O’zbek yangi she’riyatining asoschilaridan biri, dramaturg, nosir, publitsist va tarjimon.
Cho’lpon 1897 yili Andijonda tug’ilgan. Eski maktabda savod chiqargan. Keyin rus-tuzem maktabida o’qigan. 1914 yili Toshkentga keladi va o’z faoliyatini “Sadoi Turkiston” gazetasi bilan bog’laydi. Uning asarlari Orenburg, Ufa, Qozon va Bog’chasaroyda chiqadigan gazeta va jurnallarda ham bosilib turgan. 1916-1917 yillarda Orenburgda yashaydi va u yerda boshqird hukumati mahkamasida kotib bo’lib ishlaydi. So’ng Toshkentga qaytadi. 1920 yilgacha TurkRosTAda xizmat qiladi. 1920 yili Bokuda bo’lgan Sharq xalqlari qurultoyida qatnashadi. O’sha yili Fitrat taklifi bilan Buxoroga boradi va o’zbek tilida chiqadigan “Buxoro axbori” gazetasiga rahbarlik qiladi. Bir yilcha ishlab Toshkentga qaytadi. Adabiyot va madaniyat ishlari bilan shug’ullanadi. 1924-1926 yillarda Cho’lpon Moskvada yashaydi. U yerda ochilgan O’zbek dramstudiyasiga rahbarlik qiladi.
Shundan keyin jadidlarga qarshi boshlangan kompaniya Cho’lponni ham chetlab o’tmadi. Ta’qib va tazyiqlarga qaramay, u qizg’in ijodiy faoliyat bilan shug’ullandi. 30-yillarning boshida yana Moskvaga ketadi va SSSR Markaziy Ijroiya Komitetida tarjimon bo’lib ishlaydi. Cho’lpon 1937 yil 14 iyulda qamoqqa olinadi va 1938 yil 4 oktyabrda otib o’ldiriladi.
Cho’lponning “O’zbek yosh shoirlari” (1923), “Go’zal yozg’ichlar” (1925), “Adabiyot parchalari” (1926) majmualarida chop etilgan she’rlari, o’z she’rlari asosida nashr qilingan “Uyg’onish” (1922), “Buloqlar” (1923), “Tong sirlari” (1926), “Soz” (1935) kabi to’plamlari yangi o’zbek she’iyati taraqqiyotida muhim o’rin tutadi.
Uning “Kecha va kunduz” (1936) romani, “Do’xtur Muhammadyor” (1914), “Qor qo’ynida lola”, “Novvoy qiz”, “Oydin kechalarda” hikoyalari yangi davr o’zbek nasri rivojiga salmoqli hissa bo’lib qo’shildi.
Cho’lponning “Yorqinoy” (1920), “Xalil farang” (1921), “Cho’rining isyoni” (1926), “Yana uylanaman” (1926), “Mushtumzo’r” (1928), “O’rtoq Qarshiboev” (1928), “Hujum” (1928) kabi dramalari uning dramaturg sifatida ham samarali ijod qilganligini ko’rsatadi.
Milliy istiqlol va ozodlik g’oyalari Cho’lpon ijodining leytmotivini belgilaydi.
Cho’lpon Pushkinning “Dubrovskiy”, “Boris Godunov” asarlarini, Gorkiyning “Ona” romani va “Egor Bulichev” pe’sasini, Lohutiyning “Evropa safari”ni, Gotsiyning “Malikai Turandot”, Shekspirning “Hamlet” dramalarini o’zbek tiliga tarjima qilish orqali o’zbek va jahon adabiy aloqalari rivojiga munosib hissa qo’shdi.
Vafotidan so‘ng Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va «Mustaqillik» ordeni (1999) berilgan.
Ko'ngil, sen munchalar nega
Kishanlar birla do'stlashding?
Na faryoding, na doding bor,
Nechun sen muncha sustlashding?
Haqorat dilni og'ritmas,
Tubanlik mangu ketmasmi?
Kishanlar parchalanmasmi,
Qilichlar endi sinmasmi?
Tiriksan, o'lmagansan,
Sen-da odam, sen-da insonsan;
Kishan kiyma, bo'yin egma,
Ki, sen ham hur tug'ilg'onsan!..
