unalining hamon qo‘l qovushtirib turgani sababini bilmaganday unga e’tiborsiz gapirardi.
-Ha, umi?..-Turg‘unali gardanini qashimoqchi edi, qo‘li band ekani esiga tushib, noqulay ahvolda qimirlab oldi.- Hech nima bo‘lmadi. Ertamatan ketyapsam, daraxt ko‘chaning chetginasida turgan edi. Kechqurun qaytayotib qarasam, joyida yo‘q. Daraxt deganingiz yo‘lning qoq o‘rtasida turibdi, deng. Kim ko‘chirib o‘tqazibdi, xayronman.
-Shunaqami? Birov ko‘chirib qo‘yibdimi? U necha yillik chinor, bilasanmi o‘zing? U ekilgan zamonda otang bobongning planida ham yo‘q edi.
“Bular nima uchun gapimga ishonishmaydi-ya?» deb o‘yladi Turg‘unali o‘kinch bilan. Chindan ham u aldamayotgan edi. Chinorning yo‘l chetida ekanini bilardi. Lekin kechqurun qaytishida ro‘parasida ikkita daraxt paydo bo‘lib qoldi. G‘irt mast emasdi, kallasi joyida edi. “Asli daraxt bitta, lekin negadir ko‘zimga ikkita bo‘lib ko‘rinyapti. Qaysi biri haqiyqiysi-yu qaysi biri ko‘zimga ko‘rinyapti?” deb o‘yladi ham. Biroq, savoliga javob topishga ulgurmay, traktori bir nimaga qarsillab urildi. Nazarida haqiqiy chinor daraxti o‘rnidan jilib, uning yo‘liga chiqib olganday bo‘ldi...
-Shunga hayronman-da. Yuz yillik chinorni kim ko‘chirib o‘tqazishi mumkin?-dedi u xo‘rsinib.
-Sen odammisan yo shaytonning bachchasimisan? Meni laqillatmoqchi bo‘lyapsanmi? Senga ichma, ichma deb ming marta aytdimmi yo million martami?
-Million martamas-u... ammo aytgansiz.
-Xo‘p, endi seni nima qilish kerak?
-Bo‘ldi tog‘a, bugundan boshlab bu yog‘i tormoz.
-Sening tormozlaring ko‘payib ketmadimi? Bunaqa yurishingda hayotingga ham tormoz qilib qo‘ymagin?
-Yaxshi nafas qiling-e, tog‘a. Shu deng, bu savil o‘zimga ham yoqmaydi. Lekin oqshomga borganda tomog‘im o‘z-o‘zidan g‘ippa bo‘g‘iladi. Shu savildan bir qultum yutmasam, nafas ololmay qolaman.
-Mahamat qassobning go‘sht osadigan ilgagini ko‘rgansan-a? Bilib qo‘y: yana ichsang, bo‘g‘ilib qoluvchi tomog‘ingdan o‘sha ilgakka ilinasan. O‘sha holda o‘lasan, omma o‘lganingdan keyin ham ko‘mdirmayman. Pashshalarga yem bo‘lib, irib turaverasan. Bo‘yningga «alkashning holi shu» deb yozdirib qo‘yaman. Shunda boshqalarga ibrat bo‘lasan.
-Qo‘ying tog‘a, bunaqa demang. Bollarim bor, uvolimga qolasiz.
-Uvol deydi-ya!-Tursunali polvon achchiqlanib, qo‘lini ko‘tardi. Turg‘unali uning bekorga qo‘l ko‘tarmasligini bilgani uchun bo‘ynini qisib, bukilib oldi. Qo‘lini ko‘targanda Tursunali polvonda chindan ham urib yuborish niyati bor edi. Biroq uning ahvolini ko‘rib, fikridan qaytdi. Ko‘tarilgan qo‘l bekor qaytmasin, debmi, sekingina turtib qo‘ydi. Urgandan turtgan yomon, deganday shu sekingina turtkining o‘zidan Turg‘unali yiqilib tushay dedi. Tursunali uni yelkasidan ushlab, qaddini tikladi:- Seni o‘ldirgan odam savobga qolib, jannatga bepul kiradi. Shu bolalaring bo‘lmaganida, allaqachonla o‘ldirvorardim. Million fashistni o‘ldirgan odamga bittagina sassiq alkashni o‘ldirish nima ekan! Qishloqni pozorlarga qoldirding.
-Tavba qildim, polvon tog‘a. Pirlarim haqqi qasam ichaman.
-E o‘chir-e, o‘zing nimasan-ki, piring nima bo‘lardi. Menga qara, xotining giroy, a? O‘n uchta bolang bor, a?
-O‘n to‘rtta shekilli?-Turg‘unali shunday deb, «adashmadimmi?» deganday Tursunali polvonga tikildi.
-Qanaqasiga o‘n to‘rtta?- Tursunali polvon “nahot men adashdim?” deganday Turg‘unaliga qaradi.
-Qaydam, kecha xotinim diydiyosini o‘qiyotganida «o‘n to‘rtta og‘izga qanday ovqat yetkazib beraman», deganday bo‘luvdi.
-O‘n to‘rtinchi og‘iz o‘zingsan, ahmoq! Agar bu qovoq kallada bir gram aql bo‘lsa, o‘ylab ko‘r-chi, birortasining to‘yini ko‘rdingmi? Ko‘rmading. Xo‘sh, bolalaringning to‘ylarini ko‘rmay, o‘lib ketaverasanmi?
-Nega o‘larkanman?
-Kecha Xudo bir asrabdi-ku? Qani, o‘zing ayt-chi, sen galvarsni Xudo qachongacha asrashi kerak? Xudoning sen ahmoqdan boshqa tashvishi yo‘qmi? Asrab-asrab, bir kunmas bir kun «ol, nima bo‘lsang - bo‘l!» deb yuborsa o‘lasan-qolasan. Ko‘zingni och, bola! Haligi gap - gap. Sening avariy* qilib o‘lishingni poylab o‘tirmayman. Ichdingmi, tamom - osilasan. Ichishni tashlasang, o‘zim senga naqd ming so‘m beraman.
-Shundan kelmaysizmi, nuqul «osaman, osaman» deysiz. Tashlamagan - nomard. Bering mingni.
-Hozirmi?- Tursunali polvon unga «sen jinnimisan yo menmi?» deganday qaradi-da, zaxarli kulib, boshqa gapni aytdi:- Onadan aqlli bo‘lib tug‘ilganmisan, yo ichovrub- ichovrub shunaqa aqlli bo‘lib ketdingmi?
-O‘zingiz aytdingiz-ku?
-Men senga ming so‘m berayinmi? Sen olgin-u Sobitali bilan qo‘shilishib, ikki alkash bir bo‘lib, ikki kunga qoldirmay qurutlaring-a? Sen ahmoqning ahmoq gaplaringga laqqa tushadigan ahmoq otang allaqachon o‘lib ketgan, e, bola!
-Polvon degan nomingiz bor, gapdan qaytmang-da endi.
-Gapdan qaytgan - hajiqiz. Yaqin orada katta qizingni to‘y qilib uzatamiz, pulni o‘shanda olasan.
-Tilingizga asal-e, tog‘a! Sovchilar kelaverib tentagimni chiqazishayotuvdi. Qo‘lim sal kalta, deng. Pulim bo‘lganda ertagayoq to‘y boshlavorardim.
-Kimlardan kelyapti sovchilar?
-Atrof qishloqlardanam bor, raysentrdanam bor. Sherqo‘zidan ham chiqishdi.
Turg‘unalini urib yuborishga tayyor turgan Tursunali polvon bu xabarni eshitgach, sergaklandi, gapining ohangi ham o‘zgardi:
-To‘xta! Sen bola, ular bilan gapni kalta qil. Bu qizni begona qishloqqa bermaysan. Qizing kim, o‘ylab ko‘r-chi? Giroy onaning qizi-ya! Sen zotdor sigiringni boshqa qishloqqa sotgan bo‘larmiding?
Agar boshqa odam bo‘lganida “qanaqa odamsiz o‘zingiz, qizimni sigirga o‘xshatasizmi?” deb ranjishi mumkin edi. Turg‘unali hozir bu qo‘pol o‘xshatishni mulohaza qiladigan ahvolda emasdi. Shu bois soddalik bilan:
-Bunaqa sigirim yo‘q, polvon tog‘a,-dedi.
-Bu bir omadi gap-da. Biz kelajakda giroy bo‘ladigan qizlarimizni begona qishloqqa bermaymiz.
Bu qaror Turg‘unalining ezgin ruhiga qanot berdi, qaddini g‘oz tutdi:
-Unaqada va’dangizdagi mingga yana besh yuz qo‘shasiz,-dedi dadillik bilan. Bu talabni savdolashayotganday emas, balki qarzini undirishga qasd qilgan odam kabi aytdi. Bu talab Tursunali polvonga “Qani, Polvon tog‘a, besh yuz qarzingiz bor edi, cho‘zib qo‘ying-chi!” deganday eshitildi.
-Nega endi?-deb so‘radi polvon, hayronligini yashirmay.
-Raysentr tomonlarda qalin puli ko‘proq, bizda barakasi yo‘q.
-Xo‘p, qo‘shsam qo‘sharman.
Tursunali polvonning osonlik bilan ko‘nishi Turg‘unalida shubha uyg‘otdi.
-Yana bitta gap bor-da?-dedi chaynalib.
Tursunali polvon yana avvalgi do‘q ohangiga ko‘chdi:
-Nima deysan?
-O‘zimizning qishloqdan xaridor yo‘q.
-Bekor aytibsan! Bugun-erta kutasan sovchilarni.
Tursunali polvon shunday degach, Turg‘unalining hamon qo‘l qovushtirib turganini endi sezgandek ajablanib qaradi:
-Ha, yana nima darding bor? Qo‘llaringni tushirsang-chi, juda serta’zim chiqib qolding-ku?
-Qambarali ko‘rinmadimi, tog‘a?-dedi Turg‘unali boshiga og‘ir g‘am tushgan kishi ovozi bilan.
-Uni nima qilasan, tushirsang-chi qo‘lingni.
Turg‘unali ikkilana-ikkilana, oxiri qo‘llarini tushirdi. Shundagina yelkasi osha yenglari orasidan o‘tkazilib, ikki uchiga qulf urilgan zanjir ko‘rindi.
-Bu qanaqasi?-deb so‘radi Tursunali polvon boshini sarak-sarak qilib.
-Qambaralining ishi bu, tog‘a,-dedi Turg‘unali yig‘lamoqdan beri bo‘lib.- Doim menga bir qaynovi ichidagi hazillarini qiladi. Bultur atayin mening nomimga pul to‘lab, «Sobakovodstva» degan jurnal yozdiribdi. Uyimga oyda ikki marta itlar haqidagi jurnal kelaverib, isnodlarga qolib ketdim.
-Laqabing «it» bo‘lganidan keyin naq o‘zingning jurnalingni olgansan-da.
-Siz ham shunaqa deysiz-a!-Turg‘unalining hafsalasi pir bo‘lib, qo‘l siltamoqchi edi, zanjir sharaqlab ketdi.- Kecha ochig‘i... Qambarali bilan ham qittak-qittak otuvdik. Uchib qolgan ekanman, shunda zanjirlab ketibdi-da. Qulfning kaliti o‘shanda.
-Qulfning kaliti menda,-Tursunali polvon shunday deb cho‘ntagidan kalit chiqardi.
-Ie, sizga beribdi-da,-dedi Turg‘unali umidsizlik bilan.
-Sen ahmoqni o‘zim kishanlaganman. Traktoringni daraxtga urganingdan keyin nima qilding, esingdami?
-Esimda. Omon qolganimning xursandchiligiga Xudoga shukur qilib, Qambarali bilan qittak-qittak qildik.
-Keyin-chi?
-Keyin...-Turg‘unali qancha o‘ylanmasin, eslolmadi.
-Keyin uyingga borib, xotiningni urgansan, sen ahmoq! Kalla bormi, senda?! Giroy xotinni urishga senga kim huquq berdi? O‘g‘ling yugurib keldi oldimga.
-Qaysi biri keldi?
-Senga nima farqi bor?
-Otasini qaysi biri sotganini bilib qo‘yay-da?
-Sotqinni hali senga ko‘rsatib qo‘ymayin?!
-Tavba qildim, tog‘a.
-Tavbang qabul emas. Bir hafta shunday yurasan. Senga jazo - shu!
Tursunali polvon shunday deb shart o‘girildi-yu uyiga kirib ketdi. Turg‘unali gulxanga otilgan bechora holida kuyib qolaverdi. “Polvon tog‘am bir hazillashdi-da, hozir chiqib, qulfni yechadi. Odamni qulflash odam qiladigan ishmas-da, axir» degan umidda eshikka umid bilan qarab turdi. Keyin umidi ushalmasligiga ishonch hosil qilgach, o‘ziga o‘zi gapirganicha nari keta boshladi.
-Giroy xotinni urib bo‘lmas emish. E, o‘rgildim, bunaqa hayotdan. Urib bo‘lmasa, og‘zini tikib qo‘y. Tinmay javrashiga o‘zim chidasam ham qulog‘im chidamay ketyapti. Tug‘averib-tug‘averib qoqiday qovjirab qoldi. Qorong‘ida ko‘rsam, kayfim uchib ketadi. Xotinni yangilay desam, bu xo‘jayin,-shunday deb orqasiga o‘girildi-da, Tursunali polvonning eshigiga qarab oldi,- qo‘ymasa kerak. «Giroy xotinni prostoy* xotinga almashtirish mumkinmas», degan zakun chiqarib qo‘yar.
«KAPITAL»NI ZAMONALI YOZMAGAN
Guzarda ovozlar tingach, uyda o‘tiraverib tinkasi qurigan Sobitali Qambarali kelgandir, degan umidda, aniqrog‘i Qambarali va’da qilgan zormandaning umidida eshigini ochib, tashqariga qaradi. Zanjirband Turg‘unalinini ko‘rdi-yu avvaliga qotib qoldi, keyin kulganicha ko‘chaga chiqib, unga ro‘para bo‘ldi:
-Ie, ha, bratan? Bu nimasi? Yangi moda topdingizmi? Zo‘r-ku? Qani, munday aylaning-chi, orqani ham ko‘raylik,-dedi masxara ohangida.
-Masxara qilma, bu o‘zingning boshingda ham bor,-dedi Turg‘unali alam bilan.
-Batkaning qo‘liga tushibsiz-da, a?-dedi Sobitali hamdardlik bilan.
-Shunaqa bo‘lib qoldi,-dedi Turg‘unali xo‘rsinib.- Bundan ko‘ra azroilning qo‘liga tushganim yaxshiroq edi. Yashashning qizig‘i qolmadi, uka. Ichsang - bu ahvol. Giroy xotinni urib bo‘lmasa, u qilib bo‘lmasa, bu qilib bo‘lmasa... E!..
-Aka, gapingiz xuddi Zamonalining gapiga o‘xshaydi. Raykomda nima deganini eshitdingizmi?
-Qaysi Zamonalini aytyapsan?
-Yakkachinorlik suvchi-da. O‘shani qo‘yarda qo‘ymay partiyaga o‘tasan, deb raykomga olib borishibdi. Raykomda aqlli zotlar ko‘p bo‘ladi-da, bechorani turg‘izib qo‘yib, tozza savolga tutishibdi. Bittasi «ichasanmi?» deb so‘rabdi. «Ha», debdi. Ichishini bilasiz-ku, simirvoradi. Mening bir haftaligimni u bittada oladi-yu boshi gramm og‘rimaydi.
-Boshi bo‘lsa og‘riydi-da. O‘sha zo‘ring men bilan ichisha olmagan. Xursanalining to‘yida bormiding? Yarim yo‘lda qoldirib, pach-chag‘ini chiqarib tashlaganman,-dedi Turg‘unali faxrlanib.
-Xo‘p, bu masalani alohida o‘tirib yechamiz. Endi davomini eshiting: xullas, ikkinchi dono «chekasizmi?» deb so‘rabdi. «Chekaman, ho‘lu quruq qaysinisi to‘g‘ri kelsa, olaveraman», debdi. Uchinchisi «Begona xotinlar bilan don olishib turasizmi?» debdi. U «Erkak bo‘lganimizdan keyin sho‘ng‘ib turamiz-da», debdi.
-Shu yerini yana oshirvording. Bunaqa ish kelmaydi uning qo‘lidan.
-Gapni bo‘lmay turing. Xullas, raykom buva «Endi o‘rtoq Sotvoldiev, bu illatlarni tashlaysizmi?» desa, Zamonali «Xo‘p,akasi jonidan, tashlasam tashlay»,debdi. Shunda yana bittasi «Ayting-chi, o‘rtoq, siz partiyaga joningizni bera olasizmi?» deb qolibdi. Zamonali ham tap tortmay: «Berganim bo‘lsin, akasi jonidan, ichmasam, chekmasam, begona xotinlarga qaramasam, menga bunaqa jonning nima keragi bor?» debdi-da. Endi savollar tugadi shekilli, deb chiqmoqchi bo‘lsa, raykom buva «Kapital»ni kim yozgan?» deb so‘rab qolibdi. Zamonali «Mening bunaqa yoz-yoz odatim yo‘q, o‘g‘il bola gap shu: uni men yozmaganman», debdi.
-To‘g‘ri, u yozmagan. Yozadigan bolamas u. «Kapitanni yozgansan» degan bo‘lsa, uchastkovoy kapitanni aytgandir-da. Uni yozsa anavi telpakchi Shokirali yozadi. Kapitan undan cho‘tal olaverib, tentagini chiqarib yuborgan.
-Vey bratan, quloqmi bu o‘zi yo dasturxonchining suprasimi? «Kapitan» emas, «Kapital» degan kitob borakan.
-Kitob? E, qo‘y, Zamonali kitob yozarkanmi? Uch yil armiyada yurib, enasiga bitta xat yozmaganidi. Enasi bechora «bolam o‘lib ketgandir», deb yurgan ekan.
-Zamonali-ku yozmagan, bunisi aniq. Lekin o‘sha kitob raykomga qarshi yozilganga o‘xshaydi. Xullas, raykom buva «bu ishni tekshir», deb milisaga aytibdi. Zamonalini raykomdan to‘g‘ri turmaga tiqib qo‘yishibdi. Ikki kun deganda bo‘yniga olibdi-da. «Kapital»ni men yozganman», deb tilxat beribdi.
-Bo‘yniga olgan bo‘lsa, o‘libdi bola. Endi naq otib yuborishadi.
-Yo‘q, tilxatni olib chiqarib yuborishibdi. Kecha billalashib rosa otganmiz. Turmadan qutulib chiqqanini yuvganmiz.
-Olib qochma, «yozganman» deydi-yu milisa indamaydimi?
-Indolmabdi-da. Raykomga borganida partiyaga qabul qilib qo‘yishgan ekan. Kommunistlarni qamash mumkinmasmish. Keyin kim yozganini raykomning o‘zi aniqlabdi chog‘i.
-Kim yozgan ekan?
-“Marks” deganday bo‘ldiyov.
-Marks yozgan bo‘lsa u bola bechoraga nega osilishadi?
-Ularning ishiga kim tushunardi? Da’vo qilgisi kelsa qilaveradi-da. Vey bratan, bunaqa turishda ezilib ketasiz-ku, kimning ishi bu?
- Kimniki bo‘lardi?.. Xotindi urgan emishman. Giroyni urish mumkinmasmish.
- Shu batka ham juda oshirib yuboradi-da! Kecha menam sal uchib qolgan ekanman, deng, ertamatan qarasam, xotin yo‘q. Uyiga ketib qolganmish. Batka nima deydi? Xotinimni uch taloq qo‘yganmishman. Uchta erga tegmaguncha qaytmasmish.
-Sening ishing oson ekan.
-Nimasi oson?
-Xotining yosh, tegaman, desa uchta er topiladi. Bir oydan tursa, uch oydan keyin yana o‘zingniki-da.
-Vey, bratan, chuldiramang.
-Meniki qiyin, uka, xotinni yarim taloq ham qo‘ya olmayman. Yigirma yillik po‘stakday quruqshab ketgan xotinga it ham qaramaydi. Unga uchta er topilishi qiyin. Kayfchilikda «uch taloqsan» deb yuborgan bo‘lsam, uyim kuyadi.
-Tushunmadim? Topilmasa yaxshi-ku! Taloq bo‘lib yuraveradi, siz boshqasiga shartta uylanib, kayfni suraverasiz.
-Qani edi shunaqa bo‘lsa. Sen mening xotinimni bilmaysan. U - giroy! Tug‘ishga ham giroy, meni piypalab tashlashga ham giroy. Taloq qilsam, onasinikiga jo‘navoradi, deb o‘ylaysanmi? Be, ketib bo‘pti! U mening dumimga chelak bog‘lab haydaydi. Bolalarni ham yonimga qo‘shib beradi. O‘n uchta bolali traxtirchiga birov tegarmidi? Bolalarning ishtonini yuvish bilan kunim o‘taveradi
-O‘zi bollardiyam ja-a ekvorgansizda. Shartmidi shuncha?-dedi Sobitali uning yelkasiga asta mushtlab.
-Shartlikka shartmas-a, omma menga xotinning rosayam tug‘ong‘ichi uchrab qolgan-da,-dedi Turg‘unali afsus bilan.-Eski choponimni yopinib yotsa ham ikkiqat bo‘lib qolaveradi-ya! Sakkizinchisini tuqqanida unga aytdim, «ke, endi qulf urib qo‘ya qol», dedim. Gapimga kirib bir yil tug‘movdi, polvon tog‘ang naq revolyutsiya qilib yubordi-ku? Xotining ikki yilda giroy bo‘lmasa, qishloqdan chiqib ket, yuribsan erkakman deb, shart qo‘ydi.
-Batka zo‘r. Shartni bajarmasangiz yoningizga kirib yotib olishdan ham toymaydi. Batka menga ham shunaqa topshiriq bergan. ¤ringa yotishim bilan batka biqinimdan turtganday bo‘laveradi. Xotin ham xayron. Namuncha aktiv* bo‘lib ketyapsiz, deydi. Batkaning zug‘umidan uning xabari yo‘q-da! Omma sizga yaxshi, endi sizga bunaqa do‘q-po‘pisa yo‘q. Oxirgisi qiz bo‘ldi-a?
-Nega qiz bo‘larkan, o‘g‘il!-dedi Turg‘unali g‘ururlanib.
-Adashmang, qiz edi, bratan.
-Sen qayoqdan bilasan?
-Yangi mehmonni qachon yuvamiz, deganimda «Esing bormi, qizdi ham yuvadimi?» devdingiz. Oti nima, esingizdami?
-Nimaga esimda bo‘lmasakan? Oxirgisi aniq o‘g‘il edi. Xotinim ham aytgan. Otini... hozir aytaman. Dilshodalidan keyin Behzodali, keyin Sherzodali, keyin Shahzodali. Keyin...
-Keyingisi - Voydodali!- o‘zining bu hazili o‘ziga moydek yoqib, huzurlanib kuldi.
-Sen kulma, bola, hozir boshim tars yorilib ketay deb turibdi.
-Bosh og‘riqdan siz gapirmang, men kuymay aka. Qatiq ichuvdim foyda bermadi, dorisini qilmasak bo‘lmaydi, uyda bormi?
-Be, xotin zoti uyda dorini qo‘yib qo‘yarkanmi? Molxonadagi go‘ngning orasiga yashirsam ham topibdi-ku!
-Unda hozir yo‘lini qilamiz. Qambaralining televizori buzilgan ekan. Bugun kun bo‘yi boqadi bizni.
-Kun bo‘yi?
-Yo‘li bor-da. Hozir kiramiz. Televizorini tuzataman. Yuzta-yuztani otvolamiz. Keyin peshinda bizni o‘zi qidirib topadi.
-Qanaqasiga?
-Shunaqasiga. Televizorini peshinga qadar ishlaydigan qilib tuzataman. Televizorning yaxshilab tuzalishi uchun ustani bir kun boqmasa bo‘lmaydi.
Shunday fitnani mo‘ljal qilib turishganda Qambaralining o‘zi kelib qoldi. Batkasining topishirig‘ini tezroq bajarish uchun yugurganmi, it quvigan mushukdek bo‘lmasa-da, har holda xansirardi. Uni ko‘rishi hamon Sobitalining qorong‘i ko‘ngliga chiroq yoqilganday bo‘ldi.
-Qani, akaxon, biz tayyormiz, tuzatamizmi televizorni?-dedi xaloskoriga peshvoz chiqib.
-Yarim soatdan keyin. Bilasan-ku, Batka ekstrenniy majlis chaqirgan.
-Majlis boshqa sho‘rpeshonalarga atalgan. Biz kirib ishni boshlayveraylik.
- «Biz» deysanmi? Bu akamiz ham billa tuzatadilarmi?-Qambarali shunday deb Turg‘unalining yengidan chiqib turgan qulfni o‘ynab, kuldi:- Zo‘r-ku? Muchalingiz buqami, deyman-a?
Ayni damda Qambarali faqat Sobitaliga emas, Turg‘unali uchun ham xaloskor maqomida edi. Shu bois unga iltijo bilan boqib dedi:
-Qambarali, buning kaliti senda emish, a?
-Bu mening ishim emas, aka. Batka aytdi, men zanjir bilan qulf olib kelib berdim xalos.
-Aytsa olib kelaverasanmi? Topolmadim, deb qo‘ysang o‘larmiding?
-Batka topmaganimga qo‘yarmidi? Zavodiga bo‘lsa ham jo‘natardi-ku.
-Endi bir amalla.
-Iloji yo‘q.
-Vey, kalit qidirib yurasizmi, yo egovlaymiz yo arralaymiz, tamom-da!
-Qani, bir urinib ko‘r-chi, zanjirni o‘zingning bo‘yningda ko‘rarsan. Batka o‘zingni egovlaydi, buni tochna bilaman.
