OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Temir odam (hajviya)

(Cho‘ntakda asralgan hangoma)

 
 Nasrquldan so‘rashibdi: «Xudo odamni loydan yaratgan ekan, somon ham qo‘shganmikin?» U javob beribdi: «Qo‘shgan, qo‘shmagan bo‘lsa odam bu dunyo tashvishlariga chidolmay, yorilib ketgan bo‘lardi». Bu bir latifa. Ammo Jazqulning fikricha, boshqalar loydan yaralgan bo‘lsa ham Yo‘qquloboddagi o‘qituvchi zoti temirdanmi yo betondanmi yaralgan bo‘lishi kerak. Qirq yil maktabda muallimlik qilgan Jazqulning, oqibat, topgan falsafasi shu bo‘ldi. Bilmaganlar derlarki, maktab bolalari sho‘x va bebosh, o‘qituvchining asablarini qiyma-qiyma qilib tashlashadi, ularga chidash uchun odam temirdan bo‘lishi kerak. Jazqul bu gapga qo‘shilmaydi. Bolalarning sho‘xligiga chidamoq uchun odam balchiqdan yasalsa ham bo‘laveradi, yorilmaydi.Tunovinda maorif mudirining o‘zi kelib, Jazqulning sinfini bir ko‘zdan kechirdi. Sinf tokchasida turgan Janubiy Yo‘qqulobod xaritasiga ko‘zi tushdi-yu tutoqib ketdi. «Tevosqul davrida chiqarilgan xaritadan foydalanilmasin», degan buyruqqa itoat etmagani uchun Jazqulni bolalarning oldida bir pul qilib tashladi. Jazqul «baraka topgur mudir ukam, yigirma yil oldin ham Yeraziliya shu yerda edi, hozir ham joyida turibdi», demoqchi bo‘ldi-yu, ammo indamay qo‘ya qoldi. Ana o‘shanda bilmaganlar uni «temirdan yasalgan, yorilmadi-ya!» deyishdi. Jazqul esa «be, shunga ham temirdan bo‘lish shartmi, bunaqa paytda odam plastilindan yasalishi kerak», deb qo‘ya qoldi. Bilmaganlar, «o‘qituvchilar dars berishga chidashadi-yu dastyorlikka chidashlari qiyin», deyishadi. Jazqul bu gapga ham qo‘shilmaydi. Axir dastyorlik koni savob-ku! Mana, saylovga tayyorgarlik jarayonida uyma-uy yurish, ro‘yxatga olish ham og‘ir ish ekanmi? Haq to‘lashmasa, to‘lashmas. Agar xojalar hurmat qilishmasa, ishonch bildirishmasa, shu ishlarni buyurisharmidi? Buning uchun odamning temirdan bo‘lishi shart emas, loyqa suvdan yasalsa ham bo‘laveradi. Bir marta qaysi bir idoraga qishloqdagi chuvalchanglarning soni kerak bo‘lib qolibdi. Yana boshqa idoraga echkilarning ro‘yxati. Yana bitta idoraga homilador xotinlarning ro‘yxati kerak bo‘libdi. Shu topshiriqqa kelganda Jazqul sal qiynaldi. Ro‘yxatni olib, topshirgunicha homilador xotinlarning yarmi tug‘ib qo‘yib, ro‘yxatni ikki marta yanglishga majbur bo‘ldi. Temirdan yasalmagan bo‘lsa ham g‘ing demadi. Bolalarni fermer xo‘jaligiga chopiqqa olib chiqayotganda xotini «o‘zingizning tomorqangizga qachon qaraysiz?» deb javrasa ham yorilmadi. Nomini kimdandir eshitgan, o‘zini esa ko‘rmagan gazeta obunasiga maoshidan ushlab qolishganda ham, qishloqning yaqiniga yo‘lamagan tsirk tamoshasi uchun chegirib qolishganda ham yorilmadi. Buning uchun odam temirdan yasalgan bo‘lishi shart emas, chang-to‘zondan yasalsa ham bo‘laveradi. Yil yakunlanayotgan chog‘i o‘quvchilarini baholayotganda bir ishbilarmonning o‘g‘li, dabdurustdan stoli ustiga beli sinmagan pulni qo‘yib «Ustoz, bizda ham nomus bor, «uch» bahoni to‘rtga aylantirib qo‘ying», deganida ham yorilmadi. Buning uchun ham odamning temirdan bo‘lishi shartmas, chirigan qog‘ozdan yasalsa ham bo‘laveradi.
 Ammo... har narsaning chegarasi bor. Jazqul «Bu yil xojalarning ko‘chalarini tozalashga maktab o‘qituvchilari jalb qilinmas emish», degan yangilikni eshitdi-yu chidolmay qoldi. Bu yangilik unga kamsitish bo‘lib ko‘rindi. Xojalar o‘qituvchilarga ishonmay qo‘yishgandirki, shunday qaror chiqarishgan. Mana shunaqangi adolatsizikka chidash uchun odam albatta temirdan yasalgan bo‘lishi kerak. Nima dedingiz?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.