Kechki ovqatdan so‘ng bir dasturxon atrofida o‘tirishgan oila a’zolari birin-ketin tarqalisha boshladi. Qaynona nevarasini qo‘liga oldi, xushro‘ygina kelin idish-tovoqlarni ko‘tarib, oshxonaga o‘tib ketdi. Sochlariga oq tushgan, baland bo‘yli, qorindor, yillar zahmati va bedor o‘tgan tunlardagi mutolaalar natijasi o‘laroq, qoramtir yuziga ajin tushib, eti biroz salqigan, oynak taqqan ko‘zlarida horg‘inlik bilan shijoat uyg‘unlashib, allaqanday mungli va sinovchan boquvchi Mahkam Murodovich divanga o‘tib, biroz yastanib o‘tirdi-da, televizor pultini olib, bir-ikki kanallarni tekshirib ko‘rdi. Aksariyatida ko‘ngil ochar dasturlar: tabrik va e’lonlar, kontsert, kechki teleseriallar...
Nafaqaga chiqqaniga yetti-sakkiz oy bo‘lgan, shundan beri fakultet dekanining iltimosi va shogirdlarining talabiga ko‘ra, bitiruvchi kurs talabalariga haftada bir marta, atigi bir para ma’ruza o‘qib keladigan Mahkam Murodovich telekanallardan o‘zi istagan ko‘rsatuvni topolmay, soatiga bir qarab qo‘ydi. Keyin xotinining qo‘lidan nevarasini oldi.
- Menga ber-chi, - professor nevarasini qo‘liga olarkan, yetti oylik chaqaloqning jovdirab turgan ko‘zmunchoqdek ko‘zlariga tikildi. So‘ng ikki qo‘ltig‘idan olib, yuqoriga silkidi. – Qani? A-pish, a-pish...
Bolakay bobosining erkalashidan va havoga otishidan tillarini chiqarib, og‘zini katta-katta ochganicha qiqirlab-qiqirlab kuldi.
- Ehtiyot bo‘ling-e, - dedi xotini jonsarak bo‘lib.
-A, mana, - Mahkam Murodovich «Ot-tam mening...» deya nabirasini erkalab, lo‘ppi yonog‘idan o‘pdi-da, chaqaloqni xotiniga tutqazdi. Keyin ijodxonasiga kirib ketdi. Bugun u ertangi ma’ruzaga biroz tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishi kerak edi. Bundan tashqari nafaqaga chiqib ham tinch o‘tirgani yo‘q. Talabalar uchun yangi bir ma’ruzalar matni tayyorlayapti...
Professorning ijodxonasi kichik bir kutubxonani eslatar, xonaning bir tomonidagi kitob javonida ilmiy-badiiy kitoblar, darslik qo‘llanmalar alohida-alohida terib qo‘yilgan, xonaning yon tomonidagi javon bo‘lmalarida esa turli xil ilmiy ishlar va dissertatsiyalar qalashib yotar, shkaf tepasida esa cho‘qqi soqol, bug‘doyrang, boshiga qora, jun telpak kiygan qariya va oq chorsi ro‘molda iymanib, munisgina tikilib turgan keksa onaxon portreti turardi. Ular professorning ota-onasi. «G» shaklida yig‘ilgan shkaflar burchagida katta ish stoli qo‘yilgan. Stol ustida qog‘ozlar qalashib turishiga qaramay o‘ziga xos tartib va sarishtalik seziladi. Stol chetida chirog‘i o‘chik lampa, o‘rtada esa kompyuter. Uyning eshik tomonida divan joylashgan bo‘lib, qarshisidagi xontaxtada davriy matbuot nashrlari sochilib turardi.
Mahkam Murodovich ish stoliga o‘tirishdan oldin biroz o‘ylanib turdi-da, javondan uch-to‘rtta kitobni sug‘urib oldi. So‘ng lampani yoqib, stulga o‘tirdi va anchadan beri bitmayotgan ishi - ma’ruzalar matnini tayyorlay boshladi.
