OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zuhra Mamadaliyeva. Ustoz musavvir (hikoya)

“Ushturnoma” tarjimoniga ehtirom ila bag‘ishlayman.
Muallif.

Bola eshitgan ertagi ta’sirida xayol sura-sura ko‘zlarini yumdi. Kipriklari bir-biriga ilinib, uni uyqu degan sirli saltanat tomon olib ketdi... U tush ko‘rar ekan, shiringina jilmayib qo‘ydi. Bola hozirgina tinglagani ertak kabi sirli, o‘zi endigina kirib kelayotgan dunyo hayotidan ko‘ra ham jozibaliroq tush ko‘rmoqda edi.
Bir Ustoz Musavvir bor edi. U bo‘shliq aro mo‘yqalamini o‘ynatdi. Bo‘shliqqa jon kirib, xuddi polotnodagi singari tasvir paydo bo‘la boshladi. Faqat bu tasvirlar bola ko‘rgan boshqa suratlarga o‘xshamas, ularda jon, harakat va ... musiqa bor edi. Unda yashil rang sirli joziba orasida jilva qilardi. Go‘yo musavvir tasviri emas, dunyo yashillik ichiga jo bo‘lgani kabi. Bu yashillik aro Musavvir mo‘yqalami tegar-tegmas ajib mo‘‘jizalar sodir bo‘la boshladi. Zamin maysazorga aylandi. Unda esa har xil gullar unar, qushlar sayrar, kapalaklar quvlashardi. Bola qushlar sayrog‘ini eshitar, kapalaklar o‘yinidan zavq olar, gullar iforini his etardi. Olislarda qad rostlagan musaffo tog‘lar bag‘rida ohular quvlashar, huv olisdagi yaylovda bir qora toychoq o‘ziga o‘xshagan onasiga talpinardi. Bu rango-rangliklar, bu holatlar va bu musiqa umumiy yashillikka uzukka ko‘z yoki go‘zal yuzga qora xol kabi yarashardi. Osmon niliy-beg‘ubor, unda quyosh yayrab-charaqlab nur sochar, yashilliklar uzra ziyo taratardi. Lekin bu go‘zalliklarni bunyod etgan Ustoz Musavvirning O‘zi ko‘rinmas, uzun va qora mo‘yqalami namoyon bo‘lardi, xolos.
Birdan Ustoz Musavvir bu benazir ijod namunasini yo‘q qila boshladi. Yashillik ustiga tortilgan zim-ziyo bo‘yoqlar yashnab turgan gullarni so‘ldirar, sayrayotgan qushlarni nobud qilar, ohularni sayyod o‘qiga duchor bo‘lganday qulatar, toychoqni ham ajal qa’riga irg‘itardi. Tog‘lar larzaga kelib, qoq ikkiga bo‘lindi, zamin bag‘ri yondi, suvlar quridi va hamma narsa zim-ziyo zulmat bag‘rida yo‘q bo‘ldi.
Bola uyg‘ondi. Derazada oqarib kelayotgan tong namoyon, hamma narsa o‘z o‘rnida edi.
Bola ulg‘aydi. Biroq bu tush, shu birgina ro‘yo hech qachon uning esidan chiqmadi. Bu tush uning kelajagiga daxldor ekanligini anglar, aniqrog‘i g‘ayrioddiy idrok ila his etardi bola. Shuning uchun u Ustoz Musavvirga taqlidan rassom bo‘lmoqchi bo‘ldi. Orzusiga intilib, o‘sha tushida ko‘rgan manzarani qayta-qayta qog‘ozga tushirdi. Biroq o‘z ijod namunalarining hech qaysisidan ko‘ngli to‘lmadi. Nazarida bu chizmalar Ustoz Musavvirning suratiga o‘xshamasdi. Kapalaklar, gullar, quyosh, umumiy yashillik – hamma-hammasi joyida, biroq bu suratlarida uning asliyatidan farqli ravishda ruh, jon yo‘q edi. Kapalak parvozi, gullarning nozik silkinishi, qushlar chug‘uri, musiqa – mana shu narsaning yo‘qligi bu suratlarni jonsiz jasadday qilib ko‘rsatgan edi bolaning ko‘ziga. Shuning uchun bola bu ijod namunalaridan ko‘ngli to‘lmadi va ularni Ustoz Musavvirga taqlidan yo‘qlikka mahkum etdi. “Balki, U ham o‘z suratlaridan ko‘ngli to‘lmagandir”, o‘yladi bola. Keyin bu fikridan qaytdi. Aniqrog‘i bu fikriga o‘zi ishlonolmadi. Chunki surat juda benazir san’atkorlik ila yaratilgan, ularda musiqa, tasvir va ruh uyg‘unligi mujassam etilgan edi.
