Shahardagi “Mehribonlik uyi” direktori Ilyos Ikromovich kutilmagan tashvishga qoldi. Axir kimsan, shaharning old boyvachchalaridan biri sanalmish Murod Hikmatovich “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi Gulbahor ismli qizni o‘z arzandasi Sherzod uchun kelinlikka so‘rab keldi!
Ilyos Ikromovich ikki o‘t orasida qoldi. O‘zicha uyida xotiniga maslahat solgan bo‘ldi.
“Yaxshi taklif, – dedi xotini o‘ychan bir qiyofada, – lekin baribir ehtiyot bo‘lgan tuzuk. Deddo‘mdagi qizlarning ko‘ngli yarim. Tag‘in qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmang.”
Ilyos Ikromovich ertasi kuni ishga borgach, xonasiga kirishdan oldin har kungidek hovlini bir aylanib chiqdi. Keyin Gulbahorlar o‘qigan guruhda tarbiyachi bo‘lgan, hozir ham Gulbahorni o‘z qizidek ko‘ruvchi Hamida Salomovani yoniga chaqirdi.
– Assalomu alaykum, Ilyos Ikromovich, – ikki yuzi qip-qizil, do‘mboqqina ayol direktor bilan ro‘baro‘ keldi.
– Vaalaykum assalom. Yaxshimisiz? Bolalarning kayfiyati qanday? – Ilyos Ikromovich odatiy savolni berdi.
– Yaxshi, – bosh silkidi Hamida opa. – Har doimgidek… bo‘ladi.
– Tinchlikmi?
– Ha…
– Yaxshi, – Ilyos Ikromovich bir yengil nafas oldi. – Hamidaxon, menga Gulbahorni chaqirib bering. Xonamga kirsin.
– Xo‘p, – Hamida opa direktorga qarab boshini qimirlatdi-yu, ichidan «tinchlik ekanmi, u kishining bolalarni alohida chaqiradigan odatlari yo‘q edi», degan shubha o‘tdi.
Bolalar nonushta qilib bo‘lishgach, Hamida opa qizlar bilan chevarlar xonasi tomonga ketayotgan Gulbahorni chaqirdi va direktor so‘raganligini aytdi.
– Tinchlik ekanmi? – dedi qiz hayron bo‘lib.
– Bilmadim. Bor-chi…
Gulbahor «Tag‘in birorta konkurs-ponkurs bo‘lsa kerak-da», deya yo‘l-yo‘lakay koridordagi oynaga bir qarab olib, qabulxonaga kirdi.
– O‘tir, – direktor uni ro‘parasidagi stulga chorladi. Gulbahor unamagandek qotib turavergandi, deraza tomondagi stulni qo‘li bilan nuqib ko‘rsatdi. – O‘tir, o‘tir…
Gulbahor ko‘rsatilgan stulga beholgina o‘tirarkan, aybdorligi uchun ota qarshisida bosh egayotgandek avvaliga hujjatlar qalashib turgan stolga tikilib turdi, so‘ng «Qulog‘im sizda» degandek direktorga yuzlandi.
– Gulbahor, qizim, senga bir gap aytmoqchi edim, – dedi Ilyos Ikromovich. So‘ng gapni nimadan boshlashni bilmay ikkilanib qoldi. Qo‘lidagi ruchka bilan bir-ikki stol chertgan bo‘ldi va unga mehr chashmasidek haqir nigohlarini qadab, halimlik bilan davom etdi: – Qizim, bu hayot. Vaqti kelsa yigitlar uylanishadi, qizlar esa turmushga chiqishadi. Azal-azaldan tiriklikning taomili shunaqa.
Gulbahor gap nima haqda ekanligini darrov ilg‘adi, shekilli, bir sapchib tushdi. So‘ng yuzini yashirdi.
– Gulbahor. Qizim, men sen uchun ham rahbar, ham ota, ham onaman. Nima qilsam, sizlarga yaxshi bo‘lsin, deb qilaman. Shu desang, seni bir yaxshi joydan so‘rashdi. Kelin qilishmoqchi ekan. Agar xo‘p desang... Bir narsa doim yodingda bo‘lsin, barchamiz sening baxtli bo‘lishingni istaymiz.
– Menga hech kim kerak emas! – dedi qiz bir mahal boshini ilkis ko‘tarib. – Qizim, ota-onam yo‘q deb o‘kinma. Senga yana bir narsani aytib qo‘yay, qaynota-qaynona ham ota-onadek bo‘lishadi. Avval bir yaxshilab o‘ylab ko‘r.
Gulbahor direktorning oxirgi so‘zlarini ham eshitmay, ho‘ngrab yig‘laganicha chiqib ketdi. Bugun u qachon diplom berilishini bilish uchun kollejga bormoqchi edi. Xo‘rligi kelganidan o‘qish joyiga ham borishni istamay xonasiga kirib, eshikni ichkaridan qulfladi-yu, o‘zini karavotga tashladi. Yuzini pokiza qalbi kabi g‘arib bo‘lib qolgan par yostiqqa bosib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. U qumga sepilgan suvdek par yostiqqa singib ketayotgan ko‘z yoshlarini tiya olmas, o‘pkasini bosolmasdi. U hech qachon ko‘ra olmagan, aniqrog‘i, ko‘rmagan, bir paytlar o‘z xayoli va tasavvuridagi ota-onasining siymosini ko‘z oldiga keltirdi-yu, battar o‘ksinib-o‘ksinib yig‘ladi. So‘ngra o‘rnidan turib, oyoqlarini osiltirib o‘tirdi. Karavot ustunida turgan sochiqni olib, yuz-ko‘zini artdi. Egilib karavot tagidan ilk bor chevarlar tanlovida g‘olib bo‘lganida tarbiyachisi Hamida Salomova sovg‘a qilgan, biroz eski bo‘lsa-da, ko‘rinishi chiroyli va ixchamgina jomadonni oldi. Ichini ag‘darib, turli xil eskizlar va andazalar tagidan tsellofanga o‘ralgan suratni oldi. Keyin jomadonni yopib, suratni uning ustiga qo‘ydi. Suratga o‘ychan va ma’yus tikilar ekan, yana ko‘zlariga yosh oldi.
– Oyi… oyijon...
Gulbahor qarshisidagi suratga tikilgan sayin ko‘z yoshlarini tiya olmas, ich-ichidan bir nima yulinib ketayotgandek bo‘lardi. Karton qog‘ozdagi surat tepasiga «Oyim, dadam va men» deya yozilgan edi. Ushbu suratning birinchi nusxasini u ilk bor esini tanib, o‘z ota-onasi bag‘rida emas, bolalar uyida yashayotganligini his qilgan, bu yerdagi hamma bolalar o‘zi kabi g‘arib ekanligini tushunib yetganda va tarbiyachilari ularni ovutish uchun «sening dadang bilan oying tirik, ular, albatta, bir kuni seni olib ketishga keladi», degan kunda chizgan edi.
Suratda uch-to‘rt yoshdagi: sochlariga popuk taqilgan, kulgulari beg‘ubor, qadamlari dadil va erka, oppoqqina, go‘zal bir qizaloqni o‘rtalariga olib, qo‘l ushlashib kelayotgan sadoqatli er-xotin tasvirlangan bo‘lib, orqa fonida yam-yashil maysazor va qip-qizil lolaqizg‘aldoqlar yastanib yotar edi… Bu surat yetti yoshli qizaloqning xayolot mevasi bo‘lib, unda yosh rassomning erka tasavvuri, o‘z aksini topgan, shirin kulgu va dadil qadamlarida uni yorqin kelajak kutayotganligi tarannum etilib, yonida ota-onasi borligi esa o‘zida parvozga shaylanib turgan qush tasavvurini uyg‘otar edi...
Ammo tarbiyachilar va’da qilganiga qaramay hech qachon uni izlab kelmadi.
Gulbahorning umidlari puchga chiqdi. U kun bo‘yi o‘rindiqda katta darvoza tomon termulib o‘tirardi.
– Ular meni yomon ko‘rishar ekan… – Gulbahor beixtiyor shunday dedi: – Meni yomon ko‘rishar ekan… Ha, yomon ko‘risharkan. Bo‘lmasa kelishardi.
U nozik yelkalari titraganicha mo‘ltirab o‘tirar, allaqachon quyosh botib, atrofni zulmat qoplayotgan edi. Shunda ham u joyidan qimirlamadi. Umidlari kabi daraxt barglari orasidan elas-elas ko‘zga tashlanib turgan olis ufqqa, botayotgan quyoshga tikilib o‘tirdi. U yana qancha vaqt o‘tirdi – bilmaydi. Bir mahal – yangi umidlar kabi ko‘kda yulduzlar paydo bo‘la boshlaganda kimdir uning yoniga kelib o‘tirdi.
– Gulbahor…
U «yalt» etib qaradi-yu, sochlarini silab turgan tarbiyachisi Hamida Salomovani ko‘rib, izillab yig‘lab yubordi.
– Bugun ham kelmadi…
– Yig‘lama, qizim, yig‘lama, – Hamida opa uning g‘arib boshini ko‘ksiga bosdi. Sochlarini siladi. –Keladi. Albatta keladi. Sen es-hushli, odobli qiz bo‘lsang, dadang bilan ayang, albatta, keladi. Kelgach «Voy, mening Gulbahor qizim buncha esli qiz bo‘pti» deydi.
Gulbahor tarbiyachisining quchog‘ida hiqillab-hiqillab jimib qoldi. So‘ng Hamida opa uni oshxonaga yetaklab kelib, ovqatlantirdi. Shunda Gulbahor tarbiyachisini xonasiga olib kirdi va karavoti ustida turgan suratni ko‘rsatdi.
– Qarang, men ularga sovg‘a tayyorlab qo‘ygandim… – dedi tarbiyachisining yuziga ilinj bilan boqib.
Suratni ko‘rib, Hamida opaning eti jimirlab, ich-ichidan bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. Tasvirga biroz tikilib qolgach, qizga dedi:
– Juda yaxshi chizibsan. Sendan ajoyib rassom chiqadi. Faqat bundan ham chiroyli chizishga harakat qil. Xo‘pmi? Chizgan surating qanchalik chiroyli bo‘lsa, dadang bilan ayang ham uni ko‘rib, shuncha xursand bo‘ladi.
Tarbiyachisining bergan bahosi va tasallisidan Gulbahorning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Xuddi ota-onasi kelib suratni ko‘rishi bilan «Yasha, qizim, o‘zimning ona qizim bu…» degandek bo‘lib ketdi. Shunda u Hamida opaga tikilib turdi va beixtiyor uning bo‘ynidan quchoqlab oldi.
– Sizni yaxshi ko‘raman…
– Men ham, qizim… – Hamida opa o‘z navbatida uni erkalab qo‘ydi.
Ertasi kuni esa Gulbahorga chizgan suratlari va eskizlarini solib qo‘yish uchun bitta jomadon va bir quti qalam olib kelib berdi.
Shundan beri Gulbahor otasi bilan onasining o‘sha – qo‘l ushlashib kelayotgan suratini chizadi. Har yili yigirma ikkinchi mart kelishi bilan uni qaytadan, kattaroq vatmanga tushiradi, ammo necha yildirki, uni so‘rab na ota-onasi, na boshqa birov keldi. U sakkiz yil, to o‘n besh yoshigacha faqat bitta suratni qayta-qayta chizdi va yorqin san’at asari darajasiga yetkazib qo‘ydi, ammo shundan keyin qaytib qo‘liga qalam olmadi. Eng so‘nggi nusxasini saqlab qoldi-yu, qolgan hammasini yirtib tashladi. Shundan so‘ng surat emas, liboslar uchun turli xil eskizlar chiza boshladi, chevarlikni o‘rgandi. Tanlovlarda qatnashdi, sovrinlar, olqishlar oldi, ammo hech qaysi so‘z u sog‘ingan va kutgan ota-ona so‘zidek jaranglamadi, tashna qalbiga malham bo‘lolmadi. Shunday bo‘lsa-da u har Navro‘zni va yigirma ikkinchi martni orziqib kutardi…
Bugun direktor qabulidan yig‘lab chiqqach kela solib, odatdagidek, suratni qo‘liga oldi. Nasib etmagan baxtiyor bolalik va hech qachon ko‘rmagan ota-onasining xayoliy siymosiga tikilib o‘tirarkan, beixtiyor lablari pichirladi.
– Oyijon… Dada… Qaerdasiz? Nega biror marta xabar olmaysizlar? Nega? Yoki meni shunchalar yomon ko‘rasizlarmi?
Gulbahor suratga tikilib turib, xayollarga g‘arq bo‘ldi. Shu bahona ichidagi dardlarini aytib-aytib, yig‘lab-yig‘lab oldi. Yuragini bo‘shatdi. Jonsiz surat bilan hasratlashdi, biroq bir qarorga kelolmadi.
– Ayting, nima qilay, oyi? Nima qilay? Ikki o‘t ichida qoldim…
Shu payt eshik qattiq taqilladi va ichkariga itarildi, ammo qulflanganligi bois ochilmadi.
– Hozir… – Gulbahor qo‘lidagi suratni karavoti ustida qoldirib, o‘rnidan turdi va ko‘z yoshlarini arta-arta eshikka borib, sekin kalitni buradi. Eshik ochilib, ostonada ko‘zlari xavotirga to‘la Hamida opa paydo bo‘ldi. Qizning qizarib ketgan qovoqlariga qaradi-yu, ichkariga kirar-kirmas uni so‘roqqa tutdi.
– Gulbahor, senga nima bo‘ldi, qizim?
Gulbahor javob bermadi, karavotiga qaytdi. Tarbiyachisi esa uning karavoti ustida yoyiq turgan ota-ona suratini ko‘rdi-yu, nimadir bo‘lganini darrov fahmladi. Qizning yoniga o‘tirdi-da, ko‘zlariga tikilgan ko‘yi so‘radi.
– Tinchlikmi, qizim? Direktor nega chaqirtirgan ekan?
Gulbahor javob berish o‘rniga ona kabi mehribon, suyanchiq bo‘lib qolgan sobiq tarbiyachisining yelkasiga bosh qo‘ydi-yu, yana yig‘lab yubordi.
– Gulbahor? Ayt-da, qizim, nima bo‘ldi? – Hamida karavot ustunida turgan sochiq bilan qizning ko‘z yoshlarini artib qo‘ydi.
– Meni uzatisharkan…
– Nima? – Hamida opa sapchib tushdi. O‘girilib, xuddi Gulbahorni birinchi marta ko‘rib turgandek boshdan oyoq razm soldi. Bir zum unga tikilib turgach, yana so‘radi: – Bu gapni senga kim aytdi?
Gulbahor javob o‘rnida direktor xonasi joylashgan narigi binoga ishora qildi.
– Kimga? – deb so‘radi botinmaygina tarbiyachi.
Gulbahor Hamida opaning mehr balqib turgan ko‘zlariga najotkorona tikildi va dedi:
– Yaqinda bizlarni sayohatga olib chiqdi-ku? O‘sha odamning o‘g‘liga…
– Murod Hikmatovich kelin qilmoqchi ekanmi?
Gulbahor «ha» degandek boshini silkitdi-yu, tarbiyachisining qo‘lidagi sochiqni olib yuziga bosdi.
– Nima qilay, opa? – Opajon, menga maslahat bering. Nima qilay?
Mening bu yerdagi yagona suyanchig‘im siz bilan Dilmurod.
– Dilmurod? – Hamida opa Gulbahorga tikildi. – Nima, u bilan oralaringda biror gap bormi?
– U bilan faqat do‘stmiz, – dedi Gulbahor yengilgina titroq va hayajon bilan. – Fikrimiz doim bir joydan chiqadi. U menga uylanmoqchi, ammo qo‘rqaman. Orzuga ayb yo‘q, xayollarga erk bermoq yaxshi, biroq uni amalga oshirish-chi? Shuning uchun Dilmurodga va’da bermaganman. Doim uning sevgisiga «bilmadim, hammasini vaqt ko‘rsatadi…» deya mujmal javob beraman.
– Uni sevasanmi? – Hamida opa kutilmaganda savol berdi. Gulbahor aynan shu savolni kutmagan edi, kalovlanib qoldi, ko‘zlarini olib qochdi. Keyin yana onasi kabi sirdosh, dildosh tarbiyachisiga yuzlandi.
– Shunday desa ham bo‘ladi...
Agar Dilmurodni desang, fikringni bir joyga qo‘y. Bo‘shashma. Sen ham iqtidorli qizsan. Iste’dod dengiz tubida yotgan gavhardek gap. Bir kunmas-bir kun albatta yuzaga chiqadi.
– To‘g‘ri… – o‘yga cho‘mdi Gulbahor. So‘ng parishon sochlarini yelkasi osha tashlarkan, chuqur uh tortdi va yana tarbiyachisidan so‘radi: – Hamida opa, menga to‘g‘risini ayting. Mening ota-onam bormi? Ular tirikmi? Tirik bo‘lsalar, nega kelishmaydi? O‘lgan bo‘lsalar, nega buni ham aytmaysiz?..
Hamida Salomova qizning mo‘ltirab turgan ko‘zlariga, g‘arib ko‘ngli aks etib turgan horg‘in chehrasiga tikildi. Bor haqiqatni aytish vaqti kelganligini sezdi.
– Rostini aytsam, Gulbahor, sening hujjatlaringda ota-onasi yo‘q, deyilgan. Seni umuman boshqa bir ayol olib kelgan. Uning kimligi esa noma’lum. Direktorning aytishicha, u seni topib olgan va bu yerga olib kelgan.
– Topib olgan? – Gulbahorning yuragini bir nima tirnab o‘tdi. – Bu nima deganingiz?
