OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfiya Qurolboy qizi. Qadimiy qo‘shiq (hikoya)

* * *

«Ana u! Kelyapti! Ana, anavi yoqdan kelyapti. Kara, qaragin. Nimaga to‘xtab qolding? Bormaysanmi oldiga?
— Voy sharmanda! Voy yuzsiz... Anavi yuzsizni qara!
— Tangriga ibodat qilish o‘rniga...
— Ktszim, jon qizim, iymon keltir, tavba qil. Endi u yoqning keragi yo‘q senga. U yoqning yeri ham boshqa, osmoni ham! Olloh iymon keltirgan bandalarining gunohlaridan kechguvchidir. Iymon keltir, bolam, iymon keltir, iymon nuriga chulg‘angaysan!..
— Qiyomat kuni bir tarozu qurilurki, ani beadad sutunlar bila barpo qilishur, Har bir sutunning uzunligi mag‘rib birla mashriqning miyonasiga barobardur. Aning har bir pallasi yer yuziga barobardur. Bir pallasi Arshning o‘ng tarafida tururki, anga savob solinur. Bir pallasi Arshning chap tarafida tururki, anga gunoh solinur.
...kimning tarozusi yengil kelsa, bas, andog‘ kishining onasi Hoviyadur.
—    ...
Shivir-shivirlarga to‘lgan olam qalbini tilib yuborgan o‘tli xo‘rsiniqni iliq shamol olis-olislarga olib ketdi...»

Sultonmurod yana o‘sha tanish uy — qishloq chekkasidaga xaroba oldiga kelib qolganini mayda yomg‘ir tomchilari yuziga urila boshlaganidan keyin fahmladi: «Nega keldim bu yerga? Axir endi u yo‘q...»
Tomchilayotgan yomg‘ir birdan jalaga aylandi. Momaqaldiroq gumburladi. Qoraygan osmon bag‘rini chaqmoq tilib o‘tdi.
Olam shovqin-suronga, tasir-tusur tovushlarga to‘lib ketdi.
Yigit parishonlik bilan kimsasiz ko‘chada qaqqaygancha turib qoldi, jiqqa ho‘l bo‘lgan kiyimlari og‘irlashib vujudini ezayotgandek, sovqotib qaltirayotgandek yelkasini qisib qunishdi, shusiz ham anchadan buyon parokanda o‘y-xayollari chil-chil bo‘lgan billur siniqlaridek har tomonga sochilib ketdi.
Momaqaldiroq hamon guldurar, tinimsiz chaqmoq chaqar, olam olov ichida qolgandek edi.
Sultonmurod asta ortiga qaytdi. Besh-olti odim yurgach, qarshisidan muyulish chiqdi. Muyulish chetida ulkan tosh qorayib turardi. Yigit shu tosh ustiga cho‘qdi. Horg‘inlik bilan nam toshni silarkan: «Qara-ya, bir bechora o‘tib ketdi-yu, lekin sen bilan men hamon bormiz, yashayapmiz...» deb qo‘ydi sekin.
Shu yerda o‘tirib u nimalarnidir o‘ylab olmoqchi bo‘ldi. O’ylab olish uchun bundan ortiq qulay va xoli yer yo‘qday edi. Ammo... Yigit uch-to‘rt qadam narida shu tomonga qarab kelayotgan Xoliq amaki bilan tegirmonchi cholni ko‘rib asabi buzildi. «Shu yerdayam tinchlik yo‘g‘-a. Allamahalda ko‘chada nima bor ekan bu chollarga?!»

* * *

Bu uy Abdurahmon eshonga tegishli edi. Eshon bir necha yil muqaddam qarib-churib olamdan o‘tdi. Hayhotdek hovlida undan yodgor bo‘lib ikkinchi xotini Shohsanam qoldi. Eshon boboning katta ayolidan farzandlari bor, lekin ular boshqa-boshqa yashashardi. Eshon bobo dinning barcha talablariga rioya etgan holda, to‘ng‘ich ayolini har tomonlama ta’minlab qo‘ygandi. Yolg‘iz Shohsanam...
Darvoqe...
Eshon buva uni — tunda ko‘qqisdan gumburlagan momaqaldirokdan qo‘rqib, yuragi besaranjom urib qolgan navnihol qizni — avval davolagan, yetti kun yetti mahal duo o‘qib sog‘aytirib yuborgan, keyin esa yana duo o‘qib, uni o‘ziga og‘dirib olgan...
Har qalay, odamlarning og‘zidagi gap shunday.
Bu g‘aroyib nikoh haqida el ichida yana bir gap og‘izdan-og‘izga o‘tib yuradiki, bunisi avvalgisidan-da jumboqli. Emishki, eshon buvaning duosidan shifo topgan kizning o‘zi uni yo‘qlab borganmish...
Ilojsiz qolgan ota-ona nima qilsin?..
Bu gap-so‘zlarga faqat bir yigit ishonmasdi, ishona olmasdi. Shu haqda o‘yladi deguncha o‘zini qo‘ygani joy topolmay, keng olamga sig‘may qolardi:
«Bunday bo‘lishi mumkin emas! Mumkin emas! To‘g‘ri, uning tobsiz bo‘lgani rost, lekin hech qachon... Hech qachon! Uni majburlagan bo‘lishlari mumkin. Chorasiz qolib, noiloj rozi bo‘lgandir. Ammo hech qachon... hech qachon! Chunki... chunki... U meni sevadi, meni!»
