OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shamsiya

http://ziyouz.com/rasmlar/shamsiya.jpg* * *

Oppoq orzulardan hurlandi dilim,
Fano nag‘masida turlandi dilim.
Nurli niyatlardan nurlandi dilim,
Anduh zabonini gung qilgin, Rabbim...

Hovuchim otqilab o‘ynadi Oyni,
Falak taqdim etdi menga bir nayni...
Chashmimdan chakkillar chakki, baayni,
Kavsar chashmasiga teng qilgin, Rabbim...

Hurlar hurligimni ko‘rolmadilar,
Mani Ishq yo‘lidan urolmadilar.
Gunohlar maningsiz yurolmadilar,
Ruxsorim Ka’baga o‘ng qilgin, Rabbim...

Taqdir tegirmoni aylanar necha,
Sinovlar ichramiz har kun, har kecha.
Dunyodan o‘tsa bir ishqli boybicha,
Firdavs makonini keng qilgin, Rabbim...


SUYUKLIGIMGA 
(Turkum)

1.

Isitmalar issiqqina jon,
Tovonlarim tildi-ku tikon,
Sahrolarda tomchi-tomchi qon,
Qonlarimni izdirib keldim!...

Izlaganim mening, istarim,
Holimdanam holi muztarim!
Ne ko‘ylarga soldi Ishq, yorim,
Yorligimni sezdirib keldim!...

Kokillarim – tunning xivichi,
To‘qson tandir ichinda – ichim.
Lovullaydi gulxan xushbichim,
Eslaringdan ozdirib keldim!..

Xayollarim muttasil uchdi,
Seni dedi – xayoling quchdi!
Ko‘nglim – yaralangan oqqushdir,
Patlarini to‘zdirib keldim!...

Isitmalar issiqqina jon,
Tovonlarim tildi-ku tikon,
Sahrolarda tomchi-tomchi qon,
Shahiddek qon sizdirib keldim!..

2.

Sochlaring to‘lqini dilga urildi,
Sokinlik ummoni jo‘shlandi, toshdi.
Bir umr Aqlning zanjirlariga
Bog‘langan bu Ko‘ngil haddidan oshdi.

Ki sendan boshqani ko‘rmadi ko‘zim,
Oshiqdim vaslingga betizgin selday.
Sarkashlik izmiga tushdi-yu izmim,
Qarorim yo‘qotdim telbavash yelday...

O‘ylardim; hech kimga egmam boshimni,
Tuyg‘ular ustidan chiqarman g‘olib!
...Ammo sochlaringning o‘jar to‘lqini
Qalbim dengizini oldiga solib,

Uzooq-uzoqlarga haydadi – ketdi,
Butkul unuttirdi kelgan yo‘limni.
O‘lgani ketganday yitdim... elitdi
Uyquga...qo‘llaring kuyi qo‘limni...

Darbadar uloqqan boshim oxiri
Qoyaday ko‘ksingga urildi, tindi...
Ishq bo‘hronlarida toblandik, yorim,
Sochlaring oqardi, sochlarim sindi...

Lablarim ustiga tashladi soya,
Ming yillik izhorga o‘ch dudoqlaring.
Meni bir umrga qildi asira,
Jingalak sochingning ishtiyoqlari!...

3.

Men ham bandasiman Ollohning, axir,
Yo‘lingda ko‘ndalang turibman – faqir.
Hatlab o‘tolmaysan, Haqqa hadding yo‘q,
Qahhorning qahriday yo‘q o‘tli qahr.

Jabr etolmaysan Jabbordan o‘tib,
Garchi jabring jondan to‘ydiraverar.
Tangri gunohimni xazonday to‘kib,
Meni farishtaday suydiraverar. 

Shunchalar salmoqli Vafoning yuki,
Ko‘tarsang kuch berar senga kuchidan.
Kechaman deysan-u, ko‘zimga cho‘kib,
Jonimni asraysan joning ichida.

Ketaman desang-da, qaytib kelasan,
Tirik ko‘zlarimni yopa olmaysan.
Yaxshiginam, o‘zing yaxshi bilasan,
Mendan yaxshisini topa olmaysan!!!

4.

Hoh yaxshing bo‘loyin, yomoning hohi,
Dilsohibim o‘zing, she’rlarim sharhdir.
Gohi nihon, gohi oshkordir ohim,
Ko‘zim girdobiga suvrating g‘arqdir!

Hohi muloyim bo‘l, hohi chapani,
Mayli, o‘tirmayman iddao saqlab.
Kiydirib Sevgining toza choponin,
Tuflingning bog‘ichin qo‘yarman bog‘lab.

