Ular Dilshodni yarim tunda ijara uyidan olib chiqishdi. Ko‘zlarini uqalab turgan Dilshodga «Haligi, bobong seni so‘rayotgandi...», deyishdi. «Nega» degan savoliga esa «Bilmadik, Dilshodni olib kelinglar, dedi, kelaverdik», deya qutuldilar.
Mashina yo‘lga tushdi, ammo hech kim bir-biriga so‘z qotmadi. Rulda o‘tirgan tog‘a o‘ychan, bobosining kenja o‘g‘li — Fayzulla akasi xomush, oynadan qaerlargadir ma’yus tikilib ketyapti. Dilshodning nazarida ular nimanidir yashirayotgandek edi.
Tongga yaqin qishloqqa kirib kelishdi. Bemor ko‘z ochib jilmayganidek sharqdan yorishib, atrofni nurafshon etib kelayotgan tong bugun o‘zgacha edi. Havo salqin. Qibladan yengil shabada esib turibdi. Hosili yig‘ib olingan yong‘oqlar ustida joy talashgan maynalar chig‘illaydi, atrofdan itlarning hurishi, xo‘rozlarning odatiy qichqirig‘i eshitiladi. Ahyon-ahyonda yo‘lning narigi tomonida shaharga borishni niyat qilib chiqqan yo‘lovchilar uchraydi. Darvozasi qulf ko‘rmaydigan, hamma yog‘i ochiq hovlilarni kelinlar, ayollar supurayotgani ko‘zga tashlanadi. Mashina qishloqqa kirib kelganida shu vaqtgacha ovoz chiqarmay, tishini-tishiga bosib kelayotgan Fayzulla aka «Ay, otajonim-a!», deya yelkalari titradi.
Hech narsaga tushunmay, hayron bo‘lib kelayotgan Dilshod yalt etib old o‘rindiqdagi akasiga qaradi.
— Aka, bobomga nima qildi?
— Dilshod, bobongning biroz mazasi yo‘q...
Dilshodning ko‘z oldiga yoshligidan yonida katta qilgan, maktabdan kelganlarida «Dilshodjon, necha olding bugun?» deya erkalaydigan, nechta besh bahosi bo‘lsa, shuncha maqtab, konfetlar beradigan, o‘qishdan borganlarida «E, keldingmi, Dilshodjon! Aynalay sendan!» deya quchoq otib kutib oladigan bobosi keldi.
Mana, nihoyat, uy ko‘rindi. Tumonat odam. Go‘yo qishloqdoshlarning hammasi shu yerda. Buni ko‘rib, Dilshodni vahima bosdi.
— Dilshodjon, — dedi Fayzulla aka ortiga o‘girilib. So‘ng uzalib, Dilshodning boshini mahkam quchoqladi. — Dilshodjon, bobongdan ayrilib qoldik...
O‘ktam aka — Dilshodning dadasi kela solib, o‘g‘lini bag‘riga bosdi.
— Yur, o‘g‘lim, — dedi O‘ktam aka. — Yur, bobongni bir ko‘r.
— Obormang, bola qo‘rqadi, — dedi Dilshodning onasi erining bilagidan tutib.
— Indama, ko‘rsin. Ko‘rmasa, armon qilib yuradi.
Osmon yiroq, yer qattiq. Odamzod tug‘iladi, g‘am chekadi, o‘ladi.
Osmon yiroq, yer qattiq. Odamzod tug‘iladi, kurashadi, o‘ladi.
Osmon yiroq, yer qattiq. Ammo yaxshi odamlardan yaxshi nom qoladi.
