OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoldor Vulqon. Malika (hikoya)

Oq - sariqdan kelgan, sochi mallarang, ko‘zlari qiyiq, sap – sariq kipriklari cho‘chqaning kipriklariga o‘xshash, og‘zini yumsa ham kurak tishlari ko‘rinib turadigan novcha va ozg‘in bu qizning ismi Malika. U o‘zining uncha xushro‘y emasligidan o‘ksinar, buning ustiga tengdosh qizlar uni o‘yinga qo‘shishmas, shu sabab u ko‘pincha yolg‘iz o‘zi ariqlar labidagi tollar soyasida to‘ptosh o‘ynar, yo cho‘p bilan yerga bir narsalarni chizib xayol surib o‘tirardi. Yakkalanib qolgan bu qizga Davronning rahmi kelardi. Bechora qiz uchun bu ko‘rguliklar ham ozday dadasi Olim aka ichkilikka mukkasidan ketgan mayxo‘r edi . U ichib mast bo‘lib kelsa xotini bilan janjal qilish uchun darxol bir sabab topar, so‘ng xotinini urib, so‘yaman deya pichoq olib quvirdi. Olis bir voqea Davronning sira esidan chiqmaydi. Qaxraton qish chillasi, hammayoq qor. Davron tomda qor kurayotgan edi. Birdan qo‘shni xovlida qiy – chuv eshitildi. Olim piyon baqirardi;
- Iflos, Qanjiq! Manavi qordagi izlar qaysi o‘ynashingniki?! 
Piyonning xotini unga javoban yig‘lardi:
- Qanaqa, o‘ynash?! Menga bunday tuxmat qilmang! Xudodan qo‘rqing! Bu izlar sizning kalishlaringizniki! Men ularni kiyib qor kuragan edim. Aldayotganim yo‘q! Xudo xaqqi, ishoning!
Bu gapdan Olim piyonning g‘azabi badtar qaynadi. U bu gal o‘tin yoradigan boltani oldida, xotinini quvib ketdi;
- Qulog‘imga uyg‘urlarning lag‘monini ilma, it emgan! Men sen o‘ylagan Xariplardan emasman! Mening peshonamdagi ko‘zim ham ochiq! 
Olim piyonning xotini Kimyoxon aya poyafzal kiyishga ham ulgurmay qorda yalang ayoq ko‘ylakchan, yalangbosh yugirarkan: – Qooch qizim! – deya baqirdi. Qizi Malika ko‘chaga qarab qochdi. Ular qochib borib Davronlarning dorvozasiga o‘zini urib ichkariga kirishdida, dorvozani zanjirlab olishdi. Mastlikda gandiraklab muvozanatini yo‘qotganicha qorga yiqilgan Olim piyon ularga yetolmay qoldi. Olim piyon hamon aynib – achib so‘kinib baqirar, Xotini bilan qizi Davronlarning xovlisida sovuqdan va qo‘rquvdan qaltirab yig‘lashardi. Shunda Davronning onasi: - Kimyoxon, ko‘ylakchan ekansiz, aylanay, shamollab qolasizlar. Yuringlar ichkariga. Yuring , qizim. Xa o‘zim o‘rgilib qo‘ya qolayina - deya ularni uyga yetakladi. Qo‘ymurodlar ham gaz va ko‘mir yo‘qligi sabab oldi ayvonli uylaridagi bir xonani solyarka bilan yonadigan burjuyka yordamida isitishar va shu xonada ham ovqatlanib ham uxlardilar. Pechka yonida qizi bilan isinib o‘tirar ekan Kimyoxon aya Davronning dadasiga;
- Mulla aka, qishning kunida sizlarni ham bezovta qildik – dedi yig‘lab.
