Ot — insonning yo‘ldoshi.
(Xalq maqoli).
O‘shanda yozning o‘rtalari edi. Chorpoya yo‘qligi uchun bo‘lsa kerak, uyimiz oldida guvala g‘ishtdan o‘rtasi tuproqqa to‘ldirilgan, atrofi loysuvoq qilinib, o‘ttiz-o‘ttiz besh santimetrlar balandlikdagi qo‘lbola supa ko‘tarib qo‘yilgandi. Yoz oqshomlarida oilamiz bilan o‘sha yerda yotardik. Tartib hech o‘zgarmasdi: avval otam, keyin o‘rtada beshik, so‘ng enam, akam va men.
Kecha sokin. Qibladan esayotgan mayin shabada yuzga yoqimli urilib, tanaga ajib bir huzur baxsh etadi. Akam ikkalamiz ko‘kka boqib, yulduzlarni kuzatib yotibmiz. Otam bilan enam ro‘zg‘orning kam-ko‘stidan gaplashayapti. Ertangi ishlardan. Gohida og‘il tomonda bog‘liq turgan Sirtlon yulqinib huradi-da, kichkinamiz uyg‘onib ketib, chinqirib yig‘lab yuboradi. Shunda ularning suhbati uzilib, enam beshik tebratadi. Mayin-mayin alla aytadi... Berili-ib, mehr bilan... Kichkintoy uxlab qolgach, yana, to biz – ikki zumrasha (enam bizni shunday deydi) uxlab qolgunimizcha, ularning sokin kechadagi sohir suhbatlari davom etadi... Negadir allamahalgacha uyqulari kelmaydi, akam bilan men esa kunduzgi ish va o‘yinlardan juda charchasak kerak, somon yo‘liga tikili-ib yotib, uxlab qolamiz.
O‘sha kuni negadir uyqumiz kelmadi. Beshikdagi singlimizdan boshqa hamma uyg‘oq edi.
- Kampir, - dedi otam (negadir hali yosh bo‘lishlariga qaramay doim enamni «kampir» deb chaqirardi), - buvaning ahvoli chatoq... Ketib qolmasa deb qo‘rqaman.
- Nafasingizni yel uchirsin-e...
Bildim: o‘zimning buvam otday, ular hamsoyamiz, uyi shundoqqina ko‘rinib turgan Boyquvvat buva haqida gaplashayapti. Jonday hamsoya bo‘lganimiz bilan uylarimiz orasi ellik-oltmish metr keladi. Qishloqchilik-da, har kim o‘ziga yoqqan joydan imorat ko‘taraveradi. Buvaning uyi ham bizniki kabi qir etagida. Bir tomonimiz keng adirlar, biyday dasht, bir tomonimiz tomorqalar, keyin paxtazor. Yonimiz baland-past bo‘lib joylashgan hamsoyalar. Tomorqa boshidan ariq o‘tgan. Undan berida changko‘cha. Otamning har bahorda shahardan keluvchi chiroyli kiyingan kursdosh do‘stlari tili bilan aytganda, biz shu «ariqning loyqa suvida cho‘milib, ko‘cha tuprog‘ida «zagar» olib, katta bo‘lgan»miz.
Boyquvvat buva anchadan beri og‘ir. Sim karavotidan turmay yotibdi. Karavoti deraza yonida. Otamning aytishicha, buva oxirgi paytda allanimalar deb aljirab qolganmish, ammo har kuni ertalab va kechqurun derazadan qarab, «Jiyron, Jiyronim...» deya uydan sal nariroqda bog‘liq turgan otini chaqirarmish. Ot derazada egasining yuzini ko‘rgach pishqirar, suvliq chaynab, yollarini silkitgancha qoziq aylanib choparmish. So‘ng derazaga qarab old oyoqlarini ko‘tarib-ko‘tarib kishnarmish. Shunda buva derazada, likopchada turgan parvardadan to‘rt-beshtasini olib, nevarasiga tashqaridan kelishini aytarkan va qo‘l silkib, Jiyronga imlarkan. «Ma, Jiyron! Bu senga! Ha, oynalay...» deb nevarasini ot tomonga yuborarkan. Nevarasi otdan qo‘rqadi. Parvardani ot oldiga otib yuborarkan-u, qocharkan. Jiyron parvardani tuproq orasidan papalab yer, so‘ng minnatdorchilik bildirgandek deraza tomonga qarab bir kishnab qo‘yar, yana qoziq aylanib, lo‘killab choparkan.
