OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shermuhammad Munis (1778-1829)

Munis Xorazmiy (taxallusi; asl ism-sharifi Shermuhammad Amir Avazbiy o‘g‘li) (1778— Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘i — 1829) — shoir, tarixnavis, tarjimon, xattot va ma’rifatparvar. Dastlabki ma’lumotni tug‘ilgan qishlog‘ida olgan, keyinchalik Xiva madrasalarida o‘qigan. 1800 yilda otasi vafot etgach, Avaz Muhammad Inoq Munisni saroyning farmonnavis kotibi qilib tayinlagan. 
Munis zamonasining mashhur olim, shoir va san’atkorlari bilan yaqin aloqada bo‘lib, bilimi, salohiyati va kuch-quvvatini she’riyatga, ilm-fan va ma’rifatga bag‘ishlagan. Munis 1804 yilda birinchi she’rlar devoni — «Devoni Munis»ni yaratgan. 1806 yilda Eltuzarxon Munisga Xiva xonligi haqida kitob yozishni topshirgan. Munis o‘z asarini Sherg‘ozixon davrigacha yozib yetkazganda, Eltuzarxon fojiali halok bo‘ladi. Munis kitobini davom ettiradi va 1819 yilda Mirxondning «Ravzat us-safo» («Soflik bogi») tarixiy asarini turkiy tilga tarjima qilishni boshlaydi. Munis bu asarning 1-jildini tarjima qilishga ulguradi. U bu ikki asarni ham tugata olmay vafot etadi. Uning «Firdavs ul-iqbol» («Baxtlar bogi») asarini va «Ravzat us-safo» tarjimasini shogirdi Ogahiy nihoyasiga yetkazadi. Munisning «Firdavs ul-iqbol» asari uzoq davrni qamrab olgan bo‘lib, Markaziy Osiyo, ayniqsa, Xiva xonligi tarixini o‘rganishda qimmatli manbadir. Asarda Xorazmning qadimiy davri bilan bir qatorda, Xiva xonligining 1825  yilgacha bo‘lgan siyosiy tarixi bayon etilgan, toj-taxt, boylik uchun olib borilgan kurashlar va, shuningdek, Xiva xonlarining qo‘shni turkman va qoraqalpoq xalqlari bilan bo‘lgan munosabatlari haqida ham ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan.
Asar muqaddima, 5 bob va xotimadan iborat. 1-bobda Odam Atodan to Nuh payg‘ambar avlodigacha bo‘lgan qodisalar yoritilgan. 2-bobda Yofasdan Qo‘ng‘irot sho‘basigacha bo‘lgan mo‘g‘ul hukmdorlari davri xususida fikr yuritilgan. 3-bobda Kurlos avlodiga mansub podshohlar davrida sodir bo‘lgan voqealar to‘g‘risida yozilgan. 4-bobda Eltuzarxonning ota-bobolari xayoti tasvirlangan. 5-bobda Eltuzarxonning tug‘ilishidan bu asarning yozilib tamom bo‘lishiga qadar bo‘lgan voqealar xususida qalam tebratilgan. Xotima esa olimlar, avliyo, amir, bek, shoir, hunarmandlar haqida ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Munis o‘z davridagi sug‘orish inshootlari va yer-suv munosabatlariga doir «Arnalar» (arna-anhor, kanal) nomli risola ham yozgan. Bu risola 18-asr oxiri va 19-asr boshlaridagi dehqonchilik bilan bog‘liq, ijtimoiy munosabatlarni o‘rganishda ahamiyatli. Munisning asosiy adabiy merosi — 1815—20 yillarda tuzilgan «Munis ul-ushshoq» («Oshiqlar do‘sti») devoni g‘azal, muxammas, kasida, ruboiy, qit’a va boshqa janrlardan iborat bo‘lib, 20000 dan ziyod misrani o‘z ichiga olgan. U xattotlar tomonidan qayta-qayta ko‘chirilib, 1880 yilda Xiva toshbosmasida nashr etilgan.
Munis Navoiyning «Mezon ul-avzon», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher» asarlarini kitobat qilgan (1794, 1797). Ayniqsa, «Mezon ul-avzon»ni oldingi ayrim xattotlar yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatib, savodli ko‘chirgan. Bu uning aruz ilmining xos bilimdoni ekanligidan ham dalolat beradi.
Munisning savod chiqarishni yengillatish va xusnixat san’atini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan «Savodi ta’lim» (1804) she’riy risolasi ham bor. Devonlarining bir necha qo‘lyozma nusxalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sharq qo‘lyozma asarlari fondida saqlanadi.

