OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadrizo Ogahiy (1809-1894)

Ogahiy (taxallusi; to‘liq ism-sharifi Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li) (1809.17.12, Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘i — 1874.14.12) — shoir, tarixchi, tarjimon. Mirob oilasida tug‘ilgan. Xiva madrasalarida tahsil ko‘rgan. Arab, fors, turk tillarini puxta egallagan. Xorazmning mashhur shoir va olimlari, adabiyot muxlislarining suhbatlarida ishtirok etgan. Sharq klassiklari asarlari, ayniqsa, Navoiy ijodini qunt bilan o‘rgangan. 1829 yilda amakisi va ustozi Munis vafot etgach, Xiva xoni Olloqulixon (1825—42) Ogahiyni Munisning o‘rniga mirob etib tayinlagan. Shu davrdan e’tiboran Ogahiy xalq hayoti va saroy ishlari bilan shug‘ullangan. Qizg‘in ijtimoiy-siyosiy mehnat bilan mashg‘ul bir paytda otdan yiqilib, oyog‘i «shakarlang» (shol) bo‘lib qolgan (1845). 1857 yildan miroblik vazifasidan iste’fo bergan. Umrining oxirigacha moddiy muhtoj, g‘amgin, kasalmand ahvolda kun kechirgan.
Ogahiy xalq orasida ko‘proq lirik shoir sifatida mashhur. Umrining oxirgi yillarida tuzgan lirik kulliyoti — «Ta’viz ul-oshiqin» («Oshiqlar tumori», 1872) bizgacha to‘la yetib kelgan. Devon an’anaviy tartibda tuzilgan, 470 g‘azal, 3 mustazod, 89 muxammas, 5 musaddas, 2 murabba, 4 musamman, 4 tarje’band, 7 qit’a, 80 ruboiy, 10 tuyuq, 1 mulamma, 4 chiston, 2 muammo, 4 masnaviy, 1 bahri tavil, 1 munojot, 1 oshiq va ma’shuq savol-javobi, 20 ta’rix, 19 qasida — jami 18000 misradan iborat. Devonga «Ash’ori forsiy» nomi bilan Ogahiyning fors tilidagi 1300 misra she’ri ham kiritilgan. Devondagi asarlar mazmun-mundarijasi markazida ishq mavzui turadi.
Ogahiy ijodining mavzu doirasi keng. Ammo u qaysi mavzuga murojaat qilmasin, ishqni chetlab o‘tolmaydi. Ishq uning qalamida mavzuni yoritishda, g‘oyani ilgari surishda asosiy badiiy vosita; she’riyatida ishq — iymon, e’tikrd, vatan, zakovat timsoli kabi lirik qahramonning o‘y-kechinmalari, faoliyati, dunyoqarashini harakatlantiruvchi kuch. Ogahiy devonida zamon va zamondoshlari tasviri ham katta o‘rin egallagan. Shoir o‘zi yashab ijod etgan murakkab davrni mahorat bilan badiiy umumlashtirganda, zamon va uning ahliga munosabat bildirganda, baqo berganda, insonparvarlik, xalqparvarlik nuqtai nazaridan yondashgan. Ogahiy janr imkoniyatlariga ijodiy yondashib, ularni takomillashtirgan: o‘zigacha bo‘lgan 7—8, 10—12 baytli g’azal yozish tartibini 23 baytgacha yetkazgan, mustazod janrining qo‘sh orttirma misrali yangi shaklini kashf etgan:
Ey yor, sango ushbu jahon bog‘i aro gul 
bir oshiqi hayron, 
diydoriga shaydo,
Bir shuyftadur kokili mushkulinga sumbul 
ham holi parishon, 
ham boshida savdo.
Shoir aruzning juda ko‘p bahrlaridan foydalangan. Uning g‘azallari «Shashmaqom»ning hamma kuylariga tushadi, Xorazm xalq ohanglariga mos keladi.
Ogahiy «Riyoz ud-davla» («Saltanat boglari», 1844), «Zubdat ut-tavorix» («Tarixlar qaymog‘i», 1845—46), «Jome’ ul-voqeoti sultoniy» («Sultonlik voqealarini jamlovchi», 1857), «Gulshani davlat» («Davlat gulshani», 1865), «Shohidi iqbol» («Iqbol guvohi», 1872) va boshqa tarixiy asarlarida Olloqulixon, Rahimqulixon (1843—46), Muhammad Aminxon (1846 — 55), Sayid Muhammadxon (1856—64), Muhammad Rahim II (1864—1910) hukmronligi davrida Xorazmda yashagan o‘zbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq xalqlarining tarixi, madaniy va ijtimoiy hayoti, Xiva xonligining boshqa xonliklar bilan munosabati va boshqa tarixiy voqealar aks etgan.
