OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. Uzoqdagi Dilnura (hikoya)

- Alo... Kozim aka? Alo!.. Bu men – Nozim... 
- Nozimjon?.. Yaxshimisan, inim? 
- Aka... Kozimjon aka!.. 
- Labbay, uka. Gapirsang-chi, tinchlikmi?.. 
- Nima bo‘ldi?.. – xayoli ota-onasining omonat joniga ketdi Kozimjonning. 
- Yunus tog‘am... Tog‘amni berib qo‘ydik... 
- A?!.. Nega?.. Nima bo‘ldi?.. 
- Bandachilik, aka. 
- Qachon?.. 
- Mana, hozir kasalxonadan olib kelishdi. 
- Nima bo‘ldi o‘zi? 
- Oyoq... oyoqdan ketdi, aka. 
- Xudo rahmat qilgan bo‘lsin... 
- Kelasizmi?.. 
- Hm... Xo‘p... – chaynaldi Kozimjon. Lekin ko‘p-da hayallamay so‘lg‘in ovozda dedi: - Yo‘lga tushyapman. 
- Hozir chiqsangiz ulgurasiz, aka... 
- Albatta... 
Kozimjon stol ustini yig‘ishtirib, kompyuterini o‘chirdi-da, tugmani bosib yordamchini chaqirdi. 
- Amakim olamdan o‘tibdi. Bir-ikki kunga qishloqqa ketyapman, - deya xomush qo‘zg‘aldi. 
- Voy... Xudo rahmat qilgan bo‘lsin, xo‘jayin... – yuzini siladi yordamchi. So‘ng ikki qo‘li ko‘ksida – rahbarni kuzatib chiqdi, - yoshlari nechchida edi? 
Kozimjon peshonasini tirishtirib javob berishga chog‘lanib ko‘rdi: “Adashmasam, ellik beshlarda edi...” 
- Yosh ketibdilar... attang. 
- Yo‘qligimni bildirmay turgin. 
- Xo‘p, xavotir olmang, - pildirab kelib mashina eshigini ochdi yordamchi. - O’zingiz haydab ketasizmi? Yo haydovchini... 
- O’zim. Chaqirma. 
- Yaxshi borib keling... 
Kozimjonning “PRADO”si shahar tashqarisiga chiqib ulgurmay telefoni tag‘in jiringlab berdi. 
- Allo, assalomu alaykum, Kozimjon aka, yaxshimisiz? 
- Vaalaykum. Ha, ertalabdan? 
-Yo‘ldamisiz? Boshingiz bosilib qoldimi? Kechqurun odamni qo‘rqitvordingiz. Shunga... 
- Nima tag‘in? Gapni aylantiravermay ayta qol, shoshyapman, - dedi Kozimjon mashinani xiyol sekinlatib. 
- Aytaveraymi? 
- Ha, dedim-ku... 
- Turkiya tillalari kepti. Aytuvdim-u anuvinda... 
- Xo‘sh... 
- Esizdami, yo‘lga qatnaydigan opa-chi, o‘shanga “zakaz” qiluvdim. 
- Qancha? 
- Oz emas, Kozim aka, - nozlandi ayol ovozi. – Lekin va’da bergandingiz. 
- Xo‘p, nechchi pul ekan? – sabrsizlandi erkak. 
- Ikki... Ikkita. 
- Nima ikkita, Sanam? – ovozi asabiy chiqdi Kozimjonning. 
Ikki ming dollar. Komplekt. Zanjir, uzuk, sirg‘a... Nima, achig‘ingiz chiqyaptimi? Mayli, kerak emas... Erkak zoti qop-qop va’dani berarkanu bajarishga kelganda... – ayol jahl qilib go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. 
- Uf... – dedi Kozimjon tormozni bosib mashinani yo‘l chetiga olarkan, – ayol zoti... qanaqa o‘zi u? – Erkak bir muddat chuqur-chuqur nafas olib, achchig‘ini bosganday bo‘ldi. Keyin o‘zi raqam terdi. 
- Sanam, menga qara, darrov portlamagin-da endi. Men hozir qishloqqa ketyapman. Tashvish bilan... Mayli... Hozir qaerdasan... Hm... Bo‘pti, yarim soatdan so‘ng pastga tushib tur. 
Kozimjon rulni ortga burdi... Bir pas o‘tib kelishilgan manzilga keldi. Qizil hoshiyali sport kiyimi kiyib olgan, sochini sariqqa bo‘yagan qomatdor ayol mashina yonida paydo bo‘ldi. Lekin arazlagandek edi: engashgan ko‘yi oynakdan ginali boqdi. Kozimjon tugmani bosib, oynani tushirdi. 
- Ha, namuncha qovoq-tumshuq qip qolding? Ol, mana... 
Ayol indamay qo‘lini cho‘zdi. 
- Ha, yo‘l bo‘lsin? – bir pasda chehrasi ochila qoldi ayolning. 
- Amakim... – dediyu tilini tishladi Kozimjon. Negadir aytgisi kelmadi. - Amakimda ishim bor edi... Bo‘pti... 
- Yaxshi borib keling… 
Uch to‘rt kilometr yurib ediki, yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi. 
- Assalomu alaykum, dadasi... Tushlikka nima qilay? 
- Menga qara, Mahzuna, Yunus tog‘am qaytish qipti... 
- Voy... – Mahzuna jim bo‘lib qoldi. - Keyin siniqqan ovoz bilan saslandi, - biz ham boraylik... qaerdasiz? 
- Yo‘lga chiqdim. Qaytsam... ko‘tarishlariga ulgurmasligim mumkin, Mahzun. Yaxshisi, sen bollarga qarab qol. Ma’rakasiga birga boramiz... 
- Qanday g‘uborsiz odam edi-a, Yunus tog‘a... – ayol telefonda “piq-piq” yig‘lab yubordi. 
- Xudoning irodasi... 
Kozimjon gazni bosib, shitob bilan yurib ketdi. Xiyol o‘tmay esa gavjum shaharni orqaga tashlab, ikki yoni ko‘m-ko‘k o‘t-o‘lan bilan qoplangan tekis yo‘lda yelib borardi. Borarkan, Yunus tog‘a haqidagi xotiralari birin-sirin xayoliga qalqib chiqdi, chiqaverdi... 
Uzoq yo‘l bosdi. O’y bilan bo‘lib farqiga bormabdi: qarasa, qosh qoraya boshlabdi. Lekin manzilgacha hali ancha yo‘l. Telefonga qaradi – antenna ko‘rsatgichi yo‘q. Tirishib alamini yana mashinadan oldi... 
Nihoyat, qaysi bir tuman markaziga kelganda, antenna ko‘rindi va u sim qoqdi. 
- Nozimjon? 
- Aka, qopketdiz-u, qaerdasiz? – xavotir va gina aralash so‘radi Nozimjon. 
