OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. Musulmon (hikoya)

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylag‘ay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylag‘ay.
Alisher Navoiy


Ko‘klam keldi-yu hovlidan bir qushcha ketmas bo‘ldi. Avvallari e’tibor qilmagan ekanmi, Husan endi uni kunda ko‘radi: qushcha goh u, goh bu daraxtga qo‘nib oladi.  Gullash paytida esa boshiga oq ro‘mol tashlagan o‘rikdan negadir ayrilmay qoldi. Bo‘shadi, deguncha deraza qarshisida mixlanganday o‘tirib uzun-uzun xayollar suradigan sherigini Hasan o‘ng‘ay har fursatda bir yanib oladi. Hozir ham shunday bo‘ldi: “Hm-m, tag‘in qo‘zg‘adimi darding? Undan ko‘ra majlisni o‘ylamaysanmi? Shayx Ahmad Junayd hazratlari bilan uchrashuv hayotingda burilish yasashi mumkin, Husan! Hoy, kimga gapiryapman men? Devordan farqing yo‘g‘-a!.. – deya jirilladi u. Lekin muhatobining parvosiz o‘tirgani badtar jahlini chiqardi. – Qo‘y-e, go‘yo jannatga yo‘llanmasi naqd odamdek tutasan o‘zingni?..”
Husan bunday gaplarga ko‘p-da e’tibor bermaydi. Ammo ilgari haq talashardi – eslaydi. Bir kun qattiq tortishib ham qolishgandi. O’shanda aka-uka nafl namozi uchun tahorat olishga chog‘lanib turishganda qo‘shnining bolasi chiqib, qandaydir yumushga bir zumlik yordam so‘ragandi. Husan shu ketgancha kech qaytgandi. “Avval ibodat, keyin madad”, degandi Hasan qofiyasini kelishtirib. Husan ham nedir javob aytgandi, o‘rtada jiddiy bahs chiqib, jo‘jaxo‘rozlardek toza jig‘illashib qolishgandi o‘shanda.
– Mutaassib bo‘lma, islom – bag‘ri keng din. Hatto sig‘inib o‘tirgan vaqtingda yon-veringda chayon ko‘rib qolsang, oldin otiyomonni daf qilib, so‘ng namozga qaytishingga izn beradi u, – degandi Husan qizishib.
– To‘g‘ri-yu, – javob qaytargandi Hasan, – lekin bunday gaplar ko‘pincha farzlarni mukammal ado etishga erinadiganlarning bahonasi bo‘ladi. – So‘ng u Qur’oni karimni olib, Husanning arabchani o‘zidan tuzukroq bilishiga qaramay, so‘zma-so‘z o‘qib, hijjalab tarjima qilgan, buyam yetmay sharhlashga o‘tgan, chahoryorlaru sahobalar hayotidan misollar keltirib uqtirgan edi. 
Husan ham qarab o‘tirmay, o‘z tavrining himoyasiga avliyolar hikmatlaridan dalillar aytib, muqaddas kalomni har kim o‘z dunyoqarashiga yarasha tushunadi, butun yer yuzida iymoni bir xil kuchga ega ikki musulmonni topolmaysan, u kimda quvvatli, kimda zaif bo‘ladi, nega sen boshqalarning amalini o‘z qariching bilan o‘lchamoqchi bo‘laverasan, Hasan? – deya bo‘g‘ilgandi.
Goho esa mana shunaqa munozaralar cho‘zilib ketar va Husanning yuragi xunolud tortib, tashqariga chiqar, hovlidagi daraxtlar ostida soatlarcha kezinib, ba’zan ularga dardini aytib hovuridan tushardi. Keyin... keyin u ana o‘sha qushchaga duch kelib qoldi!.. Duch keldi-yu, negadir Hasan bilan munoqasha qilishni istamay qo‘ydi, ajab. Hatto u Hasanga: “Kechir men lodonni, bilmay talashib yurgan ekanman, do‘ppini olib o‘ylab ko‘rsam, hujjatning bari sen tomonda ekan”, dediki, bu iqror jigargo‘shasini ko‘p to‘lqinlantirdi, kelib Husanni quchdi, «iymoningga hamisha mana shunday sohib chiq!”, dedi ko‘zlari namlanib. So‘ng ular orasida vulqondek otilib turadigan olovli mubohasalar go‘yo tindi, Husan din borasida Hasan aytganga ko‘ndi. Ko‘ndi-yu, buni qarangki, o‘zgarmadi: avval qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldi. Hasan chizgan yo‘ldan yursa ham o‘z ko‘nglicha yashayverdi. Qiziq-a?..

