OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. Tosh (hikoya)

TOSH
(yoki Yovuzlikning tug‘ilishi) 

(Hikoya)


Negadir yuragim siqilaveradi. Yo‘q, chamasi, nima uchun bu holga tushishimni biladigandekman. Lekin gap bunda emas, balki davomiylikda. Axir biz odamzod qalbi shabbodaga tutilgan yaproq misol aylanib – o‘zgarib turadi, deya bilamiz, modomiki shunday ekan, nega tushkun kayfiyat mening bag‘rimga tanda qo‘ydi? Nega u ketmaydi, meni tinch qo‘ymaydi?.. Bilmayman. Aksincha: vaqt o‘tgan sari tushkunlik yuragimning tub-tubiga inib, mustahkamlanib, allaqanday jinsga, masalan, toshga aylanib borayotgandek. Tabiiyki, men ham boshqalar singari ba’zan u yoki bu bahona sabab yuzaroqdagi bir damlik quvonchlarga chalg‘iyman, biroq keyin baribir, qa’rda yotgan o‘sha toshga – o‘sha kayfiyatga qoqilib tushaveraman, tushaveraman... Shunda men ko‘pincha va asosan o‘zimni bir yonu, qolgan barcha odamlarni ikkinchi tomon deya qabul qilaman: go‘yo ular hayqirib oqayotgan daryoning narigi tarafida bo‘lsa, mening bir o‘zim bu yoqda qolib ketganman. Ustiga ustak, qosh qorayib borayotgandek. Ajablanarlisi shundaki, men yolg‘izlik vahmidan dahshatga tushsam-da, negadir odamlar bilan liq to‘la ikkinchi qirqoqqa o‘tib, xalos bo‘lishni xohlamayman. Go‘yo men bir og‘ir, tuzalmas dardga chalinganmanu ular soppa-sog‘. Va mana shu dard meni ulardan ajratib qo‘yib, uzlatga abadul-abad parchinlab tashlagan kabi, endi u huzurga borish, odamlarga qo‘shilib kulish va yig‘lash menga bir umrga man’ etilgan singari... 
Mana, qarang, necha fursatdir qanday kayfiyat sirtmog‘ida talvasa qilaman men. Tovba-tovba, na jonim uziladiyu va na la’nati sirtmoq!.. 
Bugun ham uning iskanjasida toqatim toq bo‘lganda shartta kiyindim-da, tashqariga chiqdim-ketdim. Chunki ko‘ksimdagi toshning zalvori tobora tosh bosayotganini sezib, bundan taraddudga tusha boshlagandim. Ko‘chada odamlarning yaxshiliklariga, muruvvatlariga ro‘baro‘ kelsamu zora tosh ham eriy qolsa. Masalan, buyrakdagi tuz misol... Axir, u ham ovqat, suv va hokazolarni noto‘g‘ri iste’mol qilishdan yillar davomida inson a’zosida yig‘ilgan toshdek tuz-da. Yoki tuzdek tosh... Nima bo‘lgandayam buning ham vaqtida oldi olinmasa, sohibini alal-oqibat turli azoblarga, balolarga giriftor aylaydi. Shunga o‘xshab men ham ichimdagi tosh bilan uzoq muddat yurishni o‘zim va o‘zgalarning hayotiga xatar, deb o‘ylab qoldim. U buyrakdagi toshdek erimasa ham, arimasa ham, loaqal ichda - ichkarida qolsin. Shunday dedimu o‘zimni tashqariga urdim... 