– Gulbahor… Qizim, sen so‘rading, men rostini aytayapman. Bu gaplarni bir kunmas-bir kun eshitarding. Haqiqat achchiq, – u shunday deya qizning boshini ko‘ksiga bosdi. – Yig‘lama, sen hali albatta baxtli bo‘lasan. Kim biladi, balki ota-onang tirik bo‘lsa, ularni ham toparsan. Agar ota-onangni kechirib, ularni topmoqchi bo‘lsang, senga yordam ham beraman, ammo bunga shoshilma. O‘sha seni olib kelgan ayol «Bu qizaloqning ota-onasi yo‘q. Bevaqt olamdan o‘tgan» deya ko‘rsatma bergan. Hadeb ko‘nglingni o‘ksitma. Undan ko‘ra, yaxshi niyat qil va ertani o‘yla. Bugun esa kimni tanlashingni hal qil. Qalbingga quloq sol…
Gulbahor ikkinchi qavat derazasidan pastga qarab turgan ko‘yi yig‘lab yubordi. Shu barobarida miyasiga tuman kabi yopirilib kelayotgan savollarga javob ham topgandek bo‘ldi. O‘zga xonadonga borgani bilan uni tushunishadimi, yo‘qmi? Uni yetimcha-etti kulcha, qabilida haqoratlashsa, nima qiladi? Boylik, obro‘, uy-joy bo‘lgani bilan oilada baxt, ko‘ngilda xotirjamlik bo‘lmasa, u hayotning nima keragi bor?! Dilmurodning taklifiga ko‘nib, u bilan o‘z olami va orzu-umidlarini baham ko‘rgani yaxshi. Bir-birlarini sevishadi, ardoqlashadi. Eng muhimi, tushunishadi. Ko‘ngillarini asrashadi.
– Hamida opa? – deya Gulbahor tarbiyachisining yoniga kelib o‘tirdi. – Opa, sizdan bir iltimos. Direktorning oldiga birga kiraylik. Men u kishi aytgan yigitga tegmayman!
Hamida Salomova bir pas o‘ylanib, unga tikilib turdi-da, dedi:
– Kaltabinlik qilma, Guli. Ilyos aka ham, biz ham senga faqat yaxshilik tilaymiz. Menimcha, u kishining taklifini qabul qilganing ma’qul.
Gulbahor hiqillab yig‘lashga tushdi. Hamida Salomova mehr bilan uning boshini siladi.
* * *
Dilmurod ohista kelib qizning yoniga o‘tirdi.
– Guli, bugun boshqachasan… Tinchlikmi, tobing yo‘qmi?
– Yo‘q, yaxshiman… – Gulbahor sir boy bermaslikka urindi. – O‘zingiz yaxshimisiz?
– Ha, yaxshi…
– Menga qara, yig‘ladingmi? Qovoqlaring shishib ketibdi.
Gulbahor javob berish o‘rniga chuqur nafas oldi.
– Guli, nega gapirmaysan? – Dilmurod yana savol berdi. – Bugun to‘garakda ham ko‘rinmading.
– Xonamda edim…
– Biror gap bo‘ldimi?
– …
– Guli, senga g‘amginlik yarashmaydi, – Dilmurod uning g‘am lashkarlari qo‘rg‘on qurgan ma’yus ko‘zlariga tikildi. – Bilasanmi, doim kulib yurishingni istayman. Agar uzoq yashay, mana shunday chiroyli bo‘lib yuray desang, hecham yig‘lamasliging, kayfiyatingni tushirmasliging kerak.
Gulbahor «xush kayfiyat bilan yurishning iloji bormi?» demoqchidek yigitga qaradi. U hozir Dilmurodga sirlarini oshkor qilib, dardini yorgisi kelar, ammo negadir bu gaplarni aytishga yuragi dov bermasdi.
– Bilaman, sen bilan menga yaxshi kayfiyat bilan yashash nasib qilmagan, ammo ertangi kundan umidimiz katta, to‘g‘rimi? Yaxshi niyat – yarim davlat. Orzuga ayb yo‘q. Mana ko‘rasan, hali hammasi yaxshi bo‘lib, bu kunlar unut bo‘lib ketadi. Davlatimiz bizga ko‘p imkoniyatlar bergan…
– To‘g‘ri… – bosh silkidi Gulbahor. – Ammo, bilasizmi, biz qanotsiz qushlarga o‘xshaymiz. Uchishimiz juda qiyin…
– Bu gapingga qo‘shilaman, ammo hech qachon tushkunlikka tushma. Ulug‘ maqsad bilan yashash kerak. Shundagina inson baxt nimaligini anglab yetadi.
– Baxt nimaligini? – Gulbahor o‘girilib Dilmurodga qaradi-yu, ko‘zlariga yosh oldi. – Ota-onasiz ham baxtli bo‘lish mumkinmi?
Dilmurod olis osmonga, tegrasida shitirlab turgan chinor barglariga tikilib qoldi.
U Gulbahorni qanchalik sevmasin, qanchalik ardoqlamasin, qalbidagi tug‘yonni, sevgisini doim ham oshkor etavermas, uning shundoq ham o‘ksik qalbiga malham bo‘lish o‘rniga, uni battar ezib, yara qilib qo‘yishdan qo‘rqardi. Dilmurod uning ham ko‘ngli borligini biladi, biroq ehtiroslariga erk beravermaydi. Nachora. Qismat unga shunday achchiq va benavo hayotni ravo ko‘rgan. U o‘zini sohilda teshik qayiqqa ko‘z tikib o‘tirgan yo‘lovchidek his etadi. Manzil uzoq, qayiq teshik. Ochiq dengizga tushishi bilan suvga g‘arq bo‘lib ketishdan qo‘rqadi...
Ular doim shunaqa. Beixtiyor, o‘zlari ham bilmagan holda uchrashib qolishadi. Bir-birlariga talpinadi, ammo besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, gaplari tugab qoladi va mana shunday ko‘zlarini bir nuqtaga tikkanicha xayolga cho‘mib o‘tirishadi. Bugun ham shunday bo‘ldi.
Bir mahal o‘rtadagi yo‘lakda Hamida Salomova paydo bo‘ldi va kimnidir izlay boshladi. Unga tasodifan ko‘zi tushgan Gulbahorning yuragi shuv etdi.
«Meni izlayapti… Boya direktor chaqirtirgan edi. Yana o‘sha masala… Yo, Xudoyim»
Xuddi u kutgandek bo‘ldi. Hamida opa atrofga alanglab, orqa yo‘laklarga, darvoza tomondagi daraxtlar tagida o‘tirgan bolalarga qaradi va:
– Gulbahor! – deb chaqirdi.
U «dik» etib o‘rnidan turdi va ovoz berdi.
– Bu yerdaman, opa…
– Bu yoqqa kel… – tarbiyachi uni imlab yoniga chaqirdi. Gulbahor sekin o‘rnidan turdi va nimalar bo‘layotganini tushunolmay angrayib turgan Dilmurodga bir qarab qo‘ydi-yu, Hamida opaning qarshisiga bordi. Tarbiyachi «men bilan yur» degandek uning qo‘ltig‘idan tutdi va hovli darvozasi qarshisida turgan bo‘sh o‘rindiq tomonga yetaklab ketdi. Yo‘l-yo‘lakay hech narsa demadi. O‘rindiqqa joylashib olgach, Gulbahorning bir qo‘lini kaftiga oldi va uning jovdirab turgan ko‘zlariga tikilib turib, sekingina gap boshladi.
– Boya direktor seni so‘radi.
Tarbiyachi gaplari qanday ta’sir etayotganligini bilmoqchiday qizning yuziga diqqat bilan qaradi va temirni qizig‘ida bosdi.
– Haligi, seni kelin qilmoqchi bo‘lgan kishi Ilyos Ikromovich bilan uchrashib, nima bo‘lganini so‘rabdi. Direktor ham vaziyat yaxshiligi, sening rad etmaganingni aytgan ekan. «Unda nimani kutib o‘tiribmiz? Qiz rozi bo‘lsa, to‘yni boshlaylik. Savob ishning ertaroq bo‘lgani yaxshi», debdi.
– Nima? – qalqib ketdi Gulbahor. – To‘y qilishmoqchimi? – So‘ng birdan boshini quyi egib, yuzini kaftlariga bosdi-yu, piqillab yig‘lab yubordi.
– Voy jinni. To‘yi bo‘ladigan qiz ham yig‘laydimi? – Hamida opa uni yupatishga tushdi. Boshini ko‘tarib, ko‘z yoshlarini artdi. – Qizim, aqlli eding-ku? Senga nima bo‘ldi? Uyat-e. Biz seni baxtli bo‘lsin, ota-onasi yo‘qligi bilinmasin, deb yaxshi bir joyga uzatmoqchi bo‘lsak, sening yig‘lashingni qara. Gap bunday, kelasi shanba kuni ikkalamiz kuyovning onasi bilan bozorga chiqarkanmiz… – So‘ng sumkasidan bir konvert chiqardi. – Ular senga kuyovning suratini ham berib yuborishibdi. Mana.
– Yo‘q, istamayman! – joyidan turib ketdi Gulbahor, – bozorgayam chiqmayman, ergayam tegmayman! Rasmiyam boshidan qolsin!
– Gulbahor, tentak bo‘lganmisan? – tarbiyachining tusi o‘zgardi. – Sening baxtingni o‘ylab, nima, baloga qoldimmi? Yo senga shu yer yaxshimi? Qachongacha birovlarning qo‘liga qarab o‘tirasan? A?
Gulbahor jim bo‘lib qoldi. Hamida opa esa va’z o‘qishdan to‘xtamasdi.
– Oila insonga kuch bag‘ishlaydi. Gaplarimni tushunayapsanmi? Er doim yoningda bo‘lguvchi madad, suyanchiq bo‘lsa, qaynota-qaynona qanot bo‘ladi. Shunda sen o‘zing aytgandek, qanotsiz qush emas, qanotlari mustahkam, manzil-makoni aniq, ozod va erkin qushga aylanasan. Mana shuning o‘zi ham baxt emasmi?
– Gapingiz to‘g‘ri… – dedi Gulbahor iymanibgina, – ammo negadir qo‘rqib ketayapman…
– Qo‘rqishing rost. Haqsan. Oila degani shunday bir mustahkam qo‘rg‘on bo‘ladiki, unga kirganingdan keyin yelkangdagi mas’uliyatdan tizzalaringga titroq kiradi. Ammo yodingda bo‘lsin, bu shirin azobni his eta bilishning o‘zi ham katta baxt. – Tarbiyasi shunday deya konvertni qo‘liga tutqazdi. – Gulbahor, qizim, kaftingda turgan baxt qushini uchirib yuborma. U bir marta keladi…
– Dilmurod-chi? – bu so‘z kutilmaganda qizning og‘zidan chiqib ketdi.
– U bilan faqat do‘stmiz, deding-ku. Do‘stlik boshqa, ishq boshqa. Oila esa umuman boshqa dunyo. – Hamida opa qizning qalbiga yanada chuqurroq kirib borishni istadi. Nasib bo‘lsa, vaqti kelib o‘zing tushunib yetasan. Xullas, gap bunday, kelasi shanba va yakshanba kunlari ikkalamiz bo‘lajak onang, ya’ni qaynonang bilan senga sarpolar, umuman, to‘yga nima kerak, barchasini xarid qilar ekanmiz. Mebel deysanmi, kiyim-kechakmi, hammasini. Keyin to‘y kuni kiyishing uchun kelin ko‘ylak – fata ham tanlaymiz...
– Fata tanlaymiz?..
Kelin ko‘ylakni eshitganda qizning etlari jimirlab, yelkasi va sochlari orasida chumoli o‘rmalayotgandek bo‘ldi. Konvert tutgan barmoqlari titrab, kaftlari qizib ketdi. Ko‘z oldiga ulkan to‘yxona va davra to‘rida xuddi malikalardek yasanib, baxtdan yuzlari lov-lov yonib turgan, oppoq libosdagi sohibjamol kelinchak keldi. U xo‘rsinib endigina qorayib kelayotgan ufqqa tikildi…
So‘ngra ich-ichidan toshib chiqqan titroq, hayajon bilan tarbiyachisini quchoqlab oldi.
– Opajon, sizni yaxshi ko‘raman, – Gulbahorning gaplarida soddalik bilan birga o‘zini taqdir hukmiga tashlab qo‘yish mavjud edi.
– Men ham… – Hamida opa uning sochlarini siladi. – Baxtli bo‘l, qizim. Baxtli bo‘l…
Ular bir lahza shunday turib qolishdi.
Hamida opa qizni bag‘ridan bo‘shatib, binoga qarab yurdi. Gulbahor esa yo‘lak o‘rtasida turib qoldi. Uning ahvoli sahro o‘rtasidagi yo‘lovchini eslatardi. Bu holda qolish – yo‘qlikka yuz tutish, yo‘lni davom ettirmoq esa o‘ta xavotirli, tavakkal. Ammo yashash kerak! Yashash!
Gulbahor konvertni mahkam tutgancha, ichidagi suratni ko‘rmoqchi bo‘lib, yo‘lak bo‘ylab bino tomonga qaytayotgan edi, yon tomondan, «Guli?» degan ovoz eshitildi. O‘girilib qarasa, ikki qadam narida yana Dilmurod turibdi.
– Nima gap, tinchlikmi?
Gulbahor yigitga tikilgan kuyi, «tinchlik» dedi-yu, konvertni qaerga yashirishni bilmay kalovlanib qoldi.
– Tinchlikmi, Hamida opa nima deyapti?
Qiz so‘z aytmoqqa og‘iz juftladi-yu, tomog‘iga bir nima tiqilgandek bo‘ldi. Ko‘zlarini olib qochdi.
– Men ketishim kerak, – dedi kutilmaganda. Dilmurod esa uning qo‘llariga yopishdi.
– To‘xta, ketma…
Gulbahor yigitning qo‘llarini silkib tashlolmadi.
– Senga nima bo‘lyapti? – Dilmurod yana so‘radi. – Mendan nimanidir yashirayapsan… Ayt, nima bo‘ldi?
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q, – titrab ketdi qiz.
– Yolg‘on gapirma… Sen bilan men aldashni eplolmaymiz. Ko‘zlaring sotib qo‘yadi. Yuragim sezib turibdi, Hamida opa seni bekorga darvoza tomonga olib bormadi. Sen ham bekorga yig‘lamading… Qo‘lingdagi konvertda nima bor?!
– Ko‘rib o‘tirgan ekansiz-da… – Gulbahor Dilmurodga qaradi. So‘ng yana ko‘zlarini olib qochdi. – Men ketishim kerak.
– Nimalar bo‘layapti o‘zi, Gulbahor? – Dilmurod uning qorachiqlarida qalqib turgan ko‘z yoshni ko‘rdi-yu, yo‘lakdan o‘tib qaytayotgan bolalarga ham e’tibor bermasdan bilagidan ushlab, yonidagi o‘rindiqqa chorladi. – Rostini ayt, nimalar bo‘lyapti o‘zi?
Gulbahor baribir chidolmadi…
– To‘yim bo‘lyapti! – dedi-yu, qiz uni siltab tashlab, yotoqxona tomonga yugurib ketdi.
– A? To‘ying? – Dilmurod yugurib ketayotgan qiz ortidan qarab qoldi. So‘ng alamdan ikki qo‘li bilan ko‘ksiga mushtladi. Yana Gulbahor ketgan yo‘lakka tikildi. Uning yotoqxonaga kirib ketganini ko‘rdi-yu, bo‘g‘inlari bo‘shashib o‘rindiqqa o‘tirib qoldi. So‘ng bo‘g‘zini to‘ldirib qichqirib yubordi.
– Gulbahor, seni sevaman! Eshityapsanmi, seni sevaman!
Ammo uning qichqirig‘i shunchaki bir pichirlash bo‘lib lablaridan uchdi. Dilmurod so‘ngsiz xayolga cho‘mdi. Olis osmonga, yulduzlarga boqdi. Ana shunda somon yo‘lidan bir nur ajralib tushib, uning qalbiga tushgandek, beixtiyor tiliga so‘zlar shodasi quyilib kela boshladi…
Sen ketarsan hasratlanib,
Men qolarman dog‘-dog‘ bilan.
Na yonib, na sendan tonib,
Benasib bir ardog‘ bilan.
Oh, osmon yiroq, yer qattiq,
O‘rtanurman, lek netay?
Azob bormi, bundan ortiq,
Boshim olib qayga ketay?
Bir yon ummon, bir yon sahro,
O‘rtasida devonaman.
Ajab savdo, dayri dunyo,
Nur izlagan parvonaman.
Qo‘lim kalta, qanotim yo‘q,
Ayting, bu ne qismatdir?
Quvonchim tush, bayotim yo‘q,
Balki bu ham hikmatdir?
Yo‘l ber, yo‘ldosh bergin – bexatar,
Qo‘llarimdan o‘zing tut, Tangrim.
Benavoman, qalbim o‘rtanar,
Ato etgil, haq so‘zni, Tangrim…
Dilmurod bir oz yengil tortdi, ammo uni shunday ojiz, umidsizu jur’atsiz qilib qo‘ygan taqdiridan o‘kinib ketdi. Nega bunchalik baxtsiz ekanligi sababini izlayotgan yigit o‘tgan kunlarining eng qora va eng ayanchli lahzalariga sayohat qila boshladi…
* * *
O‘shanda u birinchi sinfda o‘qirdi. Maktabga borishdan oldin to‘shakka mixlanib, ranglari bo‘z¬day oqarib, qovoqlari ichiga tortib ketgani yetmagandek xiyol ko‘kargan, nigohlari shiftda osilib turgan gulqog‘ozga qadalib, go‘yo u uzilib tushsa o‘zining-da joni uzilgudek nochor, quruqshab ketayotgan lablarini tamshaganicha undan najot so‘ragandek tikilib turuvchi onajonisiga qarardi. Bemor onasi u ivitib, og‘ziga tutgan nonni chaynar, arang yutar va bemador tanasini ko‘tarib, ikki ho‘plamgina choy ichar, so‘ng ma’yus ko‘zlarini eshik oldida termulibgina turgan o‘g‘liga tikib:
– Bolam, maktabingga bormaysanmi? – derdi. So‘ng hansirab nafas olganicha davom etardi: – Dilmurodjon, menga qarama, yaxshiman… Yaxshiman. Anuv sovuq choyni oldimga qo‘ygin-da, o‘qishingga borib kel, bolam. Hademay dadang ham kelib qoladi.
– Dadam kechasi kelmadi-ku.
– Biror ishi chiqib qolgandir-da… – ona chuqur uh tortardi.
