OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Furqat (1859-1909)

Furqat (taxallusi; asl ismsharifi Zokirjon Mullo Holmuhammad o‘g‘li) (1859, Qo‘qon —1909, Yorkend) — taraqqiyparvar shoir, mutafakkir, publitsist. Mahallasidagi maktabda savod chiqargan, mudarris va kotiblardan xattotlik, arab tilini o‘rgangan. Madrasada o‘qigan (1873—76). Alisher Navoiy ijodini, fors adabiyoti namoyandalari merosini chuqur o‘rgangan, fors tilini mukammal o‘zlashtirgan. 1876 yilda Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona) shahridagi savdogar togasining iltimosiga ko‘ra u yerga borib, savdo ishlarida unga yordamlashgan, keyinchalik o‘zi ham kichik do‘kon ochgan. Ayni paytda bilimdon ziyoli sifatida kishilarning arz va iltimoslarini rasmiy mahkamalarga arizalar shaklida bitib, mirzalik ham qilgan.
Furqat Yangi Marg‘ilonda ijodkor sifatida to‘la shakllandi, o‘z g‘azallariga «Furqat» taxallusini qo‘yib, shuhrat qozona boshladi. Bu yerda o‘tkazilgan yillar Furqatning xalqchil dunyoqarashi, ilg‘or adabiyestetik tushunchalarining shakllanishida ham muhim bir bosqich bo‘ldi.
80-yillarning boshlarida Furqat Qo‘qonga qaytib, oila quradi va, asosan, ijodiy ish bilan shug‘ullanadi. Muqimiy va Muhyi yetakchi bo‘lgan Zavqiy, Nodim, Nisbat, Muhayyir kabi ijodkorlar guruhi bilan bevosita muloqotda bo‘ladi, ular uyushtirib turadigan adabiy majlislar, she’riyat kechalarining faol ishtirokchisiga aylanadi.
Furqatning Qo‘qondagi bu davr ijodi tur va mavzu, mazmun va shakl rang-barangligi jihatidan ham, sermahsulligi jihatidan ham diqqatga sazovor. U mumtoz she’riyat an’analari ruhida ko‘plab ishqiy g‘azallar, muxammaslar yaratgan. Alisher Navoiy asarlariga go‘zal nazira va taxmislar bog‘lagan, uning she’rlarida ijtimoiy ruh va zamonaviylik tobora keng o‘rin egallay boshlagan (mas, «Bo‘ldi» radifli muxammasi va boshqa she’rlarida). Furqat xalqning siyosiy huquqsizligi va iqtisodiy nochor ahvolidan qayg‘irgan («Ne jurm o‘ttiki bizdin, bunchalik Farg‘ona tang bo‘ldi?...»)
Qo‘qon xonligining uzilkesil tugatilib, batamom mustamlakaga aylantirilishi voqeasiga bog‘liq holda yaratilgan: «Demish xon bir kunikim, davru davronlar qayon qoldi?» misrasi bilan boshlanuvchi muxammasi ham Furqatning shu davrdagi ijodi mahsulidir. Toju taxtdan, sha’nu shavkat va a’yonlardan maxrum bo‘lgan Xudoyorxon nomidan bitilgan bu asar ham shoir ijodida zamonaviy ijtimoiy mavzu keng o‘rin egallaganinint isbotidir.
Furqatning ijodiy merosida an’anaviy she’riy turlar, o‘zbek mumtoz adabiyotidagi asosiy mavzular yetakchi o’rin egallaydi. Uning g‘azal va muxammaslari, bog‘lagan taxmislari uzining hayotiyligi, musiqiyligi, nihoyatda samimiyligi bilan o‘quvchini maftun etadi. Furqat she’rlarida ona-yurt tabiati va bahor go‘zalligi, jo‘shqin sevgi-muhabbat va chin insoniy fazilatlar, hayot shodliklaridan quvonish va turmush tashvishlaridan shikoyat qilish, umuman, odam va olam, kishilarning ma’naviy dunyosi, mehri va qahri yaqqol tasvirlangan. Masalan, «Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman bo‘lsa», «Umr xush o‘tmas bahor ayyomi sahro bo‘lmasa», «Surmadin ko‘zlar qaro, qo‘llar xinodin lolarang», «Jannatning gullaridan gulzoringiz chiroylik», «Ko‘ngul dardig‘a topmay boraman hargiz davo istab», «Fasli navbahor o‘ldi ketubon zimistonlar» kabi misralar bilan boshlanuvchi g‘azallari, «Yetti falak», «Biri», «Istar ko‘ngul», «Do‘st», «Kokulung» radifli muxammaslari, Navoiy g‘azallariga taxmislari davr she’riyatining ham g‘oyaviy, ham badiiy jihatdan yetuk namunalari hisoblanadi.
