Ulfat akaning o‘limidan keyin Tamara xola yolg‘izlanib qoldi...
Garchi befarzand bo‘lsalar-da, qirq yillik turmushlari davomida eri bilan yomon yashashmagandi. Farzand bo‘lmaganidan keyin er-xotin bir-biriga suyanib qolarkan-da. Bunday er-xotinlarning qay biri avvalroq olamdan o‘tsa, beva qolganining mash’um ayriliqqa ko‘nikishi oson kechmas ekan.
Tamara xola ham erining o‘limidan keyin avvallari to‘tiqush saqlanadigan katalakday tor qafas bo‘lib tuyuladigan, ayni zamonda hayhotday huvillab qolgan ikki xonalik uyda yolg‘iz o‘zi so‘ppayib qoldi. Qarindosh-urug‘lar ham o‘z yo‘liga ekan, hammasi tirikchilik tashvishlari bilan andarmon bo‘lib Tamara xola haqida o‘ylashmasdi, faqat begim kunlardagina ertalab ishga yoki u yoq-buyoqqa ketishlari oldidan birrovgina kirib o‘tishadi. Bu hol Ulfat akaning qirqi o‘tguncha davom etdi xolos. Keyin ularning qadamlari tiyildi. Butunlay yolg‘iz qolgan ayol haqida esa hech biri tashvishlanmasdi. “Uning o‘zini o‘ylashdan boshqa tashvishi yo‘q, deyishsa kerak-da”, deb qo‘yardi Tamara xola qarindoshlarining be’etiborligi esiga tushib, ich-ichidan ulardan domangir bo‘la boshlaganida.
Bundan to‘rt-besh yil muqaddam erining ko‘p bolali singlisi balog‘atga yetib qolgan o‘g‘illaridan birini farzandlikka bermoqchi bo‘lganida Tamara xola buni rad etgandi. Chunki bolajon singil shart qo‘ygandi: “O’g‘limni o‘zingiz o‘qitib, o‘zingiz uyli-joyli qilasiz!” Bu gap Tamara xolaga yoqmadi. Axir eri zavodda oddiy ishchi bo‘lsa, topgani u oydan bu oyga bazo‘r yetib turgan bo‘lsa, qanday qilib bola boqadi, o‘qitadi, uylantiradi? Akasining g‘amini yegan singil xayr qilsa butun qilmaydimi, ya’ni o‘g‘lini o‘qitib, oliy ma’lumotli qilib, uylantirib, keyin farzandlikka bermaydimi?
– Yo‘q! – keskin javob berdi o‘shanda Tamara xola eriga. – Dilora bitta bo‘lsayam tashvishni boshidan soqit qilish uchun o‘g‘lini bizga bermoqchi bo‘layotganini juda yaxshi tushunib turibman. Shuning uchun ham o‘g‘lini farzandlikka olmaymiz!
Rahmatli eri ochiqchasiga bir so‘z demasa-da, anchayin g‘amgin bo‘lib qoldi. Sho‘rlik o‘zicha allaqanday yoqimli xomxayollarga borib yurgan ekanmi, birdan tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, mahzun tortdi. Tamara xola buni sezdi, lekin yon bergisi kelmadi.
– Mayli, Diloraning o‘g‘lini farzandlikka oldik ham deylik, – deya o‘zining haqligini isbotlashga tushdi Tamara xola o‘shanda. – Lekin biz uni qanday boqamiz? So‘loqmonday yigit-a? Bir marta uylariga borganda ko‘rganman, o‘sha bola ikkita patir nonni pok-pokiza tushirib olib, hech narsa ko‘rmaganday onasidan: “Yana nima bor yeyishga?” deb so‘raganini. Ikkita patirga to‘ymagan bolani biz qanday to‘ydiramiz? To‘ymasni to‘ydirib bo‘ladimi?
– Balki bu ham Xudoning inoyatidir, – dedi Ulfat aka ohista. – Axir kim ham o‘z farzandini birovga berardi, agar Xudo ko‘ngliga solmasa? Gap qiyinchilikda emasdir balki? O’ylab ko‘rishimiz kerakdir... Balki Xudo...
– Men o‘ylab bo‘ldim! Agar Xudo bor bo‘lsa, avvalo o‘zimizga berardi-da! Qolganini o‘zingiz o‘zingizga so‘rayvering, – dedi Tamara xola shartta erining gapini kesib.
Ulfat aka jim bo‘ldi. Boshqa gapirmadi. Ammo har doimgiday chala qolgan gapining davomini ichida oxiriga yetkazdi: “Balki Xudo o‘z marhamatini boshqalar orqali bizga yuborayotgandir?..”
Tamara xolaning nazarida, rahmatli eri o‘shanda ich-ichidan xafa bo‘lgandir, ammo miq etib boshqa e’tiroz bildirmadi, hatto gapni davom ettirishga, nimadir deyishga urinmadi ham. Tamara xola erining fe’lini yaxshi bilardi, bunday vahimali gapdan keyin Ulfat aka har qanday huzur-halovatli orzusidan voz kechib qo‘ya qoladi. Chunki o‘ziga ishonmaydi. Va yana arzimagan maoshidan boshqa ortiqcha daromadi bo‘lmasa! Boshqa ish qo‘lidan kelmasa! Necha yillardan buyon faqat ikki kishi uchun ishlab, ikki kishilik xarajat uchun bosh qotirib o‘rganib qolganlari ham ularga pand berdi o‘shanda. Ular faqat o‘zlarini o‘ylab yashashga ko‘nikkan edilar. Uchinchi bir odamning g‘amini yeyish, tashvishini qilish ular uchun ulkan, hal etilishi qiyin bo‘lgan muammoday tuyulardi. Ba’zilarga o‘xshab holiga qaramasdan tavakkal qilishga yuraklari betlamasdi.
Ayniqsa, qayinsinglisi Diloraning orqa-oldini o‘ylamasdan yilma-yil tug‘ib tashlayverganini Tamara xola hech ham hazm qila olmasdi. Axir to‘qqizta bolani boqib, katta qilishning o‘zi bo‘ladimi? Katta qilgandan keyin ham bolalarning tashvishi tugamaydi. Endi ularning kelajagini o‘ylash masalasi ko‘ndalang turadi. Bunday sharoitda odam o‘zi uchun bir daqiqa ham yashay olmaydi-ku!
Dilora o‘shanda taklifini rad etganlari uchun akasi bilan yangasidan xafa bo‘lgandir, lekin buni sirtiga chiqarmadi, aksincha, sal tepadan kelganday bo‘ldi:
– Sizlarga achinganimdan o‘g‘limni beraqolay degandim. Mayli, o‘zingiz bilasiz. Mening ko‘chada qolgan bolam yo‘q!
Ha, u xuddi shunday dedi. E’tibor berilsa, mana shu gaplarining o‘zidanoq Diloraning xafa bo‘lgani anglashilib turibdi-ku! Tamara xolaning rosa tili qichidi, “Eplab boqolmay qolganingdan keyin o‘zing bolangni bermoqchi bo‘lyapsan-ku!” deb qayinsinglisini uzib olmoqchi bo‘ldi-yu, oxirgi daqiqada o‘zini tiyib qoldi. “Mayli, erimning haqqi-hurmati uni ayadim”, – deya o‘zini tinchlantirdi u.
Shundan keyin Dilora farzand haqida umuman og‘iz ochmaydigan, uylariga ham onda-sonda keladigan bo‘ldi.
Ulfat aka ikki-uch kun o‘ychan bo‘lib yurdi-da, axiyri Tamara xolaga yuragini yordi:
– Diloraning o‘g‘lini farzandlikka olmay to‘g‘ri qilibmiz. Bolani yaxshi yedirolmasak, yaxshi kiyintirolmasak uvoliga qolardik! Axir bola – begunoh farishta, uning orzularini, talablarini ro‘yobga chiqara olmaslik – gunoh!
Er-xotinning bir-birlariga o‘xshab ketadigan tomonlari mana shunda edi. Tomoq bergan Xudo nasibasini ham berar-da, deya allaqanday sarobdan umidvor bo‘la olishmasdi. Ammo qandaydir bir mo‘‘jiza yuz berishini orzu qilish va kutishdan charchashmasdi. Orzulari ushalay deganda esa… qo‘rquv jur’atlarini so‘ndirardi.
Rahmatli Ulfat aka kamgap, ichimdagini top deydigan odamlar toifasidan bo‘lgani uchun qirq yil birga yashagan bo‘lsalar-da, Tamara xola erining ko‘nglidan nelar kechayotganini anglay olmagan. Faqat ba’zi masalalar bo‘yicha fikrlari bir yerdan chiqqani tufayli: “Erimning qanday odam ekanligini yaxshi bilaman”, degan xulosaga kelgan, hatto qazosi yetgan taqdirda Ulfat aka o‘limi oldidan nima deyishiga qadar bilardi: “Biz yaxshi va mazmunli yashadik, Tamara. Buning uchun sendan minnatdorman!..” Biroq kutilmaganda buning mutlaqo tes¬karisi sodir bo‘ldi...
Ulfat aka nafaqaga chiqish harakatida kerakli hujjatlarni to‘g‘rilab yurgan kunlarning birida to‘satdan tobi qochib yotib qoldi. Tumov desa tumovga o‘xshamasdi, shamollash desa shamollashga; oz-moz isitmasi chiqardiyu tushardi.
Kasalxonaga borishga Ulfat aka ko‘nmadi. Tamara xola bu haqda gapirganida eshitishni istamagandek tes¬kari qaradi. Faqat jon beradigan kuni ertalab Tamara xola qaynoqqina sut olib kelganida Ulfat akaning peshonasiga mushtlagancha, unsiz yig‘layotganini ko‘rdi...
Tamara xola g‘alati bo‘lib ketdi, lekin baribir shifokor chaqirtirdi. Do‘xtir kelib bemorni emlab ketdi, ammo tayinli bir nima demadi; xolaning savoliga javoban g‘o‘ldirab qo‘ydi xolos.
Shu kuni Ulfat aka tinchlanganidan keyin yarim kosa sut ichdi-da, uxlash uchun ko‘zlarini yumdiyu, qaytib ochmadi.
Murdani dafn etish uchun spravka bergan do‘xtirning aytishicha, Ulfat aka yurak xurujidan vafot etganmish. Bu gapni eshitgan Tamara xolaning jon-poni chiqib ketdi. Uning fikricha, do‘xtir tashxis qo‘yishda yanglishgan. Hozirgi do‘xtirlar ham do‘xtirmi? Minengit bilan migrenning farqiga borishmaydi!
Ulfat akaning yurak xurujiga uchrashi, ya’ni infarkt bo‘lishi mumkin emas. Axir, rahmatli biror marta ham yuragidan shikoyat qilmagan. Qolaversa, nega endi Ulfat aka infarkt bo‘lishi kerak? O’zi va xotinining tashvishini qilishdan, bosh qotirishdan o‘zga muammosi bo‘lmagan odamning bunday og‘ir dardga yo‘liqishi mumkin emas! Ana, Diloraning erini aytsa bo‘ladi “hademay infarkt bo‘lib o‘lib ketadi!” deb. To‘qqizta bola-ya! Dilora sho‘rlik shuning uchun ham bitta ko‘ylakni besh yillab kiyadi-da! Uy-joyiga qarab bo‘lmaydi. Bunaqa uyda to‘y qilish tugul ikkita mehmon chaqirishga ham uyaladi odam. Dilora bilan eri ertayu kech bosh ko‘tarmay ishlashadi, qo‘llariga ilingan narsani chumoliday uylariga tashmalaydi, lekin baribir hech ham birlari ikki bo‘lmaydi. Shu ham yashash bo‘ldimi? Sho‘rlik Dilora to‘qqizta bolasining yuzidan boshqa nimani ham ko‘rdi? Peshob hididan boshqa hidni bilmasa ham kerak. “Men ham yashayapman!” deb o‘ylasa ajabmas yuragi g‘ururga to‘lib.
Tamara xola esa bunday hayotni, turmush tarzini hech qachon o‘ziga ravo ko‘rmaydi. To‘g‘ri, farzanddan yuz o‘girmasdi, lekin, ochig‘i, hech qachon bola sonini to‘qqiztaga yetkazmasdi. Bir o‘g‘il va bir qiz. Yetadi. Bundan ortig‘i kerakmas. Bu dunyoda har bandadan bitta yoki ikkita nishona qolsa bo‘ldi-da. Soni ko‘p, sifati yo‘q “mahsulot”ning kimga keragi bor?!