* * *

Qushcha ba’zan novdada jimgina o‘tirardi. Shunda chappor urib gullagan o‘rik daraxti bahaybat quchog‘i bilan uni go‘yo yashirib olardi. Lekin qushcha har doim ham bir joyda tek turmay, pirillab uchib qolar, shu bois Husan uni tamosha qilishga ko‘p-da ilhaq bo‘lmasdi. Hozir ham lip etib bir shoxdan boshqasiga o‘tdi-yu, ko‘rinish berdi. Husan uni ko‘zlari bilan tutvoldi. Keyin qochirib yubormaslikka tirishganidan butun vujudi ko‘zga aylandi. Qushcha o‘tirgan o‘rnida xushxon ovoz bilan sayray boshlaganda esa borlig‘i quloqqa do‘ndi. Qushcha berilib, atrofni unutgancha yayrab-yayrab xonish qilardi. Bunga sayin Husanning zavqi oshar, o‘tirgan o‘rnida tashqaridan toshdek qotganga o‘xshasa ham ichkarida mumdek erirdi. Kuylay-kuylay qushcha, nihoyat, tin oldi, bejirim boshchasini u yoq-bu yoqqa tez-tez qaratdi, shunda Husan o‘ynab turgan, qop-qora hurkak ko‘zlarini ko‘rib qoldi. Nazaricha, qushchaning ko‘zi ham o‘ziga tushdi. Tushdiki, yana pir etib daraxtning narigi – ko‘zdan yiroqroq tomoniga qochib ketdi. Husan endi qushchani ko‘rmas bo‘ldi. Ammo ko‘p kuttirmay qushcha yana sohir ovozda xonish qila boshladi...
– Tur-e, qanaqa odamsan o‘zi? Hayotni derazaga qarab sob qilasan-ku bunaqada? – jerkidi Hasan qo‘lida kitob bilan tashqariga – daraxtlar ostiga chiqib ketarkan. – Qachon majlisni o‘ylaysan? Unaqa-bunaqamas, naq arabistonlik shayx hazratlari qatnashadigan yi¬g‘in bo‘lsa! Hey, o‘zimizni ko‘rsatsak bormi, xorijga ketish yo‘llanmasi naq cho‘ntagimizda deyaver.
Shu choq Hasanning qo‘l telefoni jiringlab qoldi va so‘ylashgancha nari ketdi. So‘ng birpas o‘tib ma’yus bir qiyofada qaytib keldi.
– Otam betob emish.
Husanning diqqati bo‘lindi:
– Nima?..
– Qulog‘ing tom bitganmi, otam yotib qopti deyapman, – tutaqdi Hasan, – garang!..
– Voy, – dedi kapalagi uchib Husanning, turib sherigi qoshiga kelarkan. – Jiddiy emaskanmi, ishqilib?
– Bilmadim... Nima qildik, Husan? Bu yoqda maj¬lis...
– Nimalar deyapsan, Hasan?.. Boramiz!..

* * *

Ertasi saharmardonda egizaklar yelkalariga yengil xaltalar osib, olis viloyatga otlanishdi. Uydan chiqisharkan, Husanning e’tiborini bir emas, kamida ikki qushning munis, dilpazir xonishlari tortdi. Bir lahza to‘xtab alangladi. Chindanam, daraxt shoxida bir-biriga quyib qo‘ygandek o‘xshash ikki qushcha paydo bo‘lgandi. Qay biri hamishagi qushcha-yu, qaysisi mehmon – bilib bo‘lmasdi. 
– Qara, Hasan, qushchalar ham bir juft bo‘p qopti, egizak deysan, – hayrati oshdi Husanning. 
– Ke, Husan, ertalabdan asabga tegmagin, yo‘limiz uzoq... – sherigi yonidan shitob bilan o‘tarkan, tan¬behladi Hasan...

* * *

Yarim soat o‘tar-o‘tmas, tug‘ishganlar taksiga o‘ti¬rishdi-yu, ota yurtlariga jo‘nab ketishdi. Taxminan uch soatlardan keyin esa ular mingan mashina yo‘l chetidagi chog‘roq kafe qarshisida to‘xtadi.
– Ovqatlanamizmi? – Haydovchi hammadan burun kabobchiga qarab yo‘rg‘aladi. Ortidan er-xotin yo‘lovchilar ergashdi, sizlar-chi, degandek bularga im qoqib qo‘yishdi. “Ishtaham yo‘q”, dedi Husan. “Yur, namoz o‘qib kelamiz”, deya eshikni ochdi Hasan.
Ular kelib tushgan joy bag‘oyat xushmanzara ekan. Tog‘ yon bag‘ri ayniqsa latofatli, yonginalarida sharqirab soy oqayapti, bo‘ylari unchalik baland bo‘lmagan daraxtlar, oddiy tolmi yo majnuntol – birdaniga ajratish qiyin... Shu daraxtlar ostidayam zilol suv oqib yotibdi. Husan ariq labiga cho‘kkalab, yuziga suv urgan edi, seskanib ketdi.
– Oh, muzdek!..
– Tog‘niki-da, – hamdamining shundoq biqiniga kelib tiz bukdi Hasan. – Tahorating bormi?
– Borlikka bor, lekin uyga yaqin qoldik, bemalol¬roq o‘sha yerda o‘qirdik...
– Vaqtida o‘qish kerak. Qoidani besh qo‘ldek bilasanu amalga kelganda taysallaysan-a, Husan. Kecha sen bormagan amrima’rufda yaxshi gap aytishdi, – dedi Hasan qo‘llarini kichik sochiq bilan yaxshilab artarkan. – Bir yo‘lovchi aeroportda namoz o‘qib qolib reysidan kechikibdi. Saldan keyin esa o‘sha samolyot halokatga uchrab, bitta ham tirik jon qolmagani haqida xabar kelibdi. Qara, namoz qutqaribdi uni...
– Bunday misollar bilan namozni sharaflashga urinmaslik kerak, – qizishdi Husan, tortishmayman degan qarorini bir lahza unutib. – Samolyotda ehtimol savobi ko‘proq, qalbi pokroq insonlar ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin-ku. Yoki norasida, begunoh go‘daklarga nima deysan?.. Bu – qismat, peshonaga yozilgan yoziq. Namozning ahamiyatini bu tarzda bo‘rttirib ko‘rsataman dema, Hasan... Istasang, men ham senga shunga o‘xshash bir hikoya aytib beray, – joynamozni yerga to‘shab Hasanga yuzlandi Husan. – Bir ishbilarmon yigit xorijga ketadigan bo‘p qopti-yu, uyda yolg‘iz qolayotgan onasi zorlanibdi: “Negadir yuragim g‘ash, bolam, shu galcha bormasang devdim...” O’g‘il bir ishi, bir onasining gapini o‘ylab, axiyri ketishga qaror qilib, aeroportga jo‘nabdi. Lekin ulgurmabdi: uchoqqa o‘tqazish yakunlanib, eshiklar yopilgani uchun chor-nochor uyga qaytib, o‘z xonasiga kirib yotib olibdi. Ona berigi xonada televizor ko‘rib o‘tirgan ekan, “Xabar”larda o‘g‘li kechikkan samolyotning havoda portlab ketgani to‘g‘risida aytib qolishibdi.
Onaizor hayajon bilan qo‘shni xonaga – o‘g‘lining qoshiga chopibdi.
– Qara, bolam, aytmabmidim ko‘nglim g‘ash deb, sening samolyoting... – Onaning gaplari bo‘g‘zida qotibdi: ne ko‘z bilan ko‘rsinki, navqiron yigitning joni chiqib, polda sulayib yotgan ekan... Hasan, hamma gap taqdiri azalda. Odamning qazosi yetgan bo‘lsa, osmondami, yerdami, farqi yo‘q... O’sha namozxonning tirik qolishining siri namozda emas, lavhi mahfuzda yashirin.
– Ko‘chadagi iymonsizning gapini gapirma, Husan! – achchiqlandi Hasan. – Kim aytadi seni Islom universiteti tolibi deb? Dunyoda hech bir narsa bejiz sodir bo‘lmaydi. O’sha namozxonning joni faqat ibodat tufayligina tirik qolgani kundek ravshan-ku! Hammasi ochiq-oshkor bo‘lib turgandayam iymon keltirmay, dalil ko‘rsat, deb payg‘ambarimizga tixirlik qilgan mushrik¬larga o‘xshama!..
– Olloh asrasin de, Hasan! – Husan boshqa e’tiroz bildirmay joynamozga borib turdi.
– Nauzubilloh, ukajon, nauzubilloh, – deya pichirladi Hasan.

