OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zuhra Mamadaliyeva. Rabbimqul (hikoya)

Rabbimqul o‘rnidan turar-turmas telefoni jiringladi. U norozi kayfiyatda labini burib, qoshini chimirdi. Shu holatda telefoni “yuzi”ga qaradi. Shu zahotiyoq uning chimirilgan qoshlari yoyilib, lablariga xushtabassum yoyildi.
-Assalomu alaykum, okaxon! – so‘rashdi telefon bilan. –Hozirgina Sizni o‘ylab turgandim. Umringiz uzoq bo‘lar ekan, okaxon! Vax-xax-xa! Xo‘p-xo‘p, jonim bilan... Mana hozir-da!
U telefonda gaplashib bo‘lib, o‘rnidan turdi. Shaxdam qadamlar bilan yurib, hovliga chiqdi. Hovli katta, aylanasi ikki qavatli uylar bilan o‘ralgan edi. O‘rtadagi gulzorda atirgul, rayhonlar qulf urib turibdi. Hovli chinniday toza supurilib, suv sepilgan. Qishloqning tonggi havosi dimog‘iga kirib, uyqusi yana ochildi.
Nihoyat u kutgan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Hamkori u bilan birga ishlashga rozi bo‘libdi. Shunday paytda g‘aflat bosib uxlab bo‘ladimi?! U quvonganligini bildirmaslik uchun qovog‘ini solib oldi.
 Rabbimqul yotoqxonasidan chiqar-chiqmas, xotini tipillab qoldi. Hamisha shunday bo‘ladi, bo‘lishi kerak ham. Kishi o‘z uyida tartib o‘rnatolmasa, jamoada, jamiyatda qanday tartib o‘rnatsin?! Tartib o‘rnatmoq uchun esa kishining, eng avvalo erkakning qo‘lida qamchi bo‘lishi kerak. Keyin esa mana shu qamchidan qon tomib turmog‘i lozim. Qovog‘ ochilmasligi, tildan achchiq-achchiq, iloji bo‘lsa, zahar-zaqqum so‘zlar chiqib turishi kerak. Shundagina oila a’zolaring, birinchi navbatda xotining, bolalaring, keyin esa qo‘l ostingda ishlaydiganlar sendan hayiqishadi, izzat qilishadi. Nafaqat seni ko‘rganda yoki sen bilan gaplashganda, balki, sen haqingda o‘ylaganda ham salobating bosib, yuragiga qo‘rquv kiradi.
Rabbimqul og‘ir gavdasiga mos salobatli qadamlar bilan zinalarni bir-bir bosib, hovliga tushdi. Oshxonaga qarab yurdi. Xotini tayyorlab qo‘ygan dasturxon qarshisiga yolg‘iz o‘tirib, qaymoqqa issiq nonni botirib yeya boshladi. U tez-tez chaynab luqmani yuratkan, xayolan hozirgi uchrashuvni o‘ylar, hamkori bilan birga ishlashni tasavvur etar, undan tushadigan foydani hisoblardi. Shu payti nogahon, ha-ha kutilmaganda yuragi qattiq sanchdi. Qo‘o‘lari harakatsizlanib, nonni tushirib yubordi. Lekin u bunga e’tibor bermadi. Axir kattagina daromad eshik qoqib turganda arzimagan xastalik e’tibor berishga arzimadi-da...
U nonushta qilib bo‘lgach, yotoqxonasiga kirdi. Po‘rim kiyimlarini kiydi, poytaxtdan olib kelgan ajabtovur atirlarni sepdi. Kiyim odamni o‘zgartirishi rost ekan. Bog‘ bilan tomorqadan boshqasini bilmagan dehqonning o‘g‘li bir zumda sipoyu silliq janobga aylandi-qoldi.
Buni Rabbimqul poytaxtlik hamkorlarning salobatlarini ko‘rib, havas qilganida, anglagandi. O‘shandan beri qishloqda ham avvalgiday pala-partish emas, yaxshi kiyinib yuradigan bo‘ldi. Qishloq odamlari kiyimning farqiga borishmaydi, bitta kiyim bilan ishlab, to‘yga borib, yana o‘shanda uxlashadi. Befarosatlar. Befarosat to‘nkalar.
Rabbimqul hovliga chiqdi. Katta o‘g‘li salom berib, mashina ruliga o‘tirdi. Ota unga javob ham qaytarmay, hamon qovog‘ini osgancha, mashinaning orqa o‘rindig‘iga yastandi. Mashina Rabbimqulning uyi joylashgan tor ko‘chada silliq yurdi. Katta ko‘chaga chiqqach chayqala boshladi. Sababi, Rabbimqulning ko‘chasi asfalt bo‘lgan. Uning shaxsan o‘zi asfalt qildirgan bu ko‘chani. Katta ko‘chaga esa shag‘al ham to‘kilmagan. Qishda bilch-bilch loy, yozda osmonga ko‘tarilguday chang.
Bir paytlar qishloqning oqsoqollari katta ko‘chaga ham asfalt qildir deb kelib, ota-boboning arvohini o‘rtaga qo‘yishgandi. Rabbimqul ko‘nmadi. To‘g‘ri-da, katta ko‘cha asfalt bo‘ladimi-bo‘lmaydimi, bundan unga nima naf? Buning ustiga qishloqda undan boshqa qanchadan-qancha odam bor? O‘shalar ham harakat qilsin. Axir, Rabbimqulning bir o‘zi yurmas o‘sha ko‘chada. Ular tekingina yuraverishadimi, boshqalarning kuchi bilan qulay bo‘lgan yo‘lda?
 Nima emish, ular kunini zo‘rg‘a ko‘rayotganmish. Bunga kim aybdor? Albatta o‘zlari. Rabbimqulning esa bunga imkoniyati bor emish. O‘sha imkoniyat qaerdan keldi? Onalarining uyidan emas, albatta. Rabbimqul uni izlab, topdi. Buni tadbirkorlik deydilar. Bo‘lmasa, Rabbimqul ham yaqin-yaqinda shularning bittasi edi.