Qabristondan qaytisharkan, Dilshod bobosini, bobosi bilan kechgan damlarni esladi. U esini taniguncha ota-onasi bilan bobosinikida yashardi. Keyin bobo qizlarini chiqardi. Orada og‘ir xastalikdan momo vafot etdi. Ana shunda boboning suyanchig‘i, ovunchog‘i endigina birinchi sinfga borgan Dilshod bo‘lib qoldi. Bobo endi o‘zini nevara bilan ovutar, yolg‘izlik azobini u bilan yengib kelardi. Nevarasiga tunlari eng qi-ziq ertaklarni aytib berar va o‘zi-da, o‘sha ertaklarga ishongisi kelardi... Bobo bilan nevaraning hayoti ertakka o‘xshardi. Kunduzi ish, turli tashvishlar bilan ovungan bobo tunlari yonida nevarasini olib yotarkan olis osmonga tikilar, marhuma kampiri bilan xayolan suhbatlashar, yoshligi, ilk uchrashuvlari, to‘ng‘ichi tug‘ilgandagi quvonchlarni eslar va uni yo‘qotgan kungi abgor holini ham ko‘z oldiga keltirar, so‘ng xo‘rligi kelib, boshini ko‘rpaga o‘rab olardi.
— Yo, Parvardigor, o‘zing sabr ber! — derdi bobo shunday vaqtlarda. So‘ng yonginasida osmon, oy va yulduzlar haqida gapira-gapira uxlab qolgan nevarasining peshonasini silagancha o‘zi ham uyquga ketardi.
Vaqt beshafqat. Kunlar, oylar va yillar o‘taveradi. Bobo bilan nevara shu zaylda yashar, nevarasining baholaridan quvongan chol uni doim yonida olib yurar, o‘z farzandlaridan-da ortiq ko‘rar, danagidan mag‘zi shirin naqliga amal qilardi. Boboning keyingi o‘g‘illari uylanib, o‘qib yurgan yillari alohida uy solib chiqib ketgan O‘ktam aka Dilshodni butunlay otasiga berib qo‘ygan, Dilshodga ham bobosi bilan yashash maroqli edi.
— Dilshodni o‘zim o‘qitaman, — derdi bobo o‘g‘illariga. — Dunyo qiziq ekan. Kampirimdan so‘ng Dilshod meni hayotga qaytardi.
Boboning farzandlari o‘zlari bilan o‘zlari bo‘lib ketgan, otadan ularga maslahat va duo kerak edi, xolos. Bolalari uylik-joylik bo‘lgan bobo keng hovlida kenja o‘g‘li Fayzulla va kelini, nevaralari qurshovida yashasa-da, Dilshodga suyanib qolgandi.
Dilshod to‘qqizinchini bitirib, shaharga o‘qishga ketganida bobo yana o‘zini yolg‘iz his etdi, biroq endi boboni nevaraning orzulari va kamoli umidlantirib turardi. Bobo Dilshodning tezroq litseyni bitirishi va universitetga kirib, «Bobo, men talaba bo‘ldim!» deyishini kutar, kunu tun o‘sha kunlarga yetkazishini so‘rardi.
— Har shanba uyga kel, — derdi bobo o‘qishga ketayotgan Dilshodga. — Bilaman, uzoq shaharda o‘qiyapsan. Yo‘lkira ham qimmat, ammo bu men uchun sening diydoringdan qadrli emas...
Dilshod shularni o‘ylar ekan, izillab yig‘lab yubordi.
Yigitchaning nazarida endi shanba kunlari uni hech kim kutmas, uy orqasiga o‘tib, yo‘lga qarab o‘tirmas edi. Dushanba kunlari cho‘ntagiga pul solib, «Yaxshi o‘qigin, bolam. Ha, aynalay!» deb kuzatmas edi.
O‘sha kuni Dilshod uyga kirolmadi. Hovlidagi odamlar tarqalib, faqat qarindoshlar qolganida ham u bobosining uyi orqasida yig‘lab o‘tirdi. Atrofga qaradi, bir tomon keng dalalar, bir tomon uylar, qir-adirlar. Olisdan tog‘lar ko‘rinadi. Bir vaqtlar ko‘zga cho‘g‘, qalbga olov solgan bu manzara bugun g‘arib ko‘rinadi. Uy aylanib yurgan it ham bugun xomush, hech kim bilan ishi yo‘q. Goh iniga boradi, goh daraxt tagiga kelib, tinimsiz odam kirib chiqayotgan uyga qarab yotadi.
