OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Komil Xorazmiy (1825-1899)

Komil Xorazmiy (taxallusi; asl ismi Pahlavon Muhammadniyoz Abdulla Oxund o‘g‘li) (1825 — Xiva — 1899) — o‘zbek shoiri, xattot, musiqashunos, tarjimon va davlat arbobi. Jahon madaniyatining Xorazmdagi ilk targ‘ibotchilaridan biri. Xiva madrasasida o‘qigan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Sharq adabiyoti namoyandalari ijodini, mumtoz musiqani, xattotlik sirlarini qunt bilan o‘rgangan. 25—30 yoshlarida shoir sifatida tanilgan. Ogahiy uning nomini o‘zining «Gulshani davlat» kitobiga kiritgan. Xiva xoni Sayd Muhammadxon saroyida kotiblik qilgan. Muhammad Rahim II uni mirzaboshilik vazifasiga ko‘targan. Rossiya bilan Xiva xonligi o‘rtasida imzolangan sulh shartnomasi (Gandimiyon shartnomasi) Komil Xorazmiy qo‘li bilan yozilgan (1873). So‘ngra saroyda devonbegi (1873—80), mirzaboshi lavozimlarida ishlagan (1880 yildan). Xorazmda birinchi bo‘lib bosmaxona tashqil etgan (1880—81).
Komil Xorazmiy Sharq mumtoz musiqasi, xususan, maqomchilik an’analarini rivojlantirishga homiylik qilgan, o‘zbek kuylarini yozib olish uchun «Tanbur chizig‘i» deb ataluvchi nota tizimini joriy etgan. Bu o‘ziga xos notada «Rost» maqomining bosh qismini yozgan. O‘g‘li Mirzo Muhammadrasul otasi boshlagan ishni davom ettirib, Xorazm «Shashmaqom»ining qolgan ashula va cholg‘u yo‘llarini to‘la notaga olgan. «Rost» maqomiga bog‘langan «Murabbai Komil» va «Peshravi Fero‘z» kuylarining notasi bizgacha yetib kelgan. Komil Xorazmiy Moskva va Peterburg shaharlariga 2 marta safar qilgan (1873, 1883). 1891, 1896— 97 yillarda esa Toshkentga kelib, bu yerdagi madaniy yangiliklar haqidagi «Dar bayoni ta’rif va tavsif Toshkand» («Toshkent ta’rifi va tavsifi bayonida») qasidasini bitgan. Bu qasida o‘zbek adabiyotida ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan dastlabki yirik she’riy asarlardan bo‘lib, unda yangi, zamonaviy madaniyat ulug‘lanadi.
Komil Xorazmiy Sharq mumtoz shoirlari an’analari ruhida lirik she’rlar yozgan, devon tuzgan. Bu devonda 8000 misradan ortiq she’r bo‘lib, ular g‘azal, murabba, muxammas, musaddas, masnaviy, ruboiy, qasida, muammo kabi janrlarda yozilgan. Ularda chin insoniy fazilatlar ulug‘langan, jaholat qoralangan, ishq-muhabbat tarannum etilgan. Komil Xorazmiyning deyarli barcha janrdagi asarlarida ijtimoiy tanqidga keng o‘rin berilgan, ayrim misralari aforizm darajasiga ko‘tarilgan («Falak zulmi bir yonu, bir yon alar...» va b.). Shayx Sulaymon Buxoriy o‘zining mashhur «Lug‘oti chig‘atoyi va turki usmoniy» («Chig‘atoycha va usmoniy turkcha lug‘at») asarida Komil Xorazmiyning ijodidan o‘rinli foydalangan va Xorazm shevasidagi ko‘pchilik so‘zlarning ma’nosini uning she’rlari orqali izohlab bergan. Komil Xorazmiy 1865 yilda Barxurdor bin Mahmud turkman Farohiynmng (adabiy taxallusi Mumtoz) «Mahbub ul-qulub» (bu asar ayrim manbalarda «Mahfiloro» — «Majlisga ziynat beruvchi» deb ham yuritiladi) hamda 1869—70 yillarda Faxriddin Ali Sayfiyning «Latoy-if at-tavoyif» («Turli toifalarning latifalari») asarlarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Alisher Navoiy «Xamsa»sining birinchi Xorazm toshbosma nashriga so‘zboshi yozgan. Komil Xorazmiy devoni qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi (inv. №1849, 1025). M.Yunusov, F.Karimov, A.Hayitmetov, va boshqa olimlar Komil Xorazmiy ijodini tadqiq etganlar.

«DEVON»DAN

G‘AZALLAR

Bo‘lmasa garduni sifla do‘sti gar dun, ey ko‘ngul,
Nega dunni shod etar, dononi mahzun, ey ko‘ngul.

Chun falak nodon navozu xasmi donodur oni,
Donish iqlimida bo‘lsang gar Falotun, ey ko‘ngul.

Izzat ila ne’mat avjida bo‘lur oliy maqom,
Har kim o‘lsa kaj nechukkim ayn ila nun, ey ko‘ngul.

Zoyil etmak istasang o‘zdin mazallat qoni’ o‘l,
Olmas ul chirkingni mundin o‘zga sobun, ey ko‘ngul.

Javhari jon ul mato’ ermaski sotqun olg‘asen,
Ne asig‘ gar hosil etsang ganji Qorun, ey ko‘ngul.

Oqil ersang kibru naxvat qilma izzu johinga,
Bo‘ldi istikboridin iblis mal’un, ey ko‘ngul.

Emin o‘lma kaydidin yoru birodarman debon,
Ne jafolar qilmadi Yusufg‘a Sham’un, ey ko‘ngul.

Dahrning pastu balandidin desang emin bo‘lay,
Qo‘yma ilkingdin zamone jomi gulgun, ey ko‘ngul.

Topti shohi nuktadan altofidin so‘z ahli qadr,
Zohir etkil emdi bikri sofi mazmun, ey ko‘ngul.

Bu gulistondin baqo bo‘yini istab, bo‘lmag‘il
Lola bargidek saropo dog‘u dilxun, ey ko‘ngul.

Komil ersang odat ayla sabr ila xomushlig‘.
Gar bor ersa har so‘zung bir durri maknun, ey ko‘ngul.

* * *

Ey ko‘ngul zinhor qilma ahli davrondin tama’
Bor esa bu xasta jismingg‘a agar jondin tama’.

Chunki yo‘q ermish jahon ahlida xolis do‘stlig‘,
Kimki ondin yaxshiroq yo‘q aylama ondin tama’.

Dahri dundin ko‘rmagung juz hasrati nokomlig‘,
Gavhari maqsudni qilma bu ummondin tama’.

Solim o‘lmoqning sipehr osibidin imkoni yo‘q,
Qilma hargiz ofiyat kunjin bu vayrondan tama’.

Ko‘zlari jallodidin qilmoq muruvvat orzu,
Ahli iymon aylagandek kofiristondin tama’.

Istayin ne nav’ jonim rohatin mujgonidin,
Qilg‘omu majruh marham tig‘i uryondin tama’.

Sharbati la’li havosin istamaklik bodadin,
Aylamak jonbaxshlig‘ juz obihayvondin tama’.