U xontaxta ustida turgan choynakni divanning yon tomonida, onasining qo‘li yetadigan joyda qoldirib, jildini qo‘liga olganicha eshikni o‘zi qulflab maktabiga yo‘l olar, o‘qishi tugashi bilan uyga chopardi...
Necha kun, necha oydirki, oyijonisi sog‘ayish o‘rniga battar og‘irlashib borar, avvallari ovqatini turib yegan, kiyimlarini o‘zi yuvgan, o‘g‘li bilan eriga ovqat pishirib bergan bo‘lsa, endi bularning tamoman aksi bo‘layotgandi… Ovqatni xolasi kunda-kunora kelib pishirib berar, kirlarini yuvib, hojatiga ham chiqolmay qolgan, to o‘g‘li maktabdan kelgunicha izza bo‘lib o‘tiradigan opasiga qarashib ketardi…
– Kasaling jonimga tegib ketdi! – dedi dadasi bir kuni va mashinasida shifoxonaga olib ketdi. O‘n kun davolandi, ammo yaxshi bo‘lmadi.
Oyisini bir ahvolda uyga olib kelishdi. O‘sha kuni mashinadan dadasiga qo‘shilib, kichik xolasi va buvisi tushdi. Ular oyisini ikki qo‘ltig‘idan tutib, uchinchi qavatga, uyga olib chiqishdi-yu, mana shu o‘rta uydagi divanga yotqizishdi. O‘shandan beri oyisining ahvoli o‘nglanmadi. Oyisi butunlay to‘shakka mixlanib qolganidan so‘ng dadasi uydan kam xabar oladigan, kunda-kunora bir kelib-ketadigan va tunlari umuman qorasini ko‘rsatmaydigan odat chiqardi. Oyisi unga yozg‘irardi:
– Dadasi, qaerlarda yuribsiz-a? Kechasi o‘lib qolay dedim… Yaxshiyam shu Dilmurodjon bilan Gulnora xola bor ekan. Bo‘lmasa...
Bir kuni dadasi qalampir yutgandek aftini burishtirib oyisiga g‘azab bilan qaradi.
– Baloyam urmaydi senga. O‘lsang, shu vaqtgacha o‘larding-da… Necha yildan beri ahvoling shu.
– Dadasi, nafasingizni issiq qiling… Bilaman, umid yo‘q, lekin yonimda bo‘lib tursangiz nima bo‘ladi… – oyisi lablariga ko‘rpa chetini bosganicha yig‘lab yubordi. – Hech kimga keragim bo‘lmay qoldi. Meni bunday qiynaguncha jonimni olsa bo‘lmasmidi...
– So‘rayver, oladi… – zarda qildi dadasi. So‘ng tsellofan idishda olib kelgan dorilarini iddao bilan divan ustiga qo‘ydi.
Onasi dorilarga qaradi. So‘ngra umr yo‘ldoshiga jovdirab, umidvor tikildi.
– Dadasi, iltimos, yonimda bo‘ling. Sizga aytadigan gaplarim bor.
Dilmurod dadasi bilan oyisi nima haqda gaplashayotganiga tushunmay shiftga, osilib, uzilay-uzilay deb turgan gulqog‘ozga qarab turardi. «Shu gulqog‘oz uzilib tushsa, oyim ham o‘lsa kerak… Har kuni shunga tikilib yotadi…»
Bola qo‘qqis miyasiga urilgan o‘ydan seskanib ketdi. Bu vaqtda oyisi dadasiga allanimalar der, ammo u eshitishni istamasdi.
Ertalab tursa, uy to‘la odam. Kichkina xolasi, buvisi, bobosi, tog‘alari, hatto dadasi chopon kiyib, belini bog‘lab olibdi. Tog‘alari ham. Tayoqqa suyanib, arang yuruvchi buvisi bilan xolalari oyisining boshida ovoz berib-ovoz berib yig‘lashayapti. U hech narsaga tushunolmay qoldi. Qo‘rqib kichik xolasining qo‘lidan tutdi-da, izillab yig‘lab yubordi. Shundan so‘ng xolasi u bilan bo‘lib, tushgacha avrab, aldab o‘tirdi, ammo marhumani olib chiqishayotganida shu vaqtgacha «qo‘rqmasin, ko‘ngli o‘ksinmasin, vaqti bilan tushuntiramiz», deb o‘tirgan ayollar chidolmadi, baravariga o‘kirib yig‘lab yuborishdi. Xolasi ham uni bag‘riga bosganicha:
– Dilmurodjon, oyingdan ayrilib qoldik. Endi senga oyi qayda, Dilmurodjo-o-on?! Peshanaginang qursin, Dilmuro-od... Sho‘rginang qursin… – deya bor alamini, dardu hasratlarini aytib-aytib yig‘ladi.
U yomon tush ko‘rib, alahsirab uyg‘ongandek qotib qoldi...
Marhumaning xudoyisi o‘tkazilgandan so‘ng qaynona bilan kuyov Dilmurodning kim bilan qolishi borasida bahslashib qoldi.
– Siz ko‘chaning odami. Ishga borasiz, boshqa qilasiz, – buvi kuyovini qanchalik yomon ko‘rmasin, nevarasi, marhuma qizining hurmati uchun halimlik bilan dedi. – To qirq kungacha men shu yerda qolaman. Har holda o‘likning hurmati.
– Qirq kundan keyin-chi? – deb yubordi qaynonasining bir kun ham bu yerda turishini istamagan Normurod.
– Men aslida shuni o‘ylayapman... – buvining ko‘zlari milt-milt yoshga to‘ldi. – Dilmurodjon nima qilarkan deyapman-da…
– Nevaramni olib ketaman, degan xayolda bo‘lsangiz, adashasiz, – dedi Normurod qo‘rslik bilan. – Dilmurod men bilan qoladi. U endi yosh bola emas. Birinchi sinfda o‘qiyapti.
– O‘ninchi sinfda o‘qisayam, bolaga ota-ona mehri kerak. E’tibor kerak…
– Men tirikman!
* * *
...Yo‘lakdagi o‘rindiqda o‘tirgan Dilmurod boshini mahkam changalladi.
«Hammasiga dadam sababchi… – Dilmurodning ko‘zlarida yosh qalqidi, – oyimning vafotidan ko‘p o‘tmay o‘sha jiblajibonni olib keldi-yu, hayotim zahar-zaqqumga aylandi. Men dadam bilan o‘sha alvastining o‘g‘li emas, malayiga aylandim. Boshimdan o‘tgan xo‘rliklarni o‘zim bilaman… Hech kim bunday xo‘rlik ko‘rmasin. Bu yerda faqat ota-ona diydori qahat… Qolgan hammasi joyida. Chunki boshimizda davlat bor…»
Dilmurod xotirasining qat-qatida yashirin yotgan hasratli kunlarini kinotasmaga muhrlangan kadrlar kabi bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazar ekan og‘ir xo‘rsindi. Hayotining bunday tus olishi va qismati bu qadar ayanchli kechishiga faqat dadasi sababchi ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldi.
«…Dadamning johilligi sabab rahmatli oyijonim bilan buvijonimnikiga istagan vaqtimizda borolmasdik. Oyijonim og‘ir betob bo‘lib qolgach, buvimlarnikiga ham, xolamlarnikiga ham borolmay qoldik. O‘zlari kelib ketardilar. Shuning uchun ham men ularning uylari qaerda ekanligini hozir ham bilmayman. Birinchi sinfda ham oxirigacha o‘qimadim. Dadam xotinining makriga uchib, meni bu yerga olib keldi. Bu yerdan bir necha bor qochib ketmoqchi bo‘ldim, biroq qayoqqa borishni bilmadim. Ikki marta qochib, o‘zim o‘qigan maktabni mo‘ljal qilib, uyimizgacha bordim. Dadamlar qayoqqadir ko‘chib ketishibdi. Keyin qo‘shnimiz Gulnora xolamni surishtirdim. Erining lavozimi oshib, oilasi bilan boshqa shaharga ko‘chib ketishibdi…»
Shundan so‘ng qaytib u joylarga bormadi, hech bo‘lmasa tog‘amlar izlab kelishar, degan xayolda yurdi. Biroq bu orada buvi qizining hasratida vafot etgan, tog‘alari bilan xolasi esa uni dadasi bilan ketgan deya o‘ylar, bir-ikki marta kelib, Gulnora xolaning ham oilasi bilan ko‘chib ketganini, boshqa qo‘shnilarning esa ular haqida hech qanday ma’lumot bilmasligini eshitgach, «Bunaqa qo‘shnichiliklaringdan ham o‘rguldim!» deya taqdirga tan berib, biror joydan xushxabar kelib qolar, deya kutib o‘tirishardi...
Dilmurod judolikka, ayriliq va sog‘inch azoblariga-da ko‘nikdi, biroq doim ona mehrini qo‘msab yashadi.
Ko‘nglidagini she’rga to‘kdi.
Sizni sog‘inaman, onajon, har kun,
Dilimda iltijo, ko‘zlarimda yosh.
Alamdan, o‘kinchdan bo‘lgancha dilxun,
Armonli nidolar ko‘tarmoqda bosh.
Onajon, nachora, bumi bir qismat?
Beshafqat taqdirning achchiq qamchisi?
Go‘yoki ko‘ngilda ayanch bir zulmat-
Yoz fasli quyilgan yomg‘ir tomchisi…
Bilaman, hasratdan endi ne chora,
Lek qayga yashirgum orzu-tilakni?
Kechalar bo‘lgancha dilginam pora,
Sog‘inch o‘rtay boshlar o‘ksik yurakni…
Alamlar tumandek tarqalar asta,
Taskinlar oqadi dilga kun sayin,
Endi men yashayman soppa-sog‘ xasta,
Bilardingiz…
ortda qolganga qiyin…
U hozir sevgilisidan ayrilayotganini o‘ylab, bag‘ri xun bo‘lib o‘tirarkan, Gulbahor yashaydigan xona derazasiga qarab qo‘ydi. U Gulbahorning hovliga chiqib kelishini kutib allamahalgacha joyidan turmadi. Do‘stlari, xonadoshlari «Nega bunday o‘tiribsan? Ketdik, xonamizga kiramiz…» deyishdi, ammo u joyidan qimirlamadi. Ikkinchi qavat derazasiga tikilganicha g‘ussaga botib o‘tiraverdi.
«Avval mehribon oyijonimdan ayrilgan, yaqinlarimni yo‘qotgan bo‘lsam, endi sevganimdan ham ayrilayapman. Bevafo dunyo... Qancha-qancha orzularimiz bor edi, hammasi ro‘yo ekan... Uning ixtiyori hozir o‘zida emas, mening esa qo‘lim kalta… Cho‘kayotib xasga yopishayotgan odamga o‘xshayman…»
Dilmurod endi nima qilish kerakligi haqida uzoq o‘yladi. Nazarida Gulbahor tuzoqqa tushgan ohu edi... Umid bilan joyidan qo‘zg‘aldi-da, ikkinchi qavatga chiqib, Gulbahor yashaydigan xona eshigini taqillatdi. Ichkaridan Gulbahorning xonadosh dugonasi chiqdi va unga savol nazari bilan boqdi…
– Gulini chaqirib yubor…
– Hozir… – qiz unga bir sinovchan nigoh tashladi-yu, ichkariga kirib ketdi. Ikki-uch daqaqa o‘tib, tag‘in eshikdan mo‘raladi.
– Guli chiqolmas ekan…
– Nega?
– Bilmadim, o‘zi shunday dedi, – qizning ovozi siniq edi. So‘ngra sekingina qo‘shib qo‘ydi: – Ikki suratning o‘rtasida yig‘lab o‘tiribdi. Oldingizga chiqishga yuzi chidamas emish...
– Yuzi? – Dilmurod titrab ketdi. So‘ng bu yerda turishga ortiq hojat qolmaganini his etdi-da, iziga qaytdi. Uzun yo‘lak bo‘ylab qaytar ekan, dili xufton edi. – Xudoyim, shuncha azobing yetmasmidi?..
U hovliga chiqib o‘rindiqda muk tushib o‘tirgancha o‘ziga-o‘zi savollar berdi, biroq so‘roqlari javobsiz qoldi. Dengizni qo‘msagan odam loyqa hovuzdan bahra ololmaydi…
U taqdirga tan bergancha o‘z xonasiga kirib keldi va xonadoshlarini hayron qoldirib karavotiga yotdi-yu, boshini sog‘inchu hasrat ko‘zyoshlari singib ketgan ko‘rpasiga o‘rab oldi.
* * *
Dugonalari bilan nonushta qilib, endi hovliga chiqayotgan Gulbahor uni direktor qabulxonasi tomonidan kelayotgan Hamida opa imlab chaqirdi. Iymanibgina yoniga borgandi, tarbiyachisi dedi:
– Shu yerda kutib turaman, tezda kiyinib chiq. Hademay ular kelib qolishadi.
– Kim?
– Kim bo‘lardi, bo‘lajak qaynonang…
Gulbahor bir lahza eshik oldida kalovlanib turgach sirg‘alibgina ichkari kirdi, o‘zicha ko‘rkam hisoblagan kiyimlarini kiydi. Ko‘zgu yonida o‘tirib, yuz-ko‘ziga qaragan, sochlarini taragan bo‘ldi. So‘ngra karavotining bosh tomonidagi devorga osig‘liq suratga bir nigoh tashladi-da, tashqariladi.
– Oh-ho, ochilib ketibsan-ku, – dedi Hamida opa uning bir oz ohori to‘kilgan esa-da o‘ziga yarashib turgan kostyum-yubkasiga qarab. – Guli, rostini aytsam, senga havasim keladi. Qanday libos kiymagin hammasi yarashadi. Bu ham bir baxting-da, Guli…
Hozir qiz tarbiyachining bu gaplarni nega aytganini ajratib, qaysi gapi to‘g‘ri-yu, qaysi biri uning kayfiyatini ko‘tarish uchun aytilayotganini farqlay olmadi.
Shu payt Hamida opaning qo‘l telefoni jiringladi-yu, qisqa muloqotdan so‘ng u Gulbahorga dedi:
– Ilyos Ikromovich telefon qilayaptilar, bizni darvoza oldida kutishayotgan ekan…
– Hamida opa… – Gulbahor unga nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, aytolmadi.
Qizni g‘aroyib bir kuch tarbiyachisining ketidan ergashtirib, darvoza tomonga olib bordi. Yo‘l-yo‘lakay u atrofiga qarab-qarab qo‘yar, yo‘lak bo‘ylab, o‘rindiqlarda gaplashib o‘tirgan yoki darsga borayotgan bolalar go‘yo unga hayratlanib-hayratlanib qarayotgandek, xuddi ular orasida yoki qaysidir o‘rindiqda Dilmurod unga nafrat bilan tikilib turgandek tuyulib ketdi. Darvozadan chiqib, oq «Neksiya» yonida jilmayibgina turgan oq ro‘molli, o‘rta bo‘y, istarasi issiq, xuddi tushda ko‘rgani kabi kulgichlari o‘ynab turgan munis bir ayolga ko‘zi tushdi-yu, Gulbahorning a’zoi-badani titrab ketdi. «Nahotki tushimda shu ayolni ko‘rgan bo‘lsam?»
Hamida Salomova atrofga bir nigoh tashlab, ularni kutayotgan ayol shu ekanligiga amin bo‘ldi.
– Assalomu alaykum, – dedi tarbiyachi, ayol yaqin kelgach.
– Assalomu alaykum, – haligi ayol ham tavoze bilan salom berdi-da, qo‘l tutib salomlashdi. – Omonmisiz, singlim? Siz Hamidaxon bo‘lsangiz kerak-a? – Ayol tasdiq javobini olgach tarbiyachisining yonida yer yorilsa-yu, yerga kirib ketgudek bo‘lib turgan qizga – keliniga qaradi.
– Assalomu alaykum…
Ayol titrab, kipriklari pir-pir uchib, barmoqlarini labiga bosib turgan qizning bilagiga qo‘l tekkizib:
– Qizim, yaxshimisiz? – dedi. Keyin unga sinovchan nigoh tashladi. Kelishgan bo‘y-basti, uzun sochlari, kulcha yuzi, jimitdek burnigacha ser soldi. – Aylanay sizdan. Ayni ko‘nglimdagi qiz-a?! Bolam, iloyim ko‘z tegmasin.
Ayol Gulbahorning peshonasidan o‘pib qo‘yarkan, ularni mashinaga taklif qildi. O‘zi haydovchi yoniga, Hamida opa bilan Gulbahor orqa o‘rindiqqa o‘tirgach mashina yo‘lga tushdi.
– Qizimni ko‘rib, hayajonlandimmi yo kelinlik davrlarim esimga tushib ketdimi, ismimni aytish ham yodimdan ko‘tarilibdi. Hamidaxon, siz ham eslatmabsiz-a, – ayol jilmayib, gaplarini hazilga yo‘ydi va o‘rtadagi jimlikni buzdi: – Ismim, Muqaddas.
– Ilyos Ikromovich aytgandilar, – dedi Hamida opa odob yuzasidan. – Ammo siz u kishi ta’riflaganlaridan ham ochiqko‘ngil, mehribon ayol ekansiz.
– Hamidaxon, besh kunlik dunyoda kimgadir yaxshilik qilib, izingizdan yaxshi nom qoldirib ketolmasangiz, yashadim deyishning o‘zi ahmoqlik. Qaldirg‘och ham har bahorda ayvonga in qurib, bola ochadi, og‘zida suv, ozuqa tashib, bolalarini uchirma qiladi. E’tibor qilsangiz, bu juda katta ish. Biz inson bo‘lib, bir qaldirg‘och ishini qilolmasak uyat. – Muqaddas opa bu gaplarni aytarkan Gulbahorga sinchkov nazar tashlab qo‘ydi. Qiz qizaribgina o‘tirar, xijolatdan iloji bo‘lsa mashinadan chiqib qochgudek bo‘lardi.