Boyquvvat buva polvon! Ko‘pkari chopadi. Buvam aytib bergan: hozir cho‘kib qolgani bilan yoshligida yelkalari keng, qo‘llari uzun, kaftlari barkashday, savlatdor, qirraburun, o‘ktam bir yigit bo‘lgan ekan. Ayniqsa, ko‘pkarida undan o‘tari bo‘lmaskan. U kishining ikkala qulog‘ida, chap yuzida chandig‘i bor. Barini ko‘pkaridan topgan. Qo‘llarini-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Boyquvvat buvani yoshi kattalar «Boyquvvat shamol» deyishadi. Bu – laqab. U Jiyronni minib ko‘pkariga kirsa, albatta uloq olgan, ayniqsa, «Qora» qo‘yilganda («Qora» - ko‘pkarining bosh sovrini. Unda uloqni davradan olib, adirning u tomonida qizil belbog‘ ko‘tarib turgan bakovulgacha olib borish kerak), Boyquvvat shamol uloq ko‘tarib, «Haa-aa!» deya Jiyroniga qamchi bossa, hech qaysi ot yetolmas ekan. Jiyron davrani yorib, o‘qdek otilib chiqar va uzun yollarini cilkib, shamoldek yelarkan. Odamlar ko‘pkarida otlarning Jiyronga yetolmay, shamolida qolib ketaverishidan buvaga «Boyquvvat shamol» deb ot qo‘yishgan va shu nom bilan atab ketishgan ekan. Ko‘pkarida uloq ayirsa, «Boyquvvat shamolniki halol!» deb chaqirar ekan. Bu nom polvon buvaga yoqar, otasi qo‘ygan ismga Jiyron kuchi qo‘shilganidan, bu nom o‘zimizning Ayritom, butun tuman-u, Qashqadaryoga yoyilganidan zavq tuyar, tag‘in indamay, kamtarlik qilib:
- Ha endi, buyam bir qiziqishda... - deb kulib qo‘yarkan.
Boyquvvat buvaning Jiyronini o‘z joniday avaylashidan tashqari hamma biladigan bir odati bor: u kishi qaerga bormasin, qaysi to‘ydan chiqmasin, doim tugunchaga o‘rab, xurjunida bir hovuch parvarda yoki konfet olib yuradi. Ko‘pkaridan chiqqanda yo biror joydan uyga qaytganda, albatta, Jiyronga bir siqim shirinlik hadya qiladi. Ot parvardani yegach, bo‘ynini cho‘zganicha yollarini silkir, huzur qilganini bildirish uchun buvaning kiftiga peshanasini qo‘yib, boshini qimirlatadi. Boyquvvat shamol bunday paytlarda otining ustiga katta chirgini tashlab qo‘yib, bo‘yniga yopishib turgan yollarini, keng ko‘kragi va ingichka qorinlarini silaydi. Hatto erkalab, yaxshi boquvdan ariqcha hosil qilgan keng sag‘risiga shapatilab urib-urib qo‘yadi. Ot bundan huzurlanar, dumini silkir, ba’zida polvon buva ot sag‘risiga chayir qo‘llari bilan qattiqroq urib yuboradi shekilli, ot ham dumi bilan buvaning yelkasiga urardi. Buva «E, ha Jiyron? Nimaga buytasan? Ha, ukkag‘ardi oti!..» deya uni yana erkalar, «Ha, ha!» deya qamchi bilan o‘zining mahsisi qo‘njiga urib, otni qoziqda aylantirib choptirardi. Bu holga ko‘pincha biz ham guvoh bo‘lardik.
Polvon buvaning ot sovutishini tomosha qilishni yoqtirardim.
-Ha, Bozorvoy, otga mindiraymi? – derdi buva.