* * *

Ibodat paytida tuyqus tepalarida vijir-vijir boshlanib qoldi. Diqqati bo‘lingan Husan shivirlab aytayotgani oyatlar tiliga kelmay tutildi. Namoz bitishi bilan u o‘tirgan ko‘yi boshini burib qushchalarni qidirishga tushdi.
– Bu ketishda yo aqldan ozasan yo yana bir baloning o‘qiga yo‘liqasan, noshud! – deya po‘ng‘illadi Hasan, joynamozlarni yig‘ishtirib olarkan. – Har kuni besh marta takrorlaydigan oyatlarniyam esidan chiqaradimi odam! Xayoling qaerda o‘zi? Shayx Ahmad Junayd nima deydi, eslaysanmi? Farzlarni ado etishda eng kichkina xato ham iymon ustunini liqillatib qo‘yarkan. Sen bo‘lsa...
Hasan ortiq gapirmadi. Husanning parishonligidan qattiq ranjiganidan odaticha, bor-e, ma’nosida qo‘l siltab nari ketdi.
Hasanning sovuq sulukotiga Husan parvo qilmadi; uning fikru zikri qushlarga bog‘langandi. Lekin berilib izlasa-da, parrandalar ko‘ziga darrov ilina qolmadi. Keyin daraxtdan andak uzoqlab boqdi. Hayriyat, shu yerda ekanlar: qushchalar inja tumshuqlari bilan bir-birlarining boshu bo‘yinlarini yengil cho‘qishar va yana allaqanday tovush chiqarib orolanishar edi.
– Yana nima bo‘ldi? Ba’zan ja-a oshirvorasan-da, – o‘smoqchiladi olisdan buni kuzatib turgan Hasan.
– Bu yoqqa ke, Hasan!.. – deya shoshib, hayajon bilan gapirdi Husan. – Anavilarga qaragin, ertalab Toshkentda ko‘rmovdikmi?..
– Be-e! Nimalar deyapsan?
Hasan qiyo ham boqmay mashinaga kirib o‘tirib oldi. Husan esa qushchalarga yaqin bordi.
– Nimalar deb g‘ujurlashyapti ekan bular, – xayolidan kechdi, – qani endi jivildoq tillarini bilsam. Bormikan o‘zi shundaylar? Sulaymon payg‘ambarni bilgan, deb aytadi kitoblar. Maza bo‘lsa kerak qush tilini bilish...
Keyin esa lop etib yodiga darrandayu parranda tiliga ishqiboz bo‘p qolgan sho‘rlik inson qismati haqidagi rivoyat tushdi. Unga ko‘ra, ishqiboz payg‘ambarning oldiga kelib, Olloh taolodan menga ham hayvonotu nabotot tilini tushunish uquvini so‘rab bergin, deydi. Payg‘ambar uni harchand bu yo‘ldan qaytarishga urinmasin, qaysarlik qilib, aytganida turib oladi. Nihoyat, orzusiga erishgan gardankash uyiga kelsa, mushugi va itining o‘zaro suhbatini eshitib-tushunib qoladi. Mushuk itga “xo‘jayinning tovug‘i kasal, yaqinda o‘ladi, sen bilan biz go‘shtini yeb, bir kun maza qilamiz” deyayotgan ekan. Gardankash ishqiboz darrov tadbir olib, tovuqni bozorga eltib pullab keladi. Oradan vaqt o‘tib yana o‘shanday suhbat qulog‘iga chalinadi: “Xo‘jayinning sigiri kasal, yaqinda o‘ladi va sen bilan biz bir oy maishat qilamiz”. Ishqiboz zudlik bilan sigirni sotib daf qiladi. Lekin asl balo oldinda ekan: kunlardan bir kun u favqulodda g‘alati mubohasa ustidan chiqadi: “Sabr qil, bu safar xo‘jayinning o‘zi betob, yaqinda o‘ladi va biz bir yil bazmu jamshid qilamiz”. Gardankash nima qilishini bilmay payg‘ambar huzuriga takror yo‘rg‘alaydi. Allohning elchisidan: “Kichik sinovlar kelganda bo‘yin tovlamay, sabr qilish kerak edi, endi senga yordam berishning iloji yo‘q”, degan javobni olgach, dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib o‘zini yo‘qotadi. Ko‘p o‘tmay ishqiboz olamdan o‘tadi-yu, uning ma’rakalarida mushuk va it og‘zini moylaydi...
– Inson bolasining ba’zi narsalardan g‘ofil yurgani tuzuk ekan. Ruh haqida bizlarga judayam oz bilim berilganligida ham shunday bir hikmat yashiringan bo‘lsa, ajabmas, – dedi Husan o‘z-o‘ziga pichirlab. Keyin xayolini qushlarning quvnoq ovozlari oldi. – Nega ular biz bilan yo‘lga chiqdi ekan? Nomi nimaykin bularning, qaldirg‘och bo‘lib qaldirg‘ochmas, bulbul bo‘lib bulbul. Bir aftlari momosovg‘aga o‘xshaydi, boshqa tarafdan to‘rg‘ayni yodga soladi. Beozor musichayu qumridan ham nimadir bordek. Lekin, ajab, hech biri emas. Hammasiga o‘xshasayam baribir boshqa qush bular! – Husanning taajjubi ortgandan ortdi. – Muncha choroyli bo‘lishmasa, g‘ujurlarida qanday ma’no bor? Bizni tark etmay ta’qib etayotganlarida-chi?!..

