OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turdi Farog’iy (XVII asr - 1699/1700)

Turdi, Turdiy (asl ismi va taxallusi; fors-tojik she’rlaridagi taxallusi esa Farog‘iy) (17-asr, Buxoro — taxminan 1699/1700, Xo‘jand) — shoir. Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. Abdulazizxon davrida saroyning amaldorlaridan, yuz urug‘ining ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblaridan bo‘lgan. Subhonqulixon taxtga chiqqach, saroydan uzoqlashtirilgan. Ashtarxoniylarga qarshi 1685—86 yillarda ko‘tarilgan xalq isyonida faol ishtirok etgan. Isyon bostirilgach, Turdi Jizzax, so‘ng Xo‘jandga borib, muhtojlik va uzluksiz ma’naviy tushkunlikda kun kechirgan. 
Turdi o‘zbek va fors tillarini yaxshi bilgan. «Dar mazammati sipohigari» she’rida o‘zining asosiy kasbkori sipohiylik («harbiylik») bo‘lganini, shu kasbi bilan uzoq yillar nimalarnidir tama’ qilib, shohlarga xizmat qilganini, lekin oxiroqibatda hech narsaga erisha olmaganini afsus bilan ma’lum qilgan. Lekin qarbiylik bilan bir qatorda Turdi o‘z zamonasining o‘qimishli, Sharq adabiyotidan mukammal xabardor, hayot, jamiyat haqida keng tushunchaga ega kishilaridan bo‘lgan. Uning jamiyatda tutgan mavqei esa o‘z atrofida yuz berayotgan voqeahodisalarga faol aralashishni taqozo etgan.
Turdining adabiy merosi 18 she’rdan iborat bo‘lib, ulardan 12 tasi g‘azal, 5 tasi muxammas va bittasi fard janriga oid. 434 misra hajmidagi bu merosning 165 misrasi Subhonqulixon haqidagi mashhur hajviyani tashkil etgan («Subhonqulixon to‘g‘risida hajviya», 1691).
Turdi ham o‘z ijodini boshqa shoirlar kabi an’anaviy ishq mavzuidan boshlagan. Uning:
Turkona xirom ayladi ul sho‘xi diloro, 
Dil mulkini bir go‘shai chashm ayladi yag‘mo.
matlai bilan boshlangan ishqiy g‘azali lirikaning yaxshi namunalaridan hisoblanadi. Turdining lirik g‘azallari boshqa shoirlarnikidan o‘zining nihoyatda ixchamligi, ya’ni 3—4—5 baytdan iboratligi bilan ajralib turadi. Uning tasavvufiy she’rlari ham g‘oyat go‘zal va falsafiy teran mazmunga boy («...Ibrat ila boq, ko‘zung tufroqqa to‘lmasdan burun»).
Turdi g‘azallarining aksariyati hali hech kim qalamga olmagan, o‘tkir ijtimoiy-siyosiy va falsafiy-axloqiy mavzularga bag‘ishlangan. Ayniqsa, shoirning:
Tor ko‘ngullik beklar, manman demang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bo‘li o‘zbek yurtidur, tenglik qiling...
matlai bilan boshlanadigan g‘azalida yurgni boshqarayotgan beklarga murojaat qilib, ularni keng fe’lli, o‘zaro ittifoq bo‘lishga, bir-birini urug‘chilik belgilariga qarab kamsitmaslikka chaqirish uning o‘z davridagi yuksak fikrli, vatanparvar va haqiqiy insonparvar kishi bo‘lganligidan dalolat beradi.
Subhonqulixon to‘g‘risidagi hajviy muxammasi Turdining shoh asari hisoblanadi. Asarda Subhonqulixon davlat tepasiga kelgach, mamlakatda ahvol yomon tomonga o‘zgarganligi, osoyishtalik o‘rnini tartibsizlik, adlu karam o‘rnini o‘zaro nifoq egallagani o‘z aksini topgan. Shohning aybi shundaki, u taxtga o‘tirishi bilanoq tajribali, ishbilarmon mulozimlarni quvib, ularning o‘rniga o‘z atrofida davlatni boshqarish ishidan butunlay xabarsiz, fikr-mulohazalari sayoz, axloqan tuban kishilarni yig‘adi. Turdi bu asarida Subhonqulixon qiyofasida johil shoh timsolini yaratadi. Ushbu hajviy asari bilan Turdi o‘zbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin yangi bir bosqichga ko‘targan.
Turdi ijodi hayotiy faktlarga, teran mulohazalarga boyligi va uslubining realistik xarakteri bilan o‘zbek adabiyoti rivojiga samarali ta’sir qilgan. Maxmur, Gulxaniy kabi satirik shoirlar ijodining shakllanishida muhim bosqich bo‘lgan. A. Majidiy tomonidan topilgan va 1924—25 yillarda nashr etilgan she’rlar qo‘lyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik intstituti fondida saqlanadi (inv. ? 1407).

