Ota o‘g‘il, deganda biz yaxshi bolalarni nazarda tutamiz. Ammo Yo‘qquloboddagi bir maktabda «ota o‘g‘il» deyilsa, muallimlar qochgani joy topolmay qolishadi. Gap shunda-ki, Jo‘rqul bolaligida shu maktabda o‘qigan, o‘g‘li G‘o‘rqul ham shu yerda o‘qiydi. Sinf rahbari bir paytlar Jo‘rqulni o‘qitib, u maktabni bitirib ketgunicha tavbasiga tayangan edi. Endi qarigan chog‘ida G‘o‘rqulga ro‘para bo‘lganiga nima deysiz?
Jo‘rqul o‘qigan paytlarda maktabda kunda bo‘lmasa ham haftada bir marta bolalardan pul yig‘ish odati bor edi. Bir safar «bolalar, ertaga «Tinchlik fondi» uchun pul olib kelinglar», deyishsa, keyin «Chetqulobod pionerlariga yordam uchun» pul so‘rashardi. Jo‘rqul tushmagur pul bermaslik uchun hammasiga bahona topardi. Bir kuni muallimasi «Jahonda tinchlik uchun yigirma tiyiningni ayaysanmi!» desa bola paqir «Muallim, yigirma tiyin bilan tinchlikni saqlab bo‘lmaydi.» desami! Muallimaga ham qiyin unga yuqoridan topshiriq berishadi. So‘rovchi u, yomon ko‘rinuvchi ham o‘zi. Bir kuni «Katquloboddagi kompartiyaga yordam fondiga pul to‘planglar», degan buyruq keldi. Muallima topshiriqni aytgan edi Jo‘rqul «Men bermayman, Katqulobodda kompartiya yo‘q», dedi. Shunda muallima topshiriqni sal o‘zgartirib «Unda Katquloboddagi ochlarga yordam uchun pul beringlar» devdi, bola shart o‘rnidan turib: «Katqulobodda ochlar yo‘q» desami! Muallima: «Nega ochlar bo‘lmas ekan?» deb hayron bo‘lsa, «Kompartiya yo‘q yerda ocharchilik ham bo‘lmaydi», deb yuborsami! Shu-shu muallima Jo‘rquldan pul so‘ramaydigan bo‘ldi. To Jo‘rqul maktabni bitirgunicha pullarni o‘zining hisobidan to‘lab yurdi. Taqdirning nobop hazilini qarang-ki, ayni shu Jo‘rqulning o‘g‘liga yana ro‘para bo‘lib turibdi-ya! Ota o‘g‘il bo‘lmay ketsin bu bola, huddi otasining o‘zi-ya! Ammo kecha, yaxshi gapirib, bolani iydirmoqchi bo‘ldi: «Bolalar, sinf remonti uchun pul berib yuborgan ota-onalaringga maktab ma’muriyati nomidan rahmat deb qo‘yinglar. Undan keyin gazetalarga obuna bo‘lish uchun pul to‘plash davom etayotganini eslatib qo‘yinglar. Maktab fondiga har oyda berilishi zarur bo‘lgan pulni ham unutmasinlar. Singan oynaklar o‘rniga uchun ham pullar to‘la to‘planmadi. Deraza pardalarni yangilash uchun yaqinda pul to‘plash boshlanadi, bunga ham shay tursinlar. O‘tgan oyda kichik bo‘limdan maktabimizga komissiya kelib, bir hafta tekshirdi. Komissiya a’zolarini chorshanba kuni mehmon qilish bizning sinf zimmasiga tushgan edi. Maktab direktorimiz bu mehmondorchilik uchun alohida rahmat aytdilar. Ammo komissiya a’zolarining ayrim harajatlari uchun to‘plangan pul meyoridan kamroq bo‘ldi. Kelgusi oyda maktabimizga o‘rta bo‘limdan, undan keyin katta bo‘limdan komissiya keladi. Endi biz bu kamchilikni takrorlamasligimiz kerak. Sayqulova, qizim, o‘tgan safar oying somsa qilib berib yuborgan ekanlar, rahmat. Bu safar ham somsa sening zimmangda. Oyingga ayt, somsaga kartoshkani kamroq, go‘shtni ko‘proq solsinlar. Endi asosiy muddaoga o‘tamiz: bugundan boshlab maktabimizni yangi bo‘lim tekshiryapti. Bizning baxtimizga, tekshiruvchi maktabda tushlik qilmas ekan. Lekin ozgina choypuli berilmasa, mehmondo‘stlik qoidasi buzilgan bo‘ladi. Shuning uchun ertaga pul olib kelinglar.» Muallima shunday deb Jo‘rqulning o‘g‘li G‘o‘rqulga havotirlanib qarab qo‘ydi. «Ishni yana buzmasaydi», deb qo‘rqdi. Yo‘q, hartugul, bola indamadi. Shunda ham muallima «G‘o‘rqul, sen ham pul olib kelasanmi?» deb so‘radi. G‘o‘rqul «Albatta olib kelaman, ustoz!» deb yuborsami, yo qudratingdan! Muallima o‘z quloqlariga ishonmay, beihtiyor «Nega?» deb yubordi. G‘o‘rqul «maktabimizni tekshirayotgan kishi buvimning jiyanlari bo‘ladi. Buvim aytdilar: «pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin. Har holda begonaga ketmas ekan-ku...»
Xullas, shunaqa gaplar... Yaxshi gapirilsa, Yo‘qquloboddagi har qanday o‘jar ota o‘g‘ilni ham o‘zgartirib yuborsa bo‘larkan-a!
Tohir Malik. Ota o‘g‘il (hajviya)
(ishonish shart bo‘lmagan lofga qo‘shni hangoma)