Odatdagidek, katta ko‘chaga yondosh yo‘lakka tushib oldim, maqsadim yaqindagi parkka kirish va daraxtlarning kuzgi qo‘shig‘ini birrov tinglab qaytish edi... Men juda ohista odimlab borardim. Shu payt orqadan qadam tovushi eshitildi. Zum o‘tmay yonginamdan muattar bo‘y taratib, allaqanday yaltiroq libosga chulg‘angan notanish ayol o‘tib qoldi. Kayfiyatim ta’siridami, bilmadim, unga berilibroq e’tibor qildim. Hammasidan oldin uning xush bo‘yi allaqachon dimog‘imni qitiqlab ulgurgandi, ayni chog‘da ayolning qaddi-qomatiga ko‘z soldim: entiktiradigan darajada go‘zal! Odimlarim beixtiyor tezlashib, ayolga mos yura ketdim. Ancha muddat shu ko‘yi yo‘l bosdik. Sekin-asta vujudimni yoqimli titroq qamray boshladi. Yurak... yurak o‘lgurning “taka-puka”si bir pasda shunchalar bo‘ldiki, endi qadamimni andak sekinlatishga va shu yo‘sin hayajonimning ayol qulog‘iga yetmasligiga tirishdim. 
Botayotgan quyoshning alvon rangiga ayolning nimpushti libosiyu undagi qirmizi donachalar paydo qilgan manzara shunday yarashib tushgandiki, asti qo‘yavering: olam aro mutanosiblik, hamohanglik deganlari shu bo‘lsa kerak deb o‘ylab qolasan. Ochiq yelkalarini to‘ldirib, dam u, dam bu yoniga chulg‘anib borayotgan qo‘ng‘ir sochlar qaragan kishining nash’u namosini qo‘zg‘ab, juvonning borlig‘iga xayolgagina kelishi mumkin bo‘lgan afsonaviy husn bag‘ishlardi. Atrofga to‘r solgan shafaq to‘lqinida ayol go‘yo qirmizirang kemadek mag‘rur suzib borar, men esa ko‘zimni undan uzolmay yo‘rg‘alardim. 
Oyoqlar!.. Navbat ularga yetganda nafasim chindan-da qaytib ketadi va biroz o‘zimga kelib olish uchun nigohimni, albatta, atrofga chalg‘itaman. Axir ular shunchalar bejirim va jon olg‘uchi ediki, bunaqasini hatto chizib ham uhdasidan chiqib bo‘lmasdi. Yo qudratingdan!.. Men tomoman asir bo‘lgandim. O’zimdan besh-olti odim ilgarida ketayotgan go‘zal mavjudot borlig‘iga uchib borgancha singib ketish istagida yonardim. Yana bag‘rimda shunaqa qanoatni his etardimki, unga ko‘ra men yillardir ozurda bo‘lgan jonimni shu jononga baxshida qilgim, aniqroq aytsam, uning uchun shirin jonimni Jabborga topshirgim kelardi. Nihoyat endi topgandek edim o‘sha qimmatni, jon tikishga arzigulik o‘sha borliqni! Endi uni qochirib yuborib, qismatim tomonidan hadya etilgan qulay imkonni boy bergim kelmasdi. Axir, men ko‘plar qatori qarib-churib to‘shakda - yaqinlar huzurida osuda jon berishdan nafratlanardim-da... 
Xullas, men hamon uning ortidan soyadek ergashib borardim, Razzoq deb borardim, “Yordam et!” deb yolborardim... Ayol oyoqlari yuragimga go‘yo ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langandek edi, u har qadam olganida ko‘krak qafasim o‘ynoqlab ketardi. Xayolimga “xirom aylab borardi” iborasi urildi. Men qaerdadir o‘qigandim: chamamda go‘zal ayollarning chiroyli qadam olishlari shunday ta’riflanardi. Ha-ha, u yurmasdi, balki aynan xirom aylardi: navozish ila, sehr va afsun ichra... Bir muddat ko‘zim tinib, boshim aylanib ketdi. Qadamimni sekinlatmoqchi, go‘zallik taratayotgan nurdan xiyol uzoqlashmoqchi va shu tariqa ichimdagi muvozanatni qayta tiklamoqchi bo‘ldim. Biroq oyoqlarim menga bo‘ysunmasdi. Oyoq ne, endi mening butun borlig‘im, taqdirim ayolning izmida, undan taralayotgan allaqanday cheksiz darajadagi huzurbaxsh kuyning, ovozsiz bir qo‘shiqning yetagida bandi edi. Ha-ha, bandi edi!.. 