U ancha vaqt ishladi. Qaysidir kitobni qayta-qayta o‘qidi, yana birisidan iqtiboslar olib, ko‘chirishni boshladi.
Oradan ikki soatlar o‘tib, xonaga kichik jussali, boshiga guldor chorsi ro‘mol bog‘lab olgan, kulcha yuzli, iymanibgina turuvchi Mehrigul opa kirib keldi va eriga bir qur nazar tashlab, qahvali finjonni stol ustiga qo‘ydi.
- Dadasi, kofe damlab keldim.
Professor qog‘ozdan boshini ko‘tarib, ayolining mehribon ko‘zlariga tikildi. So‘ng finjonni olib, issiq qahva ho‘pladi. Ko‘zlarini yumib, huzur qildi.
- Umidjon keldimi? - dedi kutilmaganda.
- Yo‘q, hali, - bosh chayqadi Mehrigul opa. - Uni bilasiz-ku?
Professor shunda og‘ir xo‘rsindi-da, dedi:
- Negadir doim undan xavotir olaman. Nazarimda bizdan uzoqlashib ketayotgandek...
- Nega bunday deyapsiz? – Mehrigul opa eriga ajabsinib qaradi. - Nima, biror gap bo‘ldimi?
- Yo‘q, - bosh chayqadi professor.
- Unda nega bunday deyapsiz? Ishlari joyida, tani-joni sog‘, kelin yugurib-elib xizmatimizni qilayotgan bo‘lsa...
- Shundayku-ya? Ammo ayt-chi, Umidjonni ko‘rmaganingga necha kun bo‘ldi?
- Ikki kun.
- Ana. - Mahkam Murodovich xayoli bo‘linib, fikrlari chalg‘ib ketganini bildi-da, stoldan aylanib o‘tib, divanga, xotini yonidan o‘tirdi. – Onasi, sezayapsanmi, uning hamma ishlari joyida bo‘lgani bilan ikkovimizdan uzoqlashib ketayapti...
- Qo‘ysangiz-chi? - o‘zini orqaga tashladi Mehrigul opa. – Shuyam gap bo‘ldimi? Ishli odam. Erta ketib, kech keladi-da...
- Men ham uni laylak haydab yuribdi deyotganim yo‘q.
- Umidjonning direktor muovini bo‘lganidan xavotirga tushayapsizmi deyman? - Mehrigul opa eriga sinovchan tikildi.
- Yo‘q. Omadini bersin! Bunga o‘zi erishdi, huzurini ko‘rsin. Ammo kech kelib, erta ketsa ham bir pasga oldimizga kirib, «Dada, men keldim» yoki «Dada, men ketayapman» desa olam guliston.
Mehrigul opa erining gapiga uncha tushunib yetmagan bo‘lsa-da, chindan ham o‘g‘lining yarim kecha kela solib o‘z xonasiga kirib ketishi, ba’zida ertalab nonushta qilmasdan «Ishga kech qolayapman» deya salomni ham qisqa qilib shosha-pisha chiqib ketishi, dam olish kunlarida o‘g‘ilchasini ko‘tarib olib hovlida yurishi, ba’zan o‘g‘ilchasini mashinasiga mindirib qaerlargadir borib kelishi, ota-ona oldida yayrab, dardlashib o‘tirmasdan doim o‘zi bilan o‘zi ovoraligi chindan ham xavotirli ekanligini angladi. O‘g‘lining bunday harakatlari qandaydir ularni bir-birlaridan uzoqlashtirib yuborayotgandek tuyuldi.
- Gapingiz to‘g‘ri, -dedi biroz o‘ylanib turgach. – Keyingi paytlarda u kayfiyati yaxshi bo‘lsa, ertaroq kelsa, oldimizga kiradi, bo‘lmasa yo‘q. Ertalab esa «Oyi, men ketayapman» deya shoshib chiqib ketadi. Ortidan «Hoy, choyingni ichmaysanmi?» deb javrab qolaveraman. Bunaqamasda-a, dadasi.