- Oz qoldi, yarim soatlarda yetib boraman, Nozimjon. Yana ozgina sabr, iltimos... 
- Aka, ko‘tarishdi. Mana, mashinaga chiqarishyapti. Oqsoqollar to‘polon qilvorishdi... 
- Nozimjon... Alo!.. - Shu asnoda “tiq” etib aloqa uzildi. – Alo, Nozim!.. Jin ursin!.. - Kozimjon asabiy ravishda qo‘lidagi matohni torpetka ustiga uloqtirdi. – Qanjiq!... – dedi so‘ngra tajang tortib, - senga qaytmaganimda... 
Ikki piyola choy ichgulik fursat o‘tib-o‘tmay u o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahallaga eltuvchi yo‘l boshiga chiqdi. O’n-o‘n besh chaqirim yurib esa rulni qabriston yoqqa burdi. Bahor payti emasmi, kuni-kecha yoqqan yomg‘ir suvidan tuproq yo‘lda yurish qiyin kechdi. Mashina dam sirpanib ariq bo‘yiga, dam qarshi tarafga surilib zovurning nishob joyiga kelib qolar, shundayam sekinlay demas, zo‘r berib oldingga yurgani yurgan edi... 
Yiroqdan ulkan tepalikda joylashgan mozor ko‘rindi. Kozimjonning yuragi bir xapqirib tushdi. O’tmish... xotirasida jonlandi. Tepalik, bolalik va Yunus tog‘a bor edi unda. Yunus tog‘a o‘t terishda Kozimjonni boshlab yurardi. Hammasi kechagidek esida. U paytlar kolxozning bir qarich yeriga ham paxta ekilardi. “Dalasida paxta... tomorqasida paxta... uyining ichidayu tomining tepasida paxta” degan gaplar o‘sha vaqtdan qolgan. Chorva uchun esa hech qanday yaylov ham, ekin maydonlari ham ajratilmasdi. Shundan bo‘lsa kerak, Yunus tog‘a uzun kalish etik kiyar-da, zovurning ichiga tushib goh qamish o‘rar, goh esa mana shu qabriston maydoniga kelib, yerdan xiyol bosh ko‘targan ajriqni Kozimjon hozir ismini unutgan allaqanday yopishqoq o‘tga qo‘shib tomir-pomiri bilan o‘rar, keyin lo‘tkali mototsiklga yuklab uyga olib ketishardi. Shunda bolakay Kozimjon tog‘asiga suv-puv uzatib turar edi, xolos. Lekin uyga kelgach, avval Kozimjonlarnikiga o‘tishar va o‘tning qoq yarmini tushirib, so‘ng qolganini Yunus tog‘a o‘zinikiga olib ketardi. Shu bilan Kozimjon uydagi kundalik vazifasining eng muhimini bajargan chiqardi. 
... Kozimjon tormozni bosib, mashinasidan sakrab tushdi. Lekin atrof zim-ziyo edi. Faqat qabristonning uzoq etagida bir to‘da odamlar ikki mashinaning chiroqlari yorug‘ida uymalanishardi. Kozimjon o‘sha tomonga shoshildi... 
Lekin kechikkandi. U xalloslab yetib kelganda yangi qabr do‘ppayib ulgurgandi. 
- Eh, attang... – dedi birov. 
- Salgina kech qolding, bolam... – dedi boshqasi. 
Keyin hammalari cho‘k tushgach, kimdir qiroat bilan Qur’ondan o‘qidi. Yuzlar silangach, qo‘zg‘alishdi... 
Boshlashib – kim piyoda, kim ulovda qishloqqa qaytishdi. Yaqin atrofdagi mahallalarning bari zulmat ichida qolib, birgina mayyit chiqqan xonadon darvozasidan taralayotgan nur zulmatga achchiqma-achchiq qorong‘i ko‘cha bag‘rini kuchsizgina yoritib turardi. 
Kozimjon hamqishloqlari bilan mashinadan tushganda qulog‘iga motor tovushi urildi: bu elektr quvvati ishlab chiqaruvchi qurilma edi. 
Bir pasda hamma saflandi, ichkari xonalardan birida Qur’on o‘qiyotgan domlaning ovozi zaifgina eshitilib turdi. Kimdir yo‘taldi, kimdir burnini tortdi. Tilovat esa cho‘zilgandan cho‘zildi. Kozimjonning yupqa tufli kiygan oyog‘i sovqota boshladi. Turgan ko‘yi og‘irligini dam bu, dam u oyog‘iga tashlab ko‘rdiyu, kor qilmadi. Sovuq sekin-asta o‘rmalab yuqori chiqdi – u kutilmaganda seskanib-titrab ketdi. Oldi qatordan turganlardan birov boshini xiyol o‘girib, unga qaradi. Kozimjon tirishib o‘zini qo‘lga olishga urindi... 
Nihoyat, tilovat poyoniga yetdi. 
- Keldingmi, uka?.. 
- Bandachilik... 
- Xudo sabr bersin... 
Odamlar Kozimjonni quchoqlab, hamdardlik bildirib, so‘ng birin-sirin tarqalisha boshlashdi. Ko‘p o‘tmay hovlida qarindosh-urug‘largina qoldi. Ichkaridan bo‘lsa ayol va erkaklarning yig‘i-sig‘ilari kela boshladi. 
Kozimjon nimyorug‘ – nimqorong‘i hovlida u yoq bu yoqqa yurdi: ana bog‘ – tog‘asi o‘z qo‘li bilan barpo etgan va esiga tushdi deguncha og‘zining tanobi qochib maqtanadigan, ana qo‘ra - mol-hol, qo‘y-echki boqiladigan, ana katak – qarshisida soatlab turishib, dakan xo‘rozlar jangini tomosha qilishadigan... Lekin bog‘ning sharti ketib, parti qopti: go‘yo sochi siyraklashib qolgan boshni yodga soladi. Kozimjon g‘uvranib molxona tomonga o‘tdi, lekin xoyhotdek joyda birgina hayvon g‘o‘ddayib tik turardi. “Sigir bo‘lsa kerak” - xayolidan kechdi Kozimjonning. “Nega u tik turibdi?” Sigir Kozimjonga talpinib, ovoz chiqardi. “Ochga o‘xshaydi”. Kozimjon tovuqkatakka qarab yurdi. Lekin u yerda tovuq tugul katakning yarim to‘riyam yulib olingandi – har holda biron yamoqqa ishlatilgandir... 
Bu orada uy ichidagi yig‘i tovushi avj oldi: “Voy dadajonim!.. Yoningizda yurib diydoringizga to‘yolmadim. Qo‘limizning kaltaligi qursin, ko‘nglingiz tusagan ovqatniyam pishirib berolmadik!..” – qizlardan birining ovozi endi ko‘chaga chiqib ketdi. 
- Qaranglar unga! - havoda do‘rildoq erkak tovushi yangradi. – Ichkariga olinglar. Eshitgan quloqqa xunuk... 