- Mayli... - derdim iymanib.
- Ke.
- Yo‘g‘-e, - bunday baland otga minishdan qo‘rqib, ba’zida ortga tislanardim.
- Ke, qo‘rqma. Ukkag‘ardi uli, qo‘rqsang polvon bo‘lolmaysan! – deya Polvon buva bir qo‘li bilan dast ko‘tarib, qoziqda turgan otga mindirib qo‘yardi.
Ayniqsa, Jiyronni qirq kunlik boquvdan chiqqanda minishni judayam yoqtirardim. Chunki bu paytda ot ko‘zimga go‘yoki dostonlardagi Alpomishning Boychibori-yu, Go‘ro‘g‘lining o‘iroti bo‘lib tuyulardi. Boquvdan chiqqan otni sovutish emaklagan bolani «toy-toy» qilib oyoqda yurishga o‘rgatishday gap. Bunga yigirma-o‘ttiz kun vaqt ketadi. Bostirmada yulduz ko‘rsatmay boqilgan ot qirq birinchi kun kechki salqinda tashqaridagi otqoziqqa yarim soatgina bog‘lab qo‘yiladi, xolos. Ikkinchi kuni yakka qoziqda biroz aylantiriladi. Uchinchi kun ham. Keyingi ikki-uch kun hovli atrofida ustiga hech kimni mindirmasdan... Shunday paytda Boyquvvat buva nevaralarini otga mindiradi. Bizni ham. Bu toza huzuri jon. Mazza qilasan. Tasavvurimizda qishlog‘imizga kunjara sotib keladigan «KamAZ»ning tomida o‘tirgandek bo‘lardik. Egar ustida hayajondanmi, qo‘rquvdanmi yuragimiz taka-puka bo‘lardi. Yuganni mahkam ushlab, bir otga, bir Boyquvvat buvaga qarab-qarab qo‘yardik. Buva otni jilovidan tutib, yayov yetaklar, biz esa ertakdagi shahzodalardek egarda yastanib o‘tirardik, goh bunga talashib ham qolardik. Shunda Polvon buva «He, kapang kuygurlar, nimaga talashasan?» deb, hech qaysimizni mindirmay, salt yetaklab yurardi. Keyingi kunlarda shom tushishi bilan o‘zi egarga o‘tirib, Jiyronni soy oxiri – podaguzargacha, keyin uzoqroq, keyin undan ham olisroqqa minib kelardi.
Ot sovutishning qoidasi shunday!
- Baylovdan chiqqan ot terlamasligi kerak, terlasa xom bo‘p qoladi. Keyin ko‘pkarida chopolmaydi, - derdi Boyquvvat buva. – Ot ham odamday. Sen ham terlab ishlab, keyin yaxday suv ichsang, badaning qotib qoladi-ku, shunday. Bular ham hozir terlasa, charvisi to‘nglab qoladi…
Boyquvvat buvaning gapi rost: hamma polvon otini shunday boqadi, shunday sovutadi. Buning isbotini ko‘pkarilarda ko‘p ko‘rganmiz. Shuning uchun buvaning oti shamolday yeladi-da!
Ammo oxirgi yillarda buva ko‘pkari chopgani yo‘q. Qarilik, ammo bakovullik qiladi. Jiyronni esa o‘zimizning qishloqlik buvaning ham shogirdi, ham qamchidosh ukasi Panji polvon chopadi. Panji zo‘r, chapdast polvon. O‘zining Qorabayiriyam bor. Bayir ham uchqur, uloqchi ot. Panji polvon ikki otni almashlab minadi, lekin bir yomon odati bor. Biz ham bir necha ko‘pkarilarda boboylar bilan telejkada o‘tirib ko‘rganmiz: u otning chatiga urishni yaxshi ko‘radi. Shundan keyin uloqdan hurkadigan otlar ham o‘zini o‘rtaga uradi. Ot egalari bunday qiliqdan o‘zlarining ketiga qamchi urilganday bezillashsa-da, polvonlar bilganidan qolishmaydi. Ularga gap uqtirish befoyda...
