Qor yog‘moqda. Gox qiyalab, goxo chirpirab, goxo to‘zg‘ib, sassiz - sadosiz, jimgina yog‘ayotir u. Oppoq qor uchqunlari aro xuddi son - sanoqsiz meteoritlar ichra yo‘rtib borayotgandayman. Men shunday ketib borayapman. Shunchaki, maqsadsiz, yolg‘iz bir o‘zim tentirab "Grenobl"dan "Don Mils" ko‘chasi tamon bormoqdaman. Bo‘ralab yog‘ayotgan qorda botiniy xotirjamlik, yolg‘izlik, cheksiz yetimlik, mangu va maxzun, adoqsiz bir qo‘shiq borday, qor yorug‘idan ruhim zulmatlari yorishayotganday tuyuladi go‘yo. Bu qorli yo‘llarning kimsasizligi naqadar yaxshi! - hayolimdan o‘tkazaman men. Negaki, men odamlardan tamoman bezdim. Tropik changalzorlar aro oquvchi Amazonka daryosidagi "Piraniya" deb nomlangan qonxo‘r baliqlar kabi ko‘zlarini chaqchaytirgan kimsalarning qilvir fitnalaridan, adolatsiz, nohaq fisqu - fasodlaridan, sayoz, tuzsiz suhbatlardan charchadim, holdan toydim, tinkam quridi. Oliy imoratlaru vayronalarga, tug‘uriqxonayu qabristonlarga bir xil yog‘uvchi shoxu gadoga barobar qorning oppoq uchqunlariga belanib negadir men kabi kindik qoni tomgan Diyoriga qaytolmay hasratda ketgan shox va shoir Zahiriddin Muhammad Boburni esladim.
Hazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzing hajrida sarg‘ardim.
Ko‘rib rahm aylag‘il ey lolaruh bu chexrai zardim.
Xazonni gulga zidlab tazod san’atini qo‘llarkan, shoir o‘zi oshiq bo‘lgan Olloxga tavallo qilib uning vasliga intilib bu yo‘lda chekkan jabru sitamlaridan zorlanadi, yorining shafqat qilishini so‘raydi. (Chexrai zardim - sarg‘aygan yuzim demoqchi)(Zarg‘aldoq - sariq qush. Zardob - zard ob yani sariq suv. Zar - oltinning sariqligiga ishora)
Sen ey gul qo‘ymading sarkashlig‘ingni sarvdek hargiz,
Oyog‘ing‘a tushib bargi hazondek qancha yolbordim.
Sen gul kabi yashnab meni vaslinga zor qilishingni qo‘ymading. Men esa novdadan uzilgan kuzgi yaproq kabi poyinga bosh urdim ya’ni sajdaga bosh qo‘ydim - deydi hazrati Bobur.
Ne to’leki mengakim axtari baxtim topilmaydir,
Falak avroqini har nechakim daftardek axtardim.
To’leyim shumligi onchaki, axtari baxtim (Axtar - yulduz, baxtim yulduzi) topilmaydi. Falak avroqini (Osmon varaqlarini) Daftardek varaqlasam ham.
Hazondek qon yoshim sorig‘ yuzimdin el tanaffurda,
Bahar rangi bihamdillox, ulusdin o‘zni qutqardim.
Kuzgi xazonlar kabi qizargan qonli ko‘z yoshlarim va sarg‘aygan yuzimdan el tanaffurda ya’ni, nafratda. Bihamdillah - Olloxga hamdlar bo‘lsinki, ulusdan ya’ni, odamlardan o‘zimni qutqardim. Zahiriddin Muhammad Bobur bir narsa qilib odamlardan o‘zini qutqarib olishga muvaffaq bo‘lgani uchun Yaratganga shukronalar keltiradi.
Ulusning ta’ni tarifi menga Bobur barobardir,
Bu olamda o‘zimni chun yomon yaxshidan o‘tkardim.
Ulusning ta’ni - ta’rifi ya’niki, odamlarning ta’nayu malomati bilan ta’rifu maqtovlari men uchun ahamiyatsiz. Men dunyoda yashamadim balki, umr bo‘yi urinib - surinib o‘zimni yaxshi -yomon orasidagi tirik koridordan o‘tkazdim halos - deya g‘azalini itmomiga yetkazadi sarkarda shoir. Men esa hamon qor uchqunlari aro boraveraman. Mayli, zulmatda yog‘ayotgan qor yanada kuchaysin. Mayli, "Fleming Don Park" o‘rmonlaridan bo‘rilar galasi chiqib meni g‘ajib tashlasin. Pastkash, qo‘rqoq kimsalarga - bakteriyalarga, mayda mikroblarga talangandan ko‘ra bo‘rilarga yem bo‘lish sharaf!Faqat yo‘limdan odamzod chiqmasa bo‘lgani! Sen esa menga e’tibor bermay yog‘aver, qadrdonim Qor! Sen yoqqan saring dildagi qontalash jaroxatlar ham ko‘milib borayotganga o‘xshaydi. Ha, sen xuddi jaroxatga bog‘langan dokaday oqarib boryapsan. Men sening chirpirab uchayotgan oppoq zarralaring aro ketaversam, ketaversam, ketaversam, ketaversam, va oxiri charchab yiqilsam, muzlab qolsam, odamlardan qutulsam, halos bo‘lsam. Sen to‘xtovsiz yog‘ib meni ko‘mib yuborsang. Hatto bola - chaqalarim toshfonar ko‘tarib tun bo‘yi izlasalar ham topa olishmasa. Mangu yo‘q bo‘lib ketsam. Sen esa yana hech narsa bo‘lmaganday yog‘aversang, yog‘aversang, yog‘aversang, yog‘aversang.