Xoni vaslig‘a raqibidin ionat istamak,
Aylagan yanglig‘ gado ilkidag‘i nondin tama’.

Olam ichra gar bo‘lay desang azizu arjumand,
Aylama Komil kibi juz zilli subhondin tama’.

* * *

Buxl eliga demagil, ey zubdai davron so‘zing,
Hayf etar qadrini bilmas siflai nodon so‘zing.

Garchi so‘zdek gavhari qiymat baho yo‘q dahr aro,
Bor alarning qoshida har muhradin arzon so‘zing.

Ulki qilmaydur maoni bahrig‘a g‘avvoslik,
Ko‘rmagay minjuqcha gar bo‘lsa duri g‘alton so‘zing.

Past fitratlarg‘a dunyo moli uchun tutma ko‘z,
Bir qaro pul bobida mushkil qilur oson so‘zing.

Buxl zangini qiro olmas temurdek ko‘nglidin,
Gar itiklik ichra bo‘lsa o‘ylakim suhon so‘zing.

Gar so‘zingdin bir nimarsa o‘nmasa bu dunyoda,
Tinglamaslar oxiratda bersa ham imon so‘zing.

Iltimos etma olardin bir ko‘makni zinhor,
Sindurur gar bersa ham o‘lgan badang‘a jon so‘zing.

Donish ahli qoshida har biri bir la’li xushob,
Lek olarg‘a bordurur la’l o‘lsa ham paykon so‘zing.

Topmasang so‘z lazzatidin ogahu Komil kishi,
Saqlag‘il bo‘lg‘uncha ko‘nglung pardasida qon so‘zing.

* * *

Yutubon bu zamonda qon fuzalo,
Kulfat o‘qig‘adur nishon fuzalo.

Qalam ila kitobdin o‘zga,
Topmag‘ay yori hamzabon fuzalo.

Qatnabon siflalar eshigiga,
Topmas o‘lturg‘ali makon fuzalo.

Juhalo zumrasi kelib g‘olib,
Bo‘ldi mag‘lubu notavon fuzalo.

So‘zni fahm etgali kishi topmay,
Ne osig‘ bo‘lsa nuktadon fuzalo.

Kimga ko‘rsatsa birgina behbud,
Tonar o‘truda ming ziyon fuzalo.

Juhalog‘a qilib mulozimlik,
Topmadilar yemakka non fuzals.

Mayi gulrang o‘rnig‘a tayyor,
Ko‘zlari sog‘rida qon fuzalo.

* * *

Bo‘lubon jolisi avrangi jaholat juhalo,
Urdilar olamaro ko‘si hukumat juhalo.

No‘sh etib rishva mayin yetmay ulus dodig‘a,
Bilmadilar dame oyini adolat juhalo.

Bo‘lubon homii arbobi fasodu sariqa,
Jam’ qildilar o‘kush davlatu sarvat juhalo.

Ulamog‘a berib ijroyi shariatda shikast,
Berdilar johili nodong‘a himoyat juhalo.

Qilib o‘z royicha ish amri hukumagda mudom,
Qildilar tark basi farz ila sunnat juhalo.

Arzu dod amrida ahkomi shariatni qo‘yub,
Yurutub o‘rnig‘a qavliyati odat juhalo.

Bo‘lub o‘z boshlarig‘a fe’li musallat, yo rab,
Bo‘lmag‘ay boisi mankubi viloyat juhalo.

Komilo tutsa netong vartai zallatda maqom,
Topdilar masnadi izzatda sadorat juhalo.

* * *

Emas kishiga bu dunyoda mulku mol kamol,
Husuli ilmu hunar keldi bezavol kamol.

Ulumdin sharafi oxirat emas yolg‘uz,
Ki munda ham sababi izzatu jalol kamol.

Murod ma’rifatullohdur taallumdin,
Emas mubohasau jang ila jidol kamol.

Kamol ma’nisi tahsili ilmi hol durur,
Na hosil aylagusi mahzi qiylu-qol kamol.

Zamiring ayla musaffo kadardin oyinadek,
Desangki jilvagar etsun anga jamol kamol.

Bo‘lurmu sho‘ra zamin obu donadin xurram,
Xabis tab’g‘a totgaak base mahol kamol.

Kamol bergusidur so‘zga shuhratu ta’sir,
Bu qushg‘a qilg‘ali parvoz parrubol kamol.

Niholi bebori sarkashdurur avomunnos,
Ne sud topmasa ma’nig‘a ittisol kamol.

Ko‘rub g‘azalda Bayoniy musaddasin Komil,
Dediki bergay anga hayyi loyazol kamol.

* * *

Iyd o‘ldi olam ahlig‘a yuzlandi ibtihoj,
Shah toraki muborakidin qadr topti toj.

May tarki birla rind eli giryonu zor edi,
Atfoldekki yig‘lar anga kessalar sujoj.

Jomi sabuhidin topibon kuvvati tamom,
Ro‘za riyozati bila bir za’flig‘ mizoj

O‘tkardi ro‘zani yebon ahli g‘ino shakar,
Bechoralar saharliku iftori bir kuloj.

Atfoli ag‘niyo olib iydonag‘a tillo,
Qashshoqlar bolasi diram topmay oldi koj.

Ahli karam saxosidin umid aylabon,
Iydonadur bahonai arbobi ehtiyoj.

Shohi liboslar kiyibon barcha xoslar,
Ma’lum bo‘lsa kim sinuqu kim erur ruvoj.

Yorab, shahim hukumatini mustadom tut,
Avrangi adl uzra maqom ayla taxtu toj.

Komilcha bo‘lmag‘ay shuaro madhinga fasih,
Bulbul kibi navo qila olurmu soru soj,

* * *

Tafa’ul aylar eding, ey ko‘ngul, qilib niyat,
Ki raf’ bo‘lg‘usi deb toza yilda nahsiyat.

Chu qilmas axtari baxtim safar manozilg‘a,
Iqomat etti magar burji naxsda niyat.

Muharram o‘ldi harom o‘ldi elga kulfatu g‘am,
Valek bnr manga yuzlanmady rafohiyat.

Jahoni buqalamun hodisoti fikridin,
Yetushmadi bu parishon ko‘ngulga jam’iyat.

Aningdek o‘lmisham ushbu diyorda bekas,
Ki qatl qilsalar olmoqg‘a yo‘q kishim diyat.

Yiroq tut juhalo ixtilotidin o‘zni,
Ki o‘tga yoqmoq o‘lubdur yovuqni xosiyat.

Tama’ni tark etu chiq go‘shai qanoat aro,
Sanga yo‘q o‘zgajahon ichra joyi amniyat.

Tamom qilding etib banda xizmatin, umring,
Ham aylagil gohe ma’budinga ubudiyat.

Tut o‘zni pastu kichik borcha xalqdin Komil,
Azim ofat erur naxvatu inoniyat.

* * *

Yuzu xoling g‘amidin gar emastur notavon lola,
Nedin bo‘lmish hamisha siyna dog‘u bag‘ri qon lola.

Xijolatmandi xolu orazing ermas esa nechun,
Qo‘yub gulshanni dashtu tog‘ aro tutmish makon lola.

