OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Tilginamdan aylanay (hajviya)

Inson bolasining vujudidagi ko‘pgina a’zolar aqlning hukmiga bo‘ysunadi.
 Aytaylik, qo‘l, oyoq... hatto ko‘z.
 Aql «Ro‘parangdagi jononga qarama», deb buyruq bersa,
 ko‘z bechora bu amrga bo‘ysuna qoladi. Quloqni ayblab bo‘lmaydi,
chunki u ko‘z kabi yopilish fazilatidan mahrum.
Yaxshi gapni ham, yomonini ham eshitaverishga majbur.
Tanadagi bo‘ysunmas, o‘zboshimcha a’zolardan biri tildir.
 Aqldan buyruq kelmasa ham sayrab tashlaydi. Barcha bani odam singari
kamina ham bu qusurdan holi emaslar. Ihtiyorimsiz aytilgan ayrim gaplarni
 sizlarga ilindim, aybsitmaysiz.

Muchal

 Bir davrada muchal haqida so‘z yurib qoldi. Kaminadan ham so‘radilarkim:
 -Muchalingiz nima?- deb.
 To‘g‘risini aytishga istihola qilib dedim-ki:
 -Xotinimning muchali «it».
 -Bizga o‘zingizning muchalingizni ayting, dedilar.
 Tilginamdan aylanay, o‘ylab ham o‘tirmay, qiynalib ham o‘tirmay shartta dedi-ki:
 -Ey birodar, xotinimning muchali «it» bo‘lgach, kaminaniki «itboqar»-da!

Qovoq

 Do‘stlar bilan gurunglashib o‘tirib edik. Birodarimiz gapning beliga tepib, hali tog‘dan, hali bog‘dan so‘zlay boshladi-da, kutilmaganda:
 -Men bir yillik qovoqni ko‘rdim, balkonda qolib ketgan ekan, bir yilda aynimabdi,-deb huddi ulug‘ kashfiyot qilganday kerilib qo‘ydi. Aqlim «ko‘rsang ko‘ribsan-da», deb qo‘ya qoldi. Lekin, tilginamdan aylanay, bunga murosa qilmay:
 -Shunga ham maqtanasanmi, men ellik yillik qovoqni ko‘rganman,-deb yuborsami!
 -Lofni ham olib qochasan-da, qani, qaerda ko‘rgansan, isbot et,-deb talab qildi birodarim. Aql «hazillashdim», deb qo‘ya qol», demoqqa da’vat etdi. Til esa:
 -Isbot qilish uchun uzoqqa bormaymiz, ana, ko‘zguga qaragin, yelkangning ustida turibdi. Ellik yildan beri aynimasa-ya...- deb yubordi.

Tish va bosh

 Do‘stimning kayfiyati chatoqroq edi. Hol so‘rasam, «boshim og‘riyapti», deb nolidi. Aql «charchagansan, oshnam, dam ol, shirin choy ich...» deb dalda bermoqchi edi, til , hay-hay-hay, shoshqaloq bo‘lsang aylanay, dedi-ki:
 -E, og‘ayni og‘riq yomon-da, tishim og‘riganda oldirib tashlab, qutilgan edim.