Kozimjon iziga qaytdi. Bir ayol va bir erkak borib, qizning qo‘lini tutib olishgancha nasihat qilishga tushishdi. 
- Tegmanglar menga! Ketinglar! Katta deb sizlarni shu paytgacha eshitdim. Endi bas! Ertaklaringni borib bollaringga aytinglar... yo‘qolinglar!.. 
- O’zingni qo‘lga ol, betamiz! – erkak qizning yuziga tarsillatib tarsaki tushirdi. – Bitta sening otang o‘libdimi? U meniyam dadam edi!.. 
- Endi dadang bo‘p qoldimi? O’lganda!.. Tirigida nima qip berding - a?!. Xotinchang bilan bolangdan ortmading-ku!.. - Qiz ovozining boricha baqirardi. 
Bu orada Kozimjon ularning yonlariga kelib qolgandi: qiz – marhum tog‘asining eng kenja dilbandi - Dilnura, erkak esa - to‘ng‘ichi Zokir ekan. 
- Dilnura!.. 
- Kozim aka!.. – Dilnura Kozimjonning bo‘yniga osilib yana ho‘ngrab yubordi. – Kozim aka, - boyaqish deyarli har bir so‘z orasida “hiq-hiq” deya sas chiqarardi, - Kozim aka, dadam bu dunyoga kelib nima ko‘rdi, nima?.. – Dilnura tag‘in Kozimjonning bo‘ynini mahkam quchgan ko‘yi “to‘kila” boshladi. – Bizni deb, shu landavur, omadsiz besh bolasini boqaman, deb o‘tib ketdi. O’ziga engil-bosh olish u yoqda tursin, kasal oyog‘iga aqalli bir quti dori ham sotib olmadi, tushunyapsizmi Kozim aka, ololmadi... Birining shartnomasini to‘layman dedi, boshqasining imoratiga taxta olay deb, o‘risga ketgan o‘g‘lining esa ro‘zg‘origa un-yog‘ qip beray deb, nogironlik nafaqa puligacha o‘shalarga ilinib yurdi. Do‘xtirlar “Yotib davolaning” desa ham ko‘nmadi. “Yaxshiman” deb hammamizni ishontirdi. Dadam chekkan dardning chidab bo‘lmas og‘rig‘i bo‘larkan, ungayam chidadi. Dori ichmay chidadi, Kozim aka!.. Voy-voy, ichim kuyib ketyapti... Da-da!.. Dadajon, nega meni tashlab ketdingiz! Endi maktabdan kelsam, kim meni “Go‘zal qizim!” deb kutib oladi, kim “Malikam” deb erkalaydi, kim?.. Sizsiz endi nima qilaman, dada!?.. - Dilnura tag‘in bo‘zlab berdi... 
Kozimjon nima qilishini, hayotdagi suyanib turgan tog‘idan judo bo‘lgan o‘spirin qizchaning huvillab qolgan ko‘nglini qanday sehrli so‘z bilan ovutishni bilmay gung qoldi... 
- Kozimjon, ichkari kir, kennoyingning ko‘nglini so‘ra, - dedi qarindoshlardan biri “shaharlik”ning tirsagidan ushlab ro‘paradagi eshikka yo‘naltirarkan. 
Kozimjon ko‘rsatilgan eshikka yaqinlashgan ediyamki, kimdir chopib kelib uni ochib berdi. 
Kozimjon sham yorug‘ida titrab turgan xonaga qadam bosdiyamki, ayollarning qiy-chuv yig‘isi qulog‘ini qomatga keltirdi. Boshini ko‘tarib, qator turgan xotin-xalajlar orasidan kennoyisini qidirib topdi. Ko‘zlari bir-biriga tushgani hamon har ikkisi talpinishib, bag‘irlarini ochishdi. Kozimjon onasidek bo‘p qolgan mehribon ayolning tanish taftini tuydi: ko‘ngli allanechuk bo‘lib tokchada eriyotgan shamdek titradi. 
- Voy-ey, Kozimjon uka, endi qanday qilamiz, tog‘angiz o‘lmay men o‘lsam nima qilardi? Axir u nogiron bo‘lsa ham bolalarga tirgak edi. Mendan ko‘ra foydasi ko‘proq edi... – ayol Kozimjonning ko‘kragiga boshini qo‘yib astoydil yig‘lar – boshiga tushgan favqulotda musibatdan dovdirab qolgani bois eri ko‘p yaxshi ko‘radigan jiyanining bilagiga mahkam yopishib olgandi. 
- Bo‘ldi endi, o‘rtoqjon, Xudoning irodasi ekan... – xotin-xalaj orasidan kimdir chiqib bechorani yelkasidan tutgancha o‘ziga tortdi. Ammo kennoyi Kozimjonning bilagini qo‘yay demasdi, “Sho‘rimiz quridi, Kozimjon uka, endi men bu bollarni qanday eplayman, Yunus tog‘angizsiz nima bo‘ladi endi bu hayot?.. Oh!..” 
Ona bag‘rini tig‘lab, dardini aytib bo‘zlar ekan, yonida turgan ikki qizi ham yoqalarini yirtarchasiga to‘lg‘onib – yulqinib, o‘zlarini goh u, goh bu tomonga tashlab ayyuhannos solar, dodu faryod ko‘tarar edi... 
Kozimjon esankirab qoldi, sekin-asta esa yaqinlarining boshiga tushib, ko‘ksilarini chil-parchin qilgan g‘amdan uning ham qotib ketgan diydasi yumshaganday bo‘ldi. 
- Eski velosipedingizni g‘ijirlatib yursangiz bo‘lmasmidi, sizsiz bu dunyo jim-jit bo‘lib qoladi-ku endi... O’-o‘hhh!.. – Kimningdir yetovida tashqari chiqayotgan Kozimjonning qulog‘iga kelib urilgan kennoyisining nolayu ohi endi uning botinini ag‘darib yuborgandek bo‘ldi... Kozimjonning ko‘zlari hech nimani ko‘rmay qoldi. Kaftlarining orqasi bilan ularni shoshib artdi – bo‘lmadi. Go‘yo olam zulmatning ichiga qulab tushgandek tuyuldi... 
- Dvigatel o‘chdi... Benzin bormi? – ovoz keldi. 
- Qayda deysan... - dedi o‘zga ovoz... 
Vaqt o‘tib, qorong‘ilikka ko‘nika boshlagan Kozimjonning ko‘zlari atrofni ilg‘ay boshladi. Keyin butun vujudi muzlab, tishlari bir-biriga urilib kakray boshlaganini his qildi. 
- Aka, yuring. Bu yerda qiladigan ish qolmadi. Azonda qabristonga borib, ene tag‘in bu yerga kelamiz, - bilagidan ushlab o‘ziga tordi Nozimjon. 