Boyquvvat buva shu yil bahorgi to‘ylarga ham borolmadi. Jiyronni ham ko‘pkariga chiqarmadi. Yotib qoldi. Keyingi oylarda, hatto tashqariga ham chiqolgani yo‘q. Qancha diydasi qattiq bo‘lmasin, dard Polvon buvani yengdi. Mung‘ayib qoldi. Dardni tan olgisi kelmay, o‘zini tetik, ishtiyoqmand tutar, ammo kundan kunga so‘lib borardi. Hol so‘rab kelguvchi qamchidoshlariga yaxshi ekanligini, nasib bo‘lsa, kuzgi to‘ylarga chiqishini aytib, karavotida bir pasgina qaddini tutib o‘tirar, ammo yana holsizlanib yotib qolardi.
- Polvon buva, do‘xtir-po‘xtirga ko‘rinsangiz bo‘lmaydimi? – derdi uni so‘rab keluvchilar.
- Ay-y... - noumiddek qo‘l silkirdi buva. -Ko‘rindim, foydasi yo‘q.
- A... E, nima bo‘lsayam dadil bo‘ling-e, sizga bunday yotish yarashmaydi, - derdi kelganlar oxiri nima deyishlarini bilmay.
- Tetikman... Xudoga shukr, tetikman, - quruqshab qolgan lablarini yalardi. - Qarilik-da... O‘zimam toza ichikib yotibman. Mana, bu yil ko‘pkarilarga ham chiqolmadim.
Polvon buva gap ko‘pkari haqida ketsa, bir yengil tortgandek bo‘ladi.
- Ay, og‘ayinlar, ko‘pkarilarda nima gap? Uloqdan gapiringlar-e, uloqdan...
- Sizning o‘rningiz bilinyapti-da... - so‘z o‘yinidek mulozamat qiladi qamchidoshlari.
- Hay, Xudoim taolo sog‘ligimni qaytarib, shu to‘shakdan turib ketsam, ko‘pkariga chiqaman, nasib bo‘lsa! Lekin bu qizi taloq ham hech qo‘yib yuboradiganga o‘xshamaydi...
Uch-to‘rt kun oldin o‘zimning buvam bilan borganimizda ham shunday dedi:
- E, Xidirboy, tetikman, ammo-lekin bedavo dardga yo‘liqdimmi deyman-da, oshna. Bilasiz, do‘xtirda shuncha yotdim. Har xil dorilar ichirdi, ukol qildi, o‘zgarish bo‘lmagandan keyin uyga javob berib yuborishdi.
- Nasib bo‘lsa yaxshi bo‘lib ketasiz, - ko‘nglini ko‘taray dedimi, ishonch bilan gapirdi buvam.
U kishi Polvon buvadan bir-ikki yosh kichik, ammo ikkovlari oshna.
- Xidirboy, yosham saksondan oshdi, - xirillab gapirdi Polvon buva.
- Unday demang, yoshga nima bo‘pti? Bulturlariyam yostiq tirsaklamay o‘tirardingiz. Siz bilan gurunglashgan odam hurmatingizni qilaman deb, belangi bo‘p qolardi.
- Qo‘ysangiz-chi, Xidir, - negadir shiftga qarab og‘ir xo‘rsindi Polvon buva. – Siz mening ko‘nglimni ko‘taray deysiz. Mening Jiyronga ko‘kayim kuyadi. Bir piyola sovuq choy bering. Labim qurib ketayapti...
Boyquvvat buva sovuq choyni mayda-mayda ho‘plab ichgach, biroz gaplashib o‘tirdi. Keyin yotib oldi, biz uyga qaytdik. Shundan keyin buvam har kuni oshnasinikiga qatnaydigan bo‘ldi. Bugun ham shomda shu yoqqa ketgandi. Uyimiz oldidan o‘ta turib, «Polvon omonat...» degandi otamga.
...Bir payt, endi-endi yulduzlar ucha boshlaganda, Boyquvvat buvaning uyi tomondan buvamning xavotirli ovozi keldi:
- Nazar, hov, Nazar!
- Ha, - dedi uyg‘oq yotgan otam sapchib turib.
