Agar sizda ham yozish dardi bo‘lsa-yu, boz ustiga ilk kitobingiz chop etilsa qanday holga tushardingiz?! Mening ham birinchi kitobim nashr qilindiyu, o‘zimni samolarda uchayotgandek his qila boshladim. Hamma narsa ko‘zimga go‘zal bo‘lib ko‘rinardi, yomon ko‘rgan odamlarimni ham yoqtirib qoldim.
Quvonchim cheksiz bo‘lgan shunday kunlarning birida zarurat yuzasidan tuman idorasiga kirib qoldim. Uning boshlig‘ini adabiyotga, ijod ahliga hurmati baland deb eshitganim bor edi. Ishim osonroq kechishidan umid qilib, uning huzuriga yo‘l oldim. Qo‘limda uning nomiga uzun maqtovlardan iborat dastxatim bitilgan ilk kitobim bor edi. Kutganimdek, u meni nihoyatda yaxshi qabul qildi. Kitobni olib mamnun iljaydi.
– Ha, zo‘r bo‘libdi, men adabiyotni juda yaxshi ko‘raman. Yozuvchilardan do‘stlarim ko‘p. Ular qatoriga yana bittasi qo‘shilganidan mamnunman...
U gapirar ekan, kitobimni ikki bukladi. Laminantlangan, silliq muqovali kitobim bir qisirladi. Bu qulog‘imga og‘ir ingrash bo‘lib eshitildi. Kitobning o‘rtasida uzun iz paydo bo‘lgani ko‘rinmasa-da his qildim. Ichimda ham nimadir qisirlagandek bo‘ldi. Shundan keyin u ikki buklangan sho‘rlik kitobimni ichki cho‘ntagiga solmoqchi bo‘ldi. Uzoq urindi, kitob jonivor uning tor cho‘ntaklariga sig‘a qolmadi. «Uyda o‘qiymiz-da» degancha kitobni majburlab cho‘ntagiga niqtar, qisir-qisir ovozlar yuragimni timdalardi. Mening qovurg‘alarim ham bir-bir qisirlab chiqdi-yov. Shu onda o‘zimni bo‘ralab so‘kdim. Shunday cho‘ntaklarga-da sig‘ib ketadigan qilib ixchamroq hajmda chiqarsam bo‘lardi-ku. Haytovur, kitob cho‘ntakka tushdi shekilli, muxlisim qo‘lini u yerdan tortdi. Yaxshiyam, kitobimning jarohatlarini ko‘rmadim, unga yuragim dosh berolmasdi.
Ko‘nglim endi o‘rniga tushib tashrifim sababini so‘zlamoqchi edim, bir xira pashsha naq boshliqning qo‘liga qo‘ndi. Undan yuziga o‘tdi. Fashi kelgan boshliq uni bir-ikki haydadi. O‘z oti bilan xira pashsha-da, aylanib kelaverdi. Boshliq endi unga astoydil qasdlashdi, u bilan jang qilishga qurol izladi. E, Xudo, esiga kitobim tushdi chog‘i, uni yana cho‘ntagidan qisirlatib olib, pashshani ura ketdi. Ammo har urganda, mo‘ljali noto‘g‘ri tushar, kitobim nola chekkandek bo‘lar, men og‘zimni ochib nimadir deyishga chog‘lanardim-u, tilimga bir kalima kelmasdi. Pashsha qancha xira bo‘lsa, boshliq undan ham battar ekan. Devorga qo‘nsa devorga, stolga qo‘nsa stolga kitobimni shapillatib uraverdi. Titilayozgan kitobim ahvoliga qarashga botina olmay xo‘rligim kelardi. Har urganda boshimda yong‘oq chaqilgandek bo‘lardi.
Axiyri xona burchagigacha quvlab borgan boshliq pashshani o‘ldirib g‘olib bo‘lib qaytdi. Kitob muqovasida mag‘lubning bir tomchi qoni suvalib yotardi.
Bu holvasi ekan. Shu payt xonaga choy damlab kirgan kotiba choynakni stol ustiga qo‘ydi-yu, baloga qoldi.
– Farosat bormi, issiq choyni laklangan yangi stolga qo‘yasiz-a, – deya o‘shqirdi boshliq, so‘ngra taglik izlab atrofga razm soldi. Ko‘zi endigina tin olgan kitobimga tushib uni oldi-da:
– Ana, uning ustiga qo‘ying! – dedi.
Baqiriqdan hamon titrayotgan kotiba choynakni kitob ustiga qo‘yayotib bir chayqab yubordi. Issiq choy kitob ustiga quyildi. Ustimdan issiq suv quyib yuborilgandek bo‘ldi. Boshliq menga qaradi:
– Nega qizarib ketdingiz, uyalmang. Aytavering, dardingizni.
Mening jahlim chiqqanda qizarib ketishimni bu «kitobsevar» qaydan bilsin. O‘zimni bosib, endi gapga og‘iz juftlagandim, telefon jiringladi. Kattaroq joydan qo‘ng‘iroq bo‘ldi shekilli, o‘rnidan turib gaplasha boshladi. Menga esa, keyinroq keling imo-ishorasini qildi.
Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib tashqariga chiqdim. Lekin sho‘rlik kitobimdan uzoqlashganim uchun yengil tortdim. Bir necha kundan beri meni chulg‘ab olgan xursandchilikdan asar ham qolmagandi.
Bir necha kun o‘tkazib, boshliqning bo‘sh vaqtini topdim-da xonasiga kirdim. Birinchi nigohim tushgan joy choynak bo‘ldi. Xayriyat, ostida kitobim yo‘q edi. Hovurim pasayib, uyiga olib ketib o‘qiyotgan bo‘lsa kerak, deya o‘ylab turuvdim, yanglishgan ekanman. Kitobim ikki buklangancha televizor ostidagi stol oyoqlari ostida pona sifatida ezg‘ilanib yotardi. U yerga kirishim sababi ham yodimdan chiqib qo‘llarim titragancha kitobimni ko‘rsatdim. Tilimga esa shu so‘zlar kelibdi.
– O‘zi, o‘qidingizmi?
– Albatta-da, yaxshi yozilgan. Yaxshi she’rlar ekan.
Boshimdan sovuq suv quyilgandek bo‘ldi. Axir kitobim hikoyalar to‘plami edi-da. Boshliq esa menga tasalli berdi:
– Nega qizarib ketdingiz. Ja, kamtarsiz-da. Maqtaganimga...
G‘azabim qo‘zg‘aganda qizarib ketishimga hamon fahmi yetmabdi. Shunda kitobim tomonga tez-tez qarayotganimni ko‘rib pisanda qilgan bo‘ldi.
– Yaxshi odamlarning kitobi nafaqat o‘qishda, boshqa maqsadda ham odamlar xizmatida bo‘larkan. Masalan, Ali Qambarning romani sabzi taxta o‘rnida xo‘p yarayapti. Soyib Foyibning qissasi zalimizdagi xontaxta oyog‘i ostidan joy olgan. Xontaxta atrofiga ne-ne kazo-kazolar yig‘iladi. Ham xizmatda, ham reklama. Aziza Kanizaning she’rlar to‘plamini Afrikadan keltirilgan ajabtovur kaktus gultuvagi ostiga qo‘yganmiz. Bular obro‘mi, obro‘...
Men bu so‘zlardan ming g‘azablanmay, uning pisandasida «Sen xafa bo‘lmasang ham bo‘ladi» degan kinoyani uqdim-da, ortimga qaytdim.
Endi undan qiladigan iltimosim ham yodimdan ko‘tarilgan, bundan buyon kitobimning keyingi taqdiri bilan qiziqib, u yerga kirardim. Keyingi gal kitobim stol oyoqlari ostidan xalos bo‘lganidan sevinibman. Ammo yana xatoga yo‘l qo‘ygan ekanman. Boshliq kim bilandir, balki kotiba ila burchakdagi kichik stol atrofida choy ichishgan-u, ortgan kolbasani kitobim sahifasiga yumaloqlab o‘rab qo‘ygandi. Yana g‘azablanib chiqdim-u, keyingi gal albatta boshliqqa «sanchib-sanchib» gapiray, deb alohida tayyorlanib kirdim. Kitobim ko‘rinmasdi. Xonaning tegrasi bo‘ylab ancha ko‘z yugurtirdim. Fazabim pasaya bordi. Yuzimdagi qizillik ham yo‘qolgan bo‘lsa kerak. Ammo derazaga qaradimu... Derazaning singan oynasi o‘rniga sarg‘aygan, titilgan, qovjiragan kitobimni qoqib qo‘yishgan edi.
– Qish chiqsin, albatta avaylab olib qo‘yamiz va uni o‘qiymiz, – deya pisandsizlik bilan izoh berdi boshliq.
Men so‘zsiz u yoqqa intildim. Lablarim qimirlardi-yu, ovozim chiqmasdi. Elas-elas eslayman. Kotiba qabulxonada choy quyib berib ancha o‘zimga keltirdi. Asta-asta qadam tashlab tashqariga yo‘naldim. Ammo ko‘chada bir tanishimning gapi dard ustiga chipqon bo‘ldi.
– Do‘stim, kitobingiz chiqibdi. Bizga ham bering, o‘qiylik.
Shu onda unga nimadir debman, lekin eslay olmayman. Lekin u mendan xuddi jinnini ko‘rgandek qo‘rqib, uzoqlashganini arang eslayman. «Sog‘ayganimda» aytib berishlaricha, men tanishimni shunday so‘zlar bilan siylabman:
– Kechirasiz, siz yanglishdingiz. Men kitob chiqarganim yo‘q. Men pashsha o‘ldiradigan moslama chiqardim.Choynak ostiga taglik chiqardim. Stol ostiga ponayu, deraza oynasiga qopqoq tayyorladim. Har xil taomlar o‘raydigan, – deya qo‘limni voronka qilib, unga durbindan qaragandek qiliq qilibman. – jihoz chiqardim. Xullas, u kitob emas, matoh, matoh, deya qichqiribman-u...
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 6-son