Bo‘yoldi qong‘a g‘amzang tirboronidin ul go‘yo,
Qochib Ko‘hsor g‘orin anglamish dorilamon lola.

Tunu kun davr etib hech ko‘rmadilar dashtu gulshanda,
Yuzingda sab’ai sayyora birla osmon lola.

Ochibmu bog‘ aro ustida gullar sarz yo shamshod,
Boshig‘a qistirubmu yoki ul sori ravon lola.

Qadam qo‘y sarvning boshi uza, ey sho‘x, gulshanda,
Ki to bilsun seni bir xisravi oliy makon lola.

Chamanda xizmat uchun bir ayoqda tik turub shamshod,
Tutar yo‘lingda nargisdin qo‘lida sham’don lola.

Ko‘ngul dog‘ini ko‘rsatmak ko‘zungga mumkin ermastur,
Agar ko‘rmak tilarsan bordurur andin nishon lola.

Ani hech gulga tashbih aylamas Komil kishi mundin,
Birin bosh uzra qo‘ysang ismi zot aylar ayon lola.

* * *

Ne sud ochilsa gul, o‘lsa bahor g‘urbat aro.
Mengaki bo‘lmasa yoru diyor g‘urbat aro.

Ochilmadi chamaniston havosidin ko‘nglum,
Ko‘zimga gul erur andoqki, xor g‘urbat aro.

Firoq dashtida bir mushqbu g‘izol istab,
Ko‘zimni qildi chu dom intizor g‘urbat aro.

Yiroq tushkali ahbob suhbati mayidin,
Nishot jomig‘a bo‘ldim xumor g‘urbat aro.

Chamanda guldek ahibbo vatan aro xandon.
Chu lola bag‘rim erur dog‘dor g‘urbat aro.

Vatanda ko‘zima changalsitoncha yo‘q Mahmud,
Ayoz bog‘ida tutdim qaror g‘urbat aro.

Chiqay vatan sadafidin dema guhar yanglig‘,
Agarchi bo‘lsa senga e’tibor g‘urbat aro.

Nihon et o‘zni vatan qofi ichra anqodek,
Senga yo‘q o‘lsa murod ishtihor g‘urbat aro.

Vatanda sokin o‘lub sayr et olami bolo,
Safarni aylamag‘il ixtiyor, g‘urbat aro.

Top emdi Xevaq ila Pahlavoni Komil esang,
Dema Buxori sharifu Mazor g‘urbat aro.

* * *

Jon baxsh la’ling ustida ul xol hindularmudur,
Yo chashmai hayvon uza zog‘i siyah mo‘larmudur?

Bog‘i jamoling sahnida o‘ynar ko‘zing mardumlari,
Yoxud Xutan gulzorida sayr etkan ohularmudur?

Sunbul erurmu sarvg‘a chirmoshib o‘skan bog‘ aro,
Yoxud cho‘lashg‘an qaddinga shabrang gisularmudur.

Xatti muanbarmu erur chohi zanaxdon davrida,
Yo salsabil atrofida rayhoni xushbo‘larmudur?

Shahlo ko‘zing atrofida kirpiklaringmu, yo‘q esa,
Qurg‘on kiyiklar saydiga sayyod mo‘ndularmudur?

G‘amzang mijang novaklarin otmoqqadur ikki kamon,
Yo ko‘zlaringning ustida payvasta abro‘larmudur?

Zohir araqlarmu erur, gulbargi xandoning uza.
Yo la’l xotam davrida serob lu’lularmudur?

G‘amzang xadangin har taraf otsang tegar man zoringa,
Jonu ko‘nglum yoxudki ul o‘qlarga qopularmudur.

Hayroni didoring bo‘lub turmush qoshingda xo‘blar,
Yo‘q ersa qo‘yg‘on o‘truda mashshota ko‘zgularmudur?

Tortor riyoyi shayxlar masjidda jahr aylab fig‘on,
Yo ko‘kka boqib ko‘chada har kecha it uvlarmudur?

Komil qoshig‘a keldimu barcha raqibi hilasoz,
Yo sheri g‘urron ollida bir necha tulkularmudur?

* * *

Ey durri nobi ishqingga jonlar xazinalar,
Mijgoni novak afkoning omochi sinalar.

Yetmas ko‘ngul fig‘oni muallo janobinga
Har necha ohidin yasasa anga zinalar.

Ishq ahli bo‘lsa gar menga tobi’ ajab emas,
Husn ahli keldi senga g‘ulomn kaminalar.

Mingdin birisi mumkin emas sabt bo‘lmaki.
Husnung bayonida necha yozdim safinalar.

Ushshoq baxtini qora yozg‘anda kilki sun’,
Xolu xat ila qoshu ko‘zungdur qarinalar.

Ko‘nglum muhabbatingni ajab qilsa xoksor,
Obodlik xarobag‘a bermas dafinalar.

Boq, so‘zga, boqma qoyili yaxshi, yomonig‘a,
Mai zarfi goh ko‘za gahe obginalar...

Ko‘yung gadosi xirqayi pashminasi uza,
Tovus parlarig‘a qilur noz binalar.

Ul kim zamiri pokdur oyinadek mudom,
Yetmas anga kudurati arbobi kinalar.

Netsun bu bahru kon duru la’lini Komiling,
Ey durri nobi ishqinga jonlar xazinalar.

* * *

Vahki, ko‘zlarim gir’yon qildi la’li xandonlar,
Jam’ qo‘ymadi ko‘nglum kokuli parishonlar.

Bog‘u, g‘uncha sayridin bo‘ldim emdi mustag‘ni,
Ochti gul xadanggingdin ko‘nglum ichra paykonlar.

Orazi araqnoking ko‘rdi chun chaman ichra,
Gullar o‘ldi shabnamdek barcha chashmi hayronlar.

Toki g‘amzau nozing ko‘z uyip maqom etti.
Tashqarida mijgonlar bordurur nigahbonlar.

Ishq so‘zi dardidin nola qilma ko‘p, ey dil,
Bo‘lmasunlar ozurda bu aziz mehmonlar.

Qaysi xolu orazning dog‘idur chamanlarkim,
Lola dog‘u gullarga chok erur gribonlar.

Chini ostiningdur, mavji javhari shamshir,
Yig‘nama bu zoringni qatl etarga domonlar.

Bu shahodat iqbolin kim topar ekan yorab,
Nozi oldi mijgondin qo‘lg‘a tig‘i ur’yonlar.

Kimki, husni shohig‘a begunah, gunahkor ul
Anga zulf erur zanjir, choh erur zanaxdonlar.

Husni ko‘zgusi bordur mazhari jamolullo,
Man’ ishqim etmanglar ey guruhi nodonlar.

Komilo shahanshohing nazmi gavhar afshonin,
Ko‘rsa banda bo‘lg‘aylar Fazliyu Umarxonlar,

* * *

Kulmading bir to meni yuz qatla giryon qilmading,
Tutmading bir jom to ko‘nglum to‘la qon qilmading.

Xotirim davron g‘amidin qilmading bir lahza jam’,
To meni bir yilg‘acha zoru parishon qilmading.

Xasta ko‘nglum tah-batah qon qilmag‘uncha g‘unchadek,
Ochilib majlisda ruxsoring gulafshon qilmading.