Nusratullo Jumayev

QILMANGIZ

Do’stlar, mensiz dame ohangi ishrat qilmangiz, 
Siz ichib sahbo, meni xunxori hasrat qilmangiz.

Gar muyassar bo’lsa bir mahbub ila bazmi nishot, 
Mensiziz suhbat tuzarga maylu rag’bat qilmangiz.

Topsangiz bazmi visole, anda yod etmay meni, 
Zor ko’nglumni asiri dog’I furqat qilmangiz.

Men kibi yo’qdur aroda, mankubu maxmuri aysh, 
Kimsaga mendin ziyoda boda shafqa qilmangiz.

Ahli donish birla har dam aylangiz bazmi kitob, 
Jam’I nodonlar bila izhori ulfat qilmangiz.

Do’st uldurkim, yomon kun yuz evurmas do’stidin, 
Munis ahvolin ko’rub tarki muhabbat qilmangiz.

 

OSHNO

Davlating borida bordur ahli olam oshno, 
Qaytg’ach davlat, jahonda topilur kam oshno.

Uyla bekaslik meni mahzung’a topmish dastkim, 
Bir kishi yo’qdur mango juz kulfatu g’am oshno.

Baski, davron xohishi begonaliq solmoqdurur, 
Bir-biriga bo’la olmas ikki hamdam oshno.

Kimki bo’ldi oshno, bot ayladi begonalig’, 
Topmadim bu davr aro bir ahdi mahkam oshno.

Gar vafo bo’lsa, parida bo’lg’ay erdi, ko’rmadim, 
Bo’ldilar har nechakim avlodi odam oshno.

Hajr ranjidin o’larga yetmishamkim, ko’rsalar, 
Holima tutg’ay azo begona, motam oshno.

Ishq aro ul nav’ erur vahshat men majnung’akim, 
O’zgani demay, bo’la olmas ko’ngul ham oshno.

Dard chekmak, ashk to’kmak ishq eliga xosdur, 
Har ko’ngulga dard, har ko’zga emas nam oshno.

Munis, davron g’ami begona bo’lsa tong emas
Kim, senga bo’lmish biyik donishvar Akram oshno.

 

BASE G’AM BORIDIN…

Base g’am boridin chekmish og’irni, 
Yog’ir bo’lmish hazin ko’nglim yog’irni.

Falak g’am yuklarin solg’onda elga, 
Yog’irnimg’a mening qo’ymish og’irni.

Bilursan g’am yukin ko’p chekkanimni
Yog’irnim ustida ko’rsang yog’irni.

Iting ko’rsam, manga uns aylasun deb, 
Berurman gah ko’nguln, gah bog’irni.

Raqib ollingda bo’lmoqdin hazinman, 
Tilarman ko’rmasam ul bo’lmog’irni.

Zamon ahlig’a bo’lmish shikva oyin, 
Netong, sevsam agar gungu sog’irni.

Najote istasang Munisg’a g’amdin, 
Ayoqchi, tut anga har dam chog’irni.

 

HANUZ

Vahki, ul zolim meni mazlumga qotil hanuz, 
Ya’ni ag’yorimg’a yuz ming mehr ila moyil hanuz.

Yoshurun sirrimni demay, xalq anglab, voykim, 
Aytib anglatmoq bila holimni ul g’ofil hanuz.

Vah, nechuk bahr erdi hijronkim, minib g’am zavraqin, 
Har necha qat’ aylaram, mavjud emas sohil hanuz.

Ko’zu ko’nglumdin balog’a qoldim, ore, kimsaga
Sud yetkurgan emas ahbobi noqobil hanuz.