Kozimjon endi ukasiga ergashdi. Ergashib ketarkan, qachondir, qaerdadir xotirasiga kirib kolgan bir misra she’r miyasida bombadek portladi: somon parchasidek oqib boramen. 
- Nega, nima uchun? - derdi ichida kimdir. – Axir bor-yo‘g‘i ertalab butunlay boshqa odam edim-ku!.. Go‘yo hamma narsaga qodir edim. Endi-chi, endi?.. Endi nega bunday abgorman? Nega ixtiyorim, kuch-quvvatim yo‘q? Qaerga kelib qoldim? Qaysi dunyoga tushib qoldim men?.. x x x 
Kozimjon kechasi bilan uxlay olmay to‘lg‘onib chiqdi. Xona sovuq, zax va g‘ip qorong‘i edi. To‘shak va bolishdan ham rutubat isi kelardi. Yotgan joyida uzanib sviterini topdi-yu shosha-pisha kiyib oldi. Lekin bir pas o‘tib tag‘in sovqotib, siygisi qistaganidan besaranjom bo‘la boshladi. Turib hovliga o‘tay desa, qorong‘ida demsalanib yiqilaman, deb o‘yladi. Qolaversa, hovlida itning hurishi eshitilib turardi, – buni tanimasa, tishlab-netib yurmasin, tag‘in. Borib ukasini uyg‘otishni esa o‘ziga ep ko‘rmadi. Ammo ehtiyoj kuchaygan sayin noiloj qoldi: esiga telefoni tushib, uning xira yog‘dusida turtinib tashqariga chiqdi: Eshikning “g‘iyq” etgan tovushidan uyg‘ongan bo‘lsa kerak Nozimjon qo‘lida fonar bilan paydo bo‘ldi. 
- Aka?.. 
- Seniyam bezovta qildimmi?.. 
- Bezovtasi borakanmi? Yuring, itdan qo‘rqib yurmang yana. Bog‘lig‘u bilib bo‘lmaydi zang‘arni... 
Kozimjon yengillab, ukasining kuzatuvida yotog‘iga qaytdi: lekin uxlay olmadi. Shahardan kiyib kelgan hamma kiyimlarini egniga ildi. So‘ng qalin paxta ko‘rpaga o‘randi-da, xo‘rozlar qichqirgunicha o‘tirib chiqdi... 
Bir mahal eshik taqillab, ostonada ukasi ko‘rindi. 
- Assalomu alaykum, aka, yaxshi dam oldingizmi?.. 
- Ha, keldingmi... – ustidan ko‘rpani himarib qo‘zg‘aldi Kozimjon. 
- Mozorga o‘tib kelamizmi?.. 
Ular boshlashib tashqari chiqishdi. Qabristonga yetib kelishganda o‘ntacha odam kecha qo‘yilgan qabr atrofida g‘amgin turishardi. Dilnura qiz ham bunda edi - do‘ppaygan tuproqqa bag‘rini bergancha “xiyq-xiyq” siqtardi... 
Tog‘alaridan birining “Tur endi, qizim, ketaylik, boshqalar ham kelishyapti” degan gapini eshitishi bilan qiz qabrga yanada mahkam yopishib, “Men shu yerda... dadam bilan qolaman!..” deya uvvos sola boshladi... 
Qarindoshlardan kimdir salom berib, kimdir bosh silkib, qabr oldida oyoq ilgan Kozimjonlarning yonidan o‘tgancha mahallaga eltuvchi yo‘lga qarab odimlashdi. Qo‘llaridan tutib, gavdasini majburan ko‘tarmoqchi bo‘lgan ikkita akasining iskanjasidan siltanib qutulmoqchi bo‘lgan Dilnura bo‘lsa jon achchig‘ida baqirardi: “Menga tegishma!.. Men senlarga o‘xshab dadamni tashlab ketmayman! Yo‘qol hammang!.. Biring Rossiyaga ket, biring Toshkentga!.. O’zi dadamning boshiga sizlar yetdinglar... Hammangni yomon ko‘raman, hammangni!.. – Dilnura yig‘layverib shishib, ovozi bo‘g‘ilib qolgandi. – Yo‘qol!.. – u o‘zini kuch bilan sudrab ketayotgan akalarining quchog‘idan yana bir yulqinib chiqmoqchi bo‘ldi-yu qo‘qisdan jimib qoldi. Kozimjon qizginaning hushidan ketganini angladi. “Oyog‘ini sudramay, azot ko‘tarib olinglar” dedi boyagi xeshlardan biri... 
Bu orada cho‘kka tushib olgan Nozimjon qiroatni boshlab yuborgandi. Kozimjon unga ergashib tiz bukdi... 
Keyin ular o‘lik chiqqan xonadonga kelishdi: Tumonat odam. Kozimjon erkak qarindoshlar bilan bir safga turib olib, kelganlarni ichkariga taklif qilar, duo o‘qilayotgan mahal hamma qatori tiz bukib o‘tirar, qo‘zg‘alinganda esa o‘nlab-yuzlab odamlarning “qo‘lini olib” kuzatar edi. Shunda u hamqishloqlarining yuzlariyu ko‘zlarida yugurib ketayotgan fursatning qiyofasini ilg‘ab qolganday bo‘lar, bo‘lgani sayin o‘ziyam bilmaydigan nimaningdir ilinjida ularga tikilgani tikilgan edi... 
- Bandachilik... 
- Xudo rahmat qilsin... 
- Oxirati obod bo‘lsin... 
- Ollo sabr bersin... 
Kelib-ketayotganlarning oxiri ko‘rinmas, Kozimjonning uzatilaverib-ko‘rishaverib tolgan, g‘alati bir alfozda g‘o‘ddayib qolgan qo‘llari o‘ziniki emasdek tuyulardi. Avvaliga tanib-bilib, ko‘rishganda ismlarini eslab turgan hamqishloqlarini tobora taniy olmay, eslab bilmay qiynaldi. Birining ortidan kelib turgan nigohlar oldiniga unga olam-olam mazmun bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, borgan sari ular o‘sha ma’nidan mahrum bo‘la boshladi: Ko‘zlar… ko‘zlar bu o‘tkinchi dunyoga tashrif buyurib, yana adam sahrosiga abadiy ravona bo‘layotgan yo‘lovchilarga aylandi – qoldi. Shunda u... Kozimjon dunyo, umr, hayot deganlarining asl holini – ibtido va intihosini qalb ko‘zi bilan ko‘rgandek his qildi o‘zini. His qildi-yu ajab hollarga tushdi: o‘zining ham o‘sha son-sanoqsiz odamlardan – yo‘lovchilardan zarracha farqi yo‘qligini angladi... x x x 
Ertasiga choshgohga qadar turib bergan Kozimjonning joni siqilib ketdi. Nihoyat, otasining yoniga kelib, “Qaytishim kerak” dedi. 