Zahar

 Xalq ardog‘idagi san’atkor Yodgor Sa’diev bilan bir masalani hech hal qila olmaymiz. Yodgor akamiz meni, kamina esa u kishini zaharlikda ayblaymiz. Dunyoda tildagi zaharlik darajasini belgilab beruvchi uskuna yo‘qki, bizning bahsimizni yechib bersa.
 Kamina selektsionerlik, ya’ni o‘simliklarning yangi navini yaratish bilan shug‘ullanib, tuvakda bir o‘simlik yetishdirdim-da, akamizga bo‘lgan hurmatimiz ifodasi sifatida unga «Yodgor Sa’diev nomidagi ko‘p yillik mevali o‘simlik» deb nom berdim. Tuvakdagi bu o‘simlik chindan ham qishin-yozin meva tugadikim, uni xalqda «qalampir» derlar, ayrimlar «garmdori» deb ham yuritarlar. Alqissa shuki, mehmonlar kelib, qalampirdan totib ko‘rib, uning zaxriga besh ketib, urug‘idan so‘radilar. Aql «indamay berib yubora qol» deb amr etgan edi, tilginamdan aylanay, urug‘ni bermaslik yo‘lini topib, dedi-ki:
 -Urug‘ni berishim mumkin, lekin sizlar buni aslicha o‘stira olmaysizlar.
 -Nega endi?-deb ajablandilar.
 -Sababkim, kamina bu o‘simlikni Yodgor akamizning tupukulari ila sug‘organman. Qalampir shu tupukdan quvvat olgandir...
 Oradan fursat o‘tib, betoblanib yotganimda Yodgor aka o‘g‘illari Habibulloh bilan yo‘qlab keldilar-da, mehribonlik bilan muolajaning turli yo‘llari haqida gapirib:
 -Sizga ilon sho‘rva dori, ilon topib, sho‘rva pishirib kelaman,-dedilar.
 Aql «Rahmat, aka, kam bo‘lmang», demoqchi edi, tilginamni qarang:
 -Yodgor aka, ilon qidirib ovora bo‘lmang, sho‘rvani pishiring-u bitta barmog‘ingizni tekkizib qo‘ysangiz bas, - deb yuborsa-ya!
 Yodgor akamizning ham tillaridan aylansangiz arziydi. Aqllari «Qo‘y, shu kasal odam bir hazil qilsa qilibdi, javob qaytarma», degandir. Lekin tillari tinch turarmidi:
 -Aka, men sho‘rvaga barmog‘imni tekkizsam, ovqat achchiq bo‘ladi. Zahar bo‘lishi uchun siz tilingizni tekkizishingiz kerak...

Bosh

 Boshim og‘rib o‘tirgan edim. Bir og‘aynim kelib hol-ahvol so‘radi-da:
 -Men senga «Ko‘p kitob o‘qima», deb ming marta aytganman, kamroq o‘qisang, boshing og‘rimaydi, mana men bitta ham kitob o‘qimaganman. Yoshim ellikdan oshdi, lekin shu paytgacha sira boshim og‘rimadi,- dedi.
 «Gaping ma’qul», deb qo‘ya qolsam bo‘lardi, lekin til bunga yo‘l qo‘yarmidi. Aytgan gapini qarang:
 -Odamning boshi bo‘lsa, og‘rib turgani ham ma’qul...

Baliq

 Aroqxo‘rlikni xush ko‘ruvchi tanishim Ramazon oyi arafasida:
 -Bir baliqxo‘rlik qilaylik,- deb qoldi.
 -Nechuk ko‘ngling baliqni tusab qoldi, baliqqa boshqorong‘umisan?-deb hazillashdim.
 -Ro‘zadan avval xalqumni tozalab olay,-dedi u.
 «Niyating yaxshi», demoqchi edim, tilim boshqa gapni aytib yuborsa:
 -Tinch okeandagi barcha baliqlarni yeb tugatsang ham halqumingni tozalashga kifoya qilmas...

Isinish

 Iymoni zaifroq birodarimiz bilan ketayotgan edik.
 -Sovqotyapman,-deb nolib qoldi.
 Tilginamdan aylanay, shu yerda ham tinch turmadi-ya! Aytgan gapini qarang:
 -Birodar, ozgina sabr qiling, do‘zaxda isinib olasiz (astag‘firulloh!).

Qulupnay

 Ziyofatda qulupnayning fazilatlari madh qilinardi. Mendan:
 -Qulupnay qon bosimini tushirar emishmi?-deb so‘rab qolishdi.
 Aqlim «ha», demoqqa shaylangan edi, tilim tushmagur chaqqonlik qildi:
 -Ziyofatda tekin qulupnoyni to‘yib yesangiz, qon bosimingiz tushadi. Agar pulingizga sotib olsangiz, aksincha, ko‘tarilib ketadi.

Xandon pista

 Bozor oralab yurgan edim.
 -Inim, xandon pista oling,-dedilar bir otaxon.-Qarang, pistalar sizga qarab kulib turishibdi.
 «Rahmat, pista olmayman», deb o‘tib ketaversam ham bo‘lardi, ammo til bunga yo‘l bermadi:
 -Otaxon, pistalaringiz menga qarab kulib turishgani rost, lekin narxini aytganingizdan keyin cho‘ntak sizga qarab yig‘lab yuboradi-ku, bunga nima deysiz?