Bu rost edi. Bu haqda butun qishloq ahli xabardor bo‘lmasa-da, har qalay, teng-to‘shlari ivir-shivir qilib yurishardi.
Darvoqe, bir kech — hali shom tushib ulgurmagan mahal edi — maktab yonidagi yakka tut ostida ularning gaplashib turishganiga Abdurahmon eshonning ham ko‘zi tushgandi.
— Xudo xoxlasa, nikohimizni mana shu kishiga o‘qitamiz, — degandi o‘shanda Sultonmurod yoshiga nisbatan ancha qoruvli, kimxob kamzuli o‘ziga yarashgan eshonning ortidan qarab qolarkan.
Qiz esa uyalib kulimsiragan... Keyin taqdir charxpalagi teskarisiga aylanib ketdi. Sultonmurod yuragini changallab qolaverdi.
To‘ydan keyin Sultonmurod uni bir marta uzoqroqdan ko‘rdi. Juvon ham uni ko‘rdimi-ko‘rmadimi, bilmaydi, ehtimol, ko‘zi tushgandir-u, o‘zini ko‘rmaganlikka olgandir.
Sultonmurod esa bu kunni eslab qoldi. Unuta olmadi. Yanglishmasa, o‘sha kuni chorshanba edi, sanasi ham esida — 12 may, peshin chog‘i edi... Biroq - buni qanchalik istayotgan bo‘lmasin — juvonning oldiga borish tugul, unga tikilibroq qarashga-da botina olmadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham endi u qishloq ahlining e’tiqodiga sazovor bo‘lgan taqvodor odamning zavjasi!..
Hamma-hammasini unutmoq istadi. Buning yo‘li topildi — uylandi. Taqdir hazili — kelin Shohsanamga qarindosh edi.
Ammo bari bir huvillab yotgan ko‘ngil mulkiga fayz kirmadi. Yuragini bir alam ezib yotardiki, bunga chidab yashagandan ko‘ra, do‘zax olovida kuyib kul bo‘lgan afzal edi. Kunlarning birida u barcha-barchasiga — uyat-andisha, iymon-e’tiqod — hamma-hammasiga qo‘l siltadi. Va...
Sultonmurod o‘zini eshonning hashamatli darvozasi oldida ko‘rdi: «Undan so‘rarim bor... Nega... Nima uchun bunday qildi?»
Biroq...
Eshikni taqillatishga ham ulgurmadi.
Hashamatli eshik shiddat bilan ochildi.
Ostonada Abdurahmon eshon paydo bo‘ldi. Ular bir necha daqiqa bir-birlariga so‘zsiz tikilib qolishdi. Eshonning nigohlari g‘azab va nafratga to‘la... Oqish, lekin ayni damda gezargan, bo‘zargan chehrasida shafqatsiz ifoda qotib qolgan...
Sultonmurod bo‘shashdi. Allaqanday g‘ayritabiiy kuch qarshiligiga duch kelganday o‘zini juda-juda ojiz his etdi. Boyagi shashtidan asar ham qolmadi.
Asta burilib ortiga qaytarkan, alam va iztirobdan ingrab yubordi...
Shu-shu bo‘ldi-yu, yigit yo‘li tushgan taqdirda ham eshonning ko‘chasini aylanib o‘tadigan bo‘ldi.
«Mana endi undan abadul-abad ayrildim, — deb o‘yladi Sultonmurod. - Endi uni hech qachon olisdan bo‘lsayam ko‘ra olmasam kerak!»
Darhaqiqat, shundan keyin u Shohsanamni uzoqdan bo‘lsa-da ko‘rishdan mahrum bo‘ldi. Chunki...
— Tavba qildim, kariganda yosh xotinga uylangan erkak esdan og‘ib qoladimi deyman-da, — deb qoldi bir kuni Sultonmurodning xotini. — Eshonbuvani aytaman-da. Ostona hatlab ko‘chaga chiqsang oyog‘ingni urib sindiraman, debdi Shohsanam opamizga. Tunov kuni bechora derazadan qarab turgan ekan, Eshonbuva toza ta’zirini beribdi.
Sultonmurod churq etmadi. Ichidan zil ketdi. Ayriliqqa, azob-uqubatlarga to‘la dunyo qad rostladi qarshisida. Biroq yigit tishini tishiga bosdi, chidadi, chunki barbod bo‘lgan dunyo vayronalari ustida shunday ulug‘vor koshona bunyod etgandiki, bu koshonaga istagan yerda, istagan vaqtida kiradi-chiqadi; bu yerda iztiroblardan zada qalbi orom topadi, qiyg‘os gullagan shaftolining yoqimli hidi dimog‘iga urilgandek bo‘ladi, qaynoq, betakror bo‘salar ta’mini tuyadi lablari...
Ittifoqo...