- Yaxshi. Yur, - dedi yakkayu yagona inisidan ayrilib, o‘zini oldirib, xiyol dovdirab yurgan ota. Kozimjon ergashdi. – Kennoyingga “ketyapman” deb qo‘y. 
Keyin ota bir to‘p ayollar orasidan kelinni chaqirdi. Kozimjon kennoyisining ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘lib, poyintor-soyintor qilib nimalardir dedi. Lekin gapini tugatguncha o‘zini yomon ko‘rib ketdi. Tugatgandan keyin esa nafratlana boshladi. Ayniqsa, “Ko‘pam o‘zingizni qiynamang, bo‘lar ish bo‘pti. Tog‘amning yo‘g‘ini bildirmaymiz. Har oyda pul yuborib turaman. Hech narsadan zoriqmaysiz” deya boyaqish ayolning qo‘lini tutib, qog‘ozga o‘rog‘li g‘ishtdek pulni tars etib qo‘yganida... o‘zidan jirkandi... Eh, u yog‘ini so‘rasangiz, Kozimjon bu xil vaziyatlar uchun juda-juda tajribasiz, g‘o‘r chiqdi. Hayot desa, poytaxtdagi o‘zining tarallabedod turmushini tushunarkan. Qishloqdan ketganiga ko‘p bo‘lgan edi, - qolaversa, ketgan chog‘ida yosh – bor yo‘g‘i o‘n yettiga kirgan polapon edi... Endi qarasa, oradan ko‘p suvlar oqib o‘tibdi. Bu suvlar oz emas, ko‘p emas, naq yigirma to‘rt bor dumalabdi. Eh, nimasini aytamiz... O’sha suvlarga qo‘shilib o‘mbaloq oshavergan Kozimjonning boshlari aylanib qolibdi... 
Kozimjon mashinasiga o‘tirib qishloqni, so‘ng shahrarni kechib, to keng sayhonliklarga chiqqunga qadar garang bir holda edi: na fikrlardi, na his qilardi. Dunyo va hayot to‘g‘risida shu choqqacha botinida qoim bo‘lgan borliq haqiqat qoliplari sinib-parchalanib atrofga sochilib ketgandek va uning o‘zi ham ana shu parchalarga qo‘shilib uchib yurgandek edi. Lekin vaqt o‘tar, uchib-to‘zib ketgan mezonlar yana zaminga qayta boshlagandi. Ularga qo‘shilib esa Yunus tog‘a bilan bog‘liq so‘nggi xotiralar yodiga tushdi... x x x 
- Allo, Kozimjon, jiyanim! Assalomu alaykum! 
- Vaalaykum assalom. Tog‘a, sizmisiz? 
- Ha, men jiyanim. Yaxshimisan? 
- Yaxshi, tog‘a, o‘zlaring tinchmisizlar? Sog‘liq qalay? Oyoq, oyoq-chi? 
- Rahmat jiyanim hol so‘raganing uchun, tinchlikka tinchmiz. Faqat... 
- Gapiravering, tog‘a... 
- Faqat... jiyan... shu desang, oyoqdan qorason boshlangan. Do‘xtirlar bittasini kesib tashlashdi, lekin zang‘ar... ichkarilab ketibdi. Tez chorasi ko‘rilmasa bo‘lmasmish... 
- Tog‘a, tuppa-tuzuk yuruvdiz-ku. Oyoqni qachon kesishdi? – hayron bo‘ldi Kozimjon. 
- Bizdan nima yordam? 
- Nimayam bo‘lardi, jiyan? Qurg‘ur... puldan qisilib turibmiz. 
- Mayli, men birontasidan yuboraman, xavotir olmang, - Kozimjon gapni shunday ohangda gapirdiki, tog‘a jiyanining judayam shoshib turganini tushundi. 
- Kechir jiyan, ishingni ko‘pida seniyam tashvishga qo‘ydim... - siniqib uzrxohlik qildi Yunus tog‘a... 
- Hech boki yo‘q, tog‘a, tuzalib keting... 
... Lekin Kozimjonning ishi ko‘p emasmi, qishloqqa pul yuborishni unutgandi o‘shanda... Tog‘a bo‘lsa... tog‘a boshqa telefon qilmadi... x x x 
Ko‘m-ko‘k adirlar bag‘rida mashinasini uchirtirib ketarkan, endi Kozimjon alamdan tinmay labini tishlar, peshonasidagi ko‘zguga ko‘zi tushib qolishidan qochibmi, oynani tepaga qayirib qo‘ygancha hadeb gaz pedalini ezgani ezgan edi... Eh, qaniydi pedalni bosib mashinasini uchirgani barobarida quvib-bostirib kelayotgan achchiq xotiralardan xalos bo‘lish mumkin bo‘lsa... 
O’shanda Kozimjon yosh edi... 
Kunlardan bir kun tog‘a-jiyanning “ovlari” yurishmadi: shu qidirishib o‘roqqa ilingulik bir tutam ham o‘t topisholmadi. Shunda Yunus tog‘a mototsikl rulini Qirg‘iziston tomonga burvordi. Kozimjon eslaydi – u vaqtlarda hozirgidek simto‘siqlar bo‘lmasdi. Odamlar bir-birovinikiga emin-erkin borib kelishardi. Qirg‘izistonda paxta oz ekilardi, o‘t-o‘lan esa ko‘p bo‘lardi... 
Bir mahal Kozimjonning ko‘zi o‘ziga qarab tepalikdan tushib-bostirib kelayotgan, yuzlari oftobda kuyib-qorayib ketgan tegarak yuzli kishiga tushdi. Tushdi-yu ortiga – tog‘asi tomonga javdirab qaradi. Tog‘a ellik qadamcha narida dunyolarni unutib shamak o‘rardi.
– Tog‘a! - saslandi jiyan jur’atsizgina. Lekin Yunus tog‘a xazina topgan emasmi, o‘tning shitir-shitiridan bo‘lsa kerak, eshitmadi – boshini quyi solgan ko‘yi ha, deb o‘roq urgani urgan edi. 
- Ejendi emgur sartin balas?!.. 
Kozimjon o‘girilib, shundoq tumshug‘ining tagida qisiq ko‘zlari yiltillab turgan Dadaxonni ko‘rdi. U shu atrofdagi yerlarning – sovxozning raisi edi. Hamma undan shunday hayiqardiki, hatto soyasiga salom berishardi. Lekin Kozimjon salom berishga ham ulgurmadi: quloq chakkasiga kelib tushgan mushtdan munkib, to‘g‘ri ariqning ichiga quladi. 
- Tog‘a!.. – qichqirdi jonining boricha qo‘rqib ketgan Kozimjon boshini suvdan chiqarib. 
Yunus tog‘a eshitdi. Qaddini adl ko‘tarib ortiga qaradiyu vaziyatni angladi shekilli, chopgancha shu yoqqa yo‘naldi. 
- Nima qildi senga? Urdimi? – halloslab kelarkan yo‘l-yo‘lakay so‘radi u. 