Bola bu tasvirlarni so‘z bilan ifodalashga kirishdi. Zero, so‘zni “qudratli qurol”, deydilar. U o‘sha tasvirlarni qayta-qayta ifodalab, she’rlar bitdi, hikoyalar yozdi. Yozganlarida o‘sha tasvirlarni jonlantirmoqchi bo‘ldi. Biroq bu harakatlari-da o‘zi uchun besamarday ko‘rindi. Yozganlaridan ham uning ko‘ngli to‘lmadi. So‘zda ham o‘sha nur, o‘sha ruh jonlanmas edi. Bu orada bola bir narsani anglab qoldi. Uning ko‘nglida ilmga tug‘ma muhabbat bor ekan. Biror kitobni o‘qisa, nimanidir, zarradek narsani kashf etsa ham, ko‘nglida o‘sha tushida ko‘rgani – isitib, jizg‘anak qilmaydigan, biroq kishi ko‘nglini yoritadigan quyosh nurlari porlagandek, kapalak jilvalari tovlanib, gullar ifor sochganday bo‘lardi. Olam yashillikka to‘lardi, go‘yo. Bola ilm orqali o‘sha tushning haqiqatiga yetishi mumkinligini angladi. Shu boisdan ilmga qattiq mehr qo‘ydi. U barcha ilmlarni birday o‘zlashtirdi. Birini biridan ajratmadi. Hamma ilmlarni o‘qishga, ular zamiridagi haqiqatni anglashga harakat qildi. Hech kimga aytmagan esa-da o‘sha tush uning xayolidan hech qachon faromush bo‘lmas, har safar nimadinidir anglasa, nedandir shodlansa yoki xafa bo‘lsa, qaydaydir favqulodda xabar eshitsa, o‘sha zahotiyoq ko‘z o‘ngida o‘sha sirli va jozibali ro‘yo paydo bo‘lar va qayta takrorlanardi.
Bola ichki bir sezim tufayli bu tushni hech kimga aytib bo‘lmasligini, ro‘yo qandaydir rishtalar orqali uning hayotiga, taqdiriga bog‘langanligini, uning tilsimini ham faqat bolaning o‘zi yecha olishi mumkinligini va shunga mahkumligini anglardi. Balki uning maqsadi tushning ta’biriga bog‘liqdir. Bu maqsad yo‘lchi yulduz bo‘lib uning yo‘lini yoritdi. Horigan chog‘larida umid mash’ali bo‘ldi. Mana shu yulduz yo‘ldoshligida, mana shu mash’al charog‘bonligida u poytaxtga bordi. Ulug‘ dargohlar tolibi bo‘ldi. Buyuk insonlardan ta’lim oldi. Maqsadga yetish uchun kechani quvvat, kunduzni imkon manbai deb bildi.
Biroq bir kuni... bir kuni u kutubxonaning go‘zal va salobatli binosidan chiqib, chekkalariga yam-yashil chim bosilgan yo‘lakdan yurib kelarkan, unga yo‘lda bir qiz uchradi. Qizning sochlari tim qora, ko‘zlari moviy, yuzlari sutga chayilgan kabi oq, ko‘ylagi esa pushti edi. Samoda ham quyoshning so‘nggi nurlari pushta rangga kirib, moviy osmondagi oppoq bulutlarni ham pushtiga bo‘yagan edi. Bir daqiqa bolaning xayoli faromush bo‘ldi. Shunda endi u bola emas, yigit bo‘lganligini his etdi. Bir lahza uning ko‘z o‘ngini pushtirang tuman qopladi. Dunyo pushtirangga evrildi. O‘sha kundan yigitning halovati yo‘qoldi. Qizni qidirib o‘sha kutubxonaga bormagan kuni, uni topolmay, noumidlik chohiga tushib qaytmagan oqshomi qolmadi. Xayoli faromush bo‘ldi. Ko‘ziga ilm ham, oydin kelajak ham, hatto yaxshi niyatlarining ijobati bo‘lgan o‘sha tush ham ko‘rinmay qoldi. Shu kabi umidsiz oqshomlarning birida u yana tush ko‘rdi.
