OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. Otash (hikoya)

Qo‘y boqib yurib shu tomonlarga tasodifan kelib qolgan bolakay ko‘rib qolmaganda Otashning holi nima kechardi — aytish qiyin. Yoshi qirqni qoralab qolganiga qaramay so‘qqabosh yashasa, ustiga ustak, ulkan shahardan chetda — istiqomatchilari birin-sirin manguga tark etgan, bugunga kelib nurab bitayozgan xaroba qishloqda moxovdek bir o‘zi tursa, kim ham uning hushsiz yotganidan xabar topardi deysiz... Xullas, Yaratganning marhamati bilan Otashni shifoxonaga joni chiqmasdan yetkazishdi. O‘ziyam naq uch kun deganda ko‘zini ochdi. Ochdiyu birdaniga hech nimani — qaerda yotganini, o‘ziga nima bo‘lganini eslay olmadi. Keyin esa hammasi asta-sekin yodiga tusha keldi: xuddi kun chiqarkan, atrof yorishib, narsalar aniq-tiniq ko‘ringani kabi...
O‘sha kuni Otash vayronaga aylangan uylardan birida titkilanib yurgandi. Birdan tashqarida uy hayvonlarini tartibga chaqirib yurgan bolaning "qur-e-qur-e" si qulog‘iga chalindiyu beixtiyor o‘sha yoqqa odimladi. Lekin na qo‘y-qo‘ziniyu na bolani ko‘rishga ulgurdi: birdan ko‘ngli behuzur bo‘lib, qurib qolgan ariq bo‘yida o‘sgan chinorga suyangancha ko‘zlarini yumdi. Keyin... ko‘ringki, qobog‘ini ochib o‘zini shu yerdan — palatadan topdi...
Otash atrofga qarandi — bo‘lmada o‘zidan boshqa yana bir kishi bor bo‘lib, ko‘zlarini jips yumib yotardi. Uxlayaptimi yoki shunchaki qoboqlari yumuqmi, bilib bo‘lmasdi. Balki komadadir...
Palata deyilgani oynavand to‘siqlar qo‘yilgan alohida bo‘limlardan iborat bo‘lib, chamasi Otashning ham o‘ng, ham so‘l tomonida yana qator shunday ajralmalar tizilgandi. Ana, hamshira bejirim aravasini sudrab narigi palatadan yo‘rg‘alabgina kirib keldi-da, Otashga bog‘langan tibbiy anjomlar holatini tekshirgan bo‘ldi: bemorning yuziga ko‘zi tushib esa salom berdi, so‘ng bilagini tutib igna urdi.
— Endi tuzukmisiz?
Otash o‘z ahvolining tangligini sezib qoldi. Chunki hamshirani ko‘rib-eshitib tursa ham unga javob berolmadi: lablari, tili o‘ziga bo‘ysinmay turardi: yuzidan, zarif tabassumidan juda latofatli ko‘ringan hamshiraning mehribonligiga yarasha iltifot ko‘rsata olmadi. Hatto qiz igna urganda na o‘z badanini va na hamshiraning barmoqlarini his qildi. Go‘yo sezgi tuyg‘usi uni tark etgandek. Hamshira ishini bitirib qo‘shni palataga aravachasini g‘ildiratib uzoqlab borarkan, Otash beixtiyor unga talpinib qo‘llarini cho‘zmoqchi bo‘ldi hech qursa imo-ishora bilan chaqirmoqqa tutindi. Lekin qo‘llari ko‘tarilmadi: hamshira qaysi holatda qo‘yib ketgan bo‘lsa, o‘shandayligicha qolaverdi...
Birpas o‘tar-o‘tmas uni negadir uyqu bosdi...
Tush ko‘ribdi. Yana o‘sha tanish manzara... o‘sha ayol — Soliya. Otash zo‘r berib, ovozining boricha chaqirarmish: — Soliya!... Soliya!.. — Lekin ayol eshitmasmish. Oradagi masofa u qadar uzoq emas, baqirish u yoqda tursin, astagina "Soliya" desa ham eshitilishi kerakdekmish-u...
Otash o‘z uyida emish, Soliya bo‘lsa shahar va shu uy o‘rtasida nimalardir qilib yurganmish. Otash azbaroyi qiziqqanidan shu qarab ham Soliyaning nima ish qilayotganini tushuna olmasmish. Bir qarasa, u o‘ta muhim yumush bilan bandga o‘xsharmish, bir qarasa, ayol shunchaki u yoqdan bu yoqqa bo‘sh-bayov kezib yurgandekmish. Lekin Otash uni haliyam chaqirarmish. O‘zi esa turgan joyidan jilmasmish. Jilishi mumkin emasmish. Chunki u chegaraga — o‘zi Solihaga yaqinlashishi mumkin bo‘lgan sarhadga kelib qolganmish. U yog‘iga yurishi mumkin emasmish negadir. Soliha bo‘lsa... Soliha bu tomonga odim bosish u yoqda tursin, Otashning iztirob bilan baqirib-chaqirishlariga bir qiyo boqib ham qo‘ymabdi. Butun kuchini to‘plab yana "Soliya!!!" deya jonining boricha chaqiribdi va to‘satdan bo‘g‘zi yirtilib, og‘zidan sharillab qon oqa boshlabdi. Shundan keyin u Soliyaning ismini ayta olmay qolibdi — bundan esa holi yomonlashibdi...
— Sizga nima bo‘ldi? Uyg‘oning!.. — Otash ko‘zini ochib, tepasida quti o‘chgan boyagi hamshirani ko‘rdi.
— Yomon tush ko‘rdingiz, shekilli, bosinqirayapsiz... Hozir, — hamshira suvga nimadir tomizib keldi-da, Otashning boshini bir qo‘li bilan xiyol ko‘targancha stakanni labiga tutdi. Keyin karovot poyasidagi sochiqni olib bemorning terdan suv-suv bo‘lib ketgan yuz-ko‘zini, peshonasini artdi. Shunda Otash sochiqni, hamshiraning qo‘lini his qildi. Tomog‘ini qirib ko‘rdi — o‘z ovozini o‘zi eshitdi. Ichiga iliqlik yugurib, qo‘l va oyoqlaridagi barmoqlarini qimirlatib razm soldi: go‘yo hammasi joyida.