Sobitali bilan Turg‘unali boshlariga tushgan dunyo tashvishlaridan qanday qutulishni bilmay garangsib turganlarida Tursunali qishlog‘i erkaklarini isnoddan qutqarib qolish choralarini izlardi. Bu odam tiliga kelgan gapni qaytarmay valaqlayveradi, deguvchilar yanglishishadi. To‘g‘ri, ba’zan shunaqa ham bo‘lib turadi. Ammo majlisda valaqlaydigan odati yo‘q. Har qanday yig‘inga, ayniqsa, o‘zi belgilagan majlisga astoydil tayyorgarlik ko‘radi. Shu bois, Tursunali polvon otasini behurmat qilardi, degan gapga ishonish mumkin-u, biroq, “majlisga befarq edi”, degan gapga inonmaslik kerak. “Majlis – siyosat degani. Siyosatni mensimagan odam o‘zini behurmat qiladi” – uning bu aqidasiga haligacha birov qarshi chiqmagan. Hozir ham majlisda aytadigan gaplarini o‘ylab, pishirib oldi. Egniga yarim harbiy kiyimini kiydi. Jangovor nishonlarini artib, yaltillatdi. Shundan keyingina ko‘cha eshigini ochib, tashqariga chiqdi. U ko‘chada ko‘rinishi bilan Turg‘unalini “kishan”dan ozod qilish masalasi hal etilmay, hammalarining damlari ichlariga tushib ketdi. Tursunali Sobitali bilan Turg‘unaliga gapirib turgan Qambaralini ko‘rgach, achchiqlanib, baqirib berdi:
-Qambar! Nimaga ivirsiyapsan? Anavi alkashlarni yoningga olib, joy tayyorla. Maktabga xabar qildingmi, pionerlarni yuboradigan bo‘lishdimi?
-Bu yog‘i besh bo‘ldi, Batka.
-Hammasi qoidali bo‘lsin. Prezidium qil. Gul qo‘yishni unutma. Xo‘-o‘sh... prezidiumga kimlarni saylaysan, yana dovdirab yurmagin.
- Hammasi tochna bo‘ladi, Batka, siz savsem* havotirlanmang.
-Alkashlarning burnini yerga ishqab ishlat, omma zanjirini yecha ko‘rma. Bir haftaga hukm bo‘lgan, yechding - o‘zing tushasan. Men dakalatimni o‘qib chiqqunimcha hammasi tayyor bo‘lsin,- shunday deb tayinlagach, yana uyiga kirib ketdi.
-Eshitdilaringmi?-dedi Qambarali “ko‘rdilaringmi, menga ham oson emas”, degan ma’noda qarab.- Qani, yurlaring.
-Vey, bratan, biz televizoringni tuzataylik, bizni siyosatga aralashtirma,-dedi Sobitali orqasiga tisarilib.
-O‘lib qolmaysan, uch-to‘rtta ustul tashib berasan, xalos. Sen yur, akamga mayli, uzrli.
Sobitali nochor ravishda unga ergashdi. Turg‘unali yechilmay qolgan qulf tashvishidan bir azoblansa, Qambaralining uyida ichilmay qolgan aroq xumoridan ming azoblanib qolaverdi. Qambaralini insofsiz deymizmi yoki farosatsizmi, har holda Turg‘unalini bu ahvolda tashlab yaxshi ish qilmadi. O‘g‘il bola degan bunaqa bo‘lmaydi-da! “Turg‘unali aka, bosh og‘riqning azobi bizga ham ma’lum, siz menikiga kirib turing, keliningiz bir piyolagina quyib beradi, keyin biz kelib billalashib davom ettiramiz”, desa enasining haqqi ketadimi! Bir qishloqda yashab, bitta ariqning suvini ichgan odamda rahm-shafqat bo‘lmasa, boshqalarga qiyin ekan-da!
FITNA
Turg‘unali dunyodan umidini uzgan chorasiz odam holatida bir-bir bosib soy bo‘yiga bordi-da, tiz cho‘kdi. Odamlar orasida “tushingni suvga ayt!” degan ibora bor. Turg‘unalida suvga aytadigan tushi yo‘q, lekin dardlari bor. O‘zi ham sezmagan ravishda u dardlarini suvga to‘ka boshladi:
-Xudoyim buncha ham meni yomon ko‘rib qolmasa. Bir chekkada o‘sib turgan daraxtni traxtirimning ro‘parasiga keltirib qo‘ysa. Anavi,- shunday deb Tursunali polvonning uyi tomonga qarab qo‘ydi,- og‘zi polvonlarning qo‘liga zanjir-qulfni berib qo‘ysa...
Turg‘unali dardini suvga aytayotgan mahalda «ekstrenniy majlis”ga chorlangan azamatlarnaing eng faollari birin-ketin kela boshladilar. Sultonali, Nurali, Miralilar soy bo‘yida o‘tirgan Turg‘unaliga ajablanib qaradilar. Hamqishloqlarining paydo bo‘lganlarini sezmagan Turg‘unali esa Xudoga bo‘lgan zorini davom ettirdi:
-Ertalab bir qultumgina zormandaga zor qilib qo‘ysa. Xudoga nima yomonlik qilgan ekanman, hayronman. Yuztagina ichaman. Ichamanu yotaman. Birovga zararim tegmasa. Ichishimning nimasi gunoh, hayronman? Aroqni men o‘ylab topibmanmi? Uni Xudoning o‘zi berib qo‘ygan bo‘lsa. Shu Turg‘unali degan bandam traxtir haydayverib, xotinini roddomga tashiyverib ezilib ketdi, yuztagina otib xumordan chiqsin, deb yaratgan bo‘lsa-yu, men ichmayinoq bu dunyodan o‘tib ketsam Xudoga behurmatlik bo‘lmaydimi? Bular hurmat-purmat degan narsani biladimi o‘zi? U deydi, bu deydi... Xo‘-o‘sh... qiyomatda Xudo «Turg‘unalivoy, men yaratib qo‘ygan dorini nazarga ilmadingizmi? Nega yuztagina otib kayfingizni surmadingiz? Aroqning o‘zi xarom emas, kayfi harom», deb qolsa nima degan odam bo‘laman? Xotinim ruxsat bermadi, deymanmi? Xo‘sh, kimning gapi gap? Xotinning gapimi yo Xudoning gapimi? E Xudo, yana bir marta xudoligingni qilgin: nasibamga yana yuz grammgina qo‘sh. Hozir shuni otib olmasam, yorilib o‘laman, o‘zing tovonimga qolasan. Sal o‘zimga kelvolayin, keyin tashlasam tashlay shu zormandani. Lekin... keyin ham «ichaver» desang, yana o‘zing bilasan. Men Xudoning gapini qaytaradigan nomard bola emasman.
Bu hasratni eshitgan hamqishloqlar o‘zlarini tutishga harchand urinishmasin, kulib yubordilar. Turg‘unali bu kulgidan cho‘chib, orqasiga qaradi-yu “bular osmondan tushdilarmi?” deganday garangsib qoldi.
-Ha, Turg‘unali aka, bahay? Tushingizni suvga aytyapsizmi?-dedi Nurali.
-Tush, deysan-a! Hammayoq ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Yashashdiyam qizig‘i qolmadi, uka!-Shunday deb o‘rnidan turgan edi, hamqishloqlarning ko‘zlari qulfga tushdi-yu kulgini avjga chiqardilar.
- Ie, qulflar qulluq bo‘lsin! Kimdan hadya bo‘ldi, aka?-dedi Sultonali.
Turg‘unali “shuni ham bilmaysanmi, nodon”, deganday Tursunali polvonning uyi tomon imlab qo‘ydi:
-Kimdan bo‘lardi...
-E, bundan ranjimang asti. Quvoning akaxon, siz naq Gitlerning o‘zi bilan tenglashibsiz,-dedi Nurali uni yelkasidan quchib.
-Masxara qilma, uka, o‘zi o‘lolmay turibman,-dedi Turg‘unali zorlanib.
-Masxaralaganim yo‘q. Axir polvon tog‘am «Naq Gitlerning qo‘llariga kishan urganman, naq Jukovning o‘zi «Malades, Tursunali!», degan» deb ming marta aytganlar-ku?
- Razvedkaga borishgani-chi?-deb gapga aralashdi Mirali.
- Qani, qani, bu yangisi shekilli?
-Yana latifa to‘qib yuribsanlarmi? Unaqa qilmalaring. Urush hazillashadigan narsa emas,-dedi Turg‘unali norozi ohangda.
-Latifa emas, bo‘lgan gap,-dedi Nurali.-Xullasi, komandir bu ikkala polvonga «Bittagina nemisdi tutib kellaring», deb buyuribdi. Xo‘p, deb ketishibdi. Teshaboy tog‘am yo‘lda «Menga qara, Tursunali oshnam, bittagina nemisdi deb ikkalamiz sandiraqlab borsak uyat emasmi? Bu gap qishloqqa yetib borsa isnod-ku?» debdilar. Bu gap Tursunali tog‘amga ma’qul kelib «To‘g‘ri aytasan, sen shu yerda tura tur. Sen nosdan tashlab olovur. Shu nosdi tupurguningcha bitta nemisdi orqalab kelmasam yurgan ekanman», deb ketibdilar. Shu deng Teshaboy tog‘am nosqovoqdagi bari nosdi chekib tugatsalar ham og‘aynilaridan darak yo‘g‘mish. Bu yog‘i shom tushayotganmish. Shunda tog‘am tushmagur bir tepalikka chiqvolib, «Tursunali, hov Tursunali!» deb baqiribdilar. Polvon tog‘am o‘sha yaqin orada ekanlar, «Ha, nima deysan!» debdilar. «Nemisdi topdingmi?» so‘rabdilar Teshavoy tog‘am. «Ha, topdim», debdilar Tursunali tog‘am. «Nechta topding?» «Ha, to‘rttaginasini topib qo‘ydim.» «Topgan bo‘lsang, opkemaysanmi?» «Oboray desam, bu zang‘arlar meni qo‘yvorishmayapti-da!» deb javob bergan ekanlar.
Nurali to‘qigan bu latifa yangi bo‘lmasa-da, hamrohlari kulishdi. Turg‘unali esa “he, esi yo‘qlar!” deb teskari o‘girildi.
-Ha, Turg‘unali aka, bu gaplarga kulmaysiz ham?-dedi Mirali tegishib.
-Shunaqa ahmoq gapga ham kulaveradimi odam degan,- dedi Turg‘unali unga qaramay.
-Boshqa sabab ham bordir?-dedi Nurali.-Bosh og‘riyatgandir, a?
-Bu gaping ham to‘g‘ri, bosh yorilay deb turganda ko‘ngilga kulgu sig‘ami?
-Yana “boshim qorong‘u”, deng?-dedi Nurali uning biqiniga asta turtib.
-Masxaralama, dedim senga!
Hamqishloqlarga payrov uchun gap topilgan edi. Shu bois Turg‘unalining noroziligiga e’tibor bermay, Sultonali gapni ilib ketdi:
-Boshlari qorong‘umasdir, kecha kechqurun dovdirab yurgan ekanlar, behos “oy ko‘rgan”dirlar. Oy ko‘rganda ham bosh og‘rirmish, a?
-Bu turishlariga qaraganda oy emas, naq enalarini ko‘rganga o‘xshaydilar,-dedi Nurali.
Turg‘unalining astoydil achchiqlanayotganini sezgan Mirali unga yaqinlashib, yelkasiga qo‘lini qo‘ydi-da, huddi mehribon otadek dedi:
-Xafa bo‘lmang, aka, bular ishqi yo‘q - eshshak, dardi yo‘q - kessak. Birovning dardini bilarmidi? Bosh og‘riyotgan bo‘lsa, ilojini qidirmay, bu yerda nima qilib o‘tiribsiz?
Turg‘unali hamdard topilganidan xursand bo‘lib ketdi. Agar hozir qo‘li qulflog‘liq bo‘lmaganida uni quchib olishdan ham toymasdi.
-Sobitali ilojini topuvdi,-dedi u chuqur xo‘rsinib. Agar suvdan ajralgan baliq tilga kirib gapira olsaydi, huddi shu ohangda xasrat qilib, huddi shunday xo‘rsingan bo‘larmidi...Turg‘unali dardini chala qoldirmay, yanada alamli ohangda izoh berdi:- Qambarali unga ustol tashityapti, hozir majlismish.
-Qambaraliga ishondingizmi, u Aldar ko‘saning ustozi-ku? Sizlarni laqillatgan.
-Laqillatsa, televizori tuzalmaydi,-dedi Turg‘unali ishonch bilan.- Sobitali anoyimas. Yarimta quymaguncha ish boshlamaydi.
- Unda uch kishiga bo‘lamiz, meniki ham tortib turibdi,-dedi Mirali uni yelkasidan qattiqroq quchib. Bu taklif Turg‘unaliga ma’qul kelmay o‘zini chetga oldi:
-Sen oraga suqulma. Ichmayman, deb qasam ichgansan. Qasamni buzma, yomon bo‘ladi bola.
-Akajon, tutun qaytarmang endi. Men ichmayman, deb qasam ichgan bo‘lsam, siz Miralini zo‘rlamayman, deb qasam ichmagandirsiz?
-Qo‘y, uka, bu boshqa masala. Biz ichsak yarashadi. Har holda «giroyning eri» degan nomimiz bor. Senam avvaliga xotiningni giroy qilib olgin, so‘ng xurmachangga siqqanicha otavur.
-Mirali, xiralik qilaverma. Sen qo‘shilsang, nasibalari yarimta bo‘ladi,-dedi Sultonali. Bu tanbeh Turg‘unalini bostirib kelayotgan tashvish bulutidan qutqardi. Mirali sherik bo‘lishini pisanda qilganida aroq to‘la piyolani qo‘lidan tortib olganday tuyulgan edi. Sultonalining gapidan keyin bir tomchisi ham isrof bo‘lmay, o‘ziga qaytarib berilganday bo‘ldi.
-To‘g‘ri aytasan, nafsi yomon buning. Nahang baliq ham bunchalik ichmasov,-dedi u Sultonaliga minnatdorlik bilan boqib.
-Buning ichagi to‘g‘ri, tomog‘idan o‘tvolsa bas, u yog‘iga to‘xtash yo‘q,-dedi Nurali uni quvvatlagan bo‘lib.
Ular shu yo‘sin Turg‘unaliga tegishib turishganda soyning narigi tomonida Shoirali paydo bo‘lib, hazillari barham topdi. Shoirali shu qishloqdan chiqqan chala shoirlardan. Chala deyilishining boisi shundaki, unda asli shoirlikka hos uquv yo‘q. Tug‘ilgan chog‘ida otasi kimningdir gapiga kirib unga “Shoirali” deb ism bergan-u bu o‘g‘il ulg‘aygach, “ismim ishimga munosib bo‘lsin”, deb shoirlikni havas qilib, shaharga jo‘nab qolishini hisobga olmagan edi.
Ya’ni, ya’ni, ya’ni!
Ahvolimni ko‘r mani!
Yaxshimi shu, ayt,
Sevganim erga tegib ketgani!
Shoiralining bu satrlar bilan nazm olamiga qanday kira olishini hamqishloqlari bilishmaydi. Ular uchun bittagina dalil bor: Shoirali shaharda shoirlik qilib yuribdi. Ba’zilar shaharga borib biron martabaga erishgach, qishlog‘ini unutib qo‘yar ekan. Lekin Shoirali unaqa nomardlardan emas. Qishlog‘ini hamisha sog‘inib yashaydi. Ayniqsa, cho‘ntak bo‘shab qolganida bu sog‘inch yanada oshadi. Shunda u huddi murid ovlagan pirdek qishlog‘ida paydo bo‘ladi. Shahardagi olamshumul yutuqlaridan gapira-gapira, barchani ishontira-ishontira, hech bo‘lmasa, bir oyga yetgulik mablag‘ bilan qaytadi.
Zo‘r umidlar bilan qishloqqa qadam qo‘ygan Shoirali do‘stlarini ko‘rdi-yu quvonib ketdi:
-Atamanlarga shon-sharaflar bo‘lsin!-deb xitob qildi-da, soydan sakrab o‘tib, ularni bir-bir quchoqlab, ko‘rishdi. Bu orada Qambarali bilan Sobitali stullarni ko‘tarib kelib qolishdi. Shoirali ular bilan ham so‘rashgach, Turg‘unaliga qarab dedi: - Bu ne hol, atamanlar, bir tomonda to‘y, bir tomonda kishanlangan qullar?
-Batkamiz bugun ertalabdan mestniy nasionalniy* motam e’lon qilganlar,-dedi Sultonali kulimsirab.- Endi kishanning sababiga kelsak, birdaniga uchta tug‘dirib xotinni giroy qilish usullarini O‘roqboy akaga shu kishi o‘rgatgan, degan gumonlar bor. Hozir ekstrenniy majlisda bizning masalamiz ko‘riladi.
-Sabab?-dedi Shoirali muhim muammoga duch kelgan kishiday qoshlarini chimirib.
-Sababini o‘zing bilasan, bizdi xotinlar giroylikka nomzod,-deb tushuntirdi Sultonali.- Yana uch-to‘rt harakat qilinsa, xotinlar giroy, bizlar otets-maladesmiz-da! Omma majlisdan picha xavotirim bor. Batka tushmagur xotinlaring srazu uchtadan tug‘sin, deb sotsialistik majburiyat yuklavormasaydi. A, Nurali?
-Otets-malades bo‘lging kelayotgan bo‘lsa o‘zing bo‘laver, omma meni qo‘shma. Batka hali tantanali va’da talab qiladi. Shunda ham sen o‘zing uchun va’da beraver. Meni aralashtirma. Mo‘ljal - beshta edi. Shu Batkaning zug‘umi deb yettitaga olib chiqdim. Bo‘ldi, yetadi.
-Unaqa demagin-da, endi. Erkak odam orqaga qaytmaydi.
-Orqaga qaytmaganning ahvoliga ana, bir qara, holiga maymun achinib, yig‘lab-yig‘lab ado bo‘ladi.
-O‘, zo‘r! Zo‘r tashbih bo‘ldi!- Shoirali shunday deb bir oz o‘ylandi. Bu onda uchib kelgan ilhom parisi burni ustiga qo‘nib, og‘ziga tupurdi shekilli, she’r to‘qib yubora qoldi:- «Turg‘un tog‘a dardida bo‘ldi xarob bu maymun, suvsiz qoldi bu Jayhun, qurib qoldi Oroljon!»
Ilhom parisining esnashidan hosil bo‘lgan bu satrlarni eshitgan Turg‘unalining fig‘oni ko‘kka uchdi:
- Vey bola, sen shoirmisan yo jinnimisan? Sen meni maymunga tenglashtiryapsanmi?
-Hay, hay akam, o‘zingizni bosing. Sizni maymunga qiyos etganim yo‘q. Siz she’r san’atiga tushumaysiz.
-O‘rgildim, o‘zing tushunaver. Senam odammiding...
Shoirali unga norozi qiyofada boqib, e’tiroz bildirmoqchi edi, gapga Sultonali aralashdi:
-To‘xtanglar, g‘alva qilmanglar. Xo‘p, shoir oshnam, bir pasda she’rni ham to‘qib tashlading-a. Nima edi? «Qurib qoldi Oroljon» Oroljoning kim?
Savolga javob qaytarishdan oldin Shoirali unga g‘olib odamning mag‘rur qarashi bilan boqdi:
-Orol - bu dengiz. Jayhun - Amudaryo. Daryoda suv kamayib, dengiz quriyapti, tushundingmi?
-Men-ku tushundim-a, lekin Turg‘unali akaning Orolga nima dahli bor? Bu bechoraning og‘rigan boshiga Oroljoning davomi?
-Sultonali, bilmasang senam gapiraverma,-dedi Nurali ularning bahsiga qo‘shilib.- Hali she’rning davomi bo‘ladi. Davomida Turg‘unali akaning o‘n ikkita o‘g‘li bi-ir choptirib berishsa, Oroljon ham to‘lib qoladi-da. Shoirlarning gaplari ma’noli bo‘ladi.
Ko‘tarib kelgan stullaridan biriga o‘tirib olgancha chala-yarim askiyaga mahliyo bo‘lib o‘tirgan Sobitalini Qambarali turtib, turishga undadi. Sobitaliga bu onda stul tashish azobidan ko‘ra polvon tog‘asidan musht yeb o‘lish azobi osonroq ko‘rinardi. U “nima qilsang qil, turmayman”, deb qo‘l siltagach, Qambarali qulog‘iga “bu ishlar qancha tez tugasa, uyga shuncha tez kiramiz”, deb shivirlab, dunyodagi eng oliy haqiqatdan xabardor qilgach, noiloj o‘rnidan turdi.
Muammolarini yechish bilan band hamqishloqlar esa ularga e’tibor bermadilar. Qambarali ularga “insoflaring bormi, ikkitagina ustol olib chiqsalaring-chi” demadi. Chunki bu qishloqda Tursunali polvondan keyin siyosatni yaxshi tushunadigan ikkinchi ongli odam aynan Qambarali bo‘ladi. Shunday ekan, majlisga chaqirilganlarga ish buyurish siyosiy xato ekaniga uning aqli yetmaydimi?
Nuralining gapi Shoiraliga ma’qul keldi. Gapga mazax aralashganini sezsa ham sir boy bermay, balandparvoz ohangda dedi:
-Gaping haqiqat mezoniga yaqin, do‘stim. Shoirni tushunishni o‘rganish kerak. Mana, «ariqlarning tagida ko‘priklar oqar», deganda nimani tushunasan? Nurali, sen jim tur, manavi tarvuz aytsin, xo‘sh?
-Buning yo‘li oson, oshna. Hozir bir kalla qo‘yib ag‘anatman-da, so‘ng oyog‘ingni osmondan qilib anavi daraxtga bog‘layman. Ana shunda ariqning tagidan oqayotgan ko‘prikni ko‘rasan.
Bu gap Turg‘unaliga ma’qul tushib kulib yuborgan edi, Shoirali unga norozi qiyofada qaradi:
-Ha, akam, siz nimaga tushuna qoldingiz?
-Tushunganim shuki, shoir bola,-dediTurg‘unali,- Sultonali kalla uradigan bo‘lsa, sen ko‘prikni emas, bira yo‘la enangni ko‘ra qolasan.
-O‘rislarning tuzlagan tarvuzida ham bir maza bor-u, ammo senlarda maza-matra yo‘q,-dedi Shoirali hafsalasi pir bo‘lib.- She’r eshitganda kallani ishlatish kerak. «Ariqlarning tagida ko‘priklar oqar», deganda suvga ko‘prikning aksi tushib turibdi, suv toza, ya’ni ekologicheskiy chistiy, ichish mumkin, degani. Ke, qo‘y, shaharda she’riyat asoslari haqida bahslashaverib charchaganman. Bu yerga xordiq chiqargani kelganman. Undan ko‘ra qanday problemalaring* bor, shulardan gapirlaring.
-O‘tgan safar ham «problema» deb boshni achituvding. Esingdan chiqdimi?-dedi Nurali.- Batkadan boshqa problemamiz yo‘q bizning. Shu odamning zug‘umidan qutulsak, sal erkinroq yurardik. Bir nimani o‘ylab topaman, deding-u qorangni o‘chirding. Bitta osh bilan yettita aroqqa tushganimiz qoldi.
-Buncha past ketding, oshingni yeb qochvorganim yo‘q. O‘ylayapman. Endi, birodari aziz, ijod mashaqqatli, qiyin narsa bo‘ladi.
-Batkaning ijodga nima aloqasi bor?
- Sen nima deb o‘ylovding, yo‘l topish ham ijodning bir turi-da!
-Sen mashaqqat-pashaqqatingni qo‘yatur,-dedi Sultonali uni jerkib,- kitobing chiqay dedimi?
-Xudo xohlasa chiqadi,-dedi Shoirali ishonch bilan. Keyin Sultonaliga ma’noli boqib, pichingli ohangda gapini davom ettirdi:- Kitob chiqarish to‘qqiz oyda xotin tug‘dirishday oson ish emas, og‘aynijon. Buning ham mashaqqati bor. O‘tgan haftada shaxsan o‘rtoq Ermatov huzurlariga taklif etib, «kitobingizni birdaniga ikki tomlik qilib chiqaramiz», dedilar. Hozir «Oq sut» degan she’riy roman yozyapman. Tugatishim bilan ikki to‘mlik chiqadi.
-Ermatoving kim?
-Ie, eshitmaganmisan? U - korrektor! Nashriyotning mas’ul xodimlaridan.
- Direktordan ham kattami?
-Shunday desa ham bo‘ladi. Korrektor – «korrespondent rektor» degani. Rektorni bilasan, institutning kattasi. Korrektor institutdan ham katta. Anov-manov odammas.
-Yelkamizga o‘tirib olib, quloqqa tepaver oshna. Bizlar shu qishloqdan bir qadam nariga chiqmaganmiz, shu Batkadan boshqa odamni ko‘rmaganmizam, bilmaymizam.
-Gapimga ishonmayapsanmi?
-Sening gapingga ishonmagan - o‘g‘ri. Faqat zamonning o‘zgarib ketganiga hayronman,-dedi Sultonali.- O‘n yil oldin mening tog‘am ham korrektor bo‘lib ishlardilar. Ertayu kech harf titkilab, xato tekshirib o‘tiradigan eng past lavozim, derdilar. Endi korrektor degani shunaqa katta lavozim bo‘lib ketibdi-da, a?
Shoirali qarasa-ki, gap o‘yinidan latta hidi kelayapti. Sultonali bilan gap talashishning oqibati qanday bo‘lishini boshqalar bilmasa ham u yaxshi biladi. Sal oldin Sultonali “bir kalla qo‘yib ag‘anataman-da...” deganda Shoirali bekorga qalqib ketgani yo‘q. Bir oshxo‘rlikdan so‘ng bu kallaning kuchi qanchalik ekanini o‘zi sinab ko‘rgan. Xushiga kelgandan keyin “Meni moshin-poshin urib yubordimi yo Sultonali kalla qo‘ydimi?” degan savolga anchagacha javob topa olmagan edi. Hozir Sultonalining avzoyi kalla qo‘yish darajasida buzilmagan bo‘lsa-da, achchiqlanib, hech bo‘lmasa tirsagi bilan turtib yuborishi hech gap emas. Shoirali bu noxushlikning oldini olish uchun kuldi-da, uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:
-Bilarmikansan, deb bir hazillashdim-da, oshna. Ermatov deganim nashriyotning bosh direktori bo‘ladi. Kel, qo‘y bularni, problemadan gaplashaylik. Men, ochig‘i Batka problemasini hal qilib kelganman. Oqshomda samovorxonada bitta palovxonto‘rani yasaysanlar, men yechimni senlarga aytaman.
-Avval aytasan,-dedi Nurali qat’iy ohangda.- Tekinni urib, qochvorishga suyaging yo‘q. Bo‘kib o‘lmaganingga hayronman.
-Senlar nizkiy* pastkashsanlar, shuni bilasanlarmi? Qishloqlaringdan bittagina taniqli shoir chiqibdi-ku, bitta oshga tirriqlik qilasanlarmi? Boshqa qishloqlarda shoirlarini boshlariga ko‘tarib yuradilar. Ko‘chalariga nomlarini qo‘yadilar. O‘lganida muzeylar qiladilar.
