Nogoh yangragan telefon ovozi avtobusda borayotgan juvonni hushyor torttirdi. U shoshgancha tizzasiga qo‘ygan sumkasini ochib, telefonni olarkan, atrofdagilar diqqatini o‘ziga tortganidan xijolat chekkandek, uzrli nigohini telefon ko‘rsatkichiga bir zum tikkancha, uni qulog‘iga tutdi.
- Yo‘ldaman, hozir o‘zim telefon qilaman.
Bu gapni ayol deyarli shivirlab aytdi. Sim qoqqan tomon gapirib ulgurgan bo‘lsa kerak, juvonning ko‘zida yosh tomchiladi. Telefon tugmasini bosib, sumkasiga solarkan, undan dastro‘mol chiqardi. Yoshlagan ko‘zlarini artib, o‘ziga qarab-qarab qo‘yayotgan nigohlarga javoban noqulay holatga qolgani uchun uzr so‘ragandek, labiga sezilar-sezilmas tabassum yugurtirdi. Qayta yoshlangan ko‘zlarini artish uchun yana ro‘molchani ko‘ziga bosdi.
- O‘zingizni bosing, – dedi juvonning to‘g‘risida o‘tirgan mo‘ysafid o‘zicha hamdardlik bildirib.
Juvon gapirmadi, lekin bu gal yuziga qo‘nmoqchi bo‘lgan tabassum qushlarini haydashga ulgurmagani uchun, iljayishga moyil lablarini ro‘molchasini bilan yashirgan bo‘lib, yuzini avtobus oynasi tomon burdi. Tashqarida bir maromda o‘tib borayotgan uylar, do‘konlar, yo‘lak bo‘ylab odimlayotgan odamlar ko‘zga tashlanardi. Ayolga qaragan yo‘lovchilar ham ko‘zlarini tashqariga qadashdi.
Lekin boya ayolga qarab, uning ko‘z yoshidan achingani ham, labidagi tabassumi ahvolini yashirishga bo‘lgan soxtalik deb o‘ylaganlari ham ayni vaqtda dunyoda eng baxtiiyor, ushalgan orzusidan quvonchi ichiga sig‘magan ayol bilan borayotganlarini bilishmasdi.
Darhaqiqat, ushbu yo‘lovchilar juvonga o‘g‘li qo‘ng‘iroq qilganini, onasi gapini tugatmay, uning “o‘qishga kirdim, oyijon” deyishga ulgurganini, qaydan bilishsin.