OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xumuliy (XIX asr)

Xumuliy, Jumaquli ibn So‘fiy Tag‘oyi turk Urgutiy Samarqandiy (19-asr) — shoir va yozuvchi. Buxoro amiri Nasrullo (1827—60) davrida Urgutda qozilik qilgan. 
O‘zbek va tojik tillarida nasr va nazmda ijod etgan, tarixiy asarlar ham yozgan. Zamondosh olim va shoirlarning tarjimai holini yozib qoldirgan. Xumuliyning «Tarixi Xumuliy», «Manzumoti tarixiy», «Shoh va gado», «Devoni Xumuliy», «Shayx Musoxon ad-Dahbidiyning tarjimai holi» kabi asarlari bor. 
«Tarixi Xumuliy»da ba’zi bir darvesh shayxlarning tarjimai holidan va mang‘itlar sulolasi tarixidan ma’lumotlar keltirilgan. «Manzumoti tarixiy» asarida esa 1870 yili sodir bo‘lgan tarixiy voqealar she’r bilan bayon qilinadi. 


G‘AZALLAR

* * *

Baski za’f etti firoqingda tanim monandi xas,
Bo‘lmayin barbod deb qattig‘ cheka olmon nafas.

Bovujudi shohlig‘ sultong‘a da’viyi kamol,
Uy tubug‘i toj ila shohinlig‘ etmoqdur havas.

Poklar maqbuli boz o‘ldi sayohat fayzidin,
Istiqomat bobidin murdorlig‘ ko‘rdi hakas.

Zoti noqobilg‘a qilmas suhbati dono asar,
Bo‘lsa eshshak garchi Iso markabi bo‘lmas faras.

Ne ajab donodin afzun bo‘lsa nodon ro‘zisi,
Kim humo so‘ngakdin aylar qutu shakkardin magas.

Ahli dil xomushu da’viyi dastgoh puch mag‘z,
Shevai gavhar sukutu nolai ohing jaras.

G‘am girebonimny tutsa, man tutay ham domanin,
Soqiyo, sen jom tutqil, har qachonkim dastras.

Chok-chok o‘lg‘on tanimda xasta ko‘nglim shevani,
Elni nolon qush kabi qilmish jahonni bir qafas.

Turk ash’ori Xumuliy vus’ati so‘z ahlig‘a,
Movarounnahr mang‘it Shahrisabzu kenagas.

* * *

Bu shubhalig‘ zamonda, beshubha mol qanda?
Ey podaboni miskin, oshi halol qanda?

Mamlu haromdindur yetti falak taboqi,
Yerda halol so‘rsang, dandon hilol qanda?

Isyon sulukidin pir qolg‘il demas muridin,
Toat yukin chekorg‘a zohidga hol qanda?

Kohil yigit etordin vaqti namoz toat,
Ammo gunah qilurdin qori malol qanda?

Sayyidin xor qildi kizb ahlini qarosi,
Bu yuz qarolar ichra ruxsori ol qanda?

Fasli hasab yoshundi oxirzamon elidin,
Oxundu xo‘ja ko‘ptur, mullo jalol Qanda?

Xum pirining, Xumuliy, dayr ichra bil g‘animat,
Masjid elinda mundog‘ sohib kamol qanda?

* * *

Orazin ko‘rgach, qilurman la’lidin sog‘ar tama’,
Aylag‘ondek ravza bog‘ini ko‘rub kavsar tama’.

Bo‘lma ko‘p dunyog‘a tolib, ibrat ol xursheddin,
Kim chiqar o‘t chashmasidin toki bo‘ldi zar tama’.

Toji zarrin, xil’ati.simin bilan o‘rtandi sham,
Holi ravshandur birovkim qildi karru far tama’.

Sofdillig‘ istasang bu bahr aro xomush bo‘l,
Lozimi hifzi nafasdurkim qilur gavhar tama’.

Kim ayog‘ ostiga tushdi betakalluf shoxdur,
Xoki rah bo‘l naqshi podek aylasang afsar tama’.

Ista nohojat kishidin garchi mun’imdur karim,
Ey Xumuliy, xor etar chunkim kishini har tama’.

* * *

To qachon davroida bizni xoksor etgay firoq,
Zarradek muztar, quyundek beqaror etgay firoq...