Qorong'u kechada ko'kka ko'z tikib,
Eng yorug' yulduzdan seni so'raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir:"Men uni tushda ko'ramen.
Tushimda ko'ramen, shunchalar go'zal,
Bizdan-da go'zaldir, oydan-da go'zal!.."
Ko'zimni olamen oy chiqqan yoqqa,
Boshlayman oydan-da seni so'rmoqqa,
Ul-da aytadirki:"Qizil yong'oqqa
Uchradim tushimda, ko'milgan oqqa.
Oqqa ko'milganda shunchalar go'zal,
Mendan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!.."
Erta tong shamoli sochlarin yozib,
Yonimdan o'tganda so'rab ko'ramen.
Aytadir:"Bir ko'rib, yo'limdan ozib,
Tog'u toshlar ichra istab yuramen!
Bir ko'rdim men uni - shunchalar go'zal,
Oydan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!.."
Ul ketgach kun chiqar yorug'liq sochib,
Undan-da so'raymaen sening to'g'ringda.
Ul-da uyatidan berkinib, qochib,
Aytadir:"Bir ko'rdim, tushdamas o'ngda.
Men o'ngda ko'rganda shunchlar go'zal,
Oydan-da go'zaldir… mendan-da go'zal!.."
Men yo'qsil na bo'lub uni suyibmen?!
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyubmen.
Boshimni zo'r ishga berib qo'yubmen,
Men suyub…men suyub…kimni suyubmen?
Men suygan "suyukli" shunchalar go'zal,
Oydan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!!!"
Binafsha senmisan, binafsha senmi,
Ko'chada aqchaga sotilgan.
Binafsha menmanmi? binafsha menmi,
Sevgingga, qayg'ungga tutilgan?
Binafsha, nimaga bir ozroq ochilmay,
Bir erkin kulmasdan uzilding?
Binafsha, nimaga hidlaring sochilmay,
Yerlarga egilding, cho'zilding?
Binafsha,
Ayt menga,
Kimlardir ularkim,
Ignani bag'ringga sanchalar?
Binafsha,
Bir so'yla,
U qanday qo'llarkim,
Uzalar, hidlaylar, yancharlar?
Binafsha, shunchalik chiroyli yuzing bor,
Nimaga uzoqroq kulmaysan?
Binafsha, shunchalik tortg'uvchi tusing bor,
Ko'nglimga isriqlik to'kmaysan?
Binafsha, yig'lama, binafsha, kel beri,
Qayg'ingni qayg'umga qo'shgil.
Binafsha, sen uchun ko'kragim erk eri,
Bu erdan ko'klarga uchgil.
Binafsha, go'zalim, qayg'ulim, kelmaysan,
Qayg'ung zo'r, qayg'umni bilmaysan,
Menga bir kulmaysan.
Ey qorong'i uzun qishning hayoli
Ko'klam chog'i ko'zlarimda o'ynama!
Ayriliqning chidab bo'lmas maloli
Ko'klam, maysa yuzlarida qaynama!
Bir oz... bir oz ko'ngil beray ko'klamda
Shaftolining go'zal, qizil yuziga,
Bir oz... bir oz aldanmayin ko'nglimda
Bosh chiqargan yigitlikning so'ziga.
Qarshimdagi kulib turgan yumshoq qiz
Ko'm-ko'k maysa o'rtasida bir guldir.
Ko'p yig'ladim ... yoshlarimni qator chiz
Va qarshimda go'zal qizni bir kuldir!
Ko'klam chog'i ... Sayroq bulbul sayramas,
Na uchunkim, tanburimning tili yo'q.
Ul go'zal qiz chin qarash-la qaramas,
Na uchunkim, umidimning yo'li yoq.
Tillarimda har ko'klamning qo'shig'i,
Yuragimda har go'zalning sevgisi,
Ko'zlarimda har qayg'idan bir yig'i,
Yuzlarimda aldanishning belgisi.
Yolg'iz menmi ko'klam chog'i yig'lagan?
Yolg'iz menmi har umidda aldangan?
Yolg'iz menmi ko'kragimni tig'lagan?
Yolg'iz menmi sevinch bilan bo'lmagan?