- Bu yoqqa ke.
Otam kiyimlarini ham yechmay yotgan ekan-da, supadan sakrab tushib, orqasi kesib tashlangan rezina kalishni oyog‘iga ildi-yu, yugurib ketdi. Buvam bilan uchrashgach, uy oldiga qo‘yilgan lampochka yorug‘ida ko‘rib turibmiz, boshini bir-ikki qimirlatdi-da, iziga qaytdi. To‘g‘ri kelib, uy oldida, devorga suyab qo‘yilgan mototsiklini mindi. Enam «Ha, tinchlikmi?» degandi, eshitmadi ham, ariq yoqasidagi yo‘lga tushib ketdi. Qarab turdik: narigi qishloqqa yo‘l oldi. So‘ng yarim soatlarda qaytib, to‘g‘ri Polvon buvanikiga o‘tib ketdi. Mototsikldan salla o‘ragan odam tushdi.
- Mulla keldi-yov, - dedi enam ?zicha ?udranib. - Yosin o‘qitarmikan.
- Nima deysiz?
- Hech narsa... - enamning gapirgisi kelmadi.
Otam hadeganda kelavermadi, uxlab qolibman. Tong sahar Jiyronning yulqinib, tepsinib kishnashidan uyg‘onib ketdim. Qarasam, otam ham, enam ham yo‘q, ammo Boyquvvat buvaning uyining oldi odamga to‘la. Chopon kiyib, bel bog‘lagan qalpoqli kishilar uy oldiga to‘planishganicha ovoz berib-ovoz berib, ho‘ng-ho‘ng yig‘lashyapti:
- Buvam-ay, buvam-ay...
- Otam-ay, otam-ay...
Akamni uyg‘otay desam, allaqachon turib, qo‘ylarni dashtga haydab ketibdi. Turib, endi yuz-qo‘limni yuvgandim, enam halloslab yugurib keldi.
- Bozorjon, tashqarida turma. Ichkariga kir. Polvon buvang ketib qopti. Otang shu yoqda. Men hozir yana ketaman, sen singlingga qaraysan, – dedi-da, beshikni ikki gumbazidan ko‘tarib, ichkariga opkirdi. – Uyg‘onsa tebratasan.
- Mayli, - dedim, ammo enam ketishi bilan eshik oldiga chiqib oldim va zarang yerga o‘tirib, buvaning uyi tomonga qaradim: haliyam odamlar iz-iz yig‘lashar, bir pas jim turishib, yana shunday qilishardi...
- Polvon buva o‘lib qopti-da... - beixtiyor ko‘zlarimga yosh keldi. Mo‘ltiradim. Yengim bilan qarog‘larimni artib, yana o‘sha tomonga qaradim. Bechora Jiyron. Ot egasining o‘lganini bilgandek hech joyida turmas, arqonni uzgudek siltanib, uy tomonga sapchir, old oyoqlarini ko‘tarib kishnar, tinmay qoziq aylanganicha pishqirib chopgani chopgan edi. Odamlar yig‘idan to‘xtasa-da, otning pishqirig‘i to‘xtamas, Polvon buvaning derazasiga qarab kishnagani kishnagan edi. Bir payt buvaning katta o‘g‘li otni minmoqchi bo‘ldimi yo biror ko‘zdan pana joyga olmoqchi edimi, oshxona yonida yerdan qazilayotgan o‘choq boshidan ot yoniga keldi. Jiyron unga tutqich bermadi, qoziq aylanib chopdi. Vali aka arqonni ushlab, asta-asta otga yaqinlashgandi, Jiyron old oyoqlari bilan yer tepdi. Tishlamoqchi bo‘lgandek quloqlarini dikkaytirdi. Vali aka yaqinlashavergandi, tepmoqchi bo‘ldimi, orqa o‘girdi. Keyin chopib ketdi. Vali akaning arqonga o‘ralib yiqilishiga oz qoldi. Yana yaqinlashgandi, Jiyron uni tishlamoqchi bo‘lib quvib ketdi. Shunda uy oldida ovoz berib yig‘layotganlar orasidan Panji polvon chiqib, ot yoniga keldi.