Nafyi ilmi ishq etib, qilmoq nedur isboti vavq, 
Kelmamish, zohid, jahong’a sen kibi johil hanuz.

Muniso, hushing bor ersa, dahri dun tarkini tut
Kim, oning bo’lg’on emastur moyili oqil hanuz.

 

KO’NGLUMA BIR GUL G’AMIDIN…

Ko’ngluma bir gul g’amidin sonchlibdur xorlar, 
Ohkim, har xoridin jonimdadur ozorlar.

Aylamish ko’nlumni majnun jilvayi laylivashi
Kim, asiri g’amzasidurlar pariruxsorlar.

Turfa ayyoreki, din naqdin olurda turrasi, 
O’rganurlar andin o’g’riliq ishin tarrorlar.

Gardishi chashmidadur kayfiyati davri qadah, 
Men bilibdurmanki, bilmaslar ani hushyorlar.

Muniso, ag’yor gar hamsuhbat o’lsa yor ila, 
Bo’lma mahzun, hamdami gul bo’lg’usidur xorlar.

 

QAYSI GULNING…

Qaysi gulning men kibi bir andalibi zori bor? 
Qaysi bulbulning seningden bir guli bexori bor?

Qaysi ra’no sarvqadg’a qumriye bor men kibi? 
Qaysi qumrini qadingdek sarvi xushraftori bor?

Qaysi laylivash pari majnuni bor men telbadek? 
Qaysi majnunning meningdek bir pariruxsori bor?

Qaysi yor ollida mendek oshiqi jonboz erur? 
Qaysi oshiqning seningdek nozanin dildori bor?

Qaysi bir ayyorning bor men kibi sargashtasi? 
Qaysi bir sargashtaning sendek buti ayyori bor?

Qaysi shohning Munisi mahzun kibi bordur quli? 
Qaysi gulning sen kibi shohi falakmiqdori bor?

 

USTOZLAR E’TIROFI

Voliyi mulki tariqat gar Nizomiydur mango, 
Manzili ma’nig’a Xizri roh Jomiydur mango.

Xotirimg’a Xusrafidin har zamon sho’re yetib, 
Banda davronning bori shirinkalomidur mango.

Piri ansoriy so’zidin choshni nutqum topib, 
So’zda hosil sharbati yuh’yil-izomidur mango.

Hofizi Sheroz lutfidin taraqqiylar topib, 
Jilvagoh ahli tasavvufning maqimidur mango.

Yuzima Attor har lahza do’koni fayz ochib, 
Doim andin atrparvar jon mashomidur mango.

Fayzi Firdavsiy gahi ko’nlum ochibdur biyddek, 
Goh Hoqoniy futuhining payomidur mango.

Goh tab’im Anvariy nuri bila ravshan bo’lub, 
Goh Sa’diy jomining fayzi mudomidur mango.

Topibon ishqi Iroqiydin zamirim nash’aye, 
Hosil, ahli ishqning sho’ri tamomiydur mango.

Nusxayi ta’bidi Bedildin topib fayzi suxan, 
Ma’ni ichra nomayi iqboli tomiydur mango.

Qilsa hosid daxli bejo, so’z aro yo’qtur g’amim
Kim, bu ma’nida Navoiy ruhi homiydur mango.

Tong emas, Munis, agar bo’lsam kiromiyqadrkim, 
Ustodi zohiru botin Kiromiydur mango.

 

SHUARO

Yutubon bu zamonda qon shuaro, 
Nazm etar gavhari fig’on shuaro.

Yerga xurshiddek solur davron
Qilsalar sayri osmon shuaro.

Do’stlar lutfidin qilur mahjur
Baski, bor dushmani zamon shuaro.

Yuz xushomad bila gadolig’ etib, 
Topa olmas yemakka non shuaro.

Davlat asroridin erur g’ofil, 
Har necha ersa nuqtadon shuaro.

Bo’lub iflosdin zarurat ila
Xissat ahlig’a madhxon shuaro.

She’ri yanglig’ kezar mahofil aro
Qilg’ali dardi dil ayon shuaro.