Abduqodir Hayitmetov

G‘AZALLAR

Tor ko‘ngulluk beklar, man-man demang, kenglik qiling,
To‘qson ikkn bori o‘zbak yurtidur, tenglik qiling.

Birni qipchoqu xitoyu, birni yuz, nayman demang,
Qirqu Yuz, Ming son bo‘lub bir jon oyinlik qiling.

Bir yaqodin bosh chiqorib, barcha bir to‘ng‘a kirib,
Bir o‘ngurluk, bir tirizlik, bir yaqo, yenglik qiling.

Qim qo‘yubdur, uhdayi o‘z mulkungizdin chiqmayin,
Ikki, uch, to‘rt da’vosin etmakni ko‘tahlik qiling.

Mardlar maydon chekib, rangin ko‘tarib zaxmlar,
Sizga yo‘q, ul javharu yuzga upo-englik qiling.

* * *

Bir sari azm ayla, joyi nomusulmondur bu mulk,
Fitnai avbosh, zulmu kufru tug‘yondur bu mulk.

Bir kalima hurmatidin lek islom oti bor,
Mutlaqo kirdori xayli kofiristondur bu mulk.

Dur ahdu tang chashmu besaru ya’juj vaz’,
Muxtalif mazhab guruhi o‘zbakistondur bu mulk.

Naqdi jon bersang topilmas istasang bir zarra aysh,
Mshnatu anduhni so‘rsang, farovondur bu mulk.

Joyi islomu musulmonlig‘, Farog‘iy, istama,
Poytaxti kishvari Subhonqulixondur bu mulk.


* * *

Kuyar til shammai gar holatimdin aylasam taqrir,
Giribon chok o‘lur etsa qalam dardi dilim tahrir.

Shabi hijroniming poyoni tay o‘lmaz, toyiri gardum
Mahu xurshed o‘lub ikki qanoti aylasa shabgir.

Tului subhdin navmed, ming tunlar yaqo yirtib,
Savodi shomi g‘amdin sori baxtim xomai taqdir.


* * *

Tana’umning nadomatsiz, tamoshoning talahhufsuz,
Jahon istab yururda ko‘rmadim bir tan taassufsiz.

Haqiqatbingadur juzvu kulu har zarra bir xurshed,
Guharni bilma xoli qatradin,. har chahni Yusufsiz.

Tafakkur vartasinda mahv o‘lub kirdim jahon sori,
Harifi topmadim olamda yo‘qluqdin takallufsiz.

Boshima bir ko‘hi g‘am bir ot kohu yemndin,
Bir ko‘ngul yuz pora yo‘qlo‘q za’fi vahmu biymidin.

Qad bukub, bo‘ynum egib, tegdi oyoqlarga boshim,
Ahli dunyo poybo‘si xizmatu ta’zimidin.

Dil—kabobim, qon—sharobim, ashki hasrat — nuqli bazm,
Yetti qassomi azalning xizmati tan’imidin.


* * *

Qatrayam nochiz, ammo zoti qulzum Turdiman,
Kelturan amvojg‘a bahri talotum Turdiman,

Qirq, Yuz, Ming aqrabolar etdilar mandin nufur,
Ne balo, baxti qaroyu tolii shum Turdiman.

Rishtadek ming pechu tob chashmi so‘zondin utar,
Bovujudi e’tibori chashmi mardum Turdiman.


* * *

Turkona xirom ayladi ul sho‘xi diloro,
Dil mulkini bir go‘shai chashm ayladi yag‘mo.

Tufrog‘da jon bitsa ravodur, na ajab gul,
Cho‘x sarvi sihi etdi nihon ko‘zlari shahlo.