* * *

Ko‘p o‘tmay egizaklar manzilga yetib kelishdi. Otalari uyda yotgan ekan, do‘xtirlar aytishicha, qon bosimi o‘ynabdi. “Yoshi bir joyga borib qolsayam tinchimaydi, ketmon ko‘tarib hali tomorqaga, hali boqqa jo‘nab qoladi, mol-holgayam o‘zi qarasa-da”, koyinadi qo‘rqib ketgan onalari. “Ha, endi boshqacha yasholmasam, mehnatsiz turolmasam nima qilay”, deydi o‘zini oqlab otalari.
Tarovatli ko‘klam emasmi, hayhotdek hovli-bog‘da chug‘urlashgan murg‘larning xilini sanab adoq qilolmaysan, kishi. Otasi sog‘lig‘idan ko‘ngli to‘lgan Husan bog‘ aylanib yurishni odat qildi. “Ha, nimani yo‘qotding daraxtlarda?” – deb qo‘yardi Hasan unga ko‘zi tushgan kezlari. Lekin u parvo qilmas, o‘sha antiqa juftlikni ixlos bilan qidirardi. “Bog‘ to‘la qush bo‘lsayam menikilar hech qaysisiga o‘xshamaydi, kelgan bo‘lsalar, albatta topaman”, deb o‘ylardi u. Aytganidek, najib qushchalar etakdagi ertagullar bodomning xiyol egilgan novdasida yonma-yon o‘tirishib olgancha bir-biridan o‘zib nola qilishar, maxmurlanishardi. Husan daraxtga yovuq keldi, lekin parrandalarni cho‘chitib yubormaslik uchun masofa saqlab to‘xtadi. Bir pas shu ko‘yi qotdi-yu, oyoq ostiga qarab o‘tirgani joy izladi. To‘nka bor ekan, yaxshilab joylashib olgach, qulog‘ini ding qildi. Hovlida turli ovozlar o‘ziga xos tarona hosil qilgandi. Buni Husan ancha muddat o‘tgachgina tuydi. Ha, avval-boshda tartibsiz eshitilgan tovushlar tinglay bergani sayin hayratangiz yo‘singa tushdi-qoldi. Tavba, dedi boshini ma’nodor tebratib, so‘ng o‘z qushchalarining tavallosiga e’tibor qildiki, ushbu ulug‘vor musiqiy uyg‘unlik aro ularning ham alohida o‘rni bo‘lishini juda-juda istardi. Sir birdaniga yuz ochmadi, balki asta-asta qalbida ayon bo‘la bordi. U shundan iborat ediki, bir juft qushning sehrli xonishlari hovlini tutib ketgan ajabtovur taronani boshqarib, yo‘naltirib turardi. Kutilmaganda ular sukutga tolishdi va bog‘da yangrayotgan umumiy qo‘shiq chok-chokidan so‘kilib, parokandalikka yuz tutdi. Xuddi shuni bilgandek qushchalar yana tashabbusni qo‘lga olib, bir maromda mayin kuylay boshladilar... Husanning qalbida yoqimli bir farog‘at va yana allaqanday rizvoniy saodat tuyg‘ulari qorishib, ulkan, yaxlit mazmunga aylandi...

