OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfiya Qurolboy qizi. Quyosh nega chiqaveradi? (hikoya)

Tosh qotib uxlab yotgandim, allakimning turtkisi va hayajonli ovozidan cho‘chib uyg‘ondim. Ko‘zlari besaranjom boqayotgan onam ustimga engashib turardi. 
– Tur, seni so‘rab kelishdi. Turaqol, – dedi onam shoshilib, nimadandir qattiq bezovtalangan holda. 
– Kim... Kim so‘rab kepti ertalabdan? – erinchoqlik bilan boshimni yostiqdan ko‘tarib qo‘ydim-u, yana tashladim. 
– Tur deyapman senga. Tursunoy    sho‘rlik dori ichib qo‘yipti!
– Ni-ma?! Dori ichib qo‘yibdimi?! – O‘rnimdan uchib turdim. – Nega ichadi? Kecha, kuni kecha dup-durust yurgandi-ku? – deya to‘xtovsiz savol berardim kiyinishimga yordamlashayotgan onamning yuziga tikilib. 
– Kim bilsin. Senga hech narsa demaganmidi, axir? Otasi shuning uchun senga keldi-yov. Biror nimani so‘rashsa, o‘ylab ko‘rib, keyin javob bergin. Tag‘in...
Onamning so‘zlarini oxirigacha eshitishga sabrim yetmadi, otilib tashqariga chiqdim. Onam hay-haylagancha qoldi. Gaplarini oxirigacha eshitmagan bo‘lsam ham nima deyishlarini bilaman: “Bo‘lar-bo‘lmas gaplarni valdirayverma. Tilingga ehtiyot bo‘l! Tag‘in boshingni bir baloga giriftor qilib qo‘yma. Tursunoydan qo‘rqqulik...”
Ha, onam qadrdon dugonam, devor-darmiyon qo‘shnimiz Abduhamid amakining qizi Tursunoydan qo‘rqadi. Nafaqat mening onam, balki dugonamning ota-onasi Abduhamid amaki bilan Bahri xola va umuman ko‘pchilik undan, to‘g‘rirog‘i uning o‘zini tutishidan, xatti-harakatlari sal boshqacharoq, ya’ni g‘alati bo‘lgani uchun cho‘chishardi. Bundan to‘qqiz oy avval ham Tursunoy o‘zini o‘ldirishga uringandi. Yaxshiyamki Abduhamid amaki bexosdan hammomga kirganu, sirtmoqqa tikilib turgan qizini ko‘rib qolib, bir o‘limdan qutqargan edi. Mana, bugun yana u...
Darvozani ochib, ko‘chaga chiqqan ham edimki, Abduhamid amakiga to‘qnash keldim. 
– Qizim, bu ahmoq qiz yana... – duduqlanib gapirdi rang-quti o‘chgan, ko‘zlari g‘iltillayotgan Abduhamid amaki. 
– Qaerda o‘zi? Uydami, kasalxonadami?.. – deb so‘radim shoshib. 
– Sekin, sekinroq gapir, – Abduhamid amaki yon-veriga zimdan qarab qo‘ydi. – Boshqalar bilmay qo‘ya qolsin degandim. Bu ahmoq... 
– Qaerda o‘zi? – yana so‘radim toriqib ketib. 
– Uyda... yotibdi. Kechasi kasalxonaga oborgandik, ichini tozalab-yuvib, qaytarib yuborishdi. Vaqtida bilib qolgan ekanmiz... Saharda o‘ziga kelib, seni so‘radi... Shundan beri nuqul seni so‘raydi... 
– Qanaqa dori ichibdi?
– Qirq dona demidrol...
– Voy ahmoq! – deb yubordim beixtiyor. 
– Ahmoq ham gapmi! Qani, oldiga kir-chi, qanday gapi borakan? 
Abduhamid amaki xuddi bir nima qidirayotganday yerga qaragancha uylari tomon yurdi. U kishi juda parishon edi. Yuragim uvishdi. Tarashaday qotma yuzi horg‘in, nigohlari g‘amgin edi Abduhamid amakining. O‘tgan yili Tursunoydan keyin tug‘ilgan yolg‘iz o‘g‘li Toshtemir to‘ppa-to‘sindan olamdan o‘tdi, keyin esa ko‘z qorachig‘iday arzanda bo‘lib qolgan Tursunoyi sal bo‘lmasa o‘zini osib qo‘yayozdi... Shular asabiga qattiq ta’sir qilganidan bo‘lsa kerak, Abduhamid amaki dardchil bo‘lib qoldi. 
Yuragim hapriqib, u kishiga ergashdim.
Abduhamid amaki qiya ochiq turgan eshikdan meni ichkariga kiritdi-da, o‘zi tashqarida qoldi. 
Dahlizdan o‘tib, oynavand eshikka yaqin keldim. Yuragim gurs-gurs urardi. Tursunoyga hali ko‘zim tushmagan bo‘lsa-da, uning ahvolini tasavvur qilardim. Qirq dona demidrol tabletkasini ichish... hazil emas. Men sira ham bunday qila olmasdim, deb o‘ylayman, garcha hamma narsadan hafsalam pir bo‘lib, yoki azob-uqubat jon-jonimdan o‘tib ketgan taqdirda ham. Qiziq, u bunga qanday jur’at qildi ekan?