Go’yiyo ro’zgor anosidin
Tug’di kulfatga tav’amon shuaro.

Dardmandu jafokash elga qilur
Nazm ila dardini bayon shuaro.

Ahli davlatga bo’lsa ham maddoh, 
Topmas iqboldin nishon shuaro.

G’ussadin o’lgay erdi, topmas esa
She’ridek yori hamzabon shuaro.

Baski, davron erur hunardushman, 
Ko’radur fazlidin ziyon shuaro.

Mizbonlig’ qilurg’a yo’q nimasi
Bo’lsa Munisga mehmon shuaro.

 

SO’Z

Garchi avval bor edi mahbubi gulruxsora so’z, 
Lek erur holo base mankubu baxti qora so’z.

Shoiri sho’ridaga diljam’liq qaydin yetar, 
Daxli bejodin avom olllidadur yuz pora so’z.

Dema, so’z atrofiga chekmish livoyi ishtihor, 
Qadrdone topmay o’lmish dahrda ovora so’z.

Shoir o’z ahvolig’a darmondavu fazl ahli xor, 
Ohkim topmas bu davron ichra bir g’amxora so’z.

Qilma izhori suxanvarlik farog’e istasang, 
Siymu zar o’rniga yer boshig’a sangi xora so’z.

Xoh nazmu xoh nasr o’lsun fazilat ahlidek
Xorlig’ domonig’a chekmish oyoq yakbora so’z.

So’z chu mundoq xor esa, so’z ahli mundoq xoksor, 
Vah ne til birla deolg’ay Munisi bechora so’z.

 

KERAKMASMU SANGA?

Istading, ey dil, ko’zin, joning kerakmasmu sanga? 
Kufri zulfin sevding, imoning kerakmasmu sanga?

Dardu g’am seli bila buzding ko’ngil koshonasin, 
Ey malohat ganji, vayroning kerakmasmu sanga?

Jam’ etib, o’tlug’ ko’ngullarni muqayyad aylading, 
Halqayi zulfi parishoning kerakmasmu sanga?

Tiyri g’amzang muddaiy ko’ngliga zoye’ qilmakim, 
Ul xadafdur xora, paykoning kerakmasmu sanga?

Sarsari ohimni, ey gardun, qilursan tundu tez, 
Mash’ali xurshedi raxshoning kerakmasmu sanga?

Ey gul, aylarsan jafo xorin urub, Munisga javr, 
Andalibi dilkash ilhoming kerakmasmu sanga?

 

G’UNCHA

Tabassumda ko’rub rangin labingni nogihon g’uncha, 
Qilib diltanglik zohir, ichidin bo’ldi qon g’uncha.

Sabo tahrikidin, yo’q, balki og’zing sharmidin boshin
Quyi solmoqqa moyil bo’lg’usidur har zamon g’uncha.

Ochiq chehrangni to ko’rdi dema, ey, gul ochilmishdur, 
Xijolat g’oyatidin aylamish kulgu ayon g’uncha.

Ko’ngul tor og’zinga bir handada oldurdim, ey gulrux, 
Kishi ko’rganmu erkan bu sifat bir dilsiton g’uncha?

Omonlik istasang bu bog’ aro, xomush bo’l doim
Ki, ofatdin omondur sirrin aytar to nihon g’uncha.

Sening og’zing xayolidin qilur ko’nglum qushi nola, 
Erur bois chu bulbul qilsa faryodu fig’on g’uncha.

Ko’ngul jam’iyati topsa xalal ermas, taajjubkim, 
Emas bu bog’ aro oshufta bo’lmoqdin omon g’uncha.

Nedur bu razmgoh ichra boshingga istamaklik xud
Ki, el xayli o’qig’a bordur avvalroq nishon g’uncha.

Shitobon bo’lma, rif’at qullasig’a to kun ermassen, 
Kamin aylab yotibdur yo’lda sheri osmon, g’uncha.

Fig’onkim, barcha bu gulshan vidoidin emas emin
Ki, gah gul uzmak etmish da’b, gohi, bog’bon g’uncha.

