OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sidqiy Xondayliqiy (1884-1934)

Sidqiy Xondayliqiy (taxallusi; asl ism-sharifi Sirojiddin Maxdum Mirzohidoxund o‘g‘li) (1884 — hozirgi Bo‘stonliq tumani Xondayliq qishlog‘i — 1934) — shoir, xattot, tarjimon. Arab, fors tillarini o‘rgangan. Xattotlikka qiziqqan, zamonasining mashhur qilqalami Muhammad Shohmurod kotib (1850— 1922)ga shogird tushgan. Sidqiy tosh yo‘nib, unga ishlov berish, turli bezaklar tushirish, suratlar ishlash, muhr yasash bilan ham shug‘ullangan. Ayni paytda she’r mashq qilgan. 
Shoir sifatida shakllanishida Kamiyning xizmati katta bo‘lgan. U boshliq adabiy davralarda faol ishtirok etgan. Ilk she’rlarini «Shuhrat», «Shevan» (nola, fig‘on) taxalluslari bilan yozgan («Tuhfai Shavkat», 1913; «Savg‘oti Shavkat», 1914 — to‘plamlar). Keyinroq barcha asarlarini Sidqiy taxallusi bilan chop ettirgan. Lirik she’rlarida mumtoz adabiyotimizdagi hayotiy, insoniy muhabbat, odamiylik singari yaxshi an’analarni davom ettirgan. Poetik merosining salmoqli qismini hajviyot va ijtimoiy she’rlar tashkil qiladi. Ijtimoiy-siyosiy she’rlari esa davrning muhim voqealariga bag‘ishlangan («Muhoraba», «Yashasun yoshlar», «Toza hurriyat» va boshqa). Mardikorlik voqealari haqida asarlar yozgan [«Rabo(t)chilar namoyishi». «Rabo(t)chilar kelishi», 1917].
Sidqiyning «Rusiya inqilobi» dostoni (1917, mart) Rusiya inqilobi voqealarini keng epik planda tasvir etuvchi dastlabki asar. Dostonning hajmi 1502 misra. Shundan 72 misrasi fors-tojik tilida, qolgani o‘zbekchada yozilgan. Voqealar 23 fevral — inqilobning birinchi kuni tasviridan boshlanadi, so‘ng kunmakun beriladi. Sidqiy Fevral inqilobini quchoq ochib qarshi olsa-da, uning natijalaridan qanoatlanmagan. Doston inqilobdan keyingi sharoitni jiddiy va atroflicha tahlil etish, barchani birlikka, hamjihatlikka chorlash bilan yakun topgan. Bu g‘oya «Umidi ittifoq» (1918) tarji’bandida davom etadi. 
Sidqiy «Tazkirai imomi A’zam», «Sad irshodi mulla Sidqiy Xondayliqiy» («Mulla Sidqiy Xondayliqiyning yuz nasihati»), «Mezoni shariat» (1915, 1917, 1992), «Zarbulmasali Sidqiy», «Holoti Sidqiy» kabi nasriy asarlar ham yozgan. Ularning ko‘pchiligi diniy-axloqiy mavzuda. «Hikoyai latifa», «Bahrom va malikai Gulandom», «Ajoyib ul-maxluqot», «O‘g‘ri va qozi», «Bo‘ston» (Sa’diy) kabi asarlarni tarjima qilgan. Sidqiy ko‘chirgan devon, bayoz va risolalar, yasagan muhrlari nusxalari, toshlavhalar hamda chizgan To‘ychi Hofiz va Tavallo suratlari xususiy va davlat kutubxonalarida, shuningdek, 20 dan ortiq bosma va qo’lyozma asarlari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (R7629), 7631, R—7629—III).

Begali Qosimov

 

* * *

Har kishining ruhi ilm birla quvvatlansa, shafqatli va betama’ bo‘lur.

* * *

Har kim beayb do‘st istasa, anga do‘st topilmag‘ay 
Va kimki do‘stga har xitob uchun itob qilsa, dushman ko‘paygay. 

* * *

Agar (do‘st) xolis va toza chiqsa, aning birla do‘stlik qilg‘il. 
Yuq ersa, oni o‘z siringdin ogoh qilmag‘il...

* * *

Xolis do‘st uldurki, suhbatlashmoqda malul bo‘lmag‘ay, mehnat birla rohatda o‘zgacha bo‘lmag‘ay, hozir va g‘oyiblikda bo‘laklanmag‘ay.

* * *

Vatan nadir, tuqqan yerim, turgon yerim, 
O’sib-unib, o‘ynab-kulib yurgon yerim. 
Vatan menga haqiqatda qundoq kabi, 
Tarbiyaning negizini qurg‘on yerim.

* * *

Xush qilig‘liq bo‘lur saodatmand, 
Xohlamaski, yeturg‘ay elga gazand.

* * *

Adovat qilur barcha millatni yo‘q, 
Adovat qilur mehru shafqatni yo‘q. 
Adovat qilur barchani xoru zor, 
Adovat qilur elni bee’tibor.

* * *

Zo‘r birla xushbaxtlik hosil bo‘lmas.

* * *

Yasha sen barcha el topar rohat, 
Izzat avjida nako‘nom yasha.

* * *

Dehqon o‘g‘li, sog‘ bo‘l, mudom yasha, 
Shodlik bilan subhu shom yasha.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.