— Rahmat, — dedi past, xirilloq ovozda ko‘ngli tinchib nari ketayotgan hamshiraga...

* * *

Ikki-uch kun o‘tib, Otash o‘rnidan turib yuradigan bo‘ldi. Lekin allaqanday xijillik baribir uni tark etmasdi.
"Nima o‘zi u? Qaerdan keldi? Nega ketmaydi?" — Bu savollarning javobini bilmasdi Otash.
Deraza osha kech kuzning namchil havosida "diydirab" turgan daraxtlarga boqar ekan, asta qo‘zg‘alib tashqari chiqdi. Xazonrezgi. Otash shamol supurayotgan yo‘lakda bir pas kezindi. Ich-ichidan bir titroq kelib, ortga qaytdi. Niyati — bino oldidagi skameykada biroz tin olish edi, — chog‘i kelmay ichkariladi. Uzun karidordan o‘z bo‘lmasi tomon asta odimlab borarkan, bosh vrach xonasining qiya ochiq qolgan eshigidan uchib chiqayotgan so‘zlar qulog‘iga qo‘rg‘oshinday quyuldi.
"Otabekning yurib qolganiga ko‘p ham sevinmang, qarindoshlariga sekin tushuntiring, u — uzoqqa bormaydi..."
Otabek ketayotgan joyida "taqa-taq" to‘xtadi. Bosh vrach qo‘l ostidagi xodimlarga u bilan bog‘liq tag‘in nimalardir dedi, lekin Otabek endi ularni eshitmasdi... Yo‘q-yo‘q, eshitardiyu, ma’nosini anglamasdi...
— Nima qilib turibsiz bu yerda? — palatadan chiqqan boshqa bir hamshira Otashni bilagidan tutib yetakladi.
— Judayam uxlagim kelyapti. Iltimos, uyqu doringizdan bersangiz, -yalingannamo ohangda dedi Otash o‘zini karovatga o‘tqazib qaytishga chog‘langan hamshiraning qo‘llarini tutib.
— Voy, endi uxlab turdingiz-ku, — ajablandi hamshira.
— Unday emas, kechasi mijja qoqmadim. Charchab ketdim. Yolvoraman... -taraddudga tushib qo‘lini tortib olmoqchi bo‘lgan hamshirani qo‘yib yubormay iltijo qila boshladi bemor.
— Voy, manavi kishiga qaranglar, — kuldi hamshira xiyol qizarinqirab. — Men o‘zimcha sizga dori buyurolmayman. Vrachdan so‘rab kelay, — qo‘lini arang qutqarib olgan qiz chopib nari ketdi.
— Tunda yomon uxlamadingiz, chamasi, Otabek? — gap qotdi gazeta varaqlab yotgan yoshi ulug‘roq bo‘lmadoshi.
Otash unga bir qarab qo‘ydiyu indamadi: yuragiga qil ham sig‘may turgan shu tobda javob bergisi kelmadi. Lekin xiyol o‘tmay boyagi hamshira qo‘lida tayyor o‘qlangan igna bilan ro‘parasida paydo bo‘lganda yuzi yorishgandek bo‘ldi...
Otash ko‘zlarini ochganda vaqt allamahal bo‘p qolgandi. Buni u derazaga to‘r solgan shom rangidan angladi. Shamol kuchayib, daraxtlar u yoqdan bu yoqqa guvlab sollanardi. Yana qulog‘iga yaproqlarning "chirt-chirt" uzilgani urildi...
"Xazon yaprog‘iga, ey bog‘bon, emassen mone".
Qo‘shiqdan esida qolgan ushbu bayt Otashning miyasida charx ura boshladi. "Soliya" dedi pichirlab. "Soliya, seni judayam-judayam sog‘indim! Yana bir vaqtlardagidek chaqirsam, kelasanmi? So‘nggi bor... Soliya, so‘nggi bor".
— Hadeb uxlab, xayol suravermay manavini yeb oling, kuch bo‘ladi, -karovatning maxsus xontaxtasiga yarim kosa bo‘tqa, ikki kesim bo‘lka non, bir bo‘lak qovurilgan baliq va oppoq finjonda choy qo‘ydi hamshira, — tushdan keyin sizni yo‘qlab qarindoshlaringiz keluvdi, uyg‘otib bo‘lmadi. Kechqurun yana kelamiz, deyishgan.
...Otash yotaverib zerikib ketdi. Keyin beixtiyor ravishda cho‘zilib tumbochkani ochdi-da, ichidan qog‘oz va qalam chiqardi. Tashqarida bir maromda tebranib qo‘shiq aytayotgan va o‘z qo‘shig‘i ohangiga mos tarzda raqs tushib orolanayotgan daraxtning suratini chiza boshladi. Ilgari ham u daraxt rasmini ko‘p ishlagan, umuman, uning chizgan suratlarining yarmi Soliyaga bag‘ishlangan bo‘lsa, qolgan yarmida daraxt bor edi. Lekin nega bunday, o‘zi ham bilmasdi. Otash Soliyaga bag‘ishlangan yuzlab suratlari motivini yaxshi anglar edi, biroq daraxt-chi, uning tagma’nosi nima ekan? Sirasi, u daraxtni turli ko‘rinishlarda chizgan edi: hamma fasllardagi, hamma ko‘rinishlardagi daraxt rasmlarini solgandi. Nazaricha, daraxt inson ko‘nglidagi keraksiz hoyu havaslarni tashqariga quvib haydardi. Dunyoning o‘tkinchiligi va umrning omonatligi to‘g‘risidagi eng go‘zal, eng ta’sirli qo‘shiq daraxtga tegishli edi. Shoxlarida xoh yaproq bo‘lsin, xoh bo‘lmasin, qat’i nazar, tinglay bilgich — qalb qulog‘i ochiq odamlar uchun daraxtlar hamma vaqt — qishin-yozin hikmat aytadilar, ha...