Kech tushib, kun bo‘yi odam arimagan hovli lashkarlar chekingan janggohday huvillab qoldi. Ahyon-ahyonda kimdir oshxona yoki narigi uyga o‘tadi, ammo ko‘zlar nam, bosh egilgan, lablar pichirlaydi. «Otajon», «Bobojon», «Akajon», «Og‘ajon!» Yosh qalqqan nigohlar so‘zlardi, ishoralar «gapirardi». Hamma bir-birini bir qarashda tushunardi. Gap esa ortiqcha. So‘zga ochilgan lablar hasratdan titrab ketadi, ko‘zga zo‘r beradi.
Kechqurun boshini devorga suyab, bir nuqtaga tikilib o‘tirgan katta o‘g‘il — O‘ktam aka nogoh atrofiga qaradi. Jigarlari xun.
— Ota-ona o‘lmog‘i meros... — dedi u ukalari va singillariga madad bo‘lish uchun, ammo so‘zini oxiriga yetkazolmadi. O‘pkasi to‘lib, yugurib tashqariga chiqib ketdi. Uy yoniga o‘tdi va devorga suyangan ko‘yi o‘tirib qoldi. Ana shunda ota uyining devorlari uning yelkasini, boshini silaganday bo‘ldi.
— Ay, ota-ya! — O‘ktam aka o‘kirib yubordi. — Odamlar endi ukalaringga o‘zing bosh bo‘l, deydi. Uy to‘la ukamlarga, singillarimga sizning o‘rningizda ota bo‘larmidim, otajon. Ursangiz ham, so‘ksangiz ham o‘zingiz shu yerda savlat to‘kib turmaysizmi? Baqirib turmaysizmi? Hay, ota-ya!
O‘ktam aka uy yonida ancha vaqt turib qoldi. Bir vaqt uy orqasidan ovoz kelayotganini sezdi. Ovoz Fayzulla bilan Dilshodniki edi.
— Dilshod, — derdi Fayzulla, — bobong o‘ldi. Endi ko‘nikishdan boshqa choramiz yo‘q.
— Men bobomsiz nima qilaman? — derdi judolikka ko‘nika olmayotgan Dilshod.
— Unday dema, mana otang bor, onang bor. Biz bor.
Dilshod, baribir, akani eshitishni istamasdi. O‘ktam aka joyidan turdi-da, uy orqasiga, o‘g‘li yoniga bordi.
— Dilshod, — dedi o‘g‘lining boshini silab. So‘ng ho‘ngrab yubormaslik uchun bir muddat lablarini tishlab turdi-da, so‘zida davom etdi. — Dilshod, bunday qilma, o‘g‘lim, bunday qilma. Uyga kir. Uyga kirmasang, hadeb yig‘layversang, bobongning ruhlari chirqiraydi. Bobong sendan xafa bo‘ladi. Nevaramni shunday quloqsiz qilib katta qiluvdimmi, deydi.
Bu gaplarni eshitgach, Dilshod jim bo‘lib qoldi. Sekin boshini ko‘tarib dadasiga qaradi.
— Bobom endi yo‘q, dada! Eshityapsizmi, bobom endi yo‘q.
— Bo‘ldi, qil, o‘zingni tut! Sening bobong o‘lgan bo‘lsa, mening otam o‘ldi. Otam, eshityapsanmi? – O‘ktam akaning lablari titrab ketdi. — Agar yaxshi o‘g‘il bo‘lsang, yaxshi nevara bo‘lsang, bobomning ruhlari shod bo‘lsin desang, yaxshi o‘qi. Litseyni bitirib, o‘qishga kir. Bobongning nevarasi ekaningni ko‘rsat! Ana shunda sen bobong orzusini amalga oshirgan bo‘lasan...
Dilshod o‘zini otasining quchog‘iga tashladi-da, yuzini ota yelkasiga bosib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi.
— O‘qiyman, — dedi o‘pkasini bosolmayotgan Dilshod, — astoydil o‘qiyman. O‘qishga kiraman, dada, o‘qishga kiraman.
Bu bola qalbli Dilshodning, bobo tarbiyasini olgan Dilshodning ahdi edi.