- Vali, - dedi u kishi otga bir qarab qo‘yib, - bor, buvaning choponini opke.
Vali aka chorsi belbog‘ini to‘g‘rilay-to‘g‘rilay yugurib ichkariga kirdi-da, zum o‘tmay anchadan beri kiyilmay, buvaning karavotiga tashlab qo‘yilgan eski qora to‘nni olib chiqdi. Borganda ko‘rardim, to‘n buvaning bosh tomonida turardi. Uni nima qilarkin, deya hayron turgandim, Panji polvon to‘nni ko‘tarib, Jiyron tomon yurdi. Ot polvonni ko‘rib, battar pishqirdi, qoziqda aylanib chopdi. Qiziqqanimdan b?lsa kerak beshikni ham tashlab, ularning oldiga chopib bordim. Borsam, uy oldidan yaxshi ko‘rinmayotgan ekan, Jiyron qop-qora terga botgan, aylanaverib holdan toygan ekan. Yig‘lagandek ko‘z osti qanshari bilan jiqqa ho‘l edi.
Panji polvon qoziq aylanib chopayotgan otning arqonidan ushlab, ancha yaqinlashdi. Jiyron xuddi Vali akaga charslik qilgandek tepsindi, ammo Panji polvon o‘ng qo‘lini ko‘tarib, otni tinchlantirdi.
- Drrr!!! Hah! Drrr...
Jiyron polvondan qo‘rqdimi, bir-ikki tepsindi-da, jimidi. Panji polvon avval uning bo‘ynini siladi, keyin peshanasini.
- Bechora, yig‘labdi... - dedi u ezilib. So‘ng ot ayilini bo‘shatib, Vali akaga egarni olib kelishni buyurdi. Buvamdanmi, Polvon buvadanmi, «Egarlangan ot g‘ururli bo‘ladi!» degan gapni eshitgandim. Jiyron endi nima qilarkin, degandek Panji polvonning harakatlarini jimgina kuzatib turdim. U otni egarladi va chirgi yopgandek qora to‘nni egar ustidan tashlab qo‘ydi. Keyin yana ot yolini siladi, «Bardam bo‘l!» degandek to‘n yopilgan sag‘risiga urib-urib qo‘ydi. Jiyron bo‘ynini o‘girib polvonga bir qaradi-da, a’zoyi badanini silkib, kerishdi. Pishqirdi. Bu holdan hech qanday ma’no uqmagan bo‘lsam-da, kuzatishda davom etdim. Ot minnatdorchilik bildirgandek dumini silkidi va ikki marta qoziq aylanib chopdi-yu, uy oldidan kelayotgan uvvos hayqiriqqa quloq tutib, yana ochiq deraza tomonga tikilib qoldi. Ko‘zlarini yumgandi, hayratdan lol qoldim, yonoqlaridan yomg‘ir tomchisiday-tomchisiday yosh qanshariga dumaladi.
- Bechora... - dedi haliyam uni kuzatib turgan Panji polvon. Keyin borib, o‘z jigarbandining ko‘z yoshlarini artib qo‘ygandek choponi etagini qaytarib, g‘amzada otning peshanasini artdi. So‘ng bo‘ynidan quchdi. Jiyron Polvonning biqiniga boshini tiradi. Chamamda ular shunday bir-birlariga hamdardlik bildirishdi. Xuddi aka-ukadek, jon-jigardek...
