Yo‘qqulobodda emas, o‘zimiz yashayotgan sayyorada Frantsuzlarning bir filmi bo‘lardi. Undagi qahramonning uyi Frantsiya-Italiya chegarasida joylashgan bo‘lib, chegara uyning qoq o‘rtasidan o‘tarkan. Ya’ni, uyning bir-ikki xonasi Frantsiyada, oshxona bilan hojatxonasi esa Italiyada ekan. Boyaqish qaerda tug‘ilganini bilolmay sarson. Agar mehmonxonada tug‘ilgan bo‘lsa, Frantsiyalik bo‘ladi, onasi oshxonada tug‘ib qo‘ygan bo‘lsa, Italiyalik bo‘ladi. Bu endi kulgili bir hangoma. Shunga o‘xshash hangoma Yo‘qqulobodda ham bo‘libdi.
Borqul mashinasini ko‘cha chetiga qo‘yib, bozorga kirib ketdi. Chiqib qarasa-ki, mashinani o‘g‘ri ochib, kichkina hamyonni olib ketibdi. Darrov polis mahkamasiga bordi. «Mashina ko‘chaning chap tomonida edimi yo o‘ng tomonidami?» deb so‘rashdi. «O‘ng tomonida» dedi. «Unda «O‘ngqulobod» rayonga borasiz, o‘ng tomon - «O‘ngqulobod» rayonining yeri, biz «Chapqulobod» rayonmiz», deyishdi. Norqul «O‘ngqulobod» rayon polis mahkamasiga bordi. Ular deyishdi-ki: «To‘g‘ri, mashina bizning rayonda turgan. Lekin o‘g‘ri «Chapqulobod» rayon yeridan o‘tib kelib, o‘g‘irlab bo‘lgach, yana «Chapqulobod» rayon yeriga o‘tib ketgan. Bu ish bilan «Chapqulobod» rayon polis mahkamasi shug‘ullanishi kerak.» Norqul yana «Chapqulobod» rayon polis mahkamasiga borib «O‘ng»dan eshitganlarini aytdi. «To‘g‘ri,-deyishdi ular,-ammo o‘g‘ri bizning rayonda qolmagan, u «Orqaqulobod» rayoniga o‘tib ketgan. O‘g‘ri o‘sha yerda, o‘sha yerga boring.» «Orqa» rayonga borgan edi, o‘g‘rining Biqinqulobodga o‘tib ketgani ma’lum bo‘ldi. Borqul deganimiz gapga ko‘nib, «xo‘p» deydiganlardan emas. Shart Biqinqulobodga ham bordi. Unda ma’lum bo‘ldi-ki, o‘g‘ri Quyruqqulobodga o‘tib ketibdi. Borqul u yerga, undan Bo‘ksaqulobod-u, Boldirqulobodga borib, Yo‘qqulobodning jam’i yerlarini bosib o‘tib, kamiga ummonlaridan oshib, yana o‘zining qadrdon bozor ko‘chasiga kelib qarasa-ki ko‘chaning chap tomonida turibdi. «Chapqulobod» rayon polis mahkamasiga borib sarguzashtini aytib, yurgan yo‘llarini xaritada ko‘rsatdi. Xaritani diqqat bilan ko‘zdan kechirgan polisqul «Aka, sal adashibsiz, xaritaga qaraganda o‘g‘ri ko‘chaning o‘rtasiga kelibdi. Ko‘chaning o‘rtasi esa bizning rayonga qaramaydi. U «Yonboshqulobod» rayonga qaraydi», dedi. Borqul «Yonboshqulobod» rayoniga bordi, keyin undan narisiga. O‘jarlik ham evi bilan-da! O‘g‘rining izidan tushib yana necha mamlakatlarni bosib o‘tdi. Yaxshi hamki, Yo‘qqulobod yumaloq shaklda barpo etilgan. Qaysi tomonga qarab yurilsa, aylanib kelib, yana harakatini boshlagan o‘sha nuqtasida paydo bo‘linaveriladi. Borqul ham shu zaylda yura-yura yana «Chapqulobod» rayoniga keldi. Mashinasini qo‘yib, uch-to‘rt qadam bosib orqasiga qarasa, o‘g‘ri kalit solyapti. Borqul quvonib ketib, o‘g‘rini quchoqlab oldi. «Og‘ayni, o‘g‘irlasang o‘g‘irlay qol, faqat mashinani rayon polis mahkamasining ro‘parasiga qo‘yay, o‘sha yerda o‘g‘irlagin. Meni sarson qilmagin». O‘g‘ri ko‘ndi. Ammo... Mayli endi qolgan sarguzashtlarni aytib boshingizni og‘ritmaylik. Siz balki «o‘g‘ri o‘g‘irlagan kichkina hamyonda nima bor edi, pul kattadirki, shuncha ovora bo‘lib yuribdi?» deb o‘ylayotgandirsiz? Be, Borqul anoyilardan emas, pul to‘la hamyonni mashinaga qo‘ymaydi. Pul hamisha yon cho‘ntakda, yurakka yaqin joyda. Hamyonda… tishkavlagich bor edi. Axir Yo‘qqulobodda tishkavlagichsiz yashash osonmi? Lekin gap tishkavlagichda ham emas. Bu yog‘ini o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘ladi.
Tohir Malik. Ushlang, o‘g‘rini! (hajviya)
(yuz gramm achigan lof qo‘shilgani sezilmasa kerak)