Elbek (Yunusov Mashriq) 1898 yilda Bo‘stonliq tumani Xumson qishlog‘ida tug‘ilgan. «Xoniy» maktabi (1911), so‘ng Avloniyning «usuli savtiya» maktabi (1914)da o‘qigan. Dastlabki she’rlari «O’zbek yosh shoirlari» (1922) to‘plamida bosilgan. «Armug‘on» (1921, 1923), «Yolqinlar» (1925), «Ko‘zgu» (1926), «Sezgilar» (1927), «Bahor» (1929), «Mehnat kuylari», «G’unchalar», «Chirchiq bo‘ylarida» (1935), «Bolalar qo‘shig‘i», «She’rlar to‘plami» (1936), «She’rlar» (1937) singari she’riy to‘plamlar, «Anorgul» (1926), «Go‘zal qiz» (1927), «Turkiston» (1928), «O’tmishim» (1929), «Mergan» kabi dostonlar, «Tozagul» (1934) she’riy romani, «Qo‘shchi Turg‘un» (1925), «Dadamat» (1936) hikoyalar kitobi muallifi. XX asr o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib she’riy roman janrini boshlab bergan. 2-, 4-sinf o‘kuvchilari uchun bir qator o‘kuv qo‘llanmalari va majmualarni yaratgan («Go‘zal yozg‘ichlar», 1925 va boshqa). Xalq og‘zaki ijodi materiallarini to‘plab, kitob holida nashr ettirgan («Ashulalar to‘plami», 1934—35; «Laparlar» va «Ertaklar», 1935). Uning «O’zbekcha shakldosh so‘zlar» lug‘ati (1934) o‘zbek tilidagi dastlabki omonimlar lug‘atidir. Elbek 1937 yilda qatag‘on etilib, 10 yillik jazo muddatini o‘tash uchun Magadanga jo‘natilgan va o‘sha yerda 1939 yil 11 fevralda vafot etgan.
MUJDALAR
Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El sezar, ellar sezar, ellar sezar.
Ko‘rkli dengiz suvini har yon urar,
Kayflanar, lazzatlanar, davron surar.
Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El kezar, ellar kezar, ellar kezar.
Kuchli tog‘lar yo‘lni bog‘lar, gerdayar,
Yel ularga qo‘lni chog‘lar, erdayar.
Toshqin o‘lmoq, intiqom etmak istagan
Tog‘lar ortiq tortisholmas, jim qolar.
Na’ra tortib yel-da, ketmak istagan
Yoqlariga g‘olibona ot solar...
G’amli yelda, tutqun elda bandilar
Qop-qorong‘u zindon ichra termilar.
Yel esar, unlar sari yo‘rtar, yelar,
Eltmak istab erkin eldan mujdalar.
To‘xtamas tun-kun yurar, seldek toshar,
Hovriqar, tog‘lar oshar, suvlar oshar!
Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El sezar, ellar sezar, ellar sezar.
SAHRODA
Yulduzlar ko‘qda porlar,
Sahro jimgina uxlar.
Tevalar sekin-sekin
Ko‘lkadek olg‘a bosar.
Tarqalar qo‘ng‘iroqdan
Bir tovush umid to‘la.
Aks etib kirib uzoqdan,
Derki: «naridan so‘ra!»
Ko‘b yo‘llar ortda qoldi,
Ketish, surulish yana.
Meni kim yo‘lg‘a soldi?
Intilish bor ko‘ngilda.
Charchamaydi tevalar,
Yo‘qmidir yo‘l so‘ng-boshi.
So‘ylar allanimalar
Yulduzlarning qaroshi.
KECHQURUN
Quyosh sekin bekindi
Qarshimdog‘i tog‘larda.
Borliqni ko‘zi tindi
Yolg‘iz dam shu chog‘larda.
Qir tumon-la burundi –
Tog‘dan tushdi suruvlar.
O’ynoq qizdek burulib
Oqardi pastda suvlar.
So‘ngra ko‘kni yoritib
Chiqdi soriq bir chechak.
Oqshom ko‘nglin ovutib,
Allalardi sharsharak.
