OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vosit Ahmad. Oqsoqol (hikoya)

Yarim kechada chirog‘ini yoqib olgan “Tez yordam” mashinasi shoshilinch tibbiy reabilitatsiya markaziga kirib keldi. Unda to‘satdan tobi qochib, “o‘tib ketar-o‘tib ketar” bilan ahvoli ancha jiddiylashgan “Namozgoh” mahallasining raisi bor edi. Zudlik bilan uning ahvoli, ma’lumotlari o‘rganilib, jarrohlik bo‘limiga o‘tkazildi. Bemorning hushi joyida edi. Jarrohlik stolida narkoz tufayli sekin-asta hushini yo‘qotdi.
Operatsiya uzoq davom etdi. Tonggacha na shifokorlar, na bemorning yaqinlari mijja qoqdi.
— Imkonimiz boricha harakat qildik. Ichaklar qattiq jarohatlangan ekan. Bir qismini kesishga to‘g‘ri keldi. Bitta umidimiz — undan yel kelishi bemorning yashab qolishini ta’minlaydi, — deyildi yaqinlariga. Endi ularda Yaratgandan iltijo qilib kutishdan o‘zga chora qolmagandi.
Narkoz ta’siri tarqalgach, bemor hushiga keldi. Ammo sevinishga erta edi. Ichakning ulangan qismidan havo o‘tishi bo‘g‘ilib qolgan odamning ko‘ksiga nafas kelishi bilan barobar edi.
Bemorning ayoli va o‘g‘li uning yonida qolishdi, boshqalar ertalab ketishdi.
...Mahalla oqsoqoli bo‘lgan Mahmudjon akaning tuman qoplagan ko‘z oldida keyingi yillardagi bir qator voqealar jonlandi.

* * *
Bunga yigirma yildan ziyod vaqt bo‘ldi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasi matbuotda chiqqan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgandi. Bu o‘shanda endigina qirqni qoralagan, millat sha’ni, qadriyatlari borasidagi kamsitishlarga tug‘ma murosasiz bo‘lgan Mahmudjonning ham ayni ko‘nglidagi ish edi. Bu sa’y-harakatdan uning g‘urur hissi osmon qadar ko‘tarilgandi.
O‘sha paytda — yozning issiq kunida u avtobusda ketib borardi. Shu payt o‘rindiqlarning birida o‘tirgan sariq sochli ayol yonida tik holda ketayotgan yosh qizga pul berib, nimadir dedi. Qiz yo xayolan yoki uning tilini tushunmay pulni indamay pattachiga uzatib yubordi. Ayolga bir emas, ikkita chipta berishdi. Bundan jazavaga tushgan ayol qizga qarab ko‘zlarini chaqchaytirgancha:
— Hoy qiz, sen nima hamma bilgan narsani bilmaysanmi? — deya o‘shqirdi.
Gap nimadaligini anglagan, boz ustiga endigina ishxonasida bo‘lgan yig‘ilishdagi shunga o‘xshash holatdan kayfiyati xira bo‘lib chiqqan Mahmudjon qizning dovdirab qolgan holini ko‘rib o‘zini tutib turolmadi.
— Kechirasiz, avvalo o‘zingiz shu elning tilini bilishingiz shart, — dedi.
Endi ayol unga dag‘dag‘a qila boshlaydi, u yon, bu yonda o‘tirganlar ham ayolning yonini olib, uni millatchilikda ayblay boshlashadi. Shu payt yonidagi bir kishi Mahmudjonga sipolik bilan shunday dedi:
— Uka, boshingizga ish orttirib olmang. Bularning paytavasiga qurt tushgan payt.
Mahmudjonning navbatdagi bekatda tushib qolishdan o‘zga chorasi qolmadi.