Aning ruhsoru la’li o’yla rangindurki, ey Munis, 
Agar ko’rsa, bo’lur afsurda gul ham notavon g’uncha.

 

AHBOB

Qilurlar bir-birining suhbatin garchi havas ahbob, 
Emaslar lek davron gardishidin dastras ahbob.

Falak mundog’ki dushmankomlig’ zohir qilur har dam, 
Emaslar hech forig’ g’am chekardin bir nafas ahbob.

Muhabbat rasmidin ogoh etib, minnat tutub bergil, 
Agar jon naqdini sendin qilurlar multamas ahbob.

Zamona ahlining manzuridur chun moli jam’iyat, 
Qachon topg’ay meningdek bir g’arib be hechkas ahbob.

Erurmen o’yla bekaskim, borurg’a bog’lasam mahmil, 
Topilmas aylamakka nola andoqkim jaras, ahbob.

Tutay kimdin umidi marhamatkim, yoqg’ali jonim –
Urarlar otash a’dovu solurlar xoru xas ahbob.

Desang, a’do shikasti davlatimg’a topmasunlar dast, 
Yig’ atrofingg’a, ey shoh, adl birla peshu pas ahbob.

Shakar yanglig’ jahon ahlig’a shirinkomliq yetkur, 
Hujum etsun desang ustingda andoqkim magas ahbob.

Erur bir gul havosi bilra Munis ko’ngli bolafshon, 
Nechuk saqlarlar aylab oni mahbusi qafas ahbob.

 

OFTOB

Bo’lmasa jinsi jamolingga xaridor oftob, 
Ne uchun zarposhlig’lar aylar izhor oftob?

Senki shohi husnsen, har kun qilib qulluq sanga, 
Sajda aylarga qo’yar tufroqqa ruxsor oftob.

Chiq jamolingni ochib, to elga husnin sotg’ali, 
Qilmasun olam aro ko’p arzi diydor oftob.

Xokbo’sing husn eliga mujibi izzatdurur, 
Charx uza chiqmas yo’lingda bo’lmayin xor oftob…

Sham’I vaslingdin agar yetsa furug’e basdurur, 
Andin o’zga shomi hajrimg’a ne darkor oftob.

Davri ruxsoringda mushkin zulf emastur go’yoyo, 
Qildi fosh oyinasi girdida zangor oftob.

Ne uchun shomu sahar boshing uza aylanmasun, 
Ko’rmamish husning kibi bu charxi davvor oftob.

Rutbayi oliy tilarsen, sof qil ko’nglingnikim, 
Irtifo’ aylarg’a mundindur sazovor oftob.

Yurutur yaxshi amal qabringni, yo’qsa, sud emas, 
Tojing uzra bo’lsa gar har durri shahvor oftob.

Bo’l tafarrudpesha, Muniskim, Masihog’a maqom
Bo’ldi bu ishdin sipehr avjida to bor oftob.

 

HAJRIDA YOMON HOLIM

Kulbam sari jononim kelmasmu ekin oyo, 
Hajrida yomon holim, bilmasmu ekin oyo?

So’rmoqqa borur yorim oshiqlari ahvolin, 
Deb ul meni ham oshiq, kelmasmu ekin oyo?

Hajrida qolib yillar, olmas xabare mandin, 
Ollida kishi yodim qilmasmu ekin oyo?

So’rg’ay edi holimni, oshiqlaridin bilsa, 
Gar bilsa, dog’I ko’zga ilmasmu ekin oyo?

Xanjar chekib el bag’rin tilmakdin etar ehson, 
Bag’rimni mening yorab, tilmasmu ekin oyo?

Baskim to’ladur yoshdin, ko’zni ocha olmasman, 
Bir lutf iligi oni silmasmu ekin oyo?

Gulzori visolig’a Munis yeta olmas hech, 
Aylab talabin yeldek yelmasmu ekin oyo?

 

KO’NGLIM OCHILMAYDUR HANUZ

G’unchalar ochildi-yu, ko’nglum ochilmaydur hanuz, 
Bulbuloso xotirim gul mayli qilmaydur hanuz.