Ogahiyning yuksak insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan g‘oyalari xon va shoir Feruzning siyosiy-ma’rifiy tarbiyasiga ta’sir qilgan. U tarixchi olim sifatida Xiva xonlariga, yirik tarixiy shaxslarga bag‘ishlab qasidalar yozgan. Ogahiyning «Qasidai nasihat» asari Feruzga bag‘ishlangan. U o‘z nasihatlarida saltanatni boshqarishning yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatadi, mamlakat va xalqni adolat bilan idora etish yo‘llarini belgilab beradi. Qasida masnaviy janrida yozilgan bo‘lib, unda shoirning siyosiy-ma’rifiy qarashlari yorqin aks etgan. Ogahiy fikricha, har qanday davlat boshlig‘i hokimiyatni mustahkamlash uchun barcha ijobiy fazilatlarga ega bo‘lishi lozim. Podshoh himmatli, shijoatli, adolatli, g‘ayratli, saxovatli, hayoli, sof niyatli, madaniyatli, hamiyatli, kambag‘alparvar bo‘lishi zarur. Hukmdor shu fazilatlarga ega bo‘lsa, uning hokimiyati kamol topadi, mamlakati farovon bo‘ladi, degan fikrni ilgari suradi. Ogahiy davlatni boshqarishning yo‘llarini ham ko‘rsatib o‘tgan. Shoirning fikricha, shoh shariat ahkomlariga qattiq amal qilmog‘i lozim. U aysh-ishratdan, fitna va g‘iybatdan, g‘aflatdan, yalqovliqdan, zulm-razolatdan, chaqimchilikdan, molparastlikdan uzoq bo‘lishi kerak. Feruz Ogahiyning davlatni boshqarish to‘g‘risidagi maslahatlariga quloq tutgan, uning hikmatli baytlarini marmar toshlarga yozdirib, arzxonalarga qo‘ydirgan, ko‘p ezgu ishlarni amalga oshirgan. Shu bois ham Ogahiy tarixiy asarlari badiiy nasr sifatida hamda 19-asr Xorazm voqeligini haqqoniy aks ettiruvchi nodir tarixiy hujjatlar sifatida qimmatlidir. Ogahiy «Ravzat us-safo» (Mirxond), «Tarixi jahonkushoyi Nodiriy» (Muhammad Maxdiy Astrobodiy), «Badoe’ ul-vaqoe’» (Z. Vosifiy), «Miftoh ut-tolibin» (Mahmud binni Shayx Ali G‘ijduvoniy), «Tabaqoti Akbarshohiy» (Muhammad Muqim Hirotiy), «Tazkirai Muqimxoniy» (Muhammad Yusuf Munshiy), «Ravzat us-safoyi Nosiriy» (Rizoqulixon Hidoyat), «Axloqi Muhsiniy» (Koshifiy), «Qobusnoma», «Zubdat ul-hikoyot», «Sharhi daloil ul-hayrat» (Muhammad Voris), «Guliston» (Sa’diy), «Yusuf va Zulayho» (Jomiy), «Shoh va gado» (Hiloliy), «Haft paykar» (Nizomiy) va boshqa tarixiy-badiiy asarlarni fors tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Ogahiy «Haft paykar»ni nasriy yo‘l bilan, «Guliston»ni qisqartirib, keng kitobxonlarga tushunarli qilib tarjima etgan. «Yusuf va Zulayho» hamda «Shoh va gado» dostonlarini esa baytma-bayt tarjima qilib (kirish qismidan tashqari), aniq ijodiy tarjima namunasini yaratgan. «Miftoh ut-tolibin» (inv. ?8473), «Ravzat us-safoyi Nosiriy» (D-125), «Tabaqoti Akbarshohiy» (TNS—106), «Tazkirai Muqimxoniy» (TNS—105), «Firdavs ul-iqbol» (S—571), «Shohidi iqbol» (S—572), «Yusuf va Zulayho» (TNS—117), «Ta’viz ul-oshiqin» asarlarining qo‘lyozma nusxalari Toshkent, Dushanba va Sankt-Peterburgda saqlanadi. «Zafarnoma» (Ali Yazdiy), «Bahoriston», «Salomon va Ibsol» (Jomiy), «Hasht behisht» (Xusrav Dehlaviy) asarlarining Ogahiy tarjimasi hanuzgacha topilmagan.
«Ta’viz ul-oshiqin» Xivada toshbosmada nashr etilgan (1905—09). O‘zbekistonda ko‘chalar, maktablar, Xorazm viloyati musiqali drama va komediya teatri, istirohat bog‘i va boshqa muassasalarga Ogahiy nomi berilgan. Qiyot qishlog‘ida Ogahiy bog‘i tashkil etilib, shoirning uy-muzeyi ochilgan; muzey oldida Ogahiyga haykal o‘rnatilgan.