-Sen oshna, ranjima. Shoirning hurmatini bizlar ham o‘rniga qo‘yishni bilamiz,-Sultonali shunday deb Shoiralining qo‘lini yelkasidan tushirdi- Ishonmasang, shu bugunoq o‘lib bergin, molxonaga sening nomingni bermagan - nomard. O‘ligingni ham xor qilmaymiz. Naq kolxozning qovoqzoriga qo‘yamiz. Yotgan yeringni ziyoratgoh qilib qo‘yamiz. Xotinlar kelib atrofingdagi qovoqlarning palagiga latta bog‘lab ketadi. Pul to‘plab, qovoqlardan haykal yasaymiz.
-Sultonali, shoirni o‘ldirmay tur, topgan gapini aytib olsin,-dedi Nurali kulib.
- Ha, oshnam, o‘lishga shoshilmay turasan. Hozir o‘lsang, rais qovoqzorga qo‘ydirmaydi. Kech kuzni mo‘ljallayver.
-Bo‘ldi qil,-Nurali shunday deb Sultonalining biqiniga turtib qo‘ydi-da, Shoiraliga yuzlandi:- Planingni* aytaver, do‘stim, bunga parvo qilma.
-Batkaning zug‘umidan qutulaman, desalaring...
- «O‘ldirib qutulasanlar», dema. Bunisi bizga to‘g‘ri kelmaydi-,-dedi Sultonali uning gapini bo‘lib..
Shoirali hammaga bir-bir qarab chiqdi-da, olamshumul rejasini tantanavor ohangda bayon qildi:- Gap shu: Batkani uylantirish kerak.
-Uylantirish?
Hammalari kelishib olganday baravariga shunday deyishdi-da, o‘ylanib qolishdi. Bir necha nafaslik sukutdan so‘ng birinchi bo‘lib Nurali tilga kirdi:
-Umuman... yaxshi fikr,-dedi u o‘ychan ravishda.- Lekin kimga? Bu buqaga kim tegadi? Ikkita xotin chidamagan unga. «O‘n ikkita bolaga o‘gay ona bo‘laman», deb kimning ko‘zi uchib turibdi?
-Bu birinchi masala,-deb Sultonali uning gapini tasdiqladi.- Ikkinchi masala - unga kim «uylaning» deydi? Kimning gapiga quloq soladi. Sen aytib ko‘r-chi? «Enangdi opke, uylanaman», demasa, yuzimga tupur.
-Hovliqmalaring. Ikkala masalalaringni ham o‘zim hal qilib beraman. Evaziga palovxonto‘raning yoniga oltita qizil sallaligidan qo‘yasanlar. Bizga uch yulduzligi ham teshib chiqmaydi. Uchtasini billalashib ichamiz. Uchtasini shahardagi birodarlarimga olib ketaman.
-Yaxshi,-dedi Sultonali bu shartga ko‘nib.- eplolmasang, ikki hissa qilib qaytarasan.
-Bunaqa shart qo‘yadigan bo‘lsang, problemaning o‘ta muhimligini inobatga olib, menam shart qo‘yaman: ikkita problemangni yechib berganim uchun ikkita osh, o‘n ikkita qizil sallali bo‘ladi.
-Biz-ku ikkita emas, yigirmata oshni ham eplaymiz,-dedi Nurali.- Sen nimangga ishonib shartlashyapsan? Oshni bitingga qilib berasanmi? Cho‘ntaging teshik bo‘lsa, shu turishingda o‘zingni birov bir tangaga olmasa.
-Men raz* aytdimmi, gapimga otvechat* qilaman. Qani, qo‘lni tashla.
Shunday deb Sultonaliga qo‘l uzatgan edi, u yuzini burdi:
-Men ertalab tahorat qilganman. Sen tahoratni buzasan. Ana, Nurali bilan qo‘l tashlashaver.
Shartning bajarilishiga ishonmasa ham, Nurali qo‘l uzatdi. Tursunali polvonning taqdiri hal bo‘layotgan pallada Sobitali bilan Qambarali “prezidium” deb ataluvchi taxt vazifasini bajarishi lozim bo‘lgan og‘ir stolni olib kelishdi. Bu stol avval kolxoz klubida savlat to‘kib turardi. Klub ta’mirlanib, anjomlar o‘zgargach, Tursunali polvon “ko‘p majlislarga guvoh bo‘lgan tabarruk stol», deb qishlog‘i ixtiyoriga yozdirib olgan edi. Bu stolga Teshaboy ham orzumand edi-ku, ammo g‘aflat bosib kech qolgandi. Shunga qaramasdan, qishlog‘ida majlis o‘tkazadigan bo‘lsa, oshnasidan stolni berib turishni iltimos qilardi. Bu iltimos Tursunali polvonni g‘oyat mamnun qilardi. Stol qo‘lga tekkanda dastlab o‘zining ayvonida turardi. Keyin “odamlar kolxoz stolini o‘ziniki qilib oldi” deb gap tarqatmasinlar, degan o‘yda uni qishloqning etagida turuvchi Shirinalikiga olib borib qo‘ydirdi. Aslida esa... Teshaboy stolni birinchi marta so‘raganida yaqingina yerdan olib chiqib ketaverishi g‘ashini keltirgandi. Ana endi stolni uzoqdan tashib kelishlarini ko‘rsa, yanada rohatlanadi. Biroq, Qambaralining bu boradagi azobi bilan ishi yo‘q.
Stol doim turadigan joyga qo‘yilgach, Sobitali “uf” tortib, peshonasidagi terni kafti bilan artdi:
-Bo‘ldi, bizdi plan bajarildi, enangni haqqiyam qolmadi. Chalasi bo‘lsa, anavilar qilib qo‘yishadi. Endi yur, Batka chiqqunicha televizoringni ko‘rib qo‘yay.
Sobitalini endi ming yalinib bo‘lsa-da, ishga sololmasligini tushungan Qambarali yon bosdi:
-Sen kiraver. Xotinimga aytsang, ko‘rsatadi.
-Nimani ko‘rsatadi?
-Televizor qaerda turganini.
-Televizoring qaerda turishini o‘zim ham bilaman. Sen...
Ko‘cha eshigi ochilib, Tursunali polvon chiqib keldi-yu Sobitali gapini tugatolmadi. Qambarali ham shoshib qoldi.
-Haligi-chi?..- Sobitali tomog‘iga chertib, ishora qildi.
Qambarali “kiraver, aytsang bo‘ldi”, dedi-da, Tursunali polvonga peshvoz chiqdi:
-Batka, hammasi shay.
-Pionerlar kelishadimi?-Tursunali polvon shunday deb yig‘ilganlarga ma’nodor qarab qo‘ydi.
- Qizimdan ayttirvordim. Tochna bilaman, kelishadi.
NOBEL MUKOFOTI
Yig‘ilganlar Tursunali polvon bilan ko‘rishayotgan paytda Turg‘unali Sobitali tomon ilhaq bo‘lib qaradi-yu najotdan darak beruvchi ishorani ko‘riboq o‘sha tomon yo‘rg‘alab qoldi. Salom-alik bilan ovora bo‘lganlar ikki ulfatning qayga g‘oyib bo‘lishganini bilmay ham qolishdi.
- Ha, keldilaringmi?-dedi Tursunali polvon salomlariga alik olgach. Keyin Qambaraliga savol nazari bilan qaradi:- Bahromali qani? Qolganlari qani?
-Tomsuvoqqa loy ag‘darayotgan ekan, yuvinib-taranib hozir kelib qoladi. Boshqalar ham “albatta boramiz, Batkaning majlisini sog‘indik”, deb va’da berishgan.
-Boshqalar-ku, kelib qolishar. Omma Bahromaling majlis tugashiga yetib keladi. Bu imijiqning yurishini ko‘rgan odam asti erkak demaydi. Bu lavashang xotinining ustida ham uxlab qolsa kerak. Buning yoshida odamlarning xotini ikki martalab giroy bo‘lyapti. Bo‘yinturug‘idan tortib boshlab kelishing kerak edi.
-Loyda ekan-da.
-Seni enang chala tuqqan, ishlaring ham chala. Bo‘pti, o‘tirlaring, boshlayveramiz. Ha, shoir bola, seni qaysi tentak shamol uchirdi?
O‘ziga alohida e’tibor ajratilishini kutib chetroqda turgan Shoirali yugurib keldi:
-Assomaykum,polvonlar ichra polvon tog‘ajon!-deb quchoqlamoqchi edi, Tursunali unga qo‘l uzatdi:
-Kitobni chiqarib keldingmi?
- Chiqay deb turibdi.
-Qizil qor yoqqunicha chiqib qolar,-dedi Sultonali unga izoh berib.- Shaxsan korrespondent rektor Ermatov va’da qilibdi.
Tursunali polvon bu pichingni anglamadi:
-Mendan olgan uch yuz so‘mni o‘shanga berdingmi?-deb so‘radi soddalik bilan.
Bu savolni kutmagan Shoirali kalovlanib qoldi. Sultonaliga havotir bilan qarab oldi-da, sir boy bermaslikka harakat qildi:
-Berdim, tog‘a. Shundan so‘ng ish sal yurishdi-da. Kitob chiqaradiganlar bekorga yurmaydigan bo‘lib qolishgan-da.
-Ha, durust. Lekin pulni olganligi haqida Ermatovingdan tilxat keltirib berishing kerak. Bilib qo‘y bola, shu ikki-uch oy ichida kitobni chiqarmasang, bu qishloqda qorangni ko‘rsatma. Bu rayondan shaharga borib shoirlik qiladiganlardan yana bormi?
-Bittagina menman, tog‘a. Yana mayda-chuyda shoirchalar bor-u, omma ular mestniy* shoirlar. Shaharda shoirlik qilish osonmas.
- Batka, bu go‘sxo‘r rayonimizning faxri emishmi?-dedi Sultonali. Tursunali polvon uning bu gapiga e’tibor bermadi:
-Oblastda nechta?-deb so‘radi Shoiralidan.
-Bir-ikkita uchrab qolgani bilan birov tan olmaydi, ular ham mestniy.
-Kitoblari chiqqanmi?
-Ha, endi... shapaloqdekkina chiqqan. Kitob deyishga ham arzimaydi.
-Seniki ikki to‘mlik bo‘ladimi?
Sultonalining avzoyi buzilib, bir nima demoqchi bo‘ldi-yu Tursunali polvonni uylantirish bo‘yicha bergan va’dasi buzilmasin, deb indamadi. Boshqalar ham jim turaverishdi. Bundan ruhlangan Shoirali tormozi yo‘q yolg‘on mashinasini yeldek uchirib ketaverdi.
-Shunaqa va’dalari bor.
-Menga qara, Nobel mukofoti bor ekan-a? Kecha televizorda aytdi, bir yozuvchi olibdi. Bu qanaqa mukofot o‘zi?
-Bumi?-Shoirali «rostdan bilmaydimi yo sinash uchun so‘rayaptimi?” degan o‘yda picha sukut saqlab, so‘ng gapni olib qochishda davom etdi:- Bu - mukofotlarning o‘g‘il bolasi. Naq xo‘rozi deyish ham mumkin. Dunyoda bundan zo‘rrog‘i yo‘q.
-Shoirlarga ham beradimi?
- Beradi, nima edi?
-Sen... o‘sha mukofotni ololasanmi?
Bu qaltis savolga javob berishning oqibati chatoq bo‘lishini sezgan Shoirali Sultonaliga havotir bilan qarab qo‘ydi-da, Tursunalini sal chetga boshladi:
-Olishga davno* olardim-u qo‘l sal kaltalik qilib turibdi, picha xarajati bor-da.
-Bunga ham xarajatmi? Avval kelganingda Lenin mukofoti oladiganman, chiqimi bor ekan, deb yulib ketuvding. Mukofot qani? O‘sha pulning atcheti* qani?
-O‘rtada turgan odam nomardlik qildi. Pulni yeb Maskovga qochvordi. Hozir milisa uni qidiryapti. Bu tomonidan ishni pishirib qo‘yganman. Mukofot kelgusi yili, albatta bo‘ladi.
-Oladigan bo‘lsang, pulini o‘zing yeb ketovurgin-u medalini qishloqqa topshir. Atrofda do‘st-dushman bor.
-Albatta-da! Mening butun o‘y-xayolim qishlog‘imiz obro‘yini butun jahon bo‘ylab taratish-da. Ikki to‘mligim chiqishini amerikalik shoirlar ham kutib turishibdi. Srazu* amerikacha tilga o‘girvorishadigan. «Sherbilak qishlog‘i» deganda hali butun dunyo ta’zim qilib turadi. Sherqo‘ziliklar esa soyning u betida emaklab yuradigan bo‘lib qolishadi. Batka, nima qilay, Nobel mukofotiga harakat qilaveraymi?
Shoiralining qilig‘iga toqat qilolmagan Sultonali ularga yaqin kelib, gaplariga quloq tutdi. Unga orqa qilib turgani sababli Shoirali sezmadi, Tursunali polvon ko‘rsa ham ahamiyat bermadi.
-Xarajati qancha ekan?-deb so‘radi u Shoiralining qarmog‘iga ilinib turganini fahmlamay.
-Mingning atrofida...
Shoirali shunday deyishga dedi-yu «ko‘proq aytvormadimmi?» degan havotirda polvon tog‘asiga qarab qo‘ydi. Ayni damda Tursunali polvonni so‘ralayotgan pulning kam yoki ko‘pligi emas, qishlog‘ining obro‘-e’tibori ko‘proq qiziqtirib turardi.
-O‘rtada turadiganing pishiqmi? Pulni yeb qochvormaydimi?
-Chto siz*, Batka? Bu xalqaro masala-ya!
-Mukofotga beradigan puli qancha?
-Bir-ikki ming bor. Xarajatga kuyib qolmaymiz.
-Gap shu: bu yilgi uzumning pulidan beraman. Omma yeb ketarga emas. Mukofotni olganingdan keyin tiyin-tiyinigacha qaytarasan.
-Ie, mukofot menga kerak emas, Batka. Qishloqning obro‘yi-ku!
-Qishloq senga ko‘p chiqim qildi, bola. Senam qishloqning obro‘yi uchun bir chiqim qilsang qipsan.
Sirli suhbat shu yerga kelganida Sultonali chidolmay gapga aralashdi:
-To‘g‘ri aytasiz, Batka. Shuncha pulni bitta eshakka sarf qilganingizda, shu eshshak kam deganda tsirkning guli bo‘lib ketardi.
Yonida tog‘dek suyanchiq turganidan ruhlangan Shoirali uni jerkib berishga jur’at qildi:
-E, sen nari tur, siyosiy masalaga burningni tiqma.
-Xo‘p, sen endi boraver. Ha, aytmoqchi, bollaring ko‘paydimi?
-Yo‘q, Batka, o‘g‘il bola bir so‘zli bo‘ladi, bilasiz-ku?
-Ha, o‘g‘il bola, hali ham hisob biru nol xotinning foydasigami?-deb piching qildi Sultonali.
-Shaharga ko‘chib ketganing bir tomondan durust bo‘lgan,-dedi Tursunali polvon bosh chayqab.- Erkak nomini ham isnodlarga qoldirding. Hatto otangga ham o‘xsholmading-a? Uchta boladayoq otang bechoraning beli chiqib ketuvdi. Asli senlarning palaklaring buzuq. Xotining qiz tug‘ib to‘g‘ri qilibdi. Sendaqa o‘g‘ildan zurriyot qolmagani yaxshi.
-Unaqa demang, tog‘a. Birinchi xotindan ham bitta bola bor. Bultur Yaltaga borib keluvdim, bu yil menga o‘xshagan bollar tug‘ilayotganmish.
Tursunali polvonga bu hazil yoqmay, peshonasini tirishtirdi-da:
-Aynima, sen bola! Bor endi, bizga halaqit berma,- deb prezidium tomon yurdi. Shoirali unga ergashdi:
-Menam qatnashaman. Shaharlik shoir ishtirok etsa, majlisning nufuzi oshadi.
«EKSTRENNIY MAJLIS»
-Batka, xo‘p deng. Qatnashaversin, majlisdan keyin og‘ziga bittadan tupurib qo‘ysak, zora bizdan yuqib, erkaklar qatoriga qo‘shilib qolsa,-dedi Nurali.
-Bu gaping ham to‘g‘ri. Qani, bo‘ldi, hammang o‘tirlaring. Boshlaymiz,-shunday deb stolga yaqinlashdi-da, uyidan olib chiqqan qog‘ozlarni titkiladi.- Qambarali, beri kel. Manavilari senga,-Qambarali qog‘ozlarni olib, hamma joy-joyiga o‘tirgach, Tursunali polvon ko‘ksidagi nishonlarni to‘g‘rilagan bo‘ldi-da, majlisni boshladi:- Xo‘-o‘sh... Hurmatlu o‘rtoqlar. Sherbilak qishlog‘i erkaklarining ekstrenniy majlisini boshlaymiz. Majlisga taklif qilinganlar asosan kelishdi. Bitta ivirsigani hozir kelib qolar. O‘zi bu bolaning urug‘i ivirsigan. Onasi uni salkam o‘n oy deganda tuqqan. Otasi ham ivirsigan edi. Bahorda shamollasa, kuzga borib aksa urardi. Xo‘-o‘sh... majlisni boshlash haqida kimda qanday taklif bor?
-Kvota* bor. Majlis boshlansin,-deb taklif kiritdi Qambarali o‘tirgan yerida qo‘l ko‘tarib.
-Xo‘-o‘sh o‘rtoqlar, majlis boshlansin, degan taklif tushdi. Kim taklif qabul qilinsin, desa, qo‘l ko‘tarib, ovoz bersin.
Shoirali bilan Qambarali qo‘l ko‘taradi, Nurali, Mirali va Sultonali loqayd holda o‘tiraverishdi. Tursunalining bu bilan ishi yo‘q, qog‘ozdan bosh ko‘tarmay majlisni davom ettirdi:
-Kim qarshi? Yo‘q. Betaraf? Yo‘q. Demak, bir ovozdan qabul qilindi. Xo‘-o‘sh. O‘rtoqlar, endi majlisni olib borish uchun prezidium saylashimiz kerak. Kimda qanday taklif bor?
-Menda,-Qambarali o‘rnidan turib qo‘lidagi qog‘ozga qaraganicha takliflarini ayta boshladi:-Qadrli o‘rtoqlar, menda ikkita taklif bor. Birinchisi - faxriy prezidium. Men o‘rtoq Chernenko boshchiligidagi tseka kepeeses politbuyrosini* faxriy prezidiumga saylashni taklif qilaman.
Tursunali polvon qog‘ozdan bosh ko‘tarmaganicha chapak chaldi, yig‘ilganlar unga qo‘shilishmasa ham e’tibor bermadi:
-Xo‘-o‘sh, o‘rtoqlar, davomli qarsaklaringiz taklifning bir ovozdan qabul qilinishiga dalolat bo‘la oladi. Majlis oxirida o‘rtoq Chernenko boshchiligidagi politbuyroga tabrik xati yuboramiz.
-Tursunali tog‘a, shu yerda picha to‘xtang,-dedi Shoirali o‘rnidan turib.- Chernenko deganingiz ko‘karib chiqqaniga ancha bo‘ldi-ku?
-Batka, Chernenko o‘lganidan keyin kattamiz Gorbachev-ku?-deb uni quvvatladi Sultonali.
-Rosayam orqada qolib ketibsizlar. Eshitmadilaringmi: “mamlakat bo‘ylab qilar yurish - Misha, Raya va qayta qurish!”-Shoirali shunday deb o‘zining gapidan o‘zi huzurlanib kuldi. Bu baytning ruschasini eshitmagan majlis ahli o‘zbekcha ma’nosiga uncha tushunmadi. Shu bois shoirning ma’nodor kulishi bepoyon cho‘lda bir chirillab qo‘ygan chirildoqning ovozi kabi tezgina so‘ndi.
Bu tanbehdan achchiqlangan Tursunali polvon Qambaraliga o‘qrayib qaradi:
-Buyoqqa kel-chi, sen nima baloni o‘qiding? Chernenkoning o‘lganini eshitmaganmiding, galvars?
-Eshitganman-u... omma siz bergan qog‘oz eski ekan-da, o‘ylamay o‘qiyveribman,-dedi Qambarali. Keyin qog‘ozlarini titib, keraklisini topdi:- Ha, mana, yangisi bu yerda ekan. Bunisini tashlab yubora qolayinmi?
-Tashlama,-dedi Tursunali polvon jerkib.- Tarix uchun kerak bo‘ladi. Chernenko davrida ham majlis qilganmiz-ku? Alohida tikib qo‘y,-Qambarali joyiga qaytgach, Tursunali polvon rasmiy ohangda majlisni davom ettirdi:- Xo‘-o‘sh, prizdum haqida kimda qanaqa taklif bor?
-Menda!- yugurish musobaqasiga chiqqanday Shoirali bilan Qambarali baravariga o‘rinlardin turdilar:
-Joyingga o‘tir. Senga mumkin emas, propiskang shaharda,-dedi Tursunali polvon qog‘ozdan ko‘z olishga majbur etgan Shoiraliga norozi qiyofada boqib.
Shoirali esa huddi uning e’tirozini eshitmaganday baralla ovozda xitob qildi:
-Hurmatlu ahli majlis! Men hammamiz uchun hurmatlu bo‘lgan Mixail Sergeevich Gorbachev va Raisa Maksimovna Gorbacheva boshchiligidagi politbyuro a’zolarini majlisning faxriy prezidiumiga saylamoqlikni ko‘tarinki ruhda taklif etaman!
Shunday deb astoydil chapak chalib yubordi. Tursunali polvon bilan Qambarali beihtiyor unga qo‘shildilar.
-Ancha kallali bo‘lib qolibsan, durust,-dedi Tursunali polvon uni alqab.
Bu maqtovdan ruhlangan Shoirali yana bir taklif kiritdi:
-Majlisning xalqaro nufuzini oshirmoq maqsadida faxriy prezidiumga Amerika prezidenti mister Ronald Reygan va Angliya Bosh ministri miss Margaret Tetcher xonimni ham taklif etaman.
- Bunisi ortiqcha,-dedi Tursunali polvon qat’iy tarzda.- Siyosiy majlisga kapitalistlarni aralashtirma.
-Axir majlisning xalqaro ahamiyati bor,-dedi Shoirali bo‘sh kelmay. Fikrining isboti uchun esa izoh berishni lozim topdi:- Shunda majlis qarorini Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yuborish ham mumkin bo‘ladi.
-Bo‘ldi, o‘tir, mahmadanalik qilma,-dedi Tursunali polvon gapni kesib.- Bunaqa masalalarni avval raykom bilan kelishish kerak. O‘tir, deyapman senga! Qambar! Nimaga lallayasan, tur, gapir gapingni!
-¤rtoqlar, men majlisni olib boruvchi ishchi prezidium saylashni taklif etaman. Majlis raisligiga urush va mehnat veterani Tursunali Eshonalievni, kotibligiga Qambarali Zikiralievni.
Tursunali yana qog‘ozga tikilganicha majlisni davom ettirdi:
-Ovozga qo‘yaman: kim za*? Kim qarshi? Kim betaraf? Taklif bir ovozdan taklif qilindi. Saylangan o‘rtoqlarni o‘z joylarini egallashlarini so‘rayman,- Qambarali alohida lutf kutmay yuqoriga chiqib o‘tirgach, majlis o‘z qolipidan chiqmay davom etdi:- Endi kun tartibini belgilaymiz: asosiy masala bitta - «Kommunizm uchun kurashda Sherbilak erkaklarining sustkashligi va unga qarshi kurash choralari». Kimda qo‘shimcha taklif bor? Taklif yo‘q. Qambarali, yozib qo‘y, kun tartibi bir ovozdan tasdiqlandi.
-Reglamentni ham belgilash kerak,- deb luqma tashladi Shoirali. “Reglament” so‘zi Tursunali polvonning qulog‘iga “Reygan” bo‘lib eshitilib, yana tutoqib ketdi:
-Majlisga kapitalistlarni aralashtirma, dedim. Regan-peganingni shaharda saylayver. Qambar, gapir.
-Dakalat uchun so‘z qishlog‘imizning faxri, urush veterani, o‘n ikki bolaning otasi, bir ming to‘qqiz yuz ellik sakkizinchi yildagi rayon partiya konferentsiyasining delegati, o‘rtoq Tursunali Eshonalievga.
Qambarali tantanali ravishda shunday e’lon qilgach, chapak chaldi. Tursunali polvon o‘rnidan turib, nishonlarini silab olgunicha ham chapakni tindirmadi. Qarsagiga hamkorlik qilmayotgan hamqishloqlariga norozi qarab qo‘yishni ham unutmadi. Tursunali polvon qaddini g‘oz tutib o‘tirganlarga mag‘rur ravishda qarab olgach, qog‘ozga tikilganicha nutq boshladi:
-Butun sovet xalqi yelkama-elka turib bashariyatning porloq kelajagini qurish uchun kurash olib borayotgan hozirgi paytda, kolxozimizning yem-xashak tayyorlash bo‘yicha rayonda orqada qolayotgani naq pozordir, o‘rtoqlar.
Shu yerga kelganda Tursunali polvon nimani o‘qiyotganini anglab yetib, qog‘ozdan bosh ko‘tardi-da, Qambaraliga g‘azab bilan qaradi. Qambarali «men bilmasam…» deganday yelka qisdi. Tursunali polvon esa qog‘ozlarni qaytadan qarab chiqa boshladi. Nima gapligini bilib tursa ham Shoiralining qitmirligi tutib, luqma tashladi:
-Erkaklar masalasiga yem-xashakning nima daxli bor?
-Juda daxli borda,-dedi Sultonali.- Em-xashakni qo‘y yeydimi? Semiradimi? So‘yiladimi? Go‘shtini erkaklar yeydimi? Belga quvvatmi? Batka, tanqidni juda to‘g‘ri boshladingiz. Yem-xashak plani bajarilmasa, qishloqda xotinlarning tug‘ishi keskin kamayib ketadi. Sherqo‘ziliklar besh yilga yetadigan xashakni g‘amlab qo‘yishibdi, ularning ishi besh. Shuning uchun ham ularning xotini uchtadan tug‘ib yotibdi.
Qog‘ozlari orasidan keraklisini topa olmay xunob bo‘layotgan Tursunali polvonga keyingi gap yoqmay, Sultonaliga g‘azab bilan qaradi:
-Sen tek o‘tir, mahmadana,-deb baqirdi.- Hali muzokara boshlanmadi. Avval men dakalatimni tugatib olay, so‘ng sen sayraysan.