Quvvat

 Bir chala mulla hammani og‘ziga qaratib va’z aytardi:
 -O‘rik nima uchun yurakka o‘xshaydi, bilasizlarmi, chunki o‘rikni yesangiz, yurakka quvvat bo‘ladi.
 Aqlim «balki shundaydir»,deb o‘ylashga ulgurmay til tish hatlab qo‘ya qoldi:
 -Taqsir, qovoq-chi?

Antenna

 O‘sha chala mulla:
 -Soch tolalari antenna, kechqurun uxlaganingizda ruhlarning to‘lqinini qabul qilib, siz tush ko‘rasiz,-deb qoldi. Davradagilardan biri:
 -Domla, sochi yo‘qlar-chi, ular antennasiz ham tush ko‘raverishadimi?-deb so‘radi.
 Tilginamdan o‘rgilay, chala mulla javob topgunicha, uning mushkulini yengil qilib qo‘ya qoldi:
 -Ularniki parabal (chig‘anoq) antenna, tushning dodaxo‘jasini o‘shalar ko‘rishadi.

Ehtiyotdagi bosh

Chala mulla Allohning mo‘‘jizalarini gapira turib derdi:
-Agar Xudo ko‘zni peshonaga emas, yelkangizga o‘rnatganida kostyumni yechib qararmidingiz? Quloqni qo‘ltig‘ingizga o‘rnatganida birov gapirganida qo‘lingizni ko‘tarib turarmidingiz? Agar boshni yelkaga mahkamlamay telpakka o‘xshab, olib qo‘yadigan qilib yaratganida, biron joyda boshni olib qo‘yib, esingizdan chiqib qolsa, nima qilardingiz?
-Hammaning emas, shu chala mullaning boshini olib qo‘yadigan qilib yaratsa, yaxshi bo‘lardi,-deb yubordi tilginam.
-Nega?-deb ajablanib so‘radilar.
-Shu boshi esidan chiqib qolsa, buning o‘rniga aqlliroq boshni olib o‘rnatarmidi...

Qiyin savol

 O‘sha chala mulla ilm olish xususida gapirib, maqtanib qoldi:
 -Ilmimiz yetarli darajaga yetdi. Har qanday savolga javob topa olamiz.
 -Domla, unchalikmasdir,-dedim.-Mening Rahmatilla oshnamga ro‘para bo‘lsangiz, tesha tegmagan savollarni qalashtirib tashlaydi-ki, lol qolasiz.
 -Masalan, nimani so‘rashlari mumkin?
 -Masalan, u «Domla, iftor chog‘ida og‘izni aroq bilan ochgan ma’qulmi yo kon’yak bilanmi?» deb so‘rab qolsa, javob bera olarmikinsiz?
 Domla tushmagur Rahmatilla oshnamga ro‘para kelmayoq mag‘lub bo‘la qoldilar.

Tom

 -Uning tomi ketgan,-dedi do‘stim.
 -Bunday bo‘lishi mumkin emas,-dedim.
 -Nega?
 -U asli tomsiz tug‘ilgan edi...-dedi tilim.

Tovuq

 Hamkasbim bilan suhbatlashib o‘tirgan edim. Katakdagi tovuq qaqag‘lab qoldi.
 -Bitta tuxum tug‘ib shuncha vahima qiladi-ya,-dedi hamkasbim kulib.
 -Shapaloqdek kitobi chiqib, maqtanishi olamni buzadigan shoirga o‘xshaydi, bizning tovuq,-deb yubordi tilim.

Quloq

Issiq jonmiz-da, behos qulog‘im og‘rib, quloq, burun, tomoq do‘xtiri bo‘lmish do‘stimnikiga chiqdim.
-Ha, nechuk, biz g‘ariblarni yo‘qlab qolibsan, do‘stim, meni ko‘rging kelib qoldimi?-deb hazillashdi do‘xtir.
-Seni men emas, qulog‘imning ko‘rgisi kelib qolibdi,-deb yubordi baraka topgur tilim.