– Seniyam sahardan bezovta qildikmi, qizim? – deya qarshi oldi ichkariga kirganimda qayg‘udan abgor bo‘lgan Bahri xola. 
– Ahvoli yaxshimi? – deb so‘radim ko‘zlari yarim yumuq, vujudidan butun qoni silqib oqib chiqib ketganday yuzi qor kabi oqarib yotgan Tursunoyga nazar tashlab. 
 – Uxlab qoldimi deyman. Hozirgina shiftga qarab yotgandi.
Bahri xola qizining yuziga xavotir to‘la nigohini tikdi. 
– Uxlayapti shekilli. 
Bir pas ikkalamiz ham jim bo‘lib qoldik. Xonaga og‘ir sukunat cho‘kkan, derazaga o‘zini urib g‘ing‘illayotgan pashshaning ovozigina eshitilardi faqat. 
– Yaxshigina yurgandi, – deya so‘zlandi past ovozda Bahri xola birozdan keyin men tomon burilarkan. – O‘qishigayam vaqtida borib kelayotgandi. O‘zingning ham xabaring bor-ku aytganday. 
– Hech kim bilan urishmaganmidi? – deb so‘radim sekin. 
– Hech kim bilan! Uning mushugini “pisht” deyishga birovimizning ham haddimiz sig‘maydi. Avvallari otasi indamasayam, men tergab turardim. Bulturgi qilig‘idan keyin menam indamay qo‘yganman. O‘qishiga boradimi-yo‘qmi, uy ishlariga qarashadimi-qarashmaydimi, ishim yo‘q. O‘z holiga tashlab qo‘ygandim. Qani, o‘z bilganicha yashab ko‘rsin-chi, deb. Mana, yana... – Bahri xola ko‘ylagining uzun yengini ko‘ziga bosdi. 
Tilim lol, nima deyishni, kuyib ketayotgan onaizorni qanday yupatishni bilmasdim. Aslida gapga unchalik no‘noq ham emasdim. 
– Shoshmayotgan bo‘lsang oldida bir pas o‘tir, qizim. Hushiga kelganidan buyon seni so‘rayotgandi. Bir gapi bordir-da. Men tashqariga chiqmasam bo‘lmaydi. Yuragim siqilib ketayapti...
Bahri xola o‘rnidan turdi. Oyoqlari uvishib qolgan chog‘i, engashib tizzalarini uqaladi-da, keyin qaddini rostladi va oqsoqlangancha yurib ketdi.
“Xudoyim, o‘zing sabr ber”, – deb qo‘ydim ichimda. So‘ng Tursunoyning yuziga termuldim. U chindan uxlayaptimi yoki o‘zini uxlaganga solib yotibdimi, shuni bilmoqchiydim. Shu chog‘ Tursunoy “yarq” etib ko‘zlarini ochdi va menga tikilib qoldi. 
– Yana eplay olmadim... – eshitilar-eshitilmas pichirladi Tursunoy, ovozi xirillab chiqdi, ko‘kargan lablari zo‘rg‘a qimirladi. 
– Eplay olmaganingga shukr. Beadad shukr, – dedim xursand bo‘lib. 
– Senga qachon xabar berishdi? – deb so‘radi u yana pichirlayotganday past ovozda. 
– Hozirgina... hali yarim soat ham bo‘lgani yo‘q. 
– Qo‘rqib ketgandirsan?.. – so‘radi u. 
– Qo‘rqish ham gapmi! 
Tursunoyning bo‘zargan chehrasidan allaqanday siniq, tushuniksiz tabassum sirg‘alib o‘tdi. 
– Darsga bormaysanmi? – so‘radi u yana. 
– Ertaga birga boramiz. 
Javobim yoqmadimi yo toliqib qoldimi, Tursunoy yuzini devor tomonga burdi. Burdi-yu, shu ko‘yi indamay yotaverdi. Men ham jim o‘tiraverdim. 
Biz bolalikdan birga o‘sib-ulg‘aydik. Bir maktabda, bitta sinfda o‘qidik. Tan beraman, Tursunoyning bilimi kuchli edi, kallasi zo‘r ishlardi. Ko‘p kitob o‘qirdi-da. U hammamizni hayratga soladigan qobiliyatga ega edi, lekin nima uchundir ko‘pincha o‘zini “alif”ni “kaltak” deya olmaydigan bolalardek tutardi. Faqat gohi-gohida o‘z iqtidorini shu qadar qizg‘inlik bilan namoyish qilardiki, biz hayratdan yoqa ushlab qolardik. Tursunoyning fe’l-atvoridan uncha-muncha xabardorligim bois, maktabni bitirganimizdan keyin bitta universitetga hujjat topshirishga amallab ko‘ndirgandim. Omadimiz chopib, o‘sha yili ikkalamiz ham talaba bo‘ldik. 
Lekin keyin... Chopag‘on otning oqsashini ko‘ring, deganlariday, Tursunoy universitetda ham maktabda ko‘rsatgan hunarlarini takrorlashni boshlab yubordi deng. Hushiga kelsa, darsga boradi, hushiga kelmasa – yo‘q. Gohida ikki-uch kunlab uydan bir qadam nariga chiqmay qo‘yadi. Ota-onasi Xudoning zorini qilib yalinib-yolvorishdi, qani endi qulog‘iga olsa! 