Furqat she’riyatida mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, joriy adolatsizlik va zo‘ravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, nodonlarning zamonada e’tibor topib, donolarning xorzor etilishidan norozilik esda qolarli badiiy bo‘yoqlarda tasvirlangan.
«Charxi kajraftorning bir shevasidan dog‘men:
Ayshni nodon surub, kulfatni dono tortadur»
kabi barkamol misralar shoir ijodidagi ijtimoiy yo‘nalishni aks ettiradi. «Bormasmiz» radifli she’rida esa o‘zbek milliy ruhiyati badiiy ifodalangan. Mashhur «Sayding qo‘yaber, sayyod...» musaddasida esa shoir shaxsning erkin yashash huquqini himoya qiladi, zulm va istibdodni qat’iy qoralaydi.
Furqat xuddi shu yillarda «Xammomi xayol» risolasini yozadi. «Chor darvesh» hikoyatini forschadan tarjima qiladi. «Nuh manzar» nomli she’riy kitob yaratadi. «Bulardin bo‘lak har xil g‘azaliyotim Farg‘ona muzofotig‘a (ya’ni, yonatrof qishloqshaharlariga) va digar mamlakatlarga muntashir (mashhur) bo‘ldi», deb yozadi shoir. Xuddi shu yillarda Furqat ilk bor she’rlarini to‘plab, majmua holiga ham keltirgan. Afsuski, shoirning o‘zi qayd etgan risola, manzuma va tarjimalari kabi bu majmua ham shu kunga qadar topilgan emas.
Furqat taxminan 1886—87 yillarda Marg‘ilonga borib, u yerdagi Masjidi jome hujrasida istiqomat qilgan, yoru birodarlari ko‘magida kichik do‘kon ochgan bo‘lsada, asosan, she’riyat bilan shug‘ullangan, shaharning ziyolilari, jumladan, Xo‘jajon Rojiy, Muhammad Umar Umidiy-Havoiy, Mulla Toshboltu Royiq kabi ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar qurgan. Furqat ilk bor gazeta bilan tanishib, uning «Toshkent shahrida bosma bo‘lg‘on»ligini shu yerda biladi. Yangilikka chanqoq, taraqqiyparvar shoirda ijtimoiy hayotda yuz bergan o‘zgarishlarga, sekinasta yoyila borayotgan fan va texnika namunalariga qiziqish uyg‘onadi, yangiliklar bilan bevosita tanishish, o‘z ko‘zi bilan ko‘rish ishtiyoqi zo‘rayadi. 1889 yil boshlarida Toshkent safariga chiqadi, Xo‘jandda to‘xtab, Toshxo‘ja Asiriy boshliq shoirlar, adabiyot muxlislari bilan uchrashadi, adabiy kechalarda ishtirok etadi. Nihoyat, 1889 yilning iyunida Toshkentga keladi. Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasi hujralaridan birida yashaydi. Ko‘zga ko‘ringan olim, fozillar bilan tanishadi. Sharifxo‘ja eshon tavsiyasi bilan ma’lum muddat «Farhat» (shodlik, xursandlik) taxallusida she’rlar yozadi, lekin ko‘p o‘tmay, eski taxallusiga qaytadi.
Furqat Toshkentda rus ziyolilari, yevropacha hayot tarzi bilan tanishdi. Chor ma’murlari shoirning teatr, gimnaziyaga, turli kontsertlarga kiritishni uyushtirdilar, ko‘rgazmalarga olib bordilar. Yangi tarixiy sharoit tufayli yuz bergan o‘zgarishlarni mushohada etish natijasida Furqat dunyoqarashida jiddiy o‘zgarish bo‘ladi va bu hol uning ijodida o‘z badiiy ifodasini topadi — ma’rifatparvarlik, yevropacha ilm-madaniyat, fan-texnikaga xayrixohlik shoir she’rlarining yetakchi g‘oyasiga aylana boradi. Bu esa Furqatnint ko‘p asrli o‘zbek adabiyotiga yangi mavzular, yangi g‘oyalar olib kirishiga zamin bo‘ldi. Toshkentda ochilgan erlar gimnaziyasi, maorif muassasalari, madaniyat va san’at o‘choqlarini, tobora ko‘proq kirib kelayotgan fantexnika yangiliklarini kuzatish oqibatida uning «Ilm xosiyati», «Gimnaziya», «Vistavka xususida», «Akt majlisi xususida», «Toshkent shaxrida bo‘lg‘on nag‘ma bazmi xususida», «Suvorov» va boshqa asarlari maydonga keldi va ularning barchasi 1890 yillarda «Turkiston viloyatining gazeti»da chop qilindi.