Havo o‘zgardi

Qon bosimim oshib, boshni bog‘lab yotgan edim. Ahli ayolim kirib, hol so‘rab:
-Ob-havo o‘zgarsa, sizning bosimingiz ham o‘zgaradigan bo‘lib qoldi, bugun ko‘chaga chiqmang,-dedilar mehribonlik bilan.
-Gapingiz to‘g‘ri, ob-havo o‘zgarsa, qon bosimi ham o‘zgaradi. Lekin xotin o‘zgarsa, har qanday qon bosimi yaxshilanib ketarmish,-deb yubordi tilginam.

Go‘rkovning narxi

Do‘xtir yurakka quvvat bo‘luvchi yangi dori chiqqanini aytib, izoh berdi:
-Dorini o‘zimizning dorixonadan oling. Boshqa joylarda yigirma ming so‘m, o‘zimizda o‘n olti mingga beradi.
Buni eshitib, kulimsiradim.
-Nega kulyapsiz?-deb ajablandi do‘xtir.
-Yozib bergan doringizning narxi go‘rkovning narxi bilan bir ekan,-deb yubordi bema’ni tilim. Bu ham yetmaganday yana izoh bergani-chi:-Ammo farqi ham bor. Dorining kafolati yo‘q, go‘rkovning kafolati borkim, naq suvab tashlaydi.

Qaymoq

Do‘xtir jiddiy parhez lozimligini uqtirib, yeyish mumkin bo‘lmagan taomlarni sanab ketdi. “Qaymoq ham mumkinmas”, deganda “aytsangiz-aytmasangiz qaymoq yemayman”,-dedim.
-Nima uchun?-deb so‘radi do‘xtir ajablanib.
-Juda qimmat-da,-deb to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi suyaksiz tilginam.
Do‘xtir yana ro‘yxatni davom ettirib, oxirida “tushundingizmi?”-deb so‘radi.
-Faqat bitta narsaga tushunmadim, nafas olishim mumkinmi?-deb yubordi tilginam.

Almashtirib berarsiz

Bir uchrashuvda “Nega xotiningizni olib kelmadingiz?” deb so‘rashdi.
-Keyingi safar, albatta, olib kelaman. Ko‘rarsiz, yoqsa yoqdi, yoqmasa almashtirib berarsiz,-dedi tilginam taltayib.

Parhez

Do‘xtir janobi oliylari kaminaga marhamat ko‘rgazib, sihatimni asramoq umidida bir qator maslahatlar berdilarkim, barchasini eslab qolmoq uchun bitta bosh kamlik qilarov, deyman. Xususan, parhezga doir talablarga bitta nafsu bitta qorinning chidamog‘i mushkul holdir. Alloh bandalari uchun yaratgan ne’matlar bir boshdan sanalib, “eyish mumkin emas”, degan hukm o‘qildi. Ajabo! Qo‘y go‘shtini banda yemasa, bo‘rining qorni uchun yaralibdimikin? Oq nonni banda yemasa, sigirga bayrammi ekan? Asti-asti bunday savollar bilan do‘xtirjon ko‘ngillarini xira qilmadim. Esim joyida! Ammo tilda es yo‘q. Dediki:
-Do‘xtirjon, siz buyurgan parhez ro‘yxatini eslab qolishim qiyin. Men o‘zim uchun maxsus parhezni tartib etganman.
Do‘xtir dediki:
-Ayting, ehtimol, boshqa bemorlarga ham tadbiq eturmiz.
Tilim dediki:
-Kaminaning parhez ro‘yxati uzun emas: dasturxon ustidagi tekin ne’matlarning barchasini yemoqlik mumkin. Chunki “tekin tomoq tanni toza qilur”, demishlar. Biroq, o‘z pulingga sotib olib yeyiladurg‘on ne’matlarga ehtiyot bo‘l. Do‘xturning parhezini faqat o‘zing sotib olg‘uvchi ne’matlarga nisbatan to‘g‘ri deb bil!