Ko‘ngil qo‘yganimdan pushaymonim yo‘q,
Bir senga ishondim borimni.
Mayli, quvonchimni quchgin-u sho‘x-sho‘x,
Or etsang, itqitgin zorimni.

Mayli, yonog‘imga yomg‘irlar yog‘dir,
Tomog‘imga qada hiyla pichog‘in.
Soddaman-ku, avra, esimdan og‘dir,
Loflar ayt, chaqqanday pista po‘chog‘in!

Sevgilim, vijdoning chidasa, alda,
Faqat men sezmayin yolg‘onlaringni.
Uddala, ko‘ksingga yashirin sol-da,
Kimnidir deb chekkan fig‘onlaringni

Menga bildirmasdan havolarga ayt...
Faqat har oqshomda huzurimga qayt,
Faqat har saharda yonimda uyg‘on,
“Dunyoda eng go‘zal ayol – sen”, – deb ayt!

Faqat bir o‘zimga so‘yla sevgingni,
Men butun bir Ishqni bo‘la olmayman.
Yo‘qsa yasholmayman sira xotirjam,
Yo‘qsa men xotirjam o‘la olmayman!

...Hoh yaxshing bo‘loyin, yomoning hohi,
Dilsohibim o‘zing, she’rlarim sharhdir.
Gohi nihon, gohi oshkordir ohim,
Ko‘zim girdobiga suvrating g‘arqdir!

5.

O, manim sevinchim, manim suydigim,
Nechun ko‘zlaringda iztirob isi?
Yuragim ustiga qo‘ling qo‘y, – degin,
Qo‘lim tegsa qular darding cho‘qqisi.

Kaftlarim ostida qolgaydir, inon,
Bag‘ring ezayotgan mahzunlik, g‘ashlik.
Men senga ehsonman, sen menga ehson,
Hayot bog‘laringga umrim tutashdi!

Dilga dil tutashdi, ko‘rdim: ko‘nglingning
Ost-usti, o‘rtasi, chekkalari g‘am.
Lablaring tabassum qilsayam ba’zan
Qabog‘ing ortida xo‘rsinar shabnam...

Dardingni sezmaslik qo‘limdan kelmas,
Vale baxtga chulg‘ash kelar qo‘limdan.
Hayoting kulmasa, hayotim kulmas,
Ol, meni qizg‘anib yasha o‘limdan!

Nazar sol, angla, boq, suygin, suyugim,
Senga boqishlarim bir ayrogina.
Ichingda kimdandir qolgan kuyukni
Yuvolgay, ki ishqim zo‘r daryogina...

Bizning o‘z kuyimiz bo‘lgaydir hali,
Uyimiz beshikka to‘lgaydir hali.
Mening ko‘zlarimda porlagay surur,
Sening ham ko‘zlaring kulgaydir hali!

Men mahkam tutarman bu shirin ahdni,
Achchiq hislaringga o‘t qo‘ygum, yoqgum.
Ko‘nglingga qaradim, ko‘nglimga boqqin,
O, manim suyuklim, sevinchim, baxtim!..

6.

Baxtga tashnalarning 
Baxt haqidagi
Tasavvuri yanglig‘ tiniq va teran
Bir hisni qalbimga jo etib qo‘ydi,
Bilmam, qay zamon, qay G‘oyibi Eran?!

Bu his xo‘b ajib, xo‘b haroratlig‘kim,
Jonimni o‘ynatib tashlab o‘tida,
Ruhimni kezdirib, ki bori iqlim,
Ko‘nglimni saqlayur billur qutida!

Ko‘zlarim ilg‘amas nurdan o‘zgasin,
Qora ko‘lankalar olisda qoldi.
Yorug‘lik, yorug‘lik, faqat yorug‘lik,
Yorug‘ g‘am-quvonchlar xayolim oldi.

O‘ligini ortgan o‘lik hislardan
Qutulib bo‘lganman allaqachonlar.
Meni toshdil deya kulgan qizlardan
Tinglab o‘tirmayman sayoz dostonlar.

Bugun Ishq haqida o‘z aytarim bor:
Ishq – Iloh Narzidir, abadiyatdir.
Taqdirlar taqdirga tutashmog‘i-chun
Berilgan zo‘r imkon, sababiyatdir!

...Ilohiy dardlarning muallifiday
O‘ylarga o‘ralib o‘tirgan jussam,
Dil qoniga mahzun botirib barmoq,
Muhabbat haqida boshladi qissa...

 7. 

Ko‘zimdagi jolalar – 
Ko‘ksimdagi siyohim.
Ishq – manim ichimdagi
Dorivorim – giyohim.