Otashning bilganlari shular edi. Endi bo‘lsa, uning qarshisida — qog‘ozda tag‘in bir qo‘shiq kuylayotgan ulkan daraxtning qaddi rostlanib borarkan, tuyqusdan boshqa bir narsaga — haligacha hech aqliga kelmagan bir ma’noga duch kelib qoldi. U ham bo‘lsa, Soliyani sevishiga, Soliyaga bo‘lgan muhabbatini qalbida bir umr ko‘tarib yurishiga munosib iqlim yaratgan kuch, aslida, shu daraxtlar, ular kuylayotgan ajabtovur qo‘shiqlar ekan. Ha-ha, ishonavering, aynan shular ekan... Nega, deysizmi? Chunki bir paytlar Otash ham dunyoi dunning odami edi — turli-tuman kiyinishni, shirin-shirin yeyishni, xil-xil mashinalarda yurishni sevguvchi moddiyat quli edi — eslaydi, hammasi yodida. Eng go‘zal, eng jozibador ayollarga ishqi tushib, kechayu kunduz ular bilan maishat qilganlarini ham unutgan emas. Kunlardan bir kun ana shundaylardan birining uyidan yarim tunda qaytayotib yo‘l o‘rtasida mashinasi buzildiyu o‘sha yerda tonggacha qolib ketdi. Shahargacha bir necha chaqirim bor edi. Atrofda "yilt" etgan chiroq ko‘rinmas, faqat yonginasida shamolda sollanib, o‘zicha kuylab yotgan bir bog‘gina e’tiborini tortardi. Aslida, hammasi ana o‘shandan boshlangandi. Otash sahargacha o‘sha bog‘ni, uning dillarni entiktiruvchi qo‘shig‘ini tinglab chiqqandi. Tinglab, unga oshig‘u beqaror bo‘lib qolgandi. Shu-shu avallari har xil mavzularda mo‘yqalam tebratadigan yosh rassom endi faqat va faqat daraxtzorni, daraxtlarni, daraxtni chizadigan bo‘ldi-qoldi! Keyin... hech qancha vaqt o‘tmay taqdir uni Soliyaga ro‘baro‘ qildi... Eh, bularning bari biram sirliki...
Otash surat chizishga shunchalar berilib ketdiki, palatadoshining gaplashmoqchi bo‘lib ikki-uch luqma tashlaganiniyam payqamadi. Doim shunaqa — ilhomi kelganda botinida — ko‘krak qismida allaqanday maxmurlik paydo bo‘ladi-da, u shu holatning asiriga aylanadi. Aylanib to asari yakunlanguncha uning ichida u yoqdan bu yoqqa issiq qon kabi (har holda unga shunday tuyuladi) oqaveradi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Shiddat bilan tortilayotgan chiziqlar, mo‘yqalamning ketma-ket himolari qog‘ozda hayratangiz bir daraxt suvratini barpo qilib ulgurgandi. Unda kuzning zafaron tusi aks etgandi. Lekin g‘oyat jozibador ko‘rinardi. Havoda uchib to‘zg‘iyotgan oltinrang yaproqlar qaragan kishining ko‘ngliga mahzun kayfiyat olib kirar-u, uni qayg‘uga botirmasdi. Bil’aks, daraxt shoxlarining bir tomonga xiyol egilgan holati va barglardan bunyod etilgan sochlarining ajabtovur bayroqdek hilpirashi tomoshabin qulog‘iga daraxt kuylayotgan qo‘shiqdek urilardi...
Otash yana anchagacha surat ustida ishlab — taroshlab o‘tirdi. Bir mahal hamshira kirib keldi: "Chaqirsayam eshitmaysiz-a, Otabek aka?" dediyu rassomning qo‘lidagi chizmasini mo‘yqalamiga qo‘shib beozorgina sug‘urib oldi: "Ko‘rgani kelishdi".
Otabek eshikka qarab, onasi va ikki ukasini ko‘rdi-yu yuzlarida tabassum paydo bo‘ldi: "Assalomu alaykum, ona!"
— Vaalaykum salom, bolaginam, vaalaykum salom!.. — onaning ovozi titrar, ko‘zlari jiqqa yosh edi. Otabek bo‘ylari baland, basavlat ukalari bilan so‘rasharkan, yana o‘shanday so‘lg‘in nigohlarni uchratdiyu hammasini tushundi: jigargo‘shalari baridan xabardor ekan!.. Ayni damda nariroqda boyagi suratga ajablanib boqayotgan hamshiraga ko‘z qiri tushib ulgurdi.
— Nega yig‘laysiz, onajon? Otdekmanu... — o‘zi aytayotgan gapga o‘zining ishonchi bo‘lmagani uchun Otash uzuq-yuluq jumla tuzdi, — yaqinda javob ham berishadi...
— Inshaolloh, bolam, inshaolloh... — ona yengining uchi bilan ko‘zyoshlarini artdi. — Iloyim, aytganing chin bo‘lsin!..
Otash ukalariga qaradi: ular ko‘zlarini olib qochishga behuda urinishayotgani shundoq yuz ifodalaridan ayon edi. Biri yuzini deraza tomonga burgan (lekin u yerda hech nima ko‘rinmas — shom tushib bo‘lgandi), boshqasi bo‘lsa, kursida omonatgina o‘tirgan ko‘yi tuflisining tagcharmiga qaragan kishi bo‘lib vaqtni cho‘zmoqqa tirishardi.
— Bitta qizni deb o‘zingga jabr qilding-da, — onaizor o‘ziga o‘zi gapirgansimon hasratdor ovozda so‘zlay ketdi, — yoshing o‘ttiz yettiga chiqdi-yu ortingda qoladigan zurriyoding yo‘q, jon bolam...
— Ona!.. — dedi boyadan beri yuzini "deraza bilan berkitib" turgan uka, — Ona, hozir shu gaplarning mavridimi? Akam yosh bola emas-ku! Nima qilishini o‘zi bilar, axir...
Bunday tortishuvlardan bezib ketgan Otash norozi alfozda ko‘zlarini qattiq yumdi...

* * *

— Turing, nonushta qilvoling, — dedi yana o‘sha hamshira. — Hozir bosh vrach "obxod"ga kirib qoladi, bo‘laqoling.