Qora xotin

Do‘xtir parhez buyurgach, kaminaga oq non yeyish qat’iy ta’qiqlandi. Taomlanish vaqtida muhtaramai xotinxo‘ja teppamizda urush davridagi “gestapo” yanglig‘ soqchilikda turadurlar. “Gestapo”dan farqlari – qo‘llarida o‘qlangan avtomat yo‘q xalos. Ammo tillari hamisha zaharli o‘qlar bilan o‘qlog‘liq turadi-ki, “gestapo” avtomatidan bir amallab panalanish mumkin, ammo til o‘qlaridan saqlanish mutlaqo mumkin emasdir. Shu bois kamina choyni ham mute holda ichur, atrofda rahm qilg‘uvchi zot topilmas. Baxtimdan aylanay, bu kun nonushta payti hazrat xotinxo‘jani qo‘shni chaqirib qoldi-yu ozodlik havosini tuyib, dasturxondagi oq nonga zo‘r hayajon ila qo‘l uzatdim. “Elakka chiqqan xotin ellik og‘iz gap gapirar”, demishlar ekan. Ammo bizning qo‘shni elakka emas, pulga chiqqani uchun ellik og‘iz o‘rniga bir og‘izgina gap kifoya qilg‘oni sababli xotinxo‘jamiz izlariga tezgina qaytdilar. Bir tishlam oq non qora nondan bezor bo‘lgan oshqozonimizga xushxabar olib tushishga ulgurdi xalos. Ikki tishlamga ulgurmay, qo‘limga yana qora non tutqizilgach, ko‘zlarimga yosh kelib dedimki:
-Endi faqat qora non yeymanmi?
Sitamkor dediki:
-Do‘xtir ruhsat bermagunicha shunaqa bo‘ladi.
Alam tufayli ko‘zlarim yoshlangani bilan tilim baquvvat edi. U dadil dedi-ki:
-Agar qora non yeydigan bo‘lsam, unda menga qora xotin ham olib beringlar!

Qora choy

Ziyofatda o‘lturar edik. Xizmat qilib yurgan yigitcha kirib so‘radiki:
-Choy qanaqasidan bo‘lsin? Ko‘kmi, qorami?
Birov “qora” dedi, yana birov “ko‘k”. Yigitcha mening xohishimni so‘rab edi, shoshqaloq tilim dediki:
-Inim, yaxshilab bilib oling: menga choyning qorasi ma’qul, pulning esa ko‘ki yoqadi!

Yo‘tal

-Nega yo‘talyapsiz?-deb so‘radilar.
-Tirik odam tirikligini bildirib turishi uchun yo‘talib turgani durust,-dedi tilim.
Ittifoqo qo‘yxonadagi qo‘chqorlardan biri yo‘talib qoldi. Oxurga hashak tashlab qo‘yishni o‘zi uchun eng og‘ir mashaqqat deb bilgan o‘g‘lim “qo‘ylarning harna bitta kamaygani yaxshi”, degan umidda dedi:
-Shu qo‘chqorni so‘yib yubora qolaylik, qarang, yo‘talyapti.
-Yo‘talayotgan bo‘lsa, tuzatish harakatini qil, men yo‘talganimda darrov so‘yib yubormaysan-ku,-dedi tilginam.

O‘lmaydigan bo‘ldim

Janozadan qaytayotgan xotinlar marhumning yaqinlari qanday aytib yig‘laganini, albatta, bir-bir muhokama qiladilar. Bu kaminaga ham ma’lum. Mahalladagi bir janozadan keyin xonim-afandidan shu haqda so‘radim.
-Yuragim ezilib turuvdi, gaplariga e’tibor qilibmanmi?-dedilar.
-Bekor turmay eshitsang bo‘lardi. Yana o‘n yilmi yo o‘ttiz yildanmi keyin o‘tadigan bo‘lsam chiroyli-chiroyli gaplarni aytib, hammani qoyil qoldirib yig‘lashingiz kerak,-dedim.
-Bema’ni gaplarni gapirmang!-deb jerkib berdilar. Men esam qitmirlikni davom ettirdim:
-Nima, chiroyli gaplaringizga arzimaymanmi?
-Arziysiz, lekin bunaqa bema’ni gaplarni aytib, asabimni buzmang.
-Unda siz ham chiroyli yig‘layman, deb va’da bering. 
-Yo‘q!-dedilar qat’iy xonim.
-Yig‘lamaysizmi?
-Yo‘q!-dedilar yana ham qat’iy ravishda.
Og‘zimni yumsam ham bo‘lardi, lekin tilginam tish hatlashdan tiyilmadi:
-Men chiroyli yig‘lashingizni eshitib, bi-ir rohatlanib yotmoqchi edim-da. Yig‘lamaydigan bo‘lsangiz, o‘lib nima qildim, bo‘ldi, o‘lmayman. 