Har qanda g‘ami do‘sti dilporani istar,
To subh, yaqo yirtmadi mehr o‘lmadi paydo.


* * *

O‘zbak* o‘g‘li o‘qusa tafsir ila mishkotni,
Ro‘z savmu shab qiyom afzun etib tootni.

Yetsa toroji havodis, jam’ o‘lub avbosha der:
«Sahmgin solib suron ur, molin olg‘il sortni».

Bir piyoda ko‘rsa shatranji bisoti dahrda
Zulmu javr aylar muxayyo, soz etib luchmotni.

Der: «Qachon o‘z shavqim ila mu’takif masjiddaman,
Iltizom ettim bu ish nochor yo‘qdin otni».

________________
* Shoir bu termin ostida ko‘chmanchi harbiy — feodallarni nazarda tutadi,


* * *

Musulmon bilma aslo hech mazhab yo‘lida o‘zbak,
Bularning kufrig‘a bil-ittifoqi jumla yo‘qdur shak.

Ne mazhab, qayei din o‘z mulkin o‘zi xarob etgay?
Erurlar mufsidul-arz az azal bu firqai badrak.

Atolur hoji kofir Makka borib haj qilib kelsa,
K-i hargiz o‘zga bo‘lmas haq yo‘lin yurgan bilai eshshak.

Ko‘rub zohirda oni shayxu so‘fi e’tiqod etma,
Kirib masjidga chiqmak birla quymas go‘ng yemakni sak.


OT VA IN’OMNING KECHIKISHI HAQIDA

Ayo miri valiniamiyi kiromi ot in’omi,
Yuzini ko‘rmaga hasratda bo‘ldum eshitib nomi.

Ne yolg‘uz ot edi ummid yuz in’om, ihsondin,
Ki nobuda xayoli shahdg‘a shirin edib komi.

Ne gardiga yetishdim, ne boqib ko‘rdim qarosini,
Samandi umrdin, bodi nafasdin tez ekan gomi.

Bila olmon bu duldul raxshi Rustam yo parizodi,
Ki odam o‘g‘liga rom o‘lmagan, ne yerda oromi?

Sharofat adlu ihson, bovujudi kasrati kufri,
Qolib No‘shirvon Hotamning olamda neku nomi.

Hazora qal’asinda jam’i xosu om arosida,
Zaboni purdurar boringdin eshitdim bu payg‘omi.

O‘shal tarixdin o‘n oy o‘tub yilga qadam qo‘ydi.
Ki ne og‘ozini bildim yaqin, ma’lum anjomi.

Meni(ng) ozoda boshimni giriftori tama’ qilding,
Mudomat bermas o‘lsang nega berding va’dai xomi?

Necha yeldim, yugurdum bo‘lmadi xosiyati ma’lum,
Quruq ovozai in’omi mahzu ot badnomi.


MUXAMMASLAR

Yod mandin kim berur: yaxshi zamonlar ko‘rdiman,
Rind sarxayliyu xush ayshi damodam surdiman,
Halqai ushshoqda bazmu majolis qurdiman,
Mushti xokam davru davronlar(ni lekin) ko‘rdiman,
Xush dimog‘ etgan mayi sofi hariflar durdiman.

Qilmadim shukronai, soldurdi tufroq oshima,
Qolmadi juz dardu g‘am hamdam, musohib qoshima,
Xaq o‘zi rahm aylag‘ay ohi sahar ko‘z yoshima,
Tafriqa toshini yog‘durdi zamona boshima,
Xonumon ovora selobi havodis surdiman.

Nozili hukmi qazo hech kim radu man’ etmadi,
Barcha bo‘yniga solan bu rishtayi qat’ etmadi,
Adli hole topmadim boshdin balo daf’ etmadi,
Kulfati g‘urbatni turluk sunnati raf’ etmadi,
Xoru beqadramki mundin otinib, jabrandiman.

Voqife yo‘q, bu musofirlig‘da mandin ne o‘tar.
Baski yuz ko‘yi bila ro‘zi kelib, ro‘zi ketar,
Uzmag‘ay mundin baloyu bo‘lmagay mundin batar,
Aqrabolar suhbatimdin or etar, qoshin chatar,
Salb dillarda, nazarlarda karih siprindiman.