Bu turkum asarlarida Furqat yangilik va taraqqiyotning, ilm-fan va yevropacha maorif-madaniyatning targ‘ibotchisi sifatida namoyon bo‘ladi; o‘z vatandoshlarini zamonaviy bilimlarni puxta egallashga va ilg‘or xalqlar qatoridan o‘rin olishga da’vat etadi. Birok Furqat ayrim zamondoshlari singari rus istilochilik siyosatining asl mohiyatini birdaniga anglay olmadi. Rus, Yevropa madaniyatparvarligi orqasida mahalliy ruslashtirish siyosati pinhon ekanligini so‘ngroq tushunib yetdi. Xuddi shu yillarda yaratilgan «Shoir ahvoli va she’r mubolag‘asi xususida» asarida Furqat ijodkor va badiiy adabiyot xususida ran ochib, she’riyatda realistik tasvir masalasini ko‘tardi.
Furqat hakli ravishda o‘zbek publitsistikasining asoschilaridan biri hisoblanadi. Furqatning publitsist sifatidagi faoliyati 1890 yildan boshlandi. «Turkiston viloyatining gazeti»ga rasman ishga kirdi, gazetani tayyorlashda bevosita katnashdi. Bir yildan ko‘proq vaqt mobaynida Sattorxon kabi ilg‘or ma’rifatparvarlar bilan hamkorlikda ishlab, gazeta sahifalarida o‘z maqolalarini e’lon qildi. Masalan, 1891 yil 1-yarmida «Xo‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. O‘zi yozgoni» publitsistik asarini yozib, shu gazetada e’lon qildi. 1891 yil mayda Samarqandga bordi, osori-atiqalar bilan tanishdi, gazetaga xabarlar yo‘lladi, keyin Buxoroda bo‘ldi. Iyulda esa chet el sayohatiga chiqdi. Uning chet elga sayohati haqida turli taxminlar bor. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u atayin keytib kelmaydigan qilib o‘z yurtidan chiqarib yuborilgan. Xullas, 1891 yilning iyulida Marv —Ashxobod—Boku—Batumi orqali Istanbulga bordi. Do‘stlariga yozgan maktublarida, voqealarni oldindan bilgandek, vatanidan bir umr ajralib qoladigan odamning kayfiyatini aks ettirdi. Masalan, Istanbuldan yozgan «Sabog‘a xitob» she’riy maktubida Vatan ishtiyoqi, do‘stlar sog‘inchi, g‘urbat azoblari va yolg‘izlik motivlari birinchi o‘ringa chiqqan.
Furqat Istanbuldan Bulg‘oriya va Yunonistonga o‘gdi. Bolqon yarim orolining qator shaharlarida bo‘ldi. 1892 yilning martida Istanbuldan O‘rta dengiz orqali Arabistonga — Makka, Jidda, Madina shaharlariga bordi. Makkadagi haj ziyorati munosabati bilan «Hajnoma» asarini yaratdi. So‘ng Bombayga keldi, Hindistonning qator viloyatlariga sayohat qildi. Uning bu davrda yozgan nasriy va nazmiy maktublarida tushkunlik, onayurt sog‘inchi va iztiroblari aks etgan. «Adashganman» radifli hamda «Kashmirda», «Bulbul» deb nomlanuvchi lirik she’rlar turkumi shu jihatdan o‘ziga xos hijronnomadir. 1893 yil martida Furqat Kashmir va Tibet orqali Sharqiy Turkistonga borib, Yorkendda turg‘un yashab qoldi. Oila qurdi. Tabiblikdan xabardor bo‘lgan shoir dorivor o‘simliklar bilan savdo qiluvchi do‘kon ochdi, ijodiy ish va xattotlik bilan shug‘ullandi. Furqat doimo Vataniga qaytish umidi bilan yashadi. Avval boshlagan «Sayohatnoma» asari ustidagi ishni Yorkendda davom ettirdi. Lekin bu asar hanuz topilgani yo‘q. U yerdan Toshkentga publitsistik asarlar, turli mavzudagi xat-maqolalar, Farg‘ona va Toshkentdagi yordo‘stlariga maktublar yo‘llab turgan. Furqat o‘zbek matbuoti tarixida feleton janrini boshlab berdi («Hind nayrangbozi Yorkendda», 1905).
Barkamol lirikasi, jozibali nasri va gublitsistikasi bilan 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qushgan Furqat onavatanidan uzoqda vafot etdi. Uning jasadi Yorkendning Dongdor qabristoniga ko‘milgan. 1990 yil shoir qabri ustiga maqbara qurilgan.
Furqatning she’rlari kitob holida dastlab 1913 yilda Muqimiy she’rlari bilan birga bayoz holida toshbosmada bosilgan edi, 50—80-yillarda ko‘p bor nashr etildi. Shoir hayoti va ijodi haqida qator ilmiy asarlar yozildi, dissertatsiyalar yoqlandi, opera librettosi, kinostsenariy va boshqa yaratildi. O‘zbekistondagi bir qator qishloq, tuman, maktab, ko‘cha va xiyobonlar, bog‘lar uning nomi bilan ataladi.