Ey ko'klamning ko'z tortg'uvchi kelini,
Nima uchun yig'latasan bir meni? ...
Ko'nglimda yig'lagan malaklar kimlar?
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda yig'lagan bu jonlar kimlar?
Qullar o'lkasing insonlarimi?
Na uchun ularning tovushlarida
O'tgan asrlarning ohangi yig'lar?
Na uchun yozmishning o'ynashlarida
Har yurish ko'nglimni nashtardek tig'lar?
Kenglik hayollari uchdimi ko'ka
Butun umidlarni yovlarmi ko'mdi?
Mangu tutqunlikka kirdimi o'lka?
Xayolda porlagan shamlarmi so'ndi?
Kechaning jon olg'ich qorong'uligi,
Najod yulduzini xayolmi bildi?
Shuncha tutqunlarning haqqi, haqligi
Bir hovuch tuproqqa qurbonmi bo'ldi?
Ohimning o'tidan chiqqan shu'lalar,
Sharqning ko'kragida bir topmasmi?
Ko'ksimdan qisilib chiqqan na'ralar,
Uhlagan dillarga kulib boqmasmu ?
Go'zallarning malikasi ekansan,
Buni sening ko'zlaringdan o'qidim.
O'qidim-da istiqbolim qushiga
Xayolimdan oltin qafas to'qidim.
Gunafshalar qulog'imga madhingni
So'zlab-so'zlab charchadilar, bitmadi...
Alamzada bulbul yig'lab, kechalar
Alamingning so'ngin tamom etmadi
Ko'zingdagi hikoyaning mazmunin,
Shoir bo'lsam, aytib-aytib yig'lardim.
O'shal, eski jarohatli qalbimni
Satrlarning nashtari-la tilardim.
Xayolimning qip-qizildan kiyingan
Parilari, hurlarini ko'rdingmi?
Alamimdan gullar ekkan yo'llardan
Koinotga hayot sochib yurdingmi?
Yo'llaringda she'r aytsa so'lgan barg,
Qulog'imga musiqalar keltirur.
Qachon sening musiqali ovozing
Sening meni suyganingni bildirur?
Muhabbatning saroyi keng ekan, yo'lni yo'qotdim-ku,
Asrlik tosh yanglig' bu xatarli yo'lda qotdim-ku.
Karashma dengizin ko'rdim, na nozlik to'lqini bordir,
Halokat bo'lg'usin bilmay, qulochni katta otdim-ku.
Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi,ayo do'stlar,
Bu dunyo deb, u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku.
Uning gulzorida bulbul o'qib qon ayladi bag'rim,
Ko'zimdan yoshni jo' aylab, alamlar ichra botdim-ku.
Qalandardek yurib dunyoni kezdim,topmayin yorni,
Yana kulbamga qayg'ular, alamlar birla qaytdim-ku.
Muhabbat osmonida go'zal Cho'lpon edim, do'stlar,
Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.
Ber qo'lingni, shu titragan qo'lim bilan so'ng daf'a
Bir qisayin, so'ngra ortiq u qo'llarga tegmak yo'q.
Ko'zlaringni so'nggi marta tushir xira ko'zimga,
Ko'kragimga kipriklaring so'ng martaba otsin o'q.
Ko'kimizda hanuz uchmay qarab turgan yulduzing
Ko'r yuzini, ayriliqning kuzi bilan sarg'aygan.
Sen ketasan, yulduz uchar, yolg'izlikda tashlangan
O'ksigingga hayot bermas yog'dulari kunduzning.
Ber qo'lingni so'ng martaba, yolg'iz qolgan o'ksukman,
Ot o'qingni so'ng martaba, alam kutgan ko'ksimga.
Ko'ngildagi muhabbatning uchqunin
Xayolimning bir burchida berkitdim.
Ul uchqunning kuchligidan siynamda
Hech tuzalmas, og'ir yara bor etdim.
Qulog'imga ol baxt, deb eshitilgan
Azonlarni shaytoniy deb o'yladim,
Shuning uchun baxt bergan malakka
Turli-tuman afsonalar so'zladim...
Sochlarini o'ynab turib eshitdi
Va dedikim: "Afsonalar behuda".
Bul so'zlari qulog'imga yetishdi:
"Oqdim,-dedi,-qonli, zardobli suvda..."