Nusrat Jumayev

 

* * *

Oshiq o'lding,ey ko'ngul,joning kerakmasmu sanga?
O'tg'a kirding jismi uryoning kerakmasmu sanga?

Istabon ul yuz tamoshasini ko'zdin damba-dam,
Qon to'karsan chashmi giryoning kerakmasmu sanga?

Hardam etkung orzu kofir ko'zi nazzorasin,
Qil hazarkim naqdi imoning kerakmasmu sanga?

Lutfung etding xasta ko'nglimdin darig', ey shohi husn,
Bu gadoyi zori hayroning kerakmasmu sanga?

O'zgalarga iltifoting aylading maxsus, bu
Mustahiq lutfu ehsoning kerakmasmu sanga?

Sel g'amdin xonavayron o'ldimu yod etmading,
Aytkim bu xonavayrining kerakmasmu sanga?

Ogahiy holin ko'rub doim tag'ofil qilg'osan,
Shoiri donoyi davroning kerakmasmu sanga?

                                  * * *

Mushkin qoshingning hay'ati ul chashmi jallod ustina,
Qatlim uchun nas keltirur nun eltibon sod ustina.

Qilg'il tomosho qomati, zebosi birlan orazin,
Gar ko'rmasang gul bo'lg'onin payvand shamshod ustina.

Nozu ado-yu g'amzasi qasdim qilurlar dam-badam,
Vah, muncha ofatmu bo'lur bir odamizod ustina.

Man xastag'a jon asramoq emdi erur dushvorkim,
Qotil ko'zi bedod etar har lahza bedod ustina.

Ul gul yuzi shavqi bila shaydo ko'ngul shomu sahar,
Bulbuldek aylar yuz navo ming nav'i faryod ustina.

Boshimg'a yog'g'on g'am toshi mingdin biricha bo'lmag'ay,
Gardun agar ming besutun yog'dursa Farhod ustina.

Ey shah, karam aylar chog'i teng tut yamonu yaxshini -
Kim,mehr nuri teng tushar vayronu obod ustina.