- Ha... - bosh chayqadi professor. – Mening xavotirim shundan. Bunaqa muomalaga o‘rganib qolsa yomon. Shundan qo‘rqaman. Bo‘lmasa, Xudoga shukr, o‘g‘limning ishlari yaxshi. Es-hushi joyida, ammo mana, bir yil bo‘layapti, uydagi munosabat o‘zgarayapti. Uy mehmonxona emas-ku, istagan vaqtingda kelib, xohlagan paytingda chiqib ketaversang. Undan pul so‘rayotganim yo‘q, ozgina e’tibor kutayapman. Qizlarning esa yo‘rig‘i boshqa... O‘zi yoshing o‘taversa, injiq bo‘lib qolarkansan. U o‘g‘ilchasini qancha yaxshi ko‘rsa, men ham uni shuncha yaxshi ko‘raman.
- Meni aytmaysizmi? - erining maqsadiga endi tushungan Mehrigul opa gapni ilib ketdi. - Dasturxon atrofida o‘tirganimizda ikkalamiz qolib xotinining yonginasidan kelishi, buyam yetmagandek o‘g‘ilchasini tizzasiga olib o‘tirishidan, noto‘g‘ri tushunmang-u, ba’zida rashkim ham kelib ketadi. Bolamni qizg‘angandek bo‘laman.
- Ha, o‘zi odamning ko‘nglidan boshqa nimasi bor? - Mahkam Murodovich qahvadan ho‘plab, boshini orqaga tashladi. - Onasi, o‘g‘ling kelsa, ayt, yoshi o‘ttizga kirgan bo‘lsa ham bizlar uchun baribir bola. Xavotir olayotganimizni, sog‘inib, kutib o‘tirganimizni yodidan chiqarmasin. Bo‘lmasa, bilasan, yarim kechagacha uxlamay ishlab o‘tiraman. Bir pasga kirib, «Dada, men keldim» deyish qiyin emas.
- Xo‘p, aytaman, - Mehrigul opa erining hali ishlash niyati borligini bilib, sekin o‘rnidan turdi va bo‘shagan finjonni qo‘liga oldi. –Yana damlab kelaymi?
-Yo‘q, rahmat, - professor divandan turdi-da, ish stoli tomon yurdi. - Umidjon kelsa, ayt, oldimga kirsin.
-Xo‘p, - Mehrigul opa qanday sirg‘alib kirgan bo‘lsa, shunday sekin eshikdan chiqib ketdi.
Mahkam Murodovich ijodxonasida yolg‘iz qoldi. Tayyorlayotgan ma’ruzalar matnini davom ettirmoqchi edi, beixtiyor xayol olib qochdi. Ko‘z oldiga ketma-ket ikki farzandi nobud bo‘lgach tug‘ilgan jigarbandi Umidjon keldi. So‘ngra uning kamoli uchun hech narsadan tap tortmagani, qobil farzand qilib ulg‘aytirgani, o‘qitib, yaxshi joyga ishga joylashtirgani, bugun o‘g‘li ishxonasida obro‘-e’tibor qozonib, direktor muovini bo‘lganidan quvondi. Biroq uning munosabatlaridan biroz o‘ksingandek bo‘ldi. Ana shunda ko‘z oldiga marhum otasi bilan onasi keldi.
... Mahkam olis viloyatdan kelib o‘qigani uchun uyga bir-ikki oyda bir marta kelar, har gal uyga borganida u ota-onasini uy yonida yoki ko‘cha boshida ko‘rardi.
- Kel-e, bolam-e, - derdi onajonisi uning yelkasiga urib. Otasi bo‘lsa:
- Pul o‘lsin, topib beramiz-da, bunday ikki oyga qolib ketma, -derdi allaqanday bir kuyunchaklik bilan.