Yaxshi vaqtlar yod etib (undin ketib, mundin qolib),
Harza tifli ashkdek ayni nazarlardin solib,
Nosara dirham sifatliq rad qilib, qo‘lga olib,
Dasta farsuda, yuzi qaytib, oyoqlarda qolib,
Ko‘hna tig‘i tah-batah g‘am zangi tutg‘on kundiman.

Oh bu umri kiromi sarfi g‘aflat ayladim,
G‘ussai behuda asbobi nadomat ayladim,
Bilmadim o‘z aybimi xalqqa mazammat ayladim,
Shukr shahdin bilmadim, kufroni ne’mat ayladim,
Zahmi nishi ro‘zgor ahlini talxu tundiman.

Hukm jori, so‘z qabuli, bir duri dargo‘sh edim,
Ahli davlatlar bilan yoru harif, hamdo‘sh edim,
Hoy-hoyi bazmlarda shahd no‘sho-nush edim,
Xush zamonlar Yuz qazoni boshida sarjush edim,
Bu zamon yavg‘on qozon ostida qolg‘on yundiman.

Charxi dun qildi manga javru jafolar behisob,
Gardishi davron berur har lahza yuz ming pechutob,
Har sori yeldim-yugurdim suv sonib mavji sarob.
Tashna lab, gardi kudurat zeri poyinda xarob,
Bahri davlatdin yiroq gardan shikasta mo‘ndiman.

Kasrati yo‘qluq, tama’ kettirdi qadru qiymatim,
Yuz sarig‘liq yerga urdi obro‘yu izzatim,
G‘ayrdin izhori matlab ayladi dun fitratim,
Aql zoyil, umr kam, besh o‘ldi, dardu mehnatim,
Davlat urgan pushti poyu, baxti (qaro suprindiman).

Man kimam, gumnomu nokomu jahon ovorai,
Diyda namnoku giribon choku bag‘ri porai,
Noqabuli marhami, nosur bitmas yorai,
Bekasi, mushti xasi, bir bandai bechorai,
Sobiram, rozi qazo, tiyri balog‘a ko‘ndiman.

Xeshman, darvish miskin, mustahiq devonadin,
Bahramand et iltifotu himmati mardonadin,
San turub loyiqmidur, qilmoq, tama’ begonadin,
Qiblagoho, mandin ikroh etma yer mayxonadin,
Jush pur xum sof maysan, man g‘uboru durdiman.

Yuz farozidin ozib, tushdum nishibi qirqqa,
Xavfu biymu vahm arosinda qaribi qirqqa,
Dona deb pobast o‘lub, domi firibi qirqqa,
Voy, yuz ming voy, yuz bo‘ldim firibi qirqqa,
Hokimi Dizzax mutiu payravi jurqundiman.

* * *

Davri umrimda balo bog‘lab, qazo payvasta saf,
Sobiram, rozi rusumi payravi ahli salaf,
Shokiram, koni’ dami yo‘qluq takalluf bartaraf,
Keldi iyd, obilai g‘am jinsi hozir naqd kaf,
Kulbai ehzonima so‘zi jigardin bo‘yi taf.

Ro‘zi avval dardu g‘amdin xilqati obu gilim,
Pora-pora bag‘rimu qondin yarotilg‘on dilim,
Rohi selobi havodisga maqomim, manzilim,
Hech yo‘q g‘ayri pushaymonliqdin o‘zga hosilim,
Umrni g‘aflatda etgan, moli g‘oratg‘a talaf.

Raxnai devori tandin umr raxshin sakratib,
Tezravi bodi nafasdin gohi ko‘z yumdum o‘tub,
G‘arq o‘ldum domani behosili sohil bo‘lub,
Qatrai naysoni selobi sirishkimdin yutub,
Ayladim quti ko‘ngul bahrinda monandi sadaf.

Ne oyoq, ne boshig‘a yetdim, saropo istadim,
Qoldim ikki yo‘lning o‘rtasida hamro istadim,
Bazm bir sargarm hoy-hoyi urdo istadim,
Halqai doirai ushshoqda jo istadim,
Aydilar: qaddingni chang et, po‘sti jismingni daf.

Resha-resha poy istidloldindur domanim,
Oh beta’sir faryodu fig‘onim, shevanim,
Kasrati za’f etdi jismi notavon parvizanim,
Un-un o‘ldi ustuxon, hech yerda yetishmas unim,
Tig‘i ohimdin labi xohishgarim o‘ldi asaf.