Rahmatli erining Ortiqali degan bir og‘aynisi bo‘lardi. Shu kishining to‘rtta o‘g‘li bor edi. Ammo to‘rttalasi ham nogiron edi. Aravachada biri bukchayib, biri engashib o‘tirgan qing‘ir-qiyshiq (astag‘furullo!) bolalarni ko‘rganida Tamara xolaning yuragi orqaga tortib ketardi. Tangri taolo ko‘zingni kuydirib, yuragingni o‘rtaydigan bunday farzandlarni berganidan ko‘ra... yig‘ib-terib olib qo‘ygani yaxshi emasmi?.. Tamara xola dahriy ham, xudojo‘y ham emasdi, lekin bunday noxush manzaraga duch kelganida Xudoga shak keltirayotganini sezmay qolardi. Pirovardida, sezib qolgan taqdirida ham bundan pushaymon qilmasdi. Berilgan in’om ko‘zing va qalbingni quvontirmay, yig‘latsa... bunday in’omning nima keragi bor? Kutilmaganda qursog‘ida bola paydo bo‘lsa va do‘xtirlarning aql-zakovati bilan bu bolaning nogiron bo‘lib tug‘ilishi aniqlansa, Tamara xola o‘sha zahotiyoq, hech ikkilanmasdan boladan voz kechardi. To‘g‘ri-da, nogiron bolaning yuziga termulib kunda ming marta o‘lib-tirilganidan ko‘ra bir marta kuygani yaxshi!
Ana, sho‘rlik Ortiqali aka uch-to‘rt yil avval shahar markazidagi dang‘illama holvisini sotib, qishlog‘iga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi. Xotini yurak kasaliga mubtalo bo‘lgan ekan, shahar havosi sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmay qolibdi. Mana nogiron farzandlarni dunyoga keltirishning oqibati! Og‘aynisining qishloqqa ko‘chib ketayotganini eshitgan Ulfat aka ham shunga yaqin gap aytgandi. Keyin yelkasini uchirib:
– Bu odamlarni sira tushuna olmadim-olmadim-da, – deb qo‘ygandi.
Ayni zamonda Tamara xolaning ham til uchida shu so‘zlar turgandi. Ana endi yanada yaqqolroq anglagandirsiz er-xotinning fe’l-atvoridagi o‘xshash jihatlarni? Sizning tasavvuringizda ham “Bular bir-biri uchun yaratilgan”, degan fikr paydo bo‘ldimi? Ehtimol, Tamara xolaning mana bu so‘zlari fikringizga yanada oydinlik kiritar: “Biz tarkibi bir xil bo‘lgan mahsulotga o‘xshaymiz. Faqat ikkita idishga solib qo‘yilganmiz-da!..” Endi ang¬lagandirsiz? Ha, mayli, balki bu so‘zlar sizning nazaringizda allaqanday mavhum tushunchadek tuyulayotgandir, biroq Tamara xola uchun mutloq haqiqat edi. To erining o‘limiga qadar...
Darvoqe, oddiy migren bilan minengitning farqiga bormaydigan hozirgi tabiblarning vakili bo‘lgan o‘sha tashxischi do‘xtir yana bir gap aytgandiki, buni eshitgan Tamara xolaning esxonasi chiqayozdi: “Ulfat akaning tildan qolganiga ikki kun bo‘lgan...” Bunisiga nima deysiz? Yo‘q, bu gapga ishonib bo‘lmaydi. Do‘xtir odamlarning yuragiga vahima solishni xush ko‘radiganlar toifasidan chog‘i, kutilmagan zarbadan esankirab qolgan sho‘rlik bandani yanada dovdiratish uchun aytdi bu gapni! Eri ikki kun burun tildan qoladi-yu, buni Tamara xola sezmaydimi? Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas! Agar Ulfat aka haqiqatan ham tildan qolgan bo‘lganida imo-ishora qilib bo‘lsa-da Tamara xola bilan gaplashardi, fikrini uqtirardi. Lekin u bunday qilmadi. Eng yomoni, har ikki holatda ham Ulfat aka xotinini g‘aflatda qoldirdi. O’zidan keyin qaddi dol bo‘luvchi xotiniga tirgaklikka yaraydigan so‘nggi so‘zlarni o‘zi bilan olib ketdi. “Biz yaxshi va mazmunli yashadik, Tamara. Buning uchun sendan minnatdorman!..” deyish shunchalik qiyinmidi?! Imo-ishora qilsa ham Tamara xola darhol ilg‘ab olardi-ku. Nahotki Ulfat aka eng so‘nggi lahzalarda Tamara xola bilan o‘tkazgan qirq yillik hayotidan pushaymon bo‘lib, nadomat chekkan bo‘lsa? Aytishadi-ku, ko‘ngil afsus-nadomatga to‘lsagina ko‘zdan yosh oqadi deb. Aks holda nima uchun peshonasiga mushtladi, nima uchun unsiz ko‘z yoshi to‘kdi?..
Tamara xolani larzaga solib, tunu kun behalovat qilib qo‘ygan narsa mana shu savol edi. “Nega? Nima uchun u bunday qildi? Nimadan afsuslandi?” deya o‘ylayverib Tamara xola adoyi tamom bo‘layozdi. “Mana, men sog‘lom ayol bo‘laturib bepusht erkak bilan yosh umrimni xazon qilganimga hech qachon pushaymon bo‘lmadim-ku! – degancha yarim kechasimi, tong oldidami o‘rnidan turib ketadi u. – Do‘xtirlardan: “Eringiz hech qachon farzandlik bo‘lolmaydi, umid qilmang”, degan gapni eshitganimda yigirma yetti yoshda edim. Shartta ajrashib ketsam bo‘lardi. Ammo bunday qilmadim. La’nati qo‘rquv pand berdi. Ikkinchi erim Ulfat akamdek mehribon, sadoqatli bo‘ladimi-yo‘qmi, degan xavotirdan qo‘rqqanim tufayli ham u kishidan ajralgim kelmadi. Rost-da, qamchisidan qon tomadigan erkakka yo‘liqib qolsam nima bo‘lardi? Ulfat akam uchun mening so‘zim qonun edi. Men shunga, shunday muomalaga o‘rganib qolgandim. Ulfat akam shunchalar mehribon va shirinso‘z ediki, men bunday odam dunyoda yagona deb o‘ylardim, bunga qattiq ishonardim. Kimdir xotinini uribdi deb eshitib qolsam yuragim shuvillab ketardi. Nazarimda Ulfat akamdan boshqa hamma erkak o‘ta berahm, badjahl, xotin zotini odam o‘rnida ko‘rmaydigan toshyurak bo‘lib tuyulardi. To‘g‘ri, bizning uyda ham ora-chora janjal bo‘lib qolardi, lekin bunday daqiqalarda mening ovozim baland chiqardi,Ulfat akam bechora meni tinchlantirish uchun qahva tayyorlash bilan andarmon bo‘lardi. O’ziyam achchiq qahvadan ho‘plasam bas, darrov jahldan tushardim-da... Maoshini bir so‘m ham olib qolmasdan qo‘limga tutardi. “Menam ishlayin”, desam ba’zi erkaklarga o‘xshab darrov jahliga erk bermasdi. “Topib kelganimga qanoat qilib uyda o‘tir!” deb bo‘kirmasdi, lekin xafa bo‘lib qolardi. Astoydil xafa bo‘lardi. “Sizga tekkanimdan buyon uyda o‘tiraman. Biror yerga ishga kirsam bahonada hunarliyam bo‘lib qolardim. Siz tashlab ketsangiz, qanday kunimni ko‘raman?” deya kulib, ko‘ngliga og‘ir botmaydigan qilib gapirardim. Shunda bechora erim: “Seni hech qachon tashlab ketmayman. Ketishga to‘g‘ri kelib qolsa, birga ketamiz!” deb javob berardi. Men uning shu so‘zlariga ishonibman. U kishi aldagan ekan-u... Mana, yolg‘iz o‘zimni tashlab ketdi-ku! Tag‘in tushuniksiz, sirli bir tarzda... Tavba qildim, o‘ylab hech o‘yimning tagiga yetolmayapman, erim o‘limi oldidan nimadan buncha afsuslandi? Yoshlik chog‘imizda, qarshimizda imkoniyatlar eshigi lang ochiq turganida ajralib ketmaganimizgami?.. Yoki bolalar uyidan chaqaloq olishni maslahat berib, bu ishda yordam berishni o‘z bo‘yniga olgan tanishimizning taklifini rad etgani uchunmi?.. Vijdonan aytganda, ikki kishidan iborat kichik mamlakatning erka malikasi bo‘lsam-da, o‘sha vaqtda bu taklifga qarshi chiqmaganman. Ammo erim jur’at qilolmadi. “Birovning bolasi bizga chin farzand bo‘ladimi-yo‘qmi?” degan shubhali o‘y uning bir fikrga kelishiga to‘sqinlik qildi. Bu gap mening ham ko‘nglimni bezovta qilib turgandi. Axir o‘zingiz o‘ylang, ne-ne zahmatlar chekib, oromingizdan, halovatingizdan kechib bir parcha go‘shtni odam qilsangiz-da, bor kuch-quvvatingizni yo‘qotib, yordamga muhtoj bo‘lib qolganingizda farzandingiz sizni ota-ona sifatida tan olmasa yoki qoniga tortib, o‘g‘ri yo piyonista bo‘lib ketsa! “Gen” degan narsa bor-ku. Qolaversa, yaxshi odam hech qachon yaxshi farzandini yetimxonaga bermaydi, qabilidagi har xil o‘ylar tinchlik bermayotgandi. Buning ustiga ayni o‘sha kunlari asrandi bir bola ulg‘aygach, vos-vos kasaliga yo‘liqib, o‘zini boqib katta qilgan ota-onasini bolta bilan chopib tashlaganligi haqidagi videofilm televizorda namoyish qilinayotgandi. Sur-surlardan keyin ma’lum bo‘ladiki, o‘sha bolaning haqiqiy onasi ruhiy kasal bo‘lgan. Unga o‘z tuqqan bolasi allaqanday maxluq qiyofasida ko‘rinaverganidan qo‘liga oldi deguncha chaqaloqni o‘ldirishga harakat qilib qolgani uchun sud tomonidan onalik huquqidan mahrum etilgan bo‘ladi. Ishqilib, juda dahshatli film edi. Uni ko‘rganidan keyin har qanday odam asrandi bolasiga gumonsirab qaray boshlasa kerak. Erim ishda bo‘lgani uchun bu kinoni ko‘ra olmagandi. Men unga qisqacha mazmunini aytib berdim xolos. Ammo shunga qaramasdan, yetimxonadan bola olishga jon-jon deb rozi edim. Afsuski, erim ko‘nmadi. To‘g‘ri, boshida sal-pal unaganday bo‘luvdi, lekin nima uchundir birdan aynib qoldi. Menimcha, o‘sha dahshatli kino pand berdi. Kino haqida erimga gapirmasam bo‘larkan o‘shanda... Erimning lanjligi mening ham shashtimni qaytardi. Bitta bolani voyaga yetkazish, tarbiyalash biz uchun juda ham ulkan, yiqib bo‘lmas tog‘dek muammo bo‘lib tuyulardi. Eplay olmaganimizdan, uquvimiz kelmaganidan birovning bolasini kasal qilib qo‘yishimiz, Xudo ko‘rsatmasin, umriga zomin bo‘lib qolishimiz mumkinligi haqidagi xavotir qushi ikkalamizning ham miyamizda in qurib olgani uchun ham biz bir to‘xtamga kela olmasdik. Xullas, yetimxonadan bola olish borasida erimning mendan domangir bo‘lishga haqqi yo‘q! Ozmi-ko‘pmi hayotimiz davomida erimga hurmatsizlik qilmadim, xiyonat qilmadim, hammasini o‘ylab, tarozuga solib, nazardan qochirmay yashadim! Birgina Diloraning o‘g‘lini farzandlikka olish masalasida erimga qarshi chiqqanim rost. Erim shuning uchun afsus-nadomat chekib, ko‘z yoshi to‘kdimikin? Voy boshim! Bunaqada jinni bo‘lib qolish hech gapmas...”