Qishki yoki yozgi imtihonlar boshlanganida esa Tursunoy hammani hayratda qoldirmoqchiday fanlardan “a’lo” baholar olib, sessiyani birinchilardan bo‘lib yopardi. 
Shunday qizning mendan boshqa biron yaqin do‘st-o‘rtog‘i, dugonasi yo‘q edi. O‘zi birorta qiz yoki yigit bilan yaqinroq munosabatda yoki sirdosh bo‘lishga intilmaganiga yarasha, boshqalar ham nima uchundir unga yaqinlashishni istashmasdi. Men ham tabiatan ko‘pchilikni unchalik suyaveradiganlar xilidan emasman, ammo o‘zimga yarasha tanish-bilishlarim, sirlasha oladigan yaqinlarim bor. Yoshimiz ulg‘ayib, aql-hushimiz to‘lishgan sayin Tursunoyning xatti-harakatlaridan, o‘zini tutishlaridan goh ensam qotadigan, goh jahlim chiqadigan bo‘ldi.
– O‘zingni buncha chekkaga tortaverasan? – dedim oxiri kunlarning birida. – Xuddi o‘z to‘riga o‘ralashib qolgan o‘rgimchakka o‘xshaysan! 
– Nima qipti? – beparvolik bilan so‘radi u. 
– Yolg‘izlikdan yuraging siqilib ketmaydimi? 
– Men yolg‘iz emasman, – dedi Tursunoy va ko‘zlarini lo‘q qilgancha menga qadalib tikilib turaverdi. 
Shundan keyin ham bir nima deb ko‘ring-chi! Bo‘zargan chehrasidan, loqayd boqayotgan nigohlaridan hech narsani uqib bo‘lmasdi. 
Uyda esa Bahri xola jig‘ibiyron bo‘lardi. 
– To‘rt chaqalog‘imni yerga qo‘yganimdan keyin topganim deb erkalatib, qaysar qilib yubordim deb o‘ylardim. Yo‘q, u noshud, qip-qizil noshudning o‘zginasi! – deb qolardi xola menga hasrat qilib. – Yoshi yigirmadan oshdi, ignadan ip o‘tkazolmaydi hali! Mana, seni olaylik. Opang, yangang bo‘lishiga qaramasdan osh-ovqatni, qozon-tovoqni bo‘yningga olgansan. U-chi? Hali tuxumni yoqqa tashlab olishniyam eplay olmaydi. Men bo‘lmasam, singillari bo‘lmasa ochidan o‘ladi u! 
– Vahima qilaverma, onasi, – derdi bunday paytlari Abduhamid aka o‘rtaga tushib. – Hali boshiga tushsin, hammasini quling o‘rgilsin qilib eplab ketadi. Hozircha senga, menga erkalik qiladi-da. 
– Yo‘-o‘q, bu erkalik emas, – deya o‘z bilganidan qolmasdi battar jazavasi qo‘zigan Bahri xola. – U tanbal, u dangasa, u haftafahm!..
Tursunoy haqiqatan ham dangasa edimi? Buni aniqlash unchalik qiyin emasdi. Uning uzilib tushgan tugmasini qaday olmay, onasiga iltimos qilayotganiga guvoh bo‘lganim rost. Bu borada Bahri xola qisman haq desam, xato qilmagan bo‘laman. Biroq Tursunoyni “haftafahm” deyish adolatdanmikin?
...Chamasi bundan olti oycha ilgari, kun ayni jizillagan peshin payti darsdan chiqib, avtobus bekatida turgandik. Uylarimiz universitet binosidan bir bekat narida joylashgan. Yarim soatlab avtobus kutgandan ko‘ra piyoda ketaverganimizda ham allaqachon uyga yetib qo‘yardik. Lekin biz qoq tush mahal bekatda turibmiz. Zero, Tursunoyning xohishi shu edi! 
– Quyosh nega har kuni chiqaveradi, a? – deb qoldi u bir mahal lanjlik bilan osmonga, naq tepamizda turgan may oftobiga ko‘zlarini qisib qararkan. 
– Quyosh tiriklik manbai, – deya bilganimcha aqlli javob qaytarishga urindim. – Quyosh bo‘lmasa hayot ham bo‘lmaydi. 
– Quyosh bo‘lmasa hayot ham bo‘lmaydimi? Unda “Men barhaqman! Yaratuvchiman!” degan zotning xizmatlari qayda qoladi?
Tursunoydan bunday gap chiqishini kutmagandim. Hayron qolganimdan, birdan javob qaytara olmadim. U bo‘lsa istehzoli kulimsiragancha menga tikilib turardi. 
– Quyosh hayot unsurlaridan biri, – dedim birozdan so‘ng xatoyimni to‘g‘rilashga urinib. 
– Shunday de...
Tursunoy boshqa gapirmadi. 
Bir haftadan keyin kutilmagan fojia yuz berdi: dugonamning ukasi og‘rib-netmasdan, to‘satdan o‘lib qoldi. 
Shundan keyin Tursunoy o‘qishgayam bormay qo‘ydi. 
Bu yoqda yozgi sessiya boshlanishiga sanoqli kunlar qolayapti. Kutubxonada ikki soatcha o‘tirib dars qilganimdan so‘ng terlab-pishib uyga kelayotib ko‘rdimki, Tursunoy ko‘cha eshik oldidagi supachada qandaydir xayollarga g‘arq bo‘lib o‘tiribdi. 