O’sha kuni u ishga kechikibroq bordi. Ertalabdanoq boshliqdan eshitadiganini eshitdi. Buning ustiga hisobot daftarchasi uyda qolib ketibdi. Boshlikdan yana nasibasini oldi. Bu kamlik qilganday, boshliq uyiga borib, o‘sha jin urgur hisobotni olib kelishni talab qildi. Ishxonadan uygacha sakkiz chaqirim, kun issiq; bekatda yarim soat turib ulov poyladi, ammo hadeganda ulovdan darak bo‘lavermadi, asablari o‘ynagan, charchagan, bo‘g‘ilgan bir alfozda poyi piyoda yo‘lga tushdi. Chamasi biror soatlardan keyin u o‘zi yashaydigan ko‘cha boshiga yetib keldi. Shu yerda to‘xtab biroz nafas rostlamoqchi bo‘ldi. Ammo... Oh, mehribon Parvardigor! — shuncha harakat, shuncha zahmat va ko‘rguliklar yolg‘iz Uning uchun, Uni ko‘rish uchun ekanligini o‘sha daqiqada, hatto undan oldinroq ham qaydan bilibdi? Bilganida edi ehtimol... Yo, Qodir egam, tag‘in deng shundoq ro‘parasidan chiqib qoldi! Albatta U yolg‘iz emasdi. Yonida qandaydir bola ko‘targan ayol... Va atigi bir daqiqa, yo‘q, yarim daqiqa, ehtimol soniyaning allaqaysi bir ulushida — bexosdan ularning nigohlari to‘qnashdi! Hamroh bo‘lmish ayol nimadir dedi, lekin Shohsanam eshitmadi. Olam suv quygandek jimjit bo‘lib qolgandi. Keyin yana hammasi avvalgi holiga qaytdi: shovqin-suron, vag‘ir-vug‘ir...
Shohsanam yerga qaragancha yonidan, shundoqqina yonginasidan o‘tib ketdi. Sultonmurod uni anchadan buyon bunchalik yaqindan ko‘rmagan, ko‘zlariga termulmagan edi. Yigitning hayotidagi eng porloq kun bo‘ldi o‘sha kun.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi.
Abdurahmon eshon to‘satdan bandalikni bajo keltirdi.
Shohsanam beva qoldi.
«Endi u yo bu hovlidan bosh olib ketadi, yo kimgadir erga tegadi, — degan gap topib keldi Sultonmurodning xotini uyiga borib. — Albatta, erga tegadi-da. Tegsayam tegadi, tegmasayam tegadi. Axir yosh bo‘lsa, ovunadigan farzandi bo‘lmasa. Tegadi-da, tegmay qayoqqa borardi? Aytmoqchi, shahardagi amakimizning bultur xotini o‘lgandi. O’rtaga tushsammikin?»
Sultonmurodning yuragi zirq etdi.
Yomg‘ir fasli o‘tdi.
Jazirama o‘tdi.
Sokin va osuda sunbula kirib keldi hamki, Shohsanam na erga tegdi, na qishloqdan bosh olib ketdi. Eshon buvadan qolgan hovlida yolg‘iz o‘zi yashayverdi. Juvonning xaridorlari ko‘p edi. Lekin nima uchundir biror kimsa eshonning ostonasini hatlab o‘tishga jur’at etolmasdi. Shohsanamning o‘zi ham ko‘pchilikka qo‘shilmas, to‘y-ma’raka tugul, aqalli, ko‘cha-ko‘yga-da chiqmay qo‘ygandi.
Tiriklay ko‘milgandek edi go‘yo.
Eshon buvadan qolgan hovli-joydan putur keta boshladi.
— Qarov bo‘lmagandan keyin shu-da! Hamma narsa o‘lda-jo‘lda tashlab qo‘yilgandan keyin shunaqa bo‘ladi! — deya javrardi Sultonmurodning xotini har kech. Beva bo‘lib qolganidan keyin Shohsanam nima uchundir unga yoqinqiramay qolgandi. — Esiz... esizgina shunday uy! Rahmatli eshon buva bo‘lganda... Tavba, qosh-ko‘zini bo‘yashdan boshqasiga yaramaydigan bu ipirisqi xotinning nimasiga uchdi eshon buva?.. Xatto piyovaniyam eplab pishira olmaydigan qo‘li siniq-ku bu!
Sultonmurod esa...
Shu «qo‘li siniq» juvonni bir ko‘rishga mushtoq, rahmatli eshon buvaning ko‘chasidan o‘tishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib yurardi. Axir, ehtimol, chindan ham u uquvsizdir... Lekin... rangpar xushbichim chexra, nozik dahan, tik qomat, ko‘zlar... xuddi bu olamda o‘zidan boshqa hurliqo yashamaydigandek chaqnab boquvchi nigohlar...
Bularni unutib bo‘ladimi?
Yigit faqat bir narsadan xavotirda edi, hatto qo‘rqardi. Bu qo‘rquv tuyg‘usi shu qadar ulkan ediki, uning haybatiga bir qur nazar tashlashga-da qurbi yetmasdi: «U meni unutgan bo‘lsa-chi?!.»
Yil so‘ngida eshon buvaning ruhi-pokiga atab yil oshi berildi. Shundan keyin bir hafta ham o‘tmadi, birdan sovchilar yomg‘iri yog‘ila boshladi.
— Eshon buvaning hurmatini saqlab shuncha kutdik. Endi bir narsa de. Ukam yomon yigit emas.
— Xo‘p, deyaqoling endi, iltimos. Akamning shashti baland, ko‘nmasa opqochib ketaman, deyapti!..
— Bu dunyodan hech kim toq o‘tmagan, qizim. Senam axir bir kun uy qilasan-da, yosh umringni xazon qilmasang-chi.
— Yolg‘izlik azobi yomon. Mana, mening amakim o‘n besh yildan buyon yolg‘iz yashaydi. O’n besh yil-a! Bechora xotini jon berayotganda boshqaga uylanmayman, deb va’da berib qo‘ygandi. Endi bilsam... bosib yurgan ekanman, deydi sho‘rlik amakim.
— Xo‘p desa, kaftimda ko‘tarib yuraman, deyapti akam. Iltimos... hech bo‘lmasa bir og‘iz gaplashib ko‘ring o‘zi bilan.