Rabbimqul faxr bilan tomoq qirib qo‘ydi. Qovog‘ini battar solib, hozirgi uchrashuv haqida o‘ylay boshladi. Yuragi avvalgiday bo‘lmasa-da sekin, lekin tez-tez sanchib qo‘ydi. Xayol deganlari esa asov otday, uchrashuv, hamkorlik, foyda degan tomonga emas, uning o‘tmishiga, bolaligi, yoshlik yillariga keta boshladi.
Rabbimqulning otasi Abdulahad bir umr kolxozning bog‘ida ishlagan. Bog‘da bitadigan yigirma ikki navdagi olmani yetishtirishda, parvarishlab, dorilashda undan o‘tadigani bo‘lmagan.
-Eng avval oq olma bilan “kislo sladikiy” ertapishar yetiladi, keyin esa eshshak olma. Qizil “besh yulduz” sariq “oltin” bilan birga pishadi. Atlas olmalar, baxmal olmalar bir-biriga navbat berib, bog‘ni yashnatishadi. Bir hush iforlarga to‘ldirishadi. Balki jannatning ifori shudir. Axir, olmani jannat mevasi deyishadi-ku. Eng oxirida yerga qirov qo‘nib, qor tushgan paytda ko‘k Smerinka pishadi, - derdi otasi.
Uning hayotining ma’nosi ham, quvonchu tashvishi ham mana shu bog‘u, undan bo‘ladigan hosilning yaxshi-yomonligiga bog‘liq edi. Lekin bog‘dan qancha foyda kelayapti, mehnat haqi qancha? Foydadan mehnat haqini olib tashlasak, sof daromad necha pulni tashkil etadi? Abdulahadni bu bilan zarracha ishi yo‘q edi. Aksincha, u bog‘dan olma o‘maradigan kolxozchilarni hushlamasdi. O‘zi ham o‘g‘li Rabbimqulga “qancha yesang ye, lekin uyga olib borma”, derdi. Uyga olma olib borishning keragi ham yo‘q edi, aslini olganda. Chunki uydagi bog‘da ham shu navdagi mevalar boshini egib, solib yotardi.
Mana shu otasi kolxoz bog‘ida o‘ttiz yil ishlab, ortirgani bir-ikki mukofotu, “udarnik kolxozchi” degan nom bo‘ldi.
Rabbimqul Abdulahadning yagona o‘g‘li edi. U o‘z kolxozining inqirozini ham ko‘rmadi, biroq Rabbimqulning kamolini ham ko‘rish nasib etmadi. Bir kun ichida yuragi ushlab qoldi-yu... Rabbimqul o‘shanda otasi bilan birga kolxozga endi ishga kirib, bog‘dorchilikni o‘rgana boshlagandi. Keyin xuddi otasining o‘limidan keyin bo‘lgani kabi kolxozning fayzi qolmadi. Surunkali pulsizlik, ishsizlik davrlari boshlandi. O‘sha kunlari Rabbimqul boshqa sobiq kolxozchilar singari bemaqsad va befoyda kunlarni o‘tkaza boshladi. Qo‘lida boshqa hunari bo‘lmaganligi uchun pul topadigan o‘zga yo‘li ham yo‘q edi. Biroq bog‘ning hosili qancha ko‘p bo‘lmasin, kolxoz unga bir tiyin ham haq bera olmasdi.
Asta-sekin bog‘dan putur keta boshladi. Rabbimqulning onasi va yaqinda olgan xotini bir-ikki sigir sutini, keyin o‘z bog‘laridagi olmani shahar bozoriga olib borib, sotib, ro‘zg‘or qilib kelishardi. Lekin daraxt deganlari yil – o‘n ikki oy meva bermas, sigir ham shunday gap...
O‘sha yili bahor shunday behosiyat keldiki... sigir hali sutga kirmagan, olmaning eng ertapisharlari ham gullab ulgurmagan edi. Buning ustiga xotini ikkinchi farzandiga ona bo‘lgandi. Rabbimqul yarim-yorti qurigan bog‘ni aylanib yurarkan, xayoliga bir gap keldi. U bu gapni o‘zi bilan o‘zi ikki kun muhokama qildi. Yotsa ham, tursa ham, xayolida shu fikr aylaverdi. Oxiri chidolmadi. Xayolidagi gapni onasiga aytdi. Onasi chillali kelinini ayab, o‘zi xamir qorayotgan edi. Xamir avvalgiday pag‘a kabi oq emas, qishloq tegirmonidan chiqarilgan sepkepak unga qorilayotgandi. Onasi unga bir qur qaradi. Keyin yana tog‘orasiga engashdi:
- Qo‘y, bolam, boshingni og‘ritma.
- Nega axir? – qiziqdi Rabbimqul.
- Unday ishlar bizning qo‘limizdan kelmaydi. Buning ustiga ortiqcha sariq chaqamiz ham yo‘q.
Rabbimqulning hafsalasi pir bo‘ldi. Balki o‘sha xayolidagi gap gapligicha, orzu orzuligicha qolarmidi?! Agar o‘sha kuni u rais bovani ko‘rib qolmaganida... va unga dardini aytmaganida. O‘shanda rais bova uning gaplarini indamay, qoshini chimirgancha, biror marta ham gap qo‘shmay eshitgandi. Keyin esa bir oz o‘ylab olgach,
-Hm... ma’qul, - dedi u kutilmaganda. Lekin pulni qaerdan olasan?
-Bunga uncha ko‘p pul ketmaydi, rais bova, - jon-jahdi bilan gapira ketdi Rabbimqul.
-Hm...