Biroq o‘ylmaslikning ham iloji yo‘q. Tunu kun yolg‘iz o‘zi bo‘lganidan keyin... Dardlashish uchun hatto it ham yo‘q. Qo‘ni-qo‘shnilardan umid qilmasa ham bo‘ladi. Ular yashayotgan besh qavatli uy kichik oilalar uchun mo‘ljallangani uchun ham bor-yo‘g‘i bir va ikki xonalik kvartiralardan iborat edi. Bunday kvartiralarda ko‘pincha kichik oilalar o‘zlarini rostlab olguncha, vaqtincha yashashadi. Keyin kattaroq uy yoki hovliga ko‘chib ketishadi. Bu «dom»da faqat Ulfat aka bilan Tamara xolagina muqim yashab qolishdi. Boshqalar kelishadi, ketishadi, kelishadi, ketishadi. Shuning uchunmi Tamara xola ba’zi qo‘shnilari bilan ko‘cha-ko‘yda shunchaki salom-alik qilgani bilan boshqalarini hatto tanimaydi ham. Ulfat akaning olamdan o‘tganini qo‘shnilari bilmay ham qolishdi chamasi. Fotihaga ham chiqishmadi-da. Kim bilsin, balki yangi kelganlar bo‘lsa, tanishmasdan turib, fotihaga kirishga tortinishgandir? Balki Tamara xola ular bilan kirdi-chiqdi qilmagani uchun, ular ham o‘zlarini tortishgandir? To‘g‘ri, Tamara xolaning qo‘shnilari bilan kirdi-chiqdi qilmasligi rost. Yolg‘izlikdan yuragi tors yorilguday bo‘lsa ham xola birorta qo‘shnisining eshigidan bosh suqmaydi. Chunki u bir marta qadam ranjida qilib, yo‘l ochib bersa, tamom, ba’zi qo‘shnilarini keyin uyidan chiqarib bo‘pti! Yo‘q, ular Tamara xoladan hol so‘ragani kirishmaydi. Agar ahamiyat bergan bo‘lsangiz, doim birovlardan qarz so‘rab yashaydigan odamlar toifasi bo‘ladi. “To‘rtta kartoshka berib turing!” “Bir quti gugurt berib turing!” Tavba, bir quti gugurt ham gapmi? Tamara xola ham erining maoshi evaziga yashaydi. Ortiqcha daromadlari yo‘q. Lekin shu yoshga kirib hali hech kimdan bir so‘m so‘ramagan! Qo‘shnilarini yaxshi bilgani uchun ham Tamara xola ularni ko‘p ham xushlayvermaydi. Bunday odamlar bilan hamsuhbat bo‘lganidan ko‘ra yolg‘iz o‘tirishni afzal biladi. Ammo baribir odam taftini qo‘msaydi. Zina pillapoyalaridan goh tepaga ko‘tarilayotgan, goh pastga tushayotgan qadam tovushlariga quloq tutadi... Bular yarim kechasi ishdan, o‘qishdan yoki... boshqa bir yerlardan uyiga qaytayotgan kishilarning qadam tovushlari. Ular boshqalarni bezovta qilmaslik uchun mana shunday, ehtiyotkorlik bilan zinalardan chiqib ketishadi. Ular juda baodob kishilar. Xolaga aynan mana shunday kishilar bilan qo‘shnichilik qilish va hamsuhbat bo‘lish yoqadi. Lekin ular Tamara xolaning borligini bilishmasa ham kerak. Keyin nima ham qilardi? Noiloj gazeta-kitob o‘qiydi. Ko‘p o‘qiydi. Ammo erining o‘limidan keyin mutolaani ham bas qildi. Qo‘li ishga bormaydi, faqat o‘y o‘ylaydi. Sukunatga quloq tutadi. Ammo hech narsani ilg‘ay olmaydi. Faqat jimlik, gung sukunat...
Ammo tunda yerto‘lada chiyillayotgan kalamushlarninggina ovozi eshitilib qoladi. Va yana... eshik ortida pisib turgan ajal taftini his qiladi. Eh, qaniydi, o‘sha yalmog‘iz tezroq kirib kela qolsaydi...
Tamara xolaning bezovta ko‘nglini sekin-asta mud¬hish o‘ylar chulg‘ay boshladi. Uning yashagisi ham kelmay qolgandi. “Ajalning kirib kelishini kutib o‘tiramanmi? Uni o‘zim chaqirib qo‘ya qolsam-chi? Bu dunyoda qiladigan ishim qolmadi hisob. Ochiq mozordek huvillab yotgan uyga tiriklay ko‘milganday yashashning kimga keragi bor? Ertaroq yoniga borsam balki erim xursand bo‘larmidi...”
So‘nggi o‘y nima uchundir Tamara xolaning diydasini yumshatdi. Mijjalari namlandi. Rahmatli eriga qanchalar bog‘lanib qolganini mana endi, uni yo‘qotganidan keyin avvalgidan-da chuqurroq angladi. Xuddi cho‘qqiga chiqib, atrofiga nazar solgan odamday birdan yuragini qo‘rquv chulg‘adi. Chunki atrofida hech kim yo‘q edi-da! Bu ahvolda yashash og‘ir edi. Azob edi. Azobki, cheki-chegarasi yo‘q... Yolg‘izlik, qayg‘u-alam, armon – hammasi jamlanib, bir butun toshga aylanib yuragini shunday ezadiki... “Dod” solib hayqirgancha allaqayoqlarga bosh olib ketgisi keladi. Biroq qayoqqayam borardi?
Bir kuni Tamara xola o‘zi sezmagan holda tez ta’sir qiladigan zahar haqida o‘ylayotganini payqab qoldiyu... go‘yo qo‘rqinchli tush ko‘rib, cho‘chib uyg‘ongandek qattiq qo‘rqib ketdi. Yaxshiyamki uyda bunday og‘uning yo‘qligi...
Boshqa bir oqshom esa kim bilandir gurunglashish istagiga dosh bera olmay yerto‘lada chiyillashayotgan kalamushlarga baqirib yubordi:
– Hoy noinsoflar, podvalda turvolib chiyillayvermasdan bu yoqqa chiqsalaring-chi! Sal chalg‘irmidim... Ko‘pchilikmisizlar o‘zi? Sasib yotgan podvalda yashab nima baraka topardilaring?..
Go‘yo uning ovozini eshitishgandek, kalamushlar birdan jimib qolishdi.
– Ha-a, nega ovozlaring o‘chib qoldi? – deya gapida davom etdi Tamara xola. – Huvillab yotgan katalakda odam zotining urug‘i quridi, deb o‘ylaganmidilaring? Men borman hali, yashayapman! Faqat juda zerikayapman... yuragim siqilayapti... Ilgarilari zerikkan vaqtlarimda kitob o‘qirdim, ko‘chalarni aylanardim. Endi bo‘lsa bularning hech biriga hushim yo‘q. Eh, hozir...
Birdan Tamara xola o‘z ovozidan cho‘chib ketdi, hushini jamlashga urindi. Ammo endi yanada vahimali o‘y yuragiga tig‘dek qadaldi: “Nima balo, aqldan ozayapmanmi?..”
Tamara xola telba bo‘lib qolishdan qo‘rqardi. Shuning uchun ham o‘ylay-o‘ylay qayinsinglisi Diloraning uyiga borishga ahd qildi. “Agar ro‘yxo‘shlik berishsa butunlay ko‘chib o‘ta qolaman, – degan ilinji ham yo‘q emasdi. – Faqat uy haqida og‘iz ochishmasa bas!”
O’n bir kishidan iborat oila a’zolari kutilmagan mehmonni har qalay ochiq chehra bilan kutib olishdi. Ayniqsa Diloraning ikkita to‘ng‘ichidan tashqari yettita biri-biridan sho‘x, quvnoq bolalarining boshlari osmonga yetgandi. Xursandliklaridan bolalarning biri Tamara xolani tashqariga sudrasa, yana biri tizzasiga o‘tirvolib: “Ertak aytib bering, amma!” deya tiqilinch qilardi.
Tamara xola bir piyola choyini ham tinchgina icha olmayotganidan asabiylashayotgan bo‘lsa-da, zo‘r-bazo‘r o‘zini bosdi va bolalarni oqlashga urindi: “Anchadan buyon ko‘rmaganlari uchun bechoralar quvonib ketishyapti. Ikki-uch kundan keyin “puf, sassiq” bo‘lib qolaman. Ana undan keyin tayyor osh-nonni yeb-ichib, maza qilib yotaman, birovining men bilan ishi bo‘lmaydi!” deya o‘ziga taskin berdi.
Diloraning bo‘lsa parvoyi falak edi. Tamara xola bilan hol-ahvol so‘rashib, oldiga dasturxon yozdi-yu, keyin mehmonni butunlay unutgan kabi shumshayib o‘tirgan eri bilan allaqanday yer mojarosini hal qilishga kirishib ketdi.
– Men ko‘p bolaliman, yerni eng avval bizga berishingiz kerak, demadingizmi raisga? – deya siquvga olardi erini Dilora. – Biz turganda Musabekka o‘xshaganlarga yo‘l bo‘lsin! Bizdiyam bolalar bor-yo‘g‘i to‘rtta bo‘lganida o‘ynab-o‘ynab boqardik, yer-peri bilan ishimiz bo‘lmasdi!..
– Aytdim, hammasini xuddi sen aytganday qilib aytdim, – derdi ikki yuzi qip-qizarib ketgan tepakal er. – Quloq solmadi-da, nima qilay?
– Ertaga idoraga o‘zim boraman!
– Mayli, boraqol, – dedi er yengil tortgandek bo‘lib. – Avval-boshdanoq bu ish bilan o‘zing shug‘ullansang bo‘larkan. Men gapga no‘noqman, bilasan-ku.
– A-ha, qo‘lingizdan bir ish kelmasligini oxiri tan olarkansiz-ku, – Diloraning ovozi tantanali jarangladi. – Shuni avvalroq bo‘yningizga olganingizda bunchalik sarson bo‘lib yurmasdingiz!
Yuzi oftob tig‘ida qoraygan, bujmaygan, peshonasini qat-qat ajin qoplagan, ko‘krak qafasi yosh bolanikiday bir tutam bo‘lgan jikkakkina erining butunlay aksi o‘laroq Diloraning yuzi tirsillaydi, chertsang qon otiladiganday; yelkalari keng; har bir ko‘kragi handalakday, bilaklari kelisopday. Bir musht tushirsa ancha-muncha erkakni yer tishlatadigandek kuch va g‘ayratga ega bo‘lgan bu ayol tinmay mehnat qilishu pul topishdan boshqa narsani bilmaydiganlar toifasidan edi. Nima uchundir bu yerga kelganiga afsuslana boshlagan xola: “Yaxshiyam butunlay keldim, endi sizlar bilan yashayman deb aytib qo‘ymagan ekanman”, degan o‘yni xayolidan o‘tkazdi.
– Mana, siz yaxshi ko‘radigan kuyovingizning ahvoli, ko‘rib qo‘ying! – deb qoldi bir mahal Dilora Tamara xolaga qarab. – Qo‘lidan ketmon chopishu o‘t yulishdan boshqa ish kelmaydi. Birov bilan murosa qilishni bilmaydi. Boshqa erkaklarday o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib bo‘lsayam haqini ajratib ololmaydi. Qachon qarasangiz baloning o‘qiga meni ro‘para qiladi.
Tamara xola dabdurustdan nima deyishni bilmay qoldi. Dilora turmushga chiqqanidan buyon biror marta ham eridan yoki bolalaridan shikoyat qilmagandi-da.
– Nima gap o‘zi, tushunmayapman, – deb so‘radi Tamara xola shunchaki jim turmaslik uchun. – Qanaqa yer haqida gapirayapsizlar?
– Nega tushunmaysiz? – dedi Dilora hayron qolgandek bo‘lib. – Boyadan beri mojaro qilib yotibmiz-ku!
Qayinsinglisining gap ohangi Tamara xolaga og‘ir botdi. “Unga nima bo‘ldi? Boya yo‘q yerdagi gapni yoqamga yopishtirgandi: “...siz yaxshi ko‘rgan kuyovingiz!” deb. Men hech qachon bunday demaganman. Akasi yonimda bo‘lganida bunday muomala qilolmasdi...”
Tamara xola kipriklari pirpiragancha yerga boqdi.
Dilora nimanidir fahmladi chog‘i, birdan gap ohangini o‘zgartirdi:
– Bizda ko‘p bolali oilalarga yer berilayotgan ekan, – deya hijjalab tushuntira boshladi u. – Agar haqiqat degan narsa bo‘lsa, yer eng avval bizga berilishi kerak, to‘g‘rimi? Lekin kuyovingizning bo‘shangligidan og‘zimizdagi oshni oldirib o‘tiribmiz-da! Har doimgiday asli o‘zim aralashsam bo‘larkan. Ayol boshim bilan hadeb erkaklar bilan jiqillashaveramanmi, deb o‘ylabman-da...
– Idoraga yugurgan bir sen emas, – oraga gap qo‘shdi er. – Ana, Musabek bilan Egamberdining xotinlariniyam har kuni idoraning oldida ko‘raman. Hozir xotinlarning gapi o‘tadigan zamon bo‘lib qolgan. Burungi zamon bo‘lganida sen paranjingga o‘rani-ib uyda o‘tirarding. Ko‘cha-ko‘yda mana biz ko‘kragimizni kerib yurardik...
“Suyukli kuyov” yoqimsiz ishshaydi. Tamara xola beixtiyor burnini jiyirdi. “Erkak bo‘lmay o‘l, shu mahal topgan gapingni qara!” deya ichida ijirg‘anib qo‘ydi.
– Siznikiga o‘xshash ko‘krak bilan...
Dilora erini boplab chaqib olish qasdida oshkora mazax bilan gap boshlagan ham ediki, dasturxonning qoq o‘rtasiga bir poy kalish “shalop” etib tushdi.
Tamara xola seskanib ketib, jon holatda o‘zini orqaga tortdi. Zero, bu kiyilaverib abjag‘i chiqib ketgan, buning ustiga chang-tuproqqa, hattoki loyga belangan eski kalish edi.
Suyukli kuyov pinak buzmay o‘tiraverdi.
– He, urug‘ingga qirg‘in kelsin senlarning!
Dilora shunday deya qarg‘angancha kalishni dasturxondan oldi va yelkasi osha ortiga uloqtirdi.
Dahlizda shovqin-suron ko‘tarib o‘ynayotgan bolalardan biri hiring-hiring kulgan ko‘yi kelib kalishni olib ketdi.
Dilora hech narsa bo‘lmagandek Tamara xolaga yuzlandi.