– Nega yana darsga bormay qo‘yding? – deb so‘radim uning yoniga cho‘kib. 
– O‘qimayman endi, – ters javob berdi u. 
– Qiziqsan-a?
– Ha, shunaqa. 
– Uch yil o‘qib, endi tashlab ketmoqchimisan? O‘tgan umringga achinmaysanmi? 
– Uch yillik umrimgami? – deb so‘radi u.
– Nima farqi bor?
– Achinmayman.
– Juda g‘alatisan-a, tavba! 
– Shunaqaman...
Ishonasizmi, o‘sha daqiqada u ko‘zimga, nima desam ekan, xuddi... qalbi orzulardan mahrum bo‘lgan, hech bir a’moli yo‘q, e’tiqodsiz mushtiparga o‘xshab ko‘rindi. “U qanchalar baxtsiz va ojiz”, degan fikr paydo bo‘ldi ongimda. 
Aytganday, yana bir gap. Agar istasa, Tursunoy baxtli bo‘lishi mumkin edi, ammo buni u xohlamasdi. Nega? Nima uchun? Bunisi menga qorong‘i. Qalbni orzudan, quvonchdan mahrum qilish yerni havoday ayirib qo‘yish bilan barobar. Bu holda qanday yashash mumkin?
Tursunoy bo‘lsa yashayapti! O‘zimcha, bunday odamlar suvga tushgan xasday hech bir maqsadsiz holda dunyodan o‘tib ketaveradilar; ular suzishmaydi, oqim ularni olib yuradi, degan xulosaga kelganim bilan baribir yuragim lahza sayin alamli tug‘yonlarga to‘lib borardi. 
– Bu nima qilganing, a?! Bu nima qilganing? Hammani ezib yubording-ku juda! – degandim zarda bilan, qizishib o‘shanda. – Uch yil o‘qib, endi o‘qimayman deb turganing nimasi? 
Tursunoy bo‘lsa pinak buzmadi. 
Bir nuqta bor bo‘shliqda. Shunday paytlarda dugonam hamisha o‘sha nuqtaga parishon va alamangiz bir qiyofada tikilib qoladi. 
– Tilingni yutvorganmisan, nima balo?! – dedim ovozimni ko‘tarib. – Sen bilan odamga o‘xshab gaplashib bo‘ladimi o‘zi? 
– Nega buncha qizishasan? Nima, sening yashashingga xalaqit berayapmanmi? – dedi u shunda allaqanday kutilmagan, favqulodda bir qizg‘inlik bilan. – Bir sayohat qilib kelay deb yo‘lga chiqqandim, qalbimni o‘ziga rom etadigan hech vaqo topmadim. G‘amgin bo‘shliq... Undan boshqa hech narsa... hech narsa...
– Sen yashashni bilmaydigan odamlar toifasidan ekansan, mana endi bildim. 
– O‘zimni... – Tursunoy o‘ylanib turib, so‘ng gapini davom ettirdi: – xuddi titrab-qaltiragan holda dor ustida imillab yurayotgan dorbozga o‘xshataman. Nazarimda... – u yana jim bo‘lib qoldi. 
– Dorbozning qo‘lida langari bo‘ladi, o‘zi istamasa hech qachon dordan yiqilmaydi. Fikringni to‘g‘ri angladimmi? – dedim shartta. 
– Tashlagan har bir qadamim o‘chib borayotganini o‘zim ham bilaman...
– Haykal emassan-ku, qo‘qqayib turishimning o‘zi hayotga zeb beradi deb o‘ylasang. Hayotni sevish kerak. Shunda yashaganing sayin yashaging kelaveradi. Men o‘zim hayotda har tongdan yaxshi bir yangilik kutib uyg‘onaman. Mana ko‘rasan, biz hali baxtli bo‘lamiz! 
– Sen baxtli bo‘lasan, – dedi shunda Tursunoy jilmayib. – Turmush qurasan, sevgan kishing, bolalaring bo‘ladi. Baxtli yashaysan. Ammo kunlarning birida sevgan odaming senga xiyonat qilayotganini payqab qolasan-u, hayoting zaharga aylanadi. Yo bo‘lmasa... 
– Qo‘ysang-chi shunaqa gaplarni! – dedim birdan yuragim orqaga tortib. 
– Hayotingga og‘u aralashmasa bo‘lmaydi. Dunyoning qurilishi shunday, – pinak buzmasdan, hech bir ikkilanishsiz gapida davom etdi Tursunoy. 
– Nega... shunday?.. – deya pichirladim xuddi ovozimni birov eshitib qolishidan qo‘rqqanday. Boyagi jo‘shqinligimdan asar ham qolmagandi. 
– A-ha! – Tursunoy sapchib o‘rnidan turdi. Xuddi chaqindek “yalt” etib o‘tgan ushbu oniy soniyalarda uning zimiston yuragi, sezgilari, ichki shuuri favqulodda bir nur bilan yorishib ketgandek bo‘ldi. – Mana endi o‘zingga kelding! Nega shunday? A, nega shunday? Hech o‘ylab ko‘rganmisan?!. 
Javob bermadim. Sarob jimirlayotgan bo‘shliqqa tikilgancha miq etmay turaverdim. 