Men tarafga qilmading hargiz xatodin bir nigoh,
To raqibimg‘a boqib yuz lutfu ehson qilmading.

Aylading mehru vafo bobida qaysi va’dalar,
Kim yana ul ahdu paymondin pushaymon qilmading.

Otmading qahru itobing novakin ag‘yorg‘a,
To malomat o‘qiga ko‘ksimni qalqon qilmading.

Qilmag‘uncha xoni vaslingdin bu zoring be nasib,
Uzgani bu xoni ihson uzra mehmon qilmading.

Egnima kiydurmading lutfu inoyat xil’atin,
To libosi ofiyatdin jismim ur’yon qilmading.

Qaysi bir ummidkim, lutfingdin etdim oqibat,
Ul umidim hosilini ya’su hirmon qilmading.

Ey sitamgar, qaysi bedilg‘a berib vaslingda joy,
So‘ngra oni mubtaloyi dog‘i hijron qilmading.

Qilmag‘uncha xonumonimni qaro hijron aro,
Kulbam ichra orazing sham’i shabiston qilmading.

Donish ahlig‘a qayu qilmishlaring dey, ey falak,
Qay birin ul zumraning mag‘lub nodon qilmading.

Sirri ishqing necha pinhon tutdi eldin, ey pari,
Qo‘ymading Komilni to rasvoyi davron qilmading.

* * *

Gar olsa ilgiga ul moh tanbur,
Chekar o‘tlug‘ ko‘nguldek oh tanbur.

Qilur mutrib vashimning furqatida,
Damodam nolai jonkoh tanbur.

G‘amingda nola aylarda tunu kun,
Mengadur hamdamu hamroh tanbur.

Bo‘lurman g‘am saqilidin sabukbor,
Ayon qilsa gar ishqulloh tanbur.

Jahonda sozning anvoi ko‘pdur,
Vale istar gadou shoh tanbur.

Bo‘lur ushshoq ey mutrib asiring,
Olib soz aylasang dugoh tanbur.

Qilur sayri maqomot ul jihatdin
Erur Komilg‘a xotirxoh tanbur.


MUNISG‘A MUXAMMAS

Dardoki, yo‘q jahon elida sharmsorlig‘,
Ko‘rganlar izzatimnn manga berdi xorlig‘,
Erkan abas zamon elidin do‘stdorlig‘,
Yaxshi kunumda har kishikim qildi yorlig‘,
Do‘ngach zamona ayladi dushman shiorlig‘.

Ulkim edi vujudi vafo ma’dani bukun,
Dushmang‘a lutf, zulm mangadur fani bukun,
Derkim raqib sonida ko‘rman seni bukun,
Atfol etakka tosh yig‘ingizkim mani bukun,
Devonaliqg‘a yetkuradur beqarorlig‘.

Har kimsa o‘z nigori visoli zamonida,
Izzat mayini no‘sh etar ishrat makonida,
Faryodkim bo‘lolmadim ag‘yor sonida,
Itlar azizroq ko‘runur xalq yonida.
Mendinki ko‘ying ichra chekarman bu xorlig‘.

Borsen agarchi davr elig‘a foyiq, etma rad,
Ushshoq aro bilib meni ham sodiq, etma rad,
Ko‘rgach yuzungni bo‘ldum agar oshiq, etma rad,
Men garchi suhbatingg‘a emon loyiq, etma rad,
Bu gulshan ichra gul ul erur bo‘lsa xorlig‘.

Ushshoqni qilurg‘a chu qilding fig‘onu asir,
Nag‘mangg‘a bo‘ldi borcha eshitmak hamon asir,
Ne nav’ bo‘lmayin meni bexonumon asir,
Ey mutrib, o‘ldi halqai nag‘mangg‘a jon asir,
Sozingg‘a yor zulfidin oldingmu torlig‘.

Sen sen sariri husn uza shahinshah, ey masih,
Gar xo‘blar kavokib esa, sen mah, ey masih,
Komilg‘a qo‘ying o‘lg‘ali manzilgah, ey masih,
Munisni g‘am yeturdi halokatg‘a, ey masih,
Maqtulinga dame qilako‘r g‘amgusorlig‘.


«LATOIF-UZ-ZAROIF»DAN

Bir ota va o‘g‘ulni bir hokim qoshig‘a kelturdilarkim, tayoq urg‘aylar. Avval otosin yotquzub yuz tayoq urg‘oylar. U hech so‘zlamodi. Andin so‘ng o‘g‘lini yotquzib bir tayoq urub erdilarkim, ota dodu faryod qila boshladi. Hakim dedi:
— Sen yuz tayoq yeding, hech bir daming chiqmodi, o‘g‘lungga bir tayoq urganda nechun nola qilursan?
Ul dedi:
— Ul tayoqkim tanimga tegdi, tahammul qildum. Endi jigarimga tekkan erdi, chiday olmadum.

* * *

Bir kambag‘al olim kishi faqir bo‘lgani uchun bir baxil boyni eshikiga boribdurkim:
— Men, siz sadaqa bermoqchisiz, deb eshitdim. Men g‘oyat daraja muhtoj va mustahiqdurman,— dedn. Baxil boy bahonalar qilib dedikim:
— Men sadaqamni ko‘rlarga berurman, deb ahd qilib erdim. Sen ersang ko‘r emassan.
Olim dedi:
— G‘alat qilibdursan, ko‘r haqiqiy mandurmankim, maxluqotga rizq beruvchi zotdan yuz o‘gurib, seningdek baxilning yoniga kelibdurman.
Bu so‘zni aytib olim qaytib ketdi. Olimning so‘zi baxilga bag‘oyat ta’sir qilib, izidan yugurdi. Olim qabul etmadi.

* * *

Bir tabibni ko‘rdilarkim, har vaqt go‘ristondan o‘tsa ridosini boshiga solub yopunib o‘tar erdi. Aning sababin so‘radilar. Tabib dedikim!
— Bu go‘ristonda yotg‘on o‘luklardin uyalurman. Chunki har biri meni dorimni yeb va mening sharbatimdin ichib o‘lgandurlar.

* * *

Bir kun shoir Anvariy Balx bozoridin o‘tub borur erdi. Ko‘rdikim, xaloyiqlar halqa qurmishlar. O‘rtada bir kishi turib Anvariyning qasidalaridan o‘z otig‘a o‘qur erdi. Xaloyiq anga tahsin va ofarin qilur erdilar. Anvariy debdur:
— Bu kimning ash’oridurkim, o‘qursan?
Ul debdur:
— Anvariyning ash’oridur.
— Anvariyni tanurmisan?
Ul dedi:
— Ne aytursan, Anvariy mendurman.
Anvariy kulib debdur:
— She’r o‘g‘risin eshutib erdim, shoirning o‘g‘risin ko‘rmamish erdim.