Dunyo so‘qqabosh erkaklarga to‘lib ketgandek edi. Biroq!
— Yo‘q, dedimmi, yo‘q! — bitta so‘zda turib oldi Shohsanam. Sababini so‘raganlarga tishini yormadi.
— Beshyog‘ochlik kishi yomon odamga o‘xshamaydi, — deya Sultonmurodni yangiliklardan xabardor qilardi xotini bilibmi-bilmaymi. — Shu kishiga tegsa bo‘lardi. Ikkita bolasi bo‘lsa nima qipti? Tayyor dastyor-ku ular. Boshqalarni-ku pisand qilmadi.
Sultonmurod churq etmasdi. Faqat yuzi avval oqarinqirab, keyin qog‘ozga aylanib borardi...
Nazarida xotini «hamma gap»dan xabardor-u atay Shohsanam haqida «xushxabarlar» topib kelayotganday... Bu dahshat! Axir yoningdagi odam ko‘nglingdan nelar kechayotganini sezib tursa... azob bundan ortiq bo‘ladimi...
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Kunlarning birida ishdan qaytayotgan Sultonmurodni mashina turtib yuborib yengil jarohat olib, kasalxonaga tushib qoldi.
Shu kuni ertalab havo bulut edi. «Yomg‘ir yog‘sa ehtimol», — deya o‘yladi Sultonmurod zirqirayotgan jarohatiga kaftini bosib. U yostiqdan boshini ko‘tardi deguncha deraza osha tashqariga termulardi. O’sha kuni ham u bir muddat deraza raxiga peshonasini tirab turgandi. Qattiq o‘yga tolganidan vaqt choshgohga yaqinlashganini, bulut ko‘rpasi yig‘ilib, osmonning bir cheti ochilayotganini ham payqamadi.
Bir mahal...
Yo Rabbiy!
«Yo‘q, tush ko‘ryapman, bu tush!..»
Sultonmurod ko‘zlarini yumib-ochdi, ochib-yumdi hamki, qarshisidagi sarob tonggi shudringday yo‘q bo‘lib ketmadi. Ma’yus, mahzun jilmaygan chehra...
— Xudoga shukr...
— Sen?!.
— Ha... Ertalab... boya... eshitdim... eshitib qoldim...
Sultonmurod endi e’tibor berdi. Juvonning yuzi dokadek oppoq, nigohlari xavotirga to‘la edi. U hatto tuzuk-quruq hol-ahvol ham so‘rasha olmadi. Qattiq qo‘rqib ketganida odam shu ko‘yga tushadi.
— Qo‘rqma, — dedi, deya oldi Sultonmurod. — Qo‘rqma... 
Juvon bosh irg‘adi.
Bori shu.
Keyin u uzalib, qo‘lidagi to‘rxaltani deraza tokchasiga qo‘ydi-yu ketdi.
Sultonmurod shu kuni kechgacha deraza oldidan nari ketmadi. U entikardi, xo‘rsinardi. Kasalxona darvozasi tomon ketgan yo‘lakka unsiz tikilardi...
Shu kuni u yana bir narsaga iqror bo‘ldi: qalbida yashayotgan tuyg‘u abadiyatda ham ruhini tark etmaydi!
— Nimaga o‘zboshimchalik qilib yuribsiz? — deya so‘roqqa tutdi xotini Sultonmurodning jabrlanuvchi sifatida da’vosidan voz kechganini eshitib, tutaqib ketganidan sira ham o‘zini bosa olmay. — Xayolingizga nima kelsa qilaverasizmi? Xo‘p, da’vo qilishdan voz kechish niyatingiz bor ekan, avval shartingizni aytmaysizmi? Jilla qursa kasalxona xarajatini ko‘tarsayam harna edi-da!
Sultonmurod xotirjam tutdi o‘zini. Xotini gapirganda ensasi qotmadi bu gal. Hatto unga kulib qaradi. Xotini uning yuzi tabassumdan bu qadar yorishib ketganini yaqin-o‘rtada ko‘rmagandi.
«Qanotim bo‘lsa-yu qoshingga uchib borsam!»
Ammo endi u bo‘z yigit emas.
Tangri yorlaqab unda qanot paydo bo‘lganda ham endi uning yoniga bora olmasdi. Bunga iqror bo‘lgani sayin ich-ichidan nimadir ko‘tarilib tomog‘iga tiqilardi-qolardi: «Tangrim...» Shohsanam esa yana uyiga qamalib olgan, tashqi dunyo bilan aloqasini uzgandi go‘yo.
Bir kuni...
Xotini kechki ovqatni dasturxonga qo‘yib, o‘zi oshxona tomonga ketdi. Va zum o‘tib qo‘lida tuguncha bilan qaytdi.
— Sanam opamizning tobi yo‘q emish, — dedi u Sultonmurodning savolchan nigohiga javoban. — Bora solib ko‘rib kelay. Har qalay, bir ildizning tomirimiz...
Sultonmurod taxta bo‘lib qoldi. Og‘zidagi luqmani yuta olmadi. Gapirmoqchi, nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin tomog‘iga qiltanoq tiqilib qiynalayotganday bo‘g‘zidan xirqiroq tovush chiqdi, xolos.
Xotini unga g‘alati qarab qo‘ydi-da, indamay chiqib ketdi.
Sultonmurod so‘ri chetini tutdi. Kuchi boricha mahkam ushladi. Hozir kimdir oyoq-qo‘lini chandib bog‘lab tashlashiga-da rozi edi: Yo‘q! Yo‘q! Bu mumkin emas!..