Muqaddas opaning bo‘lajak kelinidan ko‘ngli to‘ldi. Tashqi ko‘rinishi, odob saqlab, lab tishlagancha iymanibgina turishlari ham aynan ular istagan qiz… Faqat, hamma gap o‘g‘lining uyaltirib qo‘ymasligi va to‘ydan keyin kelinning aynib qolmasligida…
Shu vaqt mashinada noqulay vaziyat yuzaga keldi. Gulbahor erta kelin bo‘lib borsa, u yerdagilar bilan qanday chiqishib ketishi, bu ayol mehribon bo‘lgani bilan o‘zi kelmay suratini berib yuborgan, qadimgilardek qallig‘ini to‘y kuni ko‘rishni istagan o‘g‘li qandayligi haqida o‘ylab borar, negadir xo‘rligi kelib, to‘yib yig‘lashni istardi. Hamida opa bo‘lsa ortiqcha biror gap aytib qo‘ymaslik, shundoq ham bu bo‘lajak qaynota – Murod Hikmatovichning obro‘siga mos ish bo‘lmayotgani, bu yerda nimadir borligidan shubhada bo‘lganidan ehtiyotkor edi. Muqaddas opa imkon qadar bo‘lajak kelinda yaxshi taassurot qoldirish, uni «Bolam, qizim», deb yuragining tub-tubida yashirinib, armonlar xazoni ostida qolib ketgan hislarini uyg‘otish ishtiyoqida yonar, ammo bu nozik munosabatni oshirib yuborishdan ham cho‘chirdi…
Mashinadagi noqulay vaziyat to haydovchi gavjum ko‘chalardan o‘tib, shaharning eng ko‘zga ko‘ringan bozoriga yetib borguncha ham o‘nglanmadi. Faqatgina Muqaddas opaning eri qo‘ng‘iroq qilib, nimadir dedi, shekilli, u kishi «Yaxshi, hammasi joyida», deb qo‘ydi. Ammo negadir bu gapni aytishi bilan qizarib ketdi…
– Ob-havoyam isib ketdi, – dedi u eri bilan gaplashib bo‘lgach. – Ko‘chada buncha mashina ko‘p bo‘lmasa.
Nihoyat, bozorga yetib kelishdi va kerakli narsalarning barchasini xarid qilishdi. Haydovchi yigit olingan gazlama-yu, kiyim-kechaklarni mashinaga tashib turdi, Muqaddas opa «zora kelinimning kayfiyati ko‘tarilib, qovog‘i ochilsa» deya har bir yaxshi libosni ikkitadan xarid qildi. Gulbahorni kiyim-kechakka burkab tashladi, biroq qizning chiroyi ochilmadi. «Ikki kiyimlik mato bilan bo‘lsayam o‘z ota-onamning uyidan kelin bo‘lsaydim… – o‘yladi Gulbahor ich-ichidan alam bilan. – Meni har lahzada ming xijolatga qo‘yayotgan, sha’nimga ham tegib, qandaydir tahqirlanishimga sabab bo‘layotgan bu narsalar meni baxtli qilib, yara qalbimga malham bo‘larmidi?»
Bozordan manaman degan ikki kelinning sarposiga yetgudek qilingan xarid Gulbahorning ko‘ngliga zarracha quvonch baxsh etmadi, aksincha, xo‘rligini keltirdi. Go‘yo bu sa’y-harakatlar joni uzilayotgan odamning og‘ziga tomizilgan suv kabi besamar edi.
U bozordan chiqib, go‘zallik salonlarining biriga kelganida, chiroyli kelin ko‘ylakni kiyib, oynaga qaraganda sevinchdanmi, armondanmi yig‘lab yubordi. Shunda Hamida opa unga dalda bo‘ldi.
– Yig‘lama, hali sen eng chiroyli, eng baxtli kelinchak bo‘lasan!
– Hamida opa… – Gulbahor oqqush misol yurib keldi-da, o‘zini tarbiyachisining bag‘riga otdi. Qizning ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi. Shunda Muqaddas opa qo‘lidagi dastro‘molchasi bilan bo‘lajak kelinchakning ko‘z yoshlarini artdi.
– Qizim, yig‘lamang. Siz yig‘lasangiz, mening ham yuragim eziladi. Sizni o‘z qizimday ko‘raman. Bo‘lmasa, birgina suratingizni ko‘riboq yaxshi ko‘rib qolarmidim... – Muqaddas opa qizning sochlarini to‘g‘rilab peshanasidan o‘pib qo‘ydi. – Baxtli bo‘ling. Ammo yig‘lamang, hali hammasi oldinda. Nasib bo‘lsa, hali sizga odamlarning havasi kelib yuradi.
Bu gaplardan Gulbahorning ko‘ngli bir oz yorishgandek bo‘ldi va ilk bor boshini ko‘tarib, bo‘lajak qaynonasiga qaradi, siniqqina jilmaydi.
– Jilmayishlaridan aylanay! – Muqaddas opa uning yelkasiga qoqib qo‘ydi va bo‘g‘ziga tiqilib kelgan g‘ussasini «g‘ilt» etkizib yutdi.
Ular go‘zallik salonida kelinchak libosiga buyurtma berishgach ancha yengil tortishib, bir-birlariga mehrlari iyib chiqishdi.
* * *
Shanba kungi kechki ovqatdan so‘ng ikkinchi qavatda Gulbahorning o‘z xonasiga qaytib kelishini kutib turgan Dilmurod qiz yo‘lakda paydo bo‘lishi bilan yo‘lini to‘sdi va dedi:
– Guli? To‘xta, senga aytadigan muhim gapim bor...
Qiz shundoq ham kuyib turgan yuraklarini battar kuydirmaslik uchun xuddi uning so‘zlarini eshitmagandek yonidan o‘tib ketmoqchi edi, Dilmurod shart bilagidan tutdi-da, o‘ziga qaratdi.
– Guli?
– Qo‘yvoring, orqadan bolalar kelayapti, – dedi qiz.
– Yo‘q, men bilan yur, – Dilmurod qizni hovliga chorladi. – Gaplashib olishimiz kerak.
Qiz nima qilishini bilmay, o‘ylanib qoldi. So‘ngra dedi:
– Xo‘p, hozir chiqaman…
– Aniqmi?
Gulbahor «Nima, biror marta yolg‘on gapirganmidim?» degandek yovqarash qilgan edi, Dilmurod ishondi va katta darvozaga chiqish yo‘lagida kutib turishini aytib iziga qaytdi.
Shom vaqti. Quyosh botib, atrofni zulmat saltanati o‘z chekiga ola boshlagan, kunduz payti qizigan yer tafti va kechki salqinlik uyg‘unlashib, ajib bir tarovat baxsh etgan palla. «Mehribonlik uyi» hovlisini yarador qalblarning o‘ksik bir sado balqib turuvchi chug‘uri tutgan. Dilmurodning nigohi qattiq yerda, xayoli Gulbahorda edi. U taxta o‘rindiqda muk tushib o‘tirgancha yana so‘ngsiz xayollarga cho‘mar, sevgilisi kelgach aytilajak gaplar, uning yurak-yuragini o‘rtab yuboruvchi so‘zlariga o‘zini tayyorlar, go‘yo Gulbahor kelib «Dilmurod, sizni sevaman! Siz mening hayotimsiz!» deydigandek, nedandir quvonib ham qo‘yar, tag‘in bugun hammasi tugasa-chi, degan hadik ham bor edi.
Dilmurod shunday Xazin xayollar og‘ushida o‘tirganida bino tomondan go‘yo ulkan bir gunoh ish qilib qo‘ygan-u, endi kechirim so‘rash uchun kelayotgan osiy kabi bir-bir qadam bosib, andishasidan atrofga qarashga-da yuragi dov bermay kelayotgan Gulbahorga ko‘zi tushdi-yu, quvonganidan irg‘ib o‘rnidan turib ketdi. Gulbahor iymanibgina kelib, uning qarshisida jim turib qoldi.
– Kel, o‘tir, – dedi Dilmurod. So‘ng o‘qilmagan kitob kabi sirli bo‘lib, nigohlari bir nuqtaga qadalib turgan qizdan so‘radi: – To‘y kuning belgilangani rostmi?
Qiz yelkasidan og‘ir yuk tashlagandek bir xo‘rsinib javob berdi:
– Ha. Kelasi shanba…
Bu gapdan Dilmurodning yuragi siqildi.
– Tegasanmi?
Shunda Gulbahor irg‘ib o‘rnidan turdi-yu:
– Nega meni buncha qiynaysiz-a?! – deya o‘ksindi. Dilmurod uning bilagidan tutib, o‘ziga qaratdi.
– Guli, istasang, shu bugunoq qochib ketamiz. Eshitayapsanmi, qochib ketamiz!
– Nimalar deyapsiz? – dedi Gulbahor. – Men ham ota-onam bo‘lishini, o‘z uyim xizmatini qilishni xohlayman. Tushunsangiz-chi, qachongacha bu yerda, tosh devorlar orasida yashab yuramiz?! A, qachongacha?!
– Demak... demak mendan voz kechibsan-da?
– Iltimos, meni qiynamang! Shundoq ham ezilib ketdim. Bilasiz-ku, biz bu yerda qanotsiz qushlarga o‘xshaymiz. Shunday bo‘lgach, ayting, qanday isyon qila olamiz? Qarindosh-urug‘imiz bo‘lmasa, qochib qaerga ham borardik? – Gulbahor bu gaplarni ayta turib, battar o‘ksidi va azoyi-badani bo‘shashib ketgan Dilmurodning panjalaridan bilaklarini ozod qildi-yu, izillab yig‘laganicha xonasi tomon chopib ketdi.
Dilmurod telbadek bo‘lib, yo‘lak o‘rtasida turib qoldi. U Gulbahor aytgan achchiq haqiqat – sovuq xanjar misol ko‘ksiga qadalgan so‘zdan aql-hushini yo‘qotgan edi. U yana «Gulbahor!» deb qichqirmoqchi bo‘ldi, ammo endi kech, bu o‘zining qo‘li kaltaligi kabi bekor, izidan chaqirgani bilan visol undan olislab borayotgani, unga eltuvchi yo‘llar berk ekani kabi haqiqat bo‘lib qoldi.
U bo‘g‘zini kuydirib kelgan g‘ussasini ichga yutgancha qaytib o‘rindiqqa o‘tirdi va g‘arib boshini kaftlari orasiga oldi.
– Xudoyim, o‘zing madad ber… O‘zing yarlaqa…
Shu lahzada borliqni qoplab kelayotgan zulmat etagi Dilmurodning boshiga o‘ralib qolgandek tuyuldi. U ko‘zlarini yumgancha muk tushib o‘tirar ekan yana o‘z taqdiridan, uni shu ko‘yga solgan o‘gay onasi va subutsiz padaridan nafratlanib ketdi. U bir muddat shu kuyi o‘tirgach go‘yo ilohiy bir to‘lqindan seskanib ketgandek boshini ko‘tardi, o‘zicha pichirladi:
– Yo‘q! Orqaga yo‘l yo‘q! Shunday ekan, endi men barchasidan qasos olaman! Shunday qasos yo‘lini tanlayki…
Dilmurod qancha vaqt o‘yga cho‘mib o‘tirganini bilmaydi, bir mahal yelkasiga qo‘yilgan kaft taftidan seskanib ketdi. Boshini ko‘tarsa, xonadosh do‘sti Ahror ekan.
– Tinchlikmi? Xonaga ham bormading?
– Tinchlik… – bosh chayqadi Dilmurod. Keyin atrofiga qaradi. Vaqt allamahal bo‘lgan, hovlida ulardan boshqa hech kim yo‘q edi. U do‘stiga sinovchan nigoh tashladi-da, sekin joyidan turdi.
– Senga nima bo‘ldi? – so‘radi Ahror. – Yana Gulbahormi?
Dilmurod gapirishni istamadi, chuqur uh tortdi-da, olis osmonga qaradi. Ko‘k yuzini yulduzlar qoplagan, qibla tomondan siniqqina nur sochgancha yarim oy botmoqda. Oy botishi va yulduzlarning daraxt barglari orasidan so‘nik ko‘rinishi yigitga go‘yo armonga aylangan orzular, umid uchqunlari bo‘lib tuyuldi. U binoga yaqinlashishi bilan qizlar bo‘limi tomonga, ikkinchi qavatga qaradi. Deyarli barcha chiroqlar o‘chirilgan, ammo birgina xonaning chirog‘i yoniq…
«Uyam uxlolmay o‘tiribdi… Uning ham vijdoni qiynalayapti, ammo chorasiz… U ham inson. O‘zi aytganidek, ota-onasi, oilasi bo‘lishini, bir oilaning baxtiyor kelinchagi bo‘lishni istaydi… Menga tekkanda-chi? Nima qilardik… Osmon yiroq, yer qattiq, deb shunga aytsalar kerak-da…»
– Dilmurod?
U seskanib ketdi, ammo buni sezdirmaslikka urindi. Xonasiga chiqdi-yu, do‘stiga «Yaxshi yotib tur» deb boshini ko‘rpaga o‘rab oldi. Ancha vaqtgacha goh u tomonga-goh bu tomonga ag‘darildi. Oxiri joyidan turdi va yarim ochiq derazadan tashqariga qaradi. Oy botibdi…
U chuqur uh tortdi. So‘ng yulduzlarga tikildi va yana xayolga cho‘mdi. Qalbiga bir og‘riq, bir dard, bir hasrat indi. Beixtiyor tiliga so‘z quyilib kela boshladi…
Go‘dak edim oynadek tiniq,
Buloq suvi misoli zilol.
Orzular ham emasdi siniq
Men go‘yoki sen edim – hilol…
Bilar edim, o, o‘sha damlar
Maysa edim, billuriy shabnam.
Qo‘nolmasdi ko‘zimga namlar
Topar edim istasam malham.
Bugun esa qanotlar majruh,
Izlarimda tentirar armon.
Unsiz yig‘lar adashgan bir ruh,
Hislariga berolmay farmon.
Taqdirning zo‘r sinovimi bu,
Haqni ko‘rib, holim bo‘ldi voy…
Tark etay der munisa tuyg‘u,
Dog‘laringni ko‘rganimda, oy…
Kecha boshqa edim, bugun men boshqa…
* * *
Nogoh Hamida Salomovaning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Gulbahorning bo‘lajak qaynonasi telefon qilayotgan ekan...
Qisqa so‘rashuvdan so‘ng Muqaddas opaning ularni kelishilgan go‘zallik salonida kutib turgani ma’lum bo‘ldi.
– Qani, qizlar, ketdik, – dedi Hamida opa. – Bizni salonda kutishayotgan ekan.
Gulbahor joyida turib qoldi.
– Guli, nimaga turib qolding? Ketdik…
Tarbiyachisining ovozidan qiz bir qalqib ketdi va eshikka yurdi. Binodan chiqib, ularni kutib turgan mashina tomon borarkan, hovli uning ko‘zlariga fayzli, uni derazadan va yo‘laklarda kuzatib qolayotgan yigit-qizlar juda qadrdon tuyulib ketdi…
Go‘zallik salonida Muqaddas opa ularni kutib turgan ekan. Gulbahorni ichkariga kiritib, pardozchi qizning qo‘liga topshirdi. Pardoz tugagach, unga atab xarid qilingan kelin libosi kiygizildi. Sochlari jingalak bo‘lib, tiniq yuziga mayingina upa surilib, kipriklari uzun-uzun, qoshlari qayrilma, lablari olu, yuzlari g‘unchaga aylangan Gulbahorga kelin ko‘ylak shu qadar yarashdiki, oynaga qarab bundan o‘zi ham quvonib ketdi. Qiz husniga husn qo‘shilib, go‘yoki ertaklardagi malikaga aylanganidan bir sevingan bo‘lsa, negadir yig‘lagisi ham keldi. Uni ko‘rib, Hamida opa bilan dugonasi Nasibaning chehrasi yorishib ketdi. «Guli, judayam ochilib ketibsan!», deya yuzlaridan o‘pib oldi. Bo‘lajak qaynonasi esa quvonchidan yorilgudek edi.
– Voy… voy…, – dedi qayta-qayta. So‘ngra «Iloyim ko‘z tegmasin!» deya yerga qarab turgan qizning peshonasidan o‘pib erkaladi. – Go‘zal qizim mening. Iloyim, hayotingiz ham shunday go‘zal bo‘lsin...
– Guli, juda chiroyli kelin bo‘lding, – dedi Hamida opa uni erkalab. – Rosti, senga havasim kelayapti.
– …
– Seni ko‘rib, kelin bo‘lgan vaqtlarim yodimga tushib ketdi.
– Opa, – dedi Gulbahor sekingina, – negadir juda hayajonlanayapman…
– Bunday bo‘lishi tabiiy... – kuldi Hamida opa. – Axir to‘ying bo‘layapti... Kelinlik shunisi bilan yoqimli… – jilmaydi Hamida opa. – Bugun senga hamma narsa yarashadi. Ko‘nglim sezayapti, sen albatta baxtli bo‘lasan…
Kelinchak tayyor bo‘lgach, uni tashqariga olib chiqishdi. Eshik oldida oppoq «Limuzin» mashinasi, uning yonida ikkita barvasta yigit sigareta chekib turishardi.
«Kuyov mashinadamikin?» – Gulbahorning miyasida birdan shu o‘y kechdi.
Uni mashina tomon yetaklab borisharkan, yigitlar g‘imirlab qolishdi. Gulbahor qattiq hayajonda edi. Uning yonidagilar ham lom-mim deyishmas, barchaning nigohi mashinada bo‘lib, ularni ham «Kuyov kim?» degan savol qiynardi. Bir vaqt yigitlar «Limuzin»ning orqa eshigini ochishdi. Shunda mashinadan qop-qora kostyum-shim kiygan, o‘rta bo‘yli, yumaloq yuzli, ammo qarashlari xiyol o‘zgacha, nigohlarida ziyraklik va hadik balqib turgan kuyov yigit labiga oppoq dastro‘molchani bosgancha tushib keldi. Avval oyisiga, so‘ngra harir libosda lov-lov yonib turgan kelinchakka nigoh tashladi. Muqaddas opaning ishorasi bilan kelinchakka yaqin kelganida latif bir holat yuzaga keldi. Mashina yonida haydovchi bilan kuyovjo‘ra, bu tomonda Hamida opa, Nasiba va jarayonni boshqarib turgan Muqaddas opa. Ulardan bir qadam oldinda bugun ilk bor bir-birlarini ko‘rib turgan kelin-kuyov. Yigit hayajonda, qiz titroqda. Yigit to‘lqinlanar, qiz ikkilanar, yigit qizning go‘zalligidan sevinar, qizning aqli shoshar, yigit havolanar, qiz xavotirlanar... Yigit osmonlarda uchar, qiz ko‘kda oy kabi kezardi...