... Yotoqxonasi karavotida yotgan talaba yigit mayingina jilmayib yonboshiga ag‘darildi. Uning bu tabassumida anchadan beri uchratmagan qadrdonini ko‘rib qolgan kishining quvonchi akslangandi.
Tushida u bolaligida ko‘rgani Ustoz Musavvir bu safar polotnoni –bo‘shliqni pushti rangga bo‘yadi. Pushtilik ichida gullar barq urar, daraxtlar yaproq yozar, qushlar hushnavo ovoz ila sayrar, pushtirang nurlari ila endigina shafaqdan bosh ko‘targan quyosh go‘yoki uning yuragida nur sochib, porlayotganday edi. Olislardan yaproqlar shitiri, gullar silkinishi, kapalaklar parvozining ajib bir uyg‘unligidan hosil bo‘lgan go‘zal musiqa inson ko‘nglini hush aylab, uni bedor etishga chorlar, aniqrog‘i yigitning yurak dukuri bilan hamohang tarzda sadolanardi. Bu pushtirang borliq ichida balqib, yana singib ketayotgan hamma narsa – qushlar, gullar, ohular, toychoqlar – hammasi juft-juft edi va o‘sha go‘zal musiqaga uyg‘un tarzda bir-biriga intilardi. Shu uyg‘unlik ichida, uning qalbidagi kabi alanga sochayotgan quyosh bosh ko‘tarayotgan tomonda pushtirang libosli bir go‘zal qiz boshidagi tovus ro‘molini hilpillatib, atrofga gul iforlarini taratgancha, xiromon aylab kela boshladi. Yigit uning kimligini yurak-yurakdan his etgan bo‘lsa-da, baribir uning diydorini ko‘rishga oshiqdi. Mana, qiz tobora yaqinlashib, uning huzuriga (u o‘zini ko‘ra olmas, faqat borligini his etardi) yetib keldi. Yigit uning upkarday mayin qo‘llarini tutdi. Xiyol bosh burib, jilmaygan istig‘nosini his etdi.
Keyin esa... keyin yana hammasi birdan sodir bo‘ldi. Ustoz Musavvir mo‘yqalamidagi zim-ziyo bo‘yoq hamma yoqni va hamma narsani vayron qildi. Qushlarning ini buzilar, polaponlar chilparchin bo‘lgancha nobud bo‘lar, ohular, toychoqlar, qushlar jon talvasasida juftini tark etib, o‘zlarini to‘rt tomonga urishar, lolazorlar hazonga aylanar, azim daraxtlar gursillab yerga qulardi. Hatto moviy osmon ham zulmat qa’riga singib ketdi. Bu taloto‘plar ichida go‘zal qiz qaerga ketganligini, aniqrog‘i qanday g‘oyib bo‘lganligini yigit anglay olmay qoldi.
Yigit bu safar yuragi g‘ash bo‘lib uyg‘ondi. Biroq bu g‘ashlik orasida allaqanday safo ham bor edi. Safo bugun va erta uchun, g‘ashlik esa undan keyingi kunlar uchun atalganligini anglardi u.
O‘sha kuni u yana tasodif tufayli o‘sha qizni ko‘rdi. Tasodif tufayli ularning yo‘li birlashdi. Balki bu tasodif emasdir. Balki faylasuflar aytganidek tasodif umuman yo‘qdir. Hamma narsa o‘sha tush singari mustahkam qonuniyat asosida amalga oshar. Yaralish, taraqqiy etish va vayron bo‘lish qonuniyatiga asosan.