Otash erinibgina ko‘zlarini ochdi.
— Assalomu alaykum.
— Vaalaykum... Nima, siz har kuni ishlaysizmi?
— Yo‘g‘-e... — dedi hamshira patnisni bemorning "xontaxta"siga avaylab qo‘yarkan, — unaqada charchab qoladiyu odam. Sherigimning o‘rniga chiqdim. Ishi chiqib qopti.
Otashning ishtahasi yo‘q bo‘lsa-da, asta turib yuz-qo‘lini chayish maqsadida shundoq biqinda joylashgan vannaxona tomonga yurdi. Qaytib chiqqanda esa qarshisida paydo bo‘lgan hamshira iltimos qilib qoldi: "Mening ham suratimni chizib bering".
...Otash hamshiraning suratini kun-uzoq chizdi...
Navbatchiligini yakunlab uyiga ravona bo‘layotgan hamshira eshikdan kirib kelgandayam berilib ishlab o‘tirardi. Qiz rasmga bir muddat tikilib turdi-da, so‘ng "Nima bu?" degandek rassomga boqdi. "Bu mendan ko‘ra anavi suratdagi daraxtdan qarab turgan ayolga ko‘proq o‘xshab qopti-ku, Otabek aka?"
— Qaysi daraxtdan qarab turgan ayol, tushunmadim? — ajablandi Otash.
— Siz faqat bitta qiyofani chizasizmi, deyman? — endi rosmana xafa bo‘lib gapirdi hamshira. — Mayli, buniyam o‘sha ayolga bering...
Otash stul suyanchig‘iga suyab qoldirilgan suratni qo‘liga olib razm soldi — u chindan ham Soliyaga o‘xshab turardi. Keyin shoshib kecha chizgan suratiga qaradi. Yo‘q, unda faqat daraxt bor edi. "Qanaqa ayol?" dedi ensasi qotib. Keyin suratlarni olib ro‘parasidagi deraza raxiga tirab qo‘ydi.
Kechqurun ketgan ketib, qolgan qolib, atrof suv quygandek jim-jit bo‘lgan payt suratlarga ko‘zini qadab xayol surib o‘tirgan Otash birdan hayajon bilan o‘rnidan turib ketdi. Turiboq suratlarning oldiga bordi, daraxt tasviri tushirilgan rasmni qo‘liga olib, ko‘zlarini yirib qaradi: Yo qudratingdan! U yerda chindan ham Soliya bor edi. Faqat... faqat orqa planda — ichkaridan ulkan daraxtning orasidan — bag‘ridan ma’yus boqib turardi. Otashning lablari uchar, titroq barmoqlarini suratga olib borar, lekin yana cho‘chib undan uzoqlatar, ko‘zlari damodam yoshlanar edi. Bir mahal suratdan daraxt chekindi va boshidan-oyoq inson qiyofasini oldi — endi oshiq ro‘parasida ma’shuqa turardi. "Qachon men sen bilan yop-yolg‘iz qolgum!" lablari shivirladi Otashning. U bir paytlar — sevishib, dunyolarni unutib yurgan vaqtlar shu misrani Soliyaga bot-bot aytguvchi edi. Biroq taqdir ekan — ular hech qachon bir-birlari bilan yolg‘iz qolishmadi. Peshona yoziqlari bunga yo‘l qo‘ymadi. Mana, nihoyat, o‘sha orzusi ushalib turibdi oshiqning. Otashning ko‘zlaridan oqqan shoshqator yoshlari "tim-tim" tomib suratga tushar, undagi bo‘yoqlar sekin-asta shuvalib bir-biriga chaplashib borar, lekin buni farqlaydigan holi yo‘q edi oshiqning... Otash ana shu holida yig‘lab-titrab bir muncha vaqt qolib ketdi. Keyin esa... keyin Soliya bilan urishib qolgan o‘sha mal’un kuni "lop" etib yodiga tushdi. Tushdi-yu ko‘nglida uxlab yotgan gina-kudrat uyg‘onib qoldi: "Agar sen g‘urur qilmaganingda hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi, Soliya!"
Otash suratga qarab murojaat qilardi, biroq undagi ayol — Soliya bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Otash taraddudlanib qoldi: tipirchilab o‘zi chizgan suratning goh u, goh bu yog‘iga qarar, endigina shu yerda — qarshisida uni tinglab, u bilan muloqot qilib turgan Soliya qay yerga "uchib" ketganining siriga yetolmay dog‘da qoldi. Shundan keyin Otash suratni deraza raxiga qayta qo‘ydi, o‘zi bo‘lsa "undagi Soliya"ni ilk payqagan joyiga — karovatga chiqib o‘tirdiyamki, foydasi tegmadi. Suratda faqat daraxt — sariq sochlari shamolda selkillab turgan ulkan daraxtgina qoldi... Otashning jig‘ibiyroni chiqib, xunob bo‘lib yotdi. Keyin charchoq ustun kelib ko‘zi ilindi. Yana tush... Yana Soliyasiz kechgan shuncha yillar o‘tmagandek emish: ular xuddi bir vaqtlardagidek birga emish. Qaddi-qomatlari ham, qiliq-qiyofatlari ham burungidek deng. Elektrichkaga chiqib toqqa — lola sayriga borganmishlar. Quchoq-quchoq qizg‘aldoq, lola, binafsha terisharmish, bir-birlarining boshidan quchoq-quchoq sochisharmish ham. Yurib-yurib tog‘ning baland bir cho‘qqisi qarshisiga kelib qolishibdi. Cho‘qqining yon bag‘rida esa anvoyi gullar o‘sib yotganmish: lola bo‘lib lolaga, qizg‘aldoq bo‘lib qizg‘aldoqqa o‘xshamasmish. Hatto binafshadan ham nimadir bor emishu, asli boshqa gul emish. Soliya o‘sha gulga oshiq bo‘p qolibdiyu cho‘qqiga chiqamiz deb turib olibdi. "Sen shu yerda turatur, o‘zim olib kelaman". Otash tepaga qarab tirmashibdi. Chiqibdi. O‘sha — dunyodagi hech bir gulga o‘xshamaydigan, lekin borliq chechaklardan go‘zalroq, xushbo‘yroq gulni uzib olar chog‘ida oyog‘i toyib, ikki quloch pastdagi qoyaga qattiq urilibdi. Zarbdan chap qo‘li sinib, osilib qolibdi. "Shuncha gullar turganda, yana gul deb qaysarlik qilganingni qara, Soliya!..". Og‘riq ustida xayolidan o‘tibdi uning. Qaytib pastga tushganda esa Soliya yo‘q emish. "Soliya, qanisan, qaerdasan?" deya qichqiribdi. Qichqiriq zo‘ridan yana tomog‘i yirtilib, yana og‘zidan qon kelibdi. Atrofda — boya Soliyani qoldirib ketgan joyda, uning nari-berisida odamlar bor emish va Soliya go‘yo ana o‘sha odamlar orasiga kirib g‘oyib bo‘lganmish: "Soliya!.." Lekin uni hech kim eshitmasmish. "Shu yerda bir qiz turgandi, chiroyli, sarviqomat, sochlari sumbul, ko‘zlari xumor... Ko‘rmadingizmi?" Odamlar unga parvo qilishmasmish, eshitmasmish ham. Go‘yo Otash boru, ular yo‘q. Yoki ular boru, Otash yo‘q. Yo unisi, yo bunisi sarob kabi...