Yigit unga yaqin kelganida Gulbahor hayajonlanganidan «Assalomu alaykum», dedi, biroq buni na kuyov eshitdi, na o‘zi. Kuyov yigit unga yaqin keldi-da, tavoze’ bilan qo‘lidagi guldastani tutdi. Qiz muhabbat tuhfasini olarkan, siniqqina jilmaydi. Shunda nigohlar to‘qnashdi va qalblarga uchqun tushdi. Go‘yoki qizning boshi aylanib ketgandek bo‘ldi va kinolarda, ko‘cha-ko‘ylarda ko‘rganidek ohista yigitning qo‘ltig‘idan tutdi. Atrofda ularni kuzatib turganlar qiyqirib yuborishdi.
– Xudoga shukr… – dedi yigitning onasi xuddi yelkasidan og‘ir bir yukni tushirgandek.
Hamida Salomova esa astagina bosh irg‘ab qo‘ydi. U hozir nega Muqaddas opaning o‘zi yugurib-elib yurganiga hayron bo‘lar, kuyov yigitning opa-singillari, xolayu ammalari yo‘qmikan, degan o‘y miyasida g‘ujg‘on aylanardi. U yana bir narsani – kuyov yigit faqatgina oyisining ishorasi bilan harakat qilayotganini ham ilg‘agandek bo‘ldi...
Kelin-kuyov «Limuzin»ga o‘tirishgach, ularning mashinasidan Nasiba bilan yana ikki yigit joy olishdi. Shundan so‘ng Muqaddas opaning buyrug‘i bilan kelin-kuyov yoshlarning yangi taomiliga ko‘ra, shahar aylanishga va Ona haykali poyiga gul qo‘yishga ketishdi.
– Bizning bu yerdagi ishlarimiz bo‘ldi. Endi ZAGSga boramiz. Yoshlar o‘zlari shaharni aylanib kelaverishadi.
– Gul qo‘yish marosimida bizdan ham qizlar keladimi?
– Ha, ikkita mashina yuborganmiz. O‘zi hozir qizlarni olib kelishgandir.
– Muqaddas opa, unda men ularning yonida bo‘lganim yaxshi. Har holda… – Hamida opa boshqa gapirolmadi.
– Sizni tushundim, – dedi kuyovning onasi. – Mayli, unda qizlarning yonida bo‘ling, men sizlarni ZAGSda kutaman.
– Xo‘p.
Hamida opa o‘ziga birkitilgan mashinaga o‘tirar ekan, Muqaddas opaning tadbirkorligiga qoyil qoldi. Nazarida bu ayol erkaklardek uddaburon va zukko edi. Biroq ko‘zlarining tub-tubida qandaydir o‘kinch va iztirob ham borligi tarbiyachining ziyrak e’tiboridan chetda qolmadi.
U mashinadan tushganida kelin-kuyov endi mashinadan tushib, motamsaro Ona haykali tomon borishar, yigit jim, qiz esa qattiq hayajon bilan bir-bir qadam tashlar, etagi sudralmasligi uchun unga yordam berib kelayotgan Nasibaga qarab-qarab qo‘yardi. Kuyov yigit qo‘ltig‘idan tutib kelayotgan qizning titroqlarini sezib turar, biroq hech kimga gapirmas, biror nima demoqchi bo‘lsa yonidagilarga bosh irg‘ab yoki qosh qoqib ishora qilardi. Kuyov yigitning bunday xatti-harakatlarini Gulbahor andishaga yo‘yib, hech bir sinoat axtarmagan bo‘lsa-da, Hamida opa kuyovning o‘zini tutishi va harakatlaridan «bu yigitda bir sir bor…» degan xulosaga keldi, ammo bu nima ekanligini anglolmadi.
Ona haykali poyiga gul qo‘yayotganda Gulbahorning ko‘zlarida beixtiyor yosh qalqdi. Go‘yoki u qo‘lidagi guldastani ramziy haykal poyiga emas, xuddi o‘z onasi poyiga qo‘yayotgandek tuyulib ketdi… Buni kuzatib turgan Hamida opa «Bechoragina…» deb qo‘ydi. So‘ng kelin-kuyov shaharning eng ko‘zga ko‘ringan fotosalonlaridan biriga borib, suratga tushishdi. Shunda ham ular begonalardek, xuddi ming yillik adovatni ortmoqlab yurgandek o‘zaro gaplashishmadi. So‘ng «Baxt uyi»ga yo‘l olishdi.
Gulbahor ilk bor FXDYo tadbirida qatnashayotganligi, qolaversa, o‘zining to‘yi ekanligi uchun bu yerdagi rasmiyatchiliklarga e’tibor bermadi, uyalibgina, labini tishlab turdi. Hamida opa esa bu yerda ham bir narsaga hayron bo‘ldi: mudira ularni tabriklab, rasman er-xotin deb e’lon qilishga qildi-yu, FHDYo ichki qonun-qoidasiga ko‘ra, ulardan rozilik so‘rash o‘rniga ikki yoshning bir-birlariga nikoh uzuklarini taqishlariga ruxsat berib yubordi…
Hamida Salomova shunday jumboqli o‘ylar og‘ushida mashinalar karvoni bilan «Mehribonlik uyi»ga keldi. Bu yerda tarbiyalanuvchilar qo‘llariga shar, gul ko‘tarib, kelin-kuyovni kutib turishar, ular bugun juda shod, ko‘zlari kulib turardi. Asosiy yo‘lakda esa «Mehribonlik uyi»ning doirachilar to‘garagi a’zolari doira bilan shay turishardi. Darvoza oldida «Limuzin»dan tushgan kelin-kuyov Muqaddas opaning ishorasi, doira «dumbur-dumbur»i bilan «Mehribonlik uyi» hovlisiga kirib kelishdi. Ikki yosh ichkaridagi manzarani ko‘rib, hayratdan lol qolishdi. Xijolatda qolgan kuyov boshini yanada quyiroq egdi, kelinchak esa yo‘lakning ikki chetini to‘ldirib turgan yigit-qizlar, bolajonlar tabassumini ko‘rib, beixtiyor ko‘zlariga yosh oldi. Ular orasida Dilmurodning ham bo‘lishi yoki qaerdadir kuzatib turganini, mabodo uchrashib qolsa nima qilishini o‘ylab titrab ketdi. Tarbiyalanuvchilar Gulbahorni oppoq libosda ko‘rib, qattiq hayajonlanishar, ko‘zlari quvnar, ayrim qizaloqlar esa yugurib kelib uning etagini ushlab ko‘rishar, katta yoshdagilar unga havas bilan tikilar, xayolan samolarda kezib yurar, vaqtiki kelib o‘zlarini Gulbahordan-da baxtliroq his etgandek bo‘lardi…
Kelin-kuyov turli nigohlar, baland-past bo‘ylar, kulgan chehralar va qotgan diydalar orasidan o‘tib, bino oldidagi ochiq maydongacha kelishdi. Bu yerda Ilyos Ikromovich boshliq o‘qituvchilar yig‘ilib turishar, har birining nigohlaridan ikki yoshga nimadir tilak bildirmoqchi ekanligi shundoqqina sezilib turardi. Tarbiyachi ayollar Gulbahorni o‘pib, kuyov yigitning yelkasiga qoqib, ularni baxtli onlari, visol kunlari bilan qutlab, sokin hayot, baxtiyor turmush va yorqin kelajak tilashdi. Tabrik va qutlovlar tugagach Ilyos Ikromovich o‘rtaga chiqib, ikki yoshning ro‘parasiga keldi.
– Azizlarim, o‘g‘il-qizlarim! – deya nutqini boshladi u. – Barchamiz bugun bir ajoyib voqeaning guvohi bo‘lib turibmiz. Buning sababchilari, albatta, kuyovimiz Sherzodjon hamda qizimiz Gulbahoroylar. Men bu ikki yoshga uzoq umr, baxt-saodat tilayman. Ilohim, o‘g‘il-qizlari ko‘p bo‘lib, elimizga, yurtimizga xizmat qiladigan solih farzandlar bo‘lishsin.
– Aytganingiz kelsin! – deyishdi atrofdagilar gulduros qarsaklar chalishib.
– Azizlarim, kimdir «Mehribonlik uyi» g‘am-g‘ussaga botganlar makoni desa, ular adashgan bo‘ladi, – deya so‘zini davom ettirdi Ilyos Ikromovich, – Mana, bu yerdan nechta o‘g‘il-qiz mustaqil hayotga qadam qo‘yib, o‘z o‘rnini topib ketishdi. Ammo bizni bir armon doimo qiynab keladi. Bu ota-ona diydori… Tilagim, barcha bolalar ota-onasi bilan bo‘lsin, ammo hayotda shunday beburd va nomard ota-onalar bor ekanki, sizu biz bu yerdamiz, davlat qaramog‘idamiz. Shunday ekan faqat olg‘a intilishimiz, ezgu niyat bilan o‘qishimiz, ishlashimiz kerak. Ana shunda hammasi yaxshi bo‘ladi. Mana shunday qizlardan biri, bilasizlar, Gulbahor edi. Bugun u shodlik va xurramlik libosida! Tilagim, vaqti kelib, barcha yigitlarimiz kuyov, qizlarimiz mana shunday go‘zal kelinchaklar bo‘lishsin! Hammangizga baxt tilayman!
Direktorning gapidan so‘ng hammalari qarsak chalib yuborishdi. Ammo kimlardir yuziga kaftini bosgancha yugurib, xonasiga chiqib ketdi, kimlardir ko‘kka boqib, chuqur-chuqur nafas oldi, ko‘pchilik esa aytilgan gaplarga ishondi. Gulbahorning to‘yini buning isboti deya kelin-kuyov atrofida qolishdi. Direktordan so‘ng ikki-uchta tarbiyachi ham dil izhorlarini aytib, bu yerdagi yoshlarga baxt sari yo‘l olish faqat o‘zlarining qo‘lida ekanligi, har birining bunga haqqi borligini e’tirof etishdi.
Shu vaqt atrofdagi bolalar orasidan bir qizaloq otilib chiqdi-da, xuddi darsdagidek o‘ng qo‘lini ko‘tardi.
– Gapirsam maylimi?
Hamma «yarq» etib unga qaradi.
– Mayli, gapir, qizim, – dedi Ilyos Ikromovich.
– Guli opa, – deya so‘z boshladi qizcha, – sizga havasim kelayapti. Judayam ochilib ketibsiz. Juda chiroyli kelinchak bo‘libsiz… – qizcha shu yerga kelganda atrofiga bir qarab oldi va boshini egdi. – Men ham sizday chiroyli kelinchak bo‘lishni istayman, ammo mening ota-onam yo‘q… Ular meni tashlab ketishgan...
Shu vaqt tarbiyachilar orasidan badqovoq bir ayol yugurib o‘rtaga chiqdi-da, qizchaning bilagidan tutdi.
– Yur bu yoqqa! – deya uni sudrab chekkaga olib chiqdi. Qizcha oyoqlarini tirab, o‘zini orqaga tashladi:
– Guli opa! Meniyam olib keting! Guli opa...
– Tentakmisan, – tarbiyachi qizchani siltab tashladi. Keyin kaftlarini shapaloq qilib ko‘rsatdi: – O‘chir ovozingni! Bo‘lmasa...
Qizcha jim bo‘ldi. Atrofdagilar bir tarbiyachiga, bir qizchaga qaradi. Uning mo‘ltirab turgan ko‘zlariga qarab beixtiyor yangi kelgan damlarini, ko‘nikish soatlarini esladi va qaroqlaridagi shodlik o‘rnini yana g‘ussa egalladi... Noqulay vaziyat yuzaga kelganini darrov sezgan Muqaddas opa direktor yoniga o‘tdi-da:
– Endi barchangizni to‘yga taklif qilamiz, – dedi. – Ishchilaringizga ayting, darvoza oldida avtobus kutib turibdi...
Ilyos Ikromovich tarbiyachilarga guruhidagi eng namunali yigit-qizlarni to‘yga olib borishni tayinladi-da, o‘zi kelin-kuyov ketidan darvozagacha chiqib keldi. Ikki yosh mashinaga o‘tirayotgan chog‘i barcha otalar kabi ko‘zlariga yosh oldi va «Limuzin»ning orqa eshigini ochdi. So‘ngra qaddini rostlab, qo‘llarini duoga ochdi:
– Qizim, ilohim, baxtli-saodatli bo‘lgin. Bugundan baxt koshonasiga qadam qo‘yayapsan, ilohim, borgan xonadoning obod, fayzli bo‘lib, uvali-juvali bo‘lib yuringlar. Omin, Allohu akbar...
Kelin-kuyov o‘z mashinasiga o‘tirishgach, qolganlar ham mashinalar va avtobusga chiqa boshlashdi. Shu vaqt darvoza yonidagi chinorning bir shoxi qarsillab sindi va birovning qattiq chinqirgani eshitildi, biroq hovlidan tashqaridagilar bu chinqiriqni eshitishmadi, xush kayfiyat bilan to‘yxonaga yo‘l olishdi…
* * *
Shaharda o‘z obro‘, e’tibori, aytar so‘ziga ega bo‘lgan Murod Hikmatovich o‘g‘lining to‘yi uchun eng ko‘zga ko‘ringan restoranni tanlagan edi. To‘y yozgi bazmgohda bo‘lib, mehmonlar ochiq havoda yayrab o‘tirishar, salqin shaboda yuzlarga urilib, ajib bir tarovat kasb etgandi. To‘yxona to‘rida Murod Hikmatovichning ulfatlari, aniqrog‘i, biznes hamkorlari o‘tirishar, ikki yoshning baxti uchun qadah urishtirishar, bir-birlariga ma’noli-ma’noli qarab, «Murod – balo…» deb ham qo‘yishardi...
Boshqa stollarda ham asosan to‘y egasining yaqinlari, Muqaddas opaning urug‘-aymog‘i, sobiq hamkasblari o‘tirishar edi. «Mehribonlik uyi»dan kelgan mehmonlar esa o‘rta yo‘lakning chap tomoniga joylashgandi.
Kelin-kuyovga qarama-qarshi tomonda xonandalar joylashgan bo‘lib, sho‘x-sho‘x qo‘shiqlar bilan ikki yoshni qutlashar, ora-sira «birrov»ga kelib, bir juft-bir juftdan xonish qiluvchilarga ham navbat berilardi. Havo salqin, osmonda yulduzlar charaqlab turibdi, davrada xushkayfiyat hukmron, barcha shod. Mehmonlar guruh-guruh bo‘lib raqs tushishar, galma-galdan so‘z olib, kelin-kuyovni tabriklashardi. Tabrik vaqtlari kelin-kuyov iymanibgina o‘rinlaridan turishar, Gulbahor egilib ta’zim qilar, qutlovchilarning sovg‘alarini qabul qilib, ularga shirin tabassum hadya etar, ammo ich-ichini bir shubha kemirib turardi. Baxt to‘yi bo‘layapti, ammo kuyovning qovog‘i ochilmaydi. Tabriklamoqchi bo‘lganlarga tishining oqini bir ko‘rsatib qo‘yadi-da, yana mum tishlab o‘tiradi. Ertalabdan beri Gulbahorga bir og‘iz ham gapirgani yo‘q. Uning o‘rniga yonidagi kuyovjo‘ra xizmatda. Nimadir qilish kerak bo‘lsa, Gulbahorga aytadi, shu barobarida do‘stiga ham ishora qiladi, ba’zida biqiniga turtib ham qo‘yadi. Kuyov ko‘zlarini bir nuqtaga tikkanicha jim o‘tiribdi, bir qarashda go‘yo bu to‘ydan noroziga o‘xshaydi…
Gulbahor bazmda bir narsaga e’tibor berdi: kuyov suratiga qaraganda ancha bosiq ekan. Hozir ham uning yaqinlari hadeganda ularning yaqiniga kelavermas, kelganlar ham qutlab, bosh barmoqlarini «mix» qilib ko‘rsatishar, bu bilan «hammasi zo‘r» degandek bo‘lishardi. Ayrimlari avaylabgina Gulbahorning qo‘lini siqib, «Baxtli bo‘linglar», derdi. Shunday vaqtlarda ham kuyov yigit qovoqlarini ochmas, beruh jilmayib, bosh irg‘ab qo‘yardi.
To‘yda so‘z olib, ikki yoshni qutlashda tabrik so‘zlari ko‘pincha kelin-kuyov qolib, Murod Hikmatovichga qaratildi. Nutq irod qiluvchilarning ayrimlari shunday akaxonlari borligidan g‘ururlanib, ta’zim qilib qo‘yishdan ham o‘zlarini tiyisholmadi. Kelinning «ma’naviy ota»si Ilyos Ikromovich so‘zga chiqqanida esa ikki yosh sha’niga asl purma’no so‘zlar aytildi.
– Aziz mehmonlar, – deya so‘z boshladi u, – bugun barchamiz shu ikki yoshning visol – baxt oqshomiga guvoh bo‘lib turibmiz. Ochig‘i, barchamiz, ayniqsa men bu kechaning ishtirokchisi bo‘lib, bir narsaga amin bo‘lib o‘tiribman. Azizlar, qaranglar, bugun yangi oy chiqibdi...
Mehmonlar dasturxondan boshlarini ko‘tarib, tubsiz osmonda balqib turgan yangi oyga qarashdi. Kimdir so‘zlovchining bunga e’tibor qilganidan hayratlangan bo‘lsa, kimlardir ming‘illab «Buning nima aloqasi bor…» deyishdi.
– Bugun men bu yangi oyda baxt ishorasini ko‘rdim, – deya so‘zini davom ettirdi Ilyos Ikromovich. – Bu ikki yoshning baxt-saodatidan nishona. Bu ramzni ko‘rib, ochig‘i, behad sevindim. Azizlarim, Sherzodjon, Gulbahoroy, sizlarga yangi oy, yangi baxt ishorasi qutlug‘ bo‘lsin! Gulbahor qizim, doim yuzing mana shu oydek yorug‘, yo‘llaring ochiq, iqboling porloq bo‘lsin! – Ilyos Ikromovich shunday deya borib avval Gulbahorning, so‘ng kuyovning peshonasidan o‘pdi va: – Iloyim, baxtli bo‘linglar! – dedi.