Yarim soatlardan keyin xotini keldi. Rangi oqarinqiragan...
— Sanam opamizning ancha mazasi yo‘qqa o‘xshaydi, — dedi u so‘ri chetiga o‘tirarkan. — Voy Xudoyim-ey... Dard beraman desa oson ekan-da. Bechora... Adoyi tamom bo‘pti!
Ayolning ayolga rahmi keldimi, ahvol jiddiy!
Sultonmurodning ichida nimadir chirt uzildi. Quloqlari shang‘illadi. Xotinining javrashlari uzoq-uzoqlardan kelayotgan tovushdek elas-elas eshitilardi:
— O’zidan ko‘rsin! Hammasiga o‘zi, faqat o‘zi aybdor. Vaqtida er qilganida bu azoblar yo‘q edi. Hali bu kunlar holva. Bu hali azob emas. Haqiqiy azob hali oldinda! Bir kunlar turibdi hali. Qon yig‘laydi, qon!..
Xotini bashorat qilgan halokat yaqinlashib qolgandek Sultonmurodni dahshat bosdi. Ko‘zlarini chirt yumdi. Allazamonlardan buyon qadam tashlashga izn bermayotgan, temir to‘sikdek yo‘liga g‘ov bo‘lgan kuch iskanjasida to‘lg‘andi.
— Men o‘shanda aytgandim, bilganday, ko‘nglim sezganday aytgandim, - hamon labi-labiga tegmasdi xotinining. — Amakimga ko‘nmasangiz, ana To‘ychi muallimni ushlang degandim. Yolg‘iz yashash oson emas. Issiq jon... O’zi meni norozi qilgan odam o‘nglanmaydi!
— Bas qil-l!.. — tishlarini g‘ichirlatdi Sultonmurod. — Bas qil-l!..
— Xa, namuncha...
Xotinining gapi chala qoldi. Sultonmurod kutilmaganda irg‘ib o‘rnidan turdi-yu, so‘ridan sakrab tushdi va ko‘cha eshik tomon otildi.
To‘lin oy teraklar ustida osilib turardi. Allaqanday shovqin-suronsiz, mahzun kecha edi. Sultonmurod shu oqshom muyulish chetida qorayib turgan toshni ko‘rdi. Va ancha vaqtgacha tosh ustida xayol surib o‘tirdi. Keyin bor kuchi-yu irodasini to‘plab, eshon buvaning nurayotgan uyi tomon yurdi.
— Bu hammasi... siqilganimdan... Qo‘rqmang, o‘tib ketadi, — dedi Shohsanam siniqlik bilan. Uning yuzi za’faron, ko‘zlari kirtaygan, ozg‘in vujudi nihoyatda behol ekanligi shundoq sezilib turardi.
Ayol nimanidir yashirayotgandek va buni kulgi bilan pardalayotgandek, hadeb jilmayishga urinardi. Sultonmurod uy ichiga zimdan razm soldi: hammayoq shipshiydam, taxmonda to‘rt-beshta ko‘rpa-yostikdan boshqa qo‘lga ilinadigan narsa yo‘q edi.
Juvon buni sezdi.
— Dori-darmonga deb... O’lsin, qancha dorini ichib yubordim. Bari bir foydasi bo‘lmadi.
O’rtaga zilday sukunat cho‘qdi.
Sultonmurodning nimadir degisi, ayolning ko‘nglini ko‘targisi, shu bilan o‘rtadagi noqulaylikni ko‘tarib tashlagisi kelardi. Lekin hali uyidan chiqmasdan oldin ich-ichidan turgan qaltiroq hamon bosilmagani sababli, sira ham gapira olmayotgan edi.
— Bilaman, mendan xafasiz, — deb qoldi juvon bir mahal. Sultonmurod shuncha urinsa-da, eplolmadi — bo‘g‘zidan og‘ir xo‘rsiniq otildi.
Ayol ko‘z uchida unga qarab turardi. Nimadir deyish lozim...
— Nimalar deyapsan... deyapsiz... Nega xafa bo‘larkanman?..
— Bilmayman, hatto tushuna olmayman o‘zimga-o‘zim... Menga nima bo‘lgan? Xuddi hushim o‘zimda emasday... Mana hozir ham... — dedi ayol o‘ziga-o‘zi gapirganday past ovozda. Birpas jim turdi-da, so‘ng yana dedi: — Ba’zida nimadandir juda bezovta bo‘laman. Xayolimga nimalar kelmaydi? Mana hozir yana... Mendan nafratlansangiz ham arziydi... Men shunga loyiqman... O, yo‘q, yo‘q!..
Juvon yuzini kaftlari bilan to‘sib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Yuzi bir burda... Barmoqlari qonsiz va nimjon... Qoqsuyak yelkalarida ayanchli titroq... So‘nggi bardosh ham tugadi:
— O’zingdan-o‘zing nimalar deb yotibsan boyadan beri, — deya gap boshladi yigit, go‘yo juda ham oddiy narsa haqida so‘zlayotgandek. — Hali... hali shunaqa bo‘lmag‘ur o‘ylarni o‘ylab, o‘zingni o‘zing kasal qilib yotgan ekansan-da. Men xafa emishman... to‘g‘ri, bir paytlar bo‘lgan... shunday... Lekin keyin... bilsam, sendan nafratlanish tugul, xafa ham bo‘lolmas ekanman...
Biror soatlardan keyin Sultonmurod o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
«Buning hammasi yolg‘izlik oqibati... Uni tashlab qo‘ymaslik kerak!» degan qarorga keldi u juvon bilan xayrlashayotib.