KO’KLAM CHOG’IDA YAPROQLAR
Ko‘kargan yaproqlar og‘ochlar uzra
Jilmayib, quvonib yayrab tururlar;
To‘xtovsiz eskuchi - kuchli shamollar
Bularni ayashib, sekin ururlar.
Og‘ochlar yam-yashil yaproqlar ichra
Ko‘milib, jimgina pusib o‘ltirar:
Ko‘klamning yomg‘uri yoqqach bularga,
Ko‘zlardan oqquchi yoshday miltirar.
Kim bilur, bu yoshlar balkim chindanam
Og‘ochlar ko‘zidan chiqib tomadir:
Ko‘klamning bu erkin mazgillarini
Doimiy emasin yaxshi biladir...
Kuzning u qop-qora, sovuq tuslari
Balkim og‘ochlara yomon ko‘rinar;
«Koshki ko‘rmasaydik!» - deb shu kunlarni,
Boyaqish yaproqlar g‘amdan sarg‘ayar.
Qayg‘urmoq yarashmas, bo‘shdir qayg‘urmoq!
«Ko‘klam bir kelmas», ey go‘zal yaproq!..
TIL
Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat,
Kimlar erur Turk tilini sotg‘uchi?
Bulbul kabi sayrab turgan bu tilni
Uyalmayin bu o‘lkadan otguchi?
Bolday totli, jondan aziz turkchani
Tushunmayin, xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uchi?
Mungli qushim, ularni qo‘y, sen sayra!
Turk tilining dong‘in chiqar ko‘klarga!
Qo‘y ularni, ular yo‘ldan ozsinlar,
El ichida bo‘sh bo‘g‘uzlik sotsinlar!
QALBIM
Xayolim qo‘limdan kapalak kabi
Uchqinib yo‘qoldi, bilmadim qayga,
Uni axtararkan, qalbim nazari
Tashlandi yaltirab turuvchi oyga.
Hoy, so‘yla oy! Mening xayolim qayda,
Yo sen o‘g‘irlab olib qo‘ydingmi?
Hoy qalbim, aytgil sen, u qaysi joyda?
Yoki sen ham axtarishdan to‘ydingmi?
Angladim, tushundim, xayolim mening
Shu chiroyli oyning qo‘yniga qochgan.
Balki qalbim senga, ko‘zlaring sening
Uni ko‘ra olgan, oy sirin ochgan.
PARCHA
Qor qarshisida qarg‘a qag‘irlab quvonchda
Qoqar qanotin, qayg‘uli qolmas qora qishda.
Qot-qot qorini qayg‘isida qolmasa qorg‘a,
Qoqmasdi qanotini quriq, qo‘rqqili qarg‘a.
1922
PARCHA
Ko‘klamda ko‘karsa ko‘k ko‘katlar,
Ko‘klarga ko‘milsa katta-kattalar,
Ko‘m-ko‘k ko‘karib ko‘rinsa ko‘llar,
Ko‘ngilni ko‘tarsa ko‘rkli gullar...
1921
UYG‘ON, KO‘NGLIM
Uyg‘on, ko‘nglim, uyg‘on, bir oz yumg‘on ko‘zing ochilsun,
Yerda bo‘lgan shu hollarni ko‘rub yoshing sochilsun...
Yong‘il bir oz yolqunlanib, ey yuragimning o‘ti,
Chiqsun sening yolquningdan alangalar ko‘k sari.
Chiqqach unga ko‘kning yuzi tomug‘ kabi qizartsun,
Guldiratsun ko‘kni hamda yoshinlarni yoshnatsun.
Chulg‘ab olsun ochiq qo‘ymay ko‘kning hamma tegrasin,
Yoqsun qo‘ymay bu kun uning butun borliq narsasin.
Tozalasun shu ochunni bu qayg‘ili kunlardan,
Qutqarilsun butun jonvor shu qorong‘i kechlardan.
Kerak emas bizlar uchun u ko‘rungan havolar,
Ham yerdagi oqib turg‘on buyuk-buyuk daryolar.
Bordir bizda uning o‘rnin qoplayturg‘on «chin havo»,
Bordir bizda suv o‘rnig‘a oqaturg‘on chin daryo.
1922