Gulbahor direktorning gaplaridan sel bo‘lib o‘tirgan ekan, beixtiyor yig‘lab yubordi.
– Qizim, yig‘lama, – deya ovutdi Ilyos Ikromovich. – Sen albatta baxtli bo‘lasan!
Shundan so‘ng Ilyos Ikromovich iymanib turgan kuyovga qaradi va uni ham bag‘riga bosib qutladi.
– Baxtli bo‘linglar! Gulbahor qizimni sizga topshirdim. Qanot juft bo‘ladi, uni asrang!
Kuyov go‘yo qaynotasi oldida turganday boshini xiyol ko‘tardi-da, u kishining chaqnab turgan ko‘zlariga qarab, sekingina bosh irg‘ab qo‘ydi. Shu vaqt ko‘zlar, nigohlar to‘qnashdi. Kuyovning yuziga tikilib qolgan Ilyos Ikromovichning yuragi «shig‘» etib ketdi.
– Sherzodjon? – dedi u ammo kuyov yigitdan sado bo‘lmagach hozir ajablanishning vaqti emasligi uchun ko‘ngliga oralagan shubha bilan ortiga burildi. «Yo tavba, kuyovning qarashlari nega bunaqa? Yuz-ko‘zi boshqacha… Shuncha gapirdim, bir og‘iz rahmat ham deya olmaydimi? Yo… – Ilyos Ikromovich miyasiga urilgan o‘ydan tovonigacha muzlab ketdi. – Nahotki kuyov gung bo‘lsa?»
U ichidan zil ketganini hech kimga sezdirmay Sherzodjonga qayta-qayta qaradi. Gulbahorga ham sinovchan nigoh tashladi. Kelin jimgina, bosh egib o‘tirar, biroq xayollari parishon edi. Ilyos Ikromovich ularga qaragan sayin noxush o‘ylar iskanjasida qola boshladi. Kuyov yigitning bosh ko‘tarmasdan qobilgina turishi va hammaga qisqagina imo-ishora qilish bilan kifoyalanishi va uning o‘rniga kuyovjo‘raning tashabbuskorligini ko‘rib, yana yuragi orqaga tortib ketdi...
«Shubham rostga o‘xshaydi, – dedi u o‘zicha. – Boshida Murod Hikmatovich Gulbahorga og‘iz solganida ikkilangandim, ammo uning bu ishlari saxovatdan boshqa narsa deb o‘ylamagandim. Nahotki saxovatining asosi jaholat bo‘lsa?..»
To‘y oxirlagan sayin Ilyos Ikromovichdagi o‘y boshqa tarbiyachilar, hatto ayrim tarbiyalanuvchilarga ham ko‘cha boshladi. Ular ham kuyovga ajablanib-ajablanib qarashdi, ammo shubha ostida qolaverishdi: «Shunday boy, istagan joyga qo‘li yetadigan odam nega detdomdan kelin qildi? Bu savob yoki saxovat uchun emas-ov… Kuyov yigitning turishi, qarashlari besaranjom... Hech kimga gapirmaydi. Bir aybi bo‘lmasa…»
Murod Hikmatovich bilan xotini to‘y davomida mehmonlarning stoliga birma-bir o‘tib, ularning qutlovlarini qabul qilishdi, ammo har lahzada yuraklarini hovuchlab turishdi. Kimdir o‘g‘li haqida, uning o‘zini g‘alati tutishi, gapirmayotgani haqida so‘z ochib qolsa, adoyi tamom bo‘lishar, tag‘in hammasi kuyovjo‘ralar va yaqinlariga tayinlab qo‘yilgandek ketayotganidan xursand ham edilar…
Nihoyat, to‘y tugadi. Shundagina to‘y egalari yengil nafas olishdi. Endi kelin-kuyovni go‘shangaga kuzatish kerak edi. Quda tomondan Hamida opaning bir o‘zi boradigan bo‘ldi. U kuyovning qarindoshlari bilan birga ketganligi uchun yo‘lda miq etmay bordi, ammo Murod Hikmatovichning uyi, yashash sharoitini ko‘rib, og‘zi ochildi. Ko‘nglidagi shubha battar avj oldi. «Chindan ham shunday badavlat odamning detdomdan kelin qilishi saxovatpeshalikning o‘zi emas… Yigitda bir gap bor…»
Hamida opa kuyovning ammalari bilan mehmonxonada yotar ekan, barchasi tonggacha to‘lg‘onib chiqishdi, ammo kelin-kuyov haqida birining aytishga, boshqasining so‘rashga yuragi dov bermadi...
Azonda kelinning uyiga kiritilgan Hamida opa baxmal chimildiq ichida devorga suyangancha ojiz va mag‘lub o‘tirgan Gulbahorni ko‘rdi-yu, yuragi ortiga tortib ketdi.
– Guli? – dedi u kelinchakning yoniga o‘tirarkan. Biroq boshqa so‘z aytmoqqa tili bormay, uning yig‘idan shishgan ko‘zlari va alamdan bo‘g‘riqib ketgan yuziga tikilib qoldi. – Qizim, senga nima bo‘ldi?
Gulbahor javob berishni istamadi.
– Guli? – dedi Hamida opa yana. Gulbahor esa javob berish o‘rniga yuzini yashirib oldi.
– Qizim, nega bunday qilayapsan?
Gulbahor yana javob bermadi.
– Guli? Qizim...
Gulbahor sekin boshini ko‘tardi-da, o‘ksinib dedi:
– Keting!.. Hech kimni ko‘rishni istamayman!..
– Bu nima deganing, qizim? – Hamida opa hayron bo‘ldi. Gulbahor bir muddat bosh ko‘tarmay turdi, so‘ng unga qarab:
– Oyi… – dedi-yu, uni quchoqlaganicha yig‘lab yubordi. – Oyijon, meni bu yerdan olib keting…
– Tinchlan, qizim, – titrab ketdi Hamida opa. – Senga nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsan o‘zi?
Gulbahor avvaliga javob berolmadi. Alam bilan boshini chayqadi. So‘ng hiqillay-hiqillay dedi:
– Oyijon, meni bu yerdan tezroq olib keting. Meni aldashdi…
– Nima? – Hamida opa qalqib ketdi. – Bu nima deganing?
– Yigit gung ekan… – Gulbahor shunday deya yana o‘kirib yig‘lab yubordi.
– Nima? – Hamida opaning boshiga gurzi bilan urilgandek bo‘ldi. – Gung ekan deysanmi?
Gulbahor «ha», degandek bosh irg‘adi.
– Oyi, meni olib keting…
– Guli? – Hamida opa uning gapidan sapchib tushdi! – Nimalar deyapsan? Jinni bo‘ldingmi?
– Nima qilay? Meni aldashdi! Yetim deb bizni har narsaga ro‘baro‘ qilaverishadimi?
Qizning gapi Hamida opaning yurak-yuragidan o‘tib ketdi. Bir zum nima deyishini bilmasdan Gulbahorga tikilib turdi-da, sekin eshik tomon yurdi. U chiqib uy egalari bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi, nega ularning qalbi bilan o‘ynashayotganliklarini bilmoqchi, kerak bo‘lsa, xo‘rlangan Gulbahorni olib ham ketmoqchi edi, ammo ostonaga bormasdan o‘ylanib qoldi. Eshik oldida bir muddat tek qotdi-da, iziga qaytib, qizning boshini ko‘ksiga bosdi.
– Yig‘lama, qizim, yig‘lama. Bunday bo‘lishini kim o‘ylabdi deysan?
– Ilyos Ikromovich ham, siz ham meni aldadingiz…
– Guli, – dedi Hamida opa, – bu yerda aldangan birgina sen emas. Hatto Ilyos Ikromovich ham bu haqda hech narsa bilmagan.
– Direktor hammi?
– Ha… – Hamida opa beixtiyor ko‘zlariga yosh oldi. Bundan ortiq xo‘rlanish bo‘lmasligini bilgan tarbiyachi kelinchakning marjondek ko‘zyoshlari oqayotgan yuziga qarab, og‘ir xo‘rsindi, ovutmoqchi bo‘ldi: – Qizim, hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Sassiq deb burunni kesib tashlab bo‘lmaydi... Nachora, bu ham bir qismat. Inson hech qachon qismatidan qochib qutulolmaydi. Peshonangda bor ekan, hammasiga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi. Yana bir achchiq haqiqatni tan ol. Qizim, bu yerdan ketib qaerga ham borarding? Yana mehribonlik uyigami?
– Endi menga farqi yo‘q! Bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi edi. Muhimi, shu yerdan ketsam bo‘ldi!
– Gulbahor? – dedi Hamida opa, – nonko‘rlik qilma! Hech qayoqqa ketmaysan! O‘zingni, kelajagingni desang, shu yerda qolasan! Tag‘in, biror jinnilik qilib o‘tirma. Yodingda bo‘lsin, bu yerda hamma seni sevadi, hurmat qiladi..
– Menga hech narsa kerak emas! Hammasidan to‘yib ketdim!.. – Gulbahor battar o‘kirib yig‘ladi. Tunda kuyovning erkalashlari va ming bir xijolat bilan gung ekanligini bildirgani ko‘z oldiga kelib, yanada xo‘rligi keldi, ammo negadir jimib qoldi.
– Guli… – qizga qo‘shilib o‘zi-da aldangan Hamida opa oxiri «so‘nggi chora» deya pichirlabgina dedi: – Qizim, dunyo o‘zi bevafo, biri kam yaralgan. Kimdir beva, kimdir sag‘ir, yana birovlar ota-onasi bo‘lsa-da, ularning zug‘umidan yetimdan battar yashashadi. Kimdir nogiron, mehrga mushtoq, yana kimlardir boy-badavlat, ammo tirnoqqa zor. Birov har kungi xiyonatlardan bezor… Hayot o‘zi shunaqa. Biri kam… Qizim, shuning uchun qayg‘urma, yig‘i-sig‘ingni bas qil. Hayot bugundan iborat emas. Har yomon kunning, albatta, yaxshisi ham bo‘ladi. Erim gung ekan deb ko‘p kuyunma, giyohvand, piyonista, xiyonatkorlaridan Xudo asrasin. Tani-joni sog‘, o‘zi kelishgan, xushsurat bo‘lgani bilan har kuni ichib kelib, seni ursa yoki sendek go‘zal xotini bo‘la turib, ko‘nglida boshqasini asrab, u bilan uchrashib yursa, bunisidan O‘zi asrasin. Bunga chidab bo‘lmaydi... Eshityapsanmi, shuning uchun o‘kinma. Ko‘rinib turibdi, Sherzodjon qobilgina yigit ekan, muhimi, u seni kaftida ko‘tarib yuradi. Sherzodjondan boshqa farzandi bo‘lmagan qaynona-qaynotang-ku, seni o‘z bolasidan ham afzal biladi. Mana senga baxt! Mana senga kelinlik va oila baxti. Inson uchun yana nima kerak?!
Gulbahor bu gaplarni eshitib, jimib qoldi. O‘yga tolgancha bir nuqtaga tikilib turdi, chuqur xo‘rsindi. Uning taqdirga tan berishdan boshqa chorasi ham yo‘q edi. Bir kechada uning qovoqlari cho‘kib, qalbidagi dard va alam ko‘zlariga urib, chehrasini ma’yus etib qo‘ygandi. Bugun qismat oldida yana ojiz qolgan qiz kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi, qabilida boshiga tushgan ko‘rgilikdan tishini tishiga qo‘yib o‘tirardi.
– Gulbahor, – dedi maslahat berishga-da vijdoni yo‘l qo‘ymayotgan Hamida opa uning horg‘in va hayot quvonchlari so‘ngan ko‘zlariga tikilib. – Bo‘ldi, qizim, o‘zingni qo‘lga ol. Irodali bo‘lishing kerak. Hademay qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar yig‘ilishadi. «Yuz ochar» o‘tkaziladi. Qaynonang barchaning oldida yuzingni ochtirib, kelin salom qildiradi. Tasavvur qilayapsanmi, kelinlik libosida qaynonang yonida turib, hayo va ibo bilan salom berish qanday yaxshi… Shuning uchun hozir chiqqin-da, yuz-qo‘lingni yuvib, o‘zingga qarab ol. Tag‘in hammaning oldida qaynonang ikkovimizni uyaltirib qo‘yma...
Gulbahor xayolga cho‘mib o‘tirgan edi, kelin salomi haqida eshitib, sekin boshini ko‘tardi. Hamida opa «Qaynonang ikkovimizni uyaltirib qo‘yma…» deganda eti jimirlab ketdi. Ich-ichidan bir to‘lqin kelib yuziga urilgandek duv qizardi. So‘ng o‘rnidan turdi-da, Hamida opa bilan chiqib, yuz-qo‘lini yuvib keldi va ko‘zgu oldiga o‘tirdi.
Shu vaqt kuyovning ammasi kirib kelib, uzrxohgina tabassum qildi.
– Bo‘lay deb qoldilaringizmi?
– Ha, hozir chiqamiz, – dedi Hamida opa. – Mehmonlar kelishdimi?
– Ha…
Hamida opa sezdiki, Gulbahor bilan hasratlashib, ancha vaqt o‘tib ketibdi.
– Mana, kelinlaringiz ham tayyor…
– Tuf, tuf, ko‘z tegmasin… – amma kelinchakka havas bilan qarab qo‘ydi. So‘ngra Hamida opa ikkalasi uning boshiga popukli zar do‘ppi, egniga zarbof xalat kiydirishdi. Yuziga harir mato yopishdi, qo‘liga ro‘molcha tutib, Gulbahorni yetaklab chiqishdi. Hovliga chiqqanida Gulbahor qaynota dargohining bu qadar keng va dang‘illama ekanligini ko‘rib, hayron bo‘ldi. Boy qaynota, boyvuchcha qaynona, dang‘illama hovli, qo‘sha-qo‘sha mashina va gung kuyov, yetim kelin…
Gulbahor ammayu tarbiyachisi yetovida hayajon va iztirobga to‘lib ayollar o‘tirgan xonaga kirib bordi. Ostonaga qadam qo‘yganida kelinlik uyi salobatidanmi yo ichkaridagi ayollar nigohidanmi, bir qalqib ketdi. So‘ng amma yordamida ostonadan sekingina o‘tib, uyni to‘ldirib o‘tirganlarga tavoze bilan egilib-egilib salom berdi.
– Ko‘p yashang, qizim…
– Ilohim baxtli bo‘ling.
– Doim shunday izzat-hurmatda bo‘ling.
– Qo‘shganingiz bilan qo‘sha qaring.
– Muqaddasxonga Xudo kelindan beribdi-ku, oyday-a? Ilohim ko‘z tegmasin.
– Ota-onangizning xizmatini qilib yuring.
– Bo‘ladi qizim, bo‘ladi… Ko‘p yashang…
Ichkarida, dasturxon atrofida to‘lib-toshib o‘tirgan xotinlar biri olib, biri qo‘yib tilak aytishdi.
* * *
«Mehribonlik uyi»ning hovlisida chap qo‘li gipslanib, bint bilan bog‘langan Dilmurod sarosar kezar, goh darvoza yoniga borib, yo‘lga termular, goh gipslangan qo‘lini sog‘ qo‘li bilan avaylabgina ushlaganicha yo‘lak bo‘ylab asabiy yurar, hech qaerda qo‘nim topmasdi.
«Nega, nega?! – dedi u o‘ziga o‘zi. – Nega shunchalar baxtsiz va omadsizman? Nahotki, biz uchun yorug‘ bir yo‘l, ochiq eshik yo‘q? Hayotda xuddi doim chipta ololmay poezd eshigiga osilib yuradigan yo‘lovchilarga o‘xshaymiz. Nega hamisha orzularimiz armon bo‘lib qolaveradi? Onamdan ayrilganim, dadamning bizdan voz kechgani yetmaganday, sevgilim, Gulim ham meni tashlab ketdi... – Dilmurod chuqur xo‘rsindi. – Balki u to‘g‘ri qilgandir. Meni deganida ham, men unga nima qilib bera olardim... Ikki yorti bir butun bo‘larmidik, yo‘qmi?..»
Dilmurod hamon Hamida Salomovani kutardi. To‘yga borganlarning «Gulining eri gungmi nima balo, bir og‘iz ham gapirganini, birov bilan gaplashganini eshitmadik. Shu, kuyovdan bir oz shubhamiz bor… Bo‘lmasa shunday boyvachcha odam o‘g‘liga shu yerdan kelin qilarmidi?..» deganlarini mulohaza qilarkan, sevgilisiga bir achinsa, bir undan ranjib ham qo‘yardi.
U endigina yotoqxona tomon ketmoqchi bo‘lib turgandi, to‘satdan do‘sti Ahror paydo bo‘ldi.
– Nima qilib o‘tiribsan? – dedi Ahror uning yoniga kelib. So‘ngra do‘stining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi: – Dilmurod, joningda qasding bormi? Bugun tuz totmading-a?
Dilmurod og‘ir xo‘rsindi:
– Qo‘yaver...
– Tentak bo‘psan, – dedi Ahror uning horg‘in ko‘zlariga qarab. – Qadringga yetmagan qiz uchun motam tutishing g‘irt ahmoqlik.
– Sen nimaniyam bilarding… – do‘stiga yovqarash qildi u.
– Menga qara, – Ahror unga o‘girildi. – Esingni yig‘ib ol. Dilmurod, senday ko‘p o‘qigan, fikri keng yigitning ishi emas bu! Sen bilan meni ota-onam tashlab ketganida bir qizning boshqaga erga tegib ketgani nima bo‘pti?
Do‘stining gapi Dilmurodning miyasiga urdi. Yuzlari qizarib, bo‘g‘ziga nimadir tiqilgandek bo‘ldi.
– Haqsan, – dedi u, – ammo sen ham tushun. Yetdim deganda ayrilib qolish alam qiladi.