– Agar sizlarnikiga o‘xshash... – deya ayol yana gapini davom ettirishga kirishgan ham ediki, dahlizdan birdan gursillagan ovoz, uning ketidan yosh bolaning xunukdan-xunuk, qo‘pol, arillagan yig‘i ovozi eshitildi.
Tamara xola bu safar qattiq cho‘chib tushdi, beixtiyor yoqasiga tuflab qo‘ydi. «Suyukli kuyov» esa oyoqlarini Tamara xola tomon bemalol uzatib, yonboshlab yotgan joyida choynakni siriqtirib piyolasiga choy quyardi.
Diloraning avzoyida ham hech qanday o‘zgarish sezilmadi. U eri uzatgan bo‘sh choynakni qo‘liga oldi va eshik tomonga qarab:
– Absamat, – deb qo‘ydi.
Ostonada sochlari to‘zg‘igan, xuddi zo‘r bir ish qilib qo‘yganidan mamnunday ko‘zlari o‘ynab turgan o‘n besh yoshlar chamasidagi o‘smir paydo bo‘ldi.
– Ma, ichidagi shamasini to‘kib tashla, keyin yaxshilab chayib tashlab, yangi choy damlab kel.
Burnini bir tortib olgan o‘smir zipillab kelib choynakni oldi va shunday shoshqin tarzda tashqariga chiqib ketdi.
Tamara xola hamon ang-tang, nafasini ichiga yutib o‘tirardi.
Dilora gapini boshidan boshladi:
– Agar sizlarnikiga o‘xshash shahar chekkasida bo‘l¬sayam bittagina “dom”im bo‘lganida bunchalik kuyib-yonmas¬dim...
Bo‘g‘riqqanidan Tamara xolaning yuzidan issig‘i chiqib ketdi. “Hech bo‘lmasa men o‘lganimcha shu haqda gapirmay tursang-chi, – deya xayolan qayinsinglisiga murojaat qildi u. – Keyin uy baribir o‘zingga qoladi-ku!”
– Mana, – degan do‘rillagan ovoz eshitildi. Diloraning o‘g‘li choynakni dasturxon chetiga qo‘ymoqda edi. – Gaz pasayib qolgan ekan, zo‘rg‘a qaynatdim.
– Ha, bo‘pti, bo‘pti, bir choynak choyingniyam minnat qilma, – jerkib berdi Dilora o‘g‘lini. – Endi to‘rtta kartishka bilan ikkita piyoz artib qo‘y.
– E, hadeb menga ish buyuraverasizmi? – to‘ng‘illadi yigitcha norozi bo‘lib. – Qizlaringizga ayting.
– O’lib qolmaysan, bor, dedim senga!
Afti burishib ketgan yigitcha bir nimalarni to‘ng‘illagancha xonadan chiqdi. Tamara xolaning nazarida u: “Oshxona-poshxonani yoqib yuborsam qutulamanmi?..” deganday bo‘ldi. Yanglishmasa, Dilora ham, uning eri ham bu gapni eshitishdi. Lekin ular pinak ham buzishmadi.
Tamara xolaning yuragi orqaga tortib ketdi. Yigitcha chindan ham jahl ustida oshxonani yoqib yuboradigandek bezovtalanib qoldi. “Bolalari bunchalik tartibsiz, bebosh ekanliklarini bilmagan ekanman, – o‘yladi Tamara xola. – Diloraning beg‘amligi-chi! Anov bola chindanam oshxonaga o‘t qo‘yib yuborsa nima bo‘ladi? Yo o‘g‘lining bunday qilmasligini bilarmikan? Lekin avzoyidan bola hech narsadan tap tortmaydiganga o‘xshaydi. Bunaqalar yoqsa yoqib ham yuboradi. Keyin o‘tirishadi... oloviga isini-ib...”
Bu manzarani tasavvur qilgan mehmonning eti junjikib ketdi.
– Piyolangizni uzating chalqayib yotavermasdan! – zarda bilan eriga qaradi Dilora.
– Ma, – piyolani uzatdi er. – Lekin choyni qaytarma. Ikkinchi choynakni qaytarmasdan quyish kerak.
Diloraning ko‘zlari g‘azabdan qisilib ketsa-da, erini mazaxlab gapirishga o‘zida kuch topa oldi:
– Xo‘p, eshon bova, xo‘p!
Juvon piyola tagidagi shama qoldig‘ini o‘zininig piyolasiga quydi. So‘ng choynakdan choy quyishga kirishgan mahal...
“G’irq” etganga o‘xshash ovoz eshitildiyu, choynak jo‘mragidan bir parcha loy otilib piyolaga tushdi.
– Voy, o‘lsin! Absamatingizning ishini qarang, – Dilora yoyilib kulgancha Tamara xolaga yuzlandi. – Choynakni loy bilan yuvib tozalamoqchi bo‘lgan shekilli. Erkak bolaning qilgan ishi shu-da.
Tamara xolaning endi rosmana jahli chiqdi. Bu axir mehmonga nisbatan hurmatsizlik emasmi? Nima, bu yerga u och qolganidan keliptimi? Hech qursa ona-bola daha¬naki janglarini mehmonga eshittirmasdan, oshxonada qilsayam bo‘lardi-ku. Ammo qarshisida o‘tirgan manavi “jigargo‘shalari” uni mehmon sifatida ko‘rishmayapti chog‘i...
Dilora o‘tirgan yerida yana eshik tomonga qarab baqirdi:
– Abtikarim, hov Abtikarim, ma, choynakni opket! Ichini yaxshilab chayib tashlab, yangi choy damlab kel, bolam!
Tamara xolaning miyasiga qon tepdi. Shartta o‘rnidan turib, qayinsinglisining qo‘lidan choynakni yulqib olgisi keldi. Biroq... Garchand jigarlari Tamara xolani qo‘noq sifatida ko‘rishmayotgan bo‘lsalar-da, birdan xolaning o‘zi mehmon ekanligini eslab qoldi. “Mehmon esa izzatini bilishi kerak!”. Xola tishini tishiga bosdi.
Yarim soatlardan so‘ng o‘sha chinni choynakni loy bilan yuvishni yaxshi ko‘radigan Absamat bug‘i chiqib turgan kattagina sopol laganni ko‘tarib kirib keldi. Taom oddiygina – qovurilgan kartoshka. Buning ustiga ozgina qaynagan suv ham qo‘shilganidan, kartoshkalari ezilgandek.
Hamon g‘azabi tarqamagan Tamara xola “Bungayam loy qo‘shilmaganikan?” degan xavotirda ovqatdan bir tatib qo‘yish bilan kifoyalanmoqchi edi, ammo og‘ziga bir luqma solganini biladi...
Ha, tan olish kerak, Tamara xola umri bino bo‘lib bunchalik xushxo‘r ovqat yemagandi! Yegan sayin yeging keladi. Bo‘lmasa na go‘sht bor unda, na dumba. Hattoki oddiygina zira ham yo‘q. Ammo... juda mazali...
– Yanga, men idoraga ketayapman, – deb qoldi Dilora ertalab. – Hozir bormasam, keyin raisni tutib bo‘lmaydi – dalaga ketib qoladi. Siz bolalarga bosh bo‘lib, ko‘nglingiz tortgan narsalarni yeb-ichib o‘tiravering.
– Tez qaytasizmi? – deb so‘radi Tamara xola shosha-pisha.
– Yarim soatda kelaman.
Tamara xola mijg‘ov kuyov ham Dilora bilan birga ketsa kerak, deb o‘ylagandi. Lekin uning hovlida tengsalib yurganini ko‘rib, ensasi qotdi. O’zicha qayin¬singlisidan xafa bo‘ldi: “O’zi bilan olib ketsa bo‘¬lardi. Endi unisi kelguncha bunisining betiga termulib o‘tiramanmi?”
Tamara xolaning asabi battar buzildi. Hali nonushta ham qilmagan bo‘lsa-da, arazlagan bola kabi katalakday xonadan chiqmay o‘tiraverdi.
Bir mahal eshik g‘iyqillab qiya ochildiyu, xonaga bo‘ylagan mijg‘ov kuyovning tirishgan yuzi ko‘rindi.
– Emasa men bir dalaga borib kelayin, – dedi u shu turishida, ichkariga kirishni, hech bo‘lmasa “Yaxshi yotib turdingizmi?” deb qo‘yishni xayoliga ham keltirmay. – Bir-ikki soat aylanib kelaman. Ish bo‘lmasa, tushlikka qaytaman.
– Mayli, bemalol, bemalol, – dedi Tamara xola shosha-pisha.
Eshik jur’atsizlik bilan yopildi.
Tamara xola chuqur xo‘rsindi. Qiziq, bu yerga kelganiga atigi bir kun bo‘ldiyu, shunga qaramasdan, o‘zining balki zerikarliroq, lekin xotirjam hayotini sog‘inayotganini his qildi. O’zi uchun aziz bo‘lib qolgan gullari, qimmatbaho vazalari ko‘ziga ko‘rinib ketdi. Uyidagi har bir buyum aziz va qadrdon... Har birining o‘zgacha tafti bor... Har qancha eslasa arziydi... Tunlari chiyillab, o‘zlarining borliklarini bildirib turadigan kalamushlarni ham esladi hatto...
“Bu yerda qiynalib qoladiganga o‘xshayman”, degan fikr Tamara xolaning miyasiga urildi. Ketgisi keldi. O’zini bu tarzda kutib olishlari mumkinligi xayoliga ham kelmagandi-da. Inson sifatida obro‘si bo‘lmasa hech qursa... o‘zidan keyin... shularga qoladigan uyning hurmati yo‘qmidi... Bir mushfiq bandani izzat etmoq uchun arzigulik mulk emasmi butun boshli uy deganlari?..
Qolaversa, qanchalik harakat qilmasin, baribir qayinsinglisining oddiy turmush tashvishlari qorishmasidangina iborat hayotini sira tushuna olmayotgandi, hazm qilolmayotgandi. Deylik, Diloraning o‘rnida bo‘lganida o‘zi bolalar tarbiyasiga ko‘proq e’tibor qaratardi. Darvoqe, tarbiyani eng avvalo... tepsa tebranmas eridan boshlardi. “Erkakmisan, o‘zingni haqiqiy erkakday tut! Ro‘zg‘orning og‘ir tomonini o‘z gardaningga ol!” degan bo‘lardi eriga. Bolalarini esa kechagiga o‘xshash qiliqlari uchun boplab adabini berib qo‘yardi...
Kimdir yelkasidan turtgandek bo‘ldi. Tamara xola ilkis bosh ko‘tardi. Ro‘parasida Diloraning besh yoshlardagi kenjatoyi Asadbek turardi.
– Nimadir dedingmi, o‘g‘lim? – mehribonlik bilan so‘radi Tamara xola.
– Qornim ochdi, amma, – g‘ingshidi bolakay.
– Hali nonushta qilmadinglarmi?
– Ayam bilan dadam dalaga ketishdi.
Tamara xola hayron bo‘ldi:
– Dalaga ketishsa ketishar, ammo avval sizlarning qorningizni to‘ydirmadimi?
– Ayam tez kelaman devdi.
Tamara xola soatiga qaradi.
– Tez kelishi shu bo‘lsa... Qani, yur-chi. – Tamara xola Asadbekning qo‘lidan tutib tashqariga yo‘l olarkan, jiyanchasini savolga tutdi: – Akalaring, opalaring maktabga ketishdimi?
– Ha.
– Yolg‘iz o‘zing qoldingmi? Sen bog‘chaga bormaysanmi?
– Yolg‘iz o‘zim qolganim yo‘q.
Tamara xola ayvonda ko‘ringan zahoti hovlida o‘ynab yurgan to‘rtta bola yugurib kelib uning atrofini o‘rab olishdi:
– Sut pishirib bering, amma!.. Sut... Kasha...
– Sut? Sutni qaerdan olaman? – dedi oshxonaga kirib, bu yerdagi tartibsizliklardan ta’bi xira bo‘lgan Tamara xola.
– Sutni sigirdan sog‘ib olasiz-da! Shuniyam bilmaysizmi? – dedi bolalardan biri.
Yuragiga o‘qdek qadalgan bu ta’na Tamara xolaning butun vujudini titratib yubordi. Asadbekdan kattaroq, chamasi sakkiz-to‘qqiz yoshlardagi bola ko‘ziga balodek ko‘rindi. Hozirdanoq tili shunchalik zahar bo‘lgan bu bola ulg‘ayganida Dilorani bir pulga olmay qo‘ymaydimi? Ko‘zlarini chaqchaytirishini-chi! Yo‘q, Dilora bularga um-muman tarbiya bermagan. Bolalarni dunyoga keltirgan, yedirgan-ichirgan, kiyintirgan, vassalom. Ibtidoiy jamoa davrida odamlar shunday yashashgan bo‘lsalar kerak. Tarbiya ko‘rmagan bolalardan mehr-oqibat kutib bo‘ladimi? Tavba, ming bor tavba!..
– Hech bo‘lmasa shakarchoy berarsiz!