Necha hijron dashtida qon ko‘zlarimdin oquzub,
Dog‘i hasratdin tanimni lolazor etgay firoq.

Vasl bog‘i chun xazoni hajrdin emin emas,
Oqil ul devonadurkim ixtiyor etgay firoq.

Or etib mandin qoching, ahbob andin burnokim,
Sizni ham men zordek benangu or etgay firoq.

Mudhish ahvolimni ko‘rsa devdek g‘am dashtida,
G‘uldin odam kabi mandin firor etgay firoq.

Necha ul sarvi sihi shoyad guzor etgaymu deb,
Yuz soriga ko‘zlarimdin jo‘ybor etgay firoq.

Mujdai vasli uchun jon berdimu yod etmadi,
Shoyad o‘lgandin keyin ummidvor etgay firoq.

Ey Xumuliy, choy uchun tokay samovor uyidek,
Ut solib jonimg‘a ohimdin sharor etgay firoq.

* * *

Yo‘qki anjum durlaridin gavhar afshondur falak,
Bosh-oyog‘i ko‘z bo‘lub, holimg‘a hayrondur falak.

Kahkashon ermaski har tun to sahar bedodidin,
Otashin ohim bilan dasti girebondur falak.

Erta mehr afshon qilib, oqshom pushaymondur bu kim
Poy to sar pushti dasti zaxmi dandondur falak.

Bo‘lmasa mahzul yuzidin mehri anjum tarh etib,
Kunduz otashboz, tunlar paxta parrondur falak.

Borsa bir komil, qilur, olamda ming noqis ayon,
Muhr olib anjum sotarg‘a eski do‘kondur falak.

Bir quyosh bedodidin titrar tanim simobdek,
Kim boshidin charx urub aftonu xezondur falak.

Umr davroni, Xumuliy, qildi ko‘nglumni sinuq,
Ore, qattig‘ donag‘a qurg‘on tegirmondur falak.

* * *

Men erurmankim chekarman charxdin shomu saboh, ~
Yuz jafovu g‘ussani ko‘rmay elidin bir faloh.

Munisim faqru, rafiqim huznu, komim dardu g‘am,
Mushfiqim ahli zalolat, dushmanim ahli saloh.

Mumtane’ rohat arusi, mumtazij zoli mihan,
Mahramim bul besabab, ammo taloq ul benikoh.

Hosilim ya’su, umidim vaslu, baxtim vojgun,
Zahri qotil jomima tushgan zamon jonbaxsh roh.

Shoxi iqbolim nishebu, bexi idborim faroz,
Puxta qilg‘an ishlarim xom, ehtimomim iftitoh.

Mansabi dinu xilofatg‘a qalamkashlig‘ shior,
Qozidin xasmim yuziga yuz bashorat ming maroh.

Yolborib yuz ming taab birlan malaksiymolara,
Telba it sen deb, Xumuliy, qilmadilar istiloh.

* * *

Yor ila xilvatni doim iltijo aylar ko‘ngil,
Bu na johildurki, da’voi xalo aylar ko‘ngil.

Sarvdek ra’no qadidin muddate ozod edim,
Yona sunbuldek sochig‘a mubtalo aylar ko‘ngil.

Har pari husnin tamannosida o‘zidin borib,
Bora-bora o‘zni kachko‘li gado aylar ko‘ngil.

Garchi ko‘nglumni ko‘rub la’lin qizil qon qildi ko‘z,
Emdi ko‘rmay orazin yuzin qaro aylar ko‘ngil.

Yiqmasun deb ko‘yida ko‘nglumni za’fu zorlig‘,
Qomati yodida ohimdin aso aylar ko‘ngil.

Eyki, yo‘lungda oqardi intizoringdin ko‘zum,
Kelki, xoki maqsadingni to‘tiyo aylar ko‘ngil.

Ey Xumuliy, chun kiroyi aql emas asbobi joh,
Emdi dunyo saydig‘a o‘zdin kiro aylar ko‘ngil.

* * *

Husni barqidin yana yaxshi-yamong‘a tushti o‘t,
Qaysi yaxshi, qay yamon, ikki jahong‘a tushti o‘t.

Qomati shavqida xushk o‘lgan tanimdin nolalar,
Tong emas ul sham’din bu naysitong‘a tushti o‘t.