Men kerakli so‘zni – mohiyatni ochib berguvchi kalitni topib olganga o‘xshardim: ayolning shu turishi, shu ketishi, shu qiyofa-yu shu holi ajib bir qo‘shiq ediki, men jon quloqlarim bilan uni eshitardim, butun borlig‘im - jismu jonim qo‘shiq izmida, unga mutanosib tebranardi. Shunda mening o‘zim ham shafaq rangida cho‘milayotgan daraxtzor (biz parkka kirib borgandik) ichra suzib borardim. Atrofni, atrof ne, olamni, botinimdagi og‘riqli olamimni – badbin kayfiyatimni – bag‘rimda cho‘kib yotgan toshni, uning zalvorli azobini unutgandim. Hayhot, dunyoda shunday saodatlar ham bor ekanu biz g‘aflat bosib qayoqlarda yurgan ekanmiz!.. 
Daraxtzor tugab biz yana katta yo‘l yoqasiga chiqib qoldik. Ayol chapda ko‘ringan bozor tomon yurdi. Men unga ergashdim. Keyin u odamlar to‘planib turgan joyda to‘xtadi. Men ham yaqinlashib oyoq ildim, uzoqroqda emas, yo‘q-yo‘q, ayolning shundoq biqinida. Xushbo‘ylari arimasdan ufurib turadigan masofada to‘xtagandim. Qanday bunga jur’at etdim - o‘zim ham bilmayman. Bilib-sezib turganim: ayol o‘z borlig‘i bilan meni tobora mahv etib borar, men esa shamdek erib bitayotgandim... 
Shu asno ayol yon tomonga bir-ikki odim tashlab nimagadir qiziqsinib qaray boshladi. Shunda men uning to‘lin oydek yuzini, uzun kipriklarini, kamon qoshlarini, g‘uncha lablarini ko‘rdim. Hayajonimga chegara yo‘q edi. Beixtiyor ikkala qo‘lim bilan ko‘kragimni changalladim: nazarimda yurak o‘lgur qafasni yorib chiqqudek talvasada qolgandi... 
- Yurmaysizmi? – kimdir yelkamdan yengil turtdi. Men bexosdan oldinga munkib ketdim va shundoq ro‘paramda kattakon idishda qalashib yotgan baliqlarga duch keldim. Ular tirik edi! Suvsizlikdan qiynalib, dam unisi, dam bunisi potrab osmonga sapchirdi! Negadir shoshib ayolga qaradim: yopiray, uning ko‘zlarida yovvoyi bir shavq o‘ynardi!.. Ayniqsa, baliqlar har sapchiganida sichqonga tashlanish oldida turgan mushukdek nimagadir shaylanardi, do‘ndiq lablarini yalab, tamshanardi. Shunda mening ko‘zimga uning og‘zi qip-qizil qonga botgandek ko‘rindi. Aslida labdagi bo‘yoqqa tegib ketgandir mening nigohim yoki shafaqning ol rangida shunday tuyulgandir u. Yoki qirmizi libosining ko‘z soqqalarimda qoldirgan soyasi bo‘lishi ham mumkin-ku... Lekin men uchun ayol lablari shu tobda baribir qon edi. Ha-ha, endigina qotillik qilgan yirtqichning tumshug‘idek qon edi uning og‘zi... 