Yigit u go‘zalni har safar ko‘rganida ularning yo‘llari tutash ekanligini anglar, qiz bilan o‘zining orzulari uyqash ekanligidan ham ajablanmas, xuddi hammasi shunday bo‘lishi kerakday edi. U qizning moviy ko‘zlariga qarab tushidagi moviy tog‘lar va osmon esiga tushar, oppoq yuziga termulib ertangi oydin kelajak xayoliga cho‘mar, biroq qizning qop-qora sochlariga boqib, tushidagi zim-ziyo bo‘yoq ko‘z o‘ngida jonlanardi. Nega bunday bo‘lishi kerak?! Nega bu oydin kelajak va’da etgan oydin yuzlar, poklik va musaffolik ramzi bo‘lmish ko‘zlar, ishq va jon so‘rab turgan dudoqlar yo‘qlikka – zulmat qa’riga mahkum bo‘lishi lozim?!
Yigit o‘ylab-o‘ylab buning tagiga yetmadi. Aniqrog‘i taraqqiyot va tanazzul qonuni bilan hozir uning muhabbatga limmo-lim yuragi chiqisha olmas, har ikkisi o‘z qonuniyatiga binoan harakat qilardi. Taraqqiyot va tanazzul qonuniyati abadiyatni ko‘zlab, o‘z yo‘lida bardavom esa, muhabbat qonuni esa ertani ham xayoliga keltirmas, uning uchun butun vaqt o‘lchovlari bugundan, mana shu damdan iborat, dardi faqat yor visoli va xayoli, makoni esa ma’shuq dargohi edi. Shunda u ertani o‘ylamaslikka, shu bugun bilan yashashga, ushbu dam bilan nafas olishga qaror qildi. Qizga ko‘ngil rozini aytdi. Garchi u go‘zal yerga boqib sukut saqlasa-da, uning ham ko‘ngli mana shu rozga oshno, mana shu izhorga tashna ekanligi bilinib turardi. Tez orada to‘y bo‘lib o‘tdi. Yigit dunyoviy hoyu-havaslar va ilmu urfon orzusini yig‘ishtirib qo‘yib, oila tashvishlariga singib ketdi. Ustoz Musavvirni ham, uning bemisl san’ati aks etgan o‘sha tushlarni ham unutmoqchi bo‘ldi. Oddiy inson bo‘lib yashashni maqsad qildi. Uning o‘zi kashf etgan, hayotiga rang-baranglik baxsh etgan bu go‘zallikdan toki zulmat uni yo‘q etmaguncha bahra olmoqni xohladi. Shundan boshqa narsani, o‘y-fikrni, tasavvurni u bekor deb bildi. Bozor aylanib, kartoshka, piyoz xarid qilish, buzilib qolgan biror-bir ro‘zg‘or buyumi, aytaylik dazmolni tuzatish unga olam-olam zavq bag‘ishlar, ayolining qozon qaynatishi, kir yuvishi, dazmol qilishi bir mu’jizaday tuyular, hali zamon bu kunlar o‘tmish bo‘lib orqada qoladiganday, bugun uning qadriga yetishi lozimday iniqlik va hayajon bilan qarardi bu kundalik yumushlarga. Ayniqsa, otalik baxtiga erishgach u bunga qayta-qayta iqror bo‘ldi. Ilmu-fanga qayrilib qaramaslik uchun o‘z-o‘ziga so‘z berdi. U ko‘chadagi minglab odamlarning biri kabi har kuni ertalab ishga borar, kechqurun uyiga qaytar, ayoli va o‘g‘liga dunyolarni berguday bo‘lib aylanib-o‘rgilar, ovqatlanar, televizor ko‘rar va yotib uxlardi. “Ko‘nglimdagi orzularni qo‘zg‘atmasin”, deb xatto kitob ham o‘qimasdi. Lekin ahyon-ahyonda to‘satdan bir fikr, qaysiki, “nahotki atrofimdagi mana shu millionlar kabi yeb-ichib, ertani kech qilib o‘tib ketaversam”, degan fikr uni bezovta qilardi. “Bu qanday dahshat”! – qo‘rqib ketardi u. Bu savolga javoban esa uning qalbidan “Yo‘q! Meni o‘zga bir, hech kimnikiga o‘xshamagan kelajak kutmoqda!” degan javob kelardi.