Shundan keyin u tez-tez Shohsanamning ahvolidan xabar olib turadigan bo‘ldi. Ayol juda sekinlik bilan bo‘lsa-da, o‘ziga kela boshladi. Uning ahvol-ruhiyasidagi har bir o‘zgarish yigitning nazaridan chetda qolmasdi: «Bugun u yarim soatdan ko‘proq gapirdi, harsillamasdan, xotirjam so‘zladi. Hatto kulgisi ham jaranglay boshladi...»
— Menga turmushga chiq, — deya taklif qildi u kunlarning birida.
— Ilojim yo‘q... — deya pichirladi juvon.
Yigit hayratdan dong qotdi. U ayoldan bunday javobni kutmagandi.
— Nega? Nima uchun? Meni o‘ylayotgan bo‘lsang ko‘p qayg‘urma, hammasini yaxshilikcha hal qilaman.
— Men u yog‘ini o‘ylayotganim yo‘q.
— Nimani o‘ylayapsan bo‘lmasa? Seni bu hoachida nima ushlab turibdi? Na far... Kechirasan!
— Men bandiman...
— Tushunmadim...
— Yaxshisi, shunday yuraveraylik.
— Seni hech kimga ishonmayman. Hatto manavi soqov devorlarga ham...
— Bu devorlar soqov emas. Xar oqshom ular tilga kiradi.
— O’lay agar, so‘zlaringga tushungan bo‘lsam.
— E, qo‘yavering bu yog‘ini. Boyagi gapim gap. Shunday yuraveraylik. Bizni hech kim, hech narsa ajrata olmaydi!
Yigit e’tiroz bildirmadi.
«Balki u haqdir? — deb o‘yladi ichida. — Ehtimol, shunisi ma’quldir...»
Biz reja tuzamiz, ammo tasodif uni barbod qiladi. Kutilmaganda fojia yuz berdi. Ha, bu — tasodif, mash’um tasodif edi. Hatto g‘ayritabiiy sir-sinoat edi. Kutilmaganda sodir bo‘ldi u. Shohsanam yarim tunda qo‘qqisdan gumburlagan momaqaldiroqdan cho‘chib uyg‘ondi-da, chidab bo‘lmas darajada sanchayotgan yurak xurujidan yigirma daqiqa azob cheqdi-yu... omonatini topshirdi-qo‘ydi. Sultonmurod dovdirab qoldi. U hech narsani idrok qilolmasdi. Yo‘q, idrok qilardi, ammo hech narsaga tushunmasdi. Axir shu kecha harorat qirq daraja issiq, havo qurib qolgandek nafas olish amrimahol, barqut osmonda yulduzlar charaqlab turar, qilt etgan epkin yo‘q, lekin butun borliqni, kurrai zaminni larzaga solib, momaqaldiroq gumburladi!..
Yo alhazar!
Yer yorilib ketgudek bo‘ldi-ya!
Dafn marosimidan qaytib, ochiqqanlaridan shosha-pisha ovqatlanayotgan erkagu ayol, odatdagidek, ya’ni boshqa hamma joyda bo‘lganidek, marhuma haqida gapirishdi.
— Tavba, ming marta tavba, shunday qilib ham odam o‘ladimi? Jon berish ham oson ekan-da. Birgina momoguldirak!..
— Yo‘q, bu yerda boshqa bir gap bor.
— Sho‘rlikning yuragi xasta ekan-da.
— E, u bo‘ldi-bu bo‘ldi, nima qilib bo‘lsayam eshon buva zavjasini o‘zining oldiga chaqirib oldi-da!
— Ie, uni qaranglar, parda qimirlayapti!
Sultonmurod ortiq dosh bera olmadi... Azaxonadan chiqib ketdi. To‘shakda ajriqqa ag‘anagandek uxlolmagan yigit allamahalda asta o‘rnidan turdi.
— Qayoqqa? — so‘radi xotin.
— O’zim, shunday...
— Ertalab vaqtli turishingiz kerak, uxlasangiz bo‘lmaydimi?
— Uyqum kelmayapti.
Eshik xiyol g‘iyqillab ochilib-yopildi.
Xotin ko‘rpani yuziga tortdi: «Tavba!»
Kecha oydin edi.
Charaqlagan yulduzlardan yerga kumushrang yog‘du to‘kilardi.
Deraza yonidan o‘tgan yigit birdan taqqa to‘xtadi.
— Sen?!
— Ha, men...
— Axir, sen...
— Keta olmadim!

* * * 

«Dunyo shunchalar go‘zal!
Yayrab nafas olib yashaganga ne yetsin... Oy nurida tovlanayotgan yaproqlarning shovullashi qanday ajoyib... Ammo...
Bu dunyoni siz borligingiz tufayli yaxshi ko‘raman. 
Siz tufayli!..»

— Qaerlarda yuribsiz? — so‘roqqa tutdi xotin.
— Birpasda yo‘q bo‘lasiz-qolasiz!
— Yomg‘ir yog‘ayotgan ekan. Yo‘l chetidagi tosh ustida birpas o‘tirdim.
— Birpas?! Qaysi yo‘lning chetidagi tosh?
— Muyulishdagi...
— Muyulishda hech qanaqangi tosh yo‘q! Yomg‘ir ham yog‘mayapti! Qachonlardan beri osmondan bir tomchi tushgani yo‘g‘-u... Nega yolg‘on gapirasiz? A, nega? Nima uchun? Hech bo‘lmasa ariqdagi suvga bo‘kib, keyin uyga kelsangiz bo‘lardi!