Shundan keyin Jiyron negadir ertalabgidek pishqirmadi, qoziq aylanib chopmadi, bo‘ynini cho‘zib, egar ustidan qornigacha osilib, ikki yengi pastga shalvirab turgan choponni hidlab-hidlab qo‘ydi. Go‘yoki sohibining bo‘yini sog‘ingandek, shijoatini qo‘msagandek... Ammo tushki payt, odamlar zambilga o‘xshash taxtalik bir narsani buvaning eshigi oldiga chiqarishganda Jiyron tuyqus o‘zgardi. Qoziq aylanib chopaverib, atrofni changitib yubordi. Kishnayverib quloqlarni qomatga keltirdi. Yulqinib hurayotgan itning oyoq tagini tirnab tashlashidek har safar uy tomonga qaraganda old oyoqlari bilan yer tirnab, atrofiga tuproq sochdi. Turgan yerini kovlab tashladi. Bir zum bo‘lsin tinchimadi. Shunda Panji polvon Vali akani topib, nimadir dedi. Vali aka otasi yotgan uydan eski, kir-chir, chang bilan namdan allaqachon rangi va ohori yo‘qolib ketgan paxtalikni olib chiqdi. Bu – Polvon buvaning ko‘pkariga kiyadigan jandasi edi. Panji polvon jandani ko‘tarib, ot oldiga bordi va oldingi safargidek «Drrr, drrr» deya Jiyronni tinchlantirdi. So‘ng yana yollarini siladi. Unga dalda berdi Tasalli berdi. «Jiyron, og‘ir bo‘l...» degandek yana bo‘yniga urib-urib qo‘ydi. Keyin jandani otning boshiga o‘radi va yengini iyagi tagidan tang‘ib bog‘ladi. Ot birpas jim turdi, ammo uni aldashayotganini, ko‘zlarini shamg‘alat qilib, sohibini ko‘rsatmaslikka urinishayotganliklarini sezgandek yana pishqirib, tepsina ketdi. Endi qoziq aylanib chopmadi, ammo boshini goh u, goh bu tomonga silkidi, pishqirab kishnadi. Old oyoqlari bilan boshiga o‘rab tashlangan jandani tortqiladi. Yulqiladi.
Men bu paytda uy oldida, singilcham esa hamon beshikda edi...
Odamlar bir qator, qiblaga qarab, tik turishibdi. Oldinda kecha tunda kelgan sallalik chol qo‘llarini baland ko‘tarib, nimalarnidir o‘qiyapti. Allohu akbar, Allohu Akbar deyishyapti, ammo Polvon buvaning uyi oldi suv sepgandek jim-jit. Faqat Jiyronning pishqirishi va jandani tortqilab tepsinishi eshitiladi. Keyin orqada tizilishib o‘tirganlar negadir «Yo‘q, yo‘q...» deb chuvillashdi. «Yaxshi odamidi...» deya g‘udranishdi. Yana biroz vaqt o‘tib, yuzlariga fotiha tortishdilar-da, sallalik chol oldida turgan, alvon rangli mato yopilgan, «zambil»ga yopishdilar va yelkama-elka qilib, ariq yoqasidagi yo‘lda turgan yuk mashinasiga qarab olib ketishdi. Ular ketishayotganda ichkarida o‘tirgan ayollar tashqariga otilib chiqdi va uvvos solib yig‘lab yuborishdi. Boyquvvat buvaning xotini Zargul momo ko‘k kiyimiga o‘ranganicha eshikdan otilib chiqishi bilan dod solib pastga, mashina tomonga chopdi. Izidan qizlari, kelinlari. Vali aka ularni to‘xtatib qololmadi. Zargul momo odamlar orasini yorib o‘tdi va narvonga yopishdi. Chirqirab yig‘ladi. Ko‘kimtir azalik ro‘moli boshidan sirg‘alib, yerga tushdi. Vali aka yerdan ro‘molni oldi-yu, enasini quchoqlab, to‘xtatib qoldi. Momo qo‘llarini silkilab, yuk mashinasi tomonga uzatib-uzatib yig‘lar, yelkasidan bosgudek bo‘lib turgan o‘g‘lining ensasiga mushtlab-mushtlab urardi. Vali aka enasini qo‘yib yubormas, yelkasidan quchgancha bo‘yniga yuzini bosib, uv-uv yig‘lardi.
- Otam-ay, otam-ay... - derdi.