Mahkam qachon qishloqqa borsa, ota-onasi uning yonida o‘tirishini, o‘qishlaridan, yangiliklardan gapirib berishini istashar, ammo uning kelganini eshitgan sinfdoshlari uyga bostirib kelib qolishar, tong otguncha gurunglashib, hiringlashib o‘tirar yoki uni olib mehmondorchilikka chiqib ketishardi...
Bunday vaqtlarda u ikkilanib qolardi. Bormay desa, mahalladosh, bir ko‘chada katta bo‘lgan sinfdoshlari xafa bo‘lishadi, boray desa, ota-onasi uni kutib o‘tirishibdi, sog‘inishgan. Ammo yosh ko‘ngli sinfdoshlar davrasiga oshiqadi.
- Mayli, boraqol, - derdi otasi cho‘qqi soqolini silab. - Faqat kech qolib ketma. Onang ikkovimiz kutib o‘tiramiz...
Qayoqda, bunday paytlarda u tongga yaqin kirib kelar, to choshgohgacha uxlab, tushgacha yana qaytib ketish uchun tayyorgarlik ko‘rar, ota-onasining yonida tushlik qilib, Toshkentga yo‘l olardi.
- Mayli, yaxshi bor o‘g‘lim, - derdi diydoriga to‘ymay qolgan onasi bo‘shashib. - O‘zingni ehtiyot qilgin, och yurma. Yaxshi o‘qigin.
- Bo‘pti, omon bo‘l, - derdi otasi iftixorga to‘lib.- Qishloqdan birorta bola kelib qolsa, bir-ikki haftada pul-mul ham berib yuboraman. Ishqilib, sog‘-salomat bo‘l!
O‘shanda ota-onasi uning diydoriga to‘ymay qolishi, shuning uchun oy oxirlayversa, tushlariga kirib, borganida uy orqasida yoki yo‘l chetida avtobus kelishini kutib o‘tirishlarini Mahkam juda keyin, olim bo‘lib, yolg‘izgina o‘g‘li, Umidjon Moskvaga malaka oshirishga ketganidagina his qildi. O‘g‘li ketgan bir oy bir yildek tuyuldi. Shunday vaqtlarda u o‘n to‘qqiz yoshidan beri shaharda ekanligi, bu yillar zamirida ota-onasini qanchalar ezib, mehriga, diydoriga mushtoq qilib qo‘yganini angladi. Haliyam ular sabrli ekan. Mana u, hozir o‘g‘lining ishdan kelib, sog‘-omon kelganini aytmagani, ertalab ham barvaqt chiqib ketayotganidan ezilib o‘tiribdi. O‘n metr narida, hovlining u chetida yashaydigan o‘g‘lidan xavotirda. Avvallari ishga ovunib yurganmi, bunga ko‘p e’tibor qilmagan ekan. Nafaqaga chiqib, uyda o‘tirib qolgach, yolg‘izlanib qolayotganini his etdi. Shunda u bir narsaga qoyil qoldi - hech qaerda ishlamaydigan, oddiy kolxoz ishi bilangina ovunib yurgan ota-onasi esa uni butunlay shaharga, yuzlab chaqirim uzoqqa yuborib qanday yashagan ekan?!
Odamzot qiziq ekan. Otasi uning uyiga kelganida ham ko‘p turolmas, bu yerga kelsa, uyidan, qishloqda qolgan bolalaridan xavotir ola boshlardi. Insonning birgina ko‘ngli va shu ko‘ngilning sultonlari bo‘lgan farzandlari bor ekanda... Rahmatlik otasi jon berar chog‘da ham joni ko‘ziga ko‘rinmay ularni kutdi. Toshkentdan yetib borish ancha yo‘l. O‘shanda, uydan xabar kelib, Mahkam ota qishlog‘iga uchib borganida ota uyi odamga, qarindosh-urug‘larga to‘la edi. Uy to‘rida, o‘g‘il-qizlari atrofida otasi jon talvasasida yotardi...