— Senga ishonaman o‘g‘lim, sen otamning nevarasisan.
Bu otaning ham chorasi, ham ishonchi, ham umidi edi.
Ma’rakalarni o‘tkazib shaharga qaytgan Dilshod kitobga qarasa bobosining nuroniy chehrasi ko‘rinaverar, quloqlari tagida otasining aytgan so‘zlari jaranglar, bobosi ortida turib, «Agar shu yil o‘qishga kirolmasang, seni nevaram demayman!» deyotgandek tuyulaverardi.
Dilshod qishi bilan bobosi endi yo‘qligiga, tug‘ilgan inson bir kun kelib, vaqti-soati yetib vafot etishiga, ulardan faqat yaxshi nom va xotiralar qolishiga, ana shu muqaddas ruhlarning shod bo‘lishi uchun esa farzandlar va nevaralar komil bo‘lishi kerakligiga amin bo‘ldi. Uning endi birgina maqsadi bor edi: o‘qish va o‘qishga kirish. Ana shunda unga barcha imkoniyatlar eshigi ochiladi va qaysi eshikka kirmasin, bobosining yorug‘ yuzini va otasining tik qomatini ko‘radi.
Dilshod endi yana har shanba uyga kelar, ammo ota uyida emas, Fayzulla akasi bilan bobosining uyida uxlar, ba’zan bobosi tushlariga kirib chiqardi. Tushlarida u doim bobosi bilan birga ot minib yurardi. Goh adirlar ustida, goh katta shaharda. U tushlarini hech kimga aytmas, ammo yaxshilikka yo‘yar, yakshanba kuni shaharga qaytarkan, yo‘lda bobosini eslar va o‘z oldiga ulkan-ulkan maqsadlar qo‘yardi.
* * *
Galabekning tuproq ko‘chasidan oq ko‘ylak, ko‘k jinsi shim kiygan baland bo‘yli bir yigit kelyapti. Shod, qaddi baland. Uni ko‘rganlar havas bilan qarashyapti, bolalariga ko‘rsatishyapti, yana nimalardir deyishyapti. U esa bugun bobosi uyiga emas, otasi uyiga boryapti. Mana, ochiq darvozadan kirdi. «Dada?» deb chaqirdi, ammo hech kimdan sado chiqmadi. Uyda hech kim yo‘q edi.
— Qayoqqa ketishdiykin? – o‘yladi u. — Bugun javoblar chiqishini bilishardi-ku!
U darvozadan chiqib yo‘lga tushdi. Bobosining uyiga. Negadir qadami ildamlashdi, yanada kayfiyati ko‘tarildi, ammo ich-ichidan bir nima bo‘g‘ib kela boshladi. Mana, ko‘chaning oxiri, bobosining uyi. Uyga yaqinlashgan sayin uning yuragi battar ezila boshladi. Har gal uyga kelganida shunday bo‘ladi, ammo bugun o‘zini tutolmadi. Darvozaga yetganda yig‘lab yubordi. Va eshikda dadasi bilan ro‘baro‘ keldi. O‘ktam aka o‘g‘lini ko‘rib, qo‘rqib ketdi. «Nahotki o‘qishga kirolmagan bo‘lsa?»
— Dilshod?!
— Dada! — Dilshod o‘zini otasining quchog‘iga otdi.
— Nega yig‘layapsan, o‘g‘lim? — so‘radi O‘ktam aka.
— O‘qishga kirdim!
— Nima?!
— Ha, o‘qishga kirdim, dada. Ammo... — Dilshod gapirolmay qoldi. So‘ng otasining yuziga termilib qaradi: — Hozir bobom bo‘lsaydi.
O‘ktam aka yana o‘g‘lini bag‘riga bosdi. U hozir Dilshodni qo‘yib yuborishni istamas, go‘yo quchog‘ida o‘g‘li emas, otasi turgandek tuyulardi. Bu vaqt ichkaridan esa birin-ketin boboning o‘g‘illari-qizlari, nevaralari yugurib chiqishar, go‘yo eshikdan Dilshod emas, ularning otasi, ularning bobosi kulib kirib kelayotgandek edi.