Za’f aro ushshoqg’a ibrat bo’lubman, ohkim, 
Ko’zga ahvoli nizorim yor ilmaydur hanuz.

Va’dayi vasl aylab erdi, ayladi ta’xir ko’p, 
Yo ibo qildi-yu, yo yodig’a kelmaydur hanuz.

Pesha aylab charx zoli tinmayin tun-kun dame
Dilbarimcha javr oyinini bilmaydur hanuz.

Yerni ashkim g’arq etib, zo’r etti ohim sarsari, 
Nedin erkandur falak toqi yiqilmaydur hanuz?

Yuz nadomat birla emdi o’zni o’ltursam, netong, 
Sajda qilmoqliqg’a boshim bir egilmaydur hanuz.

Ixtiyor etsa agar Munis yana sargashtalik, 
Pand qilmangkim, jununidin oyilmaydur hanuz.

 

ISHQ ASRORIG’A MENDIN TARJIMONROQ YO’Q KISHI

Vahki, mendin ishq aro ozurdajonroq yo’q kishi, 
Husn aro sendek dog’I nomehribonroq yo’q kishi.

Kimga za’fim shiddatin zohir qilurmen munglashib, 
Chu o’zumdek g’am chekardin notavonroq yo’q kishi.

Seli ashku g’am yiqibdur jism ila ko’nglum uyin, 
Men kibi ushshoq aro bexonumonroq yo’q kishi.

Jonlar isoring qilib ko’rdum jafo, vahkim, sanga, 
Necha qilsam yaxshilik, mendin yomonroq yo’q kishi.

Uzv-uzvimdin fig’onlar bosh chekibtur til kibi, 
Ishq asrorig’a mendin tarjimonroq yo’q kishi.

Ishq o’ti Munis vujudin kuydurubdur o’ylakim, 
Emdi andin o’zga benomu nishonroq yo’q kishi.

 

KIMNIKIM DO’ST DEDUM…

Kimnikim do’st dedum, dushmani jon topdim oni, 
Neki andin tiladim sud, ziyon topdim oni.

Yor mehrin tilab, ag’yor jafosin ko’rdum, 
Mayki gulgun talab ettim, qaro qon topdim oni.

G’unchayi xotirim ochmoqg’a nasime tiladim, 
Goh o’tlig’ yelu goh bodi xazon topdim oni.

Nekxohim deganim barcha bor erkan badxoh, 
Onikim anglar edim yaxshi, yomon topdim oni.

Ishq anduhi nihon qolmoqi imkon ermas, 
Menki yoshurmoq ishim erdi, ayon topdim oni…

Vaqtdur, dilbarig’a topsa nishone Munis
Kim, g’ami ishq aro benomu nishon topdim oni.

 

ARMON BILA YONDIM

Bordim sari ko’yingg’avu hirmon bila yondim, 
Vaslingni tilab, mehnati hijron bila yondim.

Bordim labi xandon bila tavfi haramingg’a, 
G’amgin ko’ngulu diydayi giryon bila yondim.

Og’zingni tilab, zulfinga jon bo’ldi giriftor, 
Diljam’ borib, holi parishon bila yondim.

Mendan asare istamangiz juz bir ovuch kul
Kim, ishq kibi otashi so’zon bila yondim.

Munis kibi vasling tilab, topmadim oxir, 
Maqsudima bir yetmadim, armon bila yondim.

 

JUNUN TASVIRINING BEHZODI

Balo ko’hsorining farhodi men-men, 
Junun tasvirining behzodi men-men.

Jahonda har qachonkim bo’lsa paydo
Agar sho’re, aning bunyodi men-men.

G’amu mehnatga bor ersa aro’se, 
Bilinglarkim, aning domodi men-men.

Netong Majnun mening shogirdim o’lsa, 
Ki, ishq atfolining ustodi men-men.

Ko’ngulda zaxmlardurkim, falakning
Nishoni novaki bedodi men-men.

Mening nolamg’a xud sho’xe sababdur, 
Vale el boisi faryodi men-men.

Qurub hijron tuzoqini hamisha, 
Balolar saydining sayyodi men-men.