— Men axir u yerda Xoliq amakini ko‘rdim. Keyin anavi chol bor-ku, oti nimaydi, hah, tegirmonchi...
— Sho‘rim kursin, axir ular allaqachon o‘lib ketishgan-ku!
— Sizga bir balo bo‘lgani rost.
— Bas qilsang-chi!
— Bas qilmayman! Nega endi bas qilarkanman? Men yerda yashayapman, sizga o‘xshab osmonda uchib yurganim yo‘q!
— Insof qilgin, charchadim, birpas mizg‘ib olishga ko‘yasanmi-yo‘kmi?!
— Boring, do‘kondan bir qop un opkeling. Uyda bir hovuch un yo‘g‘-u, bu kishim!.. Qachon bolam-chaqam deysiz?
— E, bor-e!
«Esingizdami, bir kecha tong otguncha uxlamasdan gaplashib o‘tirganimiz? Esingizda, a? Bilardim... Osmon bir boshqa bo‘lib yorishib ketgandi o‘shanda! Oy naq tepamizda turib olgandi. Xuddi bizdan uzoqlashgisi kelmagandek. Iliq shamol rayhon hidini dimog‘imizga urardi... Nazarimda, kecha-kunduz ham, oy-quyosh ham, hamma-hammasining bizga havasi kelardi».
— Chik-chak... Chik-chak... 
Sultonmurod cho‘chib ko‘zini ochdi.
Allakim deraza oynasini ohista chertgandek tuyildi. Yostiqdan boshini ko‘tardi.
Xira yog‘du tushayotgan oyna ortida kimdir unga tikilib turardi.
Yigit ixtiyorsiz suratda o‘rnidan turdi.
Xotini qora terga botib uxlab yotardi.
Sultonmurod hovliga chiqdi. So‘ng ko‘chaga...
O’n daqiqadan keyin u o‘zini xaroba oldida ko‘rdi.
Chiroq yoniq turardi.
— Kech kirishini ming azob bilan kutdim... — deya shivirladi juvon uning ko‘ksiga bosh qo‘yarkan.
— Men ham adoyi tamom bo‘ldim. Nega buncha shoshilding?
— Ixtiyorim o‘zimda emasdi.
To‘satdan javondagi idishlar jaranglab ketdi. Qandaydir ko‘rinmas qo‘l idishlarni bir-biriga urib, chil-chil qilayotgandek edi. Juvon xijolatli kulimsiradi.
— E’tibor bermang. Men o‘rganib ketganman...
U so‘zini tugata olmadi. Xonaning allaqaysi burchagidan eshitilgan ovoz juvonning ovozini bosib ketdi:
— Badbaxt! Yaramas! Tavqi la’natimga uchrading! Qiyomat kuni ham seni kechirmayman!.. Ey, badbaxt! Azob farishtalariga topshirdim seni! Alar do‘zax o‘tidin toj kiydirurlar boshingga, qizdirilg‘on misdan libos kiyursan!
Juvon ikkala kafti bilan yigitning quloqlarini to‘sdi.
— Eshitmang!..

* * *

Sultonmurod kimsasiz ko‘cha o‘rtasida turar, allaqachon qorong‘i tushib, yon-beridan odam oyog‘i tiyilganini, uyiga borishi lozim ekanligini fahmlardi, his etardi, ammo oyoklariga tosh bog‘lagandek ularni yerdan uzolmasdi. Bir mahal allakim qo‘lidan tutgandek bo‘ldi. Qattiq seskandi. Uy tomon yurmoqchi bo‘ldi. Shu on oqshom hukmiga o‘tgan borliq bag‘ridan sirg‘alib o‘tgan bir nido quloqlariga urildi: «Sulton...»
Yigit ikkilandi: bu odatdagi ovozga, odatdagi chorlovga o‘xshamasdi.
Tag‘in o‘sha ovoz: «Sulton...»
Yigit garangsigan ko‘yi ovoz kelgan tomonga yurdi: yana o‘sha xaroba!
U tanish yo‘lak bo‘ylab ichkariladi.
Xona zim-ziyo.
Quloqni qomatga keltirgudek sukunat.
Vaqt to‘xtagan, olam nafas olmay qo‘ygandi go‘yo.
— Bu yoqqa o‘t! — degan dag‘al ovoz gulduradi. Qorong‘ilikka ko‘nika boshlagan yigit zulmat qa’ridan o‘ziga qadalib turgan bir juft g‘azabnok nigohlarni his etdi.
So‘ng esa... shiftda osilib turgan oqish sirtmoqqa ko‘zi tushdi. Qaltirab ketdi.
— O’zingni os!
Tosh qotgan sukunatga birdan jon endi: xona shovqin-suronga, shivir-shivirlarga, sarosimali, qiroatli, yig‘lamsiragan ovozlarga to‘lib ketdi. 
«— E Xudoyim!
— Yo Rabbiy!
— Boyaqish hali yosh jan.
— Xayriyat, u bizdan emaskan. Men ukam Mirzapo‘latmi deb o‘ylab qo‘rqib ketganimdan yugurib kelgandim. Xayriyat!.. Anchadan buyon betob edi-da...
— Nega menga tirgalasiz hadeb?! Qaerga borsam ko‘zingizni lo‘k qilib turganingiz-turgan!
— Ie, bu Iskandar akaning o‘g‘li-ku! Voy sho‘rlik... Iskandar akaga xabar berish kerak. Tezroq! Tezroq!