Harchand urinmasin, qog‘ozlar orasidan keragini topa olmay, jahl bilan nari surdi:
-Xo‘-o‘sh. Gapning po‘skallasi shunday: bugun anavilar,- shunday deb qo‘shni qishloq tomon imladi,- giroy xotinlar masalasida bizga yetib olishibdi. Mendagi danniylarga* qaraganda besh oydan keyin Boltavoyning xotini o‘ninchisini tug‘sa, giroylik bo‘yicha bizdan o‘zib ketadi. O‘shandan keyinam senlar «erkakman», deb qishloqda bosh ko‘tarib yurasanlarmi? Mardi-maydon paxtakorlarimiz ob-havo qiyinchiliklarini yengib, sotsialistik majburiyatlarini bajarayotgan shu dolzarb pallada senlar nima uchun erkaklik planini bajarmaysanlar?
-Bajaryapmiz-ku, tog‘a. Bollardi yettitaga yetkazib qo‘ydik,-dedi Sultonali g‘urur bilan.- Endi to‘xtash yo‘q. Men xotinga aytdim: giroy bo‘lmasang, yetti taloqsan, dedim.
-Sen-chi, Nurali?-deb so‘radi Tursunali polvon
-Biz... o‘ylayapiz.
-O‘ylayapmiz? Nimani o‘ylaysan? Shu o‘ylaydigan ish ekanmi? Sen bola, o‘ylaydigan bo‘lsang kunduzi o‘ylayvergin-u, omma kechasi ishingdan qolma.
-Batka, biz giroylikka yetib borolmasak kerak,-dedi Nurali chorasiz odamning ovozi bilan.
Bu gapni eshitib Tursunali polvon tutab ketayozdi:
-Nima deding? Qani, sen mijg‘ov, bi-ir o‘rningdan tur-chi! To‘g‘risini aytaver, nimaga giroylikka yetib borolmaysan?
-Xudo bergan bu bollarni avval tarbiyalab, katta qilib olaylik, ilm beraylik.
-Malades!-deb uni quvvatladi Shoirali.- Fikring juda to‘g‘ri: sonni ko‘paytirishdan nima foyda bor? Masala - sifatda!
Tursunali g‘azabli nigohini Shoiraliga qadadi:
-Sen mahmadana tek o‘tirsang o‘tirding, bo‘lmasa, majlisdan haydab chiqaraman,-bu tahdid qanday ta’sir etganini kutmay Nuraliga qaradi:- Qani ayting-chi, mulla yigit, bolangiz oltita bo‘lsa o‘qitasiz-u o‘nta bo‘lsa o‘qitolmaysizmi?
Hozirgi tahdiddan to‘g‘ri xulosa chiqarib olmagan Shoirali yana gapga qo‘shildi:
-Batka, masalani bu tarzda qo‘yish siyosiy xato. Mana, o‘rtoq Leninning farzandi bo‘lmagan.
-Sen o‘zingni Leninga tenglashtirma. Lenin revolyutsiya qilaman, deb kechalari xotin bilan gaplashishga fursati bo‘lmagan. Bu - bir. Lenin - barchamizning otamiz, bu - ikki. Shaxsan men o‘rtoq Leninni otam deganman.
-Omma, Batka gapga ham to‘n kiyg‘izvorasiz-da!-dedi Sultonali.- Agar bu gapingiz hozir u dunyodagi otangizning qulog‘iga yetib borsa, onangizni topib, quvib qolar, «Sen la’nati Lenin bilan qachon topishgan eding!» deb.
Birovni «ota» deyishning bunaqa mashmashasi borligini kutmagan Tursunali polvon luqmaga javob topolmay, stolga mushtlab baqirish bilan ularni yengmoqchi bo‘ldi:
-Jim bo‘llaring!-Buyruq ijro etilib, hamma tinchigach, yana Nuraliga qaradi:- Sen ayt: nima uchun xotining giroy bo‘lolmaydi?
-To‘g‘risini aytaymi?
-Ayt.
- To‘g‘risi...-Nurali og‘ir dardini oshkor qilishga qiynalib, chaynalganday bo‘ldi,- bahorda buyragimni shamollatuvdim. O‘shanda ichgan dorilarim kuchlilik qilib, pushtim kuyib ketibdi. Endi mendan bola bo‘lmasakan.
-Shunaqa degin... Yaxshi. Sen menga o‘sha dono do‘xtiringning qog‘ozini olib kelasan.
Nurali Tursunali polvonning zug‘umidan qutilish chorasini izlayotganda bahonasiga javoban shunday topshiriq bo‘lajagini hisobga olgandi. Uning nazarida doktordan qog‘oz olishning murakkabligi yo‘q edi. Quling o‘rgulsin bir sovg‘a evaziga doktordan istagan qog‘ozni yozdirib olish mumkinligini bilmas ekanmi? Shu bois ham dadil javob berdi:
-Olib kelaman.
-Agar rostadanam pushting kuygan bo‘lsa, xotiningni qo‘yasan, bola.
Bunday hukmni kutmagan Nurali angrayib qolayozdi. Tursunali polvon sovg‘a evaziga qog‘oz yozib beruvchi doktor emas. Uning hukmi bilan hazillashib bo‘lmasligini bilgani uchun ham bu safar ovozida qat’iylik sezilmadi:
-Nega qo‘yarkanman?
-Xotiningning nasli toza. U giroy bo‘ladigan zotdan. Uni boshqa birovga ikkinchi xotin qilib bo‘lsa ham olib beraman. Yana to‘rttani tug‘ib giroy bo‘lganidan keyin, istasang, qaytib olaverasan.
-Tog‘a, gap deb gapiraverasizmi!-dedi Nurali alam o‘tida yonib.- Izzatingizni ham biling-da! Hamma narsaning chegarasi bo‘ladi.
-Ha, bilar ekansan, chegara bor. Sening chegarang - xotinni giroy qilish. U yog‘iga o‘tma, mayli.
-Plan - xotinni giroy qilish, u yog‘i sotsialistik majburiyat,-dedi Sultonali kulib.
-O‘lib ketarkanmizda plan deb,-dedi Mirali «uf» tortib.
-Hamma o‘lib ketsa ham, siz o‘lmaysiz, Miraliboy,-dedi Tursunali unga qarab.- Qani, boyvachcha, o‘rinlaridan bir turib yuborsinlar-chi! Xo‘sh, o‘tgan haftada er-xotin nimaga Toshkanga bordilaring?
-Qarindosh-urug‘larni ko‘rgani...
-Toshkanda qarindoshing bor ekanmi, a? Qarindoshing abort qiladigan xotindo‘xtir ekanda, a?
-Unaqa demang-e!-Mirali shunday deb yuzini burdi.
-Sen nima deb yuribsan, bola! Qishloqdan chiqib olsam bas, nimani xohlasam shuni qilaman, birov bilmaydi, deb o‘ylaysanmi? O‘, bola, sen bir mishiqisan, bilib qo‘y. Biz ming kelametr* berida ham Gitlerning nima qilayotganini bilib turardik.
-Majlis ahlidan yana bir dalilga e’tibor berishlarini so‘rayman,-dedi Shoirali.-Gitlerning ham bolasi bo‘lmagan.
-U haromidan bola qolmagani ham durust, sen tek o‘tiraver bola,-Shoiraliga tanbeh bergach, Tursunali polvon yana Miralini nishonga oldi:- Menda tochna danniylar bor. Aslida men seni toshbo‘ron qildirib, o‘ldirvorishim kerak. Qonga - qon, jonga -jon! Bilib qo‘y, bola, sen jallodsan! Xotiningga gapim yo‘q, u bir qo‘y, sen yetaklagansan, u boravergan.
-Polvon tog‘a, bunaqa gap xayolimizga ham kelmagan, kimdan eshitdingiz?
-Rost aytyapsanmi?
- Xudo ursin, shunaqa bo‘lsa.
-Qasam ichma, bola,- Tursunali polvon yon daftarchasini chiqarib, ko‘zdan kechirdi.-Agar aldamayotgan bo‘lsang, o‘n to‘rtinchi fevralda sakkizinchi bolang tug‘ilishi kerak. Bilib qo‘y, hammasi menda uchetda*.
-Bilamiz. Yaqinda to‘shagimiz tagiga ham uchetchik* qo‘yib qo‘yasiz.
- Kerak bo‘lsa, qo‘yaveraman. Qani, bir qadam nari-beri bosib ko‘rlaring-chi!
Sultonali Miralini hujumdan asrash uchun luqma tashladi:
-Batka, agar sherqo‘ziliklar o‘zib ketishadigan bo‘lsa, chorasini topish kerak.
-Chora yo‘q...-Tursunali polvon shunday deb xo‘rsindi. Suhbat mavzuidan bexabar odam hozir uning chehrasiga qarasa, dunyoning butun dardi-hasrati shu cholning yelkasida ekan-da, deb achinishi ham mumkin. Voqean shunday. Tursunalining alhol bundan bo‘lak tashvishi yo‘q. Chorasizlikdan yuragi ezilgan Tursunali polvonning ovozi ham birdan o‘zgardi:- Ikki-uch yil ular birinchi bo‘lishadi. Shunaqa paytda o‘lib qolsam, ko‘zim ochiq ketadi...
Qambarali qo‘l ko‘tarib, o‘rnidan turdi:
-Batka, taklif bor.
-Jo‘yali bo‘lsa, aytovur.
-Biz siyosatdan orqada qolyapmiz. O‘rtoq Gorbachev qayta quringlar, deyaptilar. Qayta quryapmizmi? Jadallashtirish deyaptilar, jadallashtiryapmizmi? Men xotinlarning tug‘ishini tezlatishni taklif qilaman. Ularga to‘qqiz oyda emas, yetti oyda tug‘ish sotsialistik majburiyatini yuklatish kerak.
-Hoy, Qambar, jinni bo‘lganmisan?-Nurali shunday deb baqirib, o‘rnidan beixtiyor turib ketdi.
-Jinni bo‘lganim yo‘q. Hammasi hisobli, bir yarim yilda ikkita bola. Uch yilda to‘rtta. Anavilar,- shunday deb ko‘rsatgich barmog‘i bilan qo‘shni qishloqni ko‘rsatdi,- qiyomatda ham bizga yetolmaydigan bo‘lishadi, bu - bir. Bu yil turmush qurgan yoshlarimiz sakkiz yildayoq giroy bo‘lishadi, bu - ikki. Soyuz bo‘yicha eng yosh giroylar bizning qishloqdan chiqadi, bu - uch. Tug‘ishni jadallashtirish bo‘yicha vsesoyuzniy* malaka oshirish instituti bizning qishloqda ochiladi, bu - to‘rt.
-Sen g‘irt ahmoqsan, bu – besh,- dedi Nurali keyin Tursunali polvonga yuzlandi:- Batka, majlis aynidi. Bu to‘tingizning ovozini o‘chiring. Bo‘lmasa naq jag‘ini yorvoraman.
-Ie, hali shunaqa zo‘r bo‘pketdingizmi? Hali meni ham yorvorarsiz, a?-dedi Tursunali polvon unga g‘azab bilan tikilib.
-Tog‘ajon, jon tog‘ajon, Qambarali yomon taklif aytmadi,-dedi Sultonali vaziyatni yumshatishga urinib:- Jadallashtirish bizga ham yaxshi. Bu tashvishdan tezroq qutulamiz. Omma bu ishning bir chatoq yeri bor-da: agar jadallashsa, ko‘rmi, cho‘loqmi, xullas, qing‘ir-qiyshiq bolalar tug‘ilaveradi. Invalid bolalar ko‘payib ketsa, qishloqqa isnod-ku! Anavilar «cho‘loq qishloq» deb laqab taqashdan ham qaytishmas.
- Bekorlarni aytibsan. Men olti oylikda tug‘ilganman. Ko‘rmanmi yo cho‘loqmanmi?
- Batka, sizning zotingiz toza. Bir oylikda tug‘ilsangiz ham shunaqa malades bo‘lib yurardingiz. Bizlarning iligimiz puch.
-Batka, siz tug‘ilgan zamonda havo toza edi,-deb gapga qo‘shildi Shoirali.- Hamma yangi so‘yilgan qo‘y go‘shti yerdi. Hozir hammayoq ximizatsiya. Qishloqqa kelib ketganimdan keyin bir hafta burnim oqib, badanim qichishib yuradi.
-Endi sen qishloqqa butunlay kelma, bo‘lmasa qichima bilan o‘lib ketasan,-dedi Sultonali.
-Tek! Tek bo‘llaring!-deb Tursunali polvon ularni tartibga chaqirdi.-Bu taklifni do‘xturlar bilan maslaxatlashib, keyin qabul qilamiz.
-Batka, bir taklif bor, omma sizni qoyil qoldiradigan taklif. Aytaveraymi?-deb izn so‘radi Sultonali.
-Ayt.
-Anavilarni yengishning ikkita yo‘li bor. Biri - maktab direktoriga uylanish.
- Nima deding?
- Direktor sakkizta bola bilan beva qolgan. Omma o‘zi mayizdekkina.
-U sherqo‘zilik-ku?
-Ha, o‘zi sherqo‘zilik. Lekin maktab bizning territoriyada-ku*? Direktorlik qilaman, desa sherbilaklikka tegishga majbur. Bizdagi maktabga nega endi boshqa qishloqdan kelib direktor bo‘larkan?
-Sakkizta bolasi bilan uni kim olardi?-dedi Qambarali.
-Oladigan mard topilmasa, mana biz nomard bo‘lsak ham, olaveramiz. Ikkita xotinni birdaniga giroy qilmasam yurgan ekanman, belda belbog‘im bor, deb.
-Taklifing durust, omma bu ishga o‘zingni ro‘para qilma. Sen bittasini evlab turavergin-chi. Unga boshqa odam topamiz-,-dedi Tursunali polvon.
-Erga tegmayman, deb turib olsa-chi?-dedi Qambarali masalani murakkablashtirishga intilib. Tursunali polvon esa bu murakkab masalani osongina yechib bera qoldi:
-Tegmasa, ishdan bo‘shaydi. Maktab bizning qishloqdami, demak, direktor ham shu qishloqlik bo‘lishi shart.
-Batka, o‘zingiz ola qolmaysizmi? Sizdek polvonga, urush va mehnat veteraniga tegmasa, kimga tegadi?
Nuralining bu taklifi e’tiborsiz qolmasin, degan maqsadda Sultonali uni qo‘lladi:
-Ha, kommunist sifatida ham sizga tegishi kerak. Rayon partiya konferentsiyasining delegatiga tegsa yomonmi?
Tursunali polvon bu taklifdan o‘ng‘aysizlandi. Uning-ku, uylangisi bor, faqat bular aytayotgan maktab direktoriga emas, boshqa ayolga. Lekin buni ularga aytsa kalaka qilib yurishar.
-Bu ... lichniy masala. Senlar aralashmalaring bu ishga. Ikkinchi taklifingni ayt.
-Ikkinchisi... pripiska qilish kerakmikin?..
-Qanaqa pripiska?
-Qo‘shib yozish kerak. O‘roqboy akaning xotini uchta tuqqanda bizniki tug‘olmaydimi? Hali giroylikdan uzoqdagilarning bir kunda tug‘ilgan bollarini menikigami yo Nuralinikigami qo‘shib yozdirvoramiz. Xotinlarimiz giroy bo‘lib olishgach, keyin yana tug‘averishadi. Keyin tug‘ilganlarni ularga yozdiramiz. Ya’ni bolani biz nasiyaga olgan bo‘lamiz. Bu yerda hech qanaqa g‘irrom bo‘lmaydi.
-Aljiyapsanmi? Sen birovning bolasini boqasan, birov sening bolangni boqadimi?
-Bollarini hamma o‘zi boqadi. Biz qog‘ozda rasmiylashtirib qo‘yamiz, xalos.
-Nimasiga tushunmayapsiz, batka?-dedi Nurali.- Paxtada bo‘ladigan g‘irromni bu yoqqa ko‘chirmoqchi-da, bu tentak.
-Bu taklifing o‘tmadi, bola. Men g‘irromni yomon ko‘raman. Men O‘roqboyning bollaridan gumon qilib turibman, hali roddomga borib, tekshirib kelaman.
-Majlis majlisday bo‘lsin, taklifni ovozga qo‘ying,-dedi Sultonali o‘jarlik bilan.
-Qo‘ymayman, o‘tmadi bu taklifing.
-Siz demokratiyani buzyapsiz!-Shoirali shunday deb haqiqat talab qilgan edi, o‘ziga yarasha javobni oldi:
-Sen bola demokratiyangni enangning uyida talab qilasan. Bu yerda men raisman. Men nima desam, shu demokratiya bo‘ladi.
Shu payt ko‘chani changitib kelgan yuk mashinasi guzarga kiraverishda to‘xtadi. Mashina tepasidagi to‘rt yigit sakrab tushdilar.
-Ha, nima olib keldilaring?-deb so‘radi Tursunali polvon ulardan.
-Taxta olib keldik. Ko‘prikni kengaytirishimiz kerak ekan. Shuning ustida ertaga dakalatchi gapirarkan.
-Ertaga emas, bugun gapiradi.
-Ertaga qoldirilibdi. Bugun dakalatchi og‘rib qolganmish.
- Haligina baloning o‘qiday edi-ku?- ajablandi Tursunali polvon.
-Oshdan keyinam yuzta otgan ekan-da, botmabdi,-deb izoh berdi ikkinchi yigit.
-Bo‘pti, taxtalaringni qo‘ylaring-da, boraverlaring, bu yerda majlis bo‘lyapti.
-Raisning buyrug‘i nima bo‘ladi?
-Raisning buyrug‘ini men atmenit* qildim. Ertaga kelib o‘rnatasanlar. Dakalatching ertaga o‘ziga keladimi yo yo‘qmi?
-To‘g‘ri aytasiz, tog‘a. O‘qchishi menga yoqmadi. Ertaga dakalat qiladigan turqi yo‘q.
Yigitlar taxtalarni tushirib izlariga qaytishlari bilan baraban tovushi eshitildi. Dam o‘tmay bir bola bayroq ko‘tarib, yana biri barabanni taraqlatib, uch qizcha kuzatuvida guzarda paydo bo‘ldi. Bundan quvongan Tursunali polvon ularni qarsak chalib kutib oldi. Bunday tomoshani ko‘raverib zerikib ketgan majlis ahli esa o‘rnidan jilmay, beparvo kuzatdi.
-O‘rtoqlar,-deb xitob qildi Tursunali polvon tantanavor ohangda,- bizning majlisni tabriklagani kelajagimiz bo‘lgan pionerlar kelishdi. Endi so‘z jajji o‘rinbosarlarimizga.
Barabanchi bola shovqinini bas qilgach, barchalari prezidium oldida saf tortdilar.
-Biz kommunizm quruvchi yosh avlodmiz. Sizlardan o‘rnak olamiz,-dedi qizchalardan biri.
-Quvonaman, mehnatim mening, qo‘shilarkan mehnatiga respublikamning,-deb xitob qildi ikkinchisi. Uchinchisi she’riy satrga o‘tib qo‘ya qoldi:
- Qishlog‘imiz faxridirsiz, Tursunali polvon
Oshavering hamisha tog‘u dovon.
Nasihatlaringiz bizga dori-darmon,
Baxtimizga yuz yil yashang, bo‘ling omon.
-Agar shu odam yana yuz yil yashasa, sen sho‘rliklar ham enalaringni ko‘rib qolasanlar,-dedi Nurali. Uning gapi yuqoridagilarga eshitilmasa ham, Sultonali “tek o‘tir” degan ma’noda turtib qo‘ydi. Pionerlar esa muallimlari chizib bergan yo‘ldan chiqmay, tabriklarini davom ettirishdi:
-Tursunali Eshonaliev nomidagi drujina sovetining qarori: «Sherbilak qishlog‘ining faxri Tursunali Eshonaliev faxriy pionerlikka qabul etilsin!» Drujina, smirno!-dedi qizchalardan biri. Barabanchi tayoqchalarini ishga solib, shovqinni boshladi. Bayroq ko‘targan bolaning burni ayni shu damda oqib qolsa-ya! Burun degani “drujina, smirno!” degan buyruqqa itoat etmasa, bu bola bechora nima qilsin? Qizil bayroqqa artolmasa, ro‘molchasi esa uyda qolgan bo‘lsa... Yengiga artib qo‘ya qoldi. Uning bu ishi Miralining ziyrak nigohidan chetda qolmadi. Chunki uning o‘zi ham bolaligida bayroq ko‘tarardi. O‘shanda ham har bir majlisda Tursunali polvonni qayta-qayta faxriy pionerlikka qabul qilaverishardi. Birortalarining xayoliga “shu mashmashalar shartmi?” degan savol kelmasdi. Ajabki, hozir ham buni o‘ylashmaydi. So‘fining azon chaqirishi qanday shart bo‘lsa, polvon tog‘alarini faxriy pionerlikka tinimsiz ravishda qabul qilaverish ham qishloq uchun odat emas, balki qonun sifatida muhrlanib qolgan edi. Oralaridan birontalari hafsala qilib “faxriy pioner” Tursunali polvon bo‘yniga bog‘langan galstuklar sonini hisoblay olsa edi, ziyoratgohdagi chinor shoxlariga farzandtalab xotinlar bog‘lab ketadigan ro‘molchalardan yuz hissa ko‘proq chiqarmidi? Yaxshiki “faxriy pioner” bu qizil bo‘yinbog‘larni sandiqqa solib yig‘maydi, ertasigayoq galstukni maktabga qaytarib yuboradi.
Navbatdagi galstuk bog‘lanayotganda Qambarali o‘rnidan turib, chapak chala boshladi. O‘tirganlarga “senlaram turlaring, olqishlalaring” deganday imo qildi. Ammo majlis ahlining e’tibori “hayajonli” voqea bilan band bo‘lgani uchun bu imo sezilmay qoldi.
Galstuk taqib bo‘lingach, barabanning taraq-turug‘i tinishi bilan Shoirali o‘tirgan yerida xitob qildi:
-Pionerlar, Sherqo‘zi qishlog‘idan o‘zib ketish uchun bo‘l tayyor!
- Doim tayyor!-deb javob berishda bolalar baravariga.
Siyosiy ongi yetarli darajada baland bo‘lgan Tursunali polvon bu xitob va javobdan norozi bo‘lib:
-Otstavit*!-deb buyruq qildi.- O‘rtoq Lenin ishi uchun kurashga bo‘l tayyor!
-Doim tayyor!-deb baravariga xitob qilishdi bolalar. So‘ng marosimning va’dalar qismiga o‘tishdi:
-Men otam kabi suvchi bo‘lishga,-dedi barabanchi bola.
-Men akam kabi traxtirchi bo‘lishga,-dedi hanuz burnini eplay olmayotgan bayroq ko‘taruvchi bola.
-Men onam kabi «Qahramon ona» bo‘lishga,- dedi qizchalardan biri. Shundan so‘ng barchalari baravariga xitob qildilar:
-Tantanali va’da beramiz!
-Shu ketishlaringda to‘ti bo‘lasanlar, boshqa balo ham bo‘lolmaysanlar. Hech bo‘lmasa bittang o‘qib, olim bo‘laman, desang-chi!-Nurali shunday deb ming‘irlab, jahl bilan qo‘l siltadi. Sultonali yana “tek o‘tir”, deb turtmoqchi edi, tabrik marosimi yakunlanganini bildiruvchi barabanning taraq-turug‘i yangrab qoldi. Bolalar guzarni tark etishlari bilan Tursunali polvon majlisni davom ettirdi:
-Aytganimday, Bahromali kelmadi. Qambarali, unga lichna o‘zing borib ayt: bollarining o‘qishlari pastlab ketibdi, o‘qituvchilar menga shikoyat qilishdi. Senlar ham quloqlaringga quyib ollaring, bollaringni bittasi «uch» olsa ham bola pulini berdirmay qo‘yaman. Giroyning bolasi hamma sohada ham giroy bo‘lishi kerak. Sherbilakdan bitta akademik chiqmasa uning Sherbilakligi qayda qoldi!
-Polvon tog‘a, gapirishga ruhsat eting. Axir partiya s’ezdlarida chet ellik mehmonlar ham gapirishadi-ku?-deb iltimos qildi Shoirali qo‘lini ko‘tarib.
- Xo‘p gapir, faqat cho‘zma.
-Hurmatlu erkak zoti oliylari, mening aziz zamondoshlarim! Savitskaya kabi fazogirlarimiz fazolarni ikki-uch martalab zabt etayotgan mahalda giroylik masalasida oqsayotganingiz kechirarli hol emas. Fashizm ustidan qozonilgan olamshumul g‘alaba haqida televizorda gap bo‘lsa, mening ko‘z oldimga Sherbilakning sher o‘g‘loni Tursunali polvon keladilar va mening qalbim faxr bilan tepadi. Bu yerga kelib esa giroylik masalasidagi g‘oliblikni bir mayda qishloqqa berib qo‘yayotganingizni eshitib, isnoddan yonib ketyapman. Siz kabi erkaklar hozir Everestni zabt etyapti, BAMda shijoat ko‘rsatyapti, sahrolarda shaharlar quryapti. Siz esa issiqqina uyingizda o‘tirib, xotiningizni zabt eta olmayapsiz, vazifangizga mas’uliyatsizlik bilan qarayapsiz. Farzand - hayot gulidir! Bolalik uy bozor, bolasiz uy mozordir! Bola qancha ko‘p bo‘lsa, yurtimiz shuncha obod bo‘ladi. Partiya bizlarni ulug‘ zafarlarga chorlaydi!
Shoirali gapirayotganda Sultonali o‘rnidan turdi-da, birinchi marta ko‘rayotganday boshdan-oyoq razm soldi. So‘ng peshonasini ushlab ko‘rdi:
-Shu gaplarni bizga sen aytyapsanmi?-deb notiqning otashin nutqini shart bo‘ldi:- Tug‘magan xotin homiladorga «doyaning oldida munday yotasan», deb o‘rgatarkan. Sen oldin o‘zingni evla!-shunday deb ko‘kragidan asta itardi:-E, o‘tir joyingga. Batka, taklif bor: majlis yopilsin. Bizlar ham tantanali va’da beramiz: xotinlarimizni giroy qilishga doim tayyormiz!
-Ha, bu boshqa gap,-deb mamnun bo‘ldi Tursunali polvon.- Nurali sen-chi?
-Katta akam va’dani quyuqlashtirib yubordilar-ku, biz qayoqqa ham borardik,-dedi Nurali Sultonaliga norozi qiyofada boqib.