- Xechqisi yo‘q, sira xijolat chekmang, qo‘shni. Xuddi o‘z uylaringizda o‘tirganday o‘tiringlar. Men bir ko‘chalarni aylanib kelaman. – Davronning dadasi shunday deya tashqariga chiqib ketdi. Shu kecha u mexmonlarni xijolat qilmaslik uchun ayvondagi so‘riga o‘rin to‘shab yotdi. Ertalab uyg‘onganda uning ustiga qor yog‘ib qo‘ygan edi. Shundan keyin Davronning dadasi shamollab qolib uzoq yo‘talib, istimalab yurdi. Kimyoxon aya bo‘lsa hamon o‘sha jabru zulm ichida yashar, u hammadan ham qizi Malikaning kelajagidan tashvishlanardi. Bir kuni u qiziga; 
- Bolam, katta bo‘lib qolding. Erta - indin sovchi kelsa seni kimgadir uzatamiz. To‘yinga dugonalaring kelishi kerak. Sen bunday yolg‘iz yurmay qizlar bilan birga yurgin. Elga qo‘shilmaydi deb odamlar ayb qilishmasin, bolam - dedi. Malika garchand qizlarga qo‘shila olmasada, jafokash onasining sazasini o‘ldirmay o‘sha kuni o‘zlaridan uchta uy narida yashovchi Parizod degan qizlarnikiga bordi. Malika Parizod bilan birga televizor tamosha qilib o‘tirishdi. Parizodlarning televizori rangli ekan. Malikalarning televizori oq – qora tasvirli edi. Televizorlarining qulog‘i sinib qolgani tufayli ombir yordamida kanaldan kanalga olishardi. U televizorni Malikaning dadasi bultur arzimagan pulga sotib ichib yuborgan. Malikaning Parizodga havasi keldi. U havas qila - qila kechga tamon uyiga qaytdi. Lekin ko‘p o‘tmay ortidan Parizodning onasi yetib keldi. Uning vajoxatini ko‘rib qo‘rqib ketgan Kimyoxon aya :
- Keling, Sopongul. Tinchlikmi, o‘rgilay? – dedi.
- Tinchlik bo‘lsa sening ostonangni bosib kelarmidim, gadoy! Alkash eringa tortgan zodi past, o‘g‘rivachcha qizing qani?! O’ynamay o‘yilgur qizing qizimning soddaligidan foydalanib mening olmos ko‘zli tilla ziragimni o‘g‘irlab qochibdi! Qizinga ayt, ziragimni yaxshilikcha qaytarib bersin. Bo‘lmasa melisaga aytib qamattirvoraman! Bu mahal shovqinni eshitib ichkaridan Malika chiqib keldi. Uni ko‘rgan Sopongul battar shang‘illadi; - Ha, yashshamagur, itvachcha, o‘g‘ri! Ziraklar qani? Tezda qaytarib ber , sariq chayon! .. Malika yig‘lab yubordi; 
- Xola, nega unaqa deysiz? Men birovning narsasini o‘g‘irlamayman. Ziragingizni men olganim yo‘q!
- Bekorlarni aytibsan! Ziraklar toshoynaning oldida yotuvdi! Sen chiqib ketgach ular g‘oyib bo‘ldi , qoldi! Yo jinoyatingni bo‘yninga olmaysanmi?!. Unda o‘zingdan ko‘r. Senga ertagacha muxlat. Agar ziraklarni ertalab olib borib bermasang militsiyaga ariza yozaman! Qamoqda chiriysan! Parizodning onasi shunday deya ko‘chaga chiqib ketdi. Kimyoxon aya zinapoyaga o‘tirib olib yig‘lay boshladi;
- E, Xudo, bu yana nima ko‘rgulik! Axir bu gapdan xabar topsa erim meni urib o‘ldirib yuboradiyu... Malika onasini yupatmoqchi bo‘lar,
- Ayajon, ziralarni men olganim yo‘q, ishoning.Bu tuxmat! E, xudo. Negayam o‘shalarnikiga bordim-a?! Negayam bordim! – deya yig‘lardi.
- Bolaginam, xozir dadang kelib qoladi. Sen bironta qo‘shninikiga berkin. Bilasanu dadangni. Juvonmarg bo‘lib ketmagin – dedi ona. 
- Sizchi? Sizni tashlab ketamanmi, ayajon? – dedi Malika yig‘lab.