– Men ko‘p, juda ko‘p o‘ylayman, – dedi Tursunoy. – Nega shunday? Nega bu dunyoda to‘kis baxt yo‘q? Hammasi Uning, yolg‘iz Uning ixtiyorida bo‘lsa, nega dunyoni bekamu-ko‘st yaratmadi? Atigi bir marta, bir martagina dunyoga keladigan insonni azob-uqubatlarga giriftor qilmaslikning iloji yo‘qmidi? Jannat, do‘zax, mahshar tongi deganlariga shunchalar urinsam ham mutlaqo ishonch hosil qila olmadim. Juda mavhum.
– Balki mavhum emasdir, – dedim jur’atsizlik bilan. 
– Mayli, sen aytganday bo‘laqolsin. Mahshar tongi jami marhumlar tiriladi deylik. Ammo bunda mantiq qani? Masalan, men yigirma bir yoshda, sen sakson yoshda bu olamdan o‘tsak-da, mahshar tongi uchrashsak, qanday qilib bir-birimizni taniymiz. Ayniqsa men seni. Axir sen munkillagan kampir qiyofasida tirilasan, shundaymi?..
Shu vaqt hovlida turib shovqinimizni eshitdimi yoki shunchaki chiqib qoldimi, darvoza oldida Abduhamid aka ko‘rinish berdi. U kishi bizni ko‘rdi, bosh irg‘ab men bilan salomlashdi, so‘ng ichkariga kirib ketdi. 
– Xabaring bor, yaqinda yolg‘iz ukamdan ayrilib qoldik, – deya mahzun ohangda gapida davom etdi Tursunoy. – Mendan avval ham ota-onamning to‘rtta farzandi nobud bo‘lgan. Dadam nima uchun meni yaxshi ko‘radi? Chunki men tug‘ilganman-u, ketma-ket yuz berayotgan o‘limlar to‘xtagan. Mendan keyin ukam tug‘ildi. Lekin yana... Shugina o‘lmasa bo‘lardi! 
– O‘zi bergan, o‘zi oladi... deyishadi-ku...
– O‘zi bunyod qilib, O‘zi yeb qo‘ysa... bu nima degani?!.
Men, ochig‘i, bu savolga javob berishga ojiz edim. Ammo boshqa bir narsani anglaganday bo‘ldim. Tursunoy o‘zgalarnikiga mutlaqo o‘xshamaydigan, umumning fikridan farq qiladigan allaqanday o‘ylar ta’siriga tushib qolganday edi. Bu ko‘p o‘qiganlik oqibati emasmikin? Yo ukasining o‘limi uni qattiq larzaga solganmikin? Yoki allaqanday dard, bosim tufayli g‘ayrishuuriy xastalik holiga tushib qolganmikan?
– Sabr qilishsa, balki yana o‘g‘il ko‘rishar, – dedim boshqa gap topolmay. 
– Sabr... Yana qancha sabr qilishlari kerak? Ehtimol, aynan shu sabr-toqat tufayli ular baxtsizlikka giriftor bo‘lishayotgandir? Axir bir emas, beshta farzanddan judo bo‘lish... Insonning yelkasi keng, hamma narsa sig‘ib ketaveradi, degan tushunchaning natijasi emasmi bu?! 
Tursunoy menga ko‘zlari yonib qarab qoldi. Avvallari uni hech bunday holda ko‘rmagandim.
– Men bora qolay, – dedim o‘rnimdan qo‘zg‘alib. – Hali imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishim kerak. 
– Yana bir pas o‘tir, – dedi Tursunoy iltimos ohangida. 
– Boshqa vaqt... davom ettirarmiz...
Men dugonamning yonidan tezroq uzoqlashishni istardim. 

Shu suhbatdan keyin ko‘p o‘tmasdan “sirtmoq” voqeasi sodir bo‘ldi...
Shundan keyin, garchand Abduhamid amaki bilan Bahri xola Tursunoydan ko‘z-quloq bo‘lib turishni mendan iltimos qilishgan bo‘lsalar-da, dugonamdan o‘zimni chetroqqa torta boshladim. 
Yozgi ta’til tugashi arafasida Tursunoy yana o‘qishga qatnay boshladi...
Xuddi atay qilgandek (aslida ham shunday emasmi?), Tursunoy bekatda turgan bo‘lsa, men indamasdan universitetga poyi-piyoda yo‘l olardim. U piyoda ketayotgan bo‘lsa, men avtobus kutardim. Auditoriyada ham undan uzoqroqda bo‘lishga harakat qilardim. Nazarimda, Tursunoy buni sezardi. Ammo lom-mim demasdi. 
Bir kuni ikkalamiz chiqish eshigi oldida to‘qnash kelib qoldik. U yuzimga qaradi, g‘alati qilib qaradi, keyin asabiy ravishda kulib qo‘ydi va indamay yonimdan o‘tdi-ketdi. 
Tursunoyning chehrasi, qarashlari yuragimda azob uyg‘otdi. Shunda “U sog‘lom emas”, degan fikr xayolimga o‘rnashib qoldi. Axir... uning o‘ylari, mushohadalari... dahshat-ku! “Odamda imon bo‘lishi kerak. Odam bir narsaga imon keltirib, e’tiqod qo‘yib, ishonib yashashi kerak”, deya tarbiyalashgan bizni. Tursunoy bo‘lsa... imonini yo‘qotganlardan. Shuning uchun uning yuragini, shuurini qorong‘i-zimistonlik chulg‘agan, hayotdan zavq olib, bahra olib yashashni bilmaydi. Shu bois yashash yelkasidagi og‘ir yukday tuyulayotgandir dugonamga. Unga yashash qiyin, judayam mashaqqat ekanini his qildim. Axir odam yashar ekan, o‘z jonini ham tikishga tayyor e’tiqodi bo‘lmasa yomon-ku...