Oq-oq,-dedi afsonalar sultoni, -
Sening taxting, baxting unda kutadir.
Ul zardobli, qonli suvlar ostida
Qora kiygan joning jilva etadir.
Ket, ey shayton, bosqiradim... qo'rqaman...
Ket-ket. Qilich singan, qalqon teshilgan.
Ko'rasanmi? Men ezilgan, yotaman,
Ustimga-da balo tog'i yiqilgan.
So'nggi nafas, oxirgi dam, ey malak,
Kel, bir qara, so'ngra yiqilsun falak.
I
Bir tutam sochlaring mening qo'limda,
G'ijimlab o'paymi,yo tarab ochay?
'Sir' deb saqlaganing mening qo'ynimda,
'Sir' deb saqlayinmi,yo elga sochay?
Sochilgan sochingday sochilsa siring,
Anor yuzlaringni kimga tutasan?
O'zing-ku: 'Alarda vafo yo'q!' - deding,
Nimaga ularni tag'in kutasan?
II
Ochilgan qo'ynimda to'lg'ongan taning,
Ko'nglingdan qilcha ham hid etkazmasa, -
Menga yaqinlashma,ay tirik bo'sa! -
'Sevdim' deganlaring yolg'ondir sening!..
Men dutor birlan tug'ishg'on,ko'hna bir devonaman,
Ul tug'ishqonim bilan bir o'tda doim yonaman.
Dillarida g'am to'la bechoralarga yorman,
Vaqti xush,g'am ko'rmaganlardan tamom bezorman.
Men dutorning torlariga berkinib olsam agar,
Pardalarning har biri bergay bo'lak g'amdan xabar.
Pardalar uzra yurib turgan odam barmoqlari
Ko'kragimdan ko'p bosar,shundan bo'lur tolmoqlari.
Ikki torni qaqshatib,barmoqlar o'tsa to'xtamay,
G'amli un chiqmas o'shal torlarda 'Galdir' yig'lamay.
Yo'q ishim hokim,amaldor,shohu hoqonlar bilan;
Birgadurman doimo hamdard bol'g'onlar bilan!..
Ahli g'amlar men kabi majnunsifat galdir bo'lar,
Shul sababdan bandaning nomini 'Galdir' qo'ydilar.
SOZIM
Nafrat o‘lkasidan hijrat qilganman,
Ulfat diyoriga maskan qurganman,
Yuzimni o‘t emas, gulga burganman,
Samoviy zavqlarga to‘lib turganman
Bulbullar sevgini maqtagan damda!
Chechaklar o‘sg‘usi ko‘z yoshlarimdan,
Bo‘g‘inlar ung‘usi o‘ylashlarimdan,
Qalblar yumshag‘usi sayrashlarimdan,
Sevgi chamanida yayrashlarimdan
Jannatlar yaratgay tashlangan janda.
Tilingan tillarga qon yugurg‘usi,
Bo‘shalgan inlarga jonlar kirg‘usi,
Tikanli boqchalar chechak ko‘rg‘usi,
Haq yo‘li, albatta, bir o‘tilg‘usi
Jandalar tanimga tekkan kunlarda!..
* * *
Bir tutam sochlaring mening qo‘limda,
G’ijimlab o‘paymi, yo tarab-echay,
Sir deb saqlaganing mening qo‘ynimda,
Sir deb saqlayinmi, yo yelga sochay.
Sochilgan sochingday sochilsa siring,
Anor yuzlaringni kimga tutasan?
O’zing-ku «ularda vafo yo‘q!» deding,
Nimaga ularni tag‘in kutasan?
Ochilgan qo‘ynimda to‘lg‘angan taning
Ko‘ngildan qilcha ham hid yetkazmasa,
Menga yaqinlashma, ay, tirik bo‘sa!
«Sevdim» deganlaring yolg‘ondir sening!.
XALQ
Xalq dengizdir,
Xalq to‘lqindir,
Xalq kuchdir,
Xalq isyondir,
Xalq olovdir, xalq o‘chdir...
Xalq qo‘zg‘alsa, kuch yo‘qdirkim, to‘xtatsin,
Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsin.
Xalq isyoni saltanatni yo‘q qildi,
Xalq istadi, toj va taxtlar yiqildi...
