OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilafruz To‘raqulova

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/dilafruz_turaqulova.jpgYO‘QOTDIM VA TOPDIM

Qalb. Isyon ko‘tarar. Beayov hadik,
Boshga g‘isht tushgandek karaxt turibman.
Boyligin yo‘qotib qo‘ygan telbadek,
Men hamon o‘zimni izlab yuribman.

Hayot. Yuklab qo‘yma dardu-tashvishing,
Ko‘rgan sitamlarim shusiz ham ozmi?
Bir paytlar kutardim qorning yog‘ishin,
Endi his qilmayman bahormi, yozmi.

Shamol. Yolg‘iz esib zerikmadingmi?
Bilsang hamroh bo‘lar bulutlar selga.
Dil daftarim varaqla, kel, endi meni – 
Olib ket qadamlar yetmas manzilga.

Mo‘‘jiza! Men qayta tug‘ildim go‘yo,
Yo‘qotib qo‘ygandim hatto so‘zimni.
Barin qaytib berdi shafqatli dunyo,
Ajab, topib oldim endi o‘zimni.


SEVISHNI O‘RGAT

Muhabbat. Nima u, baxtmi yo ko‘zyosh?
Ne uchun bemavrid muzladi ko‘nglim?
Endi qanday bo‘lay u bilan sirdosh,
Sevishni menga ham o‘rgatgil, do‘stim.

Asragan ko‘zlarga tushdi xoru xas,
Sevgi ko‘p yashamay taslim qildi jon.
U tirik. Topaman. Hali kech emas,
Yordam ber, sevishni o‘rgat, qadrdon.

Netay, muhabbatning ko‘zi ko‘r ekan,
Mening ham ko‘zlarim ko‘r bo‘ldi, netay?
Yuragim sahnini bosmasdan tikan,
Sevishni o‘rgatgin, men ham his etay.

Yurakni g‘am bosdi yog‘ilganday sel,
Yuvilib ketsaydi o‘tmishdagi dard.
Yo‘l so‘rab odamday yashay, yordam ber,
Yo‘l ko‘rsat, sevishni o‘rgat, muhabbat.

Aytgil, nima qilsam uni topaman,
Ne qilsam og‘riqqa topilar malham?
Bir umr o‘tmayin go‘yo sharpaday,
Menga muhabbatni o‘rgatgin, Egam!


ODAMDEK YASHA

Kelasan, ketasan. Lom-mim demaysan,
Kerak emas menga jonsiz his-tuyg‘u.
Eshikdan mung‘ayib qaraysan mudom,
Va tashlab ketasan bir olam qayg‘u.

Mehmon bo‘lib emas, mezbondek yasha,
Qalbim o‘rtasidan joy ol, qasr qur.
Sen izlagan sevgi mana, ko‘r, o‘sha,
Mardlik qil, u bilan abad birga yur.

Ishqning nimjongina qo‘llaridan tut,
Yetakla uni ham baxt manziliga.
Bas, endi qo‘rquvni, hijronni unut,
Shodlik-la olib chiq sevgi sayliga.

Yurak irmog‘ida yugurmasa suv,
Muhabbat bog‘ida xazon bo‘lardim.
Sening hayotimga ataganing shu – 
Kelmoq quvonchi-yu, ketmoqning dardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.