Shunday lahzalarda u Ustoz Musavvirni va Uning asarlari aks etgan tushlarni eslardi. Yigitning nazarida bu tushlar go‘yo uzilib qolganday, demakki ularning mantiqiy davomi borday tuyulardi. “Bir kuni mening bu osoyishta kunlarim nihoyasiga yetadi”, - o‘ylardi u o‘z sezimlariga ishonib. “O‘sha kuning kelishi uchun esa men yana o‘sha tushlarning davomi bo‘lmish sehrli va sirli, go‘yoki kelajagim tasviri bo‘lish ro‘yoni ko‘rishim kerak.” Bir paytlar u ishq otash-alangasida yonib, ertani inkor etib, shu bugun, shu nafas bilan yashashaga qaror qilganida bunday tushdan, u xabar beradigan mujdadan qanchalik qochgan bo‘lsa, endi esa sekin-asta o‘zi bilgan-bilmagan holda bu ro‘yoni intizor kutadigan bo‘lgandi.
Shu zaylda o‘n yil o‘tdi. Bir kuni u kutilgan o‘sha tushni ko‘rdi. Tushida Ustoz Musavvir yana o‘z ishini boshladi. Bu safar u borliqni sandal ranggiga bo‘yadi. Yana gulu chechaklar qulf urib, olam guliston bo‘ldi, atrof yana qushlarning chug‘uri-yu, suvlarning shitiri bilan to‘ldi. U endi o‘zini sarbaland bir toqqa chiqib ketayotganini his etdi. Yigit hech qiynalmay, toshdan toshga sakrab toqqa o‘rlar, tog‘ bag‘ridagi bog‘lardan mevalarning ishtahani qitiqlaydigan hushbo‘yi hidlar taralar, daraxtlar hosilining ko‘pligidan boshini og‘ir eggan kuyi salobat bilan sukut saqlashardi. Atrofda yugurib yurgan beozor ohular hech hurkmay uni yuksakka kuzatib qo‘yishar, cho‘qqida turgan burgut esa uni ko‘rgach, qanotlarini keng yozib, osmoni falakka parvoz etarkan, go‘yo uni ham parvozga undardi. Yigit pastga qaradi, shunda quyida qanchadan-qancha odamlar unga najot ko‘zlari bilan qarab turganlarini ko‘rdi. Biroq... yana bir marta uchqur va tik mo‘yqalam uchidagi qora bo‘yoq o‘z ishini qildi. Balandparvoz burgut ham, hurkak ohular ham, sarbaland tog‘u, undan najot so‘rab termulgan odamlar ham zulmat qa’riga singib ketishdi.
U uyg‘onarkan, oshxonadan kelayotgan hushbo‘y isni tuydi. Xotini nonushta tayyorlardi, chamasi. Narigi xonadan esa o‘g‘lining o‘yinchoq mashinachasini dudutlanib yurgazgani eshitildi. Yigit osoyishta kunlari nihoyat yakunlanganini his etib, xo‘rsingancha o‘rnidan turdi. Uyiga, undagi jihozlarga, ayoliga, o‘g‘liga o‘zgacha bir mehr va... sog‘inch bilan qaradi.
Yigit ishga borsa, unga chet elga yuborgan bir granti muvaffaqiyat qozongini haqida xabar qilishdi. Boshlig‘i uni tabriklib, “Shu paytgacha bir chekkada yurganingizga hayronman, axir Siz tuppa-tuzuk olim ekansiz-ku” dedi. O‘rtoqlari, kuni kecha uni nazar-pisand qilmagan kasbdoshlari yigitning atrofida girgitton bo‘lishar, bu muvaffaqiyat nafaqat yosh olim, blki butun jamoaning yutug‘i ekanligi haqida jar solishardi. Olim bunday ehtirosli qutlovlarni sovuqqonlik, go‘yo hammasi shunday bo‘lishi kerakday xotirjamlik bilan qabul qildi. Uyiga borganida ham endi hammasi o‘zgarganligini, uni kutishayotganligini ohista, ammo qat’iyat bilan bayon etdi. Ayoli unsiz ko‘zyosh to‘kar, o‘g‘li bir otasiga, bir onasiga jovdirab-jovdirab qarardi. Lekin ular “bizni tashlab ketmang!” deb yalinishmadi. Buning foydasi yo‘qligini bilishdi, shekilli.