Qanchalar achchiqlanib, xafa bo‘lib yurganimga qaramasdan, Tursunoy bilan bafurja gaplashib olish uchun qulay payt poylardim. Qandaydir yo‘llar bilan uning yuragida hayotga, yashashga ishtiyoq uyg‘otish kerak, shunda dugonamning uxlayotgan, so‘nik va sovuq qalbi uyg‘onadi, degan xulosaga kelib qo‘ygandim o‘zimcha. Ammo bu niyatimni amalga oshirishga ulgura olmadim. Sirtmoq voqeasidan keyin ko‘p o‘tmasdan, aniqrog‘i kecha oqshom u yana o‘z joniga qasd qildi...
Mana, ayni zamonda ters qarab yotgan Tursunoyning yonida o‘tirarkanman, uni tushuna olmayotganimdan goh g‘azabim qo‘zib, o‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketardim, goh uni urib tashlaguday bo‘lardim. 
– Hovliga chiqamizmi? – deb so‘radi u bir mahal mendan.
– Yaxshi bo‘lardi. Qo‘lingni ber, yordamlashvoraman, – dedim birdan yengil tortib. 
Tursunoy qo‘lini uzatdi. Qo‘li oppoq, qonsiz... Qoqsuyak vujudi madorsizlikdan qalt-qalt titraydi. Men uni yurolmaydi, qadam tashlashga ham holi yo‘q, deb o‘ylagandim. Lekin dugonam yurdi. Sekin-asta, imillab, menga suyanib bo‘lsa-da yurdi.
Biz eshik oldiga chiqdik.
Quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgan, undan zaminga tengsiz qudrat yog‘ilardi. 
O‘choq boshida kuymalanayotgan uch-to‘rt ayol orasidan Bahri xola sirg‘alib chiqib, shosha-pisha biz tomonga yurdi. 
– Toza havoga olib chiqdim qizingizni, – dedim xola yaqin kelgach. – Anavi so‘rida bir pasgina o‘tirsak maylimi? 
– Bemalol, bolam, bemalol. Shuniyam so‘rab o‘tirasanmi? 
Bahri xola menga gapirayapti-yu, xavotir va og‘riq to‘la nigohlarini qizidan uzmasdi. 
– Yordam kerak emasmi? – deb so‘radim o‘choq boshidagi ayollarga ishora qilib. 
– O‘zimiz eplaymiz. U yerda sizlar qiladigan ish yo‘q, – dedi Bahri xola. So‘ng, qizining o‘ziga savol nazari bilan qarab qo‘yganini ko‘rgach, bechora oshig‘ich izoh berdi: – Shahri ammang o‘zining tez-tez og‘rib qolayotganidan xavotirlanib Inobat folbinga borgan ekan. Buni qara, ammang qolib, folbinning foliga sen tushibsan. Jinlar teginayotgan emish senga. Qora qo‘yning qoni bilan seni qonlab, go‘shtini tugun oshi qilib, xotinlarga tarqatib yuborishimiz kerak ekan. Kun qaytmasdan shuni o‘tkazib yubora qolaylik devdim. Sizlar bafurja so‘rida o‘tiraveringlar.
Bahri xola etagini lipasiga qistirgancha o‘choq boshiga qaytib ketdi. 
– Darrov folbingayam borib ulgurishibdi, – pichirladi Tursunoy so‘riga chiqib, quroq ko‘rpachalar ustiga o‘tirganimizdan keyin. – Nima keragi bor edi?
– Xayrli ishning ziyoni yo‘q. 
– Bilasanmi mana shu Shahri ammamning yoshi nechada ekanligini? – shipshidi u ayollar orasida munkayib turgan kampirga ishora qilib. – Bilmasang bilib qo‘y, ammam to‘qson oltiga kirdi! Salkam bir asr degani bu! O‘zini qara, bir siqimgina bo‘lib qolgan. Kattaroq chelakka solib ko‘tarib ketaversang ham bo‘ladi. Salkam bir asr yashayotganiga qaramasdan, mana shu ammam et-beti sal og‘rib qolsa bolalarini, nevaralarini shunday zir yugurtiradiki, asti qo‘yaverasan. Do‘xtir, tabib, folbin-polbin, ishqilib, hammasini boshiga yig‘adi. O‘zini qaratadi... 
– Yaxshi-ku, shunga nima bo‘pti, – dedim Tursunoyning gapini bo‘lib. – Ammangning xatti-harakatlarini yoqlayman. Har qanday yoshda ham odam yashashga intilishi kerak.
– Bu yashashga intilish emas, – dedi Tursunoy bosh chayqab. – Hayotning etagiga mahkam yopishib olish bu. O‘limdan qo‘rqish bu. Buni qara, to‘qson oltiga kirgan kampir hammaning joniga tegib yashab yuribdi-yu, mening mushtday ukaginam... bu olamga sig‘madi... Nega?.. Nima uchun? .. U ham yashab yuraversa bo‘lardi-ku!.. Anavi g‘o‘ng‘illayotgan asalariga qara. Shuning ham hayotda o‘z o‘rni bor. Shugina jonzotning-a. Mening ukaginam... axir u inson edi-ku! Yashashga haqqi bor edi-ku!.. 