"Soliya!!!" O‘zining ovozidan o‘zi cho‘chib uyg‘onib ketdi Otash. Ko‘zlarini katta-katta ochib atrofga qaradi — bo‘lmada uning yolg‘iz o‘zi. Sherigiga qachon javob tegib ulgurdi — hudo biladi. Faqat narigi tomondan "Jim" degan uyquli nido keldi. Keyin "ship-ship" degan shippak tovushi ham qulog‘iga chalindi — hamshira bo‘lsa kerak...
Otash boshqa uxlay olmadi. Qo‘zg‘alib o‘tirdi. Ko‘zi beixtiyor deraza raxidagi suratga tushdi. Yuzasida oy yog‘dusi o‘ynab turgan daraxt — go‘yo harakatga keldi va tebrana-tebrana yana Soliyaga aylandi. "Soliya"— shivirladi Otashning lablari. "Soliya, yana keldingmi!.. Soliya, seni sog‘indim, judayam sog‘indim!.. Sensiz bu dunyo menga begona bo‘lib qoldi, tushunyapsanmi? Go‘yo yetti yot mamlakatga surgun qilingan mahbusdek sezaman o‘zimni. Sendan ayrilgan kunimdan beri shundayman — muhojirman. Soliya, sen mening qaytishim mumkin bo‘lgan yagona joyim, munis Vatanimsan!.. Biroq o‘zing qaydasan? Do‘xtirlar kunim bitib qolganini aytishmoqda, chaqirsam, kelasanmi? Soliya, bu mening sendan oxirgi ilinjim, o‘tinaman: kel! Toki men begona yurtlarda xor-zor bo‘lib o‘lib ketmay. Senga — Vatanimga qaytib, shu quchoqda jon beray, Soliya!.."
— Bemor Nabiev, nega o‘zingiz bilan o‘zingiz gaplashib o‘tiribsiz, qani, to‘shakka kiring, boshqalarning dam olishiga xalaqit bermang, — yoshi kattaroq boshqa bir hamshira kelib, bolani o‘rniga yotqizgan kabi Otashni joyiga o‘rab chiqib ketdi. 
Otashga bu yoqmadi: umrga tatigulik suhbatni bo‘lgani uchun hamshirani yomon ko‘rib ketdi. Lekin yana turib qaraganida suratda Soliya yo‘q edi. Shunda u bir sirni tushunib qolgandek bo‘ldi: yuragi muhabbatga to‘lib-toshgan damlarida suratda Soliyani, qolgan vaqtlarda esa daraxtni ko‘rayotgan edi, ajab!
"Soliya, biz bir-birimizni nega yo‘qotganimizni endi tushunib yetdim. Sen bilan ajralishgan o‘sha mash’um kunda ko‘zlarimiz faqat va faqat daraxtni ko‘rgan ekan. Biz o‘sha kuni bir-birovimizni ko‘rolmay qolgan ekanmiz..."
Keyin nima bo‘ldi — Otash eslay olmadi. Faqat hushiga kelganida tepasida bir to‘da oq xalatli odamlar hovliqib u yoqdan — bu yoqqa chopib, shoshilib yurishardi.
— Uni yo‘qotyapmiz!..
— Bugun bo‘lmasa, erta-indin baribir yo‘qotamiz...
— Tezroq yuragini massaj qiling, massaj!..
Qulog‘iga elas-elas kirayottan bu so‘zlarning negadir qadri qolmagandi. Ular faqat tovushdangina iborat edi, mazmuni esa qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Ajab, so‘zlar, jumlalar o‘z holicha har qancha mudhish jaranglamasin, mazmuni kishi qalbiga kirib bormasa, hech ekan, hech!..
Keyin nima bo‘ldi, oradan qancha fursat kechdi — Otashning bulardan xabari yo‘q. Nazarida uzoq, juda uzoq cho‘zilgan uyqudan ko‘zini ochganida o‘zini go‘yo hech nima bo‘lmagandek his qildi. Faqat butun vujudida lanjlik bor edi  — qimir etgisi kelmasdi. Ammo binoyidek gapira olardi. Demak, u o‘lmabdi. Ana, tunov kun undan xafa bo‘lgan hamshira kelyapti. Hozir bir nima deydi...
Lekin u lom-lim demaydi. Otash tomonga bir munglig‘ boqadiyu qo‘shni bo‘lmaga ravona bo‘ladi. Nega? Yoki suratining o‘zga qizga o‘xshab qolgani boyaqishning dilini shunchalar ranjitdimi?..