- Ota, Mahkam akam keldi, - dedi kichik ukasi.
Ana shunda otasi xiyol ko‘zini ochib, unga so‘niq nigohini tashladi. O‘g‘liga qo‘lini uzatdi.
- Keldingmi, bolam... – dedi xirqiroq tovushda.
-Ha, ota, keldim... - titrab ketdi u. – Sizga nima bo‘ldi, ota? Nega bunday erkalab yotibsiz?
Javob berish o‘rniga otaning qo‘li uning kaftidan sirg‘alib ketdi. Ana shunda Mahkam o‘kirib yig‘ladi va to o‘g‘li, qizi katta bo‘lmaguncha otasining o‘shanda nega uni zudlik bilan chaqirgani-yu, lom-mim demasdan qo‘lidan ushlagan ko‘yi jon berganini tushunolmay yurdi. Tushunib yetganida ancha kech, hatto bu vaqtga kelib, onasi ham shu tarzda olamdan o‘tgan edi...
U yillar davomida o‘ylab-o‘ylab ota-onasining bu tarzda jon berishlari, ota-onalarning doim farzandlaridan xavotirda, ulardan ilhaq bo‘lib, sog‘inishlari, farzand diydori shirinligidan dalolat ekanligini tushunib yetdi. Shunda u ota-onasining eng so‘nggi (birga tushgan) suratidan beshta portret yasattirdi va ukalari, singillariga bittadan berib chiqdi. Bugun o‘sha suratlar har birlarining mehmonxonalari to‘rida osig‘liq turibdi. Mahkam Murodovichning esa ijodxonasida.
Professor o‘grilib, bosh ustida turgan suratga tikildi-da, beixtiyor lablari titrab, bo‘shashib ketdi.
- Otajon, onajon... - dedi suratga tikilgan ko‘yi. - Sizlarning qadringizni ota bo‘lib tushunyapman. Sizlarni qanchalar sog‘intirib qo‘yganimni, nega doim uxlamasdan kutib o‘tirishlaringizni mana endi anglab yetayapman...
Shu payt Mahkam Murodovichning tomog‘iga achchiq bir nima tiqilgandek bo‘ldi. Lablari titrab ketdi va beixtiyor ko‘zlariga yosh keldi. U hozir o‘g‘li yo xotini kirib qolsa, yig‘lab o‘tirganini ko‘rmasligi uchun arang joyidan turdi va stolni aylanib o‘tib, divanga o‘tirdi. So‘ng boshini divanga suyagan ko‘yi ko‘zlarini yumdi. Shu vaqt dahlizda qadam tovushi eshitildi va dam o‘tmay eshik ochilib, ostonada o‘g‘li Umidjon paydo bo‘ldi.
- Assalomu alaykum, dada.
- Vaalaykum assalom. Kel, - Mahkam Murodovich unga yonginasidan joy ko‘rsatdi va qimtinibgina kelib o‘tirgan o‘g‘lining yelkasiga qo‘l tashladi. –Ishdan kech kelsang ham, mana shunday bir kirib o‘tgin, o‘g‘lim...
Umidjonning eti jimirlab ketdi.
- Men sizlarni uxlab qolgandir, bemahalda bezovta qilmay qo‘ya qolay deyman-da... - dedi boshini gunohkorona eggancha.
- Uyqu qayoqda? Ishlab yoki oying bilan gaplashib o‘tirgan bo‘laman. Sen ham endi ota bo‘lding. Nega bunday deyotganimni vaqti kelib bilasan...
- Oyim aytdilar... -Umidjon dadasiga qarashga botinolmay ko‘zlarini olib qochdi.
- Ovqatlandingmi?
- Ha, - bosh irg‘adi o‘g‘li.