* * *

Haytovur, ikki-uch kun ichida bemor ahvoli yaxshilanib, xeshu taborning yuzi kuldi. Tahsillaridan qolmasin, deya ota Hasan-Husanni yoniga chaqirib, hamishagidek tilak bildirdi: bolalar, hayotda qutqular ko‘p bo‘ladi, iymonlaringga mahkam bo‘linglar!.. – So‘ng birin-ketin palaponlarining peshonasidan o‘pib xo‘shlashdi...

Aka-ukalar ota uyidan chiqishib, poytaxtga qatnaydigan ulovga o‘tirishdi va choshgoh bo‘lmay dovonga dorishdi.
– Tog‘liklar nonidan olvolaylik, shaharda so‘raganlar ko‘p, – taklif qip qoldi Husan.
Mashinadan hamma tushdi, faqat Husan negadir non sotiladigan uzun rasta emas, nariroqda g‘uj o‘sgan tollar sari yurdi.
– Hoy, non bu yoqda!.. – qichqirdi Hasan.
– Hozir kelaman, sen tanlab tur. – Husanning ikki ko‘zi tol shoxlarida yugurib qoldi. – Qani ular? – der edi dili. Negadir qushchalar yo‘q edi va bu hol Husan dilida ko‘kargan umid daraxti ildiziga bolta urdi. – Namuncha ularga o‘rganib qoldim? – o‘zidan o‘pkalay ketdi so‘ng. – Qush – parranda, men esa odam naslidan bo‘lsam, qaerdan paydo bo‘ldi bu ko‘rinmas rishta? Nega o‘zimni u bilan baxtli his qila boshladim, nega usiz yashagim kelmay qoldi?.. – Husan bu yoqda ana shunday xayolga cho‘mib, gir aylanib turganda, u yoqda Hasan non, turshak va qurut xarid qilib, mashina yukxonasiga joylab ham bo‘ldi.
– Husan!..
Husan qidirganini topolmay, noiloj mashina tomon qaytdi va eshikni ochar asnosi, naq boshi ustida chug‘ur-chug‘ur yangradi-yu, qiziqsinib ko‘kka boqdi: –Marhamatingdan o‘rgilay, Xudoyim, – xayolidan o‘tdi, so‘ng shirin bir entikdi. Qushchalar o‘z tilida nimalarnidir so‘ylashgancha havoda charx urardi...

* * *

Tahorat olib hovlidan qaytayotgan Hasan javradi:
– Jumadan kech qolamiz, qanaqa gap uqmas merovsan? Namozdan keyin majlisga borishimiz kerak, unutdingmi?
– Hozir, mana... – Husan poygakdagi obdastani qo‘liga ilgancha chopib tahoratxonaga o‘tib ketdi.
Xiyol o‘tib egizaklar yo‘l boshidagi masjid tomon odimlashdi. Shu on o‘rik shoxidagi kunda-shundalar sayrashni bas qilgancha ko‘kka talpinishdi.

Hasan-Husanlar jadal borisharkan, yo‘l chetidagi bozor darvozasi oldida bir to‘da yosh-yalangning to‘planib olib, yoshi qaytganroq kishini do‘pposlayotgani ustidan chiqib qolishdi.
– Iya, Hasan, anavilarga qara, – Husan yo‘lni shu yoqqa oldi.
– Husan, esing joyidami? Ular bir to‘da ekan, – norozi bo‘lib to‘ng‘illadi Hasan. Lekin Husanni yakka tashlab ketmadi, ergashdi.
– Hoy-hoy, bu nima qilganlaring, uyalmaysizlarmi? – ham yugurar, ham xitob qilardi Husan. O’zlari tomon oshig‘ich kelayotgan ikkita dovongir yigitni ko‘rgan bezorilar tiraqaylab qochib qolishdi-yu, jabrdiyda bebiliska qutildi.
– Yur endi, – Husanning yengidan tortdi Hasan, – ish oson ko‘chdi.
– Shoshma birpas, – Husan tuproqqa belanib yotgan mazlumning yelkasidan tutib tiklamoqqa urindi.
– Qoch nari!.. – xaloskorini siltab tashladi mazlum. Keyin turaman dedi-yu, munkib, yuzi bilan tuproqqa surinib ketdi. Atrofga aroq, qo‘lansaga aylanib ketgan ter hidi va yana allaqanday chirkin, achiqimtir bo‘y anqidi.
– Tfuu! – deya burnini jiyirdi Hasan. – Ketdik, ko‘rmayapsanmi, iymonini boy bergan odam ekan bu!
– Do‘stim, – deya yalinmoqqa tushdi boyagi odam, endi butunlay boshqa qiyofaga kirib, – uch-to‘rt so‘m berib turolasizmi... iltimos... – ozg‘in, kir-chir va titroq qo‘lini cho‘zdi.
– Berma!.. Bersang, ichadi... – ogohlantirdi nari borvolgan Hasan.
Husan ikkilanib qoldi: bersammi-ber¬masam¬mi?..
Darhaqiqat, qanday yo‘l tutsa, to‘g‘ri bo‘ladi-a? O’ylab ko‘rsa, bunday vaziyatlar uchun tayyor javobi yo‘q ekan. Ko‘ngliga quloq tutsa, “ber, ber” degan maylni tuydi va cho‘ntagidan shartta pul chiqarib, ochilgan qo‘lga tutqazdi.
– Ahmoq!.. – dedi Hasan, – Gunohiga sherik bo‘lding-ku!..
Husan boshini egib olgancha indamay ildamlab ketdi...