Ko‘p o‘tmay palataga ota va onasi kirishadi. Lekin ular ham Otashga hamshiraga o‘xshab qarashadi, avaylab, xuddi oxirgi marta gaplashayotgandek lutf ko‘rsatishadi. Bundan esa Otashning g‘ashi keladi. Navbat bilan huzuriga kirib-chiqayotgan to‘ng‘ich ukasini qo‘lidan tutadi:
— Menga qara!.. Menga... menga qancha qoldi?..
Ukasi qiynaladi. Lekin to‘g‘ri javobni aytmagunicha akasining o‘tkir nigohlaridan qocha bilmaydi:
— Ikki-uch kun...
— Salom, Soliya!..
— Voy, assalomalaykum, Otabek aka!
— Yaxshimisan?
— Shukr, o‘zingiz tinchmisiz? Yo‘qolib ketdingiz. Qo‘ng‘iroq ham qilmaysiz bundoq... — gina, araz va navozish qilgan bo‘ldi Soliya.
— Senga xalaqit bermay dedim...
— Qo‘ysangiz-chi...
— Soliya!..
— Hm...
— Seni ko‘rishim kerak... So‘nggi marta, eshityapsanmi?..
— Tinchlikmi? Odamni qo‘rqitmay gapiring, Otabek aka...
— Uzr...Kechir meni... Rostdanam, bema’ni gap aytdim, shekilli.
— Kelasanmi?..
— Qaerdasiz?
— Kardiologiya markazida, oxirgi qavat, liftdan o‘ngga qarab yurganingda eng chetdagi palata. Oppoq eshigi bor...
— Voy, nima qildi?.. — ovoziga xavotir aralashdi ayolning.
— Bugun kelasanmi?
— Bugun?..
— Ha... iltimos, kelmasang bo‘lmaydi, Soliya!.. — yuragidagi titroq ovoziga ko‘chdi Otashning... — O‘tinaman: kel!..
— Xo‘p, harakat qilaman...

* * *

Surat go‘yo bag‘rini katta ochdiyu Soliya timsolida Otashni mahkam quchib oldi — unda tasvirlangan daraxt musavvir yigitning ma’shuqasi siymosiga aylandi — qoldi. Otash esa uzzu kun undan nigoron ko‘zlarini uzmadi.
— Mana, Soliya, hammasi — mening hayotimning hammasi shundan iborat ekan: tug‘ildim, sevdim va... Yaxshiyam sen bor ekansan... Senga ro‘baro‘ qilgani uchun qismatimga shukrona aytaman. Axir... axir sen bo‘lmasang, men bu yerda — dunyoda nima ish qilgan bo‘lardim? "Tug‘ildim va o‘ldim" deb aytgan bo‘larmidim?..
Mana, yana sen kelasan!.. Ko‘rishmaganimizga ham necha yillar bo‘p ketdi. Oxirgi gal suratlarim ko‘rgazmasiga kelganding. Suratlardagi o‘z siymongni ko‘rib, sekingina "Esingizni yeb qo‘yibsiz. Odam ham bir kishiga atab shuncha rasm soladimi!.." deb, xijolatdan qochib ketganding. Keyin... keyin menga xabar yuborganding: "Kechiring, ko‘pchilikning nigohini ko‘tara olmadim... Nahotki, bir ayolni shunchalar sevish mumkin?!"
Ertasiga esa yana bir xabar olgandim: "Iltimos, uylaning". Eh, Soliya, kimga qaramay, hammada seni ko‘rsam, yuragimgagina emas, ko‘zlarimga ham sen to‘lib olgan bo‘lsang, men yana netib boshqaga uylanay? Aslida, seni ko‘rgan kunimdan senga uylanganman-ku!.. Sen har doim, har lahza men bilan birgasan: hushimda ham sen, tushimda ham...
Keyin Otashning yodiga talabalik chog‘laridagi bir voqea tushdi. O‘shanda fizkultura darsi edi. Otash sport binosiga kirib ketarkan, skameykada xayol surib o‘tirgan Soliyaga ko‘zi tushib, oldiga borgandi. " Mazam yo‘q". "Unda men sen bilan o‘tiraman". "Voy, dars-chi?" "Qiziqmisan, sen bilan bir soat suhbatlashish imkoni bor ekan, men qanday qilib darsga kiraman?.. Huzuringda o‘ltirishdan ortiqroq dars yo‘q men uchun!.."
Xiyol o‘tmay qayoqdandir paydo bo‘lgan uch-to‘rt olifta yigit Soliyaning yon tarafiga o‘tirar-o‘tirmas, gap ota boshlashgandi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, ular shu universitetdan o‘zlariga qayliq qidirib yurishgan ekan. (Qiliqqa qarang: bo‘lajak turmush o‘rtog‘ing bilan ham ko‘chadagi satanglarni "ovlagandek" qilib tanishasanmi?..) Tabiiyki, Otash aralashib, bir pastda mushtlashib ketishgandi. Ular ko‘pchilik edi, Otash bo‘lsa bir o‘zi. Lekin o‘rtaga olib bir tepki qilishgandayam shashtidan qaytmagandi: urganni urib, tepganni tepgandi...
"Qo‘rqmadingizmi, ular bir to‘da bo‘lsa?" so‘ragandi Soliya Otashning tibbiy markazda yaralarini yuvib bog‘lashayotganda. "Bilmasam, o‘zim ham hayronman" degandi Otash. Keyinroq mushohada qilib ko‘rsa, chindanam o‘ziga o‘xshagan bir nechta yosh, baquvvat yigitlarga bas kelish uchun odamga yurakdagi jasoratdan boshqa yana nimadir kerak ekan. Otashning fikricha, bu muhabat edi! Yonida Soliya, yuragida ishq bo‘lmaganda, Otash ehtimol o‘sha yigitlarning aqalli bittasi bilan yoqalashishga ham o‘zida jur’at topolmasdi. Ha-ha, ishonavering. Bunga uning o‘zi amin bo‘lgan. Hayotida necha bor buning kabi janjalli vaziyatlar yuz berganiga qaramay, har safarida shunday urishib ketmadi-ku! Eng muhimi, o‘zini botir his qilmadi.
Ko‘ziga joni shirin ko‘ringan damlar qancha bo‘ldi, axir... Demak, ishq deganning bag‘ridagi kishi o‘limdan ham qaytmas, qo‘rqmas ekanmi...