- Yaxshi, – professor o‘g‘liga boshdan oyoq razm soldi: ancha er yetib, o‘zgarib qopti. Ishning ko‘zini biladi, ammo bir aybi, kelgan-ketganini ular bilmay qolishadi. Mahkam Murodovich mavridi kelganda o‘g‘lini bir urishib ham qo‘ymoqchi bo‘ldi, ammo tili bormadi. Muddaosini bir so‘z bilan ifodaladi: - Umidjon, biz bilan birga o‘tirib ovqat yeyishga vaqting bo‘lmasa ham ishga ketayotganingda, kelganingda, birrovga oldimizga kirib «men ketdim», «men keldim» desang yaxshi bo‘lardi.
Bu gaplardan Umidjonning yuragi ombur bilan qisilgandek, otasining yelkasida turgan qo‘li nafaqat yelkasini, butun a’zoi badanini kuydirib ketgandek bo‘ldi. Nima deyishini bilmasdan jim turib qoldi.
- Mayli, endi boraver, - dedi ota o‘g‘lini ortiq xijolatga qo‘ygisi kelmay.
Umidjon yana bir muddat jim turdi-da, sekin joyidan qo‘zg‘aldi. Eshik tutqichidan ushlaganda ortiga o‘girilib dedi:
- Yaxshi dam oling, dada.
- Rahmat, o‘zlaring ham, - Mahkam Murodovich bir yengil tortdi. Yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Turib, xushkayfiyat bilan yana biroz ishlamoqchi edi, bo‘lmadi, tag‘in xayollar bostirib kelaverdi. Shunda u sekin yotog‘iga o‘tdi. Ayoli hali uyg‘oq ekan, erining avzoini ko‘rib sevindi.
- Oldingizga kirdimi? - dedi allaqanday xotirjamlik bilan.
- Ha, -bosh silkidi professor. - Hammasi joyida...
Ertasi kuni odatdagidek sahar turib, bugun universitetga borishi kerakligi uchun ish tartibini bir ko‘zdan kechirib, endi nonushtaga kirgan Mahkam Murodovich dasturxon boshida o‘g‘lini ham ko‘rib, sevindi. Birga nonushta qilishdi, so‘ngra ishga jo‘nash uchun hovliga chiqqandi, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Umidjon mashinasini o‘nglab turibdi.
- Dada, bugun ma’ruzangiz bor-a? O‘tiring, o‘zim oborib qo‘yaman.
Mahkam Murodovich hovli o‘rtasida tik turib qoldi.
– Yo‘g‘-e, - dedi qo‘l siltab. - Sen kech qolib yurma tag‘in. Men har doimgidek asta-asta piyoda ketaveraman.
- Kech qolmayman. Dadamni ishxonasiga kuzatib kelayapman desam, hech kim g‘ing deyolmaydi. Keling...
Mahkam Murodovich bir o‘g‘liga, bir eshik oldida jilmayibgina turgan xotiniga qaradi. So‘ng sekin mashinaga o‘tirdi. O‘g‘lining yonidan joylashar ekan, chuqur bir nafas oldi. Bu professorning quvonchidan, bag‘ri butunligidan darak edi.
Mahkam Murodovich qadrdon fakulteti eshigi ro‘parasida mashinadan tusharkan, o‘g‘liga:
- Rahmat, baraka top, - dedi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: - Qaytishda o‘zim asta-sekin ketaveraman. Sen ishdan qolib, ovora bo‘lib yurma...
Umidjonning tag‘in eti jimirlab, vujudi qizib ketdi va u negadir shu paytgacha unchalik ahamiyat ham bermagan bir mushohada bilan oliygoh zinalaridan bir-bir qadam tashlab yuqorilab borayotgan otasining ortidan qarab qoldi. Biroq u hali otasi ko‘nglidan kechayotgan hislarni to‘liq anglab yetmagan, buni his etmoqqa esa biroz vaqt bor edi. Chunki uning o‘g‘ilchasi endigina yetti oylik bo‘lgan...