Biroz o‘ylanib turgach:
– Sen-chi, – dedim, – yaxshisi bir yigitni sevib qolishga harakat qil. Bilasanmi, anavi parallel potokdagi Davron degan yigit bor-ku, o‘sha bechora anchadan beri senga g‘alati-g‘alati qarab yuribdi. Ko‘nglida bir niyati bor-ov! 
Tursunoy mahzun kulimsiradi. Keyin:
– Muhabbat og‘ushiga tashlamoqchimisan meni? – deb so‘radi istehzoli ohangda. Ayni paytda uning yuziga oriyat va g‘urur ifodasi balqdi. – O‘rningda boshqa odam bo‘lganida, bilasanmi, hozir nima qilardim? 
– Nima qipti? Sevish, sevilish gunoh emas. 
– Ha, gunoh emas. Lekin, aslini olganda, bular hayot tuzoqlari-ku. Keyin menam boshqalardek tuganmas tashvish, nadomatlar va g‘am-hasratlarga ko‘milib qolaman, a, shundaymi?
– Bir urinib ko‘rgin, iltimos. Keyin bilasan hayotning naqadar...
– Urinib ko‘rganman, – dedi Tursunoy gapimni bo‘lib va yana bo‘shliqqa, o‘sha ko‘rinmas la’nati “nuqta”ga tikilib qoldi. 
Ehtiyotkorlik bilan so‘radim:
– O‘sha Davronmi?
– Davron psixologiyadagi Munavvarni sevadi. Yolg‘onni eplasang gapir!
– Unda kim?
Tursunoy tuyqus “nuqta”dan nigohini uzib, menga yalt etib qaradi va:
– Hech kim! – dedi qat’iy ohangda. 
Obbo!
Mana, ko‘rdingizmi, unga bas kelish qanchalar qiyin! 
Xunobim oshib, ortiq o‘zimni bosib turolmadim:
– Bundan chiqdi... bu... qirq dona uyqu dorisi ichishing kimgadir achchiq qilishing oqibati ekan-da?! – dedim Tursunoyning ko‘zlariga qattiq tikilib. 
– Aslo, – xotirjam javob qaytardi dugonam. – Men kimgadir achchiq qilganim yo‘q. Azob-uqubatga to‘la hayotda yashashni istamadim, sababi shu. 
– Hech bo‘lmasa senga hayot bergan ota-onangni o‘ylamadingmi?
– Ota-onam menga hayot bermagan. Ular dunyoga kelishim uchun bir vosita bo‘lishgan. Menga hayotni U bergan. Men o‘zimga berilgan tuhfani asl egasiga qaytarmoqchi bo‘ldim, xolos. Norasida ukam sig‘magan dunyoda men nima qilaman? 
– Yo rabbiy! – deb yubordim beixtiyor. – Sen qanday baloi azim bo‘lding?!
Tursunoyning istehzoli nigohlarida allaqanday uchqun yilt etganday, hayot sezgilari yuzaga qalqib chiqqanday bo‘ldi. Nazarimda, bunday chaqinlar aslida uning ongida ro‘y berayotir va shunday daqiqalarda mubham qiynoqlardan zimiston bo‘lib ketgan yuragini qamragan butun hayajonlari, butun shubhalari, tashvishlari yana o‘n barobarga ortib ketardi, chamamda. Buni ba’zilar inson aqli va irodasining zaiflashuvi, deb ataydilar, ya’ni ruhning sog‘lom holatdan chiqishi va tubanlashuvi... 
Yo‘q, menimcha, bunday emas. 
– Bilasanmi, – dedi Tursunoy menga bir mahal, – ular meni jin chalgan deb hisoblab chillaga solishmoqchi shekilli. Unda qirq kuncha ko‘risholmasak kerak. Shuning uchun qancha gaping bo‘lsa, hozir aytib qol.
– Xo‘p, – dedim bor ilmiy salohiyatimni to‘plab, dugonamni dog‘da qoldirishga ahd qilganimdan yana hovurim ko‘tarilgancha, – sen haqsan, deb hisoblaylik. Mutloq emas, albatta. Qisman. Ya’ni sen U bergan “tuhfa”ni o‘ziga qaytarmoqchisan va bu bilan tug‘ilish Uning ixtiyorida bo‘lgani holda hayotni davom ettirish, yashash yoki yashamaslik Uning ixtiyorida emas, demoqchisan shekilli. Shundaymi?
– O‘, va nihoyat jirafaga ham yetib boribdi gapim! – dedi Tursunoy kinoyali ohangda. 
– Qisqasi, hayotimga o‘zim chek qo‘yish qudratiga egaman, demoqchisan. Buni tushundim. Sen haqsan, chindanam jirafaga bu fikr endi yetib keldi. Biroq... biroq sen bir narsaga ahamiyat bermabsan. 
– Nima ekan?
– Axir, sen U bergan tuhfani bir emas, ikki marta qaytarib berishga urinding. Ammo ikki marta ham buning uddasidan chiqolmading. Nega bunday bo‘ldi ekan? Hech o‘ylab ko‘rdingmi?