– Tushunaman, – Ahrorning lablari titrab, ko‘zlari pirpirab ketdi. So‘ng do‘stining ma’yus ko‘zlariga tikildi. – Sen muhabbatdan mazmun kutding, uning mehrli boqishlari, samimiyatiga asir bo‘lding. To‘g‘ri, bu yerda hammamiz mehrga zormiz. Hech bo‘lmasa ikki yorti bir butun bo‘lishni istaymiz, ammo hayot kemasida bir pista po‘chog‘icha vaznimiz yo‘qligini ham unutma.
– Ahror… jo‘rajon… – Dilmurod negadir bo‘shashib gapirolmay qoldi.
– Dilmurod, – Ahrorning ham yuragi to‘lib ketdi. – Bu yerda hamma ota-onasi bo‘lishini istaydi, hatto bir kunmas-bir kun ular kelib olib ketishlariga ham ishonadi, ammo umidlarimiz puch bo‘lib qolayapti-ku? O‘zing bilasan, armonlar insonni ulug‘ maqsadlarga, yo‘qchilik chora topishga undaydi. Sen yaxshi shoir, hatto, istasang, zo‘r xonandayam bo‘lishing mumkin. Sen Guliga bog‘lanib qolganding, ammo hech narsa abadiy emas!
– Ahror… – Dilmurod tovonidan qulog‘igacha qizib, xo‘rsinganicha kaftlarini yuziga bosdi…
– Dilmurod, – dedi Ahror yelkalari titrayotgan do‘stiga qarab. – Bo‘ldi, mening ham yuragimni ezma…
– Meni tashlab ketgani uchun Gulbahorga hali pushaymon yediraman!
– Ahmoq bo‘lma, – joyidan turib ketdi Ahror. – Pastkashlik qilma! Undan ko‘ra, bu yil o‘qishga kir, bilimingni, iste’dodingni ko‘rsat! Sen hali zo‘r shoir bo‘lasan! Shunday asarlar yozginki, buni o‘qib sendan ko‘ra o‘sha gungni afzal bilgan Gulbahor bir umr pushaymon bo‘lib yursin. Meni tushunayapsanmi?
Dilmurod sekin boshini ko‘tardi. Do‘sti ayni uning ko‘nglidagini aytayotgan edi...
– Yur, endi bir ovqatlanaylik, – dedi Ahror. – Senga ovqat oldirib qo‘yganman.
Ikki do‘st o‘rnidan turib, oshxona tomon yurdi. Oshpaz xotin Dilmurodni ko‘rib kuldi.
– Dilmurod, ko‘rinmaysan?
Oshpazning gapi unga «sevgingga aza tutib yuribsanmi?» deyayotgandek tuyuldi, lekin miq etmadi. Ovqatlanib, xonaga chiqishganida Ahrordan so‘radi:
– Bugun Hamida opani ko‘rdingmi?
– Yo‘q. U kecha Guli bilan qolgandi… – deya «piq» etib kuldi. – Guvohlikka…
– Aljima-e… – Dilmurod uni jerkib tashladi, so‘ng boshini ko‘rpaga o‘ragancha yotib oldi.
– Qo‘l og‘rimayaptimi?
– Yo‘q, – Dilmurod ko‘rpa ostidan javob berdi.
– Dilmurod, – Ahror u tomonga o‘girilib yotdi. – To‘y kuni Gulini olib ketishayotganda toming ketib qoldi-ya? Daraxtdan tushib ketganingni eslasam bir kulgim keladi, bir achinib ketaman…
– Bas qil endi…
Ahror bir oz jim qarab turdi-da, dabdurustdan dedi:
– Birov g‘ajib tashlagan suyakni qo‘linggayam olmaysan-ku?! Uyam senga endi xuddi ana shunday.
Bu gapni eshitgan Dilmurodning ichida nimadir uzilgandek bo‘ldi, lekin javob bermadi. Allamahalgacha to‘lg‘onib yotdi. So‘ng iztiroblar og‘ushida xonasiga chiqdi-da, stolga o‘tirdi va oq qog‘ozga dardlari bilan uyg‘unlashgan tuyg‘ularini to‘ka boshladi.
Kunlari bezovta, tunlari bedor,
Xayollar beqo‘nim, pajmurda, beruh.
O‘zansiz daryoday bo‘lib beqaror,
Mung‘ayib bormoqda aftoda bir ruh.
Ozurda bu ko‘ngil – qaqragan sahro,
Jazira chekinar urganimda oh.
Hissiz ketayotir Yassaviy, Kubro,
Oshiq yuraklarga tavakkal hamroh.
Pardasin irg‘itdi gul yuzidan oy,
Latif oqshomlarda turfa xil ohang.
G‘alvali bu dunyo bir karvonsaroy,
Hijron ajdahosi ishqqa solar chang.
Poyonsiz sahroda ufqlar olis,
Yolg‘izlik yukidan yelkalar yag‘ir.
Mavhum manzil sari odimlar unsiz,
Umidu ilinjga suyangan faqir…
* * *
Shom kirdi. Ikki kundan beri keti uzilmayotgan mehmonlardan xoli qolgan hovli kechki salqindan ajib bir tarovat kasb etgan. Daraxtlarda qushlar chug‘urlaydi, kun bo‘yi oshxona soyasida yotgan Olapar it xos soqchiday hovlini kezib yuribdi. Salqin tushishi bilan uy oldiga suv sepishni xush ko‘radigan Sherzodjon bugun ham vodoprovodga shlang ulab, atrofga suv sepdi-yu, odatdagidek chorpoyada oyoq osiltirib o‘tirmasdan ichkariga kirib ketdi. «Yangam bilan bir-ikki kun qolaylik», deya uy ishlariga yordam berib yurgan ikki qiz bilan oshxonada idish-tovoqlarni yuvib, endigina uyga o‘tib, qizlar bilan ko‘zgu yonida bir oz turib, sirlashib qolgan Gulbahor ularning e’tirofidan quvondi.
– Sochlaringiz uzun ekan. Shunday tashlab yursangiz o‘zingizga yarashib turarkan, – dedi qizlarning biri.
– Rahmat, – jilmaydi Gulbahor. Hozir bu xonadondagi e’tibordan uning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilar, ammo ko‘z oldiga eri kelishi bilan boshiga qush axlati tushib ketgandek xush kayfiyati ortga chekinar, negadir xo‘rligi kelardi. Shunday bo‘lsa-da u odob yuzasidan ularni ham maqtab qo‘ydi. – Sizam chiroyligina qiz ekansiz. Qoshingizning qop-qoraligini qarang.
– Uyaltirmang-e… – qizcha lablarini cho‘chchaytirib, qoshini kerdi.
– Balkim, sevganingiz ham bordir?
Sakkizinchi sinfda o‘qiydigan qiz duv qizarib ketdi va erkalik bilan dedi:
– Yanga-a?
Yangasiga mahliyo bo‘lib turgan ikkinchi qiz kutilmaganda so‘radi:
– Yanga, yopinib ko‘rsam maylimi?
– Mayli, – Gulbahor hozirgina boshidan olib, yostiqlar taxmoni ustiga tashlab qo‘ygan harir yopinchiqni oldi. – Keling…
U avval boshidagi do‘ppisini qizga kiydirdi, so‘ng ustidan oppoq yopinchiqni yopdi. Ammaning qizi «Voy» deya ikkala kaftini chakkasiga bosdi. Gulbahor uni yetaklab ko‘zgu qarshisiga olib bordi. Oynada qoshlariga o‘sma qo‘yilgan, lo‘ppi yuz, kipriklari uzun-uzun, ikki yonog‘i qip-qizil kelinchak turardi.
– Voy, o‘lay! – qiz harir yopinchiqning ikki chetidan tutib, o‘ziga mahliyolikdanmi, xijolatdanmi yonginasida turgan yangasining orqasiga bekinib oldi.
– Yarashdi, – kuldi birinchi qiz.
– Sizniyam kelin qilsak bo‘larkan, – Gulbahor ham qizlarning quvonchiga sherik bo‘ldi.
Shu vaqt «g‘iyq» etib eshik ochildi va ostonada Muqaddas opa paydo bo‘ldi.
– Qizning ko‘zi qizilda ekan-da, – kuldi u qizlarga qarab. So‘ng kelinining ular bilan dugonadek bo‘lib ketganidan quvondi, ammo ich-ichidan bir nima «chirt» uzilgandek tuyuldi. U yopinchiq bilan do‘ppini boshidan olishni ham, olmaslikni ham bilmay turgan qizning ro‘parasiga keldi-da, uni o‘ziga qaratdi. So‘ngra sekin yopinchiqni ko‘tardi. – O‘la qolgin-da sen…
Qiz shart burilib, uy to‘riga o‘tdi-da, boshidagilarni birin-ketin olib, yostiq taxmoni ustiga qo‘ygach yugurib xonadan chiqib ketdi.
– Kechki ovqatni boshlayveraylikmi, oyi? – Gulbahor qaynonasiga yuzlandi.
– Mayli, qizim. Hademay, dadangiz ham ishdan kelib qoladi.
– Xo‘p, – Gulbahor do‘ppisini kiyib, yopinchiq bilan eshik tomon yurdi. Ostonada turgan qizning bilagidan tutdi. – Ketdik…
Muqaddas opa kelinidan quvonib, ichida «Ilohim, ko‘z tegmasin» deb qo‘ydi. Qizlar oshxonaga o‘tib ketgach, mehmonxonada kompyuterda nimadir yozib o‘tirgan Sherzodjonning yoniga kirdi. Monitorga kirib ketgudek bo‘lib o‘tirgan o‘g‘il onasining kirganini ham sezmadi.
– Sherzodjon, – dedi Muqaddas opa o‘g‘lining yelkasidan tutib. O‘g‘il faylni yashirib, sekin yoniga o‘girildi va oyisiga qarab, aybdorona jilmaydi.
«Ikki shomning o‘rtasida uyga kirib olmasdan tashqariga chiqsang-chi?» dedi Muqaddas opa o‘g‘liga imo-ishora qilib.
«Hozir kirdim o‘zi», – javob berdi o‘g‘li.
«Bu o‘tirishing yaxshi emas. Hovliga chiq».
Yigit kompyuterni o‘chirib, eshik tomon borgan edi, onasi bilagidan ushlab to‘xtatdi. So‘ng «Ha, oyi», degandek savolomuz nigoh tashlagan o‘g‘liga imo qildi.
«Kayfiyat qalay? Yaxshimi?»
Yigit bosh irg‘ab, siniqqina jilmaydi.
«Kelin xafa emasmi?»
«Hammasi joyida, lekin u kecha yana tuni bilan yig‘lab chiqdi. Shundan xijolatdaman…»
«Ko‘ngliga qara… Iloji bo‘lsa shunday bir ish qilginki, o‘rtadagi xijolatlik yo‘qolib, bir-biringga iliqlik uyg‘onsin… Axir Gulbahor shunga loyiq. Uning bu jasoratlariga munosib bo‘l!»
«To‘g‘ri, – dedi Sherzodjon, – kecha bir narsani o‘yladim… Balki shuni qilarman?»
Muqaddas opa uning yelkasini siladi.
«Sen aqlli yigitsan, o‘g‘lim. Ishqilib, bizni uyaltirib qo‘yma...»
Sherzodjon tashqariga chiqib ketgach, ostonada uning ketidan tikilib qolgan onaning ko‘zlariga yosh keldi. «Bu xo‘rliklar nima gunohim uchun-a, Xudoyim… Davlat bergan egam, yolg‘izgina farzandimizni ham sog‘-salomat bersang bo‘lmasmidi?»
Ular oila qurishgach hadeganda farzand ko‘risholmadi. Bu vaqt ichida ularning bormagan joyi, ko‘rinmagan shifokori qolmadi, biroq sabr tagi oltin bo‘lib, yettinchi yil deganda yuzlari yorug‘ bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida hech bir ishga qo‘li bormay yurgan Murod xotinining yukli bo‘lganini eshitganda quvonchdan yer-ko‘kka sig‘may qoldi. Shundan keyin o‘z-o‘zidan tijorat ishlari ham yurishib ketdi, biroq jarrohlik yo‘li bilan tug‘ilgan o‘g‘ilning gung ekanligi ma’lum bo‘lib qoldi. Yetti yil tishini-tishiga bosib yurgan Muqaddas bu ko‘rgilikka chidolmadi, oqibat unga boshqa farzand ko‘rish nasib etmadi. Ularning hayotdan ko‘ngli qoldi, ammo erining tijorat ishlari kundan-kunga gullab-yashnar, o‘g‘li bo‘y yetgan sari er-xotinning vahimasi ortardi... Shu sabab Murod aka xayriya ishlarini ham qilib turar, shunday tadbirlarning birida Gulbahorni uchratib qolgandi. Oqibat bir oilaning to‘kis qizini baxtsiz qilishdan ko‘ra, shu ko‘ngli yarim qizni kelin qilishga tavakkal qilishgandi...
Yigit hovliga chiqib, daraxt tagiga qo‘yilgan chorpoyada oyoqlarini osiltirib o‘tirdi. Oshxonaga kirib-chiqib turgan xotiniga o‘g‘rincha ko‘z tashladi, bir gal nigohlari to‘qnashib ketdi-yu, yuragi dukillab urib, vujudiga issiq bir harorat yugurdi. Xotinining ko‘zlarini olib qochishi, duv qizarib ketishi va yana sekin o‘girilib qarab qo‘yishidan beixtiyor jilmaydi. So‘ng xuddi necha yildan beri o‘ylab yurgan-u, hech uchini topolmayotgan g‘oya miyasiga kelgandek uyga kirib ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay qo‘lida yumaloqlangan qog‘oz bilan chiqdi-yu, to‘g‘ri mashinasiga borib o‘tirdi…
Sherzodjonning kun tartibi g‘alati. Hech qaerda ishlamaydi, biroq ota uni uy ishlariga mas’ul qilib, mashina berib qo‘yibdi. U onasi mehmonga yoki magazinga chiqsa, birga boradi, dadasining haydovchisi bilan bozor qilib keladi. Ishi bo‘lmasa, kompyuter o‘ynaydi, kino ko‘radi. Bir qarashda erkin, bir qarashda ixtiyorsiz yigit… Otasi unga imkon qadar mas’uliyatli ishlarni topshirmaslikka harakat qiladi, ammo u barchasining uddasidan chiqadi, birgina muammo muloqotda…
Kechki ovqat mahali odatdagidek xush kayfiyat bilan uyga kirib kelgan Murod Hikmatovich xonadonidagi holatni ko‘rib quvondi. Xotinining kayfiyati chog‘, kelinchak xizmat qilib yuribdi. U kiyimlarini almashtirib dasturxon boshiga kelib o‘tirarkan, kelinini zimdan kuzatdi. Gulbahorning iymanibgina salom berishi, taomlarni dasturxonga iymanibgina qo‘yishi, nim tabassumi, samimiyligi, ichdagi iztiroblarini yuzaga chiqarmasligidan ko‘ngli yumshab ketdi.
– Rahmat, ko‘p yashang, qizim, – dedi u tavoze bilan choy uzatgan keliniga. Ammo ortiqcha bir so‘z aytishga tili bormadi.
Oila hovlidagi chorpoyada kechki ovqatni yeb, endi Gulbahor chiroyli kesib, did bilan likopga terib chiqqan tarvuzni oldilariga olishganida Sherzodjon yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan bir ramkani olib o‘z uyiga o‘tib ketdi.
«Nima u?» – ishora qildi ota.
O‘g‘il «A, qo‘yavering», degandek ishora qildi. Zum o‘tmay qaytib chiqdi-da, dasturxon boshiga kelib o‘tirdi. Gulbahor eriga ham ovqat suzib keldi. U xotiniga qarab jilmaydi, ammo birdan ko‘zlarini olib qochdi. Bu vaziyatni zimdan kuzatib turgan ota o‘ksindi. O‘zini unga nisbatan pastlik qilgan hayotda yanada pastkashlik qilgandek his etib, o‘rtandi... U butun oilasi bilan qattiq iztirobda, vijdon azobida ekanligini anglab turardi. «Shu qiz oilamizga va gung o‘g‘limizga o‘zini baxshida etgan ekan, men ham uning orzulari ijobati uchun bir ish qilishim kerak... – Murod Hikmatovichning xayolidan shunday o‘y kechdi. – U iqtidorli qiz. Shunday qilsam, balki u uchun ham, oilamiz uchun ham to‘g‘ri qilgan bo‘larman…»
Dasturxonga o‘qilgan fotihadan so‘ng kelinchak bilan qizlar dasturxon yig‘ishtirishga tushdi. Murod Hikmatovich televizor ko‘rish uchun ichkari zalga kirdi. Izidan xotini. Sherzodjon esa o‘z uyiga kirib ketdi. Hovlini sukunat qopladi.
Gulbahor ishlarini bitirib, o‘z uyiga kirganida Sherzodjon televizor ko‘rib o‘tirgan edi. Xotini kelgach, irg‘ib o‘rnidan turdi-da, uning yoniga keldi. Gulbahorning ikki qo‘lidan tutib, ko‘zlariga qaradi. Kelinchak uyalib duv qizardi.
«Senga bir ajoyib sovg‘am bor!», – dedi u hayajon bilan ishora qilib.
Kelinchak yalt etib eriga qaradi. Sherzodjon uni «Elita» pardalari tutilgan deraza yoniga yetaklab kelib, «Ko‘zlaringni yum», deya ishora qildi. Kelinchak beixtiyor jilmaydi va ko‘zlarini yumdi. Sherzod shitir-shitir qilib pardani ochdi va Gulbahorning chakkasiga qo‘l tekkizdi.
«Ko‘zingni och!»
Ming bir hayajon va istihola bilan ixtiyorsiz ko‘zlarini yumib turgan kelinchak kipriklarini ko‘tarishi bilan deraza raxiga suyab qo‘yilgan ulkan ramkani ko‘rdi-yu, quvonchdan yig‘lab yubordi. Borib suratni oldi. Uning qo‘lida «Mehribonlik uyi»da chizgan, tasavvurining qat-qatlarida va orzu, o‘y-xayollari qanotida olib yurilgan, ardoqlangan dadasi bilan oyijonisining uni qizg‘aldoqzor oralab yetaklab kelayotgan surati turardi.