Xoki taning barbod o'lur oxir jahonda necha yil,
Sayr et Sulaymondek agar taxting qurub bod ustina.

Ne jur'at ila Ogahiy ochg'ay og'iz so'z dergakim,
Yuz xayli g'am qilmish hujum ul zor noshod ustina.

                                   * * *

Manga zulm aylab ul qotil ayon ohista-ohista,
Chekib tig'ini aylar qasdi jon ohista-ohista.

Jafosi zo'ridin ikki ko'zimdan oqdi daryolar -
Ki, qolg'oy ostida oning jahon ohista-ohista.

Ulusga aylagan zulmin ko'rib ondin hazar qilmay,
Kelib chekdim jafosin man yomon ohista-ohista.

Bo'lur hajrida zindon gar maning manzilgahim bo'lsa,
Guliston balki gulzori junon ohista-ohista.

To'la burjom tut lutf aylab,ey soqiyki, bu g'amdin
Qutulg'oyman ichib man notavon ohista-ohista.

Vafo yo'q dahr bog'ining guliga berma ko'nglungni,
Bugun tongda ketar, ey bog'bon, ohista-ohista.

Emas gardunda ra'd ovozikim hijron tuni ichra,
Erur ul Ogahiy chekkan fig'on ohista-ohista.

                                * * *

Ul yuzi gul nigorning mehri jamolini ko'ring,
Mehri jamoli ustida ikki hilolini ko'ring.

Ikki hilolini ko'rub qonmasa mehringiz agar,
Safhayi orazi uza nuqtayi xolini ko'ring.

Nuqtayi xolini ko'rub sabr eta olmas ersangiz,
Husnu jamoli bog'ida qaddi niholini ko'ring.

Qaddi niholini ko'rub ko'nglungiz etmasa qaror,
Jon ko'zi birla boqibon la'li zilolini ko'ring.

La'li zilolini ko'rub joningiz etsa iztirob,
Chorai holingiz uchun shahd maqolini ko'ring.

Shahd maqolini ko'rub topmasa chora holingiz,
Nuktaga lab ochar chog'i g'unju dalolini ko'ring.

G'unju dalolini ko'rub istasangiz murodi dil,
Ogahiydek quchub belin ayshi kamolini ko'ring.

                               * * *

Vah,ne balodur bilmadim,ey dilrabo,qoshu ko'zing -
Kim,bir nazarda soldi o't jonim aro qoshu ko'zing.

Oldi qaroru toqatim oq siynayu nozik beling,
Soldi qaro tun boshima ikki qaro qoshu ko'zing.

Jonimg'a qo'ydi dog'lar rashk o'tidin xoli labing,
Ko'nglumga yetkurdi tuman dardu balo qoshu ko'zing.

Har yuz o'likni tirguzur la'ling aro shirin so'zing,
Ham ming tirikni o'lturur aylab jafo qoshu ko'zing.

Qoshu ko'zing bedodidin dod aylasam ermas ajab -
Kim,ne jafolar qilmadi oxir mango qoshu ko'zing.

Husn ahli shohisen bori oshiqlaring o'lturgali,
Go'yoki jallodi qilich bo'lmish sango qoshu ko'zing.

Man zori hayroning nechuk devona bo'lmay, ey pari,
Kim, aqlu hushim ayladi mendan judo qoshu ko'zing.

Yo'qtur manga ishqing aro yurmoq tirik imkonikim,
Jonimni yo qaddi yuzung olg'usi,yo qoshu ko'zing.

Qoshu ko'zing iymisidin bo'ldi qiyomat oshkor,
Qo'yoki olam ofati qilmish xudo qoshu ko'zing.

El qatilini qasd aylabon mastona qilg'ach bir nazar,
Soldi jahonga nolai va hasrato qoshu ko'zing.

Aylay hayotim naqdini har dam nisoru sadqasi,
Yoshurmag'il man zoridin aylab hayo qoshu ko'zing.