-Yaxshi. Omma, og‘zaki va’dalaring menga o‘tmaydi. Qambarali yozadi, senlar qo‘l qo‘yasanlar. Xo‘p endi majlisni yopishdan oldin seka kepeesesga tabrik tilgrom yuborishimiz kerak. Qambar, o‘qi.
-«Moskva, Kreml, shaxsan o‘rtoq Gorbachevga. Yetib ma’lum bo‘lsinkim, biz kim, serquyosh O‘zbekistonning so‘lim Sherbilak qishlog‘ida yashovchi ahdiga vafodor, sheryurak erkaklari Tursunali polvon raisligida majlis o‘tkazdik va qaror qildik. Sizning dono ko‘rsatmalaringizga amal qilgan holda oiladagi ishlarimizni qayta quramiz va jadallashtirishga erishamiz va sovet xalqining ko‘payishiga o‘zimizning salmoqli hissamizni qo‘shamiz. Imzo: «Sherbilak» qishlog‘ining oqsoqoli, «Za otvagu» medalining egasi Tursunali Eshonaliev.»
-«Tursunali Eshonaliev nomidagi drujinaning faxriy pioneri» deb ham ko‘rsatilsin.
Tursunali polvon Nuralining taklifidagi piching ohangini sezsa ham, jiddiy javob berdi:
-Shart emas. Har bir so‘zga pul to‘lanadi. Ortiqcha harajatga yo‘l qo‘ymayman.
-Gorbachev akamizdan bitta iltimos ham qilib qo‘yaylik,-dedi Sultonali o‘rnidan turib:- O‘nta tuqqanga giroylik beradi-yu bu yoqdagilarga shimildiriq ham yo‘q. Seka qaror chiqarib bersin: o‘nta bolaning otasi «otets-malades» degan medal-pedal oladigan bo‘lsin.
-Bu iltimosni avvalgi telgromda yuborganmiz. Picha kutaylik. Bo‘pti, endi boraverlaring, majlis yopiq.
-Polvon tog‘a, men saldan keyin kelaymi?-deb so‘radi Shoirali ma’nodor ohangda.
-Sen shaharga jo‘naydigan paytingda kel. Hozir pul bersam, anavi tekintomoqlaring bilan ichib, quritasan.
ARMON
Sherbilak qishlog‘idagi navbatdagi majlis shu bilan yakun topib, yig‘ilganlar tarqaldilar. Qambarali odati bo‘yicha qog‘ozlarni tartibga keltira boshladi. Tursunali polvon charchaganini his qilib, stulga o‘tirdi-da, do‘ppisini stol ustiga qo‘ydi.
-Majlis o‘tqazgunimcha ena sutim og‘zimga keldi. Bularga gap uqtirish qiyin-a!-dedi «uf» tortib.- Xotini giroy bo‘lsa o‘zlariga yaxshi-ku? Bolalari katta bo‘lgach, kamida o‘nta to‘y ko‘radi. O‘nta quda! Hazilakam gapmi? O‘lsa ham o‘nta bolasi qator bel bog‘lab turadi. Shoiraling o‘lsa uni kim ko‘madi-yu kim bel bog‘lab turadi. O‘ylaydimi buni ular?
-O‘ylashmaydi, buni tochna bilaman. Shoiralidan tashvish tortmang, Batka, o‘ladigan bo‘lsa, shaharda o‘lik ko‘madigan idora bor, o‘shalar yumaloq-yostiq qilib ko‘maverishadi.
-Unaqa dema-ya!-deb tanbeh berdi Tursunali polvon.-Qulog‘ingdan bo‘lsin, agar mendan keyin shaharda o‘ladigan bo‘lsa, qishloqqqa olib kelib, izzatini joyiga qo‘yib ko‘masanlar. Sherbilaklikning o‘ligi ham shaharda xor bo‘lmasligi kerak,- u shunday deb biroz sukut qildi. Keyin hazinroq ovozda gapini davom ettirdi:- Qambarali, odamlar u-bu deyishadi-yu, omma mening ham naq armonlarim bor-da. Ikkita xotin oldim-a? Ikkovi ham yaxshi edi. Menga mehribon edi. Omma bu nomardlar ishni oxiriga obormay ketvorishdi. Ha, oltitaga chidagan yana to‘rttagina tug‘, keyin mayli, giroy bo‘lib olganingdan keyin xotirjam o‘laver. Ikkala xotinim giroy bo‘lganida bu Sherqo‘zi qishloq deganing oyog‘imning changida yo‘q bo‘lib ketardi.
-Ha, Batka, xotinlaringiz chistiy nomardlik qilishdi. Bo‘lmasa hozir ikki martadan otets-malades bo‘p yurardingiz. Anavi yerga haykalingizni ham o‘rnatardik. Ikkita xotini giroy bo‘lgan erkak zoti bu dunyoda boshqa yo‘qda.
Qambaralining gapi ma’qul kelib, qo‘yilmay qolgan haykalining qanday bo‘lishini ko‘z oldiga keltirib o‘tirganida soyning narigi betida Teshaboy oqsoqol ko‘rindi. Oshnasini ko‘rsa ham ko‘rmaganga olmoqchi edi, uning izidan kelayotgan yigit diqqatini tortib, sergaklandi. Ayniqsa, yigit qo‘lidagi mikrofon uni o‘rnidan turib soy tarafga yurishga majbur etdi. Tursunali polvondagi bu o‘zgarishni sezgan Teshaboy oqsoqol ovozini balandlatib gapira boshladi:
-Bizning Sherqo‘zi qishlog‘imiz faqat rayonda emas, balki oblastda, balki butun respublikada, balki soyuzda birinchilardan hisoblanadi. Qishlog‘imizdan ikkita kandidat nauk, bitta milisa kapitani, ikkita GAI xodimi, o‘n to‘rtta «Qahramon ona» chiqqan,-Teshaboy oqsoqol “Qalaysan endi?” deganday oshnasiga qarab qo‘ydi.
-Bu tomon ham sizning qishlog‘ingizga qaraydimi?deb so‘radi muxbir yigit.
-Yo‘q, bu qo‘shni mayda qishloqcha...
Agar fashist kelib qishlog‘ini pulemyotdan o‘qqa tutsa, balki Tursunali polvonning chidashi mumkin edi-yu, ammo haqorotomuz bu gapni indamaygina tinglashi qiyin edi. U qo‘llarini belga tirab, g‘oz yurish qilib ko‘prik ustiga chiqdi-da, oshnasi unda qolib, muxbirga yuzlandi:
-Hov ukaxon, menga qarang-chi, o‘zlari kim bo‘ladilar?
-Men oblast radiosining muxbiriman,-yigit o‘zini tanishtirdi-yu, biroq Tursunali polvonning vajohatidan cho‘chinqirab “o‘zingiz kimsiz?” deb so‘rashga botinmadi. Bu savol nazari bilan Teshaboy oqsoqolga qaragan edi, oqsoqol javob berishga ulgurmadi.
-Oblastdan muxbir bo‘lsangiz, ilg‘or qishloq turganda baqaqurilloq tomonda nima qilib yuribsiz, qani, o‘ting buyoqqa,-dedi Tursunali polvon buyruq ohangida.
Bu amrdan muxbir ajablangan bo‘lsa, Teshaboy oqosoqol achchiqlandi:
-Nega o‘tar ekan? Bu ukamizga ilg‘or qishloq haqida ocherek* yozing, deb shaxsan obkom buva topshiriq berganlar
-Obkom buvaning esi og‘ib qolmagandir? Teshaboyning ilimiliq qishlog‘ini yoz, demagandir. Qani, muxbir uka, bu yoqqa o‘tsinlar. Ocherekning xo‘rrozini mana, biz tomonda yozasiz.
Muxbir Teshaboy oqsoqolga najot ko‘zi bilan qaragan edi, iltijosi e’tiborsiz qolmadi. Uning o‘rniga oqosoqol javob berdi:
-Qo‘y, oshna, sen bizning ichki ishlarga aralashma. Sen erkaklaringni chaqirib, mobilizatsiya qilaver.
Tursunali polvon oshnasining gapini eshitmaganday yana muxbirga yuzlandi:
-Muxbir uka, shu topgacha mening gapimni birov ikki qilmagan-a! Qani, yaxshilikcha izzatlarini bilib, bu yoqqa o‘tsinlar.
-O‘tmaydilar. Qani, qo‘lingdan nima kelardi?-dedi Teshaboy oqsoqol ovozini balandlatib.
Prezidiumdagi qog‘ozlarni tartibga keltirib bo‘lgan Qambarali agar birinchi marta bunday olishuvga guvoh bo‘lganida edi, shubhasiz, yugurib kelib “Batka”sining yonini olardi. Olishuvning oqibatini bilgani sababli ham tekin tomoshadan lazzat olish uchun stulga bemalol o‘tirib oldi. Tursunali polvon esa hujumni davom ettirdi:
-O‘tmaydimi? Bu bola bilmasa, kimligimni sen bilasan. Agar o‘tmasa, naq peshonasidan otib tashlayman. Uvoliga sen qolasan.
Hazil emas, g‘azab bilan aytilgan bu qarordan muxbirning esxonasi chiqib ketdi:
-Ie, meni otmoqchimilar?-deb Teshaboy oqsoqolga najot bilan qaradi.
-Gaplariga e’tibor bermang,-dedi Teshaboy oqsoqol hotirjam ravishda.- Sal aynib qolgan. Nima bilan otadi? Nosqovog‘i bilanmi?
-Hali shunaqami?-Tursunali polvon shunday dedi-yu shart burilib, uyi tomon yurdi. Olishuv to‘g‘oni buzilganni sezgan Qambarali irg‘ib turdi-da, uning yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi. Tursunali polvon uni bir yon surib, uyiga kirib ketgach, Qambarali esa muxbirga yuzlandi:
-Uka, tez qoching. Bugun Batkaning nastroeniyasi ne to*. Rosmanasiga otib tashlaydi, buni tochna bilaman.
-Senam aynib qolibsan xo‘jangga o‘xshab. Muxbirni otish osonakanmi?-dedi Teshaboy oqsoqol.
-Kim o‘zi bu kishi? Rostanadam... xaligidaqami?-deb so‘radi muxbir.
-Undan ham battar,-dedi Teshaboy oqsoqol. Aslida u oshnasini yomonlab, muxbirni ovutmoqchi edi. Gaplarining muxbirni chulg‘ayotgan qo‘rquv alangasiga moy kabi sepilishini esa o‘ylamadi.- Shaytonni yig‘latgan odamni eshitmaganmisiz? Shu odam shayton bilan birga sherikchilikka ekin ekadigan bo‘libdi. Shayton «erning ustidagisi seniki, tagidagisi meniki», degan ekan, bu odam bug‘doy ekib, shaytonni dog‘da qoldiribdi. Kelasi yili shayton alamimni olaman, deb, «tepasi meniki, pasti seniki», deb shartlashsa, bu odam lavlagi eksa deng. Shunda shayton xo‘ng-xo‘ng yig‘lab, Xudoga nola qilibdi: «Ey Xudo, meni odamlarni yo‘ldan urgin, deb yaratgan eding. Bu odam bor ekan, meni yaratib nima qilarding?» dermish. Tushundingizmi, bu bor joyda shaytonga ham kun yo‘q.
U gapini tugatishga ulgurmay, Tursunali polvon ov miltig‘ini ko‘tarib chiqdi. Miltiqning o‘qlanmagani polvonning o‘zi-yu Xudogagina ma’lum, bu yoqdagilar esa xabarsiz edilar. Shu bois uchchovlari chinakamiga dovdirib qolishdi.
-Qani, o‘tasanmi yo peshonangdan daricha ochayinmi?-deb po‘pisasini yanada kuchaytirdi Tursunali polvon.
Qaysi muxbir jonidan to‘yibdi-ki, bu muxbir yigit to‘ysin? Bitta qishloqni maqtashdan bo‘yin tovlab, ko‘ksini o‘qqa tutib beradigan ahmoq muxbir hali tug‘ilganicha yo‘q. Kasbi maqtashdan iborat bo‘lganidan keyin kim tutun qaytarar ekan? Bu nochor muxbir bu nodon polvonga “qishlog‘ingizni maqtamayman”, degani yo‘q-ku? Miltiq o‘qtalgani nimasi? Muxbir mana shungagina hayron. Lekin davomli ravishda hayron bo‘lishga haqqi yo‘qligini tezgina anglab yetib, ko‘prik sari qadam tashladi:
-O‘tyapman, tog‘a...
Qambarali vaziyatni yumshatish maqsadida uni darrov qo‘llab yubordi:
-Batka, esli bola ekan bu muxbir. O‘ziyam endi o‘taman, deb turuvdi.
Qaysar Teshaboy esa muxbirning yo‘lini to‘sdi. Otib, qamalib ketadigan Tursunali polvon bo‘lsa, bitta o‘q bilan u dunyoga jo‘navoradigan bu muxbir bo‘lsa, Teshaboy oqsoqolga nima qayg‘u? Unga muhimi – qishlog‘ining obro‘yini saqlab qolish. “Sherqo‘zini maqtagani kelgan muxbir aynib, Sherbilakni ko‘klarga ko‘tarib ketibdi”, degan isnodga chidash mumkinmi? Teshaboy oqsoqol miltiqning o‘qlanmaganini aniq bilmasa ham tavakkal qildi:
-O‘tmaysiz. Nima bor sizga u qishloqchada?-dedi muxbirga.- Qo‘rqmang, miltig‘ining o‘qi yo‘q. Miltig‘iyam o‘ziga o‘xshab qolgan. Mo‘ljalni ham ololmaydi. To‘rt yil urushda yurib, bitta nemisni ham eplab otolmagan.
-O‘q yo‘qmi? Yaxshi. Bilib qo‘y, ikkita o‘qim bor. Omma ikkovingni bitta o‘q bilan baravariga qulataman. Bir batalon nemisni tekislab tashlaganimni unutibsan-da, a? Manavi medalni nimaga berishuvdi, amma-xolangni quchoqlab o‘pganimgami?
-Teshaboy tog‘a, bo‘ldi hazillashmang, o‘qlari bor, o‘zim ko‘rganman,-dedi Qambarali astoydil sarosimaga tushib.- Uka, siz o‘tavering.
-Ha, ha, o‘tyapman...-dedi muxbir shoshib. Biroq, bir qadam qo‘yishga ham ulgurmadi, Teshaboy oqsoqol: “O‘tmaysiz!”, deb qo‘lidan ushlab oldi:
-Avzoyilar... chatoq, o‘ta qolay,-dedi muxbir yalinib.
-Qo‘rqyapsizmi? Qani, otib ko‘rsin-chi! Agar u sizni otsa, unikiga keladigan muxbirni menam otib tashlayman.
-Tog‘a, murosa qilaylik, ikkala qishloq haqida baravar yozaman.
-Murosa yo‘q!-dedi Tursunali polvon ahdining qat’iy ekanini anglatish uchun sensirashga o‘tdi:- Endi bu baqaning qishlog‘ini yozmaysan, faqat Sherbilakni yozasan.
Olishuv Tursunali polvonning foydasiga hal bo‘lay deb turganda Qambaralining uyi tomondan jo‘r ovozda aytilayotgan ashula eshitildi:
Men sevaman, sen sevasanmi,
Bog‘ sayriga kelasanmi...
Ashula ovozini eshitgan Tursunali polvon savol nazari bilan Qambaraliga qaradi. Qambarali “hech narsadan xabarim yo‘q”, deganday yelka qisdi. Xuddi shu onda uning eshigi ochilib, bir-birlarining yelkalariga qo‘l tashlagan Sobitali bilan Turg‘unali chiqib keldilar. Soy bo‘yidagi mashmashadan bexabar bu ikki sarxush ashulani vang qo‘yib, lazzatlanardilar.
Bu manzarani ko‘rgan Teshaboy oqsoqolning yuzini mamnunlik kulgisi silab o‘tdi.
-Ha, ha, o‘ting uka, o‘tavering. Anovlarni bi-ir yozing. Ko‘rdingizmi, bu qishloqning hammasi shunaqa alkash. Yozing shularni, respublika bilib qo‘ysin!-dedi g‘olib odamning ovozida.
Tursunali polvon bu yerda nima maqsadda turganini unutdi. Qambaraliga g‘azab bilan tikildi:
-Qambar, bularni kim ichirdi?
- Bilmayman, Batka.
- Senikidan chiqishdi-ku?
-Televizorimni tuzatmoqchi edi, boshqasini tochna bilmayman.
-Anavi giroyning zanjirini kim yechdi? Hali seniyam kuningni ko‘rsataman, bola!- Tursunali polvon shunday deb sarxush jo‘rovozlar sari tez-tez yurdi:
-Ha, uying kuymagurlar! To‘xtalaring, ovozlaringni o‘chir! Qo‘lingni ko‘tar!
Miltiq ko‘tarib kelayotgan Tursunali polvonni ko‘rib, Turg‘unalining esxonasi chiqib ketdi. Buyruqqa itoat etib, qo‘lini ko‘tarmoqchi edi, muvozanatni saqlay olmay, yiqilib tushdi. Dunyo lazzatidan rohatlanayotgan Sobitali esa bu dag‘dag‘aga parvo ham qilmadi:
-Qo‘lni ko‘tarmayman, Batka! Men erkin odamman! Nima, otmoqchimisiz? Pajaliska*, otavering,-shunday deb ko‘kragini ochdi.-Bag‘rimni g‘alvir qilib tashlang. O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim! Oting, tog‘ajon, meni otsangiz pryamoy* jannatga tushasiz.
Bu dadillikni kutmagan Tursunali to‘xtab, miltiqni tushirdi.
-Esi og‘ib qolibdimi?
-Beliy goryachka* bo‘lganga o‘xshayapti,-deb darrovgina tashhis qo‘yib qo‘ya qoldi Qambarali. Lekin bu tashhis Tursunali polvonga ma’qul kelmadi:
-Yo‘-o‘q. Beliy goryachka bo‘lsa, indamay borib o‘zini osardi. Buning «meni oting!» deb bo‘kirib, menga sapchiyapti-ya!. Buning kasali «cherniy goryachka» o‘zbekchasiga «qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar» degani. Qarab turgin, men uni bir pasda tuzataman. Sen kechagi zanjir bilan qulfni topib kel-chi.
Qambarali buyruqni tezlik bilan bajarish maqsadida yugurganicha uyiga kirib ketdi. Tursunali esa miltiqni devorga suyab qo‘yib ularga yaqin keldi:
-Sobitali, o‘zingni bos, uka. Men duch kelgan odamni otadigan telba emasman. Urushda ham faqat nemisning ahmog‘ini topib, tanlab-tanlab otganman. Aqllilariga tegmaganman. Ana o‘shalar hozir yaxshi-yaxshi kastum, to‘fli ishlab, bizlarga yuborib turishibdi. Senga yomonligim yo‘q, uka. Televizorim buzilsa, tekinga tuzatib berasan-u men seni otamanmi? Men otang bilan ulfat edim. Omma peshindan keyin bi-ir ayniydigan odati bor edi, rahmatlining. Sen undan ham o‘tib ketding. Peshinni kutmay, ertalabdanoq aynib berasan. Omma seni tuzatsa bo‘ladi. Kasalingning davosi bor. Bir haftada otdek bo‘lib ketasan.
Yumshoqlik bilan, nasihat ohangida aytilgan bu gaplarni eshitib, Sobitali sergak tortdi:
-Nima qilmoqchisiz?- Tursunali polvon javob berishga ulgurmadi. Sobitali uyidan zanjir ko‘tarib chiqayotgan Qambaralini ko‘rdi-yu qanday hukmga mubtalo bo‘lganini anglab, tavba-tazarruga o‘tdi: -Tog‘ajon, kechiring, boshqa bo‘lmaydi.
-Boshqa bo‘lmasligi aniq,-dedi Tursunali polvon. Keyin Turg‘unalini chaqirdi:- Qani, hov katta alkash, bi-ir o‘rinlaridan turib, beri kelvorsinlar-chi!
Turg‘unali arang o‘rnidan turib, tetapoya qilayotgan boladay bir-ikki qadam bosdi:
-Batka, mening savsem aybim yo‘q. Manov maraz meni zo‘rladi. Ichmayman, devdim yotqizvolib og‘zimdan quydi,-shunday deb yaqinlashishga botinmay to‘xtadi.
-Beri kel, dedim!
Turg‘unali ishtonini ho‘l qilib qo‘ygan bola ahvolida yaqin kelgach, Tursunali polvon Qambaraliga imo qildi-da, hozirgina dunyo ne’matidan mamnun ravishda jo‘rovozlikda qo‘shiq aytayotgan hamshishalarni juftlab quchoqlab oldi. Ikkovi qanchalik qarshilik bildirmasin, urinmasin, uning baquvvat qo‘llaridan bo‘shab chiqisha olishmadi. Qambarali esa o‘ziga tegishli topshiriqni bekami-ko‘st bajardi: ikkovini qo‘shib zanjiriband etdi. Bu manzarani kuzatib turgan muxbir yigit Tursunali polvonning “otaman!” degani shunchaki po‘pisa emasligiga aqli yetib, izzati borida jo‘nab qolishga qaror qildi-da, tisarildi.
-Ha, uka, yo‘l bo‘lsin?-dedi Teshaboy oqsoqol.
-Men bora qolay, keyin bafurja yozib ketarman.
-Bulardan qo‘rqmang. Shunaqa jinnilik qilib turishadi-yu boshqalarga tashlanishmaydi. Xavfsiz jinnilar. Qani, yuring, samovorxonada otamlashamiz.
-Qo‘rqayotganim yo‘q... faqat... lentam tugab qolibdi. Boshqa kelaman,-muxbir shunday dedi-da, orqasiga o‘girilib, tez-tez yurib ketdi.
Teshaboy oqsoqol “attang!” deganicha qolaverdi. Aslida, muxbir yigit bilan samovorxonada gaplashsa ham bo‘laverardi. Qo‘shni qishloq ham bilib qo‘ysin, degan manmanlikda bu yerga boshlab kelgan edi. Muxbirni osonlikcha chaqirmagandi. Endi qachon keladi-yu... Ishxonadagilarga ko‘rganlarini dasturxon qilib yozsa, bu tomonlarga ikki dunyoda muxbir zoti qadam bosmaydigan bo‘ladi. Oblastdagi nechta qishloq samovorxonada osh damlab, ularning kelishiga mahtal bo‘lib o‘tirishganda g‘alvajoyga kelisharmidi? Tursunboy oqsoqol qilib qo‘ygan ishidan pushaymon bo‘lsa-da, ayb yukini o‘z bo‘yniga olgisi kelmay, ko‘prikka yaqinlashdi-da, oshnasiga qarab baqirdi:
-Xov xo‘kiz! Xo‘kiz, deyapman! E, o‘kirmay o‘lmagin sen! Muxbirni cho‘chitib yubording-a! Indamaganingda to‘rt-besh oydan keyin kelib, seni ham yozib ketardi. Endi o‘zing ham quruq qolding.
-Muxbiring ham o‘zingga o‘xshash qurilloq ekan. Muxbirlarning xo‘rozini ertaga ko‘rasan. Toshkanga borib, o‘zim boshlab kelaman. Ilg‘or qishloqning qanaqa bo‘lishini o‘shanda ko‘rasan,-dedi Tursunali polvon unga qarab.
-Agar shu kelgan muxbir bola qishlog‘imni yozmasa, bilasanmi, seni nima qilaman?
-Qo‘lingdan nima kelardi?
-Qo‘limdan nima kelishini hali bilmaysanmi? Gaz quvuring mening qishlog‘imdan o‘tganini unutdingmi? Shu bugunoq gazni o‘chirtirib qo‘yaman. O‘tiraver tappi yoqib.
-Voy-bo‘, juda-a qo‘rqitib yubording-ku! Gazni o‘chirasanmi? Elektr siming qaerdan o‘tganini senam unutmagin-a? Sen gazni buragan minutingda men elektrni o‘chiraman.
Teshaboy oqsoqol gazni o‘chira olmasligini bilsa-da, po‘pisa uchun aytgan edi. Ikkala qishloqqa qaraydigan montyorning Sherbilakda yashashini, Tursunali polvon po‘pisa qilib o‘tirmay shart o‘chirtirib qo‘yishdan ham toymasligini hisobga olmagan edi. Shu sababli uning “Ko‘ramiz hali!” deganicha iziga qaytishdan boshqa chorasi qolmadi.
-Batka, elektrni o‘chiramiz, deb bekor aytdingiz,-dedi Qambarali Teshaboy oqsoqol ketgach.
-Men bir narsa desam, bilib aytaman.
-To‘g‘ri-yu lekin...elektrni o‘chirsangiz... bollari tez uxlaydi. Bu yog‘i jadallashib ketadi-ku? Keyin tug‘ishda bularga yetib bo‘lmay qoladi.
-Bu yog‘idan havotir olma, elektrni o‘chiramiz-da, besh-o‘nta projektorni ro‘para qilib qo‘yamiz, kechasi bilan uxlamay chiqishadi.
-Buni zo‘r o‘ylabsiz, beliy noch* qilib qo‘yish kerak.
Tursunali pishillayotgan qo‘shovozlarga e’tibor bermay uyi tomon yurgan edi, Sobitali zorlandi:
-Polvon tog‘a, tavba qildik, rahmingiz kelsin.
-Mening rahmim bir haftadan keyin keladi. Ungacha achomlashib yuraverlaring. Aslida basharalaringga qora surtib, eshakka teskari mindirib, sazoyi qildirishim kerak edi.
-Batka, aslida shunaqa qilganingiz tuzuk,-dedi Qambarali.
-Sheriklaringga achinyapsanmi? Seniyam qo‘shib bog‘lashim kerak edi-yu ayadim. Bularni sen ichirgansan.
-Men ichirganim yo‘q, televizor tuzatgani kirib, mehmonga atab qo‘yganimni topib, quritishibdi. Televizorni tuzatmabdi bu nokas. Aslida ikki haftaga bog‘lab qo‘ysangiz ham bo‘lardi. Lekin... bu ahvolda... hojatga ham borisholmaydi. Keyin... uyati ham bor-da... Qishlog‘imizga ikkita mayda qadam yetishmay turuvdi. Keyin... xotinlari ham qo‘yib qo‘ymas bu ahvolda?
-Batka, eshakka mindira qoling,-deb yana zorlandi Sobitali.- Bu ahvolga xotinlarimiz chidasholmaydi, revolusiya* qilib yuborishadi. Ular bir hafta ersiz yotishga o‘rganishmagan. Emaklab bo‘lsa ham uyga yetib kelardik.
Bu haqiqat Tursunali polvonni o‘ylashga va jazo turini o‘zgartirishga majbur etdi.