O‘sha kuniyoq Rabbimqulning xotini yana ikki uch qo‘shni ayol hamkorligida eski hosildan qolib, yarimi chirib ketgan olmalar yaxshilab tozalandi. Rais bova qishloq “gastronom”idagi eski bankalarni “spisat” qilib, ichidagini bo‘shattirdi. Bu orada Rabbimqul aytaganini qildi. Onasi bilan xotining chirqiraganiga qaramasdan, oilaning yagona sigirini bozorga obchiqib sotdi. Jonivor yaqinda buzoqlashi kerakligi uchun yaxshigina bahoga ketdi. Bundan savdodan Rabbimqulning yuragi ham achishdi, biroq ahdidan qaytmadi. Rais bova sigirning puliga shahardagi allaqaysi do‘konda ishlaydigan tanishidan o‘sha paytlar anqoning urug‘i bo‘lgan shakar topib keldi. O‘zidan ham ancha pul qo‘shganligini aytdi, biroq Rabbimqul bunga ishonmadi. Lekin sir boy bermay, o‘zini ishonganday tutdi. Ayollar shakar qiyomiga to‘g‘ralgan olmalarni solib, kompot qilishdi. Bir qismini go‘shtqiymalagichdan chiqarib, povidlo pishirishdi. Bankalarga solishgach, rais bovaning ayoli ularni temir qopqoqlar bilan mahkamlab yopdi. Oradan ikki kun o‘tgach, rais bova mashinasida Rabbimqul bilan shaharga bankalarni olib borishdi. Uni raisning tanishi ishlaydigan o‘sha do‘konga “o‘tkizishdi”. Ayni ilik uzildi payti bo‘lganligi uchunmi, yo qishloq ayollari fahmiga bormay, shakarni ko‘p solishganigami, mashhuri jahon olmalaridan tayyorlanganligi uchunmi, harqalay, mahsulotlar hamkorlar o‘ylaganidan ham tez – bir haftaga qolmay sotib bo‘lindi.
-Foydaning 60 foizini men olaman, - dedi rais ko‘zlarini bejo qilib. – Avvalo teng sheriklik qildim, qolaversa, agar mening tanishim bo‘lmaganida bu “banka”laringni hech kim olmagan bo‘lardi. Qolaversa, tanishimga ham ulushini berishim kerak.
Rabbimqul rais yolg‘on gapirayotganini bilardi. Qolaversa, magazinchi bular beradigan cho‘talga muhtoj emas. O‘z haqini mahsulot ustiga pul qo‘yib, chiqarib olgan. Rais ham unga ulush beraman, deb o‘lib turgani yo‘q. Lekin u sipolik bilan ish tutdi. Jahligi erk bermadi.
-Rais bova, - dedi u qo‘lini ko‘ksiga qo‘yarkan, iltijo qilgan ohangda. Bolalarning og‘zi sutga tegay degan mahalda sigirni sotgandim, uning o‘rniga yana bir sigir obormasam, onam meni naq uydan haydaydi. Buning ustiga qo‘shni ayollarga ham qarashganlari uchun haq berishim kerak. Shuning uchun Sizdan iltimos, shu safar, 60 foizini men olaqolay.
Rais gapirmoqchi edi, Rabbimqul ustalik qilib, undan oldin gap boshladi:
-Bilasiz, yolg‘izqo‘lman. Oilani yolg‘iz o‘zim boqishim kerak. Shu safar menga yon bering. Keyingi safar mayli, Siz aytgancha bo‘lsin. Axir biz, nasib qilsa, hali ko‘p hamkorlik qilamiz.
Rais bova yon berdi, biroq Rabbimqul foydaga sigir olmadi. Ishni yana davom ettirdi. Qo‘ni-qo‘shning omborida chiriyotgan olmalarini arzon-garovga sotib olib, yana kompot va povidlo qildirdi. Faqat shakarni raisning o‘sha tanishi orqali o‘zi topdi. Unga bankalarni ham o‘zi oborib berdi. Xullas, u rais bilan boshqa hamkorlik qilmadi. Buni onasi yomonlikka yo‘ydi.
-“O‘ynashmagin arbob bilan”, deyishadi, bolam.
-Uning arbobligi qolmagan, ona! – onasiga birinchi marotaba qattiq gapirdi Rabbimqul. – bundan keyin tushunmagan ishingizga aralashmang!
Haqiqatan ham rais hech narsa qilolmadi. Hamqishloqlarga Rabbimqulni yomonlab gap tarqatdi, xolos. Biroq buning zarracha zarari bo‘lmadi. Qaytaga hamma chirib bitayotgan olmalarini sotib, ozgina bo‘lsa ham qo‘llari pul ko‘rayotganidan hursand, Rabbimquldan minnatdor edilar.
Rabbimqulning bu “beznis”i to qishloqdagi olmalar tugaguncha davom etdi. Natija yomon bo‘lmadi. oila bitta sigirli bo‘lishadan tashqari Rabbimqul eski bo‘lsa ham “Moskvich”li bo‘ldi. Yangi “beznis reja”ga ham dastmoya ortib qoldi.
Bu orada ertapishar olmalar bo‘y ko‘rsatib qoldi. Raisning magazinchi tanishi orqali yangi sherik topgan Rabbimqul chala pishgan “kislo-sladkiy” olmalarni bir vagon qilib Rossiyaga olib ketdi. Bu olmalar uzoq yo‘lga moslashmagani uchun yo‘lda yarimidan ko‘pi chirib ketdi, lekin shunda ham daromad yomon bo‘lmadi. Yana ikki marta shunday safardan keyin Rabbimqul Rossiyadagi sheriklar bilan o‘zi hamkorlik qila boshladi. Ushbu tijoratdan foyda shu darajaga yetdiki, o‘sha yili kuzda Rabbimqul Rossiyadan meva-sabzavot konservalaydigan mini tsexning texnologiyasini olib kelib, qishloqda kichik tsex ochishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qishloqdan boshqasini ko‘rmagan kolxozchi bog‘bonning o‘g‘li uchun ulkan muvaffaqiyat edi. Lekin u bu bilan cheklanib qolmadi. Viloyat markazidagi tadbirkorlar bilan sheriklik qilib, yangidan-yangi ishlarga bosh qo‘shdi.