Majlis fazosida usul etgan chog'i raqqos o'lub,
Bir g'amzada yuz jon olur,ey maxliqo, qoshu ko'zing.

Shirin labingdan Ogahiy jismig'a jon berkim, oni
O'lturdi bir imo qilib boqqach qiyo qoshu ko'zing.

                            * * *

Dardi dilim ango dedim,dema oni mango dedi,
Kim manga oshiq o'lsa ul lozim erur ango dedi.

Yuz uza ikki nargising vah,ne balo qaro dedim,
Ko'nglungu joning olg'uvchi ikki qaro balo dedi.

Lablaring og'zuma yetur jon topayin ango dedim.
La'li tabassum aylabon yo'qmu o'lim sango dedi.

Husningga aylayin nazar man sori bir qara dedim,
Yoshuribon yuzin ket,ey masxara,behayo dedi.

Bo'sa labi savob uchun ayla manga ato dedim,
Qoshu qapog'ini chitib qo'y bu so'zing xato dedim.

Vah, nedin erkon etmogung hech vafo mango dedim,
Zohir o'lubdurur qachon husn elidin vafo dedi.

Xasta ko'ngulga qilg'osan muncha nedin jafo dedim,
Dema jafo ani sening dardingadur davo dedi.


Ogahiy komini nedin aylamagung ravo dedim,
Kim toparmu jonni ul qilmog'ucha fido dedi.

                                  * * *

Ashkima gar kanora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay,
Ohima hech shumora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay.

Hardam ulusg'a lutf ila boqg'usi qahr ila, vale
Man sori bir nazora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay.

Ishq eli ko'ngli dardig'a chora qilur,vale mening
Dardi dilimga chora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay.

Hajrida za'fim o'ylakim, ohi hazinim o'tig'a,
Shu'la bila sharora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay.

Jon labidin chu bermadi jismima,vahki qoshidin
Qatlima bir ishora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay.

Ko'yiga borsam etgusi vaslig'a va'da, ul dog'i
Bo'lg'usi bora-bora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay.

Toleyi ravshan o'zganing lutfi quyoshi nuridin,
Men kibi baxti qora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun,netay.

Bo'ldi sitorasi isiq' xulqg'a mehr yor karam,
Manda isig' sitora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay.

Dedim o'lubtur Ogahiy ashki kanorasiz, dedi:
Ashkima gar kanora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun,netay.

                               * * *

Vahki,mandin yoshurin yor o'zgalarga yor ekan,
Kechalar xilvar aro bazmi nihoni bor ekan.

Xotirimni zohiran yuz va'dadan xushnud etib,
Botinan ko'ngli hamisha moyili ag'yor ekan.

Oshkoro til uchi birla bo'lib moyil manga,
Kongli mayli o'zga elga yoshurun bisyor ekan.

Dev siyrat muddaiylar sori rag'bat ko'rguzub,
Men hazinu bedilu bechoradin bezor ekan.

Har kecha ishrat mayin no'sh aylabon avbosh ila,
Tongg'acha masti sharobi sog'ari sarshor ekan.

Chun nihon ag'yor ila bazm etmish ul sultoni husn,
Fahm qildimkim,anga man xasta quldin or ekan.

Ko'ngli sandin o'zgalarg'a rog'ib o'lmish,e y ko'ngul,
Umrlar ishqida mehnat chekkaning bekor ekan.

Oshiqikim topsa hosid gar oning yorig'a qurb,
Bu jahon ichra tirik yurmak anga dushvor ekan.

Yor topmishlar raqibu muddayilar olida,
Ogahiy,emdi sanga ul ko'y aro ne bor ekan.


ALISHER NAVOIYGA MUXAMMAS

Falakkim yaxshilar bazmida qadrimni baland etmas,
Dami yo'qkim yamonlar majmaida mustamand etmas,
Bu hasratdin ko'zim ashki yo'lin bir lahza band etmas,
Mani man istagan o'z suhbatida arjumand etmas,
Mani istar kishining suhbatin ko'nglum pisand etmas.