-Bor, ikkita yag‘ir eshak topib kel,-deb buyurdi Qambaraliga.- Manavi palagi buzuqning katta enasi sherqo‘zilik edi, eshak minib enasining qishlog‘ini bi-ir ziyorat qilib chiqsin.
Qambarali buyruqni bajarishga shaylangan edi, guzar tomonga shoshilib kelayotgan Mavjudani ko‘rib, to‘xtadi. Turg‘unali xotini kelayotgan tomonga orqa bilan turgan edi. Shu bois Mavjuda uni ko‘rmay, Tursunali polvonga da’vo qildi:
-Qani, qani mening erim?
Mavjudani ko‘rgan Sobitalining chehrasi yorishdi. Mavjuda uning ko‘ziga o‘lim azobidan qutqarib qoluvchi farishta qiyofasida ko‘rindi.
-Tog‘a, asirlarni ozod qilavering, revolusiya boshlandi,-dedi u quvonch bilan.
Mavjuda Tursunaliga yaqinlashganida erini tanidi-yu tizzasiga shapatilab urdi:
-Voy o‘lmasam, voy o‘layin, sizni kim bog‘lab qo‘ydi?
-Kim bo‘lardi,-dedi Turg‘unali xokisor ovozda,- ana, tog‘ang-da...
-Erimni bo‘shating, yeching deyapman!-deb talab qildi Mavjuda.
-Shang‘ima. Baribir yechilmaydi, bir hafta shunday yuradi. Hukm shunaqa.
-Qanaqa hukm?
-Ichgani uchun, traxtirni pachaq qilgani uchun, seni urgani uchun jazolandi.
-Ursa meni uribdi, sizni uribdimi? Er bo‘lganidan keyin xotinini uradi-da! Urib turmasa, men shaharlik xotinlarga o‘xshab semirib ketarman. Yeching deyapman! Qanaqa kunlarga qoldim-a! Bittasi zanjirga bog‘lab qo‘yadi, yana bittasi yarim kechada traxtirini ro‘parasiga daraxt ekib qo‘yadi... Yechasizmi, yo‘qmi!
-Bir xaftadan keyin yechiladi.
-Yechmasangiz jensovetga* arz qilaman.
-Undan kattarog‘iga arz qil, menga desa.
-Unda erimni olaman-u o‘zimning qishlog‘imga ko‘chib ketaman. Bitta giroy xotinga kuyib qolasiz.
-Nima deding?
-Qishlog‘imga ko‘chib ketaman. Ularga ham giroy xotinlar kerak ekan.
-Qishlog‘ing buzilib, o‘rniga suv ombori qurilganiga necha yil bo‘ldi? Suvning tagiga ko‘chib borasanmi? Suv parisi bo‘lib yurasanmi?
-Unda... Sherqo‘ziga ko‘chib o‘tamiz. Tunovinda Teshaboy tog‘am aytganlar. Sherqo‘ziga bog‘liq yerimiz bor. Katta otamning otasi shu Sherqo‘ziga kuyov bo‘lganlar.
Ko‘chib ketish haqidagi avvalgi ahdiga ishonmasa ham bo‘lardi. Ammo keyingisi po‘pisa emasligini Tursunali polvon anglab jim qoldi. Bu sukutdan foydalangan Qambarali unga maslahat berdi:
-Batka, qo‘ying, bu bilan pachakilashmang.
Tursunali polvon bir qarorga kelmay turib, Mavjuda ayollarning eng ishonchli qurolini ishga soldi – ovozini baralla ko‘tardi:
-Voydod, musulmonlar! Erimni zanjirlab o‘ldirishyapti!
Atom bombani daf qilish mumkinligini, biroq, dod solishni boshlagan xotinni tinchitish amri mahol ekanini yaxshi bilgan Tursunali polvon cho‘ntagidan kalitni olib, Qambaraliga uzatdi:
-Bu xotinga giroylik tuqqani uchun emas, shang‘iligi uchun berilgan. Yech erini, daf bo‘lsin. Omma Sobit alkashni qimirlatmay tur, uni eshakka teskari mindiramiz. Buning xotini yuvosh, revolyusiya qilmaydi.
O‘TMISH ESA HAMISHA TOTLI
Agar Yer yuzida boshqa yumushi bo‘lmaganida Quyosh bu guzardagi xangomalarni tomosha qilib, tek turaverarmidi... Vazifasiga xiyonat qila olmagani uchun bu ikki qishloqda yashovchilarni to‘lin oy va yulduzlar ixtiyoriga qoldirib, o‘zi yo‘lida davom etdi. Darvoqe, quyosh yana bir hangomaning boshlanganiga guvoh edi. Hangomaning debochasi oqshom chog‘i boshlangan, rivojini ko‘rish esa oy va yulduzlar hukmidagi osmonga nasib etgan edi.
Kunlik yumushlardan horigan har ikki qishloq ahli uyquda edi, desak salgina yanglishgan bo‘lamiz. Bu ikki qishloqda bir necha odam bedor edi. Ularning ikkisi visol umidida uyqudan voz kechishgan, qolganlarini esa hangoma qiziqtirardi. Visol umididagilarning biri – Tursunali polvon. O‘g‘illari, kelinlari, nabiralari uyquga ketganiga ishonch hosil qilgach, o‘rnidan turib, huddi o‘g‘ri mushukday ko‘cha eshigi tomon yurdi. Uni tanimagan odamga bu harakatini ko‘rsatib, «hech kimga so‘z bermaydigan polvon shu odam bo‘ladi”, deyilsa, sira ishonmaydi. Tursunali polvon har kuni necha martalab bu eshikni ochib, g‘ijirlashiga e’tibor bermas ekan. Hozir ochayotganida eshikning zorlanganday g‘ijirlashi uni harakatdan taqqa to‘xtatdi. Nazarida bu g‘ijirlash erta tongdagi nog‘ora bazmdan ham oshib tushganday, eshik “manavi telbaning ishini ko‘rib qo‘yinglar!” deb olamga jar solganday bo‘ldi. Tursunali polvon eshikni asta yopib, orqasiga qaytmoqni ham o‘yladi. Lekin chorlov u tomondan bo‘lgani uchun, visolga chiqmaslikni o‘zi uchun or deb bilib, yo‘lidan qaytmadi. Omadni qarang-ki, qaydadir uyqusiragan eshak hangrab qoldi-yu shu ovozning pardasida eshikni ochvoldi. Soy tomon yurib, ko‘prik oldida to‘xtadi-da, Sherqo‘zi qishlog‘i tomon umid bilan ko‘z tikdi.
«Yo Xudoyo, qudratingdan! Shu yoshga kirganimda yaxshi ko‘rgan xotindan xat olishim yetti uxlab bir tushimga kirmovdi-ya!-deb o‘yladi u.- Dardini ichiga yutib yurganini qarang-a... «Siz ikki marta uylandingiz, men esam ikki marta kafanga o‘ralib, ko‘mildim. Ikki marta kuyib kul bo‘ldim. Ikki marta yuragimni qiymalashdi...» debdi-ya! Bunaqa gaplarni o‘n sakkiz yashar qiz ham yozmasov... Xotin kishining muhabbati shunaqa kuchli bo‘larkan-da, a? Jur’at etib menga xat yozibdimi, shu uchrashuvga taklif etibdimi, omma qoyilman, naq xotinlarning xo‘rrozi ekan-u bilmay yurgan ekanman. Aslida, yoshligida olib qochib ketaversam bo‘larkan. Hammasiga Teshaboy baqa sababchi. Imijiqlik qildi. «Shu oshnamga jonim tasadduq, bir emas, o‘n singlimni beraman», demadi-ya! Be, unda bundayin mardlik yo‘q. Omma singlisi mard ekan. Qoyilman, ota qizi!»
O‘z o‘ylariga band Tursunali polvon bu shumlikni boshlagan Shoirali, Sultonali, Nuralining chinor panasida o‘tirganlaridan bexabar edi. Oqshomda samovorxonada boshlangan ulfatchilik xuftondan so‘ng tugagach, uchchovlari dasturxondan ortgan yeguliklarni chorsiga tugib, bu yerga kelishgan edi. Shumlik boshlanishida bularga qo‘shilgan Mirali keyinchalik aynib, kunduzgi “ekstreniiy majlis”dan ruhlandimi, har holda uyiga ketishni ma’qul ko‘rdi. Ulfatlar shumlikni boshlashga boshlab, ya’nikim, Shoirali to‘qigan ikki maktubni ikki tomonga yetkazishsa-da, bundan bir natija chiqishiga unchalik ishonishmayotgan edi. Tursunali polvonning eshigi g‘ijirlab ochila boshlaganida hammalarining ichlariga chiroq yoqilganday bo‘ldi. Ishlari yurishayotganini “yuvish” uchun yana yarim piyoladan otib olishdi. Sherqo‘zi qishlog‘i tomonda kimningdir qorasi ko‘ringach, g‘alabalariga tamoman ishonch hosil qildilar.
Sherqo‘zi qishlog‘ining guzariga yaqinlashayotgan odam Hamrobonu edi. U atrofga alanglab, havotir bilan yurib kelardi. “Voy o‘layin-e, shu yoshga kirganda uchrashuvga chiqsam-a!-deb o‘ylab, uyatdan yuzlari yonib ketay derdi.- Voy sharmanda! Nevaramga bollar xat yozishsa, tergab yuribman-a! Nima qilay. Men bedavo, chiqmasam, yuragim yorilib ketay desa. Bu kishining xatlarini o‘lib yotganimda o‘qib berishganida ham turib ketarmidim... «Sizning ishqingizda shoir bo‘lib ketdim», debdilar-a! She’rlari biram g‘alati-ki... Bitta o‘qishda yodlanib qolsa-ya! «Qani Layli bilan Shirin, ulardan noz o‘rgangin, qani o‘sha Farhod bilan Majnun deganlari men ularga ishqni o‘rgatib qo‘yayin». Rostdanam shoir bo‘lib qolganlar. Voy tavba-e, shuncha yildan berisiga har ko‘rganimda yuragim bir jizillaydi-ya, voy o‘layin-e, birov ko‘rib qolmasaydi... Shaharda Muqaddasxon degan xotin oltmish besh yoshga yetganida birinchi muhabbatini topib, qochib ketibdi, deyishsa ishonmay yuribman-a!..»
Tursunali polvon asta-asta bosib kelayotgan Hamrobonuni bir qarashdayoq tanidi. Tanidi-yu badanidan jon chiqib ketganday oyoqlari qaltirab qoldi. Bunaqa ahvolda uzoq turish Tursunali polvonga xos emasdi. Shu sababli yengil yo‘talgan bo‘lib, kutib turganini ma’lum qildi. Hamrobonu yana uch-to‘rt qadam bosgach, u ovoz berishga jur’at qildi:
-Ha... Hamro... bonu... salom... salomatmisan?
Hamrobonu guzarga qadam qo‘yishi bilanoq ko‘prik yaqinida turgan kishini tanigan edi. Shunday bo‘lsa ham Tursunali polvonning ovozini eshitgach, kutilmaganda bu odamga duch kelib, cho‘chiganday to‘xtab qoldi.
-Voy, assalomu alaykum... Nevaram kechroq qaytaman, devdi. Shunga havotirlanib chiquvdim. Ena-otalarining parvoyi palak. Havotirlanishmaydi ham.
Hamrobonu bu bahonani uyidan chiqmay turiboq o‘ylab qo‘ygan edi. Tursunali polvon esa biron bahona aytishga to‘g‘ri kelar, deb o‘ylab ham qo‘ymagandi. Ayolning gapi unga moydek yoqib, uning bahonasini davom ettirib qo‘ya qoldi.
-Mening ham kichigimdan darak yo‘q. Bola vaqtida kelmasa... uyqu qochar ekan.
Yoshlarning o‘z uylarida, o‘z o‘rinlarida shirin tushlar ko‘rib uxlab yotgani ularning o‘zlariga-yu Xudogagina ma’lum. Uchrashuvga chiqishdan maqsadlarini ibo yuzasidan yashirish uchun to‘qilgan bu yolg‘on gunohga kiradimi yo yo‘qmi, aniq bilishmaydi. Lekin yolg‘on bahona tildan uchgani hamon dillarida tavba qilib qo‘yishni unutishmadi. Bir-birlarining bahonalariga ishonganday bo‘lishgach, navbat hol-ahvol so‘rashga keldi:
-O‘zing yaxshimisan?
-Xudoga shukr. O‘zingiz sog‘-salomatmisiz?
-Yuribmiz tuproqdan tashqarida... Havo sal dimroqmi bugun?
-Shunaqaga o‘xshaydi.
-O‘zing sog‘-salomatmisan?-deb qayta so‘radi Tursunali polvon.
-Rahmat... o‘zingiz...-deb qayta javob berdi Hamrobonu.
-Ha, endi yuribmiz Gorbachevdi soyai davlatida. Qara-ya, O‘roqboyning xotini ham giroy bo‘pti-da, a?
-Xudoning bergani-da...
-Seniyam giroy bo‘lishingga ozgina qoluvdi. Ering nomardlik qilib, tashlab ketmaganida giroy bo‘larding.
-Unaqa nomard demang... Bir falokat olib ketdi-da u kishini.
-Xafa bo‘lmagin-u, omma ering mijg‘ovroq edi. Qadringga yetmadi. Men uning o‘rnida bo‘lganimda seni deb traxtirdi tagidan ham omon chiqqan bo‘lardim. Shunday xotinning qadriga yetmay o‘lib ketgan erkak erkakmi?
-Peshonaga yozilgani-da...
-Menga qara, sal ranging ketibdimi? Siqilib qolganga o‘xshaysan. Mabodo birovni sog‘inib, ichikib qolmadingmi?
-Siz ham... ancha shashtingiz pastmi?... Siz ham... armiyadagi o‘g‘illaringizni sog‘inyapsizmikin?...
-O‘g‘illarni sog‘inish boshqa... mening dardim boshqa.... men qirq-ellik yildan beri sog‘inaman... Yo undan ko‘prog‘am bo‘lgandir, a? Hisobdanam adashib ketdim.
-Tag‘in ham chidamli ekansiz.
-Hamro, sendan bir gap so‘rayin... Sen dono ayolsan. Akangga o‘xshamaysan. Akang naq pishmagan dumbulning o‘zginasi.
-Mayli, so‘rayvering-u, omma akamni bunaqa tergamang-da.
-Akangni-chi... Ha, mayli, bu boshqa masala. Xullas... Hamro...bir oshnam bor. Xuddi o‘zimga o‘xshaydi. O‘sha oshnam bir qizni yaxshi ko‘rib, uylanmoqchi bo‘lganida akasi nomardlik qilib unamagan.
-Oshnangiz ham qiziq ekanlar... qizning akasi unamasa, arazlab, burilib ketaveradilarmi? Chinakamiga yaxshi ko‘rsalar, qizni opqochib ketib bo‘lsa ham uylanardilar. Balki o‘sha qiz ham u kishini yaxshi ko‘rgandir. Oshnangiz arazlab yurganida u yum-yum yig‘lagandir...
-Buni sen qaydan bilasan?
-Shunchaki aytaman-da. Qizlik paytimda menam shunaqa voqeani eshitganday bo‘luvdim. Aslida, qizning akasi bilan o‘sha arazchi yigit qalin oshna ekanlar. Chinakamiga yaxshi ko‘rgan yigit bunaqa arazlamaydi-da.
-Endi... yosh bo‘lgan-da, aqli yetmagan. Yoshlikda qon qizib turgan paytda bitta gap ham ortiqchalik qiladi. Xudoning qudratini qaragin, hozir o‘sha oshnam ham beva, o‘sha ayol ham beva. Oshnam degin, o‘sha ayolni ko‘rsa haliyam oyog‘i qaltirab qoladi. Xudo deyman, bularni bekorga beva qilib qo‘ymagandir, a? Hech bo‘lmasa qariganda qovushsin, bu dunyodan armon bilan ketishmasin, degandir, a?
-Qaydam... shu yoshga kirib... bolalari, nabiralari oldida uyat bo‘lmasmikin?
- Uyati nimasi? Yolg‘izlik yomon, axir. Kunduzi mayli, bilinmaydi. Kechasi bollar uy-uylariga kirib ketsa-yu oshnam bechora yostiqni quchoqlab yolg‘iz qolsa... Yo‘q, uylanmasa bo‘lmaydi. Bir domlaga maslahat solgan ekan, domla «uylanmasangiz gunoh», debdi. Agar yolg‘iz holida joni chiqib ketsa, o‘sha xotin gunohkor bo‘lar ekan.
-Voy o‘lmasam, unaqa sovuq nafas qilmang. Oshnangiz uzoq umr ko‘rsinlar.
-Nima deysan, sovchi qo‘yaversamikan?
-Bir nima deyishga hayronman... umr savdosi...
-Axir ular bir-birlarini hali ham yaxshi ko‘rishadi. Oshnam uni qizligida anavi chinorning panasida bir marta o‘pganam, ha!-Tursunali polvon gapining isboti uchun o‘sha totli onlarga guvoh bo‘lgan chinor tomon qaradi. Pistirmada o‘tirgan ulfatlar “ko‘rib qolmasaydi” degan havotirda bir necha soniya nafas olishdan ham to‘xtadilar. Chinor tomonga Hamrobonu ham qarab entikib qo‘ydi. Ammo sir boy bermay, javob qaytardi:
-Voy, rosti bilanmi? Keyin o‘sha oshnangizning tishlari og‘rib qolmaganmidi? Bir eshitganday bo‘luvdim. Ertasiga o‘sha yigit jag‘larini bog‘lab kelib, o‘sha qizga «yo tishimni tuzatib ber yo o‘pishingni qaytarib ol», degan ekanlar.
-Ha... endi oshnam shu bahonada yana bir marta o‘pib olmoqchi bo‘lgandir-da... Xo‘sh, endi nima deysan?
-Bilmasam... o‘sha xotinning akasi... endi unarmikin?
Masalaning yechimi nozik joyga kelganda Tursunali polvon oshnasi nomidan gapirayotganini unutib, dangaliga ko‘chib qo‘ya qoldi:
-Unamasa... akasini naq otib tashlayman! Endi orqaga qaytish yo‘q.
-Voy o‘layin, unaqa qilmang. Oshnangizga ayting, akasi bilan yaxshi gaplashsinlar. Qiziqqonlik qilmasinlar, axir bu umr savdosi-ya...
Umr savdosi shu tarzda endi pishay deganda Teshaboy oqsoqolning qorasi ko‘rindi. U biroz kuzatish, gaplarini eshitib ko‘rishga toqat qilmay, huddi tank kabi bostirib keldi.
-Hamro? Nima qilib turibsan?
Surur ummonida suzayotgan Hamrobonu akasining tahdidli ovozini eshitib, nahang baliqqa ro‘para kelganday cho‘chib tushdi. Ro‘parasida Tursunali polvonning turgani madad bo‘ldimi, gapini yo‘qotmay javob berdi:
-Voy... aka... nevaramni kutib turuvdim.
-Nevarangni shu yerda kutasanmi? Anavi kim? Xo‘kizning soyasimi?
-Voy... aka, unaqa demang, oshnangiz-ku?
-Ie, oshnammidi? Qara-ya, sen aytmasang bilmasakanman. Kir uyga! Nomahram erkak bilan qorong‘ida gaplashib turishga uyalmaysanmi?
Hamrobonu uyalganidan “voy o‘lmasam”, dedi-yu akasiga gap qaytarmay, iziga qaytdi. Hamrobonuning bu qadar izza chekishiga o‘zini aybdor his qilgan Tursunali polvon oshnasiga tanbeh berdi:
-Vey oshnajon, bu xotin singling bo‘lsa ham do‘q qilaverma, sal o‘pkangni bosib olib muomala qil, xo‘pmi?
-Ishing bo‘lmasin. Sen bola, singlimni yo‘ldan uraman, deb xomtama bo‘lma.
Teshaboy oqsoqol qo‘pol gapirgan bo‘lsa ham, Tursunali polvon suhbatni dilkashlik sari burmoqchi bo‘ldi:
-Teshaboy, oshnajon, bu tomonga o‘tgin, bi-ir chaqchaqlashaylik.
-Yarim kechada chaqchaqlashadigan dovdirga o‘xshaymanmi men?-Teshaboy oqsosoqol shunday deb o‘girilib ketmoqchi edi, Tursunali polvon soydan sakrab o‘tib, uni yengidan ushladi:
-To‘xta, oshna, to‘xtasang-chi! Muncha qurillaysan? Qani, nosdan ol.
-Yetim boqmay qo‘yganman,-Teshaboy oqsoqol to‘xtashga to‘xtadi-yu g‘azabini oshkor qilish maqsadida yuzni burdi.
-Kel endi, nosdan olsang-chi,- dedi Tursunali polvon uni yumshatish maqsadida.
-Nosqovoq uyda qolibdi,-dedi Teshaboy oqsoqol cho‘ntagini paypaslab. Keyin oshnasiga o‘girildi:- Sen o‘zing biron marta bo‘lsin, pulingga nos olib chekasanmi?
Bu tanbehni eshitib, Tursunali polvon kulimsirab qo‘ydi-da, cho‘ntagidan nosqovoqni oldi:
-Bo‘pti, ma ol, menikidan chek. Asli sening nosingga sira toqatim yo‘q. Sen nos tanlashni bilmaysan.
-Nos tanlashni o‘zing bilmaysan. Senikidan tezakning hidi kelib turadi. Jo‘ra qirg‘izdan olasan-da, a nosni?
-Oshnajon, nos otishni sizga kim o‘rgatgan? Yurar edingiz «Belomor»ni tutatib. Bilvoling, nosning xo‘rrozi o‘sha Jo‘ra qirg‘izda bo‘ladi.
-Erkaklar chekadigan nos Mamatqulda bo‘ladi, bilib qo‘y.
-Bekorlarni aytibsan! Mamatquling tamakini oz qo‘shadi. Mamatqulning nosini kampirlar yaxshi ko‘rishadi.
-Ushla nosqovog‘ingni, sen nosning farqiga bormaysan.
Boshqa payt bo‘lgandi-yu Tursunali polvon qaysi gapni qanday ohangda aytishni bilardi. Teshaboy deganlarni gapirtirmay qo‘yish qo‘lidan kelardi. Lekin... hozir sharoit boshqa. Hozirgi umidbaxsh uchrashuvdan keyin buning ko‘ngliga qaramasa bo‘lmaydi.
-Achchiqlanaverma, oshna,-dedi yalingansimon,-xumorbosdiga to‘rttagina tashlab ol.
Teshaboy oqsoqol ham anoyilardan emas. Oshnasining g‘oliblik shohsupasini nima uchun osongina bo‘shatib berganini bilmaydi, deysizmi? Hamonki shohsupa lutfan bo‘shatilgan ekan, noz qilib o‘tiradimi? Shart chiqib, joylashib ola qoldi. Oshnasining qul darajasida bo‘lmasa ham, tobe holga tushishi unga maroqli onlarni hadya etdi. Uni yana biroz laqillatish maqsadida cho‘ntagidan nosqovog‘ini oldi:
-O‘zimnikidan chekaman,-deb po‘kakni ochdi.
-Voy nokas, yoningda ekan-ku? Ol, mayli, menam senikidan cheka qolay, seniki tabarruk.
-Tekindan kafan uchrasa, o‘lib berasan sen. Ma, ol, nafsing qursin!
-Nosqovog‘ingni doimo yoningda olib yurishingni bilmaymanmi? Omma shu odatingga besh ketaman. Agar mendan oldinroq ketadigan bo‘lsang, kafaningning etagiga nosqovog‘ingni bog‘latib qo‘yaman. U yoqda birovlardan nos so‘rab sarg‘ayi-ib yurasanmi?
-Mendan oldin o‘zing ketvorsang-chi? Lahaddagi guvalaning o‘rniga bir shapman shishasini to‘ldirib nos qo‘ydirib qo‘yaman. U yoqda sendaqa sur yetimni boqadigan ahmoq yo‘qdir.
-Sen rosmana maza nimadaligini bilmaysan, oshna. Haqiqiy kashanda o‘zinikini cheksa sira kayf qilmaydi. Sen boshimga nos shisha qo‘ymagin-u orqamdan tezgina yetib borgin. Bollaringga vasiyat qilib qo‘y, nos berib yuborishni unutishmasin. Yaxshisi sen go‘rkovingga tayinlab qo‘y. Bollaring «voy otamlab» baribir unutishadi.
-E, ovozing o‘chsin! Muncha sovuq nafas qilasan?
-Sovuq nafas emas, bu oshnajon. Menga nos olib borasan, deb yaxshi niyat qilyapman. Men hali beri o‘ladigan odammasman. Otam «bir yuz o‘nga kirgin», deb duo qilganlar. Nos olib borish bahonasida senam bir yuz o‘nga kirasan.
-Xo‘p dono otang bor edilar-a? «Yoshing bir yuz o‘nga kirsin-u ikkita xotin olgin», deb duo qilganlarini qara-ya!
-Shu yerda adashding, oshna. Otam: «uchta xotin olgin, uchinchisi haqiqiysi bo‘lsin», deb duo qilganlar. Ota duosi vojib, endi bajarmasam bo‘lmaydigan.
-A? Yana uylanmoqchimisan?
-Ha, nima, meni brakka* chiqarib qo‘ydingmi? Sen meni o‘zingga o‘xshatma.
-Menga nima qipti?
-Ashuralinikidagi xudoyida kuzatib turuvdim, uch marta tashqariga chiqib kelding-a? Men bir marta turdimmi? Men sendan ko‘ra baquvvatroqman hali.
-Mening buyragim shamollagan. Do‘xtirning dorisini ichyapman.
-Men shu yoshga kirib bir marta aksirmaganman, dori ham ichmaganman.
-Xo‘kiz ham aksiradimi hech zamonda?
-Ke, qo‘y, achchiqlanmagin. Xo‘kiz deysanmi, ayg‘ir deysanmi, deyaver. Baribir seni yaxshi ko‘raman. Kechalari uyg‘onib ketib, ko‘chaga chiqaman. «Oshnam tinchmikin?» deb uyingga qarab qo‘yaman. Tinchligingni bilib, Xudoga shukr qilaman.
-Mening uyimgami... yo?-Teshaboy oqsoqol shunday deb unga ayyorona boqdi.
-Teppamda Xudo turibdi, senikiga qarayman. Men har kuni Xudoga arz qilib, oshnamning umrini uzoq qilgin-u avval mening jonimni olgin, deb so‘rayman.
-Menga buncha mehribon bo‘lib qolding?