Shu payt qoziqda yulqinib yotgan Jiyron boshidan jandani chiqarib tashladi va bir sakrashda arqonini uzib yubordi. Kishnay-kishnay buvaning derazasi yoniga bordi va ichkariga mo‘raladi. Bo‘sh turgan karavotni ko‘rdimi, yo‘qmi, xuddi inson kabi ortiga qaytdi va odamlar to‘planib turgan mashina tomonga chopdi. Otning bu ahvolini ko‘rib yig‘ilganlar yoqa ushlashdi. «Tavba, tavba, ot ham insonga shunchalik mehr qo‘yarkan-da...» deyishdi. Jiyronning bo‘shalib ketganini ko‘rgan Vali aka ham, Panji polvon ham ichidan zil ketdi. Panji polvon mashinadan tushib, otni ushlamoqchi bo‘ldi, ammo Jiyron tutqich bermadi. Oldidan kelganni tishlagudek, ortidan kelganni tepgudek o‘ynoqladi. Dumini xoda qildi, mashina aylanib chopdi, mashinaga qarab kishnadi, yol silkidi.
- Kenglar, o‘rab ushlaymiz! – qichqirdi Panji polvon.
Shunda buvam mashina bortidan pastga qaddini egib, Polvonni qayirdi.
- Panji! Qo‘y, baribir ushlatmaydi, - dedi. - Bugun unga tegmanglar!
Mashina yurdi. Jiyron esa uyga qarab chopdi va boyagidek derazadan ichkariga qaradi. Bo‘sh karavotga ko‘zi tushdi, shekilli, yana iziga qaytdi va chang ko‘tarib jo‘nagan mashina ketidan chopdi...
Otamning aytishicha, ?shanda Jiyron to qishloq qabristongacha mashina izidan chopib boribdi. Kishnab, zo‘r berib chopa-chopa qora terga botib ketibdi. Odamlar uning kuyunishidan, jigarbandidan ayrilgan ona nolasidek mashina izidan pishqirib chopishidan ko‘zlariga yosh olibdi. Mayitni qo‘yayotganlarida ham ot bir zumga tinmabdi. Ularning atrofini aylanib, pishqirib yuribdi. Bir necha bor yaqin kelib, mayitni hidlabdi. Yer tepib qayta-qayta kishnabdi. Odamlar ortga qaytganda ham qabr atrofini aylanib chopibdi. Quloqlarini zinkaytirib, chim bosilgan qabrni hidlabdi, ziyoratchidek atrofni ikki-uch aylanibdi... Shunda:
- Nima qilamiz, Jiyron qolaveradimi? – so‘rabdi Panji polvon.
- Teginma, o‘zi uyga boradi, - debdi buvam.
Buvam aytgandek, Jiyron kechqurun o‘zi uyga qaytib keldi. Vali akaga ham, Panji polvonga ham tutqich bermay uy aylanib yurdi. Deraza tomonga qarab kishnab, Boyquvvat buvaning yaqinlari yurak-bag‘rini ezib yubordi. Ular Jiyronga qarab ham xuddi buvani ko‘rgandek yum-yum yig‘lashdi.
Jiyron qorong‘i tushganda ham tinmadi. Uy aylanib yurdi. Tutmoqchi bo‘lganlariga yon bermadi...
- Indamanglar, bo‘sh yursin,- dedi buvam.
O‘sha oqshom Jiyron allamahalgacha uy atrofida dupur-dupur qilib yuribdi. Uzib-uzib nolali-nolali kishnabdi. Hasratlanib, judolikdan kuyib yotgan Zargul momo ham, Vali aka ham otning ovozini eshitib, battar kuyibdilar, battar ezilibdilar... Ertalab turishsa, ot buva yotgan xonaning ochiq derazasi tagida yotganmish. Vali aka yugurib kelib, otni turtib-turtib ko‘ribdi, Jiyron qimirlamabdi...
Jiyron tuni bilan uyni aylanib yurib-yurib, tong sahar Boyquvvat buvaning derazasi tagida jon bergan ekan. Biz ham borib ko‘rdik. Jiyronning ko‘zlari ochiq edi...
Bu voqealarga ancha yil bo‘ldi. Hozir Boyquvvat shamolning uyi cho‘kib, ko‘rimsiz bo‘lib qolgan, Vali aka har yili uyni loysuvoq qiladi, ammo aslo buzib, o‘rniga yangi imorat solmaydi. Bunday qilolmaydi ham...