* * *

Keltiribdurki, Abu Ayyub Mansur xalifaning yaqin va hamsuhbatlaridan erdi. Ammo har vaqt Mansur ani chaqirsa, rangi sarg‘ayib, badanlarig‘a larza tushar erdi. Bir kun bir mahram joeda anga dedikim:
— Sen xalifaning yaqin va hamsuhbatlaridansan. Ne uchun seni har vaqt chaqirsa qo‘l-oyog‘ing bo‘shashib, o‘zingni yo‘qotib qo‘yursan. Abu Ayyub ul mahram javobida dedikim:
— Bir qarchig‘ay bir xo‘rozdin so‘rdikim, sen yoshlikdan odamlarning uyida bo‘lursan. Ular sanga o‘z qo‘llari bilan don va suv berurlar, saning uchun uylarida joy solurlar. Ammo har vaqt seni tutar bo‘lsalar ne uchun g‘avg‘o qilib, faryod bilan ul uydin bul uyga, ul o‘choqdin bu o‘choqg‘a qocharsan. Men esam bir vahshiy qushdirman. Ulug‘ tog‘larda kezarman. Qachon meni tutib keltirsalar, qo‘llarida orom olurman, meni ovg‘a yuborsalar hech g‘avg‘o va mojaro qilmay parvozga chiqib, aylanib, yana qaytib kelurman. Xo‘roz dedikim:
— O qarchig‘ay qush, hech joyda ko‘rdingmi yoki eshitdingmi, bir qushni sixga tortib, o‘tga qo‘yib, kabob qilganliklarini. Qush yo‘q, dedi. Xo‘roz dedikim:
— Men bu xonadonda bo‘lganimdan beri yuz xo‘rozni ko‘rdim: boshini uzib, qanotlarini yulib qrrnini yorub, sixg‘a tortib, kabob qilib, yeydilar. Mening faryodimning sababi shudir.

* * *

Abdulfazl bilan Umayt Ruknuddavlaning vaziri erdi. Ug‘li Abdulfathni Abul Husayn Ahmad binni Foris degan muallimg‘a topshirdi. Abul Husayn esa o‘z zamonining fasohatli tengsiz adiblaridan erdi. Abdulfath o‘qishda tamballik qilar erdi. Muallim Abul Husayn otasi Abdulfazlga yozdikim:
«O‘g‘lingiz Abdulfathning o‘qishdagi harakati chumolining bosh barmog‘idan ham kamroq va pashshaning gardanidan kaltaroqdur».

* * *

Bir kecha Hajjoj dedikim:
— Ko‘ringlar, zindonda biror fazilatliq kishi bormukin? Agar bo‘lsa, men aning bilan suhbatlashurman.
Zindondan qidirib bir fozil kishini topib kelturdilar... Hajjoj andin so‘rdikim:
— Sen nima sababdin zindong‘a tushding?
Fozil dedikim:
— Maning amakimning bir o‘g‘li bor erdi. Chun nohaq qon to‘kib qochib ketdi. Aning o‘rnig‘a mani tutib zindong‘a soldilar.
Hajjoj dedikim:
— Shoirning bir so‘zi borki, rost aytibdur. Amakingning o‘g‘li gunoh qildi. Sen aning o‘rnig‘a mubtalo bo‘lding. Albatta mard kishi amakisining yomon axloqli o‘g‘li sababidin giriftor bo‘lg‘usidir. Hajjoj shoirning shu so‘zini o‘qigach, ul adib dedikim:
— Tangri shoirdin rostgo‘yroqdur. Chunki tangri buyuradi: «Qishi ikkinchi bir kishining gunohi uchun tutilmasin». Hajjoj bu so‘zni eshitgach unga ming tillo berib ozod qilib yubordi.

* * *

Xalifalardan biri vazirig‘a dedikim;
— Qayda erding?
Ul dedi:
— Sening uchun ko‘shk bino qilur erdim. Xalifa ani javobidin hayron bo‘ldi. Chunki aning javobida ishorat bor erdi. Shundayki, xalifa Fir’avn hukmida bo‘lib qoldi. Xalifa:
— Ey Homon,— deb chaqirgani uchun vaziri ham unga munosib javob berdi. Chunki Homon Fir’avnning vaziri erdi.

* * *

Bir kun devon kotiblaridin biri Hajjojning qoshig‘a kelib, ba’zi ehtiyojini arz qilib chiqib ketdi. Hajjojning oldida doimo birga turadigan va uning kuldiradigan Mabra degan nadimi bor edi. U dedikim!
— Odamlarning eng yomoni devonxona kotiblaridur.
Shunda Hajjoj aytdikim:
— Nima uchun sen kotiblarni shikoyat qilursan. Holbuki tangri, «kiromun kotibin», deb yod qilubdur, sen tangrining kalomiga qarshi so‘z aytursan. Agar sen eski hamsuhbatlarimdan bo‘lmasang erdi senga siyosat qilur erdim. Mabra:
— Ey xalifa, men devon kotiblarini ayturman, osmondagi farishtalarni aytmadim va alarni shikoyat qilmadim,— dedi.
Hajjoj kulib, aning javobiga ming diram in’om etdi.

* * *

Bir podshoh nadimga dedikim:
— Bu shaharning ablahlarining otini ro‘yxat qilgin.
Nadim:
— Har kimning otini yozsam g‘azab qilmasligingga shart qilasanmi,— dedi. Podshoh qabul qildi. Nadim eng avval gyudshohning otini yozdi. Podshoh dedi:
— Ablahlikni menga isbot qil. Agar isbot qilolmasang senga siyosat qilurman,— dedi. Nadim dedikim:
— Yuz ming tilloning hujjatini falon navkarg‘a berib, buyurdingkim, falon mamlakatga borib shul tilloni naqd qilib, olib kelsang, deding. Holbuki men o‘sha navkarni yaxshi taniyman. Ani bizning mamlakatda na farzandi bor. Hech bir narsasi yo‘q bir kishidur. Agar ul o‘sha vajhni qo‘lig‘a kirgizsa boshqa bir viloyatg‘a borib, tirikchilik qilur. Anga sening hukming hech bir o‘tmaydi. Shul holda sen aning ustida ne ish ko‘rursan.
Podshoh dedikim:
— Agar ul mandin yuz o‘gurmay u tilloni naqd olib kelsa, sen na dersan,—dedi. Nadim:
— Agar, ul olib kelsa, ablahlik daftaridan podshohning otini qirib tashlab, o‘rnig‘a aning otini yozib qo‘yurman, dedi.

* * *

Bir kun Iskandar Doro bilan urushish munosabati bilan o‘z askarlarini ko‘zdan kechirdi. Usha ko‘rik kuni shamol va chaqmoqdek tezlikda uchib yuradigan bir otg‘a mingan erdi. Shul vaqtda navkarlaridin biri bir oriq va cho‘loq otga minib podshoh oldidin o‘tdi. Podshoh g‘azab bilan ani otdan tushishga buyurdi. Shul vaqtda navkar kulib yubordi. Iskandar chaqirib, kulganligini sababini so‘rabdi, ul dedikim:
— Sening g‘azab va qahringdan kulgum keldi. Chunki sen uchar bir otg‘a minib turib, men esam yurolmay to‘xtab qoladigan otga minibdurman. Yana shunday bo‘la turib menga g‘azab qilursan. Iskandarg‘a aning so‘zi ma’qul tushib, oni askarboshilaridan qilibdur.