Oh bu hasrat asosi ko‘hna koxi besukun,
Vodiyi dorul-g‘ururu maskani makru fusun,
Hech bildingmu na eltdilar kelib sandin burun,
Qo‘ymag‘il omodai tonglog‘a, sarf etgil bukun,
Molu dunyodur nasibi vorisu yokim talaf.

* * *

Joyi osoyish emas hech kima bu qo‘hna ravoq
Yog‘dirur boshimiza sangi jafo, gardi firoq
Yo‘qolib rasmi vafo bo‘ldi hama boshu oyoq
Mulkdin adlu karam ketdi kelib kiynu nifoq
Yaxshiliq qilma tama’ zulm ila to‘ldi ofoq.

Fitnai sho‘r hama ruo’ila maskun tutdi
Xo‘blar masnadini sifla bilan dun tutdi.
Tahbatah ko‘nglumi bu fikr bila xun tutti
Joyi shohbozlari qarg‘au quzg‘un tutti
Hamnishin o‘lg‘ali shunqor ila doim yapaloq.

Shoh hambazm o‘lub hojasarolar bila yor
Hukmi bir aks surub bo‘ldi yomonlar sardor
Xor o‘lub olimu rindu fuzalo birla kibor
Ko‘ringiz yurtni ishi topti na yerlarga qaror
Xon jilavini iki um valadga berib bo‘ldi inoq.

Ixtiyorin barining qavlig‘a baydat olg‘ay
Har biri aysh ila qonun tana’um cholg‘ay
Mulkni niyku badi maslahatining qilg‘ay
Odami zodalari qadrini qaydan bilg‘ay
Bari nokas barisi xodimi idris to‘qmoq.

Fuqaro boshig‘a yetdi bu aqlsiz shumlar
Hamdami shoh bo‘lub ahli tahakkum bumlar
Qani bir er chiqib aylasa ma’dum humlar
Yurtni boshini chaynab yedi bu bedumlar
Solsa bu ahmaq guhxo‘rlari bo‘yniga tuzoq.

Shoxliq uldur oni hukmu so‘zi bir kerak
Adl bobimi qurub rost nishon tiyr kerak
Rostrav, dini durust peshasi tadbir kerak
Ne muhannas sifatu suvrati tag‘yir kerak
Suvrati mardu xotundek yasatib qoshu qaboq.

Na adolat bor ul shohda o‘lg‘ay lo‘li zoy
Hamdami boyloqu kengash begisi hojasaroy
Mardlig‘ yo‘qtur angakim qarasang sar topoy
Shohning xizmatin etib tuzadur sikkizi oy
Toshkand mulkida olg‘or yotar ochu qashoq.

Qani bir xisravi odilki, anga dod etsam
So‘rsa ahvolni g‘am xirmanining bod etsam
Domi mehnatkadadin ko‘nglimi ozod etsam
Bu buzulg‘an dili vayronami obod etsam
Aylasam bo‘si adab shoha kuyub qaydi oyoq.

Ey yuzi qora, ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar beglar
Bilingiz bu so‘zimi pandi sarosar, beglar
Aylangiz payravi shar’i payambar, beglar
Sizga darkor bu yurt, ey gala zanglar, beglar
Bu qadim naql erur: el rabotu to‘ra qo‘noq.

Yedingiz barchangiz itdek fuqaroning etini
G‘asb ila molin olib qo‘ymadingizlar bitini
Qamchilar dog‘i solib bo‘yniga, tilib betini
Yordingiz zahrasini ichidin olib o‘tini
Bo‘lmadi bu kam ra’iyyat boshidin hech tayoq.

Yetmadim hech bira bu qofiya paymolig‘din
Dod, yuz dod g‘ariblig‘, g‘ami tanholig‘din
Ko‘rmadim manfaate behuda savdolig‘din
Yo‘q so‘qqa boshimdin o‘zga manga dunyolig‘din
Kosh, ul g‘ari zanlar solsa quruq so‘zga quloq.

* * *

Tor ko‘ngullik beklar, manman demang, kenglik qiling
To‘qson ikki bovli o‘zbek yurtidur, tenglik qiling.
Birni qipchoqu xitou, birni yuz, nayman demang,
Qirqu yuz, ming son bo‘lib bir jon oyinlik qiling.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.