Tikuvchilik tsexi ishga tushganda qishloqning ko‘pgina bo‘yqizlari, kelinlari ishlik bo‘lishdi. Zardo‘zlik tsexi tufayli yaqin qishloqlardagi turmushga chiqayotgan qizlar kelinlik libosi uchun shaharga bormaydigan bo‘lishdi. Soch turmaklashga, shirinlik pishirishga uquvi bor qizlarni Rabbimqulning o‘zi viloyat markazida emas, poytaxtdagi kurslarda o‘qitdi. Ish joyi naqd bo‘lgani uchun qizlar hursand, ularning ota-onalari esa Rabbimqulning duoi jonini qilar edilar. Xullas, uch yil o‘tib-o‘tmay, Rabbimqul qishloqning yagona egasiga, tumanning ikkitadan bittasiga aylandi. Kecha burnini uchida ko‘rsatadigan raisning bolalari unga salom berib o‘tadigan bo‘lishdi.
Rabbimqul muvaffaqiyatini to‘xtab qolishini xohlamasdi. U poytaxtdagi sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantiri, viloyat markazida qurilish mahsulotlari ishlab chiqaradigan katta tsex ochdi. Shaharliklar uyni buzib qurishga usta bo‘lishadi, bu esa Rabbimqulning yanada omadini keltirdi. Yildan yilga uning tijorati rivojlanib borar, kecha unga bepisand boqqan, viloyat markazidagi savdodan boshqani bilmaydigan tadbirkorlar bugun unga havas bilan qaraydigan bo‘lishdi.
Chet eldagi hamkorlar bilan qog‘oz idishda qadoqlanadigan zamonaviy sharbatlar ishlab chiqara boshlangach, Rabbimqul qishloqda ham bitta ofes, uning yonida mebel tsex ochdi. Qishloqdagi bekorchi yigitlarning deyaarli hammasi bir nav ishlik bo‘lishdi. Uquvliroqlarini Rabbimqul poytaxtga oborib, malaka oshirtirib keldi. Bularning hammasi yaxshi edi, qishloqdagi ba’zi ko‘rolmaydigan g‘aybatchilardan tashari hamma Rabbimqulni duo qilishardi.
Biroq uning omadi kulgan sari dimog‘i shunga monand shishib bordi. Kecha uni ko‘rib, “Ha, jo‘ra, bitta tashlashmaymizmi?” degan jo‘ralari endi hayiqibroq turadigan bo‘lishdi. Kecha uning xotinini bilan banka yopishgan, ko‘cha-ko‘yda ko‘rsa, “qalaysiz, ovsin?” deb ko‘rishgan qo‘shni kelinlar bugun orqavorotdan “boyib, burni ko‘tarilgan” deb g‘iybat qilishsa-da, erlariga “borib ish so‘ramaysizmi, bitib yotishibdi, “cho‘chqadan bir tuk” deganlariday, bizga ham biror nima tegsa zora?!” deb erlarini qistashardi. Rabbimqul bunday iltimoslarga avval beparvolik bilan qarardi. “Senga mos ish yo‘q jo‘ra, bo‘p qolsa, o‘zim chaqirman”, deb qaytarib yubordi. Keyin esa kallasiga kelgan fikrdan ko‘zlari chaqnab ketdi. Axir, qishloqdagi ofesga texnik xodimlar kerak-ku. Ikkita qarovul, bog‘bon, yana bir-ikkita farrosh. Shularga yarar axir, bu ish so‘rab kelganlar.
-Men seni ishga chaqirmagandim, - deb gap boshladi u ish so‘rab kelgan qadrdon jo‘rasi, sobiq sinfdoshi Rayimqulning ko‘zlariga tik qarar ekan.
Rayimqul uning nigohlariga dosh berolmadimi, yoki odab yuzasidanmi, boshini quyi egdi.
-... Shuning uchun seni katta amalga emas, oddiy ishga olmoqchiman. Lekin bekorchilikdan ko‘ra buyam ancha yaxshi.
- Mayli... Albatta-da...
-Ertadan, agar ma’qul desang, “ofes”ga qorovul bo‘lasan.
-... Xo‘p.
-Lekin astoydil ishlaysan. Avvalgi qilig‘ingni qilib, biror joyda ichib, o‘chib qolsang, mendan muruvvat kutma.
Kechagina birga pivoxo‘rlik qiladigan oshnasidan bunday javob chiqishi Rayimqulni hamiyatiga tekkan bo‘lardi. Agar... agar uning hamiyati bo‘lganda.
-A?! Sen...Siz nima desangiz, shu-da, - yana-da gunohkorlarcha yerga bosh egdi Rayimqul. Rabbimqul miyig‘ida kuldi.
Shundan keyin birin-ketin uning sobiq jo‘ralari uni ko‘rsa titraydigan xodimlarga, xizmatkorlarga aylanishdi. Lekin buning orqasidan naqd pul qahat bo‘lgan zamonda har oy oxirida qo‘llari ishlagan xizmatlaridan o‘n baravar kam bo‘lsa-da (o‘zi qaerda ishga yarasha to‘lashardi, axir?!) harqalay naqd pul ko‘radigan, ertadan kechgacha bekorchilik qilib, uyga kirib, hovliga chiqishdan zerikkan, xotini bilan onasining “ming‘ir-ming‘ir”idan charchagan Rayimqulga o‘xshaganlarga najotkor, biroq qahri qattiq xo‘jayinga aylandi.