* * *

Bir kun Amru Lays askarlarini ko‘zdan kechirar erdi. Askarlaridan biri ko‘rdiki, biri oriq ot minibdur. Amru Lays qahrlanib dedi:
— Mening askarlarimga tangrining la’nati bo‘lsinkim, har vaqt tanga va tillolarni ularg‘a berurman va ta’minotlarig‘a sarf qilurman, ular esa xotunlarini semirtirib, o‘z minadigan otlarig‘a qaramay, oriq holda saqlaydilar. Ul askar dedi:
— Ey amir, tangri haqida, agar haqiqat qilsang, uydagi xotinimiz bu otimizdan ham oriqroqdir.
Bu so‘zdan Amru Lays kulub, ango o‘n ming tillo in’om qilub vazifasini oshurdi.

* * *

Askarlardan biri har vaqt hammomga borsa, hammomdan chiqar vaqtida hammomchig‘a tuhmat qilur erdikim:
— Mening falon narsam yo‘q, ani topib bergil yoki tavon bergil, deb shu tariqada da’vo qilib, g‘avg‘o qilib, hammomning sartarosh va xodmilarin haqlarini bermay ketar erdi. Qisqasi, barcha hammomchilar ani tanib, hech bir hammomg‘a kirgazmadilar. Oxiri noiloj bo‘lub, bir hammomg‘a borib, ahd qildikim, endi hammomchi, sartarosh va xodmilarning haqini berib, tuhmat qilmayman, degan so‘ziga ko‘pchilik guvohlik berdi. So‘ngra hammomga kirdi. Hammomchi bir kishiga buyurdi:
— Askarni hamma kiyimlarini yashirib qo‘ying. Ammo kamar bilan qilichni yashirmay joyiga qo‘y,—dedi. Ul askar hammomdan chiqdi. Ko‘rdikim, barcha liboslari yo‘qdur. Bu to‘g‘rida hech bir dam urolmadi. Chunki guvohlar hozir erdilar. Askar nima qilishini bilmay zaruriyat yuzasidan yalang‘och beliga kamar bilan qilichini bog‘lab hammomchini oldiga kelib dedikim:
— Men o‘zim sizga hech bir so‘z aytolmasman, ammo insof o‘zingizga bersinkim, men hammomga kelgan vaqtimda shu surat bilan kelib erdimmi?
Hammomchi va hozir turgan kishilar kulishib, kiyimlarini berib, endi har hafta bir martaba haq to‘lamay hammomg‘a tushib ketishga rizolik berdilar.

* * *

Bir askarning bir chiroylik xotini bor erdi. Aning oti «Hur» erdi. U bir kun urushdan yuz o‘girib qochdi. Anga dedilarkim:
— Ey nomard, qaytg‘il! Agar bir kofirni o‘ldirsang, g‘oziy bo‘lursan. Va agar kofir seni o‘ldirsa, shahid bo‘lib, qiyomatda hurlar xizmatingda bo‘lur.
Ul dedikim:
— Mening bu dunyoda hurim bordir. Boshqa hur uchun o‘zimga o‘limni ravo ko‘rmayman.

* * *

Hajjojga jam’e odam xuruj qildi. Ul jam’edan bir xotunni Hajjoj qoshig‘a kelturdilar. Hajjoj ango g‘azab qila boshladn va itob bilan so‘zladi. U xotun boshini tuban solib, hech bir so‘zlamadi. Hozir bo‘lgan odamlardan biri dedi:
— Amir senga so‘zlaydur, nega indamaysan?—dedi.
Xotun dedikim:
— Men tangri nazar qilmagan kishiga nazar qilib, so‘zlagani uyalaman.
Hajjoj dedikim:
— Qaydan bildingkim, tangri menga nazar qilmaganini?
Xotun dedi:
— Agar senga tangri nazar solsa erdi, seni tangri buncha zolim qilmas erdi.
Hajjoj dedi:
— Xudo haqida, bu xotun rost aytur.
So‘ngra anga ming tillo berib, o‘z uyiga yubordi.

* * *

Luqmoni hakim qora tanli kishi erdi. Bir kishi uni qul qilib sotib oldi. Qo‘p muddat anga xizmat buyurub, andin ilm va hikmat asarlarini ko‘rur erdi. Bir kun imtihon yo‘li bilan Luqmonga dedikim:
— Bir qo‘yni so‘yub, eng yaxshi joyidin manga kelturgil.
Luqmon qo‘yni so‘yub, tilini va yuragini kelturdi. Yana bir kun buyurdi:
— Bir qo‘yni so‘yub eng yomon joyidin menga kelturgil.
Luqmon yana qo‘yni so‘yub tilini va yuragini xojasiga keltirdi. Xojasi so‘radikim:
— Bu qanday ishdir?
Luqmon dedi:
— Agar pok bo‘lsa hech narsa til va yurakdan yaxshi ermasdur va agar nopok bo‘lsa ham hech narsa andin yomonroq ermasdur.

* * *

Bir nodon kishi bir hakimga dedikim:
— Ne uchun og‘zingdin yomon is keladur?
Hakim dedi:
— Saning ayblaringni ko‘kragimda ko‘p saqlar erdim. Tanamga ta’sir qilibdur.

* * *

Bir baxil boy bir hakimni ko‘rdikim, ko‘p mehnat bila kumush ma’danidin toshlarni qazib chiqarib, ushatur. Andin tillo zarralarini hosil qilar erdi. Baxil dedi:
— Ey hakim, bundan boshqa osonroq avqot o‘tkazgudek kasb va hunar yo‘qmi erdi. Na uchun shuncha mashaqqat chekarsen?
— Menga yuz muncha mehnat va mashaqqat bilan zar hosil qilish sening qo‘lingdan bir pulni chiqarib olgandan ming marta osonroqdur.

* * *

Debdurlarkim, uylanmoqliq bir oy shodmonliq bo‘lsa, andin so‘nggi qolg‘on barcha umr anduh va pushaymonlikdur.

* * *

Bir hakim uylangandan so‘ng buyurubdurkim, men qachon bo‘ydoq erdim, uylangan kishilar gung erdilar, ya’ni nasihat berib meni qaytarmadilar. Endi men uylandim, bo‘ydoq kishilar kar bo‘libdurlar, ya’ni nasihat eshitmaydurlar.

* * *

Bir hakim dedikim:
— Uylanmog‘lik bir chuqur quduq kabidur. Har kim anga tushsa xaloslik yo‘qdur. Andin so‘rdilarkim:
— Oyo andin qutulmoq mumkinmu?
Hakim dedi:
— Agar quduq boshiga xarsang qo‘ysalar ozod bo‘lish mumkindur.
So‘radilarkim:
— Xarsang nimadur?
Hakim dedi:
— Har bir farzand tug‘ilsa, ul quduq boshiga xarsang quyorlar.

* * *

Bir kun bir hakimdan so‘radilarkim:
— Qaysi ovqat lazzatliroqdur?
Hakim dedi:
— Ochlik g‘alaba qilg‘an vaqtda ovqat yesalar yaxshi va lazzatliroq bo‘lur.

* * *

Bir hakim sharob ichmas erdi. Hakimdan so‘radilar:
— Nechun sharob ichmassan?
Hakim dedikim:
— Meni aqlimni ichgan narsani men ichmasman.