* * *

Jome’ masjidida va’z eshitaman deb, turli mav¬zelardan erinmay keladigan shunchalar serobki, andak hayallasangiz, o‘tirgani bir qarich joy topolmaysiz. Hasanning yonib-kuyib, Husanni shoshirib-qistashlari, aslida, shundan. Hozir ham old qatorga oshiqishib, to‘rtinchi safdan arang joy olishdi, shular bilan deyarli bir paytda kirib kelgan cho‘qqi¬soqol yoshulli egizaklar o‘rtasiga tushib qoldi. Ham¬malari indamay o‘tirishdi-da, butun vujudlari quloqqa aylanib tinglay boshlashdi...
Imom shirador, vazmin ovozda namoz to‘g‘risida bir tekis gapirar edi: Birodarlar, hamisha yodda tutmog‘imiz kerakki, namoz dinning ustunidir. Ustun bo‘lmasa nima bo‘ladi? Imorat qulaydimi?.. Hech qanday vaj-bahona namozni tark etishimizga sabab bo‘lolmaydi. Rivoyat qiladilarki, Hazrati Umarning Bog‘i eramdek muhtasham bog‘i bor ekan. Kunlardan bir kun u bog‘ning tarovatiga mahliyo bo‘lgancha asr namozini unutibdi. Esiga tushgan vaqtda esa jamoa bilan namoz qilishga kechikkani ayon bo‘libdi. Hazrati Umar iymon egasi edi, hap senimi, debdiyu bog‘ni miskinu benavolarga hadya qilibdi. Qarang, qancha og‘ir bo‘lmasin, u namozga eltuvchi yo‘ldagi g‘ovni bartaraf etmoqda. Musulmonlar, aytishga oson-u, aslida bunday ish tutish judayam qiyin. Sizu biz payti kelsa, hashamdor bog‘ u yoqda tursin, bitta daraxtdan mahrum bo‘lsak, ichimizdan oylab qirindi o‘tib yuradi. Hazrati Umar-chi, iymoniga soya tashlab turgan sababning ildiz-pildizi bilan qo‘porib tashlamoqda. Fikr qilguvchi inson bo‘lsangiz, o‘ylab ko‘ring, jamoa...
Shu chog‘ masjid darchasidan pir etib bir juft qush uchib kirdi-yu, Husanning xayoli bo‘lindi. Qushchalar shiftda bir-birovini quvlashib uchishar va jonolg‘uchi ovozlari bilan biyron sayrashardi. “Tavba, bu qanday qushlar bo‘ldiykin?.. – o‘yladi tag‘in Husan. – Ularda bir sir bor-ov. Yo‘qsa, biz bilgan biron qush zotidan bo‘lib chiqardi. O’zini tutishlari, sayrashlari, uchishlari – hamma-hammasi boshqacha...” Lekin Husandan o‘zga hech kimning qushchalar bilan ishi yo‘q edi, hammaning diqqat-e’tibori imomga qaratilgandi. Hasan ham jon qulog‘i bilan imom og‘zidan uchib chiqayotgan hikmatlarni tinglar va go‘yo yod aylardi.
– Boshqa bir sahoba xufton namozini o‘qish uchun masjidga yo‘l olibdi, – so‘zlardi hamon imom, – yetib kelib qarasa, jamoa tarqab ketayotgan ekan. Kechikibman deya, shoshib nariroqdagi masjidga chopibdi – u yerda ham shunday ahvol ustidan chiqibdi. Shu yanglig‘ tevarakdagi butun masjidlarni ziyorat qilibdi, na chora, birontasida ham jamoa bilan ibodat qilishga ulgurmabdi. Shunda chor-nochor uyiga ravona bo‘larkan, o‘ylabdi: jamoa bilan masjidda namoz o‘qishning savobi uyda yolg‘iz o‘qishga ko‘ra yigirma yetti marta ko‘proq edi, savobni qo‘ldan chiqarmaslik uchun namozimni o‘shancha o‘qiyman, deb ahd qilibdi. Yetib kelib ahdini ado ham etibdi. Kechasi esa tush ko‘ribdi. Tushida otini qichanglab oldinda borayotgan bir guruh otliqlarni quvib borayotgan emish. Safga qo‘shilay deya, bedovini shu qistasayam ortga qolib ketaveribdi. Alhol, kimdir orqasiga o‘girilib, “ovora bo‘lma, hargiz urinsang-da, baribir yetolmaysan, chunki biz namozni jamoa bo‘lib o‘qiganlarmiz”, debdi.