To‘g‘ri, avvaliga ular uncha titrashmadi. Lekin Rabbimqul har kuni ertalab ish boshlanishidan yarim soat oldin ofesga kelib uni qanday tozalanganligini shaxsan o‘zi ko‘rdi va chala ishlagani uchun yon qo‘shnisining kelini yig‘latib, ishdan haydadi. Onasi va xotini aralashib, uning “gunohini so‘rashsa” ham, so‘zida qattiq turdi. Uni qaytib ishga olmadi. Navbatchilik paytida uxlagani uchun bittta sinfdoshini ham “oborib-obkeldi”. Hatto u uzoq qarindosh bo‘lsa ham, garchi bu qishloqda eshigi erta-yu kech ochiq turadigan hovlilarga ham o‘g‘ri oralaganini birov eslolmasa ham, nihoyat ofesda hali o‘g‘rilanidigan biron nima bo‘lmasa ham, u qattiq siyosat qildi. “Yana bir marta shunday holni ko‘rsam yo eshitsam”, - dedi u sinfdoshining ko‘ziga tik qarab, “Bu yerdan izingni quritaman”.
“Sherni ham aylagan quyonmijoz,
 Ehtiyojdir, ehtiyojdir, ehtiyoj!” deganlar mavlono Rumiy. Ehtiyoj bu bechora bandalarni ham quyonga aylantirdi. Shu-shu undan hamma xodimlar zir titraydigan bo‘lishdi. Bir hisobga bu yaxshi edi. Ishda tartib-intizom bo‘lganiga nima yetsin! Rabbimqulning ishbilarmonligi, buning ustiga qattiqqo‘l rahbarligidan ishlari olg‘a chopadigan, yo‘q,yo‘q, parvoz etadigan bo‘ldi!
Onasi unga “qarindosh-urug‘ni ko‘nglini og‘ritma!”, nasihat qilmoqchi edi, xotini esa “qo‘ni-qo‘shni oldida yuruqsiz bo‘ldim” deb hasrat qildi. Lekin Rabbimqul avvalgi Rabbimqul emasdi.
-Yig‘ishtiring ohu-dodingizni! – onasini qayirib tashladi u. O‘sha qarindosh-urug‘ingiz meni otam o‘tib, yetim qolganimda nima karomat ko‘rsatgan? Biror joyda o‘qitganmi? Yo kun ko‘rishim uchun biror yo‘l ko‘rsatganmi? Yo‘q! Men bu darajaga o‘z uquvim, mehnatim bilan erishdim! O‘zingiz ham qo‘rqib, meni bu yo‘ldan qaytargandingiz. O‘sha payti aytganingizni qilganimda, hozir ham bir burda nonga zor bo‘lib o‘tirardingiz! Bas, bundan keyin meni ishimga umuman arlashmang! Obkeganimni yeb, jimgina o‘tirnig!
Ona mung‘ayibgina jim bo‘ldi.
-Sen bo‘lsa, vobshem, ovozingni o‘chir! – baqirdi u endi xotiniga qarab. Qo‘ni-qo‘shning menga biror nima bermagan, hozir esa ko‘rolmaydi. Shu bugundan boshlab birortasi uyimga kirmasin ham, sen ham ularnikiga chiqma! Qo‘shnichilikni uz! Meni qo‘ni-qo‘shnim, hamqishlog‘im qilmagan ishni “okaxonlarim” omon bo‘lsa, o‘zim eplayman!
O‘shanda xotini, ayniqsa onasi hayratdan dong qotgandi! Ular Rabbimqulning o‘zgarganini nihoyat anglab, taqdirga tan berishdi! Shundan beri, qo‘ni-qo‘shni bilan ham, qarindosh-urug‘ bilan ham muomila, bordi-keldi butunlay yo‘qolmasa-da, yeng ichida bo‘ldi! Lekin bu bilan Rabbimqulning eshigidan odam uzilgani yo‘q. Aksincha, darvonasi tagida qator-qator mashinalar turadigan, darvozadan esa sipoyu silliq janoblar “qishloqcha” mazali taomlar yuqi bilan yaltillagan lablarini artib chiqadigan bo‘lishdi. Ularning hammasi Rabbimqul aytmoqchi “kerakli” va “foydali” odamlar edi. Shuning uchun ularni mehmon qilish Rabbimqulga malol emas, rohat keltirardi. Hamqishloqlari uni faqat “xo‘jayin” deb bilishini xohlagani uchunmi, Rabbimqul ikkala o‘g‘lini ham tuman markazidagi maktabda o‘qitdi. Faqat qiz bola deb yagona qizini qishloqdagi maktabga borishiga ko‘ndi.
Shu taxlit yillar o‘tdi. Rabbimqulning dimog‘i tobora shishib borar, Xudoni Xudoyberdicha ko‘rmaydigan bo‘lib borardi. Biroq har kimning aybi o‘ziga bilinmaydiganiday, Rabbimqul bu holni mutlaqo tabiiy deb bilardi. To‘g‘rida, taqdir, qismat bu – nodonlarning o‘zini ovutish uchun o‘ylab topgan bahonasi, dedi u qishloq imomiga amakisining ma’rakasida.
-Hay-hay, aka, shakkoklik qilmang, - degandi u “astog‘firillo” deb olib.
-Hali bu shakkoklik bo‘ldimi?! – Rabbimqulning labining chap tomoni ucha boshladi. Bu uning jahli chiqqanidan nishona edi.