– O‘yladim, – men kutgachanlik uzoq o‘ylanib o‘tirmay, shu zahoti javob qaytardi Tursunoy. – Ko‘p o‘yladim. Birinchi martasida sustkashlik qildim chamasi. O‘z tanangga o‘ylab ko‘r. Yigirma bir yoshda bo‘yningga sirtmoq solish... Atigi bir necha daqiqaga kechikdim. Dadam kelib qoldilar... Keyingisida... menimcha, dorining dozasini oshirishim kerak edi. 
– Qirqta uyqu dorisi kamlik qildi, demoqchimisan?
– Shunday. 
– Bilasanmi, mening bir amakim eshakdan yiqilib tushib olamdan o‘tgan. Eshakdan-a! Aql bovar qilmaydigan hodisa-ku bu, to‘g‘rimi?! 
– Eshakdan yiqilib tushib o‘lish kulguli, hattoki ishonchsiz, albatta. Lekin agar amaking toshgami, o‘tkir temirgami boshi bilan tushgan bo‘lsa...
– Gapni chalg‘itishga urinma! – dedim jahlim chiqib. – “Agar-magar”ni ham qo‘y. Agar kimningdir joni Unga kerak bo‘lsa, xamirdan qil sug‘urganday qilib, istagan joyda, istagan vaziyatda oladi-qo‘yadi.
– O‘laman deganing bilan o‘lolmaysan, demoqchisan, shundaymi? 
– Shunday. 
– Shundaymi? – Tursunoy allaqanday besaranjom, bezovta nigoh tashladi menga. – Shundaymi?..Ko‘ramiz! 
Shu payt oldimizga Bahri xola kelib qoldiyu bahsimiz uzildi. 
– Kampirlar seni so‘rashayapti, yura qol, qizim, – dedi Bahri xola qiziga qarab. 
Dugonam esa menga tikilib turardi. Nigohlarida bezovtalik zuhur bo‘ldi, ammo indamay so‘ridan tushdi va onasiga ergashdi. Tursunoyning mana shu “mo‘min”ligida va shiddat ila aytilgan “Ko‘ramiz!” degan va’dasida nimadir yashiringanday edi. Bir gap bor-ku, inson miyasida tug‘iladigan fikrda hamisha nedir yashirin, boshqa odamlarga anglatib bo‘lmaydigan allanima qolib ketadi, miyangizdan aslo chetga chiqishni istamagan allanima doimo qoladi va u abadiy sizdan ajralmaydi. 
– Chillaga solish foyda berarmikan? – deb so‘radi yonimda paydo bo‘lgan Abduhamid amaki o‘choq boshi tomonga ko‘z uzmay tikilarkan. – Mening urug‘imda, ota-bobolarimdan avliyo-anbiyolar o‘tgan. Balki o‘shalarning arvohi qizimga tajovuz qilgandir, a?
– Menimcha, hamma gap uning miyasida, – deb qo‘ydim. 
– Miyasini qaratish kerakmi?
– Miyasini tozalash kerak. 
Boshqa gapirmadim. Gapirish niyatim ham yo‘q edi.
Shu kuni Tursunoyni chillaga solishdi. 
Biz endi qirq kun ko‘rishmasligimiz lozim. “Chilla”ning talablaridan biri shunday. 
Men o‘zimcha kun sanardim va hayron qolardim: Tursunoy yolg‘izlikdagi qirq kecha-kunduzni qanday o‘tkazar ekan? 
Shu bilan birga ich-ichimdan dugonam mana shu qirq kunni sabr-toqat bilan o‘tkazishiga ishonardim, axir u xonanishin yashab o‘rganib qolgan. Yana bir narsa aniq. Dugonamning mana shu sabr-toqatida ham o‘ziga xos nimadir mavjud. Bunda “jin”larning xurujidan xoli, ularning aralashuvisiz va yana allaqanday telbalik alomatlaridan xoli boshqa bir narsa mavjudday edi, deylik, Tursunoyning ongi va shuurida yuz berayotgan “chaqin”lar, o‘z-o‘zini hamda dunyoni anglashning favqulodda kuchaygan holati... “Nega? Nima uchun?..” – joniga yopirilib hujum qilayotgan ushbu savollarga javob izlashdan bezor bo‘lib ketganidan u hayotdan alamli, achchiq bir lazzat ichida o‘ch olayotgandir.
Nihoyat chilla muddati adog‘iga yetdi.
Dugonam Tursunoy qirq kunlik chilla sinovidan eson-omon o‘tdi. Qirq birinchi kuni esa... o‘zini o‘zi osib qo‘ydi!
Yana o‘sha hammomda. 
Ne ajabki, bu safar ham Tursunoy omon qoldi. Bir hafta shifoxonada yotib chiqdi. Nafasi ichiga tushib qolgan ekan-da.
Uni ko‘rgani bordim. 
– Yana eplay olmadim, – deb shivirladi u.
Ovozi o‘sha-o‘sha, yuzi o‘sha-o‘sha, faqat oppoq, silliq bo‘ynida ko‘kimtir iz qolgan; juda olisdan boshlangan nigohlari vujudimni teshib o‘tib, qayoqqadir, noma’lum bo‘shliqqa intilardi...

Oradan to‘qqiz oy o‘tdi.
Tosh qotib uxlab yotgandim...
Kimdir silkitib uyg‘otdi. 
– Tur, Tursunoy yana o‘zini osib qo‘yibdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.