* * *
Istiqlolning dastlabki yillari edi. Ko‘pchilik mustaqillikning qanday ne’mat ekanini anglayotgan bo‘lsa-da, ayrimlarda hanuz eski kayfiyat hokim edi.
Bir izdihomda o‘ziga ancha to‘q mahalladoshining noroziliklari Mahmudjonning qitiq-patiga tega boshlagandi.
— Bilasizlarmi, o‘shandagi bitta oyligimga necha qop un olar edim? Mashina kirasi qanchaligi eslaringdami? Bugun kim biznezmen bo‘lsa, o‘sha yashayapti...
— Hoy, Solivoy! — uning gapini cho‘rt kesdi Mahmudjon oqsoqol. — Yaqinda o‘g‘lingizni yangi uyga ko‘chirdingiz-a?
— Ha, — dedi Solivoy hurpayib.
— Xo‘sh, yangi ro‘zg‘orni u-bu bilan ta’minlagandirsiz?!
— Ha, endi el qatori-da, — gap nimadaligini yana anglamagan Solijon og‘zining tanobi qochib maqtanishga tushdi. — Bir sidra qozon-tovoq, yangi ro‘zg‘or deganday... oziq-ovqat. Qo‘liga aqchasini ham berdim. Qo‘yingki, tuzu gugurtgacha qilib berdim.
— Ha, barakalla. Bir otaning farzand oldidagi qarzini uzibsiz-ku. Yoshlar mustaqil oila bo‘pti. Agar siz bo‘lmasangiz ularning qiynalishi tayin edi-da...
Hali gap nimadaligini anglab yetmagan Solivoyning guppiligi tutdi chog‘i yo maqtangisi keldimi jag‘i ochidi.
— Ey, oqsoqol, ayol bilan bozorga tushib qo‘pol bo‘lsayam aytay: supurgisigacha olib berdik. Bo‘ldi desam ham, onasi qo‘ymaydi...
— Yashang Solivoy, endi sizga mening savolim bor. Siz hozirgina aytdingiz — avval oylik buncha edi, yo‘lkira muncha edi deb. Siz bilan biz yashab turgan davlat ham xuddi sizning yangi ro‘zg‘or bo‘lib chiqqan o‘g‘lingizga o‘xshaydi, lekin uning bozor-o‘char qilib beradigan ota-onasi yo‘q. Shuning uchun boriga qanoat qilib, mehnat qilib yashayverish kerak-da, inim.
Kosa tagidagi nim kosani endigina fahmlagan Solivoy mum tishladi. Gapni tinglab, hassasini ko‘ksiga berib turgan saksonni qoralab qolgan Mergan ota, odatiga ko‘ra soqolini bir tutamlab oldi-da, gapga aralashdi:
— Mahmudjonni bekorga mahalla raisi qilib ko‘tarmagan ekanmiz-da, barakalla. Solivoy, siz, ukam, bir machitga mulla bo‘lguday savlat bilan bunday gaplarni boshqa qilmang. Bizning yigitligimiz o‘tgan kunlarni eslasam hali-hali etim jimirlaydi. Ocharchilik bir balo bo‘lsa, yo‘qchilik yana bir ofat edi. Endi bobolardan bir gap qolgan: qimmatchilik o‘tadi, qahatchilik yomon! Bozorga chiqsang odamning jonidan boshqa narsa bor. Olib-sotasanmi, o‘zing ishlab chiqarasanmi — buyog‘i o‘zingning xizmating, mehnating. Haloling bo‘lsin. Har oqshom televizordan davlatimiz rahbari ham aytayapti: ishlayman degan mardga mana maydon, ishla, boy bo‘l. Ro‘zg‘oringni ham, mahallangni ham obod qil...
Shu bilan Solivoy gum-gurs jim bo‘ldi. O‘shanda jamoat ichida Mahmudjonga xayrixohlar ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrimlar unga g‘alati qarash ham qilishgan edi.