* * *

Bir podsho bir hakimni o‘z holiga qo‘ymadi. Mastlikdan andin behuda so‘zlar og‘zidan chiqa boshladi va bema’ni so‘zlarni ham ko‘p aytdi. O‘ziga kelgandin so‘ng malomat qildilarkim:
— Ne so‘zlarni so‘zlading?
Hakim dedikim, men bu so‘zlarni aytganim yo‘q. Lekin meni sharob ichmakka taklif qilgan kishi aytdi.

* * *

Bir kishi bir tabib qoshig‘a borib:
— Qornim ko‘p og‘riydur, betoqatdurman. Biror iloj etkil,— dedi.
Tabib dedikim:
— Bugun ne taom yegan eding.
Ul kishi dedi:
— Kuyuk nonni ko‘p yedim.
Tabib g‘ulomni chaqirib dedi:
— Ko‘z dori keltirgin. Ko‘ziga tomizgaymiz.
Kasal dedi:
— Mening qornim og‘riydur, ko‘z dorisini nima qilaman?
Tabib dedi:
— Agar ko‘zing ravshan bo‘lsa erdi, kuygan nonni yemas erding.

* * *

Bnr kishi tabib qoshig‘a borib dedi:
— Men qulunj kasaliga giriftor bo‘lubman. Menga bir nyaoj eting.
Tabib dedikim:
— Bugun ne yeding?
Ul dedi:
— Tuzlangan sigir go‘shtini yedim, hamda qoq go‘sht, pishloq, tovuq tuxumi, harisa mevalardan: anor va oluxurot ko‘p yedim.
Tabib dedikim:
— Agar bu kecha o‘lsang dori qilishdan qutulasan.
Agar o‘lmay qolsang, ertaga erta bilan shaharning minorasiga chiqib, o‘zungni pastga tashlagin, shundagina bu qulunj dardidan xalos bo‘lursan.

* * *

Bir kishi bir tabibning qoshig‘a kelib dedikim:
— Men uch kundan beri kasalman, hech ishtaham yo‘qdur. Juda quvvatsizlanib qoldim. Buni ilojini qilsangiz. Tabib aning tomurini ushlab ko‘rib so‘radikim:
— Bugun ne taom yeding?
Ul dedi:
— Uch kundur, bir narsa yemadim.
Tabib dedi:
— Ozmi, ko‘pmi, ne yeganing bo‘lsa aytgil.
Ul dedi:
— Aytmoqqa arzigudek biror narsa .emadim.
Tabib dedi:
— Har ne to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, yegan narsangni aytgin.
— Hozir sizni oldingizga kelur oldimdan yo‘lda kallapazni do‘koniga kirib qoldim. Kallani isi dumog‘imni xush qilib, kallapazdan olti kalla olib yedim. Sen uch kalla hisob qilgin. Andin so‘ng, to‘rt botmon non yedim. Sen ikki botmon hisob qilgin. Andin keyin ko‘nglim shirinlik yeyishni istadi. Sakkiz botmon halvoyi bodom yedim. Sen to‘rt botmon hisob qilgin. Andin keyin o‘tib yigirma botmon amiriy uzumini yedim, sen o‘n botmon faraz qilgin. So‘ngra, qovunfurushni do‘konig‘a kelib xisraviy qovunlarini ko‘rib, undin qirq qovun olib yedim. Sen yigirma qovun deb bilgin. Tabib bu so‘zlarni eshitgandan so‘ngra dedikim:
— Sen dag‘i hisob etgil. Men aytayin, sen endi olti yil «sarson» kasaliga giriftor bo‘lursan, sen uch yil faraz etgin. Andin keyin, to‘rt yil diq bo‘lursan, sen ikki yil hisob etgil. So‘ngra ikki ko‘zing ko‘r bo‘lur, sen bir ko‘z degil. Andin so‘ng ikki oyog‘ing shol bo‘lur, sen bir oyoq deb hisoblagin. Andin so‘ng ich og‘rig‘i kasaliga uchrab, shu kasal bilan o‘lursan, seni qabrga qo‘yib, ustingga 100 eshak tuproq solurlar. Sen ellik eshak deb faraz qilgin.

* * *

Bir kishi bir tabib qoshig‘a borib, dedikim:
— Meni bir kasalim bordur. Bir iloj qilsangiz!
Tabib so‘radikim:
— Ne kasalingiz bordur?
Ul dedi:
— Necha kundurkim, mo‘yim (soch) og‘riydur.
Tabib hayron bo‘lib dedi:
— Bugun nima taom yeding? 
Ul dedi:
— Non bilan muz yedim.
Tabib dedi:
— Darding biror dardga o‘xshamaydur va yegan ovqating ham odamlarni ovqatiga o‘xshamaydur.

* * *

Bir bemaza so‘zlovchi sovuq nafas shoir bir tabib qoshig‘a borib dedikim:
— Ko‘nglimda bir narsa aylanib, meni hushsiz qilmoqqa olib bormoqdadur. Shu sababdan barcha a’zoyimg‘a muzlashlik ta’sir qilibdur.
Tabib nihoyatda ziyrak kishi edi, dedikim:
— Bu yaqinda hech bir she’r aytdingmu? Ani xolis kishilar oldida o‘qimagandirsan?
Shoir dedikim:
— Ha, bir she’r aytgan erdim. Lekin hech kim oldida o‘qiganim yo‘q.
Tabib dedikim:
— Ani o‘qig‘il.
Shoir o‘qidi.
Tabib dedi:
— Yana o‘qig‘il.
She’rini yana o‘qidi, qisqasi, shoir she’rini uch marta o‘qidi.
Tabib dedi:
— Borgil, kasaling endi tarqaldi, chunki bu she’r yuragingga tugun bo‘lib turub erdi.

* * *

Bir podsho tushida ko‘rsa barcha tishlari to‘kildi. Bu tushdan nihoyat xafa bo‘lub, erta bilan ta’bir etuvchini chaqirib, ko‘rgan tushini aytib berdi.
Ta’birchi dedikim:
— Podshoni barcha bolalari va xotunlari, yaqinlari o‘z huzurida o‘lg‘uvsidirlar.
Podshoga bu ta’bir juda qattiq ko‘rinib, buyurdikim, ta’birchining barcha tishlarini ombir bilan tortib oldilar va tilini kesdilar. So‘ngra boshqa bir ta’birchini chaqirib, ul tushni bunga ham bayon etdilar. Ikkinchi ta’birchi juda dono va xushtabiat kishi erdi. Ul dedi:
— Ey podshoh, bu tushingiz umringizni uzoqligiga dalolat qiladur. Ta’biri budurkim, barcha bolalachingiz, xotuningiz va yaqinlaringizdan podshoni umri uzoq bo‘lg‘uvsidur.
Bu ta’bir podshoga yoqib, unga ot va kiyim bilan ming tanga pul berdi va dedikim:
— Agarchi bu ikki ta’birning mazmuni birdur. Lekin birinchi ta’birchi yomon iborat bilan so‘zlab, o‘zini halokat chuquriga tashladi. Ikkinchi ta’birchi esa, yumshoq so‘z bilan ishora qilib, davlat bayrog‘ini ko‘kdan oshirdi.