— Voy-bo‘y, namuncha... Men bilan ko‘rishmaslik uchun atay poyabzalingizni qo‘lingizga olvoldingizmi? Pastkashligingiz qolmadi-qolmadi-da!
— O’g‘lim!
— Bolam... Bolajonim... Yosh joningga javr qilma! Otasi, unga ayting, bunday qilmasin... Bolam!.. Darvoqe, eshon buva... Eshon buvaning oldiga borishim kerak! Yo Tangrim...»
— Bo‘lsang-chi! Nega ikkilanyapsan? Bo‘laqolsang-chi!
Sultonmurod toshday og‘ir nigohlarini sirtmoqqa qadadi, bir necha soniya undan ko‘z uzmadi.
— Bu juda oson...
Sultonmurod beixtiyor sirtmoq tomon bir qadam tashladi. 
« — Oh!
— Voy bechora...
— E, nega dod-voy qilasanlar? Qilgilikni qilgandan keyin jazosini olsin-da! Bundaylarning joyi do‘zaxda!
— Do‘zax shunday joyki!.. Do‘zaxning o‘tidin zarradek olib, uni tog‘ ustiga qo‘ydilar. Bas, tog‘ aning issiqligidin simobdek erib ketdi...
— Yo tavba!
— Tangrim, uni o‘zing yorlaqa!»
Sultonmurod sirtmoqqa qo‘l uzatdi. Qo‘li yetmadi, yetar-etmas bo‘lib, havoda muallaq qoldi. Yana bir qadam... Bexosdan poyabzalining uchi qattiq narsaga tegdi. Munkib ketdi.
— Yo‘q, yo‘q, — degancha ortga tislandi u o‘ziga kelib.
— Qo‘rqma, — deya dalda berdi gulduragan ovoz endi bir oz yumshoq ohangda...
— Yo‘q!
— Bu juda oson...
Shu on bo‘shliq qa’ridan suzib chiqqan sharpa tap tortmasdan dorga qo‘lini uzatdi va... xuddi shunday hech ikkilanmasdan — oddiy yumushni bajarayotgandek — sirtmoqni bo‘yniga soldi. Shundoq Sultonmurodning ko‘z oldida sharpa o‘zini osdi. Boshi ko‘ksiga osilgan... oyoqlari shalviragan... Yuzi esa... Xayratlanarlisi shunda ediki, u sharpaning yuzini aniq-taniq ko‘rdi. Darvoqe, yuz... yuzini qanday edi desa bo‘ladi? Yuzi... yuzi ulug‘ saodatga erishgandek mamnun va sokin edi!
— Nega bunday qildingiz? — deya qichqirib yubordi Sultonmurod beixtiyor.
— Nima qipman?
— U o‘lib qoldi.
— U o‘lgani yo‘q. Yaxshilab qara. Mana u yoningda turibdi. Sultonmurod ko‘zlarini yumib-ochdi: yo alhazar! Sharpa boyagi joyida hech narsa bo‘lmagandek qaqqayib turardi! Yigit aqldan ozayozdi.
— Hozir... Hozirgina u... — deya pichirladi quruqshagan lablari.
— U o‘lgani yo‘q, sirayam o‘lgani yo‘q.
— Aqlim bovar qilmayapti...
— Tasavvur kil, vujud — ulkan chig‘anoq, ruh shu chig‘anoq ichida dimiqib yotgan jonivor. Mana endi u ozod!
Sultonmurod yana sirtmoqqa ko‘z yugurtirdi.
— Bu juda oson...
— Bu juda ajoyib...
— Bu juda oson...
— Bu juda ajoyib...
Tarang tortilgan asablar bo‘shashdi.
Yigit o‘zi istamagan holda, lekin shunga majburdek sirtmoqqa ko‘l yubordi. Shu vaqt...
Birdan yeru ko‘kni larzaga solib, momaqaldiroq gumburladi. Chaqmoq chaqdi. Shamol qop-qora bulutlarni haydab keldi. Deraza sharaqlab ochilib-yopildi.
— Yo‘q! Yo‘q! — degan faryod eshitildi avval. Keyin... Yo Rabbiy!
Chaqmoq yorug‘ida u ko‘zga tashlandi. Mana u! Bor bo‘y-basti bilan. Bu o‘sha!
— Yo‘q! — deya takrorladi u. — Yo‘q! Bunday qilmang! Bu tuzoq... Bu fitna... — juvon yigit poyiga tiz cho‘qdi. — U meni o‘zi bilan olib ketmoqchi edi. U bilan ketsam gunohlardan forig‘ bo‘larmishman. Jannat mening poyimda bo‘larmish! Mag‘firat nuriga yo‘g‘rilar emishman. Shunda buyuk azob kuni yorug‘ yuz bilan chiqar emishman. Aks holda ruhim yorug dunyoda sarson-sargardon izg‘ib yurarkan... Men shunisini tanladim. Dunyoni siz borligingiz tufayli yaxshi ko‘raman! Qarang, shaftoli qiyg‘os gullabdi...
Kutilmaganda xona ichi yorishib ketdi. Sultonmurod hayrat og‘ushida juvonga boqdi. Sirtmoqqa uzalgan qo‘llari bo‘shashdi...
Ertalab uni xarobadan hushsiz holda topishdi. Tushgacha u qishloq kasalxonasida yotib, nihoyat hushiga keldi. Ammo... yigit tamomila aqldan ozgan, telba edi.
«— Yo tavba, men ilgari ham bunday voqeaga guvoh bo‘lgandim.
— Qachon?
— Million yil avval...»

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.