Birodarlar, tushning mag‘zini chaqdinglarmi, – xitob qildi imom. So‘ng o‘zi sharhlay ketdi. – Axir, oldinda borayotgan otliqlar bu – namozni masjidda birgalikda ado etgan jamoa-ku. Orqada bir o‘zi ot qo‘yib ketayotgan zot namozni uyda, tanho o‘qigan o‘sha sahoba. Ko‘ring, namozni birgalikda – masjidda o‘qish bilan, uyda yolg‘iz ado etishning farqini biling, jamoa...
Aka-ukalar o‘rtasida bir xil vaziyatda o‘tiravergan qariyaning oyoqlari tolib uyushib qoldi, shekilli, dam sayin qo‘zg‘alib qo‘ya boshladi. Yana anchagacha shu zayilda vaqt kechirib, axiyri, tagiga yig‘ilgan ozg‘in oyoqlariga dam berish maqsadida ro‘parasiga uzatdi-yu, yengil tortib “shukur” dedi. Ammo xuddi shuni kutib turgandek tepadan bir quchoq narsa uzatgan oyog‘i ustiga tap etib tushdi... Kuchli og‘riqdan ohlab yubordi. Tushgan narsa bino shipiga bezak uchun yopishtirilgan ganj bo‘lib, o‘z og‘irligini ko‘tarolmaganidanmi yo naridan beri yopishtirilganidanmi, har holda vaqt-soati kelgan ekanki, ko‘chibdi. Bir pasda g‘ala-g‘ovur boshlandi. 
– Nima bo‘ldi? – deya shu tomonga bo‘ynini cho‘zdi imom. 
– Tepadan ganch tushdi, – deyishdi yaqin-verida o‘tirganlar birvarakayiga. 
– Hech kimga ziyon yetmadimi?, – yana so‘radi voiz.
– Aytarli hech gap yo‘q, – dedi ovozini baland qo‘yib Hasan, xuddi lat yedi desa, amrima’ruf to‘xtab, hamma uy-uyiga tarqaydigandek. 
– Nega unday deysan, Hasan, qaragin, oyog‘i singanga o‘xshaydi, – dedi bo‘lib o‘tgan voqeadan ta’sirlanib, shoshib qolgan Husan. 
– Meni tashqariga obchiqib qo‘yasizlarmi yigitlar, – o‘zini qo‘lga olishga tirishib iltimos qildi yoshulli. 
– Albatta, – Husan o‘rnidan qo‘parkan, qariyaning qo‘ltig‘idan tutdi. – Sen ham u tomondan ko‘maklash, – dedi Hasanga. Tizilib o‘tirgan odamlarning olddagilari egilib, orqada¬gilari tisarilib yo‘l berishdi.
– Anavi joyda daraxt bor ekan... – yoshulli qo‘lini ko‘tarib ishora qildi.
Qariyani ariq yoqasida o‘sgan o‘rik daraxti poyiga avaylab yotqizishdi.
– Voy-bo‘o‘! – xitob qilib yubordi Hasan uzatilganda yon tomonga ikki buklam bo‘p qolgan oyoqqa ko‘zi tushib. – Yomon sinibdi-yu!..
– Mayli, yigitlar, sizlar masjidga qaytave¬ringlar, baraka topinglar, – qariya uzalib, sinib qiyshaygan oyog‘ini to‘g‘rilab qo‘ydi. Bu bilan go‘yo o‘tgan- ketganning ko‘zi tushib qo‘rqmasin demoqchi edi.
– Nimalar deyapsiz, amaki, bu ahvolda sizni tash¬lab ketib bo‘ladimi? – Husan olazarak yo‘lga boqdi.
– Yo‘q, bolam, meni deb namozdan qolmanglar, singan sindi endi, qaytarib bo‘lmaydi, – dediyu yoshullining rangi o‘chib, lablari gezardi-da, asta boshini ajriqqa qo‘ydi.
Havoda azon saslari yangradi...
– Yur, Husan, namoz boshlanib qoldi, – yana hov boyagidek sherigining yengidan masjid tomon tortdi Hasan. – Hali majlisga borish kerak. Amakiga boshqalar yordam berar endi, a?
– O’ylab gapiryapsanmi? Ko‘ryapsanmi holini, hu¬shi¬dan ketib boryapti, mashina to‘s, kasalxonaga tez yetkazish kerak... – Husan ariqdagi bo‘tana suvga dastro‘molini ho‘llab yoshullining yuziga bosdi. – Hozir, amaki, hozir, ozgina sabr qiling...

Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar... 
Ashhadu anla ilaha illalloh, ashhadu anna Muhammadar Rasululloh...

– Namoz boshlanib qoldi, Husan! – toqatsizlandi Hasan. – Namoooz!..
– Hasan, qara amakini... hushini yo‘qotdi...
– Namoz deyapman men senga, Husaaan! – baqirdi Hasan, – Iymoningni boy berma!..
– Agar o‘laman deb yotgan shu kishiga hozir yordam bermasam, iymonimni aniq boy beraman, Hasan!.. – ovozini ko‘tardi Husan ham. – O’zingni o‘tga, cho‘qqa urganing bilan iymon Allohdan! U bersa, bor, bermasa, yo‘q ekan, tushundingmi!..
– Kofir bo‘lma! Yur namozga! Iymonimizni saqlab qolaylik!..
– O’zing kofir bo‘lma! Yur, anavi kishining jonini saqlab qolaylik!..
– Shayx hazratlari aytadiki... – so‘zlari og‘zida qoldi Hasanning.
– Shayx hazratlarini qo‘y, Husan, sen o‘zing nima deysan, shuni gapir! Qachon sen Hasanning gapini aytasan?!.. – bo‘g‘ildi Husan. – Birovning iymoni bilan yashash mumkinmi?.. Tavba... qarab tursam, sening musulmonliging masjidning ichidagina bor, darvoza hatlab tashqariga chiqishing bilan kimligingni bilib bo‘lmaydi, Hasan!..
– Og‘zingga qarab gapir, Husan!.. – asabiy qichqirdi Hasan...
Shu choq hajdan qaytayotgan hojidek ehrom – oq libosga burkangan o‘rik daraxti tepasida ikki qushcha paydo bo‘ldi-yu, bezovta bir ohangda vijirlay boshladi. Ular dam charx urib masjid tomonga borib kelar, dam ko‘cha boshiga dovur uchib, tag‘in yoshullining oldiga qaytardi. Na bir dam qanotlari tinardi, na tillari: pir-pir, vijir-vijir...
Hasan-Husanlar ko‘kdagi qushchalarga lol-hayron qarab qo‘yishdi va javdiragan ko‘zlarini yana amakiga olishdi.
Hamon muazzin ovozi jaranglardi:
Hayya ‘alas-solaaaaaaaah…
(Namozga kelinglar),
Hayya ‘alal-falaaaaaaaah…
(Najotga kelinglar),
Qod qomatis solah...
(Namoz boshlanib qoldi).
Hasan bir sulayib yotgan cholga, bir azon saslari kelayotgan masjidning lang ochiq darvozasiga qarab dovdirardi. Shuning barobarida goh masjid tomonga ikki-uch odim bosar, goh cholga qarab intilar edi. Ayni damda qushchalarning biri boshi ustida uvalo solib aylanar, chug‘urlashida ham allabir xavotir, norozilik bordek edi. Nogoh “Saflarni tekislang”, degan ogoh¬lantirish yangradi-yu, Hasan shitob bilan masjidga qarab yurdi. Shunda... shunda, e voh, qushcha pastroqqa tushib, go‘yo yo‘lini to‘smoqchi bo‘lgandek harakat qildi: g‘alati, chiyillashga o‘xshagan tovush chiqarib, naq tumshug‘i ostigacha parillab keldi. Hasan qo‘lini zarda bilan siltadi: kisht-e!.. Barmoqlari qushchaning qaerigadir tegib o‘tdi. Jonivor zarbdan uchib yerga quladi, ikki-uch momiq pati esa havoda hilpirab qoldi...
Hasan chopib ichkariga kirib ketdi...
Husan bo‘lsa bu orada mashina to‘xtatib, hushini batamom yo‘qotgan yoshullini nihoyat azza-bazza quchoqlab, orqa o‘rindig‘iga yotqizdi, o‘zi bo‘lsa shoshib haydovchi yoniga cho‘kdi.
– Iltimos aka, tezroq haydang... Oppoq mashina shitob bilan qo‘zg‘aldi.
Boyadan beri masjid, qiyg‘os gullagan o‘rik va shovqinli ko‘cha ustida charx urib aylanayotgan qushcha yana vijir-vijir qildi. Havoda “Ollohu akbar” degan sas yangraganda gumbazli bino tepasiga bordi-da, bir charx urib, so‘ng yengil harakat bilan boyagi bayzo mashina ketgan yoqqa yeldi...
Masjid darvozasi yonida qo‘riqchi askarlardek qaqqayib turgan tilanchi ayol va qopqora bolakayning yerda challak-pallak bo‘lib yotgan ikkinchi qushchani ko‘rib qolib, tutish uchun qilgan astoydil harakatlari zoe ketdi. O’zi tomon bostirib kelayotgan xavf-xatarga ko‘zi tushgan qushcha bir siltanib o‘nglandi, so‘ng qanotlarini tekislagancha havolandi... Uchib borib esa o‘rik shoxiga qo‘nib oldi...

* * *

Bir mahal ibodat tugab, namozxonlar qofila-qofila bo‘lib masjidni tark eta berishdi. Ular bilan Hasan ham chiqib kelib, o‘rikning ostida bir bahya oyoq ildi. Dam kasalxona tomonga, dam esa qarshi tomonga taraddud ichida boqdi. “Majlis bor edi-ku, Husan!” – deya pichirladi afsus bilan. So‘ng shayx Ahmad Junayd bilan bo‘lajak uchrashuv sururi qalbini bir entiktirdi va shu entikish to‘lqiniga o‘zini topshirdi...
Ayni damda boyatdan beri jimgina o‘tirgan qushcha pir etib havoga ko‘tarilgandi, titroq novdalardan duvillab o‘rik gullari to‘kildi. So‘ng qushcha shitob bilan yurib ketayotgan Hasanning boshi ustiga uchib borgancha g‘alati siyoqda charx ura boshladi. Ko‘rgan kishi “Nimasini yo‘qotdi ekan bu qushcha?”, deb o‘ylashi tayin edi. Lekin Hasan nechundir qushchani ko‘rmadi. Ehtimol, ko‘chadan viz-viz o‘tayotgan mashinalar shovqini yoki yigit qalbida jo‘sh urayotgan orzular g‘alayoni xalaqit bergandir. Nima bo‘lgandayam, qushcha yana bir muddat o‘sha ko‘yda uchib, chunon bezovtalik ichra chug‘urladi-da, birdan hech qanday parranda zotiga xos bo‘lmagan shiddat ila ko‘kka tik parvoz qildi... Ko‘p o‘tmay moviy ranglarga singib, g‘oyib bo‘ldi...
Darvoqe, qushcha uchganda titrab qolgan shoxga qo‘shilib endi butun daraxt gullarini to‘kishga kirishdi, aftidan, bu ishni novdalarida bitta ham chechak qolmay, batamom ship-shiydam bo‘lguncha davom ettirgudek alfozda edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.