 –Mana sen – o‘qimay qishlog‘ingda yurganingda, yoki o‘qiganingda ham viloyatimiz imom-xatibining qiziga uylanmaganingda shu darajaga yetarmiding? Yo bizning viloyatga, tumanimizga, qishloqqa seni ilmga fidoiylik yetaklab keldimi?! Yoki Yaratganning buyrug‘i bilan qadam ranjida qildingmi? Yoki bo‘lmasa, seni karomatlaring haqida eshitib, o‘zimiz seni rahbarlikka chorladikmi?! Yo‘q, albatta. Shunday ekan, sening kelajaning – qaerda ishlashingu, amal martabang qay yerga yetishi Xudoning taqdiriga emas, qaynotangni amaliga bog‘liq emasmi?!
Qishloq imomi – hali o‘ttizga ham kirmagan yigit qip-qizarib ketgan va boshqa bahslashmagandi o‘shada.
Uni ismi o‘ziga yoqmay qoldi. Rabbimqul – qul deyishlari unga malol keldi. Bundan tashqari rossiyalik hamkorlar Rabbimkul Abdulaxatovich deyishganda “Abdu Laxat” deganday eshitilardi. Lahatga nima bor, dedi o‘ziga o‘zi. Avvalgilar zap nodon bo‘lganda. Bolaga yaxshi ot qo‘yishni bilishmagan. Nuqul bolalari ismiga qul so‘zini qo‘shib, atashgan. Bas, bu tahqirli qo‘shimchalardan qutulish vaqti keldi. U o‘zini Rabbim deb chaqirishlarini buyurdi. Rabbim Axatovich, bo‘ldi! Uning bu buyrug‘i onasidan boshqa hammaga tadbiq etildi. Faqatgina onasi uni Rabbimqul derdi. Uni o‘zgartirib bo‘lmadi. Mana shu onasi ham burnog‘i yil qaytish qildi. Yotib-yotib, yoshini yashab. Rabbimqul unga oxirigacha qaradi. Birovga muhtoj qilmay, farzandlik burchini ado etdi. To‘g‘ri, u boshqa onalarga o‘xshab, so‘nggi kunlari vasiyatlarini aytolmadi. Umuman, tildan qoldi. O‘zini ham bilmadi. Bunga Rabbimqul aybdor emas, albatta. U onasini ko‘p do‘xtirlarga qaratdi. Lekin ajalga davo yo‘q ekan. Insof bilan aytganda kampir yashaydiganini yashadi. Bola-chaqasining rohatini ko‘rdi. Bir umr shuncha bo‘lar. Ortiqchasi endi ortig‘ edi, rosti.
Bundan buyon u hammaga Rabbim bo‘ldi! Xodimlari ham Rabbim aka, deb qulluq qilishar, hamkorlari ham shu bilan atab, hurmat ko‘rsatishardi. Chet ellik hamkorlar ham Rabbim Axatovich deb murojaat etishardi. Uning ishlari hamon yurishgandan yurishib borardi. Endi u to‘g‘ridan to‘g‘ri chet ellar bilan hamkorlik qiladigan respublikadagi sanoqli tadbirkorlarga aylangandi. Viloyat markazida, poytaxtda uyi bo‘lsa-da, o‘zi hamon qishloqda yashaydi. Shu yerda turib, ishni boshqarish unga qulay edi. Bundan tashqari katta shahardagi shovqin-suronni yoqtirmasdi. Katta o‘g‘li chet elda o‘qib, oliy ma’lumotli biznesmen bo‘lib, qanotiga kirdi. Biroq Rabbimqul uni ham ortiqcha erkalatmadi. Ishonchimni oqlading, deb rahmat aytmadi. “Men tirik ekanman, sen faqat qo‘limda xodim bo‘lib ishlaysan”, dedi. Dunyo ko‘rgan bola bundan xafa bo‘lmadi. Otasiga avvalgiday hurmat ko‘rsatdi. Qizi esa – shu qiz uni ancha xafa qildi. Poytaxtga o‘qishga o‘tdi. Rabbimqul uni bir yil o‘qisin, viloyat markziga obkelaman, deb uy obermagandi. Qiz bolaga poytaxtda o‘qishni kim qo‘yibdi?! Bundan tashqari poytaxtda Rabbimqulning mana shu qizidan bir-ikki yosh katta bo‘lgan ikkinchi xotini yashardi. Undan ham bitta o‘g‘li bor. Bola bu yil beshga kiradi. Lekin buni yaqin ulfatlaridan boshqa hech kim bilmaydi. Vaqti-soati kelsa, bilishar. Axir, bechora qiz o‘sha yil o‘qishga kirolmagan ekan-da uyga qaytib ketishga or qilgan. Rabbimqul uni “superkontrakt”ga o‘tkazib qo‘ydi. Uy olib berdi. Hech nimadan kam qilmadi. To‘g‘ri, bekorga emas. Axir, hamma narsani ham to‘lovi bo‘ladi-ku! Mana endi u bolasiga ona bo‘lib o‘tiribdi. Ishlashi ham shart emas. Rabbimqul har safar poytaxtga borganda, holidan xabar olib turadi.
Rabbimqul o‘z qizini shu kichkina sirdan xabardor bo‘lishini o‘ylab ham o‘qishini viloyatga “perivod” qildirmoqchi bo‘lgani rost. Yana kim biladi deysiz, katta shahar. Do‘stdan ko‘p dushman. Biroq qizi ham… bir sho‘xlik qilib qo‘yibdi-da. Yana kim bilan ekanligini atmaydi, deng. O‘zi so‘radi, akasiga so‘ratdi, onasini qistadi. Yo‘q, aytmadi, tamom-vassalom. “o‘ldirsang, o‘zlir, o‘lganim yaxshi deb turib oldi. Shunda u bu hodisaning qizining xohishiga qarshi bo‘lganini anglab yetdi. Shunda u ilk marta “Xudodan qaytdimikin?!” deb o‘yladi. Axir u ham o‘sha qizni – ikkinchi xotinining xohishini ortiqcha so‘rab o‘tirmagandi-da?!