Tamara xola yalt etib yana o‘sha tili yoshiga yarashmagan tarzda zaharga to‘la bolakayga qaradi. Qovog‘ini soldi. Xola bunday ochiq-oshkor hurmatsizlikni ko‘tarolmasdi. Bir qulog‘idan cho‘zib, bolakayning adabini berib qo‘ygisi ham keldi. Lekin o‘zini bosdi. Axir u bu xonadonda mehmon. Ha, mayli, bir kunga ho‘kiz o‘lmas...
– Qani, hammalaring so‘riga chiqinglar, – deya buyruq berdi Tamara xola bolalarga. – Sutni ayangiz kelganidan keyin ichasiz. Nega deganda men sigir sog‘ishni bilmayman. Lekin shakarchoy qilib bera olaman.
Bolalar gurillagancha so‘ri tomon yugurishdi.
Yarim soatda qaytaman, deb ketgan Diloradan choshgohda ham xabar bo‘lmadi. Vaqt tushlikka yaqinlashdi, ammo hamon undan darak yo‘q. Peshinga borib Tamara xola boshi og‘rib yotib qoldi. Ertalabdan buyon bolalarning qornini to‘ydirish tashvishlari, idish-tovoqlarni yig‘ib, yuvib-tozalash xolani ancha toliqtirib qo‘ygandi.
Baribir Diloradan darak bo‘lavermagach, Tamara xola uyga kirdiyu, o‘zini to‘shakka tashladi. U boshining lo‘qillab og‘riyotganiga chiday olmayotgandi.
Bir mahal kimdir peshonasini ohista silayotganday bo‘ldiyu, Tamara xola seskanib ko‘zlari ochdi.
– Sen...
– Boshingizning qaysi tomoni og‘riyapti? – deb so‘radi Asadbek mehribonlik bilan.
Tamara xola churq etmasdan unga tikilib qoldi.
– Agar boshingizning mana bu yeri og‘riyotgan bo‘lsa, dori ichsangiz ham ta’sir qilmaydi. Yaxshisi uxlaganingiz ma’qul, men uqalab o‘tiraman. – Bolakay jajji qo‘lchalari bilan ammasining boshini silay boshladi. – Agar mana bu yeringiz og‘riyotgan bo‘lsa, unda dori ichishingiz kerak. Ayam shunday qiladilar...
Tamara xolaning tili lol edi.
– Siz bemalol uxlayvering, men boshingizni uqalab o‘tiraman, – deya taklif qildi bolakay.
Tamara xola “mayli” deganday ko‘zlarini yumib-ochdi.
Birozdan keyin xola:
– Boshim endi og‘rimay qoldi, – dedi bolakayga. – Endi sen boraqol.
Darhaqiqat, Tamara xola ancha yengil tortgandi.
Biroq bolakay bosh chayqadi:
– O’ynagim kelmayapti. Yaxshisi, sizni pashshalardan qo‘rib o‘tiraman.
Tamara xolaning ko‘zlari g‘iltilladi.
“Nima bo‘lsa bo‘ldi, shu yerda qolaman! – degan qarorga keldi xola. – Uyimni Diloraning nomiga o‘tkazaman. Jon-jon deb turibdi, og‘zimdan chiqmasidan ko‘nadi...” Nihoyat u o‘z juratsizligi, qo‘rquv va injiqliklarini yengdi.
Biroq...
Afsuski, mazkur fikr ayni daqiqada qanchalik qat’iy va ishtibohsiz tuyulmasin, uning umri uzoq bo‘lmadi.
Zero, kechqurun shu xonadonda yuz bergan bir voqea Tamara xolaning esxonasini chiqarib yuborayozdi.
Diloraning o‘rtanchasi Abdukarim o‘zi bilan xat yozishib yurgan qizga sevgi izhor qilgani uchun Nurmat degan sinfdoshini urib, og‘zi-burnini qonga botiribdi. Bu ham kamlik qilganday, sevgi izhor qilgani uchun Nurmatni o‘sha qizning oldida tiz cho‘kdirib, urib-so‘kib bo‘lsa hamki kechirim so‘rashga majbur etibdi.
Bo‘ldi to‘polon...
Nurmat deganlarining onasi shallaqiroq, qo‘li yugurik xotinlardan ekan, bechora Dilorani yumdalab tashladi. Qo‘shnilar o‘rtaga tushibgina sho‘rlikni mehribon onaning temir changallaridan zo‘r-bazo‘r ajratib olishdi.
Bu yoqalashuvni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan Tamara xolaning hushi boshidan uchdi. Zero xola bunday taloto‘plarni, janjal-to‘polonlarni azaldan ko‘tara olmasdi. Bunday mojarolarni tomosha qilishga ham tayyor emas edi. Agar Diloraning o‘rnida bo‘lganida, boshiga shunday ko‘rguliklarni solgani uchun Abdukarimini hech qachon kechirmagan bo‘lardi. To‘g‘ri-da ona sho‘rlik bu bola degan jonivorni to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi, naq ajalga ro‘para kelib, chaqalog‘i bilan bir amallab bu dunyoga qaytadi. Keyin bir parcha etni ming qiyinchiligu azoblar ila voyaga yetkizsin-da... Oqibati esa mundoq bo‘lib tursa! Bunday hayotning, bunday yashashning nima qizig‘i bor? Farzandni umrning davomchisi, deyishadi. Yo‘q, xolaning nazarida, bu xato fikr, aslida farzand – ota-ona o‘la-yita ne-ne azoblarda bunyod qilgan merosga, mol-mulkka egalik qilib oluvchi tekintomoq!..
Dilora-ku, oddiy, o‘qimagan bir ayol, ko‘pchilikning bittasi. Lekin dunyoga dong‘i ketgan ne-ne ulug‘ zotlarning ba’zilari ham umrlarining so‘nggida farzandlaridan oqibat ko‘rmay o‘tganlari rost-ku! Mirzo Ulug‘bekday ham olim, ham podshohning umr shamchirog‘ini kim bevaqt so‘ndirdi? O’z pushtikamaridan bo‘lgan farzandi emasmi?
“Shunday ekan, g‘am-alamga na hojat, Tamara?! – deya o‘zini o‘zi ovuta boshladi xola. – Vaqt-soating bitguncha tinchgina yashab yuraver-chi. Azroil yo‘lda joningni oladimi, uyingga bostirib kirib keladimi – nima farqi bor? U yog‘ining tashvishini chekmay qo‘ya qol. Hammasi oppa-oson... Ko‘z ochib-yumguncha sodir bo‘ladi-qo‘yadi... Balki karavotingda, issiqqina to‘shagingda xotirjam yotib, oxirgi nafasingni chiqarasan, tamom-vassalom. Ojizgina “puf” etgan ovozni o‘zing ham eshitarsan, ehtimol? Shu bilan hammasidan qutulasan-qo‘yasan!..”
Fikrlari o‘ziga jo‘yali tuyuldi. Bu yerda qayin¬singlisining boshidagi g‘urbatga sherik bo‘lib, yuragi qonga to‘lib o‘tirganidan ko‘ra o‘zining issiqqina uyida tinchgina yashagani behroq emasmi? “Jigargo‘shalarim qurshovida rohat-farog‘atda yashayman, deb o‘ylab chuchvarani xom sanagan ekanman. Yaxshiyam Diloraga uyimni xatlab berib qo‘ymaganim. Aks holda hozir ham tayyor boshpanadan, ham osoyishta hayotimdan birday ayrilib qolarkanman...” Tamara xola uy masalasida ehtiyotkorlik qilgani uchun o‘ziga o‘zi ichida tahsin o‘qib qo‘ydi, o‘zidan mamnun bo‘ldi. Har doimgiday...
Ertasi kuni ertalabdan kechagi to‘polon, janjal-suronlarni mutlaqo esidan chiqarganday o‘g‘li bilan apoq-chapoq bo‘lib o‘tirgan Dilorani ko‘rgan Tamara xola hech narsaga tushuna olmay taajjublanib qoldi.
Dilora buni sezdi chog‘i, ichi sarg‘ayib ketgan piyolada choy uzatarkan:
– Hayron bo‘layapsizmi, yanga? – deya gap qotdi.
Tamara xola javob bermadi, chuqur xo‘rsinib qo‘ydi, xolos.
– Bizzi ko‘rgan kunimiz shu. E’tibor bermang, ko‘nikib ketasiz.
Yerga qarab olgan Tamara xolaga bu gap yoqmadi. “Meni butunlay keldi deb o‘ylayapti shekilli... g‘amxo‘rliging uchun rahmat, qayinsingiljon, lekin uying o‘zingga buyursin!” – degandek qoshlarini chimirib qo‘ydi. So‘ng qayinsinglisiga yuzlandi:
– Men endi uyimga ketaqolay. Shuncha mehmon bo‘ldim. Hammalaringni ko‘rdim, mehrlaringga to‘ydim, ancha ko‘nglim yozildi...
Tuz haqqi, xola samimiy gapirishga urindi, biroq ovozidagi ohang kayfiyatidagi o‘zgarishni fosh qilib qo‘ydi.
Dilora ham gapni cho‘zib o‘tirmadi.
– Qolmaysizmi yana bir-ikki kunga? – deb so‘ragan bo‘ldi, xolos. Buyam til uchida.
Tamara xola bosh chayqadi.
Tamara xolaning birdan-bir umidi Diloraning uyidangina iborat emasdi. Yana bir borar manzili bor edi. Bu uy xolaning o‘z singlisiniki edi. To‘g‘ri, singlisi hozir bu yorug‘ olamda yo‘q, umri qisqa ekan, o‘n sakkiz yil muqaddam vafot etgan, undan birgina yodgor bo‘lib Yasmina ismli qizaloq qolgandi. Shu qiz turmush qurib, yanglishmasa ikki-uchta farzandli bo‘lib, ota-onasining chirog‘ini yoqib o‘tiribdi. Lekin Tamara xola yakkayu yolg‘iz jiyanining oldiga bosh egib borolmaydi. Rahmatli sing¬lisi tiriklik paytlaridayoq oralaridan ola mushuk o‘tgan. Asli shu Yasmina sabab opa-singil qattiq urishib qolishgandi.
O’sha vaqtlarda Yasmina sakkiz-to‘qqiz yoshlarda edi. Qizaloq ta’til kunlarini Tamara xolanikida o‘tkazardi. Yolg‘iz qiz bo‘lishiga qaramasdan juda odobli, kamtarin edi.
Bir kuni shu Yasmina Tamara xolaning vazasini bexos qo‘lidan tushirib yuborib, sindirib qo‘ydi. Tamara xolaning jon-poni chiqib ketdi, axir vaza juda ham qimmatbaho edi. Er-xotin naq ikki yil pul yig‘ib sotib olishgandi-da; shunday bebaho narsa chil-chil bo‘lib, yerda sochilib yotsa, har qanday odamgayam alam qiladi, axir; endi uni butlab bo‘lmasa!..
Xullas, Tamara xola avvaliga qizni rosa urishdi, keyin bu kamlik qilganday qo‘lidagi pashsha o‘ldiradigan bilan Yasminaning yelkasiga tushirdi. Bir emas, bir necha marta urdi. Pashsha o‘ldiradigan oddiy quruq shoxga shapaloqday rezina o‘rnatilgan oddiygina matoh edi. Ammo qizchaning terisi yupqa ekanmi, kaltak tekkan joylari birpasda qorayib-ko‘karib ketibdi.
Voqeadan xabar topib, qizining yelkasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan singil shosha-pisha Yasminani o‘z uyiga olib ketarkan, bir gap aytdiki, Tamara xolaning hech esidan chiqmaydigan gap bo‘ldi:
– Vaza shunchalik azizmidi, opa?! O’zingiz tug‘ib qo‘ymagandan keyin bolaning qadrini bitta chinnidan ham past qo‘yasiz-da!..
Miyasiga qon tepgan Tamara xola jon achchig‘ida baqirib yubordi:
– Qizing sen uchun qanchalik aziz bo‘lsa, vazam ham men uchun shunchalik aziz!
Singlisi birdan joyida taqqa to‘xtadi, bir necha daqiqa opasiga tikilib turdi-da, nogoh:
– Mayli, vazangiz bilan... – aftidan, singil “qo‘shmozor bo‘ling” demoqchi edi, ammo so‘nggi soniyada o‘zini tiyib qoldi va boshqacharoq so‘zlarni ishlatdi: – vazangiz bilan omon bo‘ling.
Shu bilan qizchasini yetaklagan singil chiqdi-ketdi.
Shundan keyin opa-singil o‘rtasidagi rishtalar uzildi hisob. Tamara xola singlisining: “O’zingiz tug‘ib qo‘ymagandan keyin...” degan pisandasini kechirolmadi, natijada opa-singil yuzko‘rmas bo‘lib ketishdi.