Olim katta yo‘lga chiqdi. U samolyotda ummon ortiga parvoz qilarkan, xayolidan shu o‘y o‘tdi. U odamlarning og‘irini yengil qilish niyatida yo‘lga chiqdi. Bu yo‘lda garchi Vatanidan olisga ketayotgan bo‘lsa-da, uning xayolida birinchi navbatda vatandoshlarining mushkulini oson qilish vazifasi turardi.
U olis yo‘l yurdi. Qator kashfiyotlar qildi. Nihoyat, uning ishtirokidagi loyiha jahonshumul ahamiyatga ega ishni amalga oshirdi. Bu dengiz suvini chuchuklashtirishning oson va arzon usulining amaliyotga tadbiqi edi. Biroq olim bu bilan to‘xtab qolmadi. Yana va yana oldinga intildi. Oldinda uni bir burchi ochilib, namoyon etilgan, lekin asosi hamon pinhon bo‘lgan kelajak – intilashlar va yutuqlar, kashfiyotlar va topilmalar olami kutardi. Bu intilishlar natijasi besamar bo‘lmadi. U qilni qirq yorar olim, allomai zamon bo‘lib tanildi. Muhimi, uning har bir kashfiyoti, har bir harakati zamirida kishilar og‘irini yengil, mushkulini oson etishday savobli amal namoyon edi. Biroq hali ham u o‘sha tushlar tilsimini tugan yecholmadi, uning hikmatlarini bus-butunligicha anglab yetolmdi.
Ustoz Musavvirning kimligini, uning bemisl san’atining nimadan darak ekanligini angalgan, biroq bu san’atni zulmat bo‘yoqlari nega xarob etishiga aqli yetmas, aniqrog‘i o‘sha qilni qirq yorgan aqli taraqqaiyot va tanazzul qonuniyati bilan hali-hamon kelisha olmasdi. U ba’zida “Bu tushlar zamiridagi hikmatni anglab yetarmikanman, yoki anglab yetmasdan o‘tib ketarmikanman”, deb o‘ylardi. Axir yoshi bir joyga borib qoldi, vaqt esa to‘xtay demasdi.
Olim hamon yo‘lda edi. Lekin ayni paytda qaytishga berilajak ishorani kutib, so‘nggi ishlarini sanarjom qila boshladi.
So‘nggi kashfiyoti amaliyotga joriy etilgan kuni u intiqib kutilgan tushni ko‘rdi. Tushida u yashil bog‘lar ichida o‘ynab yurgan toza qalbli bolakay, yuragida gulgun hislar gurullab yongan oshiq, ilmu urfon yo‘lida umrini baxshida etgan tolmas olim bo‘lgan chog‘lari lahzada ko‘z oldidan o‘tdi. Shunga mos ravishda polotno - borliq rangi ham o‘zgara bordi va nihoyat u oppoq tusga kirdi. O‘sha tushlar, o‘sha ranglar yaxlitlanib, oppoq rang hosil qildi. Zaminu osmon, tog‘u qirlar oppoq tusga kirdi. Bu oqlik uzra samodan turli xil naqsh va jilvadagi pag‘a-pag‘a laylakqorlar yog‘ar, ularning naqsh va jilvalari inson ko‘ziga ko‘ringudek katta-katta edi. Bu oqlik uzra tushgan quyosh nuri kamalak ranglarni sepib, oqlikning turli jilolarini namoyon etardi. Oqlik uzra yana o‘sha ohular, toychoqlar, yo‘q-yo‘q tulporlar bir-birlariga allanechuk ma’yuslik va horg‘inlik bilan ko‘z tikishardi. Soch-soqoli oqargan mo‘ysafid Ustoz Musavvirning navbatdagi san’atkorligiga hayratda qolgancha oqlikka termularkan, huv olis-olisda, orqada odamlar unga ko‘z tikib turganliklarini anglab qoldi. Ortiga qarasa – ayoli, uni shuncha yillardan beri intizor kutgan vafodori, o‘g‘li – yongan chirog‘i, do‘sti yorlari, yaqinlari uning yo‘liga qarab turishardi. Mo‘ysafid ularga tomon yurdi. Ular ham mo‘ysafidning istiqboliga intilishdi. Bir-birlariga yetay deb qolganlarida... Ustoz Musavvirning qora bo‘yog‘i ishga tushdi. Zaminu osmon ostin-ustun bo‘ldi...