Sekratib ko‘k tavsan uzra otashin xo‘yummudur,
YO uzori lam’asidin osmong‘a tushti o‘t.

Qarrilarg‘a ishq o‘ti barnodin afzun kor etar,
Sabzadin ortiq ko‘yar chunkim samong‘a tushti o‘t.

Sabzai xat birla gulruxsor ko‘rguzdi magar,
Kim bahor ayyomida fasli xazong‘a tushti o‘t.

Otashin gul demakim bulbul shararlig‘ ohidin,
O‘rtonib gulbun saropo gulsitong‘a tushti o‘t.

Ey Xumuliy ham bo‘lub qadding bu puldin o‘tmading,
Emdikim avval g‘ami ozurda jong‘a tushti o‘t*

* * *

Bemuhabbat bulhavasqa no‘shi sog‘ardin na haz,
Mayg‘a tushkon harmagasga rohi ahmardin na haz.

Ilm Kasbidin garonbor o‘lsa nodon vajhi bor,
Ko‘zai hamyong‘a oxir siym ila zardin na haz.

Bilmasa tong yo‘q xaromi lazzati quti halol,
Hissi modarzodg‘a yori sumanbardin na haz.

Bu saodat qurbati abrordin fayz istama,
Bu Lahabga nisbati poki payambardin na haz.

Simu zar jam’ aylading nuri safodin uz ko‘ngul,
Yuz qarolig‘din digar mirzog‘a daftardin na haz.

Fayzi ma’ni bo‘lmasa suratg‘a bo‘lmas e’tibor,
Naqsh to tufrog‘dir boshinda afsardin na haz.

Shavqidin parvona bo‘l, xuffosh bir ul beqanot,
Bemuhabbat mokiyong‘a bol ila pardin na haz.

Xizrdek dil zinda bo‘l, umri abaddin komyob,
Joni yo‘q oinag‘a mulki Sikandardin na haz.

Ey Xumuliy, rish ila dastori mo‘yi paxtadur,
Javhari mardi kerakdur bu karu fardin na haz.

* * *

Baski kechdi yor hajridin manga ayyom talx,
Og‘zima olsam shakar hosil qilurman kom talx,

To qaro ko‘zlig‘ nigorim qilmadi achchig‘ nigoh,
Qilmadim ma’lumkim ermish qaro bodom talx.

Zahr bo‘lsa xum aro jonim ajab ermaski yor,
G‘ayrdin ibrom achchig‘, yordin in’om talx.

Odat o‘lmishdur manga hajr ichra zahr oshomlig‘,
Xoni vasl o‘lsa muyassar aylagum ibrom talx.

Bo‘lsa achchig‘ zindagonim ne ajab chunkim manga,
Bir quyosh hijronidin charx ichturur har shom talx.

To chuchuklig‘din dam urdi lablaring, ey mug‘bacha,
Rashkdin qildi mizojin bodai gulfom talx.

Ey Xumuliy, rindu rasvolig‘ erur kayfiyatim,
Dushmanimdur voizutaklifi nangu nom talx.

* * *

Orazu la’lu qading oshubi birlan bog‘bon,
G‘unchai bog‘lig‘ guli oshuftau sarvi ravon.

Safshikanlig‘, sandinu xo‘blardin xo‘b emas,
Kimdadur bu qoshu ko‘zkim, sendadur, ey shah kamon.

To haloyiq shakkari xattingga maftun bo‘ldilar,
Bo‘ldi tasbehi maloik yeru ko‘kdin al’amon.

El paridin telba, man sandin qilib aql iktisob,
Ishq fayzin ko‘rki, sud o‘lmish manga ayni ziyon.

Ikki uyqulig‘ ko‘zungdin bir ko‘ngul osuda yo‘q,
Ul ikki yuzi qaroo‘ ul ikki o‘g‘ri noimon.

Rostlig‘da qomating otqan o‘qungdek dylnishin,
Egrilig‘da kokulung pechu xami af’i nishon.

Nargising aynul hayotedurki mujgon sabzasi,
Yo mijang milu ko‘zung ahli nazarg‘a surmadon.

Ey Xumuliy, boshim ul gesuni savdoxonasi,
Ikki yosh oqqan ko‘zum ul uyga ikki novdon.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.