Abdurashid Abdug‘afurov, 
Begali Qosimov



BAHOR AYYOMIDA

Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman bo‘lsa,
Qilurga sharhi hol, ahli muhabbat ikki tan bo‘lsa.

Xazon ayyomida ul tavba qilgan bo‘lsa ham maydin,
Yetib mayxoralikning mavsumi, paymonshikan bo‘lsa.

Bulut qatra fishonu, ruhafzo sabzalar xandon,
Arig‘larning labida sabzakori bir chaman bo‘lsa.

Havo ham mo‘‘tadil, havzi musaffo, suffai dilkash,
Oqar suv g‘alt urib, sebarga uzra mavjzan bo‘lsa.

Sabui la’l birlan shishai bayzou oltun jom
O‘shal majlisda soqiy bir nigori siymtan bo‘lsa.

Gul uzra andalibu, sarvning boshida qumrilar
Yuzu qad hasratidin ohu faryod aylagan bo‘lsa.

Kishi to‘biyu kavsar, jannatu rizvonni ne qilsun?
Jahon ayvonida hosil bu yanglig‘ anjuman bo‘lsa.

Sururu shodlikni dahr bog‘ida nechuk ko‘rgay?
Kamina Furqatiyning maskani baytul-hazan bo‘lsa.


UMR XUSH O‘TMAS

Umr xush o‘tmas bahor ayyomi sahro bo‘lmasa,
Lolazor ichra bisoti aysh barpo bo‘lmasa.

Hosil o‘lmas bodau jom ila miynodin murod,
Jilvagar to soqiyi gulchehra ando bo‘lmasa.

Bazm ahli bo‘lsalar mayxoralar anda zarif —
Dardi yo‘q ag‘yor o‘shal majlisda aslo bo‘lmasa.

Dahr gulzorida xushdir yaxshi ta’miri bisot,
Gar xazondin gardi hodis anda paydo bo‘lmasa.

Obihayvon birla umri jovidonni ne qilay
Bir xati Xizru labi la’li Masiho bo‘lmasa.

Xok bo‘lsun ul tanekim, ishq o‘tida kuymasa,
Zeripo bo‘lsun sarekim, anda savdo bo‘lmasa.

Furqat aylar orzu bu anjumaini har bahor,
Odam ermas har kishida bu tamanno bo‘lmasa.


OHISTA-OHISTA

Vafo aylab yiroqdin oshkor ohista-ohista,
Bir ishqim aylading, jono, hazor ohista-ohista.