“Endi qanday bosh ko‘tarib yuraman. El-yurtning oldida kim bo‘ldim?!”, o‘yladi Rabbimqul o‘zni yegancha. U ikki kun uydan chiqmadi. Telefonini ham o‘chirib tashladi. U faqat o‘yladi.
Rabbimqul avval qizini o‘ldirib, qutilmoqchi bo‘ldi. U yo‘q bo‘lsa, sharmandalik ham bo‘lmaydi, tamom-vassalom! Lekin farzand deganlari shunday aziz ne’mat bo‘lar ekanki, yo‘q qilgani qo‘ling bormas ekan. Har safar shuni o‘ylaganda qizining bolaligi, ilk qadamlari, jajji qo‘lchasi bilan Rabbimqulning bo‘ynini quchoqlagani, undan qo‘g‘irchoq olib berishini so‘rab erkalangani kelaverdi. Qahri qatiq bandaning ko‘zlariga yosh keldi.
 Shunda u bu ishi befoyda ekanligini angladi. Boshqa yo‘lni o‘ylay boshladi. O‘sha palidning kimligini aniqlashga kirishdi. Aniqlab, o‘ldirali! Ana o‘shanda Rabbim Axatovichning qiziga ola qarashning oqibatini bilib qo‘yadi. Lekin bu yo‘l ham ish bermadi. O‘sha noma’lum jafokorning kimligi aniqlanmadi. Qiz uning kimligini aytmadi. Xotinining aytishiga qaraganda, u o‘zini o‘ldirishga bir necha bor xarakat qilibdi. Rabbimqul bu ishni sal keyinga qoldirishni ko‘zladi. Hozir esa, hozir esa tezroq qizdan qutulmoq kerak edi. Buning uchun uni birovga uzatish kerak bo‘lar. Ha, tez. Zudlik bilan. Biroq… biroq kimga?! To‘g‘ri, Rabbimqul bilan quda bo‘laman deganlar ko‘p edi bu yurtda! Lekin ular qizni bu ahvolda ko‘rib, chorasi ko‘rilsa ham, bilib qolishsa, bugun bo‘lmasa ertaga uning yuziga solsa, bunga Rabbimqul chiday olmay, kaltak ko‘tarsa, o‘sha qadrdon do‘st bilan hamkorlik buzilsa… u shu uch kun ichida birinchi marta ish haqida o‘yladi. O‘zi uch kunda qanchadan qancha ish qilinmay, shartnomalar imzolanmay, yuklar keltirilmay, xizmatlar ko‘rsatilmay qoldi, axir?! Bas, bu ishlaga nuqta qo‘yish kerak. Kuyovni esa umrbod ovozi chiqmaydigan bechoralar orasidan izlash kerak. Nachora, quda-andalik munosabati bilan hamkorlikni mustahkamlayman, degan xayollari havoga uchsa ham chidaydi, Rabbimqul. Bundan boshqa iloji ham yo‘q. Ha, anchadan beri bunday ahvolga birinchi marta tushmoqda edi Rabbimqul! Shunda u u o‘zini hamma narsaga qudrati yetmasligini anglab yetdi. Bu anglam unga betizgin azob berdi. U buning alamini bo‘lajak kuyovdan olmoqchi bo‘ldi. Uni bir paytlardagi qadrdon jo‘rasi, xozir esa xodim-xizmatkori bo‘lgan Rayimqulning o‘g‘li bo‘ladi! U ham hozir o‘sha bir paytlar kamtaringina qurilgan, hozirda dang‘illama imoratga aylangan “ofes”da qorovul. Unga bir kattaroq amal, masalan, magazinchilikmi, obmorchilikmi, va’da qilinadi. Otasi ham har qalay quda nomi bor, qorovullikdan… qorovulboshlikka o‘tkazilar. Undan boshqa amalga arzimaydi u!
Rabbimqul qat’iy qarorga keldi! Boshqalar bu qarorni qanday kutib olishlari bilan umuman ishi yo‘q. Muhimi u bajarilishi kerak edi.
Xudodan qaytishiga kelsak, bu bema’ni xayol! Hamisha taqdir deganlari zo‘rlarning qo‘lida bo‘lgan! Bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Mana hozir ham u o‘zining zo‘rligi bilan masalani hal qildi-qo‘ydi. Bu qarori uchun o‘sha qudalar unga yetti bukilib qulluq qilishlari, umrbod minnatdor bo‘lishlari kerak! Ularning odami kulgani shuki bu qaror ularni qashshoqlikning tubsiz jaridan yorug‘ dunyoga chiqaradi. Boy-badavlat bo‘lmasa ham, harqalay qorni to‘yib, kuni o‘tadi. Og‘ildagi eshshakday ishlamasdan, odamga o‘xshab yashaydi! Qizi ham undan minnatdor bo‘lsa, arzidi. Sababi, bu hovlida hech kim unga qarshi chiqish tugul, qattiq gapolmaydi. Axir, bitta er bo‘lsa, bor, yeyish-ichishii joyida, boshqa ehtiyojlariga ham, mana otasi bor, qarab turmas!
Shu voqelarga ham, mana, bir yil bo‘lay deb qoldi! Qizi yaqinda ona bo‘ladi, demak hammasi joyida! Ikkinchi xotinining ham, Rabbimqul o‘ylab qarasa, nolishiga ham sabab yo‘q ekan. Bolasi yonida, yeyish-keyishi joyida, eri bo‘lsa, har safar poytaxtga borganida xabar olib turibdi. Bo‘ldi-da! Bir xotinga bundan boshqa yana nima kerak?!