* * *

Iskandar bilan Doro o‘rtasida qattiq urush, janjal, bahs bo‘ldi. Lekin Doro tarafi g‘alabada erdi. Shu sababdin Iskandar xafa bo‘lub, o‘ylab bir qancha fikrlarga bordi. Bir kecha u g‘am bilan charchab uxlab qoldi. Tushida ko‘rdikim, Doro bilan kurash tushar erdi. Ittifoqan Doro yerga urub, orqasini yerga yetkazdi. Shundaykim, butun orqasining daxni bilan yerga qo‘ydi. Iskandar uyqusidan uyg‘onib, qo‘rqinchi, g‘am va anduhi burungidan ham ko‘paydi. Shu holda ta’bir ilmiga mohir bir hakim bor erdi, uni chaqirub, tushuni anga bayon qildi. Hakim ul tushni eshitgach, ochiq yuzlik va xursandlik bildirib, Iskandarga xushxabar berdikim, sen bu tushdan umidvor bo‘lgin. Chunon bu dalolat qiladurkim, Dorodan so‘ng, butun yer yuzi senga taslim bo‘lg‘usidir. Sening orqangni yerga qo‘ygani yer yuzini senga bergani demakdur. Bu ta’bir Iskandarga ma’qul tushub mukofotlar berdi. Bu ta’bir kuchi bilan butun dunyoni o‘ziga qaratdi.

* * *

Ayturlarkim, Hakimi Xoqoniy Manuchehr shohg‘akim, Shervon mamlakatining podshohi erdi, bir bayt yozib yuborib, bir nimarsa talab qildi. Bayt budur:
Vashaqi deh, ki dar baram girad,
YO voshaqiki dar barash giram.
Vashaq — po‘stindur.
Voshaq — besoqol tug‘madur.
Xoqon darg‘azab bo‘lub dedikim:
— Bu baytda meni past qimmatlikka chiqaribdur. Buni bergil yo oni bergil debdur. Ne uchun ikkovini ham talab qilmaydur.
Bu xabarni Hakim Xoqoniyg‘a yetkurdilar. Andin so‘ngra bir chibinning qanotin yulib, podshoh qoshig‘a yubordikim:
— Man «bo» voshaqi deb erdim. Bu chibin «bo» nuqtasining yonboshig‘a bir nuqta qo‘yib, ani «yo» qilibdur.
Xoqon kulub, vashaq birla voshaqni ham yubordi.

* * *

Amir Temur Fors viloyatin musaxxar qilib, Sherozg‘a keldi. Shoh Mansurni o‘ldurub, Hofizi Sheroziyni talab qildi. Ul hamisha go‘shanishinlikda faqr va foqa bila umr o‘tkarur erdi. Sayid Zaynul Obidi Ruknobodiykim Amir Temur qoshida tamom yaqinligi bor erdi va Hofizi Sheroziyga murid erdi, Hofizni Amir Temurning mulozimatig‘a kelturdilar. Amir Temur ko‘rdikim, faqr va foqa asarlar andin zohirdur. Dedikim:
— Ey Hofiz, men shamsher zarbi bila yer yuzini xarob qildim. To Samarqand va Buxoroni obod va ma’mur qilg‘ayman deb, va sen esang bir holi hindusig‘a baxsh etibdursen.
Nazm:
Agar on turki sheroziy ba dast orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo.
Hofiz dedi:
— Mundoq besarfa (befoyda) baxshishlardan bu tariqa farqu foqag‘a uchrabdurman.
Bu so‘zdin Amir Temur kulub Hofizg‘a loyiq vazifa ta’yin etmishdur.

* * *

Bir shoir bir ulug‘ kishidinkim baxillikka mansub erdi, anga bir qasida etib va anda ko‘p sitoyishlar qilib, umedvor bo‘ldi. Va ul shoirg‘a sila berishni tilamas erdi. Balki istar erdikim, oni faqat tahsin bila o‘tqazgay. Shoir qasidani o‘qig‘och dedi:
— Ajab she’r aytibdurur. Ahsana ollohu ilayxa, ya’ni yaxshilik qilg‘ay, tangri taolo senga. Murodi bukim, yaxshilikni tangri taolodin ko‘z tutgil. Mendin ta’ma qilmagil.
Shoir ani murodini anglab debdur:
— Ahsan olloxu mazharaka, ya’ni yaxshilik qilg‘usidur tangri manga sening mazharingdin. Ya’ni seni va meni ro‘zi va nasibimga vosita qilur. Shoirning bu javobi anga xush kelib, rioyati kulln qildi.

* * *

Bir shoir bir baxil Xoja madhida bir qasida aytdi. Xoja hech nimarsa bermadi. Bir haftag‘acha sabr qildi. Byror asar zohir bo‘lmadi. Vaqt taqozosig‘a muvofiq bir qit’a aytdi. Xoja iltifot qilmadi. Bir haftadan so‘ngra hajv etti: Xojag‘a ta’sir etmadi. Shoir kelib Xoja eshigida o‘ltirdi. Xoja tashqarig‘a chiqib, oni ko‘rdi. Dedi:
— Farog‘atda o‘ltiribdurmusan, ey mubrim, behayo! Qasida aytding, hech nima bermadim. Qit’a aytding, parvo qilmadim. Va hajv etting, mutabbih bo‘lmadim,
yana nima umed bilan o‘ltiribdursan? 
Shoir demishdir:
— Bilgilkim, o‘lsang senga marsiya ham aytib, andin so‘ngra keturman.
Xojai baxil kulub yaxshi narsalar baxsh etti.

* * *

Maqsad yuzin hamisha ango ko‘rguzur jahon, 
Har kimki, chashmi nuri xiraddin tihi erur.

* * *

Gar oltin qasr esa johing, ulus holig‘a rahm etgil.

* * *

Vasl istama hajr ranji chekmay, 
Kim komini topti beriyozat.

* * *

Kima bir xizmat etsam aylagay o‘rnig‘a yuz tuhmat, 
Asalg‘a zahru, gul o‘rnig‘a sonchar xor bir soat. 
Kimakim oshnolig‘ ayladim izhor bir soat, 
Yetar afg‘onki nodon do‘stlarning ixtilotidan.

* * *

Ulki qilmaydur maoni bahriga g‘avvoslik, 
Ko‘rmagay minchoqcha gar bo‘lsa duri g‘alton so‘zing.

* * *

Yaxshidur qoni’u qashshoqu g‘ani tama’idin,
Tutti bu vajhdin oini qanoat shuaro.

* * *

Rizou sabr yo‘lida bulung sobitqadam, ahbob.

* * *

Buxl eliga demagil, ey zubdai davron so‘zung, 
Hayf etar, qadrini bilmay, siflai nodon so‘zung.

* * *

Tama’ni tark et chiq go‘shai qanoataro, 
Sanga yo‘q o‘zga jahon ichra amniyat.

* * *

Ichib zahri qahringni xushnudmen, 
Kerakmasturur shahdu-sharbat mango.

* * *

Gar qo‘ymasang bu olam aro nako‘nomlig‘, 
Oltunga sud topmag‘ung otingni qoqtirib.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.