Na yaxshi marhamatlar aylamishsan nomada izhor;
«Muhabbat rasmi qilg‘il» deb shior ohista-ohista.

Jadal birla kishi maqsudig‘a yetgan emas, ore,
Bo‘lur vaqti bilan har nav’ kor ohista-ohista.

Nechuk toqat qilaykim, bora-bora zo‘r etib ishqing,
Ko‘nguldin oldi sabr ila qaror ohista-ohista.

Berib taskin ko‘ngulg‘a: vasliga bir kun yetarman deb
O‘zimni o‘rgatay hajringga, yor, ohista-ohista.

Parishon o‘lmayin to xotiringni jam’i qil, jono,
So‘rab holimni xat birlan biror ohista-ohista.

Nechuk osoyish aylay, ey ko‘ngul oromikim, sensiz
Bo‘lub borur jahon ko‘zimg‘a tor ohista-ohista.

O‘shal kun bir ko‘rib qolganda qilgan novaki g‘amzang
Hanuz aylab kelur ko‘ksim figor ohista-ohista.

Visoling bodasidin qilmasang shodob Furqatni,
Xabar aylar ani hajru xumor ohista-ohista.


RUXSORI AHMAR USTIDA

Termu tobi bodadin ruxsori ahmar ustida?
Qatra-qatra yoki shabnamdur guli tar ustida?

O‘smaliq qoshlarmu yo shamshir qondin zangliq?
Yoki pistoqi to‘kulmish rangi ahzar ustida.

Yuz uza kokulmidur har sori pechutob ila?
Ganji husningmu yotur yo ikki ajdar ustida?

Chehra ochtingmu bu tadbir-la chamanda toldilar,
Xasta bulbul gul uza, qumri sanovbar ustida?

Xoki poyingni taloshur ko‘zga el surmoq uchun,
Ore, har yerda hujum aylar gado zar ustida.

Ikki jodu nargising solg‘ay jahong‘a fitnalar,
Bo‘lmasa uryon qoshingdin ikki xanjar ustida.

Nozanin, sen tashla istig‘noni, xud bori garon,
Noz debosi nazokat xulq paykar ustida.

Furqatiy qoshu ko‘zingdin fitnalar ko‘rdi bale!
Sho‘rish o‘lmoq rasmdur oy tug‘sa axtar ustida.


KASHMIRDA

Bir qamar siymoni ko‘rdim baldai Kashmirda,
Ko‘zlari masxuru yuz jodu erur tasxirda.

Zarra-zarra zar sochar boshig‘a har kun oftob,
Subh kelgach, kecha yotib chashmai iksirda.

Bir ko‘rib chohi zaqan Horut ila Morut ikov,
Chohi Bobil ichra qolmishlar bo‘lak tadbirda.

Lam’ai qiyg‘och ko‘zidin aning barqi nigoh,
Tezlik javharlari gar bo‘lsa har shamshirda.

Qoshi uzra xolining asroridin bir nuqtadur,
Surai Nun o‘qudim payvasta har tafsirda.

Forig‘ ermas hech kim ul dilraboning ishqidin,
Zulfiga dilbastalig‘ har bir juvonu pirda.

Aydim: «Ey, jon ofati, zulfingga bo‘lmishman asir!
Aydi: «Bu savdoni qo‘y, umring o‘tar zanjirda!»

«Nuqta lab ustida bejodur»,— dedim, aydi kulib:
«Sahv qilmish kotibi qudrat magar tahrirda».

Aydi: «Ey bechora, qilding na uchun tarki vatan?»
Man dedim: «G‘urbatda Furqat bor ekan taqdirda!»


KAVLAMA
(Mashrab g‘azaliga muxammas)

Oshiqi dildodadurman dilbarimni kavlama,
Axgar o‘ldi g‘am o‘tida paykarimni kavlama,
Sayr qildim bahru bar xushku tarimni kavlama,
Ey sabo, g‘amzodadurman, bistarimni kavlama,
Chun shafaq oludaman xokistorimni kavlama!