— Siz shunaqa... men uchun hamma narsaga tayyormisiz? — so‘ragandi himoyachisining bog‘lab qo‘yilgan tirsagini silab Soliya.
— Hamma narsaga, hammasiga, Soliya!.. — ko‘zlari yongandi Otashning.
— O‘limga hammi? — tikilgandi yigitning ko‘ziga u.
— O‘limga ham...
— Mensiz yashashga-chi? — quvlik bilan jilmaygandi qiz.
— Faqat bunga emas, Soliya!.. Yo‘q! Sensiz yashay olmayman.
— Hozirgina "Sen uchun hamma narsaga tayyorman" degan kim edi? — oshiqning yuziga yengilgina shapatilagandi ma’shuqa. — Odam bergan so‘zining ustidan chiqishi kerakmasmi?
Otash qizga "hazilmi-chinmi" degandek kulib qarab qoldi. 
— Istasang, mayli... unga ham tayyorman. Faqat eplay olishimni va’da bermayman.— Otash qizni o‘ziga tortib bag‘riga bosgandi. — Men uchun "sensiz", degan tushunchaning o‘zi yo‘q, sen har doim men bilan birgasan! ..
— Ha... Har doim... — ko‘zlari yoshlangandi qizning...
Qo‘qqisdan kuchaygan shamol daraxt shoxlaridan duv-duv barg to‘kdi. Ertalabdan beri ezib yog‘ayotgan yomg‘ir shiddatkor tus oldi. Otashning shirin xayoli bo‘lindi. Derazaga boqib shom tushayotganini ilg‘adi. Shoshib devorda — ro‘parasida osig‘liq soatga qaradi: O‘h-ho‘o‘!..
— Soliyaga nima bo‘ldiykin? Nahotki, kelmaydi? Yodidan chiqqandir... Ishi ko‘pdir... yo‘q-yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Axir tayinlab aytdi-ku, "kelmasang, bo‘lmaydi", dedi-ku. Buni xuddi bir vaqtlardagidek qilib aytdi...
Ehtimol, ichkari kiritishmagandir. Ahvolimni og‘ir deb, eshikdan iziga qaytarishgandir... Telefon bor-ku... Aytardi-da bir og‘iz... O‘zim qilsam-chi?.. Endi kech. Oilali, bola-chaqali ayol bo‘lsa..
Otashning ko‘z oldi qorong‘ilashdi...

* * *

Ertasi choshgoh bo‘ldiyamki, "tiq" etgan tovush yo‘q. Toqati toq bo‘ldi uning. Eshikka mixlangan ko‘zlari achishib-yoshlanib ketdi. Yotaverib o‘mganlari og‘rib-og‘irlashib qoldi. Endi surat bilan gaplashish ham yuragiga sig‘mayotgandi. Sirasi, u yerda endi Soliya yo‘q edi. Faqat tillarang yaproqlari ma’yus shivirlab daraxt turardi. Undan nigohingizni biroz yuqoriga olsangiz, shu daraxtning aslini ko‘rasiz. Biroq uning ahvoli yana-da ayanchli: bir-ikki zavolli barglari omonatgina hilpirab turgan yalang‘och novdalarini ko‘kka cho‘zgan daraxt xuddi "Ey, Parvardigor, nima qilib qo‘yding?" deya ko‘ksi tilka-pora bo‘lib, arzi dod aytayotgan odamga o‘xshardi...
Otash o‘rnidan bazo‘r qo‘zg‘aldi — tumba ustidagi telefonga qaradi: xabar bormikan?.. Bir muddat o‘ylanib turdi. Keyin raqam berdi. Terdi-yu o‘chirdi. Xona ichida u yoqdan bu yoqqa yurdi. Tashqariga — daraxtga qaradi: u bahor-kuz safari mobaynida obdon horigandek tuyuldi: kech kuzning izg‘irinli shabadasida butoqlari mayin titrar, ulardan duv-duv yomg‘ir suvlari ko‘zyoshlar kabi to‘kilar, to‘kilar va yana to‘kilardi...
Tuyqus Otashning ichi titrab ketdi. O‘zini ilk kez yolg‘iz — Soliyasiz his qildi. Eshityapsizmi, ilk kez... Hech qachon bunday bo‘lmagandi, hech qachon!.. Quturgan suvlarda g‘arq bo‘layotgan sho‘rlik yanglig‘ xasga yopishdi — beixtiyor yana o‘sha raqamni terdi. Telefon uzoq vaqt chaqirib turdi. Keyin... Keyin Soliyaning, o‘sha Soliyaning ovozi keldi, o‘sha ovozi!.. Faqat... faqat uyqu aralashgandi uning ovoziga.
— Allo... Kim?
— Soliya!.. Bu — men!.. — dedi diydirab. -Kecha... kecha kelmading...
— Hozir... besh-o‘n daqiqada o‘zim qivoraman.
Otash bir g‘alati bo‘lib oldi. Telefon apparatini ikkala qo‘lida mahkam ushlab olgancha kutdi: dam o‘tirib, dam tik turib oldi. Avval besh daqiqa kechdi, keyin besh o‘nga aylandi. Biroq telefon soqov edi. Keyin yana besh, besh, besh... Otash hisobdan adashdi. Vaqtning bunchalar uzun, mo‘l-ko‘l bo‘lishini shu yoshga kiribgina his qildi. "Kutsang, ular ham uzayib ketarkan", dedi u o‘ziga-o‘zi.
Bu orada tushlik olib kelgan hamshira uning ko‘p harakat qilmasligini, dorilarni ovqatdan keyin albatta ichishini tayinladi. Otash bu g‘amxo‘rlikni kulibgina qabul qildi. Keyin yana hovuchidagi matohga ko‘zini tikdi...
Oradan ancha fursat kechib, ostonada yana paydo bo‘lgan hamshira bir qo‘l tegizilmagan tushlikka, bir esa telefonga jinniga o‘xshab termilib o‘tirgan Otashga alang-jalang qaradi. Lekin yurak yutib bir nima demadi. Boshini ma’noli chayqagancha ovqatni aravachasiga yukladi-ketdi...