Ishq isidan mast bo‘ldim,
Ishqsiz o‘tgan kunim yo‘q.
Ishqsizlarga qasd bo‘ldim,
Ishqsiz manga tinim yo‘q.

Ishqsiz qolsam – kasalman,
Quvonchlarim tatimas.
Ishq-la dardi asal – man,
Ishq – ilmdur, sotilmas,
Mandagi ishq topilmas!!!

8.

Istaganim bilan bu ishq so‘nmasdir,
U oddiy havasmas, cho‘ngdir, jo‘nmasdir.
Sevgim sensizlikka sira ko‘nmasdir,
Hatto hazillashib hamki tark etma,
Ketmagin, umrbod yonimdan ketma!

Suygularing suyub taqqan tojimdir,
Azoblaring ishqqa to‘lar bojimdir,
Yo‘lingda yo‘rmalib yurgan sochimdir,
Boshdin poyinggacha artdim, gard yutma,
Shabnamday shaffof har onimdan ketma!

Girdingda parvona bo‘lay, gard yutma,
Zardingni yutayin, sira zard yutma.
Siqilsang, siltab sol, ichga dard yutma,
Yengil-elpilar-la o‘zni ovutma,
Og‘ir tosh, cho‘ng bardosh “xonim”dan ketma!

Mehring – menikidir, qahring – meniki,
Bollaring – meniki, zahring – meniki.
Mahramingman, mahring, makring – meniki,
Rostingu yolg‘oning bilan silkitma,
Jonimga jon bo‘lding, jonimdan ketma!

Tog‘ bo‘lsam-da, gohi toshga tilindim,
Bilaman, bilgingda juda bilindim...
Bisotimda borin barin ilindim,
O‘zga qo‘l uzatsa hatto bol, yutma,
Ilkimda ulashgan nonimdan ketma!

Man shuhrat qavmidan xilvatdadirman,
Ofiyatsiz, ajib rohatdadirman.
Balki xilvat ichra shuhratdadirman,
Shovqinparastlarga ergashma, yitma,
Shuhratim, shonim – sen, shonimdan ketma!

Dilim bir daryodir, so‘lim oqmoqda,
Ismingni shivirlab yo‘lim oqmoqda.
Tanimda qonmas, ishq – ilm oqmoqda,
Uvoliga qolma, qo‘y, zoe etma,
Qol, tomirimdagi qonimdan ketma!
Ketmagin, umrbod yonimdan ketma!


SENGA YUKINAMAN, OZODLIK!

Men ozod suyundim, ozod kuyundim,
Ozodlik hissiga yayrab to‘yindim.
Ozodlik – shunchaki havoyi so‘zmas,
Ozodlik – cho‘ng, buyuk Ruhdir, suyumlik...
Senga yukinaman, Ozodlik!

Hayotin bezayur kimdir gul bilan,
Kim hasham beradi boylik, pul bilan.
Turfa ko‘rgazmaga to‘la dunyoda
Jonday asraganim – toza dil bilan
Senga yukinaman, Ozodlik!

Yasharman Vatanni iymonday suyub,
Soxta oh-vohlarni yonimdan quvib.
Ozod yig‘layurman Haqqa yolvorib,
Ashkimdan tuproqlar ketsa-da ivib,
Senga yukinaman, Ozodlik!

So‘zi tutqunlarni so‘zim suymagay,
Erksiz shahlolarga ko‘zim kuymagay.
Izimdan ivirsib kir izlasa kim,
Yongay o‘z o‘tida, izim kuymagay,
Senga yukinaman, Ozodlik!

Uchsam, huv qushlarning sori bo‘larman,
Soz sozning yangroq bir tori bo‘larman.
Poklik, halollikning tug‘ini tutgan
Shu elning g‘ururi, ori bo‘larman,
Senga yukinaman, Ozodlik!

Mezonsan Millatlar tengliklariga,
Alishmam yoqayu yengliklariga.
Jon tomirim tutib o‘tqazdim seni
Farzandimning Ko‘ngil kengliklariga!
Senga yukinaman, Ozodlik!

Sen mangu yashaysan bizning ellarda,
Erksevar, erkparvar, toza dillarda.
O‘lsam, tushlaringga kirib siylarman,
Abadiyat aro yorug‘ yo‘llarda,
Senga yukinaman, Ozodlik!

Ko‘zlarimning nuri so‘nayotib ham,
Ajalning hukmiga ko‘nayotib ham,
Hayotim dengizin shavqli to‘lqini
So‘ngi bor sollanib... tinayotib ham,
Senga yukinaman, Ozodlik! 
Senga yukinaman, jon VATAN!
 