 “Nahotki... diydor qiyomatga qoladi?!” – o‘yladi mo‘ysafid cho‘chib uyg‘onarkan. Va o‘sha kuniyoq safar tadorigini boshladi.
Vatani, oilasi bag‘riga eson-omon qaytgan mo‘ysafid oyog‘idan darmon, belidan quvvat ketayotganini his qildi. Yaqinlarini yig‘ib rozi-rizolik aytdi. Tuproq hidlari ufurib turgan hovlisidagi supada – o‘lan to‘shagida yotarkan, xayolan Ustoz Musavvirga murojaat qildi:
-Nahotki, tilsim ostidagi hikmatingni anglolmay o‘tib ketsam?! Unda menga qilni qirq yoruvchi olimlik da’vosi nega darkor edi?! Nahotki armon bilan ko‘z yumsam?! Shuncha kishining mushkulini oson etib, so‘nggi lahzada o‘zimning og‘irimni yengil qilolmaymanmi?!
Mo‘ysafidning ko‘zlaridan oqib tushgan ikki tomchi yosh yuzlaridagi ajinlar yuzalab, oppoq soqoli oralariga singib ketdi. U ko‘zlarini yumgan lahzadayoq uni hayotga rag‘batlantirgan, safarga da’vat qilgan, o‘zligidan kechib o‘zliliga yetishga undagan tushlarning, umrining to‘rt faslida ko‘rgan bir butun tushlarning tilsimi yechila boshladi.
Tushlardagi har bir holat Yaratganning aynan unga atalgan tuhfasi ekanligini, bu tuhfa Yaratgandan har bir bandasiga qay yo‘sinda bo‘lsin in’om etilishini anglab yetdi u. Lekin bu tuhfani kimlardir qabul qiladi, kimlar esa – yo‘q.
Taraqqiyot bor ekan, tanazzul ham bo‘lmog‘i ayon edi, bu Yaratganga intilishning qonuniyati edi. Agar uning bolaligidagi voqelik yo‘qlikka yuz tutmaganda u oshiq yigit, keyin esa allomai zamon bo‘la olamidi?! Albatta yo‘q! Nihoyat uning Yaratganga yetishish onlari yaqinlashgan, bu esa ko‘plar o‘ylaganday tanazzul emas, balki kamolot edi!
U anglab yetdi! U umr bo‘yi izlagan narsasini so‘nggi daqiqada topdi! Bu Yaratganning har bir bandasiga aytguvchi siri edi. Sirni esa sirdoshdan bo‘lak hech kim bilmasligi kerak! Shuning uchun u ko‘ngil amriga bo‘ysunib, bu sinoatni hech kimga aytmadi. Uning ko‘rsatmalariga bo‘ysundi va adashmadi. Bu Tangrining har bir bandasiga ochadigan xos siridar. Zero, Yaratgan bilan har bir bandasi o‘rtasida boshqasi anglolmaydigan sir, boshqasi ko‘rolmaydigan robita bo‘ladi. Faqat bu sirni, bu robitani kimdir angab yetadi, kimdir esa yo‘q. Anglaganlar uning yo‘liga, taqdiriga bo‘ysunganlar maqsadga erashadilar. Shukurki, mo‘ysafid buni anglab yetgan bandalardan bo‘ldi. Garchi uning asrorini umri poyonida angash nasib etgan bo‘lsa-da umr bo‘yi o‘sha yo‘ldan – Tangri unga baxshida etgan sirli hayot yo‘lidan chalg‘imadi...
U o‘g‘lini chaqirdi va unga ikki og‘iz vasiyat qildi:
- Mendan keyin... onangni ehtiyot qil! Ma’rakalarimda badbadaga berilma...
Yigit ko‘zidagi yoshni otasiga ko‘rsatmaslik uchun “ma’qul” deganday bosh egdi.
Mo‘ysafidning ko‘zi oldida Ustoz Musavvirning mo‘yqalami jonlandi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.