Rabbimqul shularni o‘ylar ekan, “Prado-Jip”ning orqa o‘rindig‘iga yastanib suyanib oldi! Uning o‘zi o‘zidan ko‘ngli to‘ldi! O‘zini beqiyos qudratli his eta boshladi! Aqlu qudrat bilan aslida dunyoni egallash mumkin ekan! Sal oldinroq boshlaganimdami?! Hali ham eplasa bo‘lar! Dunyo deganda Rabbimqul dunyo-dunyo pullarni, molu davlatni, obro‘-shuhratni ko‘z oldiga keltirardi! Shunday egallasinki, katta-katta davlat boshliqlari ham u bilan hisoblashadigan bo‘lishsin! Chet ellarning mana man degan kinoaktirsalari qadamiga zor bo‘lsin! Hozir “aka” deb so‘rashadigan hamkorlar esa qulluq qilishsin, qulluq! Rabbimqul esa ularga ham qaramay, faqat olg‘a yursin! U mana shuni xohlardi!
Lekin... lekin birdan Rabbim Axatovichning, yo‘q-yo‘q Rabbimqulning ko‘ngli behuzur bo‘la boshladi. Yuragida boshlangan dahshatli sanchiq chap qo‘li bilan butun gavdasiga tarqaldi. O‘zi bu og‘riq anchadan beri bu bechora bandani qiynab kelar, lekin u ishining ko‘pligidan, miyasinining azbaroyi bandligidan o‘z dardi haqida o‘ylashga, uni nazarga ilishga vaqti yo‘q edi. Bugun ertalab ham shunday bo‘lgandi, chamasi... Mana, og‘riq uni tobora iskanjaga ola boshladi. U o‘ng qo‘li bilan rulda o‘tirgan o‘g‘lini yelkasidan ushlashga, “mashinani to‘xtat”, deyishga intildi. Lekin qo‘li ham unga bo‘ysunmadi. Ovozi ham ingrab, zo‘rg‘a chiqda. Lekin o‘g‘li, allaqanday jazavali horijiy musiqani baqirtirgancha mashina haydayotgan o‘g‘li xuddi beshafqat fursat kabi orqasiga qaramadi. U otasining ojizgina ingrashini eshitmadi. Axir, uning ham o‘z xayollari, orzulari olami bor edi-da!
 Rabbimqul esa, Rabbimqul bechora esa og‘riq zo‘ridan g‘ujanak bo‘lab, mashina orqasiga tiqilar, qanday qilsa, og‘riqni bir zumgina to‘xtatib, o‘g‘lini xabardor qilishga intilardi. Qo‘lini tipirlatib, o‘g‘lining yelkasidan tutishga intilardi. Lekin og‘riq, yaramas og‘riq gunohkor bandani o‘z qa’riga tobora tortayotgan do‘zax azobi singari Rabbimqulni bag‘ridan bo‘shatgisi kelmasdi! Shunda u bultur poytaxtda ishxonasida kasal bo‘lganida shifokorni aytgan gaplarini esladi: “Aka, zudlik bilan davolanishingiz kerak, zudlik bilan. Bo‘lmasa,... aytib bo‘lmaydi. Bu kasal bilan hazillashmang. Xohlagan payti xuruj qilishi mumkin!”, degandi o‘shanda poytaxtlik hamkorining tanishi – yoshgina kardiolog yigit.
 O‘shanda Rabbimqul miyig‘ida kulib qo‘ygandi. U endi otasini bir kunda yuragi “ushlab”, qolib, qazo qilganini ham esladi. O‘shanda Rabbimqul uyda emasdi. Kolxoz bog‘ida edi. Ertalab oyday yurgan otasi tushlikda, onasining qo‘lida jon bergandi. Rabbimqul bunga avval ham ortiqcha e’tibor bermagandi. Nima balo, bu dardi bedavo suyak suradimi?! Yo‘q, yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin eams! Axir uning qancha qilinmagan ishi bor?! Imzolanmagan shartnomalar, qo‘lga kiritilmagan millionlar, qozonilmagan g‘alabalar... Mana hozir, hozir, u o‘g‘lini yelkasiga qo‘lini qo‘ysa bas, u orqasiga o‘giralidi-yu, mashinani to‘xtatadi. Keyin “tez yordam” chaqiradi. Hammasi, hammasi o‘tib ketadi. Hayot davom etadi! Hali-hali hammasi yaxshi bo‘ladi! Lekin... lekin unaqa bo‘ladiganga o‘xshamaydi-ku!
- Ey, Xudo! Xudo! Xudo! Yordam ber menga, yordam ber! Axir senga qanday yomonlik qildim?! Nima gunohlarim uchun meni bunchalik jazolayapsan. O‘lmasimdan olidin do‘zax azobini ravo ko‘rayapsan!
Og‘riq esa qo‘yib yuboray demas, hamon zabtiga olardi. Rabbimqul ayanchli ingrab, g‘ujanak bo‘lgancha nola qilardi:
- Gunohlarimga tavba qildim, Xudoyim! Men bir ojiz qulingga rahming kelsin!
Mashina esa ikki tomoni o‘tloq bo‘lgan ravon yo‘ldan qushday uchib borar, uning rulida o‘tirgan haydovchi bo‘lsa shaftaqsiz taqdir kabi ortiga qaray demasdi. Jon achchig‘ida ingrayotgan Rabbimqulning ko‘ziga ikki tomonga ajralgan ummon, ummondagi shu yo‘ldan olg‘a borayotgan allaqanday hassali zot va... va ummonning qayta birikishi gavdalandi. Bu ummon uni, ha uni o‘z og‘ushiga olib, cho‘ktirayotgan edi. U bir soniya o‘zini ummon bag‘ridami yoki yo‘lning o‘rtasidami anglolmay qoldi. Keyin esa... ikki tomondan uni qisib kelgan ummon suvlarimi yoki mashinaning ikki tomonidagi barra o‘tloqmi, harqalay, o‘rtadagi yo‘l yopilib qoldi. Ikki tomondagi to‘lqinlar bir-biri bilan birlashib ketdilar. Rabbimqulning ko‘ziga ummonning achchiq va sho‘r suvlari kirib, achishtirdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.