* * *
Mana bu voqea yaqinda bo‘lib o‘tgandi. Oqsoqol Mahmudjon aka tong chog‘i eshik taqillashidan uyg‘onib ketdi. O‘zidan avval ayoli hovliga chiqqan ekan, darhol qaytib kirdi:
— Dadasi, qo‘shnining o‘g‘li yig‘lamsirab turibdi. Nima gap desam gapirmadi. Chiqing...
Mahmudjon shoshilinch hovliga chiqdi. Eldorbek — qo‘shni Fayoz otaning kenja o‘g‘li, yigit chindan ham xomush. Yer chizib turibdi.
— Ha, keling, Eldorbek, nima gap tinchlikmi? Uyga kiring.
— Assalom-alaykum, amaki, — yigit kelib oqsoqol bilan qo‘sh qo‘llab ko‘rishdi. Keyin gapini davom ettirdi, — Dadam sizga yuborgandi. Rais nima desa shu deb. Bilasiz, guzarda qurilish boshlagan edim. Teri oladigan, oshlab yarim tayyor qilib beradigan. Qo‘qonlik akalar bilan kelishgandik. Qurilishim mana yakuniga ham yetib qoldi. Shu mahalda To‘ychi buva bilan yana besh-olti bekorchi chol kelib dadamning ichini gapga to‘ldirib ketibdi. Uch kun bo‘ldi, uyda tinchlik yo‘q. Men qurilish qilayotgan joyda bir odam shahid bo‘lgan ekan. Ilgari choyxonayam shu yerda emasmidi?
— Shu yer edi, — yigitning gapini Mahmud oqsoqol tasdiqladi.
— Shu shahidni avval bilishmaganmi odamlar? Qirq yil “xo‘r-xo‘r”lashib choy ichgan-ku qari-yosh. Oxiri devori zaxlab so‘ng buzilgan edi choyxona. Dadam bo‘lsa, o‘laman sattor, bu ishingni to‘xtat, bular bir nimani bilmasa gapirmaydi deb yotibdi. Shunga sizga maslahatga keldim, amaki. Tumandan kadastr kelib, ko‘rgan, hamma hujjat tasdiqlangan, qurilish ham tugab qoldi. Xo‘p, shahid bo‘lgan bo‘lsa, biz ham is chiqaramiz, mo‘min-musulmonning bolasimiz. Qolaversa, sizlar bor...
Yigitning so‘nggi gaplari Mahmudjon otaning qulog‘iga kirmadi. U qariyalarning gapini mulohaza qilib, Eldorbekning chindan ham jahl qilishga asosi borligini, qolaversa o‘sha To‘ychi buvaning avvaldan shundayroq “ma’raka buzar”roq fe’li borligini ko‘nglidan o‘tkazib qo‘ydi. So‘ngra o‘ziga qarab turgan Eldorbekka shunday dedi:
— Dadangiz qaerda hozir?
— Uyda o‘tiribdi.
— Bo‘lmasa eshiting, Eldorbek, o‘g‘lim. Avvalo chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi. Qolaversa, umr bir marta beriladi. Qarang, yurtimiz odamlari qo‘lidan nima kelsa xalq uchun, yurt uchun qilmoqda. Fermer rizq-ro‘z yetishtiryapti, me’mor loyiha chizsa, quruvchi osmono‘par inshoot barpo etyapti. Qo‘yingki muallimu shifokor, tadbirkoru hunarmand — barcha yaratish, yurtni obod qilish bilan band. Bu ishlarni ana o‘sha To‘ychi buvangga o‘xshagan kimsalargina ko‘rmaydi, ko‘rishni istamaydi. O‘sha “ma’raka buzar” kishilarga ayting: hatto payg‘ambarimiz ham avvalo boshlagan ishingni oxiriga yetkaz. Qilayotgan ishing odamlarga naf keltirsa, shu ishdan qolma degan! Tamom! Siz uyga boravering, men hozir boraman, ha, anavi dadangizning hammaslaklarini ham chaqirib keling uyga.
Oqsoqol “hammaslak” degan gapni o‘ziga xos ma’nodor qilib aytganini payqagan Eldorbek paqqos kuldi-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ko‘chaga burildi.
Fayoz otaning chorkunj supasida, bir juft sadaqayrag‘och soyasida to tushgacha muhokamayu bahs bo‘ldi. Nihoyat bu musohaba yosh tadbirkor Eldorbekning g‘alabasi bilan yakun topdi. Mahmud oqsoqol To‘ychi buvayu Fayoz otaga qarab gap so‘nggida “bilsa hazil, bilmasa chin” qabilida shunday hazil qildi:
— Hey chollar, bitgan ishni yitirishni odat qilmanglar. Bo‘lmasa, tadbirkorga qarshilik qilyapti, deb ustilaringdan chaqib beraman.
— Ey, oqsoqol, bizlarni aybimizdan o‘ting, qulluq-qulluq! — bu gapni oshkora quvnoq tarzda aytgan To‘ychi buvaning yuzlarida bu kayfiyatning aksi o‘laroq tundlik bor edi. Buni ilg‘agan Mahmudjon ichida “Ha, bu g‘uborlar ham tarqab ketadi hali” deb qo‘ydi.

* * *
Yaratganga iltijolar bilan ikki kechayu ikki kunduz o‘tdi. Ammo kutilgan natija bo‘lmadi.
— Umidimiz chippakka chiqdi chog‘i, — shifokor shu so‘zlarni aytdi xolos.
O‘g‘il palataga kirganda oqsoqol hushini tag‘in yo‘qotgan edi. U engashib otasini quchdi. Titroq barmoqlari bilan o‘tgan kuni tekislatgan chiroyli soqollarini siladi. Ko‘ngli to‘lib, ko‘zidan duv yosh quyildi. Otasi cho‘chib ketadigandek uning yuziga tomgan yoshni apil-tapil artdi. Xayoliga otasining o‘tgan kungi hushi joyida bo‘lgan vaqtda aytgan so‘zlari keldi.
— Endi Xudo poshsho. Shifo beradigan ham o‘zi... Lekin o‘g‘lim, behuda yashamadim deb o‘ylayman. Eng muhimi, yorug‘ kunlarni ko‘rganimiz. Aslida, bolam, odamzodga ko‘p narsa kerak emas, shu bir parcha yerga mehr bersa bo‘ldi. Yerdan, eldan qaytmay qolmaydi. Shungayam ming shukr! Sira unutmangki, shu el-yurtga daxldor nimaiki bo‘lsin kuchingiz boricha himoya qiling. Dunyoning ishlariga bundoq razm solsangiz, biz odamlar hamisha yaxshi-yomon ishlarimizga bu dunyodayoq badal to‘lab kelamiz. Yaxshi, xayrli ishlarga badal to‘lash ko‘ngilni tinch qiladi. Ammo Xudo ko‘rsatmasin, yurtga xiyonat qilish va uning badalini to‘lashdan Yaratganning o‘zi asrasin...
Shularni eslarkan, o‘g‘il hushsiz yotgan otasining yuzida bag‘oyat chuqur mamnunlik belgilarini ko‘rdi. Shu kecha Mahmudjon oqsoqol foniy dunyoni tark etdi.
Oqsoqolning tobuti yerdan uzilganda “otam”lab yo‘qlovchilar ichida uning yolg‘iz o‘g‘lidan tashqari tag‘in bir qancha mahalla yigitlari, ular orasida Eldorbek ham bor edi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 34-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.