Xalq istagi: ozod bo‘lsin bu o‘lka,
Ketsin uning boshidagi ko‘lanka,
Bir qo‘zg‘alur, bir ko‘pirar, bir qaynar,
Bir intilur, bir hovliqar, bir o‘ynar,
Yo‘qliqni-da, ochlikni-da yo‘q etar,
O’z yurtini har narsaga to‘q etar...
Butun kuchni xalq ichidan olaylik,
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!
* * *
Xayol, xayol... Yolg‘iz xayol go‘zaldir,
Haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqaman.
Xayoldagi yulduzlarkim, amaldir,
Olovimni alar uchun yoqaman.
Go‘zal xayol, kel, boshimda gul o‘ynat,
Manim istak-tilagimni erkalat!
BUZILGAN O‘LKAGA
Ey, tog‘lari ko‘klarga salom beran zo‘r o‘lka,
Nega sening boshingda quyuq bulut ko‘lanka?
Uchmoxlarning kavsaridek pokiza,
Sadaflarning donasidek top-toza
Salqin suvlar tog‘dan quyi tusharkan,
Tomchilari yomg‘ir kabi ucharkan,
Nima uchun yig‘lar kabi ingraylar?
Yov bormi, deb to‘rt tarafni tinglaylar?
Tabiatning o‘tini yo‘q o‘tida,
Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar
Har qorong‘i, qo‘rqinch tunning betida
Shifo istab kelmasin der, qo‘noqlar.
-Bu nega?
Ayt menga.
Ko‘m-ko‘k, go‘zal o‘tloqlaring bosilg‘on,
Ustlarida na poda bor, na yilqi,
Podachilar qaysi dorg‘a osilg‘on?
Ot kishnashi, qo‘y ma’rashi o‘rniga
-Oh, yig‘i,
Bu nega?
Tumorchalar xamoyillar taqingan,
Dalalarda lola bargi yopingan,
Tog‘-toshlarda o‘yin qilgan,
Chopingan
Go‘zal qizlar, yosh kelinlar qaerda?
Javob yo‘qmi ko‘klardan-da, yerdan-da,
Xarob bo‘lgan eldan-da.
Ot minganda, qushlar kabi uchguvchi,
Erkin-erkin havolarni quchg‘uvchi,
Ot chopganda, uchar qushni tutquvchi,
Uchar qushday yosh yigitlar qaerda?
Tog‘ egasi – sor burgutlar qaerda?
Sening qattiq sir – bag‘ringni ko‘p yillardir ezganlar,
Sen bezsang-da, qarg‘asang-da, ko‘kragingda kezganlar.
Sening erkin tuprog‘ingda hech haqi yo‘q xo‘jalar,
Nega seni bir qul kabi qizg‘anmasdan yanchalar?
Nega sening qalin tovshing “ket” demaydi ularga?
Nega sening erkli ko‘ngling erk bermaydi qullarga?
Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?
Nega sening turmushingda umidlarning o‘lishi?
Nega yolg‘iz qon bo‘lmishdir ulushing?
Nega buncha umidsizdir turishing?
Nima uchun ko‘zlaringda tutashguvchi olov yo‘q?
Nima uchun tunlaringda bo‘rilarning qorni to‘q?
Nima uchun g‘azabingni uyg‘otmaydir og‘u-o‘q?
Nima uchun borlig‘ingda bu daraja buzg‘unlik?
Nima uchun o‘ch buluti sellarini yog‘dirmas?
Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?
Kel, men senga qisqagina doston o‘qiy,
Qulog‘ingga o‘tganlardan ertak to‘qiy.
Kel, ko‘zingning yoshlarini surib olay
Kel, yarali tanlaringni ko‘rib olay, to‘yib olay.
Nima uchun ag‘darilgan, yiqilgan
Og‘ir toyning zahar o‘qi ko‘ksingda?
Nima uchun yovlaringni bir zamon
Yo‘q qilg‘unday temirli o‘ch yo‘q senda?
Ey, har turli qulliklarni sig‘dirmagan hur o‘lka,
Nega sening bo‘g‘izingni bo‘g‘ib turar ko‘lanka?
Andijon, 1921 yil