Sanoqul kalamush tutib oldi. Qopqonsiz, zaharli dorisiz, shunday qo‘li bilan tutdi. Ertalab turib qarasa, kalamush ko‘rpacha ustida yalpayib yotibdi. O‘lganmi, desa, qimirlab qo‘yadi. Shartta changalladi. Shunda kalamush tipirchilab qoldi. Sanoqul uni endi o‘ldirayin, deb hovliga olib chiqayotgan edi «Sanoqul akaginam, bu fikrdan qayting, meni o‘ldirmang, uyingizdagi itingizning tuvagigacha oltin qilib tashlayman», degan ovoz keldi. Sanoqul avval qo‘rqdi, keyin ajablandi, yuzini chimchilab ham qo‘ydi. Ovoz yana takrorlangach, kalamushga qaradi: «Kalamushvoy, sen gapirdingmi?»-deb so‘radi. «Men gapirdim, akaginam, men anoyimasman, superkalamushman. Meni ko‘rpachaga qo‘ying, o‘zingiz ham o‘tiring. Bi-ir otamlashaylik». Sanoqul ajablanganicha kalamushning aytganlarini bajardi. Vo ajabo! Kalamush xuddi odamga o‘xshab, yostiqqa suyanib, oyoqlarini chalishtirib o‘tirdi.
- Men sizga boshimdan o‘tgan barcha savdolarni aytib bermayman. Siz oxirgilarini eshitsangiz bas, -dedi kalamush.- Xullas, gap bunday: horijdagi bir kimyogar olim zaharli gazning yangi turini ixtiro qilib, sinamoqchi bo‘ladi. O‘nta shisha qalpoqcha ichiga bittadan kalamush qamab, gazni berib, uyiga ketadi. Ertalab qarasaki, to‘qqizta kalamush o‘lib yotibdi, bittasi esa oyoqlarini chalishtirib, sigara tutatyapti. «Ie, sen nega o‘lmading?» deb ajablanadi olim. «Shu gazdan ham o‘larkanmi, bu zaharingiz menga chepuxa! Men Olliqma degan shaharda tug‘ilib o‘sganman. Bundan battari ham menga kor qilmaydi». Fahmlagandirsiz, o‘sha kalamush menman. O‘sha olim meni olib qolib, yana bir yil boqdi, bir yil sinadi. Bir kuni oshnalari bilan tog‘ sayriga ham olib chiqdi. Lekin o‘sha yerda sal nafasim qaytdi. Havosi tozaroq ekan, qiynaldim. Lekin kalamush kallamni ishlatib, yo‘lini topdim: mashinaning tutun chiqaradigan tuynukchasiga joylashib oldim. Bir mahal qarasam, olimginamning ko‘zlari ola-kula bo‘lib, o‘ladiganga o‘xshab qoldi. Oshnalari darrov do‘xtir chaqirishdi, foydasi bo‘lmadi. Shunda mening yana kalamush kallam ishlab qolib, mashina motorini o‘t oldirtirdim-da, olimni tutun chiqadigan tuynuk yoniga yotqiztirdim. O‘pkasiga tutun kirgach, sal o‘ziga keldi. Kechgacha shu ahvolda yotib, tuzaldi.
Ertasiga boshdan oyoq sarpo qilib, meni izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘ydi. Ikki kun uyda yashab, zerikdim. Annendagi xolavachchalarimni ko‘ray, deb ketayotsam, polis postidagilarning xunoblari oshib o‘tirishibdi. «Nima gap?» desam, ularga mashinadan chiqayotgan zararli gaz miqdorini o‘lchaydigan yangi asbob berishgan ekan. Ishlatamiz deyishsa, mashinaga yaqinlashmasa ham asbob yuqori darajani ko‘rsatib turganmish. Mashina tutuniga tutishsa, pasayib ketayotganmish. Men darrov tushundim. «Asbob buzuq emas, u shahardagi havoning darajasini to‘g‘ri ko‘rsatyapti. Mashinadagi gazninng zararini aniqlash uchun ko‘rsatilayotgan yuqori darajadan mashina ko‘rsatgan pastki darajani olib tashlasangiz, kerakli natija chiqadi. Axir bu oddiy matematika-ku!» dedim. Ularga oddiy arifmetikadan ozgina saboq berganimdan keyin meni sovg‘a-salom bilan kuzatib qo‘ydilar. Ana shundan keyin men zaharli va zararli gazlar bo‘yicha supermutaxassis bo‘lib qoldim.
Siz sira sezmadingiz, kechaginda ikkovimiz Qorpoq diyoriga safar qildik, siz «Esan» poezdining tepasida, kamina pastida edim. Ammo bora-borguncha, kela-kelguncha ziyofatlar zo‘r bo‘ldi, a?
U yoqdagi ziyofatlarga-ku, gap yo‘q. Kalamush bo‘lib tug‘ilib, shu yoshga yetguncha bunaqalarini ko‘rmovdim. Sizlardan qolgan-qutganning o‘zi bizlarga yetib-ortdi. Ammo bir narsani sezmay qoldim, aftidan, sal kayf bo‘libmanmi yo mening kalamush kallam buni anglashga kaltalik qildi shekilli. Men qaytib kelganimdan beri o‘ylayman: mening-ku nimaga borganim aniq, siz nimaga bordingiz-u, nima ishni qoyillatib keldingiz? Savolga javob bermasangiz ham mayli, bu yerga kelishimdan maqsad, buni bilish emas.
Endi akaginam, bu yerga kelishimning sababini aytsam, kecha kalamushlarning kengaytirilgan yig‘ilishida atrof-muhitni, tabiatni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini, xususan «Esan» tashkilotining bir qator faol xodimlarini o‘z vazifalarini bajarmayotganlari uchun mukofotlashga qaror qilindi. Bu ro‘yxatda sizning ham nomingiz bor, men shu xushxabarni yetkazgani kelganman. Endi siz «Kalamush xalqaro mukofoti» laureatisiz! Akaginam, shu idorada o‘n yil ishlab, bittayam ish qilmabsiz, agar shuni bilib, qadrlamasak, g‘irt nomardlik qilgan bo‘lamiz. Agar sizlar tabiatni asrash bo‘yicha jiddiy ish boshlab yuborsangizlar, bizlarning urug‘imiz qirilib ketardi. Sizga rahmat, bemalol urchib, ko‘payib yotibmiz. Biz minnatdorchilik bildirishga sichqonlarni ham taklif qilgan edik, ammo ular nomardlik qilishdi. Ozgina pastkashliklari bor ularning. Ammo biz xasis emasmiz. Har bir laureatga ikki kilodan tilla beramiz. Oltinni qaerdan olishimizni so‘ramang, vaqti kelganda aytamiz. Hozir kalamushlarni qayta ro‘yxatdan o‘tqazish ishlari oxiriga yetay deb turibdi. Kalamushlar soni rekord nuqtaga yetgani aniqlangan kuni shu ko‘rpachangiz ustida ikki kilo oltinni ko‘rasiz».
Kalamush shunday dedi-yu bir kerishib olib, ko‘zdan yo‘qoldi.
Sanoqul bu voqeani o‘ngimi yo tushi ekanini bilolmay qoldi.
Ammo har kuni uyg‘onishi bilan kalamush yotgan ko‘rpachaga qaraydi. Oltinni kutadi. Kalamush adashib ketmasin, deb ko‘rpachalarni yig‘dirmadi. Har holda yaxshi niyat... yarim tilla-da!
Tohir Malik. Tilla kalamush (hajviya)
(Sichqonlarning hafsalasini pir qiladigan hangoma)