“Bitta vazani bolamdan ortiq ko‘rdi”, deya singlisi astoydil xafa bo‘lganini Tamara xola sezdi, lekin jigariga yon bergisi kelmadi: “Men xafa bo‘lish o‘rniga nega u arazlaydi? Axir, singlim farzandiga qanchalik bog‘lanib qolgan bo‘lsa men ham o‘sha zormanda vazaga, umuman bu uyga, uydagi narsalarga shunchalik bog‘lanib qolganimni, ko‘ngil qo‘yganimni, o‘zimni shular bilan ovutishimni nahotki tushunmasa?.. Birovlar bolasi o‘lganida yig‘laydi. Men esa vazalarim singanida yoki gullarim quriganida yig‘layman...” qabilidagi o‘ylar esa Tamara xolaning singlisi oldida aybdor ekanligini tan olishiga monelik qilardi. Ha, haqiqatan ham o‘sha vaza va uyini to‘ldirib turgan o‘sha vazaga o‘xshagan buyumlar Tamara xola uchun qanchalar aziz va qadrdon edi. Bolasi borlar, farzandini bag‘riga bosganlarida, Tamara xola o‘sha qadrli buyumlarini bag‘riga bosardi, yashnab turgan gullariga qarab ko‘zi quvnardi. Yaxshi hamki bu dunyo faqat odamlardan iborat emas. Odamlar bilan birga gullar va har xil buyumlar ham yaralgan ekanki, bular bejiz emas. Chuqurroq o‘ylab, o‘zing ko‘rib turgan olamga hushyor nazar solsang, hamma mavjudot bir-biri bilan chatishib ketgan sabablar silsilasi ekanligini ilg‘aysan. Axir gullar va vazalar bo‘lmaganida Tamara xolaga o‘xshaganlar o‘zlarini qanday ovutishardi? Ammo baribir nimadir jumboqligicha qolyapti... tushunish qiyin... Avvallari Tamara xola o‘z qismatini o‘ylab, ko‘nglida ko‘p bor norozilik tuyardi. Menga o‘xshagan kimsalar nima uchun dunyoga kelgan, deb o‘ylab. Umrining oxirigacha dunyodan kuyib-yonib o‘tish uchunmi, degan o‘y tinchlik bermasdi. Endi yoshi bir yerga yetganida mundoq o‘ylab ko‘rsa, bu ham bejiz emasga o‘xshaydi. Bunda ham bir hikmat mavjud shekilli. Faqat Tamara xola buni anglay olmayapti va hali ham tushunmayapti...
O’shanda singlisi ham uni kechira olmadi. Hatto o‘limi oldidan ham bir bor yo‘qlamadi. Ota-onalarining arvohlari haqqi, Tamara xola singlisini shuncha yosh o‘lib ketadi, deb sira o‘ylamagandi. “Vaqti kelib meni tushunadi, noo‘rin xafa bo‘lgani uchun bir kuni kelib o‘zi kechirim so‘raydi hali”, degan xomxayollar og‘ushida o‘sha kun kelishini kutib yashab yuravergan ekan. Bevaqt ajal “lop” etib o‘rtadan chiqdiyu, boyoqish singlisini “borsa kelmas” tomonlarga oldi-ketdi.
O’lim xabarini kech olgan Tamara xola singlisining “etti”siga uchib yetib bordi. Ko‘ngil tubida bir dunyo rejalar bilan!.. Qanaqa rejalar deysizmi? Qanaqa bo‘lardi, yetim qolgan jiyanining boshini bir mehribon qo‘l silashi kerak-ku. Yolg‘iz qolgan sho‘rlik yetimchaga kimdir panoh bo‘lishi kerak-ku! Yasminani o‘ziga qiz qilib olsa bormi! Barcha rasmiyatchiliklariyu rasm-rusumlari bilan. Xo‘sh, qizni qanday qilib o‘ziga og‘dirib olsa bo‘larkan?
O’shanda azaxonaga ko‘zda yosh bilan “Voy jigarim”lab bo‘zlab kirib kelayotgan Tamara xola qarama-qarshi o‘ylar girdobida qolganidan bir narsaga hayron bo‘lgan, aniqrog‘i o‘zini o‘zi tushuna olmayotgan edi: “Bu yerga nima uchun kelyapman? Bevaqt olamdan o‘tgan jigarimni yo‘qlab, yodga olish uchunmi yoki xudbinlik bilan tuzgan rejalarimni amalga oshirish uchunmi?”
Biroq Tamara xolaning o‘ylagani bo‘lmadi. “...qarovsiz qoldi”, “...etimcha bo‘lib qoldi” deb o‘ylagani Yasmina allaqachon turmushga chiqqan, bir bolaning onasi bo‘lgan, ikkinchisini qornida ko‘tarib yurgan juvonga aylangan ekan. Tez-tez Yasminaning oldiga kirib, undan hol-ahvol so‘rab turgan istarasi issiq yigitni ko‘rgan Tamara xola hammasini tushundi. “Vaqtning shuvillab o‘tishini!” deya pichirladi beixtiyor. Ayni chog‘da o‘zining bu yerda ortiqcha ekanligini his etdi. Shunday bo‘lsa-da, singlisining ruhi poki hurmati uch-to‘rt kun qolib, is-chiroqlarini o‘tkazib turishlariga bosh-qosh bo‘lishni ko‘ngliga tugdi. Axir singlisi bilan rozi-rizolik so‘rasha olmadi, so‘nggi daqiqalarda tepasida turib, jigarining og‘ziga bir tomchi suv tomizishga ham yaramadi; sho‘rlik singlisi hech kimi yo‘qday o‘ldi-ketdi; jillaqursa ma’rakalari o‘tguncha odamlarning ko‘ziga ko‘rinib turgani durust. Lekin...
Tamara xola bir so‘z demasdan, hattoki ko‘z yoshi ham to‘kmasdan, butun vujudi ko‘zga aylanganday o‘ziga tikilib turgan Yasminaning nigohidagi nafrat pichoqlariga duch kelganida yugurib ketayotgan chog‘ida birdan tosh devorga urilib, yerparchin bo‘lganday his etdi o‘zini. Ha, Yasminaning nigohida bir olam gina, ta’na, qayg‘u va alam bor edi!
Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, Tamara xola singlisi ham, yakkayu yolg‘iz jiyani ham o‘sha vaza voqeasini unutmaganliklarini his etdi...
Xayrlashuv chog‘ida Yasmina bir og‘iz gap aytdi:
– O’shanda oyim o‘zining tuzalmas dardga chalinganini bilardi. Shuning uchun ham meni sizga qiz qilib berish uchun olib borgandi...
– Eh! O’z uyim, o‘lan to‘shagim!
Tamara xola qo‘sh qulfli temir eshikni ochib, ichkariga kirarkan, beixtiyor shu so‘zlarni ovoz chiqarib aytib yubordi.
Xola o‘z uyini sog‘ingan edi. Namxush va ozgina rutubat aralashgan dim havodan to‘yib nafas oldi. Har bir qarichi, har bir chizig‘iga qadar qadrdon bo‘lib qolgan devorlarni siladi. Yasmina sindirib qo‘ygan vaza o‘rniga olingan billur vazani mehr bilan ko‘ksiga bosdi. Deraza oldini qoplab, quyosh nurlarini o‘tkazmay qo‘ygan gullarining yaproqlariga yuzini tekizib pichirladi:
– Mensiz zerikib qolmadinglarmi?.. Men esam sizlarni shunday qo‘msadimki!.. Sizlar bo‘lmaganingizda men nima qilardim? Men o‘yladim, juda ko‘p o‘yladim, oxiri bir qarorga keldim: menga jigarlarimdan ko‘ra sizlar yaqinroq ekansizlar!
Tamara xola ko‘z yoshlari yuvayotgan yuzini gul yaproqlariga bosib, anchadan buyon yig‘lay olmay yurgan odamdek o‘ksib-o‘ksib, uzoq yig‘ladi.
Shu kundan boshlab Tamara xola yana yolg‘iz yashay boshladi. U faqat zarurat yuzasidangina ko‘chaga chiqar, boshqa paytlari tiriklayin ko‘milgandek uyiga qamalib olardi. Ertalablari ham uyqudan uyg‘ongan zahoti o‘rnidan turmasdi, to qorni ochib, oshqozoni bezovta qilmaguncha to‘shagida yotib televizor ko‘radi, keyin yuz-qo‘lini chayib, nonushta qiladi-da, uyni yig‘ishtirishga tushadi. Harakat qilgani yaxshi-da. Tushlikka esa o‘zi uchun albatta birorta xushxo‘r, mazali taom tayyorlaydi. Tamara xola azaldan kuchli ovqatni tushlikda tanovul qiladi. Kechlikka esa yengilroq hazmi taom bilan qanoatlanib qo‘ya qoladi. “O’zimni o‘zim parvarish qilishim kerak, shunda ko‘p yashayman bu dunyoda!” degan bir o‘y miyasiga o‘rnashib qolgandi.
Nafsilambrini aytganda, Tamara xola iloji boricha beg‘am, betashvish, xotirjam hayot kechirishga urinardi. Nafaqasidan esa barcha xarajatlarini qoplaganidan tashqari yoniga uch-to‘rt so‘m qolardi ham. Uzoq umr ko‘rish uchun nima kerak? Tinch, sokin, betashvish hayot – uzoq umr garovi! Hali ko‘ramiz, o‘sha bolajon Dilora ham, qahri qattiq Yasmina ham bola-chaqa tashvishi bilan adoyi tamom bo‘lishadi. Ellikka kirmasdan o‘tin bo‘lib qarib-chirishadi yo bo‘lmasa biror og‘ir dardga chalinib, bevaqt bu dunyodan o‘tib ketishadi. Axir Diloraning ahvolini, qanday yashayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi-ku. Bunday hayot esa har qanday odamning asabini yemiradi, yuragini ishdan chiqaradi, oqibatda... Boshlari devorga tekkanidan keyin haqiqiy hayot faqat bola-chaqa orttirishu ularning tashvishi bilan yashashdangina iborat emasligini tushunishadi. Ehtimol shunda ko‘zlari “yarq” etib ochilib, Tamara xolaga havas qilib qolishar!
Tamara xola o‘zining hech kimnikiga o‘xshamaydigan turmush tarziga shu qadar o‘rganib qolgandiki, taftish qilgani sayin uning huzurbaxsh qirralarini topayotgandek huzur qilardi. O’zining hammadan ko‘p va uzoq yashashiga esa yuz foiz ishonardi. “Siz qanday yashash lozimligini bilmadingiz, chol, – deya xayolan murojaat qilardi har kech Ulfat akaning devorda osig‘liq suratiga qarab. – O’z umringizga o‘zingiz zomin bo‘ldingiz. Hamma narsani yurakka yaqin olmasligingiz kerak edi. Mana ko‘rasiz, men yana kamida ellik-oltmish yil yashayman. Yangi asrning o‘rtalariga borib ham bu dunyoda yurgan bo‘laman! Bu vaqtda Diloraga o‘xshaganlar ko‘karib chiqqan bo‘lishadi! Ha-ha-ha...”
Tamara xola kulgusi kelmasa ham kulishga, kayfiyatini ko‘tarishga urinardi. Faqat yaxshi narsalar haqida o‘ylab, asablarini asrardi. Bir kuni televizorda “Olt¬mish yoshdan oshganlar uchun...” degan yangi ko‘rsatuvni ko‘rib qoldi-da, shu tomoshaning ashaddiy muxlisiga, jinnisiga aylandi. Bir qarashdayoq kayvonisifat bo‘lib qolgani sezilib tursa-da, o‘ttiz yoshlilar bilan bellashaman degandek sochlari kalta kesilgan, qosh-ko‘zlari bo‘yalgan, yoqasi ochiq kofta kiygan boshlovchi xonimning og‘zidan chiqqan har bir so‘zni qulog‘iga quyib olar, hatto uning “mimika”larini ham eslab qolishga urinar, berilgan topshiriq va mas¬lahatlarni esa kun davomida erinmasdan, bittasini ham qoldirmasdan qunt bilan bajarardi. Ko‘rsatuvning oltmish yoshdan oshganlarga emas, aslida yolg‘iz yashayotganlarga mo‘ljallanganini boshlovchining topshiriq va talablaridan ilg‘ab olish qiyin emasdi. Balki boshlovchi xonim va uning atrofidagilar insof, shafqat yuzasidan ko‘rsatuvni atay boshqacha nomlaganlar chog‘i.
Shu ko‘rsatuv bois Tamara xola qorni ochguncha o‘rnidan yotib televizor ko‘rmaydigan bo‘ldi, uyqudan vaqtli uyg‘onib, tong havosidan nafas olish uchun yo ko‘chaga, yo jimitday balkonga chiqar, so‘ng xonasiga qaytib kirasola yigirma tomchi limon sharbati tomizilgan qaynagan suvdan ichardi. Yarim soatdan keyin esa bitta olma yoki nok – nok foydaliroq ekan – tanovul qilar, oradan roppa-rosa oltmish daqiqani o‘tkazibgina nonushtaga o‘tirardi. Darvoqe, ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan olimu fuzalolarning so‘zlariga qaraganda, ertalab vaqtliroq uyg‘ongan ma’qul ekan. To‘shakda qancha ko‘p va uzoq yotilsa, odam organizmidagi hayotga, yashashga bo‘lgan ishtiyoq so‘nib boraverarkan. Faoliyatsizlik hatto erlik suvini ham aynitar ekan. Harakat, harakat va yana harakat!