Nihoyat, toshdan sado chiqdi deganlaridek telefonga zabon bitdi.
— Assalomu alaykum, Otabek aka. Uzr, kecha o‘tolmadim. Kechqurun qaynimning tug‘ilgan kuniga boradigan edik. Sochimni ertalabdan bo‘yatib oluvdim, deng. Ko‘rmaysizmi, kuni bo‘yi ezib yomg‘ir yog‘di. Uydan chiqolmadim... Kechqurun amallab restoranga borib keldik... Yomg‘ir tinib qolsa, dugonamning — Arofatning mashinasida bugun o‘tib qolarmiz. Borayotib telefon qilamiz, manzilni unga yana aytib berarsiz. Men yo‘lni bilmayman...
Soliya tag‘in nimalardir dedi, lekin Otash ularni eshitmay, eshitsa ham so‘zlarning mag‘zini chaqmay qoldi. Ko‘z o‘nggida dunyoni zulmat qoplay boshladi. Dovdirab koridorga, undan esa tashqariga yurdi.
— Bemor Nabiev, sizga ko‘p harakat mumkin emas, kirib yoting.
— Xo‘p...xo‘p.. qaytaman hozir, — dedi so‘rovchiga qiyo ham boqmay Otash.
Bir pas o‘tib ko‘chaga chiqib oldi. Taksi tutdiyu shahardan tashqariga — uyiga qarab yo‘naldi. Tashqarida haydovchini kuttirib, ichkaridan nimadir olib chiqdi — dastro‘molga o‘rog‘lig‘ narsa edi u. Chamasi, Otash shu tarzda hisob-kitob qildi — kirakashga pul o‘rniga nimadir tutqazdi. Shundan keyingina haydovchi shahardan uzoqda, adirliklarning poyidan o‘rmalab ketgan yo‘ldan ham ancha ichkarida joylashgan ko‘rimsiz uyni ortda qoldirgancha iziga qaytdi.
Otash to‘g‘ri omborga qarab ketdi. Ombor eshigining baland kesakisiga oyog‘ini urib, ichkariga otilib ketdi. Lekin shu zahotiyoq qo‘zg‘alib, oyoqqa qalqdi.
Eshikdan tushgan yorug‘likda paypaslanib nimanidir oldi, keyin yo‘lni to‘g‘ri ustaxonasi tomon oldi... Qo‘lida og‘irroq idish bor edi — mayishib yurardi.
Ustaxona keng, yorug‘ va yuzlab suratlar bilan shunday bezatilgan ediki, kirgan odamning xayoli qochardi. U yerda ham daraxt va yana o‘sha ayolning turli-tuman suratlari osig‘liq turardi. Ilinmaganlari ham allaqancha edi. Biroq Otashning shu tobdagi ko‘ngil manzarasi ustaxona ichidagidan yuz, ming, milyon... karra muhimroq, sirliroq va qo‘rqinchroq tuyulardi... Otash idishdagi suyuqlikni polga, devorga, undagi suratlarga sepib yubordi. Shunda xona ichi benzin hidiga to‘lib ketdi. Burchakdagi stol tortmasidan chaqmoqni qo‘liga olgan Otash nihoyat harakatdan to‘xtab, chuqur-chuqur nafas oldi...
Quloqlari ostida avval o‘z so‘zlari jarangladi: "Bugun kelmasang, bo‘lmaydi, Soliya! O‘tinaman: kel!.."
Keyin esa Soliyaning ovozi quloqlariga urildi: " Ertalabdan sochimni bo‘yatib oluvdim, deng... Ko‘rmaysizmi, kuni bo‘yi ezib yomg‘ir yog‘di... uydan chiqolmadim..."
Otash jon achchig‘ida chaqmoqni yondirdiyu ustaxonaning to‘rida ilingan hashamdor hoshiyali suratga — o‘ziga jilmayib boqib turgan Ayol suratiga qarab otdi... Olov bir silkinib old-da, baravj yongancha suratni yamlay boshladi. Oldin ayolning sarvdek vujudi, qo‘ng‘iroq sochlari, keyin oydek yuzi yondi. Faqat... faqat ko‘zlarigina yonmasdi. Ular tillarang olovning ayovsiz qilichlaridan omon qolayotgandek tuyuldi. Otash ularga — ko‘zlarga nimadir demoqchi, balki ulardan nimanidir so‘ramoqchi, o‘tinmoqchi bo‘ldi. Bo‘ldiyu, og‘iz ham ocholmay tutildi: chunki... chunki ko‘zlar olovning taftida o‘zgarib, ularda muhrlangan ma’no evrildi — ayolning, bir paytlar Otashga cheksiz muhabbat ila boqqan o‘sha ayolning sohir ko‘zlari qahraton qishning eng ayozli kunidek sovuq yiltillab o‘tdi. Va xuddi shu lahzada olovning qo‘li baland keldi: ko‘zlar olovga yem bo‘ldi...
Dahshatli manzara Otashning ko‘z soqqalarida bir zumgina aks etdi, bir zumdan keyin esa u yerda gurillab yonayotgan olovning tillari gadoning ko‘kka ochilgan qo‘llari yanglig‘ qotdi-qoldi...
...Bu orada tashqarida yomg‘ir tindi. Ehtimol, bu ham Yaratganning bir marhamatidir. Shahar chetida — chaqirsang, birov eshitmaydigan bir kanorda lovullab yonayotgan uyga suv sepib o‘chirishni va shu yanglig‘ ichkaridagi oshiq yigit chekayotgan azobning yana va yana davom etishini istamagandir... Axir, xom sut emgan bandalar bo‘lsak, kaerda hikmat borligini biz qaydan bilamiz?..
Biz qaydan bilamiz, "yomg‘ir tindi", deya balki Soliya ham allambalo fasonga solingan go‘zal sochlarini ko‘z-ko‘z qilgancha uydan chiqqandir va hali zamon kardiologiya kasalxonasining oxirgi qavat, liftdan o‘ngga qarab yurganda eng chetdagi oppoq eshigini chertib qolar... Biz qaydan bilamiz...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.