OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jahonotin Uvaysiy (1779-1845)

Uvaysiy (taxallusi; ismi Jahon) (1779 — Marg‘ilon —1845) — shoira, ma’rifatparvar. Uvaysiy oilada xat-savodini chiqarib, avval xalfa, so‘ngra onasining yonida maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofizdan she’riyat ilmini o‘rgangan, tez orada shoira, otin sifatida tanilgan. U, ayniqsa, aruzni, muammo (she’rda fikrni yashirib ifodalash) san’atini mukammal egallagan. Qo‘qon adabiy muhiti bilan yaqinlashib, mushoiralarda qatnashgan. Saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga she’riyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. Dilshod otinning ma’lumot berishicha, Uvaysiy Nodira bilan Konibodom, Xo‘jand, O‘ratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarga borgan. 1842 yilda Buxoro amiri Nasrullaxon Qo‘qonni egallagach, Marg‘ilonga qaytib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan.
Uvaysiy 4 devon tuzganligi ma’lum. Lekin bu devonlarning asl qo‘lyozmalari topilmagan. Uvaysiy mumtoz o‘zbek she’riyatining barcha janrlarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy va boshqalarning asarlariga muxammaslar bog‘lagan. Shoiraning adabiy merosida 269 g’azal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabba, chistoy, 3 doston, tugallanmagan bir manzuma bor. Ijodining g‘oyaviy mavzu doirasi teran va ko‘p qirrali.
Shoira adabiyotda taraqqiyparvar namoyandalarning qarashlari asosida maydonga kelgan inson taqdiri, shaxs erki va ma’rifatparvarlik g‘oyalarida latif va dilkash asarlar yaratgan, asarlarida insonni e’zozlash, odamlarni tabiat va hayot noz-ne’matlaridan bahramand bo‘lishga undash, do‘stlik, vafo va sadoqat haqidagi ulug‘vor niyatlarini Qur’on oyatlari, hadislar va tasavvufiy talqinlar bilan asoslagan holda ijodiy barkamollikka erishgan. Uning she’rlarida tariqatning talab va qoidalariga taallukli bo‘lgan talqinlar ko‘p uchraydi:
Fano mardumlarini sirridin hech kimsa yo‘q ogoh,
Qabih guftor mardumdin ko‘ngul dog‘ o‘ldi, dog‘ o‘ldi.

Uvaysiy o‘z asarlarida yuksak odamiylikni, shu odamiylikni qalb to‘rida avaylovchi vafodor yorni ulug‘laydi, uni Quyosh bilan qiyos qiladi. Quyosh har tong ufqdan bosh ko‘tarib, o‘zining otashin nuri bilan olamga, odamlarga o‘z mehr va shafqatini sochadi. Shoira yor va oftob tashbihlaridan qarshilantirish san’ati orqali eng go‘zal tuyg‘ular silsilasini yaratadi. Uning lirik qahramoni mushohadakor donishmand, vafoli oshiq.
Uning anor haqidagi mashhur chistoni o‘zining muhim mazmuni va yuksak badiiyligi bilan shoira ijodining yorqin bir sahifasi sifatida ko‘zga tashlanadi:
Bu na gumbazdur, eshigi, tuynugidin yo‘q nishon,
Necha gulgun pok qizlar manzil aylabdur makon?
Tuynugin ochib, alarning holidan olsam xabar,
Yuzlarida parda tortug‘liq tururlar, bag‘ri qon.

Uvaysiy hayotlik davridayoq nafis lirikasi bilan mashhur bo‘lgan va zamondoshlarining e’tiborini qozongan. Lirik she’rlaridan tashqari, uning «Shahzoda Hasan», «Shahzoda Husan» kabi liroepik asarlari va «Voqeoti Muhammad Alixon» kabi tarixiy dostonlari mavjud. Shoiraning liroepik dostonlari islom tarixi bilan bog‘liq voqealar asosida yaratilgan.
Uvaysiy asarlari o‘zining latif mazmuni va dilkash badiiyligi bilan xalq ommasi orasida keng yoyilgan, hofizlar, xonandalar tomonidan maqom va xalq ohanglari yo‘lida kuylanib kelinadi. Uning xattotlar tomonidan ko‘chirilgan 3 nusxa qo‘lyozma devoni O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Andijon universiteti kutubxonasida saqlanadi.

 

UVAYSIYMAN

Mehnatu alamlarga mubtalo Uvaysiyman, 
Qayda dard eli bo’lsa, oshno Uvaysiyman,

Istadim bu olamni, topmadim vafo ahlin, 
Barchadin yumub ko’zni muddao Uvaysiyman.

Uz diling taalluqdin, band qil xudo sori, 
To degil kecha-kunduz: “Mosivo Uvaysiyman!”