- Sen meni o‘ylama. Men o‘zi xo‘ru zorlik, kaltak va zulm uchun tug‘ilganman – dedi yana ona ko‘pchib, shishib yig‘laganicha. Shu mahal kutilmaganda Olim piyon kirib keldida, dorvozani shoshilinch zanjirladi. Uning avzoyi buzuq edi. Qo‘rqib ketgan ona:
- Qoch, qizim! – deb baqirdi. Malika yig‘lab qocha boshladi. Lekin Olim piyon uni tez quvib yetdi. U qizini tutib sochidan changallab uyga sudrarkan, Kimyoxon aya jon xolatda yugirib kelib qizini qutqarish uchun erining qo‘lini tishladi. Olim piyon xotinini bir qo‘lida turtib biqiniga tepgan edi xotini “ox!” deganicha bukchayib yiqilib qoldi. Qiz xamon voydodlab baqirar, lekin hech kim yordamga kelmasdi. Olim piyon esa qo‘rqinchli kinolardagi quturgan vampir kabi xirillab so‘kinib Malikani uyga sudrab kirib ketdi. U g‘azab ichra g‘ijinib tishlarining orasidan baqirardi:
- Sopongulning zirasini nega o‘g‘irlading, padarla’nat! Ichib yursam ham mening o‘zimga yarasha obro‘yim, oriyatim bor! Men endi ko‘chada qanday bosh ko‘tarib yuraman?! Yuzimni yerga qaratdingku, xaromi! Seni shu maqsadda boqib katta qiluvdimmi?! O’ldiraman! Sendaqa qizning boridan yo‘g‘i yaxshi! Oilamizga isnod keltirding, it emgan! Arablar bekorga qizlarini tirigicha yerga ko‘mishmagan ekan!.. Olim piyon shunday deya baqirib qizini duch kelgan joyiga tepar, tomog‘idan bo‘g‘ib boshini devorga urardi. Qo‘ni – qo‘shni kirib ajratguncha qiz qonga belanib bexush holga kelgan edi. “Tez yordam” bilan militsiya kelgach qizni kasalxonaga, Olim piyonni esa militsiya bo‘limiga olib ketishdi. O’shanda Davron bu voqealarni tomdan turib boshdan - oyoq kuzatgandi. Ertalab Davronning ota – onasi Malikaning hol – ahvolini bilish uchun oziq – ovqat olib kasalxonaga ketishayotgandi, ularning yoniga Parizodning ayasi Sopongul halloslab chopib keldi. U kela solib Kimyoxonning oldida xijolatga qolganini, chunki ziragi topilganini aytdi. - Ziragim o‘lgurni yo‘qolmasin deb servantdagi choynak ichiga solib qo‘ygan ekanman. Hayolimdan ko‘tarilib... – dedi u rangi oxakday oqarib. Ko‘ymurodning ota – onasi unga qaxr bilan bir pas termulib turishdida kasalxona tamon jo‘nadilar. Ular kasalxonaga borib Malikaning ahvolini surishtirganlarida do‘xtirlar qizning ahvoli og‘ir ekanligini aytishib, ularni ichkariga kiritishmadi. Qo‘ymurodning ota – onasi narsalarni navbatchi sanitarkalarga topshirib noiloj ortiga qaytishdi. O’sha kuni Malika dadasi yetkazgan og‘ir jaroxatlar tufayli olamdan ko‘z yumdi. Shu mash’um voqeadan keyin yakkayu yolg‘iz farzandi, ko‘zining oqu qorasidan ayrilgan Malikaning onasi ham kasallanib yotib qoldi. Ko‘p o‘tmay u ham olamdan o‘tdi. Davronning ota – onasi xuvillab qolgan qo‘shnilar xonadoniga to amnitsiya tegib Olim piyon qamoqdan chiqqunicha ko‘z – quloq bo‘lib turishdi. Lekin Olim Piyon qamoqdan kelgach, ichkilikka pul topolmay uyni va xovlini qishloq boylaridan xisoblangan Sattor xojiga sotib yubordi. Sattor xoji 15 so‘tixli xovli va uylarni qoqi baxosida arzimagan pulga sotib olib o‘z nomiga rasmiylashtirdi. Olim piyon esa xovlining pulini yeb – ichib, qimorga boy berib tugatdi. Bir tong guzardagi qassobxona ortidan Olim piyonning o‘ligini topishdi. U qassobxona ortidagi sada qayrag‘ochga shimining kamari bilan o‘zini osib qo‘ygandi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.