Avvallari uyga qamalib olib, tashqariga kamdan-kam chiqadigan Tamara xola bora-bora deyarli har kuni saharda uyqudan uyg‘ongan zahoti ko‘chaga bir chiqib keladigan bo‘ldi. Xola yorishib kelayotgan tongni odatda maktab hovlisida qarshi oladi. Toza, beg‘ubor havodan ko‘ksini to‘ldirib, chuqur-chuqur nafas oladi. Havo o‘pkaga mo‘l-ko‘l va yaxshiroq yetib borishi uchun chuqurroq nafas olish kerak ekan-da...
Xullas, vaqtni zerikishsiz va siqilishlarsiz o‘tkazish uchun Tamara xolaga yaxshigina ermak topilgandi.
Biroq...
Quyosh ufq ortiga o‘tishi bilan deraza ortida pusib turgan jodugarday ichkariga otilib kirib oladigan, atrof qorong‘ulashgani sayin yuragini battarroq siqib, tors yorib yuboradiganday ezadigan, zalvorli qayg‘u-hasratga qorishiq sukunatdan qochib qutulishning yoki uni alahsitishning sira-sira iloji yo‘q edi.
Bunday kezlarda hattoki “oynai jahon” ham yordam berolmasdi. Yashnab turgan gullaru antiqa vaza ham jonga oro kira olmasdi. Tamara xola kim bo‘lishidan qat’iy nazar bironta tirik jon bilan yarim soatgina gurunglashishni, dardlashishni istab qoladi. Shunday kezlarda agar eshik qoqqan kimsa qo‘li qonga belangan qotil bo‘lsayam xola hech ikkilanmasdan unga peshvoz chiqqan bo‘lardi.
Kechki soat sakkizdan keyin “dom”da “tiq” etgan tovush eshitilmay qoladi ko‘pincha. Faqat haligi, ishdan-o‘qishdan bemahalda qaytuvchilargina odatdagiday zina pillapoyalaridan oyoq uchida, tovush chiqarmaslikka harakat qilib o‘tib ketayotganliklari onda-sonda eshitilib qolardi. Birinchi qavatda yashamaydimi, xola barisini bilib o‘tiradi...
Ha, bu kishilar haqiqatan ham juda baodob kishilar. Ammo keyingi paytlari bu narsa Tamara xolaning g‘ashini keltiradigan bo‘lib qoldi.
– Bunchalik boodob bo‘lishmasa?! – deb qo‘yardi xola o‘ziga o‘zi ovoz chiqarib gapirgancha. – Bunchalikka borish shartmidi... Eshitib o‘tiray desang, bittayam tovush yo‘q...
Shunday daqiqalarda Tamara xola allaqanday o‘kinch va armon bilan xo‘rsinib qo‘yardi...
Bora-bora Tamara xola kechalari o‘zini atrofi beton to‘siqlar bilan o‘ralgan qabrda yashayotgandek his etadigan bo‘lib qoldi. Kunduz kunlarinki-ku, ancha yengil o‘tkazardi. Ammo... Zim-ziyo qorong‘ulik va sukunat. Sukunat va zim-ziyo qorong‘ulik. Qabrdan nima farqi bor? Faqat tun yarmidan oqqandan keyingina bu yerning o‘liklar maskani emasligini isbotlamoqchi bo‘lganday kalamushlar chiyillab ovoz chiqarib qo‘yishadi. Ular allaqaerdan tirqish topishgan shekilli, keyingi vaqtlari yarim tundan keyin Tamara xolanikiga mehmonga keladigan bo‘lib qolishdi. To‘kilgan osh-ovqat, qotgan non, non uvoqlarini yeb bitirgach, darhol ko‘zdan g‘oyib bo‘lishadi.
Bir gal... bitta kalamush Tamara xolaning karavotiga chiqib, oyoq panjalarini hidlab ko‘rdi, lekin tishlarini botira olmadi, chunki beka joyida sal qimirlab qo‘ydi. Shu-shu, insofli jonivorlar yarim kechadan keyin uyni o‘zlariniki qilib olishsa-da, Tamara xolaning o‘zini bezovta qilishmasdi.
Ajab... asta-sekinlik bilan beka kalamushlarga o‘rgana boshladi. Hatto “mehmonlar” kelishlaridan sal avvalroq tunchiroqni ham yoqib qo‘yadigan bo‘ldi. Buning ikkita sababi borday edi. Birinchidan, kalamushlar xonaga kirib kelganlaridan keyin chiroq yoqilsa bu beozor jonivorlar nimagadir tumtaraqay qochib qolishadi; ikkinchidan, har qanday o‘tkir ko‘zli odam ham qorong‘ilikda timirskilanib yurgan mitti jonivorlarni sanay olmaydi. Chiroq yordamida xola chaqirilmagan mehmonlarni erinmay sanab chiqardi. Holbuki, ular bor-yo‘g‘i to‘rttagina edi. “Bular bir oila bo‘lsa kerak, – deb o‘ylardi yostig‘iga iyagini tirab yotgan xola jonivorlarni kuzatarkan. – Anavi katta, qorasi ota; manavi kichikrog‘i, ozg‘inrog‘i ona kalamush bo‘lsa kerak. Urg‘ochisi kul rang bo‘larmikan bularning?.. Anavi jajjilari bolalari bo‘lsa kerak. Voy ularning shirintoyligini...” Birining rangi qop-qora, demak o‘g‘il bola; ikkinchisining yungi kul rang, bunisi onasiga tortgan, demak qiz bola... Hamma jonzotning ham bolasi yoqimtoy tuyularkan-da...”
Tamara xola uyni o‘zlariniki qilib olgan kalamushlarni kuzatib yotgan ko‘yi uxlab qolganini sezmasdi. Ertalab uyg‘onganida esa uy yana kimsasiz va jim-jit bo‘lsa-da, quyosh nurlariga g‘arq bo‘ladi.
Tamara xola endi ataylabdan non uvoqlarini polga to‘kib qo‘yadigan bo‘ldi. “Bechoralar yegulik qidirib ovora bo‘lib yurishmasin...”
Bir oqshom kalamushlarni kuta-kuta endi ko‘zi ilingan Tamara xola cho‘chib uyg‘onib ketdi. Bekaning nazarida, kimdir xona burchagidan unga qattiq tikilib turganday edi. Xola shu tomonga qaradi. Darhaqiqat, ikki qadam narida kulrang kalamush turardi. Ona kalamush mitti ko‘zlarini yiltiratgancha uy bekasiga tik qarab turardi. Undan nariroqda bola kalamushlar timirskilanib yurishardi. Negadir katta qora kalamush ko‘rinmasdi.
– Ha, jonivor, bolalaringning qornini to‘ydirish uchun keldingmi? – dedi Tamara xola ovoz chiqarib. – Ering ko‘rinmaydi. Qayoqqa ketdi? Bu yerdan durustroq, yog‘liroq joy qidirib ketmadimi, ishqilib? Agar shunday bo‘lsa, xafa bo‘laman. Eringga ayt, har doimgiday shu yerga kelaversin. Bu yerda senlarni hech kim haydab solmaydi. Hech kim qopqon qo‘yib poylamaydi. Yemishning tagi mo‘l, xavotir olma. Gaplarimni tushundingmi? Endi boraqol.
Kulrang kalamush qop-qora ko‘zlarini yiltiratgancha yana bir fursat Tamara xolaga tikilib turdi-da, so‘ng bolalari yoniga yugurib ketdi.
Bekaning yuziga tabassum yugurdi. Kalamushning ortidan qarab qolarkan, mamnun tarzda:
– Gaplarimni tushunding-a, jonivor, – deb qo‘ydi.
Ertasi oqshom Tamara xola non uvoqlariyu qolgan-qutgan yeguliklardan mo‘lroq sochib qo‘ydi.
Tunda kulrang kalamush yana bolalarini ergashtirib keldi. Qora kalamush bu safar ham ko‘rinmadi.
– Ering yana kelmadimi? – so‘radi xola xonada g‘ivirlab yurgan jonivordan. – Kasal-pasal bo‘lib qolmadimi, ishqilib? Yo... o‘lib qoldimi, nima balo?! Yo‘g‘-e, omondir. Hirsday baquvvat edi... Ha-a, endi bildim, urishib qolgan bo‘lsalaring kerak. Shunaqami?
Kulrang kalamush Tamara xolaning ovozi eshitilgan zahoti g‘ivirlashni bas qilib, tek qotgancha turish-turmushi bo‘zlayotgan boyqushni eslatuvchi bedor kampirga tikilib qolgandi.
– Sizlar ham urishib turasizlarmi? – savol berishini qo‘ymasdi xola. – Mushuklarning, itlarning olishuvlarini ko‘p ko‘rganman. Lekin kalamushlarga e’tibor bermagan ekanman. Sizlarniki dahanaki bo‘lsa kerak-da. Birov bilib, birov bilmay qoladigan...
Kulrang qalamush yugurgilab keldi-da, karavotga bir qadam qolganda taqqa to‘xtadi.
– Sening darding ham ko‘pga o‘xshaydi, – og‘ir so‘lish oldi Tamara xola. – Erdan kuyganmisan yo bolalaringdan ro‘shnolik ko‘rmadingmi? Lekin bolalaring hali kichkina ekan, hozir ularning ziyoni tegmaydi, eng shirin bo‘lgan paytlari hozir. Menimcha, erdan kuygansan-ov. U betavfiq dangasaroqqa o‘xshagandi. Bir ko‘rindiyu, qochib qoldi-da yaramas!.. Ha, mayli, ko‘p kuyinma, jonivor, baxtingga bolalaring bor ekan. Sen mendan ko‘ra baxtliroq ekansan! Senga havasim keladi, jonivor...
Tamara xolaning mijjalari namlandi...
Kunlar shu zaylda o‘tib borardi. Kalamushlar avvaliga hadiksirab, qo‘rqa-pisa harakat qilishgan bo‘lsa, keyinroq o‘zlarini juda bemalol tutadigan, bobolaridan meros omborxonada yurganday uy ichida bemalol izg‘ib yuradigan bo‘lishdi. Tamara xola saxiylik bilan ularni mehmon qilishda davom etaverdi.
Aytgancha, Tamara xola qora kalamush bilan til topishib oldi. Uch-to‘rt kun ko‘rinmay qolgan qora kalamush yana oilasiga bosh bo‘lib, tunlari qadam ranjida qiladigan bo‘ldi. Buni ko‘rgan xolaning ko‘ngli ancha xotirjam tortdi.
– Birdan yo‘qolib qolganingdan xavotir olayotgandim. Har qalay omon ekansan, shunisiga xursandman. Nega ko‘rinmay qolding o‘zi? Qopqonga tushib qolmadingmi, ishqilib? – deya savol ketidan savol yog‘dirardi beka. – Turishingga qaraganda qopqonga tushganga o‘xshamaysan. Menimcha, sen bu yerdan tuzukroq joy qidirgansan, shundaymi? Topolmaganingdan keyin yana pusibgina kirib kelding. Shunaqa bo‘ladi o‘zi. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q-da. Aslida seni kechirmasligim kerak edi. Lekin mayli, gunohingdan o‘tdim, bolalaring bor ekan, rizqingni terib yuraver. Lekin shuni bilib qo‘yki, marhamat va saxovat bor joyda jazo ham bo‘ladi. Hamma narsa o‘z joyini topmaguncha tinmaydi. Mana, men har qalay yomon yashamadim. Diloraga qaraganda, rohat-farog‘atda yashadim. Ammo...
Tamara xola kulrang kalamush bilan qanday suhbat qurgan bo‘lsa, qora kalamush bilan ham shu taxlit so‘zlashardi. Biroq “oila sohibi” anchayin sur va ochko‘z shekilli, faqat qornini to‘ydirish, yemishning kattaroq bo‘lagini tashmalab ketish bilan andarmon bo‘lganidan yon-veriga qarab qo‘yishni ham unutardi, bekaning so‘zlariga esa mutlaqo parvo qilmasdi.
Tamara xola esa gapirishda davom etaveradi:
– Ammo oxirida qanchalar qiynalayotganim faqat o‘zimga ayon. Sutkaning deyarli yigirma to‘rt soatida faqat o‘zing bilan bo‘lish... Telefon jiringlab qolishidan umidvor bo‘lish... Eshikka tikilish... Odamlar bu uyda odam emas, tirik haykal yashaydi, deb o‘ylashsa kerak. Mayli, bo‘lganicha bo‘ldi. Endi afsus-nadomatga hojat yo‘q. Men rahmatli erim kabi oxirda ko‘z yosh to‘kmayman. Baribir dunyoning oxiri yo‘qlik. Hayotdan rozimisan yoki norozi, baribir azal-oqibat ko‘ngil qo‘yganing bu dunyodan bir kunmas bir kun yo‘qlik sari yo‘l olasan. Hamma jonliyu jonsiz fursat yetgan damda tuproqqa qorishadi. Men o‘lganimdan keyin anavi gullarim ham quriydi. Vazalar ham bir sabab bilan chil-chil bo‘ladi. Oqibat bu xonada hech narsa qolmaydi. Hammasi kunpayakun bo‘ladi. Hatto sizlar ham qolmaysizlar. Bir baloga giriftor bo‘lasizlar. Lekin undan avvalroq mening murdamni xomtalash qilasanlar. Mana, ko‘rdingmi, men hammasini bilaman, Hech narsani unutganim va nazardan qochirganim yo‘q. Ha, rost, men yanglish yashamadim...