Kozimjon indamadi. Lekin musht tushgan jag‘ini ikki qo‘llab ushlab olganidan hammasi ayon edi. 
- Yosh bolaniyam uradimi?.. 
- Kim chak?rdi seni bul jerga? - kutilmaganda Dadaxon Yunus amakini ham tushirib qoldi. Ariq qiyisida emasmi, u ham xuddi jiyani kabi suvga uchib ketdi. Hamma yog‘i jiqqa xo‘l bo‘lgan Yunus tog‘a suvdan chiqa solib, Dadaxonga tashlandi: “Meni ursang, ur, lekin bolaga nega qo‘l ko‘tarasan, nomard!”. Uning raqib yoqasiga uzatilgan qo‘li havoda qoldi: Dadaxon kichik va oriq jussali Yunus tog‘ani azot ko‘tarib oldi-yu suvga yana shaloplatib otib yubordi. 
- Ah!.. – deya qichqirib yubordi tog‘a. Keyin Dadaxonni bo‘ralab so‘kdi: - He, onangni!.. 
- He, ejengdi!.. – dedi rais unga javoban. – Bashqa qarangniyam ko‘rmay. 
- Bir tutam o‘t uchun bolani urasanmi, it!.. – baqirardi Yunus tog‘a ariq ichida kuymalanib. 
- Bul jer menin jerim, - kalasam uram, kalasam kamatib jibarem, - dedi Dadaxon unga xezlanib, - keyin tog‘a-jiyanning arqonini yerga tashladi-da, ularga Kozimjon o‘rgan o‘tlarni solib, ko‘cha chetida, oftobda “yalt-yalt” etib turgan “Gaz-24” mashinasining yukxonasiga yuklay boshladi. 
- Yomon urmadimi seni? – so‘radi tog‘a ariq qiyisiga tirmashib chiqarkan. 
- Yo‘q, - deya yolg‘onladi Kozimjon iyagi yaxshigina og‘rib turganiga qaramay. “Og‘riyapti” desa bormi, tog‘asi yana kuchi yetmasligiga qaramay, qirg‘izga tashlanadigandek edi nazarida. – Yaxshiman tog‘a. O’zingiz-chi? 
- Hech qisi yo‘q. Nima bo‘pti u menga? Bir achchig‘im chiqsa bormi... 
Kozimjonning kulgisi qistadi. Lekin tog‘asining qon silqib oqayotgan oyog‘iga ko‘zi tushib, qo‘rqib ketdi... 
- Oyog‘ingiz, tog‘a!.. 
- Bachchag‘ar!.. – Yunus tog‘a jiqqa ho‘l shimining pochasini shimalagan ko‘yi Dadaxon tomonga yovqarash qildi. Keyin jiyaniga yuzlandi, - O’rog‘ing suvda ekan, o‘shaning ustiga tushdim shekilli. Ma, ol, - tog‘a Kozimjonga o‘rog‘ini uzatdi. 
- Qon ko‘p oqyapti, tog‘a, - xavotirga tushdi jiyan. 
- Turib bitta peshob qilvorsang, olam guliston. Keyin sirib bog‘laymiz, - beparvo gapirdi tog‘a... 
Shunday qilib, ikkovlon tog‘aning Dadaxon ko‘zidan panada qolgan o‘tlarini yig‘ishtirishdi-da bir bog‘ qilib apil-tapil lo‘tkaga tiqishdi. 
- Balki yana o‘rarmiz... – dedi Kozimjon. 
- Ha-ha-ha... – Kuldi Yunus tog‘a. Dadaxonni bilmas ekansan. Ketganiga ishonma. Tulkigayam firib beradi u. Tez o‘tir. Bo‘lmasa, hozir qaytib kelib, yana bir baloni boshlaydi. 
Mahallaga kelishgach, mototsikl avval to‘g‘ri Kozimjonlarnikiga yo‘l soldi. 
- Siz uyingizga ketavering. Men shu yerda tushib qolaveraman, - dedi Kozimjon. 
- Hozir... - dedi-yu tog‘a indamadi. Manzilga yetib kelishgach esa o‘tni lo‘tkadan inqillab chiqara boshladi. 
- Nima qilyapsiz? - dedi Kozimjon tog‘asi harakatini tushunmay. 
- Yordamlashsang-chi, og‘ir ekan, - kuchanib dedi tog‘a. 
- Iya, buni qaranglar! Axir o‘t sizniki-ku! – ajablanib turgan joyida dedi Kozimjon. 
- Sizniki, meniki... Yo‘q, unaqa narsa bizning o‘rtamizda, jiyan. U yog‘ini so‘rasang, mening boshimda senikidek otam ham yo‘q – nega o‘tsiz kelding, deb tergaydigan. Sen indamay olaver, keyin xursand bo‘lasan… Iya, daraxtmisan, - bir joyda turgani? Tutsang-chi, bir uchidan. 
Ular birgalashib o‘tni tushirishdiyamki, yuzi halitdan beri oqarinqirab turgan tog‘a hushsiz bir alfozda yerga yiqildi... x x x 
Bu orada qora “Jip” yeldek yelib, Sirdaryodan o‘tgancha poytaxtga yaqinlashib borardi.
“Bo‘ldi... Men hammasini tushundim, tog‘a. Meni kechiring... Oyog‘ingiz uchun kechiring... Og‘ir damlaringizda yordam berolmaganim uchun kechiring... Sizni unutib qo‘yganim uchun kechiring... Hamma-hammasi uchun... tog‘a... Siz men bilan topgan-tutganingizni hamisha baham ko‘rardingiz: meni o‘zingizga tengsherik bilardingiz. Men-chi, men?!.. Lekin endi xatoimni tuzataman. Sizning yo‘qligingizni oilangizga bilintirmayman... Qolgan o‘g‘illaringizni uylayman, qizlaringizni chiqaraman, hammasining ro‘zg‘orlarini butlayman, yaxshi-yomon kunlarida doimo yonlarida bo‘laman, tog‘a!..” x x x 
Yo‘l, marosim, g‘ussa... Kozimjonni ezib tashlagandi. Ertasi tushgacha qotib uxladi... Bir payt qo‘shni xonada yangrayotgan musiqa ovozidan uyg‘onib ketdi. 
- Mahzuna!.. Ruxsora!.. Kim bor?.. 
Lekin uni hech kim eshitmadi. Erinibgina qo‘zg‘aldi. 
- Qizim!.. 
- Voy... Assalomalaykum, dadajon, - o‘rnidan turib, salom berdi endi maktabdan kelib narsalarini joylayotgan qizi Ruxsora. 
- Sal pastroq eshitsang-chi... 
- Kechirasiz, sizni uyda yo‘q deb o‘ylabman... – qo‘lidagi matoh bilan musiqa ovozini pasaytirdi qizcha... 
- Yaxshi dam oldingizmi dadasi? O’tiring, hozir choy damlayman, - mehribonlik ko‘rsatdi xotini. 