Kechalar fig’onimdin tinmadi kavokiblar, 
Arz to samo uzra mojaro Uvaysiyman.

To ko’rib xarobotin ta’na etma, ey zohid, 
Bir nafas emas xoli iqtido Uvaysiyman.

Faqr borgohiga qo’ysa gar qadam har kim, 
Bosh agar kerak bo’lsa, jonfido Uvaysiyman.

Vaysiy beriyozat deb sahl tutma, ey orif, 
Ishq aro nihon dardi bedavo Uvaysiyman.

KO’NGUL DOG’ O’LDI…

Zamona kulfatidin bu ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi, 
Bu charxi bemuruvvatdin ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

Jarohat bo’ldi bag’rim tig’I bedodi raqiblardin, 
Bu ko’tohfahm mardumdin ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

Bu gulzori fano ichra mahali bexalal yo’qtur, 
Hamesha zaxmi xorodin ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

Fano mardumlarini sirridin hech kimsa yo’q ogah, 
Qabihguftor mardumdin ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

Ko’ngul qoni farog’I diydadin bir lahza band o’lmas, 
Vujudim iztirob aylab ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

Turubdur bag’rim ichra qon misoli g’uncha, naylarman, 
Ochilmay gulsifat ushbu ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

So’zimdin xotiring uzra gumone o’zga yetkurma
Ki, izhor aylamay naylay, ko’ngul dog’ o’ldu, dog’ o’ldu.

Men rasvoyi olamdin mabodo e’tiroz etma, 
Takallum birla shod ayla, ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

Ko’ngulni otashin bejo qilibdur nutqi guftori, 
Qayu bog’ andalibidin ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

Bu so’zni ayladi barpo ajab gustohlik birla, 
Maloli xotir o’lg’aymu, ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

Ajab ash’ori mavzun bog’ladi Vaysiy hasaddinkim, 
Umarxon zufununekim, ko’ngul dog’ o’ldi, dog’ o’ldi.

SOG’INDIM

Bugun, ey do’stlar, farzandi jononimni sog’indim, 
Gado bo’lsam, ne ayb, ul shohi davronimni sog’indim.

Musofirman, g’aribman, bekasu ham benavodurman, 
Vujudim darda to’ldi, emdi darmonimni sog’indim.

Tilimning zikriyu ko’nglimni fikri, yaxshi farzandim, 
Azizim, yolg’uzim, davlatli sultonimni sog’indim.

Kecha-kunduz yo’lig’a muntazirdurman, tikarman ko’z, 
Kelib holim so’rubon ketsa, mehmonimni sog’indim.

Nasibin uzmadi tangrim, ilojin topmag’ay kelsa, 
Onam deb bo’lg’usi bag’ri qizil, qonimni sog’indim.

Qorong’u bo’ldi olam ko’zima ushbu judolikdin, 
Ko’zu ko’nglum ziyosi, mohi tobonimni sog’indim.

Meni bekas Uvaysiy yig’lag’ayman ro’zi shab tinmay, 
Uyimning ziynati, ko’z ravshani, xonimni sog’indim.

QABUL ETKIL

Kelibman dargahingga, shohi xo’bonim, qabul etkil, 
Bag’ir qonim bila bul chashmi giryonim qabul etkil.

Umid aylab talab olmoqqa kirdim rohi pokingga, 
Yo’lingda aylagan faryodu afg’onim qabul etkil.

Tushubdur boshima savdoyi ishqing, ey shahanshohim, 
Alam bozorida bul dardi pinhonim qabul etkil.

O’tubdur gavhari noyobi umrim toki g’aflatda, 
Tazarru’ zor ilan qilg’on pushaymonim qabul etkil.

Tegibdur novakingdin necha o’q jismim aro pinhon, 
Shahidi ishq o’lmoqqa oqan qonim qabul etkil.

Uvaysiy garchi noqobil, kelibdur ostoningg’a, 
Fig’onu ohi so’zonini, sultonim, qabul etkil.

CHIQIB ISHQ O’TI…

Chiqib ishq o’ti ko’ksim chokidin, boshimdin oshibdur, 
Quruq shoxeki, go’yo o’z ichidin o’t tutoshibdur.

Ko’zing jon labga yetkurdi, labing jon qo’shti jonimg’a, 
Bu ikki do’stlar ul joni mahzunim taloshibdur.

Azal kunda asar etgandi sirri may qulog’img’a, 
Bugun, vah, dil bulog’I jo’sh urmoqliqda toshibdur.

Visoling orzusi shiddati hijronni yiqmoqda, 
Bu ikki pahlavon maydoni dil uzra kuroshibdur.

Uvaysiy, olma boshing zikru fikri yor yodidin, 
Suluki ishq aro be yodi haq yo’ldin odoshibdur.