Fig'onkim dahru dun ichra rafiqi topmadim ogah,
Qayon borsam bo'lurlar g'ulvashlar hamdamu hamrah,
Tilarlar bahra mandin, men tilab topman biridin, vah,
Na bahra,topg'oman ondinki mandin istagay bahra,
O'zi ham bahramand o'lmas,mani ham bahramand etmas.

Ko'zi zahri esa har nechakim moyil mamotimg'a,
Labi shahdi edi rog'ib o'limdin ham najotimg'a,
Bu dam vosil iymon ul qotili Iso sifotimg'a,
Netoy huru pari bazminki qatlim yo hayotimg'a,
Ayon ul zahr chashm aylab nihon bu no'sh xand etmas.

Chiqo olmay ko'ngul hayrondur usru shomu furqatdin,
To'kar ashkini ko'z ham intizori subh vaslatdin,
Iloji bo'lmasa ul mahvashi xurshid tal'atdin,
Kerakmas oy ila kun shaklikim husnu malohatdin,
Ichim ul chok-chok etmas,tanim bu band-band etmas.

Bugun chobaklar ichra yo'q edi ul shahsuvorimkim,
Birini qilmadi manzur chashmi ashkborimkim,
G'ubor oso netong gar qolmasa sabru qarorimkim,
Kerak o'z chobaku qotilvashu majnun shiorimkim,
Buzuq ko'nglimdin o'zga yerda javlon samand etmas.

Savod zulfini ko'rgach yumar Ogahiy tun deb ko'z,
Yuzig'a nozir o'lg'och ham tutar qo'l birla kun deb ko'z,
Ko'ngul, hayratg'a qolma ko'rmas oni ne uchun ko'z,
Ul oy o'tlug' yuzin ochsa Navoiy tegmasun deb ko'z,
Muhabbat tuxmidin o'zga ul o't uzra pisand etmas.


RUBOIYLAR

1

Zarra uchubon nayyiri a'zam bo'lmas,
Yer bolish etib avji falak ham bo'lmas,
Inson aro nodonni biling hayvondur,
Hayvon necha zo'r aylsa odam bo'lmas.

2

Vahkim,yana zulmini ayon etti falak,
Bag'rimni hajr aro qon etti falak,
Ko'z yo'lidin ul qonni ravon etti falak,
Oxir manga ko'rki qasdi etti falak.

3

Qilmoq bila parvarish tikon gul bo'lmas,
Ham tarbiyat ila zog' bulbul bo'lmas,
Gar asli yamong'a yaxshiliq ming qilsang,
Yaxshiliq oning niyati bilkul bo'lmas.

4

To tushti firoq o'tig'a bemor ko'ngul,
Yuz dardu g'amu alamg'a duchor ko'ngul,
Davron sitami tig'idin afgor ko'ngul,
Bo'lmish mandin malulu bezor ko'ngul. 
TUYUQLAR

1

G'am yuki to qomatim yo qilmadi,
Ohim o'tig'a falak yoqilmadi,
Qilmadi rahmi manga,xud o'zgaga,
Bilmadimkim qildimu yo qilmadi.

2

Do'stlar, hamrohlig' aylab boringiz,
Tund xo' yorim qoshig'a boringiz,
Bir kecha bazmimg'a kelturmoq uchun
Bosh oyoqig'a qo'yub yolboringiz.

3

Dard zahri soldi chinlar qoshima,
Kelmadi holim so'rarg'a qoshima,
G'am yukin chekmakda, ey dil,chobak o'l,
Hargiz ushbu ishda boshing qoshima.

4

Chehrasining garchi muhraq nori bor,
Bergusi doim niholi nori bor,
Sig'mog'un bazmim aro, ey muddaiy,
Telmurib turma bu yerda,nori bor.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.