-E, oshna, vaqtliroq o‘lishning ham foydasi bor. Avval ketsam marosimlarimga o‘zing bosh-qosh bo‘lasan. Bu bollar qoidasini joyiga keltirib, evlab ko‘mishni ham bilishmaydi. Yumaloq-yostiq qilib, tashlab kelaverishadi. E... kel, oshna, boshqa gaplardan gaplashaylik.
-O‘zing boshlading-ku, bu bemaza gapni.
-Endi... o‘zim bemaza bo‘lganimdan keyin gapim nima bo‘lardi?
-Ha, nechuk?- Teshaboy oqsoqol shunday deb oshnasining peshonasini ushladi.- Alahsirayapsanmi?
-«Do‘sting uchun zaxar yut», deganlar. Ba’zan oshnaga yoqadigan gaplarni ham gapirib turish kerak-da. Gapning xo‘rrozi shu-ki, sening gaplaring ham shirin, nosing ham shirin. Nima uchun sening nosingni yaxshi ko‘raman, bilasanmi?
-Tekin bo‘lgani uchun-da.
-Yo‘q, oshna. Tekinning hammasi ham mazali bo‘lavermaydi. Sening nosingdan singlingning hidi kelib turadi.
-Nima?
-Nosqovoqqa nosni Hamro solib bersa kerak, deyman-da. Qo‘lining hidi o‘tadi-da.
-Nega Hamro solarkan?
-E, gap uqmas, hadeb «Nega? Nega?» deyaverasanmi? Nimaga shama qilayotganimni tushunmayapsanmi?
-Tushunib turibman. Faqat «bu ahmoqqa qachon aql bitarkin?» deb o‘ylyapman xalos.
-Mayli. Gapirib ol. Ahmoq deysanmi, jinni deysanmi, deyaver. Sen erta-indin qaynog‘am bo‘ladigan odamsan. Kuyov bo‘laturib, xotinni urug‘lariga yomon gapirsam yarashmaydi.
-Ol-a! Hali men rozilik berdim-u sen menga kuyov bo‘la qoldingmi?
-Rozi bo‘lmaysanmi?
-Necha yoshga kirganingni bilasanmi? Uyatni bilasanmi!
-Oshnajon, umr savdosi uyatni ham, yoshni ham bilmaydi. Sen bola, u-bu deb Xudoning ishiga qarshi chiqmagin.
-Bunga Xudoning nima dahli bor?
-Xudo sening yoshlikdagi gunohingni kechib, xatoingni to‘g‘irlamoqchi. Hamro ikkalamizni qo‘shilsin, deb beva qilib qo‘ygan, shunga aqling yetmayaptimi?
-Qo‘y bu gaplaringni, Xudoning sendan boshqa tashvishi yo‘qmi?
-Endi gap shu, oshna: rozi bo‘lsang bo‘lding, ko‘nmasang o‘zingdan ko‘r.
-Ha, otib tashlaysanmi?
- Yo‘q. Mening niyatim boshqa. Bilib qo‘y, endi-chi, yoshlikda qilmagan ishimni qilaman.
-Nima qilmoqchisan?
-Hamroni olib qochib ketaman. «Singlisi qariganida sherbilaklik polvon bilan qochib ketibdi», degan isnodni ko‘tarib yuraveraman», desang, mayli, «rozimasman», deb qaysarlik qilaver. Sening roziliging-chi, oshna, endi menga kapeyka*! Ko‘r xassasini bir marta yo‘qotadi. Endi yana yo‘qotadigan ahmoq yo‘q. Senga uch kun srok*. Uch kun ichida nikoh o‘qitsak o‘qitdik, bo‘lmasa, dodingni amma-xolangga aytaverasan. Sakson yil oshnachilik qildik, o‘ylab ko‘rgin, yana o‘ttiz yil qarindoshchilik qilsak yomonmi?
-Men o‘ylab ko‘raman.
-Ko‘p o‘ylama. Busiz ham soching to‘kilib ketyapti. Men «kalning kuyovi» degan gapdan nomus qilman.
Oshnasining sal pastga tushganidan mamnun bo‘lgan Tursunali polvon gapni shu yerda to‘xtatishni ma’qul ko‘rdi. “Omon bo‘l!”-dedi-da, soydan sakrab o‘tib, uyi tomon yurdi. Oshnasining niyati Teshaboy oqsoqol uchun yangilik emasdi. Hamrobonu beva qolganidan keyin ba’zan hazil, ba’zan chin tarzda gapirib turardi. Ammo hozirgisi hazil emasdi. Shu sababli ham u picha o‘ylanib qoldi.
Teshaboy oqsoqol ham iziga qaytgach, chinor panasida pistirmada o‘tirgan ulfatlar o‘rinlaridan turishdi. Shoiralining g‘oyasi bilan hazil o‘rnida boshlangan hangomaning bu darajada chinga aylanib ketishini kutishmagani uchun biroz ajablanib turishdi. Garovda g‘olib chiqqan Shoirali shishaga chertib qo‘yib: «Qalaysanlar, endi?” dedi. Samovorxonadan olib kelingan ichimligu yeguliklar tugagunga qadar ulfatchilik davom etdi. Ertaga oqshom chog‘i samovorxonada uchrashiga kelishib, tarqalishdi.
SAMOLYOT SOTILADIMI?
Tun sehridan mas’ud bo‘lgan Tursunali polvon ishtaha bilan nonushta qilayotganida tashqarida duradgorlarning taraqa turug‘i boshlandi. “Nima ekan?” deb turishga chog‘langan edi, kenjasi “men bilib kelaman”, deb ko‘cha eshigi tomon tez-tez yurib ketdi. Tursunali polvon piyolasidagi choyini ichib bo‘lmay, iziga qaytib, duradgorlar ko‘prikni kengaytirishayotganini, hademay bu yerda majlis boshlanishi lozimligini bildirdi. Bu xabardan Tursunali polvon g‘ashlandi: “Obbo xumpar-e! Dakalatchi ketmagan ekan-da?”-deb o‘ylab o‘rnidan turdi. U ko‘chaga chiqishga ulgurmay, Qambarali shoshib kelib, voqeadan ogoh etdi.
-Ogoh bo‘lib tur, bizning qishloqdan kamroq odam chiqaversin,-deb topshiriq berdi Tursunali polvon.
-Odamlarni raisning o‘zlari ayttiribdilar. Hozir kelib qolishadi, buni tochna bilaman,-dedi Qambarali.
Lektor ular kutganday barvaqt kelmadi. Rais uning to‘yib uxlab olishini kutaverib, bo‘g‘ilib ketganmi, har holda ensasi qotibroq boshlab keldi. Ular paydo bo‘lguncha Tursunali polvon majlisga yig‘ilganlarning yarmiga kishi bilmas tarzda ijozat berib yubordi. Raisning buyrug‘iga itoat etib kelganlar Tursunali polvonning marhamatidan quvonib tezgina g‘oyib bo‘ldilar. Qo‘shni qishloq tomonda nima sababdan odamlar kamayayotganini Teshaboy oqsoqol sezsa ham, oshnasi kabi ish ko‘rishga jur’at etolmadi.
Rais lektorning maqtovini keltirib tanishtirgach, oilada tug‘ilishni rejalashtirish mavzuida ma’ruza boshlandi-yu Tursunali polvonning sovug‘i oshib ketdi. Lektorning gaplari ma’nisizlik botqog‘idan suv ichayotganida, chidolmay, ikki-uch marta o‘tirgan yerida tizzasiga shapatilab urib qo‘ydi. Lektor gapdan tinmas, rais esa majlisni buzib qo‘ymasin, deb Tursunali polvondan ko‘z uzmay o‘tirardi. Bu nigoh Tursunali polvonni go‘yo kishanlagan bo‘lsa-da, u majlisni buzish yo‘lini topdi. Yonida o‘tirgan Sultonalining biqiniga turtib, “gapir” ishorasini qildi. Sultonali bu ishorasiz ham luqma tashlashga payt poylab o‘tirgan edi. Lektor:
-Dastlabki xulosa shuki, o‘rtoqlar, kommunizm uchun kurash hal qiluvchi pallaga kirganida barchamiz partiya belgilab bergan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmay borishimiz kerak,-deyishi bilan Sultonali shart o‘rnidan turdi:
-Dakalatchi aka, kechirasiz, bitta savolim bor?
Rais bir Tursunali polvonga, bir Sultonaliga qarab, “qitmirlik qilmasalaring, ko‘ngillaring joyiga tushmaydi-da, a?” deganday bosh chayqab qo‘ydi:
-Joyingga o‘tir, savollar majlisning oxirida bo‘ladi,-dedi qo‘polroq tarzda.
-Ungacha gapim esimdan chiqib qoladi,-dedi Sultonali o‘jarlik bilan.
-Mayli, ora-orada savol-javob qilsak ham bo‘laveradi. Qishloq mehnatkashlarining ongini oshirish usullarining barchasidan foydalanish kerak,-deb marhamat qildi lektor.
-Dakalatchi aka, bizning ongimizni oshirish uchun bittagina savolimga javob bersangiz bas,-dedi Sultonali kinoya bilan,- bolaligimizda Xruchchev degan poshshoyimiz «Hozirgi avlod kommunizmda yashaydi», deb va’da qilgan edi. Men «kommunizmda yashayapmiz», deb hotirjam yursam, siz bugun kelib: «kommunizm uchun kurash hal qiluvchi pallaga kirdi», deyapsiz. Qaysi biri to‘g‘ri?
-Bilasizmi, o‘rtoq, biz hozir kommunizm ostonasidamiz. Obrazli qilib aytganda, bir oyog‘imiz rivojlangan sotsializmda, yana bir oyog‘imiz esa kommunizmda turibdi.
-Bu ahvolda uzoq turamizmi?
-Bu nima deganingiz?
-Endi... ikki oyoqni kerib turaverish osonmas-da. Chatanag‘imiz yirilib ketmasmikan deyman-da?
-Siz gapimni to‘g‘ri tushunmabsiz, o‘rtoq. Kommunizm uzoqda emas, ufqda ko‘rinib turibdi.
Lektorning gaplaridan g‘ashi kelib o‘tirgan Nurali luqma tashladi:
-Ufqda ko‘rinib turgan bo‘lsa kommunizmga yetib bo‘lmas ekan-da?
-Siz nima uchun burjuacha fikr yurityapsiz, o‘rtoq?-dedi lektor ayblov ohangida.
-Men gapingizga qarab gap aytdim. Ufq deganingiz yer bilan osmon birlashgan joymi? Siz o‘sha tomon yuraverasiz, ufq esa sizdan uzoqlashaveradi. Buning chegi-chegarasi yo‘q. Bu olamda hali birov ufqqa yetgan emas.
-Sizlar obrazli gapni tushunmas ekansizlar. O‘rtoq rais, kolxozingizda siyosiy tarbiya oqsar ekan. Men bu faktni tegishli joyga ma’lum qilishga majburman.
-Dakalatchi uka, darrov siyosiy xatoga burilib, bizlarni ayblamang-dedi Teshaboy oqsoqol gapga aralashib.- Biz ham kommunizmni uzoq vaqtdan beri kutib yotibmiz. Siz biz omilarga aytib qo‘ying-da, kommunizm qurib bo‘linganini qaydan bilamiz?
Bu savol Tursunali polvonga xush yoqib, oshnasiga mamnunlik bilan boqib “Balosan!” deganday im qoqib qo‘ydi. Achchiqlana boshlagan lektor esa gapni kalta qilib qo‘ya qoldi:
-Radioni eshitib yursangiz, aytishadi. Yoki gazetada e’lon qilishadi.
-Dakalatchi aka, oxirgi savolim,-dedi Sultonali hanuz tik turganicha,- kommunizmda men samolyot sotib olishim mumkinmi?
-Albatta mumkin. Lekin... siz samolyotni nima qilasiz?
-Shoirali oshnamning aytishiga qaraganda, Toshkanda saryog‘, muzlagan arzon go‘sht bo‘lib turarkan. Samolyotim bo‘lsa, Toshkandan saryog‘ opkelib turaman-da.
-Kommunizmda o‘rtoq, saryog‘ni shu qishloqqa ham olib kelishadi. Toshkentga borishingiz shart emas.
-Teshaboy tog‘a, ana, kommunizm qurib bo‘linganini saryog‘ olib kelishganidan bilsa ham bo‘larkan,-dedi Nurali o‘tirgan yerida.
-Avvalgi hafta Toshmatdevona qishlog‘ida saryog‘ sotilibdi, deb eshituvdim. Demak, devonaliklar kommunizmlarini qurib bo‘lishibdi-da. Unda, Xudo xohlasa, biz tomonlarga ham kelib qolar ekan,-dedi Teshaboy oqsoqol ma’nodor ohangda.
-Oldin saryog‘ni olib kelishsin, kommunizm picha turib kelsa ham mayli. Biz shoshadigan odamlardanamasmiz,-dedi Sultonali.
-O‘rtoq, siz juda ko‘p gapirar ekansiz. Qani, ayting-chi, kommunizm qurish bo‘yicha sizning o‘z fikringiz bormi?
-Bor bo‘lganda qandoq!
-Qani, ayting-chi, biz ham eshitaylik?
-Fikrim borlikka borku-ya, omma bu fikrga o‘zim ham qo‘shilmayman-da.
Tursunali polvon “Bo‘ldi qil, ja-a oshirvording” deganday yengidan tortib qo‘ydi. Sultonali o‘tirgach, savol berish navbatini o‘ziga oldi:
-Dakalatchi uka, mendayam bir savol bor: kommunizmda giroy xotinlarga beriladigan pul oshadimi?
-Nima deyapsiz? Kommunizmda geroy xotinlar bo‘lmaydi.
-Ie, nega bo‘lmas ekan?-Tursunali polvon shunday deb o‘rnidan turib ketdi.
-Kommunizm - ongli insonlar jamiyati. Ko‘p bolalilik esa ongsizlik belgisi. Buni jonajon partiyamiz to‘g‘ri anglab, sizlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatyapti. Siz esa buni tushunishni istamayapsiz. Hali aytganimday, bu masala tez hal etilishi kerak. Tug‘ilish keskin kamaymas ekan, kommunizmdan umid qilmang.
-Nima deding? Ongsiz, deganing bizlarmizmi? O‘zingda ong bormi?-shunday deb lektor tomon bostirib bormoqchi edi, Sultonali “qo‘ying, Batka!” deb bilagidan ushlab qoldi. Tursunali polvon unga itoat etib yurishdan to‘xtadi-yu, biroq, gapidan to‘xtamadi:- Sen partiya deyapsan, a? Naq urushda kommunist bo‘lganimda sen otangning planida ham yo‘q eding Partiya - mana menman! Men tug‘ilish kamaysin, deganim yo‘q. Bu gapni sen qaysi xomkalladan olding?
Bu do‘q-po‘pisa lektorni gangitib, nima deyishni ham bilolmadi. “O‘zingiz bir nima deb tinchitasizmi, bularingizni?” deganday raisga najot tilab qaragan edi, u hech nimani tushunmaganday ko‘zini olib qochdi. Guzar tomon yugurib kelayotgan Qambaralini ko‘rib, sergaklandi. Tursunali polvon raisning bunday o‘tirishiga tushunmay, u tikilgan tomonga qaradiyu, jimib qoldi. Qambarali yugurganicha kelib, Tursunali polvonning qulog‘iga bir nima deb shivirladi.
-Nima? Qachon?-deb baqirib yubordi-da, raisga tikildi.
-Tochna bilib keldim, Batka, ikkalasi ham o‘libdi,-dedi Qambarali ovozini balandlatib.
-Rais! Rais, deyman! Tush bu yoqqa!-Tursunali polvon shunday deb hayqirib, yuqori tomon vajohat bilan yurdi.
-Ha, tinchlikmi?-dedi rais havotir bilan o‘rnidan turar ekan.
-Agar tinchlik shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, padariga la’nat bunaqa tinchlikning. Bu yoqqa tush, deyapman!
Uning bu vajohat bilan bostirib kelishi yaxshilikdan nishona emasligini sezgan lektor o‘zicha uni tinchlantirmoqchi bo‘lib, tartibga chaqirdi:
-O‘rtoq, majlisga halaqit bermang.
-Hey!.. Majlisingga uray seni. Majlis tamom. Tush, senam, qani bir jo‘nab qol-chi. E seni ongli qilib tuqqanni...
Lektorga yaqin orada birov onasini bu holda eslatmagan edi.
-Haqorat qilmang. Men buni raykomga ma’lum qilib qo‘yaman.
Tursunali polvon uning po‘pisasiga parvo ham qilmay, “sen nari tur”, deb uni chetga surdi-da, raisni yoqasidan bo‘g‘ib, pastga sudradi. Atrofdagilarning hay-haylashiga ham qaramadi.
-Sen raismisan yo so‘zining ustidan chiqmaydigan hajiqizmisan? Endi o‘zing ayt: urayinmi yo bira to‘la o‘ldirib qo‘ya qolayinmi?-dedi raisni changalidan bo‘shatmay.
-Tursunali tog‘a, tushuntirib ayting, nima bo‘ldi axir?-dedi rais uning changalidan chiqishga harakat ham qilmay.
-Dard bo‘ldi! Ja’farning xotini bilan o‘g‘li o‘libdi!
-O‘libdi? Nima bo‘lib o‘libdi?
-Bilmaysanmi? Sen rais emas, sen jallodsan, sen qotilsan! Seni men o‘ldirmayman. Ammo miltig‘imni o‘qlab, Ja’farga beraman. Seni o‘zi otib xumordan chiqsin. Omma milisaga «men otdim», deb bo‘ynimga olaman.
-Mening gunohim nima axir? Ularni men o‘ldiribmanmi?
-Samolyotdan zaxarni septirgan senmi yo menmi? Dalaga zaxar septirmayman, deb va’da qilgan kim edi? Ja’faralining xotini bilan bolasi daladan qaytayotganida samolyoting ularning ustidan zaharini sepib o‘tibdi. Ikkoviyam o‘libdi. Tushunyapsanmi, shu zahardan o‘libdi! Xotini beshinchi bolasiga homilador edi. Ikkita emas, uchta odam o‘lgan! Uchchovini ham sen o‘ldirding!
Raisning bu odam changalida turishiga befarq qarashni partiyaviy vijdoniga zid deb bilgan lektor ularga yaqinlashdi:
-O‘rtoq, siz adashyapsiz. Ularning o‘zlari aybdordirlar. Texnika xavfsizligiga rioya qilishmagandir. Dorilangan maydonga kirish mumkinmasligini hamma bilishi kerak. O‘rtoqlar, nimaga qarab turibsizlar? Rahbar xodimni haqoratlashga yo‘l qo‘ymang!
-Qani, ongli bola, senam bu yoqqa kel-chi!-Tursunali polvon shunday deb ikkinchi qo‘li bilan lektorni ushlab oldi-da, Qambaraliga qarab, buyurdi:- Qambar, zanjirni olib chiq!
-Tog‘a, nima qilmoqchisiz?-deb so‘radi rais havotirlanib.
-Hozir ko‘rasan.
-Dorini men o‘zimcha septirganim yo‘q. Bu raykomning buyrug‘i bilan bo‘ladigan ish.
-O‘zingning kallang yo‘qmi? Raykom «xalqingni qirib tashla», desa, qirib tashlayverasanmi? Insof bormi senda? Xalqqa yog‘ bermasang, go‘sht bermasang. Uyida borini tortib olsang, g‘ing demasa. Endi jonini ham bir-bir sug‘urib olasanmi?
-Tog‘a, mayli, nima desangiz deng, nima qilsangiz qiling, mayli raislikni oling. Omma mendan keyin keladigani ham boshqacha ishlolmaydi. Yuqori tuzalmagunicha biz tuzalmaymiz.
-Men bunaqangi g‘ishavalarni ko‘p eshitganman. O‘tir ikkovingam. Mana bunday o‘tirlaring!- Shunday deb ularni bir-birlariga orqa qildirib o‘tqizdi-da, zanjirni olib chiqqan Qambaraliga buyurdi:- Qambar, bog‘la bularni!
-Meni nega bog‘laysiz? Mening bu ishlarga nima daxlim bor?-dedi jonholatda lektor.
-Ikkoving endi garovdasan,-dedi Tursunali polvon zanjir uchidagi xalqalarga qulf urib. So‘ng Nuralini yoniga chaqirdi:- Nurali, sening esing butunroq. Idoraga borib, raykomga telpon qil. Raykom obkomga telpon qilsin. Kattalar bir soat ichida yetib kelishsin. Bo‘lmasa, ikkoviniyam otib tashlayman. Qambar, sen miltiqni olib chiq!
Nurali bilan Qambarali buyruqni bajarish uchun ketishgach, lektor yana tilga kirdi:
-Siz hali qonun oldida javob berasiz!
-Sen qaysi qonunni aytyapsan? Odamlarni zaxarlab o‘ldirish mumkin, deydigan qonunnimi?
To‘planganlar nima qilarlarini bilmay, Teshaboy oqsoqolga “o‘zingiz aralashing” deganday qarashdi. Ularning barchalari “Tursunali polvon to‘g‘ri qilyapti”, deb hisoblasalar ham bu g‘alvaning oqibatida o‘zlarining ham baloga uchrab qolishlaridan cho‘chirdilar. Teshaboy oqsoqol oshnasiga yaqinlashib, bilagidan ushladi:
-Polvon, sal oshirib yubordingmikin, qo‘ya qol.
-Aralashma,-dedi Tursunali polvon uni jerkib.- Senga gap tegmaydi, qo‘rqma, bularni bizning qishloq garovga olgan.
-Ja’far bizning qishloqdan-ku?
-Bu masalada qishloqni ajratma. Dard hamma uchun bir.
Oshnasining fe’lini bilgan Teshaboy oqsoqol gapni ko‘paytirmay, to‘planganlarga yuzlandi:
-Bo‘ldi, birodarlar, majlis tamom, tarqalinglar.
-Yo‘q, tarqalmanglar! Turinglar,-dedi Tursunali polvon buyruq ohangida.- Manavi dakalatchi dakalatini oxirigacha qilib olsin. Sizlar esa kushxonadagi qo‘ylarga o‘xshab mo‘ltillab turinglar. Hozir xo‘jayinlar kelishadi. Shunda ham dardlaringni aytmanglar. «Rahmat, akajon», deb turaveringlar!
-Oshna, xo‘jayinlar bilan hazillashmay qo‘ya qol.
Teshaboy oqsoqolning ijozatidan so‘ng tarqay boshlagan odamlarga qarab, Tursunali polvonning fig‘oni oshdi:
-Hey, qanaqa odamsanlar o‘zlaring? Qurbaqani bossa ham «vaq» deydi-yu! Odam bo‘lsalaring, odamliklaringni bildirib qo‘ylaring.
-Polvon, men yoningda qolayin. Sen nima bo‘lsang, men ham shu. Omma bular tarqalishsin. Hammasining bola-chaqasi bor, tirikchiligi bor,-Tursunali polvon bu gapni eshitib, hafsalasi pir bo‘ldi-yu «battar bo‘llaring!» deganday qo‘l silkidi. “Oshnam sal bo‘shashdi», deb o‘ylagan Teshaboy oqsoqol yelksiga qo‘lini qo‘y.- Menga qara, bularni qo‘yib yuborib, ikkalamiz raykomga bora qolsak-chi?
Tursunali polvon oshnasiga «esing joyidami?» deganday qarab oldi. Qambarali olib chiqqan miltiqni yelkasiga osdi-da, “yo‘q”, deganday bosh chayqadi:
-Borganimiz bilan sen bilan mening gapimni sariq chaqaga ham olishmaydi. Qambar, Sulton ikkoving Ja’farnikiga boringlar. Janoza shu ikki qishloqning hisobidan. O‘zi bitta gugurt cho‘pi ham ishlatmasin.
Qambarali ketgach, ikovi garovga olinganlarni holi qoldirishdi-da, majlis ahlidan bo‘shagan o‘rindiqlardan biriga borib o‘tirishdi. Bir ozdan keyin Nurali qaytib, hisob berdi:
-Raykomdagilar odam yuboramiz, deyishdi. Hozir «hosil to‘plash dolzarb oyi» emish, bekorchi yo‘qmish raykomda.
Tursunali polvonning jahli chiqdi-yu lekin o‘zini tutib: “Shunaqami? Mayli, yuboradigan odamini ko‘raylik.Bularni bir soat oldin otamanmi yo bir soat keyinmi, menga baribir, kutaveraman. Bahonada bular bir-ikki soat ko‘proq yashab olishadi”,-deb qo‘ydi. Bu gapni eshitgan lektorning rangi o‘chib ketdi:
-Nima deyapsiz? Bizni yana qancha ushlab turmoqchisiz?-dedi u alam bilan.
-Buni raykomdan so‘ra!
Lektor yana bir nima deb baqirmoqchi edi, rais “qo‘ying, foydasi yo‘q, jim o‘tiravering”, deb uni to‘xtatdi.
Oradan bir soatcha vaqt o‘tgach, guzarga mototsikl mingan raykom vakili kirib keldi. Bog‘langanlarni ko‘rdi-yu do‘qni boshladi:
-Nima vahima? Bu yerda nima bo‘lyapti o‘zi? Bularni kim bog‘ladi? Darrov bo‘shatinglar! Butun respublika dolzarb oyda fidokorlik namunalarini ko‘rsatyapti. Sizlar-chi? Rais aka, bu nima o‘yin?
-Vey, jo‘jaxo‘roz, sen kimsan o‘zing?-dedi Tursunali polvon o‘rnidan turib.
-Men raykom instruktori Jo‘raqulovman.
-Menga qara, qulvachcha, seni kim yubordi? Men raykom buva bilan obkom buvani chaqirtirganman.
-Siz o‘zingiz kimsiz-ki, raykom sekretarini chaqirtirasiz?
-Meni tanimaysanmi?
-Taniyman. Ammo haddingizdan oshmang. Bularni darrov bo‘shating. Bo‘lmasa, milisa chaqirtiraman.
-Shunaqami?-kutilmaganda Tursunali polvon uni yoqasidan ushladi.-Qani, senam bularning qatoriga qo‘shil-chi. Teshaboy, bog‘la bu qulvachchani. Ayamay bog‘layver. Nurali, yana borib telpon qil. Uchta nodon oftobda kuyib o‘tiribdi, degin. Bir soatdan keyin bittadan otaman. O‘sha gap-gap! Endi hisobga to‘g‘ri bo‘ldi. Sepgan zaharidan uchta odam o‘lgan edi. Uchtaga uchta jon!
Jo‘raqulov ham zanjirband etilgach, lektor dod-voyini boshladi:
-Chanqab ketdim, menga suv bering,-dedi u zorlanib.