* * *

Suyganimiz samolardadir,
Suvrat berar hamallaridan.
Avf aylasin, ayri yo‘l tutdik,
Avomlarin amallaridan.
Yaqiyniga bordik yaqiynroq,
Ishq istadik tamallaridan.

Tunlarida toatdan tonib,
Ohimizni osdik oylara.
Saharlarda sog‘inchdan yonib,
Sirimizni soldik soylara.
Suvlar oqib ketdi sollanib,
Sirni olib sirli joylara.

Kunduzlarin g‘animat bildik,
Ezgu ish esh bo‘ldi, epladik.
Yovuzlarni tuzlab, bopladik :
“Emi – dimi” shu bo‘lsin dedik – 
Saratonda sarg‘aytib yuzin,
Qahratonda qorlar chapladik...

Mardlariga mard keldik bizam,
Nokaslara nopisand boqdik.
Gunohimiz ko‘p emas, ozam,
Bilmadik: yoqmadik yo yoqdik...
Yo-hu! Yondi yodidan sozam,
Ohanglarda ovora oqdik...

Suyganimiz samolardadir,
Suvrat berar hamallaridan.
Avf aylasin, ayri yo‘l tutdik
Avomlarin amallaridan.
Yaqiynga yaqin bo‘lay deb,
Ishq istadik tamallaridan!...
 

* * *

Ko‘p narsani anglolmay qoldim,
Ko‘p narsani anglab, charchadim.
Burda-burda bo‘lgan ruhimni
Butlash kerak parcha-parchadin...

Nina sanchib kir axtardilar,
Zaiflashib qoldi tirnog‘im.
Qani mening olov yuragim,
Jur’atlarim qani burnog‘i?..

Men shunchaki yasholmayman, yo‘q.
Men shunchaki o‘lgim kelmaydi.
Nomardlarning qo‘llari baland
Kelishiga ko‘ngim kelmaydi.

Dunyo yaralgandan to hanuz,
G‘olib chiqqan ezgulik yo‘li.
Kim g‘irromdan yoqsa mash’ala,
Samolarga sovrilgay kuli!

Yo Xudoyim, quvvat ber o‘zing,
Haqiqatni suyguvchidirman.
Vatan otlig‘ bir ulug‘ o‘tning
O‘rtasida kuyguvchidirman!

O, bilaman, yoqmaydi fe’lim,
El dardi esh bo‘lmaganlarga.
Hasadlardan ichi qorayib,
Tolei hech kulmaganlarga.

Badbinlarga battar o‘chlashdim,
O‘r hislarga o‘ralashdimmi?
Dunyo, ranging tortdimi xira,
Yo ko‘zlarim xiralashdimi?..

Ko‘p narsani anglolmay qoldim,
Ko‘p narsani anglab charchadim...
Vatan, sening yoding bilan men
Butunlandim parcha-parchadin...


* * * 

Yig‘lab o‘tirmayman otilgan toshga,
G‘o‘r o‘lja emasman bugun hasadga.
Ko‘zim ko‘p duch keldi, ko‘nikdim ancha,
Qancha-qancha hasad to‘la jasadga.

Sodda qizchamasman, bugun men boshqa,
Ko‘pam berilmayman ehtiroslarga.
Axir, kirib qo‘ydim 35 yoshga,
Fahm-la qarayman yolg‘on-rostlarga.

Bu gulgun hayotda sevinib yursam,
Yanirlar, yonurlar ichi qoralar.
Qaysidir yo‘lakda qoqinib, kuysam,
Kuymanib kuyurlar ko‘ngli yaralar.

Bildim: yuragimning chok-choklarini
Chandon avaylashga do‘stlar keladi.
Idragan bu dilning idroklarini
Ivirsib yurganlar qaydan biladi?

Asabbuzarlardan asabim tolgan,
Ularga boqmayman ortiq, zadaman.
Chertila-chertila shuuriy torlar,
Chinniday tozardim, sof bir sadoman!

Dunyoni tortadi fikriy jarangim,
Qo‘pol shavqinlardan hech “uf”lamayman.
G‘arazlar g‘o‘ddayar – o‘sal, garangdek,
Tishdan qon sizsayam bir tuflamayman!

Yashashni bilaman qasdlarga qasdli,
O‘ljasin ololmay o‘lsin hasadlar.
Yuksalib boryapman... ivirsir pastda
Ba’zi nafsi kirga botgan jasadlar...

Yig‘lab o‘tirmayman otilgan toshga,
Men bugun boshqaman, mutlaqo boshqa!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.