Tarozi

To‘yimizga o‘ttiz besh yil to‘lgan kun edi. Ertalab xizmatga ketar chog‘ida “uyda tarozi bormi?” deb so‘radim. “Yo‘q”, dedilar xonim-afandi. “Nega yo‘q? Maskovdan olib kelgan osma tarozi qayda qoldi?” dedim ranjib. Xizmatdan qaytib, ovqatlanib o‘tirganimda xonim-afandim qo‘shnilardan birining shaxsiy mulkiga aylanib qolgan tarozini topib qo‘yganini g‘ururlanib ma’lum qildilar. “Necha kilogacha tortar ekan?” deb so‘radim. “O‘n kilogacha”, dedilar. “Kam ekan, bu bo‘lmaydi, boshqa tarozi topish kerak”, dedim. “Nimani tortmoqchisiz o‘zi?” deb qiziqdilar. “To‘ydan keyingi o‘ttiz besh yil ichida yig‘ilib qolgan peshonamning sho‘rini tortishim shart bo‘lib qoldi”,-deb yubordi tilginam. Tilginamning to‘y bilan tabriklaganiga o‘zingiz tushungandirsiz?

Baxtli umr

Yozuvchining xotini bo‘lish osonmas. Ayniqsa, yozuvchi to‘g‘ri gapni ham kinoya sanchig‘iga ilib uzatsa, bunday xotinning qahramonligiga tan berish kerak. Bir kuni xayolga berilib o‘tirgan ekanman, xonim-afandim “dard huruj qildimimin?” degan havotirda “Ha, adasi nima bo‘ldi?” deb so‘radilar. Bu onda “yangi kitobdagi bir voqeaga xayolim ketibdi”, desam tushunmaydilar. Shu uchun tilimga erk berib qo‘ya qoldim:-
-Bir narsani eslay olmayapman, xonim, nechanchi yilda erga tekkan edingiz?
-1972 yilda, nega eslab qoldingiz?-dedilar ajablanib.
Bundan o‘g‘lim ham ajablangan edi, endi tilim gapni unga qaratdi:
-Qachondir, yana yigirma yilmi yo qirq yildanmi keyin olamdan o‘tsam, qabrga tuzukroq tosh qo‘ydir. Yozuviga ehtiyot bo‘l: “yozuvchi” yoki “hurmatli odam” degan gaplarni yozdirma. Yozuv kamtarona va oddiy bo‘lsin, eshit: “Tohir Malik. 1946 yilda tug‘ilib, 1972 yilga qadar odamga o‘xshab baxtli umr ko‘rgan”, vassalom!

Og‘zingni o‘padi

To‘ydan qaytayotgan edik, tanishlarimdan biri uchrab qolib men bilan quchoqlashib ko‘rishdi, keyin mehri tovlanib ketdimi yo hazil tariqasidami: “Kitob yozgan qo‘llaringizni bir o‘pay”, deb o‘pib qo‘ydi. Hazil-huzuldan keyin xayrlashib, mashinaga chiqayotganimizda do‘stlarimdan biri:
-Dunyoda adolat yo‘q, buning kitobidagi voqelarni aytib berguvchi men-ku, buning qo‘lini o‘pishadi-ya!-dedi kulib. Do‘stimning da’vosi bejiz emasdi. Bolalikda ko‘p ovqat yegani uchun hamma unga “Bo‘tqa” deb laqab qo‘ygan edi. Shu do‘stimning hurmati uchun “Shaytanat”dagi Asadbekning yugurdaklaridan biriga uning laqabini olib bergandim. Do‘stim shuni nazarda tutib ko‘p hazillashardi. Hozirgi hazili ham o‘rinli edi. Shu uchun men ranjimadim, ammo tilim tinch turolmadi:
-Ayni haqiqat,-dedi u.-Men kitobni qo‘l bilan yozganim uchun qo‘limdan o‘pdim. Sen og‘zingda aytib turasan, hozir aytaman, og‘zingni o‘pib ketadi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.