OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Nurillayev. Qor sog‘inchi (badia)

Ko‘z ostidan osmonni kuzataman, bir tekis oqimtir rangga kirgan. Dimog‘imda qor isini tuyaman va entikaman: demak, endi albatta yog‘adi.
Xayolan oq, oppoq zarralarga kaftimni tutaman. Qo‘limga qo‘ngan qorning gulnusxa shaklini ilg‘ashga ulgurmay u erib ketadi va bundan xuddi yosh boladek o‘kinaman. Kaftimga kelib tushayotgan zarralarga sinchiklab ko‘z tikkim keladi. Yo‘q, ular men bilan o‘chakishgandek, qo‘limda uzoq turmay erishda davom etadi. Namiqib qolgan kaftimni ishqab, yog‘ishi tezlashgan qorga tikilaman. Kaftimga qo‘nganda ilg‘ab qolganim — naqshinkor qor parchalarining bari birdek chiroyliligini his qilaman. Qor osmondan tushyapti, balki u o‘z shaklini yulduzlardan olgandir, degan o‘y keladi xayolimga. Axir, har bir yulduz o‘zgacha ko‘rinishga, o‘zgacha jozibaga ega, qorga ular nusxa bergandir. Betakror ko‘rinishga egaligi shundanmikin ularning. Bahor gullarining turfa qiyofasiga ham qor sababchimi? Erib yerga singgan qor zarralarining ko‘rinishi daraxtlarga, o‘t-o‘lanlarga, ulardan esa gullarga o‘tgandir, balki?
Atrofga ko‘z tikib, qorning jozibasi baribir rangida, uning oppoqligida deb o‘ylayman. Bu fikr ilgari hech kimning xayoliga kelmagandek, ushbu haqiqatni kimgadir aytgim, uni butun dunyoga ma’lum qilib, hayqirgim keladi. Go‘yo kimdir bu borada men bilan bahslashayotgandek, kimdir gumonsirayotgandek. Barcha menga qorning rangi qora emas — oq, oppoq deyishini ko‘nglim sezib tursa-da, uning haqiqatan oq, oq bo‘lganda ham o‘zgacha bir oqligini kimgadir isbotlagim, bu haqiqatga uni ishontirgim kelayotgandek bo‘ladi. Shunda men kabi yana kimningdir sevinishini, tabiatning bu mo‘‘jizasidan bahra olishini xohlayotganim uchun vujudimda shunday istak uyg‘onganini payqab qolaman. Ularning shu lahzada men sezib turgan baxtga sherik bo‘lishini istaganim uchun shunday ezgu xayollarga berilganimni anglayman. Ular yonimda yo‘qligidan negadir o‘zimni gunohkordek sezaman. Lekin qor faqat mening boshimda yog‘ayotgani yo‘q-ku. Atrof bepoyon. Yana kimdir men kabi qor yog‘ishidan zavqlanib, tabiat in’om etayotgan baxtdan sarmastdir. Albatta, shunday. Ko‘zimni yumib o‘sha odamlarni ko‘rgandek bo‘laman. Ular ko‘p, barisi shodon. Ularga havasim keladi. Qanday baxtli ular.
Qor hamon yog‘moqda.
Baraka yog‘yapti, derdi rahmatli buvam qor yoqqan palla o‘zidan o‘n marta kichik evarasi — meni dalalarga yetaklab. Yoshi yuzga yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da, yoqasiz, ko‘kragi ochiq yaktakda ekanligi etimni junjiktirardi.
— Saratonning oftobini, chillaning shamolini ko‘kragi ko‘rgan er kishi hech vaqt shamollamaydi, — derdi bobom fikrimni uqqandek, ayni chog‘da quloqchinimni bostirib, yo‘g‘on sharfga o‘ralib olganimdan ham zavqlanib, ham o‘kinib. – Oying namuncha issiq kiyintirmasa seni. Bunaqada shamollab qolasan-ku.
Buvamning chayir gavdasi yana bir muddat nigohimdan ketmay turdi. Lekin oqlik libosiga burkanayotgan borliq ko‘zimda qayta tiklanib borarkan, uning nimasidir buvamga juda-juda o‘xshashligi meni hushyor torttirgandek bo‘ldi. Endi ancha qalinlashib qolgan qorga boqdim. Buvamning so‘zlari, niyatlari, nasihatlari, duolari haqiqatan qordek oq edi. Nigohim ufqqa qadaldi. Buvamning ko‘ngli, hatto gohida nohaqlikni ko‘rib qizishib ketadigan fe’li ham mana shu bepoyon dalalar kabi keng edi.
Egnimga qaradim. Ko‘zim bo‘ynimdagi sharfga tushdi. Go‘yo tomog‘imni bo‘g‘gandek edi u. Shasht bilan tortib oldim. Tugmalarini bo‘shatdim. Ko‘ksimga namxush havo urildi, sergak tortdim. Bunday huzurni ancha vaqtdan buyon his qilmagandim. Negadir buvamga juda-juda o‘xshagim keldi, yoshi yuzdan oshgan buvamga.
Borliqda esa sog‘intirgan qor isi kezardi...

* * *

Kun iliq, yog‘ayotgan qor ko‘cha, yo‘laklarda erib qolayotgan bo‘lsa-da, xiyobon o‘rindiqlarida, hovli devorlari va daraxt novdalarida o‘zini namoyon qila boshladi. Biroz vaqt o‘tib ko‘chalar ham qarshilik ko‘rsatolmay qoldi. Maydalab yog‘ayotgan qorning shashti baland edi, yo‘lakda bosilayotgan qadam izlari yaqqol ko‘zga tashlana boshladi.
Qorni anchadan buyon ilhaqlik bilan kutayotgan odamlar chehrasida o‘zgacha bir shodlik, ko‘zlarida, hatto yurish-turishida ham kuchli hayajon seziladi. Ularning bu holati uzoq vaqt sog‘intirgan odamning nogahon eshik qoqib kirib kelishini eslatadi. Men ham o‘zimda shunday holatni tuydim. Qorga burkanib borayotgan borliq butun tasavvurimni qoplab oladi. O‘zimni oppoq qorning ustiga otgim, quvonchimni bola kabi qiyqirib namoyish etgim keldi. Xayolan qor ustida umbaloq oshdim. Qish quvonchini bola kabi his qilganimdan yon-atrofimdagi kishilarga ham shu hissiyot eshligi ko‘rinib turgandek edi. Chunki ularning xavotir va bezovtalikni butkul unutgan chehralarida, yulduzlarning uchqunlari porlab turgan nigohlarida faqat uzoq kuttirgan qor taqdim etgan sevinch balqirdi. Beixtiyor egilib kaftimni to‘ldirib qor oldim. Entikib uni lablarimga tegizdim va juda-juda antiqa bir ta’mni sezdim. Nonning mazasi. Nega u bunchalik shirin ekanligi shuncha yoshga kirib, endi-endi menga ayon bo‘layotgandek edi.
Men harakatlarimni yana bir kishi qaytarayotganini ko‘rdim. Uning bu ishidan ajablanmadim. Aksincha, xayolimga uzoq yillar oldin bobomning erta bahorda meni ergashtirib dalaga olib chiqqani keldi. Qishi bilan qordan to‘yingan zamindan bug‘ ko‘tarilardi. Bobom yerga egilib kaftini to‘ldirib tuproq olgandi. Qo‘lini yuziga eltib, tuproqni to‘yib hidlarkan:
— Yil barakali keladi, — degandi entikib.
Men qo‘limda tutib turgan oppoq qordanmi yoki bobomni eslaganim uchunmi entikib ketayotgan edim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.