Gulbahor suratga yuzini bosdi. Onasining yuzidan o‘pdi. Dadasining suratiga tikilib qoldi. So‘ngra yoniga o‘girildi-da, erining yelkasiga bosh qo‘ydi. Sherzodjon uning quvonishini kutgan bo‘lsa-da, bunchalar baxtiyor bo‘lishini tasavvur ham qilmagan edi. U quvonganidan Gulbahorni ohista quchog‘iga oldi va yuzidan o‘pdi. Kelinchak qaynoq taftli og‘ushdan chiqib ketishni istamas, erining bu sovg‘asidan fazolarda kezib yurar, yonidagi tog‘ini aslo qo‘yib yuborishni istamasdi…
Shu vaqt eshik ortidan qaynonaning «Ihi-ihi», degan tovushi eshitildi, ammo kelin-kuyov buni sezmadi. Ular orzular va armonlar ummonida kezib yurishar, xonani esa isiriq xidi tutib ketgan edi…
* * *
Oradan yillar o‘tdi…
Dilmurod Qurbon saharda g‘alati tush ko‘rdi. Cho‘ponota tepaliklari ustidan ot choptirib ketayotgan emish. Otining sag‘risiga qo‘l yetmas, yollari uzun, yuganlari kumushdan, ayili ipakdan, egariga tilla suvlari yugurtirilgan emish. Oq tulpori yol silkitib yugurib borar, u esa go‘yoki fazolarga singib ketayotgandek bo‘larmish. Uning zavqi kelib, «Ha-aa!» deya otiga qamchi urmoqchi ekan, rostakamiga qo‘llari silkinib ketdimi, cho‘chib uyg‘ondi.
– Yo, tavba, – dedi Dilmurod Qurbon joyidan turib. – Bu qanday tush bo‘ldi? Bu nimaga ishora?
Shu kunlarda uning barcha ishlari joyida edi, shu sababmi bugungi tushi nimadan darak ekanligini anglolmay joyidan turgach parishon bo‘lib yuvindi va soatga qaradi. Ish boshlanishiga hali ancha vaqt bor edi. U deraza yonidagi kursiga o‘tirdi-da kitob o‘qishga tushdi. Chamasi ikki soatlar mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lgach, nonushta qilib, yo‘lga chiqdi.
«Mehribonlik uyi»dan qatnab, kollejni, so‘ngra ne-ne mashaqqatlar bilan institutni bitirgan Dilmurod iqtidoriyu o‘tkir qalami tufayli endi Dilmurod Qurbon nomi bilan ancha tanilib ham qolgan, faoliyatini esa gazeta tahririyatida davom ettirayotgandi. Bugun u navbatdagi maqolasini yozish maqsadida ertalab uyidan to‘g‘ri «Bahor» o‘quv markaziga yo‘l oldi.
Dilmurod Qurbon o‘quv markaziga yetib kelganida o‘qituvchisi boshchiligida chug‘urlashganicha bino oldidan o‘tib ketishayotgan maktab o‘quvchilarini ko‘rdi-yu, bolalik damlarini esladi. Shu kunlarga yetkazganiga shukr qilarkan, negadir ko‘ngli yumshab ketdi. Ko‘z oldida «Mehribonlik uyi» hovlisi, ma’yus chehralar, qaroqlarida sog‘inch muhrlanib, yo‘lakka ko‘z tika-tika diydasi qotgan yigit-qizlar jonlandi.
Yana Gulbahor yodiga tushdi. U ham mana shunday joylarda ishlashni, mohir tikuvchi, dizayner bo‘lishni orzu qilardi... Hozir nima qilayapti ekan? O‘sha boy qaynotasi hamma narsani to‘kin-sochin qilib, uni uy cho‘risiga aylantirganmikin? Yoki... o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketganmi, bolalariga o‘ralashib qolganmi, bilmaydi...
Dilmurod Qurbon shunday o‘ylar bilan binoga kirgach, qaysi tomonga yurishni bilmay, turib qoldi. So‘ng uzun yo‘lakdan bir dasta qog‘oz ko‘tarib kelayotgan qizni to‘xtatdi-da, direktor bilan uchrashmoqchi ekanligini aytdi.
– U kishining xonalari ikkinchi qavatda. O‘ng qo‘ldagi birinchi eshik, – dedi qizcha tavoze bilan.
U yuqoriga ko‘tarilib, qiz aytgan eshikdan ichkari kirdi. Kotiba qiz dik etib o‘rnidan turib, salom berdi. Dilmurod o‘zini tanishtirgach, kotiba «bir daqiqa» deya ichkariga kirib ketdi va zum o‘tmay qaytib chiqdi.
– Kiravering.
Dilmurod Qurbon «Assalomu alaykum. Mumkinmi?» deya eshikdan kirarkan xona to‘ridagi katta stol ortida, oromkursida o‘tirgan va uni ko‘rishi bilan sapchib o‘rnidan turgan oppoq yuzli, quralay ko‘zli, har doimgidek kulgichlari o‘ynab turgan, o‘sha charos ko‘zlari munis boquvchi Gulbahorni ko‘rdi-yu, ko‘zlariga ishonmadi. Nigohlari to‘qnash kelishi bilan har ikkala vujud bo‘ylab issiq bir harorat yugurdi va yuraklarining tub-tubida og‘riqli bir entikish paydo bo‘ldi. Ular beixtiyor bir-birlariga unsiz tikilib qolishdi...
– Guli? – dedi Dilmurod Qurbon hushini yig‘ib olsa ham hayratini yashirolmasdan.
«Bahor» o‘quv markazi direktori ham go‘yoki es-hushini yo‘qotgandi. Bu ovozdan o‘ziga keldi.
– Assalomu alaykum, – dedi beixtiyor. So‘ng birdan o‘zini o‘ngladi. – Yaxshimisiz?
– Rahmat.
– Keling? – o‘quv markazi direktori uni stulga boshladi.
Yuzma-yuz bo‘lib o‘tirishgach yana ko‘zlar to‘qnashib ketdi-yu, ikkalasi ham jim bo‘lib qolishdi. Nihoyat, o‘rtadagi sukunatni Dilmurod Qurbon buzdi:
– Tabriklayman, Gulbahor. Oxiri niyatingga yetibsan-da.
– Ha… – Gulbahor og‘ir tin oldi.
– Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi, deganlari rost ekan-da, Gulbahor...
Dilmurod Qurbon shunday deya atrofga razm soldi. Xona keng va yorug‘ bo‘lib, rahbarlar xonasini eslatar, faqat to‘g‘rida, ko‘zga tashlanib turadigan, qizg‘aldoqzor oralab qizchasi qo‘llaridan tutib kelayotgan ota-ona surati xonaga o‘zgacha ruh bag‘ishlab turardi.
– Bu o‘sha suratmi? – dedi suhbatni nimadan boshlashni bilmay qolgan Dilmurod Qurbon katta ramkada osig‘liq rasmga ishora qilib.
– Ha, – bosh irg‘adi Gulbahor. – Bu suratdan yana bir dona uyimda ham bor. Bu menga har daqiqa ota-ona muqaddasligini eslatib turadi.
– Gulbahor, – dedi Dilmurod Qurbon o‘rni kelganini his etib. – Noo‘rin bo‘lsa-da, bir narsani so‘ray...
– Mayli, – Gulbahor hozir u sevgidan gap ochadi, deb o‘yladi.
– Ota-onang topilmadimi?
Gulbahor bir muddat jimib qoldi. So‘ngra ma’yusgina javob berdi.
– Ko‘p surishtirdik, ammo topolmadik…
Shu vaqt kotiba qiz ularning oldiga choy va shirinlik qo‘yib chiqib ketdi.
– Shunaqa gaplar, – dedi Gulbahor og‘ir tin olib. So‘ngra Dilmurodga choy uzatarkan, unga uzrxohlik bilan qaradi-yu, so‘radi: – Siz-chi? Siz dadangizni, yaqinlaringizni topdingizmi?
Dilmurod Qurbon javob berish o‘rniga bosh chayqadi.
– Bilasan, avvallari dadamdan nafratlanardim, ammo endi ota-onani tanlab bo‘lmasligini, ularning borligi inson uchun qanchalik baxt ekanligini yanayam chuqurroq tushunib yetayapman. Men yaqinlarimni topdim, aniqrog‘i, xolam meni topdi. Dadamdan esa darak yo‘q, hech kim hech narsa bilmaydi. Buvim vafot etibdi. Tog‘amlar o‘zlari bilan o‘zlari bo‘lib ketishgan. Xolam ham. Ular menga mehribon, yordamlarini ayashmaydi, ammo hech biri onam bo‘lolmaydi-da…
Oraga g‘alati sukunat cho‘kdi.
– Bor umidim Xudodan, – dedi bir payt Dilmurod. – Hayotda anglaganim shu bo‘ldiki, inson doim intilib, kerak bo‘lsa, qasdma-qasdiga yashashi kerak ekan…
– To‘g‘ri, – tasdiqladi Gulbahor ham. – Sizni televizordan ko‘p ko‘rsatishadi. Nazarimda hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanladingiz…
Gapning qayoqqa ketayotganini har ikkisi sezdi va jimib qolishdi. Piyolalardagi choy sovidi. Shunda Dilmurod Qurbon yurak yutib so‘radi.
– Gulbahor… – dedi u ehtiyotkorlik bilan: – Ishlaring joyida ekanligi ko‘rinib turibdi, turmushing-chi?..
Gulbahor bir muddat o‘ylanib qoldi, asabiylashdimi, barmoqlarini qisirlata boshladi.
– Bir qarashda hayotimdan mamnunman. Balki baxtli hamdirman. Negaki, shirindan-shakar ikki farzandim, bir o‘g‘lim, bir qizim bor. Turmush o‘rtog‘im yonimda, qaynotam, qaynonam izzatimni joyiga qo‘yishadi. Tag‘in o‘tmishimdan ham ko‘z yumib ketolmayman. Bu dard doim ikki yelkamdan bosib turadi. O‘sha kunlarni eslasam ezilib ketaman.
– Bolalaring yaxshimi? – Dilmurod Qurbon «Ular dadasiga tortmaganmi?» demoqchi edi, andisha qildi.
– Xudoga shukr. Avvaliga juda-juda qo‘rqqandim, ammo Yaratganning dargohi keng ekan. Bolalarim soppa-sog‘, benuqson.
– Ammo ering… – Dilmurod Qurbon o‘zini arang to‘xtatib qoldi. – Kechirasan…
– Hechqisi yo‘q. Allohning irodasini bandadan yashirish gunoh. Erim nuqson bilan tug‘ilgan, lekin u bugun yonimdagi ishongan tog‘im…
– Gulbahor, o‘rni kelganda, so‘ray, – dedi Dilmurod Qurbon, – Eringning shundayligini oldin bilarmiding?
– Yo‘q… – Gulbahor shunday dedi-yu, duv qizarib, ko‘zlari pirpirab ketdi. – Buni hatto to‘y kuni ham bilmagandim…
– Qanday qilib gaplashayapsan?
– Avvaliga qiyin bo‘ldi, hech narsaga tushunmasdim. Bu men uchun o‘lganning ustidan tepgandek edi. Hatto boshida erim bilan xat orqali ham gaplashganmiz. U kishi har tong yostig‘im tagiga xat tashlab qo‘yardi… Unda «Sening boringga shukr. Sen hayotimga mazmun olib kelding…» degan so‘zlar bo‘lardi. Asta-sekin imo-ishoralar bilan gaplashishni ham o‘rgandim. Inson xohlasa, xohish bo‘lsa, hamma narsaning uddasidan chiqarkan…
– Uni yaxshi ko‘rasanmi?
– Ahmoqona savol berayapsiz, – dedi Gulbahor. – Bilaman, yuragimda armon bor, ammo u bolalarimning otasi…
– Uzr, noo‘rin gapirib qo‘ydim, – dedi Dilmurod Qurbon. So‘ng unga tikilib turib dedi: – Gulbahor, meni bir narsa qiynaydi. Qiziq, unga qanday ko‘nikib ketding? Shuni o‘ylasam, u xonadonga qanday moslashib ketganingga hayron qolaman.
Gulbahor uning armonli sevgisiga ishora qilayotganini sezdi va mavzuni o‘zi anglab yetgan haqiqatlarga burib yubordi.
– Dilmurod aka, o‘zingiz yaxshi bilasiz, hayotdagi ojizlik ikkovimizni ham xuddi dengizga tushib qolgan pista po‘chog‘idek ikki yoqqa irg‘itib yubordi. Siz onangizni ko‘rgansiz, bir oz bo‘lsa-da mehridan bahramand bo‘lgansiz. Dunyoda ona mehridan yoqimli, ona mehriday betakror mo‘‘jiza yo‘q ekan. Men buni kelin bo‘lib tushgach tushundim. Qaynonam menga onam o‘rnida ona bo‘ldilar va mehr berdilar. Men u kishi uchun kelin emas, qiz edim. Qayda bo‘lsa, qayga borsa, yonida olib yurardi. Meni u xonadonga ipsiz bog‘lab qo‘ygan kuch mehr bo‘ldi. Ha, ona mehri bo‘ldi. So‘ng farzandlarim...
Bunday javobni kutmagan Dilmurod Qurbon uning so‘zlaridan hayotidan mamnunligini uqdi. Ko‘nglida armonlar xuruj qilib tursa-da, «Bundan juda xursandman», deb qo‘ydi.
– Men esa sizni ko‘rganimdan…– bu so‘zni Gulbahor beixtiyor aytib yubordi. – O‘qishni bitirganingizni, ikkita kitobingiz chiqqanini bilaman. Hamma she’rlaringizni o‘qiganman, – u shunday deya gapining isboti uchun g‘aladonidan uning to‘plamlarini chiqarib, stol ustiga qo‘ydi.
– Rahmat… – Dilmurod Qurbon uning ko‘zlariga tikilib turib, titrab ketdi. – Demak, sen…
Gulbahor uni gapirtirmadi:
– Sizga omad tilayman!
– Rahmat…
– Dilmurod aka, uylandingizmi? – so‘radi Gulbahor kutilmaganda.
– Yo‘q.
– Nega?
Dilmurod Qurbon nima deb javob berishni bilmay, derazadan tashqariga qaradi. Ko‘z oldiga yosh hamkasbi, shoira qiz keldi, ammo hali o‘zi ham to‘la ishonch hosil etmagan tuyg‘u haqida gapirishni istamadi.
– Dilmurod aka, – dedi Gulbahor uning javob berishni istamayotganini sezib. – Sizga bir gapni aytaymi?
– Xo‘sh?
– O‘tgan yillar davomida shu narsani anglab yetdimki, armonlar insonga kuch berarkan, yaxshi kunlarga intilib yashashga majbur qilarkan.
– To‘g‘ri, – bosh chayqadi Dilmurod Qurbon. – Esingdami, biz qanotsiz qushlarga o‘xshaymiz, derdim, ammo baribir uchishimiz kerakligi haqida o‘ylardik.
– Ha… biz qanotsiz uchgan qushlarmiz...
– Bizni uchirgan kuch armon bo‘ldi. Sog‘inch diydamizni qotirdi, biz esa doim yaxshilikni sog‘inib yashadik. Yo‘qlik va judolik yo‘llarimizga g‘ov bo‘ldi, shunga qaramasdan kelajakka ishondik. Kelajakka esa har qaysimiz o‘z yo‘limizdan ketdik. Ko‘rpamizga qarab oyoq uzatishga majbur bo‘ldik. Balki shuning uchundir, parvozlarimiz g‘ayrioddiy bo‘ldi...
Oraga jimlik cho‘kdi, suhbatdoshlar bir nuqtaga tikilishib qolishdi.
– Guli, – dedi Dilmurod Qurbon kutilmaganda. – Seni ko‘rib, rosti quvondim, suhbatlashib, ancha yengil tortdim. Oradan shuncha yil o‘tibdi-yu, biror marta uchrashmaganimizni qara. Aslida men bu yerga «Bahor» haqida maqola tayyorlash uchun kelgandim. Gap bilan bo‘lib, nega kelganimni ham unutay debman.
Har ikkisini bir iztirob ezib turar, ammo sezdirmaslikka urinishardi...
– Qizlarga aytaman, sizga kerakli ma’lumotlarni berishadi.
– Yaxshi... – bosh chayqadi Dilmurod Qurbon. U direktor yordamchisi kerakli ma’lumotlarni yig‘ib kelgunicha Gulbahor bilan gaplashib o‘tirdi, ammo suhbatlari «Mehribonlik uyi» hovlisidagidek erkin bo‘lmadi, qulfi dillarini ochisholmadi.
– Endi men boray, – dedi Dilmurod Qurbon o‘rnidan turib. Ostonaga qarab yura boshlagan edi, orqadan Gulbahorning hazin ovozi eshitildi.
– Dilmurod aka...
Dilmurod Qurbon o‘girilib qaraganida, Gulbahor negadir qizarib, nimadir demoqqa og‘iz juftlab turardi.
– Meni kechiring…
Bu so‘z bitayotgan yarani qayta tirnagandek bo‘ldi. Go‘yo yeru ko‘k larzaga kelib, Dilmurod Qurbonning a’zoyi badani titrab ketdi va yana Gulbahorga tikilib qoldi. U hozir hech narsani eshitmas, Gulbahordan boshqani ko‘rmas, shuurini tuman qoplagandek edi.
– Guli, sen ham kechir… – dedi. So‘ng allanechuk yengil tortdi: – Xayr…
– Yaxshi boring. O‘zingizni asrang…
– Sen ham...
Dilmurod Qurbonning eshik tutqichini ushlagach qo‘llari qotib qolgandek bo‘ldi, bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. U yana ketiga o‘girilib, Gulbahorga qaradi, ammo ortiq so‘z aytmoqqa holi bo‘lmay ostona hatladi…
U o‘zini unutib, orzular va armonlar iskanjasida hech kim taqdir izmidan qochib ketolmasligi, buni o‘zgartmoqqa bandasi ojiz ekanligi haqida o‘ylab odimlarkan, yuragi to‘kilayotgan esa-da, ruhi tetiklashilib borayotgandi...
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 7-8-son.