Ko‘p o‘tmasdan kulrang kalamush to‘satdan ko‘rinmay qoldi. Keyingi kunlari uning qorni qappayganidan, yurishi og‘irlashib, lapanglab qolganidan Tamara xola allaqanday tusmollarga borgancha, kun sanab yurgandi. Shu amalga oshgan chog‘i...
Ittifoqo ajoyib oqshomlarning birida uy shu qadar gavjum bo‘lib ketdiki, Tamara xola avvaliga hayratlandi, keyin quvonganidan yosh boladay chapak chalib yubordi: bir dunyo qora-qura kalamushchalar oyoqlari ostida uyoqdan-buyoqqa yugurgilab yurishardi. Yungi to‘zg‘ib, jimitday qop-qora ko‘zlari kirtayib qolgan kulrang kalamush ro‘parasida paydo bo‘lganida esa eski tanishini ko‘rganday Tamara xolaning yuragi hapriqib ketdi.
– Ha, jonivor, eson-omon qutulib oldingmi? – darrov kalamushdan hol-ahvol so‘rashga o‘tdi xola. – Qiynalmadingmi? Har qalay, birinchi marta tug‘ishing emas-ku. Bip-binoyiday eplagandirsan. Rang-ro‘ying ham durustgina, faqatgina sal ozib qopsan-da. Lekin... bolalaring buncha ko‘p? Ularni qanday qilib boqasan? Axir shuncha bolani katta qilishning o‘zi bo‘ladimi? Meni vahima bosib ketayapti-yu, sening beg‘am yurishingni qara!..
Haqiqatan ham kulrang kalamush avvalgiga qaraganda anchayin tolg‘in, harakatlari sust ko‘rinsa-da, qarashlari xotirjam va sokin edi.
– O’zing kichkina bo‘lsang ham yuraging katta ekan, – deya gapini davom ettirdi Tamara xola. – Menga yoqib qolding, shuning uchun senga yordam bermoqchiman. Tong otsa bozorga chiqib, senlar uchun atay don-dun sotib olaman. Ovqat qoldiqlari, non uvoqlari endi senlarga urvoq ham bo‘lmaydiganga o‘xshaydi...
Chindan ham Tamara xola shu kuni atay bozorga borib, olib kelgan don-dunning bir qismini uyining uer-buerlariga sochib qo‘ydi. Xola bu ishni allaqanday zavq va ishtiyoq bilan bajardi. Oqshom mahal esa kalamush va kalamushchalarning talashib-tortishib, bir-birlariga gal bermasdan chiyillashgancha donga yopirilishlarini ko‘rganida azbaroyi hayajonlaganidan o‘rnidan turib, o‘tirib olardi.
– Hoy! Hoy! Ochofat o‘lgur! – deya baqirib qolardi beka qora kalamushga. – Hammasini o‘zing kemiravermasdan bolalaringga ham ilinsang-chi! Toshbag‘ir ekansan lekin...
Chindan ham qora kalamush urg‘ochisiga qaraganda och¬ko‘zroq va ayni paytda jizzakiroq edi. Faqat o‘zini o‘ylardi chamasi. Don ko‘proq to‘kilgan joyni egallab olardi-da, hech kimni yoniga yo‘latmasdi. Kulrang kalamush bo‘lsa bolalari va erkagidan qolgan qoldiqlarga qanoatlanib qo‘ya qolardi. Qora kalamushga nisbatan o‘zini ancha bosiq, vazmin tutardi urg‘ochisi. Hamma yoqni tozalab bo‘lganlaridan keyin qora kalamush va bolalari ko‘z ochib-yumguncha allaqayoqlarga g‘oyib bo‘lib qolishsa-da, kulrang kalamush ketishga shoshilmasdi. Xuddi uy bekasi bilan xayrlashayotganday xolaning ro‘parasiga kelib bir-ikki daqiqa tek qotib turgandan keyingina “lip” etib ko‘zdan yo‘qolardi.
Kutilmaganda kalamushlar to‘satdan shu qadar ko‘payib ketishdiki, Tamara xola hayratdan yoqa ushladi. Yo‘q, bular qora va kulrang kalamushlar oilasidan emasdi. Mutlaqo begona edilar. Begonaliklarini shundan ham bilsa bo‘lardiki, ular kulrang kalamushning oilasiga shafqatsizlarcha munosabatda edilar. Chaqirilmagan yangi bosqinchi mehmonlar ochofat ekanliklaridan tashqari, nihoyatda irkit ham edilar. Tamara xola o‘zicha ularni “Bezbet daydilar” deb atadi.
Allaqanday noxush xayollarga borib, vahimaga tushib qolgan bo‘lsa-da, Tamara xola don sotib olishni kanda qilmadi. Endi xola avvalgidan ko‘proq don xarid qilardi. Aslida, kulrang kalamushning oilasini o‘ylab shunday qilardi. Don oz bo‘lsa anavi yirtqichlardan ortmaydi-da. Bezbet daydilardan qutulishning yo‘li borday edi. Deylik, dorilangan don sepib qo‘yilsa, tamom! Ammo unda kulrang kalamushning holi ne kechadi? “Bu dorilangan, sen yemay tur!” deb ayta olmaydi-ku! Eh!..
Shunday kunlarning birida xola shamollab, qattiq betob bo‘lib qoldi. Qahraton qish, havo sovuq bo‘lishiga qaramasdan don uchun bozorga borgandi. Bekatda avtobus kutib turib qolganida o‘zini shamollatib qo‘ydi-yov. Hechqisi yo‘q, ikki-uch kun dorilarini ichib, issiqqina uyda qimirlamay yotsa sog‘ayib ketadi.
Tamara xola qaynagan suv to‘ldirilgan termosni, kerakli dori-darmonlarni karovati yonidagi tumbochka ustiga keltirib qo‘ydi. Toza havo kirishi uchun derazani qiya ochiq qoldirdi. Xola allaqachon betob vaqtlarida o‘zini ortiqcha urintirmaslikning hadisini olvolgandi. Ozgina toza havo, dorilari va qaynagan suv yonida tursa ahvoli og‘irlashib qolgan taqdirda ham unchalik qiynalmaydi. E-e, kalamushlar-chi? Tamara xola o‘rnidan tura olmay qolsa ularning holi ne kechadi? Sho‘rliklar qarovsiz qolishadi-ku. “Nega buncha vahima qilyapman o‘zi? Menga nima bo‘ldi? – xayolidan o‘tkazdi Tamara xola bostirib kelayotgan qora o‘ylarni quvlashga, yaqiniga yo‘latmaslikka urinarkan. – Kasal bo‘lmay yurgan odammanmi? Xudo xohlasa uch-to‘rt kunda hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketaman. Anovi diktor xotinning gapiga kirib, uch kun qattiq parhez qilganim ham ta’sir qildi-yov. “O’zingizni behol sezsangiz xavotirlanmang, bu parhez ta’sir qila boshlaganining alomati”, degandi. Shamollash bilan parhez darmonsizligi bir kelib qolgani uchun sal shoshib qoldim-da. Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi!”
Oradan uch kun o‘tdi.
Tamara xola negadir hali ham o‘zini noxush sezardi.
Hafta oxiriga borib esa xola butunlay og‘irlashib, hattoki o‘rnidan turolmaydigan bo‘lib qoldi. Isitma zo‘ridan xola damba-dam hushini yo‘qotardi.
Bir oqshom, kim bilsin, ehtimol kuppa-kunduzi erini, to‘g‘risi, anig‘ini bilmaydi, buniyam farqiga bora olmadi, allaqanday sharpa yonginasida turganday tuyuldi. Qarasa... oppoq matoga o‘ralgan Ulfat akasi!
– Yur, men bilan keta qol endi!..
Tamara xola bu chorlovni aniq eshitdi. Eshitdiyu, shu zahoti dahshat ichida chinqirib yubordi:
– Yo‘q! Yo‘q! Keting! Yonimga yaqinlashmang! Men hali yashashim kerak! Ko‘p, juda ko‘p yashashim kerak! Yashashim kerak!..
Tamara xola talvasa ichida jon-jahdi bilan erini nari haydardi. Ammo rahmatli qilt etmadi, xotiniga achingandek qarab turaverdi...
– Bu tush... erim tushimga kirdi... – alahsirash aralash o‘zini o‘zi ishontirishga urina boshladi allqachon ovoz chiqarib gapirishga o‘rganib qolgan xola.
Bir haftaning nari-berisida birdan et tashlab, qoqsuyak bo‘lib qolgan Tamara xola isitma va og‘riq zo‘ridan butun vujudi qurib-qovjirab, kundan-kun so‘lib borayotgan bo‘lsa-da, tezda tuzalib ketishiga butkul ishonardi.
– Sog‘ayganimdan keyin kalamushlarimga don olib kelaman. Sho‘rliklar mensiz qiynalib qolishgandir...
Madori bo‘lmasa-da, boshini ko‘tarishga urina-urina axiyri holdan toygancha o‘zini yostiqqa tashlagan xola shu zahoti hushidan ketardi.
Darvoqe, Tamara xolaning nafaqat “o‘z” kalamushlari, balki keyinchalik bostirib kelgan bezbet daydilar to‘dasi ham chindan qiynalib qolishgandi. Uydagi jamiki chaynasa bo‘ladigan narsalarni yeb bitirgan “bezbet daydilar” galasi endi u burchakdan-bu burchakka zir yugurgancha yegulik qidirishar, hech iloj qolmaganda esa kuchlilari kuchsizlarini o‘rtaga olib xomtalash qilishardi.
Bora-bora “bezbet daydilar” galasi juda haddilaridan oshib ketishdi. Ular kulrang kalamushning ochlikdan sulayib qolgan bir necha bolasini yeb bitirishganlaridan keyin... uy bekasiga hujum qilishdi... Irkit daydilar orasida qora kalamush va uning omon qolgan bolalari ham bor edi. Faqat negadir bu izdihomda kulrang kalamush ko‘rinmasdi...
Oyoqlari tizzalariga dovur sovub ulgurgan, yuz-ko‘zlarida hayot nishonalari so‘nayotgan Tamara xola o‘zining vujudini suyukli kalamushlari xomtalash qilishni boshlashayotganini avvaliga sezmadi ham. U faqat tanasining hali hayot asari butkul tark etmagan o‘rinlariga vahshiy jonivorlarning o‘tkir tish¬lari botgandagina jon achchig‘ida ingrab yuborar, qich¬qirishga esa madori yetmasdi... Qichqirish u yoqda tursin, qimirlashga holi yo‘q edi. Faqat tobora so‘nib borayotgan shuurining allaqaeri ahyon-ahyonda, bir necha oniy lahzaga “yarq” etib ketgandagina Tamara xola: “Nahotki men o‘layotgan bo‘lsam... Nahot kalamushlarga yemish bo‘lish uchun shuncha yil yashagan bo‘lsam? ” degan o‘yga bordi va vujudininig yarmida qolgan oqava kuchlarining borini to‘plab, asta boshini ko‘tardi. “Mana, nihoyat men o‘z yolg‘izligimni ko‘rdim... – deya shivirladi u o‘zini xomtalash qilayotgan kalamushlarga qarab. – Butun hayotim davomida meni qurshagan yolg‘izlik nihoyat o‘zini ko‘rsatdi...” Ayol yumilishga qarab ketayotgan ko‘z¬larini kattaroq ochishga urindi, ammo allaqanday qudratli, mahobatli va shafqatsiz kuch izmiga qarshi bora olmasdan, ojizona ingradi:
– Umr shomida taqdir menga qaltis hazil qildi. Men yolg‘izlikka yem bo‘ldim...
Zulmat bosgan tunlarning birida xolaning joni uzildi.
Shu kecha uyga o‘g‘ri kirdi. U anchadan buyon yolg‘iz yashayotgan kampirning ortidan kuzatib yurardi.
O’g‘ri tunda qiya ochiq turgan derazadan uyga kirdi va qo‘lga ilingulik narsalarning barini, qoshiqdan tortib, xola yotgan karavotgacha mashinaga ortib ketdi. Qo‘shnilar hatto payqamay qolishdi.
Ammo o‘g‘ri ketish oldidan bir ish qildi. Urchib ketgan kalamushlar karovatsiz qolgan murdani xomtalash qilayotganlarini ko‘rib, xonaga margimush tashlab ketdi.
Ko‘p o‘tmay kalamushlar birin-ketin qirila boshladilar. Keyin gullar quridi.
Tamara xola aytganiday, hech narsa qolmadi. Hammasi yitdi, yo‘qlik sari ketdi. Faqat ochiq derazadan sizib kirib, allaqanday tumtaygan, mung‘aygan ilohaning ruhiday xonada kezib yurgan shamol qoldi xolos...