- Ishtaham yo‘g‘roq... Bitta achchiq qahva bersang – yetadi, – yumshoq divanga og‘irgina cho‘kdi Kozimjon. Keyin oynavand xontaxtaning ostki qavatidan sigaret olib tutatdi... 
- Dadasi, tog‘aga nima qipti? – finjonda quyuq fahva keltirgan ayol erining yoniga omonatgina o‘tirdi. 
- Oyoqdan ketibdi... Qorason... 
- Voy bechora... Haligi... o‘roq kirgan oyog‘i baribir tinch qo‘ymabdi-da, a? 
- Uff... – o‘rnidan turdi Kozimjon. 
- Qahva... 
- O’zing ichaver, - kutilmaganda qo‘rs gapirdi Kozimjon xonadan chiqib ketarkan. 
Mahzuna hayron bo‘lib qarab qoldi. x x x 
- Assalomu alaykum, xo‘jayin. Marosimlarni o‘tkazib keldingizmi? 
- Vaalaykum. Ha, rahmat... O’zingda nima gaplar? 
- Hammasi joyida, - qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi yordamchi. 
- Biron muammo? – qoshini chimirdi Kozimjon. 
- Xudo saqlasin, xo‘jayin. 
- Yaxshi, - ko‘ngli to‘lib kresloga cho‘kdi Kozimjon. 
- Ertaga Tailand safarimiz bor. Xayoldan faromush bo‘lmadimi? – so‘radi yordamchi yaqindagi o‘rindiqni o‘ziga qulayroq qilib surib olarkan. – Biletlar tayyor. Haligilar ham... 
- Bilmasam... - mujmallandi Kozimjon, - qishloqqa borib butunlay o‘zga bir dunyoga tushib qolgandek bo‘ldim. U yerdagilarning dardi meni dovdiratib qo‘ydi... 
- Shuni aytamanda xo‘jayin, safarga borsak, yozilib qaytardingiz. Qishloqdagi ko‘ngilxiraliklar yuvilib, uzoqda qolardi. 
- Seningcha oson ekanda-a? Men tug‘ishgan akamdek, hatto otamdek bo‘lib qolgan tog‘amdan ayrildim. Sen bo‘lsang, safar deysan, ko‘ngilxiralik deysan... 
- Xo‘jayin, meni kechiringu, sirasi, o‘lim har boshda bor. Bu yog‘i - siz borib, qarindoshlik, jiyanlik burchingizni ado etib qaytdingiz. Endi o‘zingizni qiynamang. Hammasi o‘sha yerda – qishloqda qoldi. Menga qolsa, shu holingizga safar eng yaxshi davo, xo‘jayin. Hadeb kuyavermang, 
- Shunaqa de, - Kozimjon sermulohaza yordamchisining ko‘ziga ma’noli tikilib turdi-da, qo‘shib qo‘ydi, - o‘ylab ko‘ray-chi... 
- Yana bitta gap: Dilerlarimizdan Abdurasul bor-u, o‘sha bir hafta burun ziyofatga taklif qilgan edi, eslaysizmi? - butunlay o‘zga ohangda gap qotdi yordamchi. 
- Qachonga edi? 
- Bugunga. O’zining restoraniga, «N” mi, “M”mi, otiyam yoddan ko‘tarildi, o‘sha yerga. 
- Borish shartmi? 
- Abdurasul judayam jiddiy hamkorimiz. Mahsulotimizni janubiy viloyatlarga faqat shu kishi tarqatadi. 
- Hm... 

* * * 

- Ertaga uchadigan bo‘lsak, ko‘payib ketmadimi, xo‘jayin? – quy deb turgan Kozimjonga es bo‘ldi yordamchi. 
- Quysang-chi! – g‘ashlandi Kozimjon. 
- Xo‘p, mana... 
Yordamchi mavridini topib dilerlar qulog‘iga aza bilan bog‘liq nimadir shipshidi shekilli, bular Kozimjonga hamdardlik bildirishdiyu ziyofat boshlangandan buyon nega uning kayfi chog‘ emasligini tushungan kabi o‘zaro suhbatga tolishdi. 
Kozimjon bo‘lsa o‘rtada muqom qilib o‘ynayotgan “Shou” qizlaridan ko‘zini uzmas, ayni chog‘da bosib-bosib ichardi... 
Shu payt hammaning ko‘zi o‘nggida – maydon markazida baliqdek biltanglayotgan qizlar stollar aro sochilib ketishdi. Bittasi – boyadan beri Kozimjon ko‘zini uzmay tikilayotgan oppoq badanlisi keldi-da, to‘r mato bilan xiyolgina yopilgan siynalarini, ulardan-da kamroq to‘silgan chiroyli dumbalarini dirkillatib o‘ynay ketdi. Kozimjon atrofga hirs tarqatib va unda hirs uyg‘otib to‘lg‘onayotgan go‘zal raqqosaga afsunlanib boqar ekan, ko‘zlari porladi. Bunga sayin raqqosa muqom etib, borliq a’zosini o‘ynatib, Kozimjonning naq tumshug‘iga qadar keldi. 
- Voy-dod, akasi! – deya qichqirdi dilerlardan kimdir. 
- Qistiring endi, nari ketsin, bo‘lmasa... – dedi Abdurasul. 
- Ha – ha – ha! - kulishdi davradagilar. 
Kozimjon kissasidan bir dasta pul chiqarib, raqqosaning chumolinikini eslatadigan nozik belchasiga bog‘langan pushtirang ipga ildi-yu dirkillab turgan dumbasiga yengil shapatiladi. 
- Vah – heee! – qiyqiriq avjiga chiqdi. 
Olarini olib, murodiga yetgan raqqosa Kozimjonni tashlab, noz-karashma bilan aylagancha Abdurasul tomonga toydi... 
Kozimjon qadahini tag‘in bo‘shatdi-yu botinida g‘am o‘rnida farah jimirlayotganini tuyib qoldi. “Ajab” dedi o‘zi ham tushunmayroq. Lekin ortiq mushohada yuritishga hushi yo‘q edi shu tobda: fikru yodi o‘zga stolga yo‘rg‘alab ketgan raqqosaning xiromlarida, jon olg‘uchi nazzoralarida qolgandi. 
- Nima deysiz, gaplashib beraymi? – luqma tashladi Abdurasul Kozimjonning dilidagini o‘qigan kabi. 
- Abdurasulbek, - dedi Kozimjon hamkorining gapini og‘ir olib, - agar xohlasam, bu yerdagilarning hammasini shundog‘am olib ketaman!.. 
O’rtaga qandaydir yoqimsiz sukunat cho‘kdi... 
- Katta gapirdingiz, aka... Qizlar bizga qarashli. Agar biz ruxsat bermasak... - Abdurasulning gapi og‘zida qoldi. 