Vafoda muddaiylardur mutei, 
Jafo aylar chog’I munqodi men-men.

Jununda, Muniso, murshidlig’ etsang, 
Aning shoyistai irshodi men-men.

 

ISHIM KECHA-KUNDUZ FIG’ONDUR

Uzoringda nure ayondur, ayon
Ki, andin kunu oy nishondur, nishon.

Balo o’qlarin otg’ali jonima, 
Iki egma qoshing kamondur, kamon.

Raqibingdin o’lmas ayon yaxshilik, 
Ki, qavli-yu fe’li yomondur, yomon.

Hayotimg’a zikri labingdur sabab, 
Yo’q ersa, tiriklik gumondur, gumon.

Manga sud erur sudi ishqing g’ami, 
Aning harna g’ayri ziyondur, ziyon.

Erursan gahi ko’z, gahi jon aro, 
Senga bu iki yer makondur, makon.

Nechuk el erur ohi sardim mening, 
Jahon bog’I andin xazondur, xazon.

Jigar birla ko’nglum qilib qon g’aming, 
Iki ko’z yo’lidin ravondur, ravon.

Ulus kelsa mendin fig’onga, netong, 
Ishim kecha-kunduz fig’ondur, fig’on.

Netong chiqmasa Munis ul ko’ydin, 
Ki, ul anda g’amdin omondur, omon.

 

KISHVARI MEHNAT SHAHIMEN

Ashk xun, ruxsor zardu dil hazing, tole’ qaro, 
Dard gunogun, falak dun, ahli davron bevafo.

Jon ga’min, xotir mushavvash, aql majqudul – asar, 
Hajr qotil, yor g’ofil, ishq g’olib borho.

Zaxm muhlik, tiri g’am parron erur, romi falak, 
Za’f mustavli, badan majruh erur, marham fano.

Do’st beparvo, ko’ngul oshuftavu dushman qaviy, 
Muddaiy ko’p, ta’na bisyoru jafokor oshno.

Ham havo bordur samumi ohu ham har so’z ashk, 
Mazra’ ofat, shohi naxli umr benash’u namo.

Yor hamsuhbatligidin toki ayrildim, erur
Hamdamim ranju ano, hamroz g’am, mahram balo.

Kishvari mehnat shahimenkim, manga bordur mudom, 
Boshg’a sochqan xok toju taxt-eski bo’ryo.

Maskanim xoki mazallat, bistarim xori taab, 
To’mam anduhi nadomat, ishratim tutmoq azo.

Majlisim qayg’u, mayim xuni jigar, jomim firoq, 
Lekin, ey Munis, bu hangom ichradur soqiy qazo.

RUBOIYLAR

Shoho, fuqaroki munisi g‘amdurlar,
Bedor dilu ko‘zlari purnamdurlar,
Zinhor alarni qilmag‘il ozurda,
Otashdamu barhamzani olamdurlar.

* * *

Angakim masti jomi davlatdur,
Qon icharda faqirlardin ne xabar?
Ori uyqug‘a borg‘an anglamag‘ay
Uyqusizlarg‘a harne bo‘lsa agar.

* * *

Sabot istasang mulk bunyodig‘a,
Adolat bila yet ulus dodig‘a,
Adolatdin o‘ldi el osoyishi,
El osoyishi mulk oroyishi.

* * *

Bu qishki erur yer yuzi ko‘zgu muzidin,
Bir vasfini aql etolmas yuzidin,
Issig‘ kunidin shammai izhor etsam,
Sovuqroq erur zohidi nodon yuzidin.

* * *

Tutma badgo‘ birla suhbatkim, yomon so‘z zahridin
Nishi zanbur kabi har dam berur ozorlar,
Kim yaqinroq borsa itga hurmog‘idin injitur,
Balki tishlab jismin afgor, to‘nin murdorlar.

* * *

Emas mard — turg‘onni yiqsa kishi,
Agar kelsa qo‘ldin, yiqilg‘onni turg‘uz,
Shuruing o‘lsa na ishga tuz ayla niyating avval,
Bori amalni habo bil, agar tuz o‘lmasa niyat.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.