MUNOSIB

Ey gul, jigarim qoni uzoringg’a munosib, 
Yuz porali ko’ksum dag’I xoringg’a munosib.

Sarf aylama har bexabara la’li qadising, 
To qahru g’azab meni zoringg’a munosib.

Tun sog’arida sharbati bedorlig’ ichsang, 
Mastonalig’ ul chashmi xumoringg’a munosib.

To qildi muattar xati rayhoni sahargoh, 
Xushholligim husni bahoringg’a munosib.

Man’ etma tarahhum etibon, yor, yo’lungdin, 
Ashkim yo’l aro man’I g’uvoringg’a munosib.

Dil manzarini pok etibon muntazir o’ldum, 
Bo’lg’oymu ekin tab’I gulzoringg’a munosib?

Rashk otashini, Vaysiy, bugun ayla mukarrar, 
Yuz sen kabi devona nigoringg’a munosib.

KOKULING

Bo’lmasaydi to parishonlig’da zebo kokuling, 
Qilmag’aydim shona chog’ida tamosho kokuling.

O’rmasam erdim olib ilgimga ul mashshotni, 
Qilmag’ay erdi meni olamga rasvo kokuling.

Yo xaridor o’lmasam erdim junun bozorida, 
Solmag’aydi boshima yuz rangli savdo kokuling.

Huxni ruxsoring to’yo ko’rgan edim qadr tuni, 
Qilmasaydi yuzlaring ustida g’avg’o kokuling.

Qolmag’aydim norasolar ta’nayi pinhonig’a, 
Etmasaydi sirrimi elga huvaydo kokuling.

Qo’nmasaydi moh ruxsoringg’a ko’nglumning qushi, 
Tushmagaydi tori to bo’ynumga yaldo kokuling.

Osmasayding jon olur vaqtinda zulfing dor etib, 
Bo’lmag’aydi muncha Vaysiyga mujallo kokuling.

MENDIN O’RGANDI

Ki bulbul nola, afg’on aylamakni mendin o’rgandi, 
Vujudin sham’I so’zon aylamakni mendin o’rgandi.

Borib sahroga, qon bag’rimdin izhor ayladim bir kun, 
Falak bag’rin qizil qon aylamakni mendin o’rgandi.

Shafaq xun bo’lg’usi, dil, yor mehri gar nihon bo’lsa, 
Samo gulguni domon aylamakni mendin o’rgandi.

Ko’rub abro’ hiloling, jon fido qildim jamolingga, 
Ul oy husniga qurbon aylamakni mendin o’rgandi.

Fig’onkim, g’am tarog’I xasta ko’nglum resh-resh etti, 
Sanam zulfin parishon aylamakni mendin o’rgandi.

Seni izlarman andoqkim, quyosh diydorin izlarda, 
Kezib tun-kun, shitobon aylamakni mendin o’rgandi.

Qanoat qildi Vaysiy, topti dildin gavhari nazmin, 
Sadaf ham durri g’alton aylamakni mendin o’rgandi.

CHISTON

Ul na gumbazdur: eshigi, tuynugidin yo’q nishon, 
Necha gulgunpo’sh qizlar manzil aylabdur makon. 
Sindurub gumbazni, qizlar holidin olsam xabar, 
Yuzlarida parda tortig’liq, turarlar bag’ri qon.

OSHIQ BO`LMISHAM

Bir pari paykar sumanbar yora oshiq bo`lmisham, 
La'li dilkash, so`zi xush dildora oshiq bo`lmisham.

Maddi ohim ko`kdadur, sorug` yuzumda ashki ol,
Ul qaddi ra'no, yuzi gulnora oshiq bo`lmisham.

Qilm gulqanding ila za'fim ilojin, e hakim,
menki, gulbargi shakar guftora oshiq bo`lmisham.

Nolau afg`on ertarman qumridek bulbul kabi, 
Na ushunkim, sarvigulruxsora oshiq bo`lmisham

Lablaringdin to ko`rinshim xush-xush inju tishlaring,
La'li birla ul duri shahvora oshiq bo`lmisham.

Do`stlar ko`nglum olon zulfi musulmonkush erur,
Kofiredur, kokuli zunnora oshiq bo`lmisham.

O`zni qutqarmoq uchun yeldim-yugurdim har sari,
Oh vovayloki, bora-bora oshiq bo`lmisham.

Manzilu ko`yu, aloyiq bandidin ozodman
To tariqi `hojai Ahrora oshiq bo`lmisham.

Baski, sargardon, quyun yanglig` yugurmakdur ishim, 
Ishq vodisiga man ovora oshiq bo`lmisham.

Vaysiydin xush istamaklik yo`q munosib ne uchun?
Bir pari paykar sumanbar yora oshiq bo`lmisham.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.