- Kelishamiz, janoblar!.. – qaysi tomonning ko‘nglini olishni bilmay o‘rtaga o‘zini otdi qaltis vaziyatdan esankirab qolgan yordamchi. – Hamkorlar bo‘lsak... Biz iltimos qilsak, Kozim akasidan Abdurasuljon akamiz bitta raqqosani qizg‘anmasalar kerak. Ikkita sherdek hamkor erkaklar o‘rtasida bitta qiz nima degan gap o‘zi, a, to‘g‘rimi? – oraliqdan muvaffaqiyatli chiqib olgan yordamchi yengil tin oldi... 
Kozimjonning rangi bo‘zarib nimadir demoqqa lab juftlagan ediyamki, telefoni jiringlab berdi. 
- Allo... Nima?.. – Nozimjon, uka, yana senmisan? Hozir. Bir daqiqa kut, tashqariga chiqay, - Kozimjon o‘rnidan qalqarkan, xiyol tebrandi-yu u yog‘iga ravongina yurib ketdi. – Ha, uka, tinchlikmi? 
- Aka... Nima deyishni ham bilmay qoldim, - qiynaldi Nozimjon. 
- He, gapirsang-chi, ichimni qizdirmay, nima bo‘ldi? 
- Dilnura, jiyanimiz... Shu ketib qoldi... 
- Dilnura? Qaysi Dilnura? Qaerga, nimaga ketadi, Nozimjon? Nega muni menga aytasan! – rosmana jahli chiqdi Kozimjonning. 
- Dilnura – Yunus amakimizning qizi... Yuragi ushlab qolib... ushlab... o‘lib qoldi, aka!.. - yig‘isi keldi Nozimjonning. 
- Nima!... 
- Hech kutmagandik... Dadasini qo‘yganimizga uch kun bo‘lmay qizi bunday bo‘p o‘tiribdi... 
- Dilnura... Dilnura... – Kozimjon birdaniga eslay olmadi. Keyin “lop” etib hammasi yodiga tushdi: Boyaqish qizning azadagi aytib yig‘lashlari, qabr ustidagi jazavasi, hushidan ayrilib qolgani, akalarining qiz bechoraning qo‘l-oyog‘idan tutib mashinaga olib ketishlari... hamma-hammasi. Ayniqsa, buning bo‘yniga osilib olib, dadasining diydoriga to‘yib ololmaganini aytib faryod chekishlari, “Amaki, endi men dadamsiz qanday yashayman?” deyishlari Kozimjonning qulog‘i ostida jaranglab ketdi... 
Lekin ayni damda negadir bularning hammasini o‘ziga aloqasi yo‘qdek his qildi... 
- Bo‘pti, Nozimjon, boraman, - dedi Kozimjon aytayotgan gapining asl ma’nosini o‘zi ham ilg‘amay... 
Telefonni cho‘ntagiga soldiyu nima qilishini, qaerga ketishini bilmay taraddudlandi... Turdi-turdi-da, beixtiyor ravishda ichkari yurdi. Binoga kirgani hamona qulog‘iga sho‘x arab musiqasi, ko‘zlariga esa haligi jononning muqomlari, olovli nigohlari urildi. Botinini tinglasa, – ajib bir hol: yuragining bir parchasida og‘riq turgan esa, boshqa qismi orom qo‘ynida jimirlardi... 
Kozimjon o‘zini g‘alati bir aro yo‘lda, yo‘q-yo‘q, ikki olovning o‘rtasida qolgandek his qildi. Faqat olovlarning biri Kozimjonning o‘ziga qarab turgan tomonini kuydirib azob bersa, boshqasi boshqa tarafiga huzur va rohat bag‘ishlardi... 
Oradan ko‘p o‘tmay esa u yana may icha-icha, sho‘x-shodon musiqani tinglay-tinglay, go‘zal raqqosaga boqa-boqa o‘zga odamga aylandi – qoldi: endi yuragining yarmini kuydirib azoblayotgan Olov taftini sezmay qo‘ydi... 
- To‘latibroq quy, soqiy, - dedi u yordamchini dadilroq bo‘lishga undab. – Anavi jonon uchun ichamiz! 
- Xo‘jayin, - Kozimjonning qulog‘iga shivirladi yordamchi. – Tailandga ellikta nomzodning ichidan tanlab olgan qizlarimiz bundan ancha chiroyli... ishonavering... 
- Bilaman, bu ishlarga ustasi farang bo‘p ketgansan. Ammo-lekin, sen maqtayotgan xonimlar hozir oldimizda emas-ku! Oldimizda bo‘lganda gapirsang yarashadi. O’shanda biz ham sharaflariga qadah ko‘taramiz... Uqding, o‘qimagan? – Kozimjonning kayfi osha boshlagandi. – Bugun esa... bugun biz... nimaydi oti anavining, a?.. 
Yordamchi yonida o‘tirgan dilerdan raqqosaning ismini asta so‘radi. Keyin xo‘jayiniga yuzlandi. 
- Dilnura... 
- Bugun biz Dilnura uchun... A? Nima deding otini?!.. – kutilmaganda Kozimjonning qadahi qo‘lidan sirg‘alib tushib chil-chil sindi. O’zining bo‘lsa quti o‘chib mum tishladi. 
- Dilnura degin?.. – boshini ko‘tardi Kozimjon yordamchisiga yomon qarab. – Mayli... Bo‘pti... Dilnura bo‘lsa, Dilnura-da!.. – Kozimjon yarimlab qolgan shishani qo‘liga olarkan, o‘rnidan turdi, – Dilnura bo‘lsa, Dilnura uchun ichamiz!.. – u bir ko‘tarishida tin olmay shishani bo‘shatdi. Davradagilar hang-mang bo‘lib bir-birlariga avval qarab, so‘ng yelka qisishdi... Yarim tunda mashinaning orqa o‘rindig‘ida Dilnura ismli raqqosani quchib ketarkan, Kozimjonning xayolidan “Nega men qishloqda qolgan, hozir, shu tobda ko‘zlarini bu dunyodan abadiy yumib yotgan jigargo‘sham – uzoqdagi Dilnurani, uni o‘ldirgan dardni his qilmay qo‘ydim? Axir kechagina uning uchun, ularning hammasi uchun yig‘lagandim-ku! Dilnuraning, onasining faryodlari qotib ketgan dilimni yumshatgan edi-ku! Qani endi o‘sha yig‘lagan qalb? Hammasiga sabab ularning mendan uzoqda - ko‘rar ko‘zlarimdan yiroqda yashaganliklarimi?” degan so‘roq “milt” etib o‘tdi. Lekin shu onning o‘zidayoq o‘sha savollar javob-pavobiga qo‘shilib Kozimjon vujudini o‘z qa’riga yuhodek tortayotgan kayf va ehtirosning haroratli bag‘rida issiq tuproqqa bevaqt tushgan qor parchasidek eridi-ketdi... 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.