Charxi kajraftordin behad alomatlar kelur,
Bu sabab ko‘zdin yuza ashki nadomatlar kelur,
Gar yurakni qo‘zg‘asam shirin hikoyatlar kelur,
Har zamone Laylidin menga kitobatlar kelur,
Sanki Majnun bo‘lmasang sardaftarimni kavlama!

G‘amdin ozoda bilur ozodalarni holini,
Yo‘qsa miskin na bilur shahzodalarni holini
Xurdadonlar bilmadilar soddalarni holini,
Xonavayronlar bilur aftodalarni holini.
Eyki mahram bo‘lmasang chashmi tarimni kavlama!

Ishq savdosi tushub boshimg‘a, ahvolim xarob,
Jonim aylar tan aro siymob yanglig‘ iztirob,
Ta’na qilma, zohido, ko‘nglumda g‘amlar behisob,
To kishig‘a dard tegmay bo‘lmadi bagri kabob,
Dilda darding bo‘lmasa dardi sarimni kavlama!

Necha kunlar hamdam o‘zga vahshiyu tayr ayladim,
Bilmadim bu yo‘lda shar’ qildim vayo xayr ayladim
G‘am hujum etti aning-chun maskanim dayr ayladim,
Lomakonni shahrini bir hu bila sayr ayladim,
Jabraili ishqman, bolu parimni kavlama!

Gah o‘zimni suvg‘a urdum, goh o‘tga dam-badam,
Bo‘lmadi davron safosi lahzae boshimg‘a kam,
To shariatni tutub qo‘ydum tariqatga qadam,
Bahri rahmatga kprib qildim vujudimni adam,
Ma’rifatdin bexabarsen, gavharimni kavlama!

Chun qadam qo‘ydung bu yo‘lg‘a bo‘lma bematlab vale,
Faxri zillat bo‘l, talashma g‘urbati mansab vale,
Furqatiy, sargashta bo‘lsang, yig‘lagil har shab vale,
Durri daryoyi maoniy bo‘ldu chun Mashrab vale,
Diyda bino bo‘lmasang ko‘b javharimni kavlama!


SAYDING QO‘YABER, SAYYOD

Saydnng qo‘yaber, sayyod, sayyora ekan mendek,
Ol domipi bo‘ynidin, bechora ekan mendek,
O‘z yorini topmasdan ovora ekan mendek,
Iqboli nigun, baxti ham qora ekan mendek,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.

Kes rishtanikim, qilsun chappaklar otib jasta,
Hajrida alam tortib, bo‘ldi jigari xasta.
Tog‘larg‘a chiqib bo‘lsun yori bila payvasta,
Kel, qo‘yma balo domi birla oni po basta,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendsk,
Kuygan jigari bagri sadpora ekan mendek.

Besh kun seni davringda bechora xirom etsun,
Ohular ila o‘ynab, ayshini mudom etsun,
Yomg‘ur suvi to‘lganda, tog‘ lolani jom etsun,
Haqqingg‘a duo aylab, umrini tamom etsun,
Hijron o‘qidnn jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jpgari bagri sadpora ekan mendek.

Sargashta bu vodiyda bnr boshng‘a rahm etkil,
Yo‘q toqati bandingga, bardoshiga rahm etkil,
Yig‘lab senga termulur, ko‘z yoshiga rahm etkil,
Rahm etmasang o‘ziga, yo‘ldoshiga rahm etkil,
Hijron o‘qidip jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadiora ekan mendek.

Tog‘da ochilib lola, yer sabza bahor o‘lsa,
Axir bu nechuk bedod, olam anga tor o‘lsa?
Chiqmay desa joyidin, uzlatda figor o‘lsa,
Gar chiqsa banogohi domeg‘a duchor o‘lsa,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.

Bechorani zulm aylab, qo‘l-bo‘ynini bog‘labsan,
Har sori chekib-sudrab, o‘ldirgali chog‘labsan,
Ko‘ksini jafo birla lola kabi dog‘labsan,
Sot menga, agar qasding olg‘uvchi so‘rog‘labsan,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.

Yo‘q hushi, pari tekkan devonag‘a o‘xshaydur,
Ko‘z yoshi yana to‘lgan paymonag‘a o‘xshaydur,
G‘am seli bilan ko‘ngli vayronag‘a o‘xshaydur,
Furqatda bu Sa’dullo hayronag‘a o‘xshaydur,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora zkan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.