Ayol sotuvchiga nimadir dedi. Sotuvchi esa javoban ikkita kattagina baliqni olib tarozi pallasiga qo‘ydi va vazn ko‘rsatgichiga qaradi. Shu asno palladagi baliqlardan biri dumini “tap-tap” etib pallaga urdi. Ayolning ko‘zlari yiltillab, damodam yutindi. Sotuvchi esa baliqni barmoqlari bilan bosdi, tinchlangandek bo‘lgach yana ko‘rsatgichga qaradi. Baliq yana potradi. Tarozi ko‘rsatgichi yana o‘ynadi. Sotuvchining sabri toshdi, baliqni palladan stol ustiga oldi-da, tarozi toshi bilan – xuddi pachoqroq odamning kichikroq kallasidek keladigan dumaloq, qop-qora tosh bilan naq boshiga jiqqillatib tushirdi... 
...Birdan ko‘nglim aynidi, ich-ichimdan nimadir otilib keldi. Men o‘zimni chetga olishga ulgurolmadim, ayolning shundoq oyoqlari ostiga qayt qildim. Baliqqa navbatda turganlar xuddi vabodan qochgandek o‘zlarini chetga oldilar, jumladan ayol ham. Biroq hech kim baliq xarid qilmasdan ketib qolmadi. Hatto ayol ham... Qusuq uning oyoqlariga, oppoq tuflisiga sachragan ekan, g‘udrangancha (har holda meni so‘kdi) sumkachasidan salfetka chiqarib artti-da, sotuvchi uzatgan xaltaga mamnun qo‘l cho‘zdi... 
Kimdir “Nima bo‘ldi sizga?” deya menga hamdardlik bildirdi, ko‘pchilik esa urishdi. Sotuvchi bo‘lsa haydashga urindi: “Boring, keting bu yerdan, savdoniyam o‘ldirdingiz!.. – Keyin sansiradi: - Obket anavi mag‘zavangni!..” 
Lekin bu vaqtda keksa bir kishi qusqi ustiga tuproq sepayotgandi... Tuzukroq razm solsam, mo‘ysafid judayam o‘zimga o‘xshardi. Faqat yoshimizda katta farq bor edi, xolos... Boshqa hech nimani eslay olmayman: u yerda yana qancha muddat qoldim, ayol qayoqqa ketdi, qanday ketdi – bilmayman. Chunki men bag‘rimning tub-tubida cho‘kib yotgan o‘sha azim Toshga yana boshim bilan urilgandim: dunyo unga, ya’ni boshimga qo‘shilib aylanardi. Endi borlig‘imda chalinayotgan kuy-qo‘shiq g‘oyib bo‘lgandi, uning o‘rnida yana avvalgi badbin kayfiyat hukmron edi va men uning mustahkam to‘rlari changalida o‘zimni benihoya nochor va g‘arib sezardim... 
O’sha kuni kechasi mijja qoqmay to‘lg‘onib chiqdim. Tongga yaqin esa ko‘zim ilinibdi. Keyin tush... Unda men qo‘limda tosh bilan ko‘chalarni kezar, duch kelgan odamning boshiga u bilan urar, qonatar ekanman. “Axir bu... axir bu tosh mening ichimda edi-ku, qachon, qanday qilib qo‘limga tushib qoldi? Nega u chiqib ketdi? Nima uchun?..”, deya o‘ylab siqilarkanmanu negadir dahshatli yumushdan o‘zimni to‘xtatmas, to‘g‘rirog‘i, to‘xtatolmasmishman. Yo‘limda uchragan erkagu ayol, kattayu kichik - bari-barining yuz-ko‘zini shafaq yanglig‘ qonga bo‘yab bo‘lgach, hov uzoqda ko‘rinib turgan toqqa shiddat bilan yo‘nalibman. Ko‘nglimga quloq tutsam, tog‘ning eng baland cho‘qqisiga chiqib, hayot debochasi - quyoshni toshbo‘ron qilishdek yovuz niyatda yonayotgan ekanman. Xayolimda esa faqat bir manzara - sotuvchining baliq boshini urib majag‘lagani va ayolning qip-qizil og‘zi aylanar, aylanar va yana aylanarmish... 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.