-Suvni xo‘jayinlar kelganda ichasanlar,-dedi Tursunali polvon parvosiz ohangda.
-Yuragim yomon bo‘lib ketyapti, suv bering! Talab qilaman!
-Bir soat chidaysan.
-Bir soatdan keyin nima bo‘ladi?
-Bir soatdan keyin enangnikiga jo‘nataman, ana o‘sha yoqqa borganingda talab qilaverasan.
-Suv beraqol, qahring muncha qattiq. Poshistlar ham aristonlarga* suv bergan,-dedi Teshaboy oqsoqol ularga achinib.
-Ha, poshist aristonlarga suv bergan. Omma poshist dalaga zaharli dori sepib, xalqni zaharlamagan.
Oshnasini yumshatishga urinishdan naf yo‘qligini bilgan Teshaboy oqsoqol ko‘prikdan o‘tib, uyi sari yurdi. Tursunali oqsoqol “Bu ham xiyonat qildi-ya!” degan o‘yda izidan nafrat bilan qarab qoldi. Teshaboy oqsoqolning indamay ketishidan rais afsuslandi. Shu paytga qadar oqsoqol oshnasini insofga keltirar, degan umidda o‘tirgan edi. Endi umidi puchga chiqqanini bilib, o‘zi murojaat etdi:
-Polvon tog‘a, bu mehmon-ku axir, mehmonning izzati qayda qoldi? Suv bering. Rostdanam bir narsa bo‘lib qolmasin.
-Buning ichi nimaga kuyayotganini men bilaman. Kecha moldayin bo‘kib ichgan.
-Qancha ichganim bilan ishingiz bo‘lmasin, menga suv bering!
-Ha...chanqadilarmi? Bizni ongsiz degan og‘izchalari qurib qoldimi? O‘ladigan holga keldilarmi? Qo‘rqma, agar rostdanam o‘ladigan bo‘lsang, joning chiqishidan oldin bir-ikki tomchi tomizaman. Omma suv bermayman. Sen avval odamlarni izzat qilishni o‘rgan. Odamga o‘xshab gapirishni o‘rgan. Iltimos qilishni o‘rgan. Ana undan keyin suv so‘ra. Rais, sen unga tushuntir. Bu yerning odamlariga shirin gapirilsa, suv nima ekan, jonlarini ham bervoradilar, degin. Yana aytgin-ki, mabodo agar bugun tirik qoladigan bo‘lsa, bundan buyon zinhor qishloqlarga chiqmasin. Dakaladini shaharda o‘qib yuraversin. Bu dimog‘ bilan qaysi bir qishloqda o‘lib ketishi hech gap emas.
Garovga olinganlar taqdirga tan berib o‘tirishdan o‘zga choralari yo‘qligiga amin bo‘lib o‘tirganlarida guzarda choynak-piyola ko‘targan Hamrobonu ko‘rindi. Unga ko‘zi tushgan Tursunali polvon ajablanib, o‘rnidan turib qarshi oldi:
-Ie... Hamro?.. Ovora bo‘lib nimalarni ko‘tarib yuribsan? Men yaqinginada choy ichganman.
-Mening qo‘limdan bir piyolagina bo‘lsa ham iching,-dedi Hamrobonu.-Anov aristonlaringiz ham ichishsin, savob bo‘ladi.
-Mumkinmas,- dedi Tursunali polvon uning maqsadini anglab.
-Ho‘p, deyaqoling, endi. Savob bo‘ladi. «Niyatingizga yeting», deb duo qilishsa, ajabmas, mazlumlarning duolari qabul bo‘lib qolsa.
-Duo degin... Ha, mayli, sening sazang o‘lmasin,- Tursunali polvon o‘zi tomon kelayotgan Teshaboy oqsoqolni ko‘rib, piching qildi:- Ha, oshnam, tomog‘ing qurib suv ichgani kiruvdingmi uyingga?-Oshnasidan javob kutmay Hamrobonuga norozi ohangda buyurdi:- Hamro, choynak- piyolani akangga ber, u ham savobga sherik bo‘la qolsin. Sen nomahramlarga yaqinlashma.
Teshaboy oqsoqol miyig‘ida kulib qo‘yib, singlisining qo‘lidan choynak-piyolani oldi-da, “aristonlar”ga yaqinlashdi. Hamrobonu Tursunali polvonga “men ketaveraymi?” degan ma’noda qarab qo‘yib, iziga qaytdi. Teshaboy oqsoqol garovga olinganlarning yaqiniga bemalol o‘tirib olib, shoshilmay choy quyib berib o‘tirdi. Tursunali polvon uning bu qilig‘idan g‘azablansa ham, o‘zini bosdi. Choynak bo‘shagan pallada guzarda raykom buvaning mashinasi ko‘rindi. Raykom sekretari mashinasidan tushdi-yu zanjirband etilganlarni ko‘rmaganday Tursunali polvon tomon yurdi.
-Assalomu alaykum, polvon tog‘a! Omonmisiz?-Shunday deb Tursunali polvon bilan quchoqlashib ko‘rishdi.- Damlikkinamisiz, tog‘ajon, eshik-ellar tinchmi? Biz tomonlarga o‘tmay qo‘ydingiz? Omma bizlarni tozzayam sog‘intirgandan sog‘intirdingiz-a! «Horma, bolam, manavi ishingni chatoq qilyapsan», deyishingizni qo‘msab qolamiz. Dalada ish ko‘payib, biz ham o‘ralashib qoldik. Hali obkomdan, hali sekadan kamissiya kelaverib, tentagimizni chiqarib yubordi, deng. Teshaboy tog‘a, siz ham sog‘-salomatmisiz? Polvon tog‘a, eshitdim, Ja’farboyga og‘ir judolik bo‘libdi. Raykom uning oilasiga moddiy yordam ajratishga qaror qildi. Hozir o‘rtoqlar un, guruch, yog‘ olib kelishdi. Ja’farboyning ilg‘or suvchi ekani inobatga olinib, navbatdan tashqari yengil avtomashina ajratdik. O‘zlari yashayotgan ko‘chaga marhumaning nomlarini beramiz. o‘g‘illari o‘qigan maktabda uning nomida faxrli parta tashkil qilamiz. Eng a’lochi o‘quvchilar shu faxrli partada o‘qish huquqiga ega bo‘ladilar.
Tursunali polvon uning gapga to‘n kiydirishiga mahliyo bo‘lgandek jim tingladi. Ammo keyingi qarorini aytganda sabr kosasi to‘lib-toshdi:
-O‘ylab gapiryapsanmi? O‘g‘li hali maktabga bormagan edi,-dedi jerkib.
-Unda bog‘chada faxrli karavot tashkil etamiz,-deb bo‘sh kelmadi raykom sekretari.
-Yaqin orada shu kolxozda bog‘cha qurilganini eshitganmiding?
-Bu yerda bo‘lmasa... raysentrdagi bog‘chada...
-Sen xo‘p aqlli bolasan, omma men ham ahmoq emasman. Faxrli karavot tashkil qilganingning Ja’farga nima foydasi bor? Xo‘p, ko‘chaga xotinining nomini berarkansan. O‘g‘lining nomini karavotga berarkansan, onasining qornida o‘lib ketgan bolaga nima deysan? Dalaga chiqayotgan xotinlar bola tashlab qo‘yishyapti. Ularga nima deysan? Samolyotda dori sepishga sen buyruq beruvdingmi?
-Mening bunaqangi buyruq berishga haqqim yo‘q. Men raykomda partiya ishlari bilan, siyosat bilan shug‘ullanaman.
Bu gap bilan butun ayb o‘ziga ag‘darilganini tushungan rais chiday olmasdan e’tiroz bildirdi:
-o‘rtoq Mamatov, axir tonmang-da! Byurodagi gaplaringiz esingizdan chiqdimi?
- Tonmang? Men tonadigan odammasman. Men bunaqangi buyruq bermaganman.
-O‘rtoq Mamatov, insofingiz bormi?
-Rostdanam buyruq bermaganmisan yo meni laqillatmoqchimisan? Rais sening ruxsatingsiz bir qadam ham bosmaydi-ku?
-Sizni laqillatib jinni bo‘libmanmi? Polvon tog‘a, bu yerda turib gaplashish o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Uyingizga taklif qiling, axir. Bir piyola choyingizni ichaylik. Kun bo‘yi shu yerdaman. Janozani o‘tkazib, keyin qaytaman.
-Sening menga keraging yo‘q. Obkom buvani chaqirtir. Xalqning oldida so‘raydigan gaplarim bor.
-Gapingizni menga aytavering. Obkom buva Maskovga ketganlar. Paxta maydonlariga dori sepishni to‘xtatish masalasini shaxsan o‘rtoq Gorbachevga qo‘yish uchun ketganlar.
Raykom sekretarining ishonch bilan aytgan bu bahonasi Tursunali polvonda yetarli ishonch uyg‘ota olmadi:
-Rost aytyapsanmi?-deb unga qattiq tikildi.
-Yolg‘on gapirsam... partbiletim bilan qasam ichaymi?
-Yolg‘onga partbiletni aralashtirma. Senlar ikki dunyoda Maskovga borib, masala qo‘yolmaysanlar.
-Biz qo‘yolmasak, o‘zingiz boring, Teshaboy tog‘ani birga olvoling.
Kutilmagan bu taklif Tursunali polvonni o‘ylantirib qo‘ydi. Oshnasiga qaragan edi, u ham “ma’qul” deganday bosh irg‘adi.
-Bu gapingda jon bor. Qani, uyga yur-chi. Nurali, miltiqni ushla. Raykom bilan ish pishgunicha bularni qilt ettirmaysan.
-Polvon tog‘a, bularni endi bo‘shata qoling Siz bilan biz kelishadigan odamlarmiz. Dunyoda pishmaydigan ish bormi?-dedi raykom sekretari yalinish ohangida.
-Yo‘q, bu safar avval gaplarimni eshitasan.
Raykom sekretari noiloj ravishda unga ergashdi. Ular kirib ketishgach, yuqoridan Shoirali, Turg‘unali, Sobitali tushib kelishdi.
-O‘, ajib manzara!-dedi Shoirali zanjirbandlarni ko‘rib.- Kechagi kinoning ikkinchi seriyasi boshlanib ketibdi-ku? Turg‘unali aka, ana, sizning ro‘lingizni endi uch kishi o‘ynayapti. Ha, Nurali, soqchilik muborak? Nima bo‘ldi o‘zi, Batka qani?
-Uyda. Raykom buva kelgan. Gap katta,-dedi Nurali.-Omma Batkaga qoyil qolish kerak.
-O‘rtoq, siz ancha madaniyatli yigitga o‘xshaysiz. Bizni bu varvarlardan* qutqaring,-deb yalindi lektor Shoiralidan najot kutib.
-Shoirali aka, meni taniyapsizmi? Rayonda siz bilan besh-oltita uchrashuvlarni mo‘ljallab qo‘yganmiz,-dedi raykom vakili.
-Boshqalarini bilmayman-u raisni yechish kerak. Rais buva, sizni shaxsan o‘zim yechaman,-Turg‘unali shunday deb zanjirbandlar sari yurdi..
-Yaqinlashma!-deb buyurdi Nurali.
-Nari tur!-Turg‘unali uning po‘pisasiga parvo qilmay, zanjirni yecha boshladi. Qarshilik bildirmoqchi bo‘lgan Nuralini Shoirali bilagidan ushladi:
-Qo‘ysang-chi, bu ish senga yarashmabdi. Bunaqa bema’nilik Batkaga yarashadi. Miltig‘ingni qo‘y. Men hozir uyga kirib chiqaman, Batka ozgina pul va’da qilgan. Bir hafta maishatga yetadi.
Turg‘unali zanjirbandlarni ozod qilgach, raisning kiyimidagi changni qoqqan bo‘ldi:
-Rais buva, traxtir masalasida endi borib ovora bo‘lmayinmi?
-Borsang-bormasang, zararini ish haqqingdan ushlab qolamiz.
-Yaxshilikni bilmaydigan bola, bu rais,-dedi Turg‘unali qilgan ishidan pushaymon yeb.
Shoirali Tursunali polvonning uyi tomon yurgan edi, Nurali unga miltiqni uzatdi:
-Manovi mataxini olib kirib ber. Bo‘shatganingni ham ayt, keyin menga osilib yurmasin.
-Sen ketib qolma. Maishat qilamiz,-dedi Shoirali miltiqni olib.
-Maishating nimasi? Esing bormi? Qishloqda janoza-ku?
Shoirali “Janoza kechgacha bo‘lmaydi-ku?” deyishga og‘iz juftladi-yu Nuralining norozi qarashi tufayli indamay qo‘ya qoldi.
Hozirgina zanjirbandlikdan qutilganlar chinor tomonda, boshqalar pastroqda uydagi muzokaraning yakunini toqat bilan kutib o‘tirishdi. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach, eshikdan Shoirali chiqib keldi. U chinor tomondagilarga bir qarab qo‘ydi-yu, lekin jilmayganicha ulfatlari tomon yurdi.
-Ha, ja og‘zing qulog‘ingda?-deb so‘radi Nurali.
-Osh pishdi, og‘ayni. Raykom buvang chollarning tilini biladi-da. Kirsam, Batkaning shashti baland. Maskovga borib Gorbachevning yoqasidan oladigan. Shu bugunoq yo‘lga chiqmoqchi. Teshaboy tog‘a Hamrobuvi bilan bo‘ladigan ahdu-paymonni ishora qilib qo‘yuvdi, raykom buva ilib ketdi. Sovchilikni bo‘yniga oldi. Batka ham chatoq-da, «mening ishim sovchilarsiz ham pishib bo‘lgan», deydi. Unisi u dedi, bunisi bu dedi, hatto Teshaboy tog‘a «singlimni olsang, shu hafta ichi olasan, bo‘lmasa yo‘q», deb po‘pisa ham qildi. Batka bo‘sh kelmadi. Xullas, Teshaboy tog‘a ham Maskovga boradigan bo‘ldi. Yana uchta giroy xotin ham borarkan. Turg‘unali aka, chamadonni tayyorlang, yangam ham ro‘yxatga tirkaldi.
-Nega mening xotinim borarkan?-deb ajablandi Turg‘unali.
-Batkaning aytishicha, yangam «boevoy xotin»* ekanlar.
-Batka uylanmaydigan bo‘ldimi?-deb so‘radi Nurali.
-Kim senga shunaqa dedi? Maskovdan qaytgan kuni to‘y-da! Ana, men va’damning ustidan chiqdim. Endi meni bir hafta palovxonto‘raga to‘ydirib boqasanlar.
-Agar gaping rost bo‘lsa, seni bir hafta emas, o‘lguningcha boqamiz. Sultonali ikkovimiz seni o‘gay o‘g‘il qilib olamiz.
* * *
Biz eshitgan hangoma shunday yakun topdi.
Oradan bir yil o‘tib esa…
Erta tongda har ikkala qishloqda karnay-surnay ovozlari yangradi. So‘ng bolalarning quvnoq ovozlari eshitildi:
-Suyunchi beringlar!
-Suyunchi, suyunchi!
-Tursunali tog‘am o‘g‘il ko‘rdilar!
-O‘g‘il! O‘g‘il!
Shodiyona avjiga chiqqan pallada yasanib olgan Tursunali polvon ko‘chaga chiqdi. Huddi shu onda soyning nariga betidagi guzarda Teshaboy oqsoqol ko‘rindi.
-Ha, oshnam, o‘g‘illar muborak endi!-dedi Teshaboy oqsoqol unga quchoq ochib.
-Jiyanlar muborak!-dedi Tursunali polvon unga peshvoz chiqib.
Ular yuz yil uchrashmay sog‘ingan qadrdonlar kabi ko‘rishdilar.
- Qayoqqa ketyapsan?-deb so‘radi Teshaboy oqsoqol.
-Roddomga. Bitta xo‘rozni so‘yib, sho‘rva qildim. Obborib beray. So‘ng zagsga* o‘tib metrkasini olayin.
-Ismlari nima bo‘ladi endi?
-Ismlari o‘zi bilan-ku? Saksonalida.
- Yo‘q, oshna, adashma, Saksonboy bo‘lishi kerak.
- Nega endi?
-Bizning urug‘da ismga «boy» qo‘shiladi.
- Sening urug‘ing boy bo‘lsa, o‘zingga qo‘yaver. O‘g‘il bizning urug‘: Saksonali bo‘ladi.
Tursunali polvon shunday dedi-yu Sherqo‘zi qishlog‘i tomondagi «Qahramon onalarimiz” ko‘rgazmasidagi Hamrobonuning suratiga ko‘zi tushib, Teshaboy oqsoqolga norozi qiyofada qaradi:
-Ie, oshna, bu nima qilganing?
-Ha, bu ham yoqmadimi? Hamro qaysi qishloqning qizi?
-Olib tashla. Hamro Sherbilakning giroy xotini. Biz senlardan yana o‘tib ketdik.
-Bekor aytibsan. Bitta o‘g‘il seniki, to‘qqiztasi bizniki.
-Menga qara, oshna, janjal qilma, kelishaylik. Mayli, Hamroning surati ikkala tomonda ham tursin. Bolaning otini ham o‘rtada qo‘yaylik: «Sakson»i sendan, «ali»si bizdan.
-Menga qara, oshna, odamlar kulishyapti. Endi talashmayoq qo‘yaylik. Ikkala qishloqni birlashtiraylik.
-Yaxshi,o‘ylabsan, «Sherbilak» degan kattagina qishloq bo‘lsin.
-Nega endi «Sherbilak» bo‘larkan?
-Qishloqning nomi bizdan, sen esa unga rais bo‘la qol.
-Raislikka sen tuzuksan. Yaxshisi, qishloqning nomini o‘rtadan chiqaraylik.
-Bu gaping ham ma’qul. «Sher»ni senlardan olamiz, «bilak» esa bizdan.
-Ha, qoyil... -shunday deyishga dedi-yu oshnasining hiylasiga chuv tushganini anglab, kuldi:- ie, unda yana «Sherbilak» bo‘ladi-ku? Kel, «Sherqo‘zi bilak» deb qo‘yaylik.
-Shu ham ot bo‘ldi-ku! Juda ham nodonsan-da! Qo‘zida hech bilak ko‘rganmisan? Agar qaynog‘am bo‘lmaganingda boshqa gap aytvorardim.
-Qani, ayt, aytaver, ichingda qolmasin!
-Ke, qo‘y, tilimni qichitma. Meni yo‘ldan qo‘yma. Sen bilan osh pishirib bo‘lmaydi. Qishlog‘im senikiga qo‘shilmaydi,-Tursunali polvon shunday deb o‘z yo‘liga ketmoqchi edi, oshnasi yo‘lini to‘sdi:
-To‘xta, kelishamiz.
-Kelishmayman. Qirq yil kelishib kelganim yetar. Singling endi meniki. Men nima desam, shu bo‘ladi!
-Shunaqami? Unda bilib qo‘y: Hamro - Sherqo‘zining giroy xotini!
-Bekor aytibsan! Hamroning Saksonboy degan o‘g‘li bor. Bu o‘g‘ilning otasi esa menman! Hali sen qarab tur, Hamro ikki marta giroy bo‘ladi!
-Agar mening gapimga ko‘nmasang, singlimni sendan chiqarib olaman.
-Tushingni suvga ayt. Menday yigit turgan joyda Hamro sendaqa akaning o‘ntasidan kechvoradi!-Tursunali polvon shunday dedi-yu g‘olib odamning yurishi bilan qadam bosdi. Teshaboy oqsoqolning “Nega kecharkan?” deb oshnasiga ergashishdan o‘zga chorasi qolmadi.
Ertasiga ertalab esa yana karnay-surnay, nog‘ora ovozi yangradi. Keyin jarchining ovozi eshitildi:
-Odamlaru odamlar, eshitmadim demanglar! «Qo‘zibilak» qishlog‘ining raisi Tursunali tog‘a o‘g‘illari Saksonboyning tug‘ilishi va qishloqning birlashuvi bahonasida elga osh beryaptilar. Oshga marhama-at!!!
* * *
Xoh ishoning xoh ishonmang, hangoma shu bilan yakun topdi. Ehtimol hangomaning ayrim sahifalari sizlarga lofday ko‘ringandir. Iltimos, hukm chiqarishga shoshilmang. Yoshingiz saksondan oshganda vaqt topib, bu hangomani yana qayta o‘qing. Ana o‘shanda fikringiz o‘zgarishi aniq.
Qo‘shimcha sifatida shuni bayon etaman-ki, hangomaning dastlabki satrlarini Saksonboyning tug‘ilishi munosabati bilan berilgan oshni yeb kelib yoza boshlagan edim. Hajv sohasida noshudroq bo‘lganim sababli oxiriga yetkazish biroz cho‘zildi. Xudoga shukrkim, mana bugun, Qo‘zibilak qishlog‘ida To‘qsonboyning tug‘ilishi munosabati bilan tortilgan oshdan qaytib, yakunlovchi satrlarni yozyapman.
Darvoqe, aytishlaricha, Saksonboy tug‘ilganida Hamrobonu kelinlari va qizlaridan biroz uyalgan ekanlar. Endi unaqa emas emish. Yana aytishlaricha, Tursunali polvon qaynog‘asini yana bitta xotin olishga ko‘ndirolmay halak emish. Bu gapning aniqligiga kafolat bera olmayman. Yana o‘zingiz bilasiz...
uchraydigan ayrim “chistiy” o‘zbekcha so‘zlar uchun
izohli “spets” lug‘at
* “chistiy” o‘zbekcha – sof o‘zbek tilida so‘zlashgan bobolarimizga ancha qiyin bo‘lgandir? * “spets” – ruslar negadir “spetsialn?y” deydilar. Agar tilingiz kelishsa “maxsus” deganingiz ma’qul; * “Malades” – ruschasiga “molodets”ni “barakalla” deb ishlatadiganlar ham bor. * “Giroy” – “geroy”ni “qahramon” deb qo‘llovchilarga qoyil qolamiz; * “Razvedka qilib kelayinmi?” – “Surishtirib, aniqlab kelayinmi?” deyilsa ehtimol ko‘pchilik tushunmas? * “Zakun” – “zakon” so‘zi “qonun” ma’nosini anglatishini bilib olarmiz? * “Pechat” – muhr; * “Svejiy” – yangi; * “Stolichniy” malchik” – bu atama dunyodagi hech bir izohli lug‘atda yo‘q, qidirib ovora bo‘lmang. Ma’nosi: “Stolichnaya” (ya’ni “Poytaxt”) deb atalmish aroqning nomi; * “Lichna” – “lichno”, ya’ni shaxsan; * “Ukaz” – farmon (hukumat farmonlari bu tushunchaga kirmaydi); * “Ekstrenniy” – shoshilinch, tezkor; * “Sekretniy” – mahfiy; * “Uchen?y” – olim(bu yerliklar “olim”ni tan olishmaydi, “ucheniy” deyilmasa tushunishmaydi) ; * “prostoy soldat” – oddiy askar; * “Kapral” – harbiydagi eng quyi unvon aslida “efreytor” deb yuritiladi; * “Ispisat” – hisobdan o‘chirish; * “Mobilizatsiya” – safarbarlik; * “Roddom” – qaylardadir ayollar “tug‘ruqxona”da emas, “roddom”da tug‘adilar; * “Ekspertiz” – “ekspertiza”, ya’ni maxsus tekshiruv; * “apirist” – “aferist”, ya’ni firibgar; * “Dakalatchi” – “doklatchik”, ya’ni ma’ruzachi; * “Pripiska” – qo‘shib yozish; * “Avariy” – “Avariya”, ya’ni halokat; “Traxtir” – traktor dastlab bu qishloqqqa kelganda “o‘t-omoch” deb ham yuritilgan. Endigilar osongina “traxtir” deb qo‘ya qolishadi; * “Aktiv” – faol; “Savsem” – umuman; “Mestniy nasionalniy motam” – “milliy mahalliy motam”; * “Xaladiyna” – “xolodilnik”, hozir “sovutgich” deymiz; * “Problema” – muammo; * “Nizkiy pastkash” – o‘taketgan pastkash; * “Plan” – reja; * “Raz aytdimi” – “aytgan gapi – gap! * “Gapimga atvechat” – aytilgan gapga javob berish; “Mestniy shoir” – yozgan she’ri mahalla tashqarisiga chiqsa sharmanda bo‘luvchi shoir;* “Davno” – allaqachon; * “Atchet” – “otchet”, ya’ni hisobot; * “Srazu” – birdaniga; “Chto siz, Batka?” – nima deyapsiz, otaxon? * “Kvota” – miqdor, ya’ni majlisga kelishi lozim bo‘lganlar soni; * “Seka kepeses politbuyrosi” – SK KPSS, ya’ni Sovet ittifoqi Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi siyosiy byurosi; * “Kim za?” – kim qo‘llab ovoz beradi? * “Danniy” – ma’lumot; * “Kelametr” – kilometr; * “Uchetda” – hisobda; * “Uchetchik” – “schetchik”, ya’ni hisoblagich; * “Uskorena” – “uskorenie” – jadallashtirish, tezlashtirish; * “Lichniy masala” – shahsiy masala; * “Vsesoyuzniy” – butunittifoq; * “Atmenit” – “otmenit”, ya’ni bekor qilish. * “Otstavit” – bekor; * “Tilgrom” – “telegramma”ning jarangdor shakli; * “Ocherek” – maqola turi, muxbirlar tilida “ocherk” deyiladi; * “Nastroeniyasi ne to” – kayfiyati yo‘q, ro‘para kelinmagani ma’qul; * “Pajaliska” – ruslar “marhamat” degan so‘zni qiynalib “pojaluysta” deydilar; * “Pryamoy” – to‘g‘ridan to‘g‘ri; “Beliy goryachka” – “Belaya goryachka”, ya’ni mayxo‘rlik oqibatida yuzaga keluvchi vasvos xastaligi; * “Beliy noch” – “Belaya noch” – shimoldagi oydin tunlar; * “Revolusiya” – “revolyutsiya”, ya’ni inqilob; * “Jensovet” – ayollar kengashi; * “Brak” – sifatsiz; * “Kapeyka” – bir tiyin; * “Srok” – muddat; * “Ariston”- “arestovanniy” ya’ni, mahbus; * “Varvar” – yovvoyi; * “Boevoy xotin” – jangari xotin; * “ZAGS” – fuqarolik holatini qayd etuvchi idora; * “Metrka” – tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma.
Izoh: Lug‘atga kirmagan yana o‘nlab so‘zlar borkim, bularni o‘zlaridan so‘rab-bilib olarsiz...